Obodiyo

Obodiyo

1 Quyidagilar Obodiyoning bashoratidir.

Egamiz Edom xalqini jazolaydi

Egamiz barcha xalqlarga jarchi yubordi,

Bizga shunday xabar etib keldi:

“Tayyorlaninglar! Qani, kelinglar,

Edomga qarshi urushga boraylik!”

Edom xalqi haqida Egamiz Rabbiy quyidagilarni aytmoqda:

2 “Ey Edom xalqi, xalqlarning orasida

Men eng arzimasi qilib qo’yaman sizni,

Hamma sizlardan nafratlanadi.

3 Takabburligingiz sizlarni aldadi.

Qoyadagi qo’rg`ondir poytaxtingiz,

Baland tepalikdadir uylaringiz,

Shuning uchun aytasiz o’zingizcha:

«Kim bizlarni tushira olar erga?!»

4 Burgutday baland parvoz qilsangiz ham,

Iningiz yulduzlar orasida bo’lsa ham,

Sizlarni u erdan tortib tushiraman,

— deb aytmoqda Egamiz. —

5 Uyingizga o’g`ri tushsa,

Kechasi bosqinchilar kelsa,

Faqat xohlagan narsasini oladi–ku!

Bog`ingizda uzum tergan odamlar

Bir–ikki bosh bo’lsa–da, uzum qoldiradi–ku!

Dushmanlaringiz esa sizni tamoman yo’q qiladi!

6 Ey Esovning avlodi — Edom,

Yovlar hamma narsangizni talon–taroj qilishar,

Qadrli buyumlaringizni topib, tortib olishar.

7 Barcha ittifoqchilaringiz sizga qarshi chiqib,

Sizni o’z yurtingizdan haydab yuborar.

Tinchlik va`da qilib aldaydi ular,

Ammo sizlarni mag`lub qilarlar.

Sizlarga tuzoq qo’yar noningizni eganlar.

Sizlar esa buni bilmay qolasizlar.”

8 Egamiz shunday aytmoqda:

“Ey Edom xalqi, hukm qilinadigan kunda,

Men donishmandlaringni halok qilarman,

Esov tog`idagi aql–idroklilarin yo’q qilarman.

9 Ey Temon shahri, jangchilaring dahshatga tushar,

Esov tog`idagi har bir inson yo’q qilinar.

Edom xalqining jazolanishi sabablari

10 Sizlar qondoshingiz Yoqub avlodiga zulm qilib,

Ularni o’ldirdingiz.

Shu bois to abad sharmanda bo’lib,

Butunlay halok bo’lasiz.

11 Ularning boyliklarin begonalar olib ketgan kun

Sizlar bir chetda qarab turdingiz.

Yot xalqlar Quddus shahriga kirib,

Shahar uchun qur`a tashlaganlarida,

Sizlar ham ular kabi yovuz ishlar qildingiz.

12 Qondoshlaringizga kelgan baxtsizlikni ko’rib,

Xushnud bo’lmasligingiz kerak edi.

Yahudo xalqi xarob bo’lgan kun

Sevinmasligingiz kerak edi.

Boshlariga tushgan kulfatni ko’rib,

Mazax qilmasligingiz kerak edi.

13 Mening xalqimga falokat kelgan kuni

Shahar darvozalaridan kirmasligingiz kerak edi.

Yahudo xalqining boshiga falokat tushgan kuni,

Xushnud bo’lganlarga qo’shilmasligingiz kerak edi.

Ularning boshiga falokat tushgan kuni,

Buyumlarini o’ljaga olmasligingiz kerak edi.

14 Qochib ketayotganlarni kutib chorrahalarda,

Pistirmalar qo’ymasligingiz kerak edi.

O`sha kulfat kuni tirik qolganlarni

Dushman qo’liga bermasligingiz kerak edi.

Egamiz barcha xalqlarni jazolaydi

15 Men, Egangiz, barcha xalqlarni hukm qiladigan kun yaqinlashib qoldi.

Ey Edom xalqi! Nima qilgan bo’lsangiz boshqalarga,

O`zingiz ham tusharsiz o’sha ko’yga,

Qilmishlaringiz qaytar o’z boshingizga.

16 Ey Yahudo xalqi, muqaddas tog`imda

G`azab sharobin ichib bo’ldingiz.

Shu singari, barcha xalqlar ham

Bu sharobdan to’xtamasdan icharlar.

Hech qachon er yuziga kelmagan kabi,

Ichib–ichib, yo’q bo’lib ketarlar.

Isroil g`alaba qiladi

17 Lekin Sion tog`ida najot toparlar

Isroil xalqining omon qolganlari.

Bu tog` muqaddas bo’lar.

Yoqub nasli haydab chiqarar yovlarini,

Uning mulkini tortib olganlarni

Va yana egallar o’z erlarini.

18 Yoqub avlodi bo’lar olovday,

Yusufning avlodi bir alangaday.

Esovning avlodi esa

Bo’lib qolar quruq poyaday.

Mening xalqim Isroil

Esovning avlodini yondirar,

Yondirib, ularni yo’q qilar.

Esov avlodidan tirik qolmas hech biri.”

Zotan, bu so’zlarni Egamiz aytdi.

19 Isroil xalqining Nagav cho’lida yashaydiganlari Esov tog`ini egallab oladilar, Yahudo qir etaklarida yashaydiganlari esa Filistlarning erlariga egalik qiladilar. Isroil xalqi Efrayim erlarini va Samariya shahrini qo’lga kiritadi, Benyamin avlodi esa Giladga egalik qiladi.

20 Shimoliy Isroildan asirlikka olib ketilganlar qaytib keladi. Ular shimoldagi Zorafat shahrigacha bo’lgan Finikiya erlarini oladilar. Quddusdan Safaradga asirlikka olib ketilganlar esa Nagav cho’lidagi shaharlarni qo’lga kiritadilar.

21 G`oliblar Sion tog`iga chiqadilar. O`sha erda turib, Esov tog`i ustidan hukmronlik qiladilar. Egamizning O`zi Shoh bo’ladi.