Mixo
1 Yahudo shohlari Yo’tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda Egamiz Mo’rashatlik Mixo payg`ambarga O`z so’zini ayon qilib turdi. Samariya va Quddus haqida Egamiz aytgan bu so’zlar Mixo payg`ambarga vahiy orqali ayon bo’lardi.
Samariya va Quddus hukm qilinadi
2 Quloq tuting, ey xalqlar!
Quloq soling, er yuzida yashovchilar!
Egamiz Rabbiy sizlarga qarshi guvohlik beradi.
Muqaddas Ma`badidan Rabbiy gapiradi.
3 Ana, Egamiz O`z maskanidan chiqyapti,
Tog` cho’qqilarini bosib kelyapti.
4 Uning oyog`i ostida eriydi tog`lar,
Yorilib ketadi daralar.
Tog`lar olovda erigan mum kabi bo’ladi,
Tepalikdan oqib tushgan suvday to’kiladi.
5 Yoqub nasli itoatsizlik qilgani uchun,
Isroil gunohga botib ketgani uchun
Bu voqealar sodir bo’ladi.
Yoqub nasli orasida itoatsizlik qilgan kim?
Poytaxt shahar Samariya emasmi?!
Butparastlar uyasi Yahudoning qaerida joylashgan?
Quddusning naq o’zida emasmi?!
6 Egamiz shunday deydi:
“Men Samariyani vayron qilaman.
Uni tok ekiladigan joyga aylantiraman.
Shahar devorlarini yiqitaman,
Devor toshlarini vodiyga yumalataman.
Uning poydevorlarini ochib tashlayman.
7 Samariyaning butlari parcha–parcha bo’ladi,
Barcha sanamlari sindirib, yondiriladi.
Fahsh yo’li bilan kelgan butlarning qimmatbaho bezaklari
O`zga yurt fohishalariga to’lov qilib beriladi.”
Mixo payg`ambarning marsiyasi
8 Bunday musibat dastidan yig`lab, faryod qilaman,
Yalang`och, oyoq yalang yuraman,
Chiyabo’riday uvillab, fig`on chekaman,
Bo’ta kabi bo’zlab yig`layman.
9 Axir, davo yo’q Samariyaning yarasiga,
Yopishdi Yahudoga ham u yara,
Xalqim darvozasi — Quddusga yuqdi.
10 Gat aholisi bilan bu haqda hasratlashmang,
Ular oldida ko’z yoshingizni to’kmang!
Bayt–Lafroga borib,
U erda qayg`udan tuproqqa yumalang!
11 Ey Shofir ahli,
Siz asirlikka ketasiz,
Yalang`och, sharmanda bo’lib borasiz.
Zanon xalqi tashqariga chiqishga jur`at etmaydi.
Bayt–Ezel ahli motam tutadi,
Endi ular sizga panoh bo’lmaydi.
12 Moro’t aholisi madad kutgan edi,
Ammo Egamiz falokat yubordi.
Bu falokat hatto Quddus darvozalariga etdi.
13 Ey Laxish ahli,
Otlaringizni jang aravalariga qo’shing!
Siz itoatsiz Isroil xalqiga taqlid qildingiz,
Quddus ahlini ilk bor gunohga boshladingiz!
14 Shunday ekan, ey Yahudo xalqi,
Endi Mo’rashat bilan xayrlashavering,
Esdalik sovg`alaringizni ularga taqdim qiling.
Attang, Axsib ahli Isroil shohlariga pand berdi,
Bera olmaydigan yordamni ularga va`da qildi.
15 Ey Morisho ahli,
Egamiz ustingizga bir bosqinchini yuboradi.
Isroil yo’lboshchilari Adullam g`origa qochib borishadi.
16 Suyukli farzandlaringiz uchun nola qiling,
Sochingizni qirdiring.
Kalxatlar kabi siyqa bosh bo’ling,
Axir, bolalaringiz surgun qilinadi.
Bechoraholni ezgan zolimlarning qismati
1 Ey to’shagida yotib, yovuzlikni rejalashtirganlar!
Sizning holingizga voy!
Tong otganda siz
Rejalaringizni amalga oshirasiz.
Ha, bu sizning qo’lingizdan keladi.
2 Sizlar birovning ekinzoriga ko’z olaytirib,
Uni tortib olasiz.
Birovning uyini yoqtirib qolib,
Uni o’zingizniki qilib olasiz.
Birini o’z uyidan,
Boshqasini meros qilib olgan eridan mahrum etasiz.
3 Shu sababdan Egamiz demoqda:
“Men sizlarga qarshi falokatni reja qilyapman.
Sizlar bo’yinturuqdan qochib qutulolmaysiz,
Burningizni osmonga ko’tarib yurmaysiz.
Bu og`ir damlar bo’ladi.”
4 O`sha vaqt kelganda, sizlarni masxara qilib,
Odamlar shunday achchiq marsiya kuylashadi:
“Biz merosimizdan mahrum bo’ldik!
Dalalarimiz dushmanlarga bo’lib berildi.
Endi biz butunlay xarob bo’ldik!”
5 Shunday ekan,
Egamizning xalqi qaytadan bo’lganda yurtni,
Ulush qilib olmaysiz siz bir parcha erni.
6 Sizlar menga aql o’rgatib deyapsiz:
“Bizga aql o’rgatma!
Nafasingni issiq qil,
Biz sharmanda bo’lmaymiz.”
7 Ey Yoqub nasli, sizlar aytasiz:
“Nahotki Egamizning sabri tugagan bo’lsa?!
Nahotki Xudo shunday ishlarni qilsa?!”
Bu so’zlarni aytishingiz joizmi?!
Axir, Xudoning so’zlari to’g`ri odamga yaxshilik keltiradi–ku!
8 Egamiz demoqda:
“Sizlar o’z xalqingizga zulm qildingiz!
Xotirjam yurgan odamning qadamini poyladingiz.
Jangda talafot ko’rgan odamga o’xshatib,
Uning egnidagi to’nini echib oldingiz.
9 Xalqimning ayollarini shinam uylaridan chiqarib yubordingiz,
Farzandlarining nasibasini Mening yurtimdan uzdingiz.
10 Qani, turinglar, ketinglar bu erdan!
Orom topa olmaysiz endi bu yurtda!
Axir, qilgan gunohlaringiz yurtimni harom qildi,
Yurtimning xarob bo’lishiga sabab bo’ldi.
11 Bordi–yu, oldingizga yolg`onchi odam kelsa,
— Sharob, bo’zadan va`z aytaman, — deb aytsa,
Sizlar uni payg`ambar deya qabul qilasiz!
Umidbaxsh va`da
12 Ey Yoqub nasli,
Men sizlarni albatta yig`aman,
Ey Isroilning omon qolganlari,
Men sizlarni to’plab olaman.
Qo’radagi qo’ylarday, yaylovdagi suruvday,
Sizlarni Men bir joyga yig`aman.
O`shanda yurtingiz odamlarga to’lib–toshadi.
13 Men Yo’lboshchingiz bo’lib, sizlarga yo’l ochaman,
Sizlarni surgundan olib chiqaman.
Sizlar shahar darvozasidan chiqib ketasiz.
Men, Shohingiz sizlarni boshlab boraman.
Men, Egangiz, oldinda yuraman.”
Mixo Isroil yo’lboshchilariga tanbeh beradi
1 Men shunday dedim:
“Ey Yoqub naslining yo’lboshchilari, eshiting!
Ey Isroil hukmdorlari, quloq soling!
Adolat o’rnatish sizning vazifangiz–ku!
2 Sizlar esa yaxshilikdan nafratlanasiz,
Qabihlikka mehr qo’yasiz,
Siz xalqimning terisini shilib,
Etini suyagidan ajratib olasiz.
3 Siz xalqimning etini eysiz,
Terisini shilib, suyaklarini maydalaysiz,
Qozonga solinadigan go’shtday ularni nimtalaysiz.
4 Vaqti kelib, Egamizga iltijo qilasiz,
O`shanda Xudodan javob olmaysiz.
Sizlar qabihlarcha ish tutdingiz,
Shu bois U sizlardan yuz o’giradi.”
5 Egamiz shunday demoqda:
“Ey xalqimni yo’ldan ozdirgan payg`ambarlar!
Sizlar qorningizni to’yg`izganlarga tinchlikni bashorat qilasiz,
Og`zingizni moylamaganlarga esa urushni e`lon qilasiz.
6 Endi ustingizga tun bostirib keladi,
Sizlar vahiylarni ko’rmaysiz.
Qaro zulmat sizni o’rab oladi,
Bashorat qilishingizga imkon bo’lmaydi.
Sizlar uchun quyosh botadi,
Kunduz ham zulmat bo’ladi.
7 Sharmanda bo’lasiz, ey valiylar,
Uyatga qolasiz, ey folchilar.
Mendan so’z olmaganingiz uchun
Og`zingizni ocholmay qolasiz.”
8 Ammo mening vujudim kuchga to’lgan,
Egamizning Ruhi meni to’ldirgan.
Qudrat va adolatga to’lganman.
Endi men Yoqub naslining itoatsizligini fosh qilaman,
Isroil xalqining gunohini yuziga solaman.
9 Ey Yoqub naslining yo’lboshchilari, eshiting!
Ey Isroil hukmdorlari, quloq soling!
Sizlar adolatdan hazar qilasiz,
Haqiqatni buzib ko’rsatasiz.
10 Qonlar evaziga barpo qildingiz Quddusni,
Zulm evaziga bunyod etdingiz Sionni!
11 Ey Quddus hokimlari, sizlar pora olib hukm qilasiz,
Ey Quddus ruhoniylari, sizlar tama qilib ta`lim berasiz,
Ey Quddus payg`ambarlari, sizlar pul uchun bashorat qilasiz.
Tag`in Egamizning nomini ro’kach qilib, aytasiz:
“Egamiz biz bilan, bunga shubha yo’q!
Boshimizga biror ko’rgilik tushmas.”
12 Sizlar sababli
Quddus daladay shudgor qilinadi,
Sion xarobazor bo’ladi,
Egamizning uyi turgan tog`ni
Qalin chakalakzor qoplaydi.
Egamiz butun dunyoda tinchlik o’rnatadi
1 Shunday kunlar keladiki,
Egamizning uyi turgan tog`
Tog`larning eng yuksagi bo’lib qaror topadi.
Bu tog` hammasidan ham baland bo’ladi,
Xalqlar u erga daryoday oqib keladi.
2 Ko’plab ellar keladi,
Ular shunday deb aytadi:
“Qani, yuringlar!
Chiqaylik Egamizning tog`iga!
Qani, yuringlar!
Boraylik Yoqubning Xudosi uyiga!
Toki U bizga o’rgatsin O`zining yo’llarini,
Toki yuraylik bizlar Uning so’qmoqlaridan.”
Axir, Egamizning kalomi kelib chiqar Quddusdan,
Ha, Xudoning ta`limoti kelib chiqar Siondan.
3 Egamiz hukm qiladi ko’p xalqlarning orasida,
Ajrim qiladi olisdagi kuchli millatlar orasida.
Qilichlarini aylantirishadi omochga,
Nayzalarini esa tok qaychilariga.
Qilich ko’tarmaydi bir–biriga xalqlar,
Hech qachon jang qilmaydi ular.
4 Orom olar har kim o’z uzumzorida,
O`tirar har kim o’z anjirzorida,
Biror kimsa ularga tahdid solmaydi.
Buni Sarvari Olamning O`zi aytdi!
5 Hamma xalqlar o’z xudolariga ergashaversin,
Biz esa abadulabad Egamiz Xudoning yo’lidan yuramiz.
Isroil xalqi surgundan qaytib keladi
6 Egamizning kalomi shudir:
“Shunday vaqt keladiki, Men cho’loqlarni yig`ib olaman.
Haydab yuborilganlarni to’playman,
O`zim azobga giriftor qilganlarimni yig`aman.
7 Cho’loqlarni omon saqlayman,
Haydab yuborilganlardan kuchli bir xalq bunyod etaman,
O`sha kundan boshlab, to abad Men, Egangiz,
Sion tog`ida ularga hukmronlik qilaman.”
8 Ey Quddusdagi shoh qal`asi,
Xudo xalqining kuzatuv minorasi,
Sobiq hokimiyating o’zingga qaytadi.
Ey Quddus shahri,
Sening saltanating qayta tiklanadi.
9 Endi esa nechun faryod qilyapsan?
Nima bo’ldi, hukmdoring yo’qmidi?!
Nechun to’lg`oq tutgan ayol kabi azoblanyapsan?
Maslahatching nobud bo’ldimi?!
10 Ey qiz Quddus,
Tug`ayotgan xotin kabi oh–voh qilmaysanmi?!
O`zingni har tomonga tashlamaysanmi?!
Axir, hozir shahardan chiqib ketasan!
Yalang qirlarga borib maskan qilasan!
Ha, Bobilga sen surgun bo’lasan.
Biroq u erda sen najot topasan,
Dushman qo’lidan xalos qilar Egamiz seni.
11 Senga qarshi birlashdi talay xalqlar,
Sen haqingda shunday deb aytadi ular:
“Qani, kelinglar, Quddusni xo’rlaymiz,
Shahvat bilan uni tomosha qilamiz.”
12 Ammo bilmas ular Egamizning niyatini,
Aslo tushunmaslar Uning rejalarini,
Egamiz ularni ne sababdan yiqqanini ular bilmaslar,
Bug`doy boshoqlarini xirmonda yanchganday,
Egamiz ularni yanchmoqchi ekanini anglamaslar.
13 Egamiz demoqda:
“Turing, ey Quddus aholisi!
Yanchib tashlang ularni!
Temirdan qilaman shoxlaringizni,
Bronzadan yasayman tuyoqlaringizni,
Ezib majaqlaysiz ko’plab xalqlarni.”
Olgan o’ljangizni Egamizga bag`ishlaysiz,
Butun olam Rabbiysiga yov boyligini nazr qilasiz.
Xudo Baytlahmlik Hukmdorni va`da qiladi
1 Ey Quddus, yiqqin lashkaringni!
G`animlar bizni qurshovga oldi!
Ular Isroil hukmdorining betiga tayoq bilan uradi.
2 Ammo Egamiz demoqda:
“Ey Efratdagi Baytlahm,
Sen Yahudoning mitti shahri bo’lsang ham,
Isroilni Men uchun boshqaradigan zot sendan chiqadi.
Uning nasabi qadimlarga borib taqaladi.”
3 Ha, Egamiz Isroil xalqini bir muddatga dushmanlarga taslim qiladi,
Ammo bu hol uzoq davom etmaydi.
Homilador ayolning ko’zi yoriganda,
Bo’lg`usi hukmdorning birodarlari surgundan qaytadi.
Ular Isroil xalqi bilan birlashadi.
4 Egamizning qudrati ila o’sha hukmdor suruvini boqadi,
O`z Egasi Xudoning ulug`vorligi ila ularni boshqaradi.
Isroil xalqi xatarsiz yashaydi,
Axir, hukmdorining dovrug`i butun dunyoga yoyiladi.
5-6 O`sha zot tinchlik o’rnatuvchi bo’ladi.
Mabodo Ossuriyaliklar
Yurtimizga bostirib kelsa,
Chegaramizga qadam bossa,
Hukmdorimiz bizni himoya qiladi.
Ha, Ossuriyaliklar
Yurtimizga bostirib kelsa,
Qal`alarni ular yorib o’tsa,
Biz ularga qarshi etti yo’lboshchini tanlaymiz,
Hatto sakkiz rahnamoni tayinlaymiz.
Ular qilich ko’tarib, Ossuriya ustidan hukmronlik qilishadi,
Nimro’dning erida o’z hukmini o’tkazishadi.
7 Ko’p xalqlar orasida
Yoqub naslining omon qolganlari
Egamiz osmondan tushiradigan
Shudringday bo’lishadi,
Maysalarni sug`oradigan
Yomg`irga o’xshagan bo’lishadi.
Ularni hech kim to’xtata olmaydi,
Ular dushmanlari ustiga bostirib borishadi.
8 Ha, ko’p xalqlar orasida
Yoqub naslining omon qolganlari
O`rmon hayvonlari orasidagi
Arslonday bo’lishadi,
Qo’y suruvi orasiga kirib qolgan
Sher bolasiga o’xshagan bo’lishadi.
Yurgan yo’llarida hammaga tashlanib g`ajishadi,
Ularga hech kim bas kela olmaydi.
9 Ey Isroil, sening qo’ling yovlardan baland keladi,
Barcha dushmanlaring qirilib ketadi.
Egamiz O`z xalqini poklaydi
10 Egamizning kalomi shudir:
“O`sha kuni otlaringizni Men yo’q qilaman,
Jang aravalaringizni parcha–parcha etaman.
11 Vayron qilaman yurtingiz shaharlarini,
Yakson etaman jamiki qal`alaringizni.
12 Yurtingizda sehr–joduga barham beraman,
Orangizda bironta folbinni qoldirmayman.
13 Tasviru butsimon toshlaringizni yo’q qilaman,
Boshqa sajda qilmaysiz qo’lingiz ijodiga.
14 Asheraga atalgan ustunlarni qo’porib tashlayman,
Shaharlaringiz kulini ko’kka sovuraman.
15 Menga itoat qilmagan xalqlar ustiga
Qahru g`azabimni yog`dirib, qasos olaman.”
Egamiz Isroil xalqi bilan da`volashadi
1 Egamizning so’zini eshiting:
“Qani, turing!
Tog`lar oldida ayting da`voingizni,
Qirlar eshitsin sizning ovozingizni.”
2 Ey tog`lar, Egamizning da`vosiga quloq tuting,
Zaminning mangu poydevorlari, siz ham eshiting!
Egamiz O`z xalqi bilan da`volashadi,
Xalqi Isroil bilan U bahslashadi.
3 Egamiz demoqda:
“Ey xalqim, senga Men nima qildim?!
Senga tushdimi biror og`irligim?!
Qani, javob bergin–chi Menga!
4 Men sizlarni Misr yurtidan olib chiqqan edim–ku,
U erdagi qullikdan xalos etgan edim–ku.
Oldingizga yuborgandim yo’lboshchilarni —
Muso, Horun va Maryamni.
5 Ey xalqim, nahot eslamasangiz
Mo’ab shohi Boloqning yovuz niyatini,
Bavo’r o’g`li Balomning unga bergan javobini?!
Shitimdan Gilgalga qilgan safaringizda ham
Nimalar yuz berganini bir eslang.
Bu voqealarni esga olsangiz,
Men, Egangiz, sizlarni qutqarmoqchi bo’lib,
Ne–ne ishlar qilganimni ko’rasiz!”
Xudoning talablari
6 Yuksalgan Xudoga sajda qilganimda,
Nima olib boray Egamizning huzuriga?!
Unga atab qurbonliklar kuydirsammikan?!
Bir yoshli buzoqlarni nazr qilsammikan?!
7 Unga atab minglab qo’chqorlarni so’ysam,
Zaytun moyin daryo–daryo qilib oqizsam
Egamiz mendan mamnun bo’larmikan?!
Itoatsizligim evaziga to’ng`ich o’g`limni beraymi?!
Gunohim evaziga o’z farzandimni qurbon qilaymi?!
8 Ey inson, nima yaxshi ekanligini
Egamiz senga ayon qildi.
Shudir Uning sendan qilgan talabi:
Adolatli ish tutgin,
Mehr–shafqat qilishdan zavq olgin,
Kamtar bo’lib, Xudoning yo’lidan yurgin.
9 Xudodan qo’rqish — donolik, axir!
Egamiz Quddus ahliga xitob qilar:
“Yaxshilab quloq soling!
Men sizlarni hademay jazolayman!
10 Ey fosiqlar, harom boyligingizga qanday ko’z yumay?!
Tarozidan urib yiqqan davlatingizni qanday unutay?!
Bunday boylikdan jirkanaman, axir!
11 Noto’g`ri tarozini ishlatgan odamni qanday oqlayin?!
Soxta qadoq toshlardan foydalangan kishiga qanday chidayin?!
12 Ey Quddus boylari, sizlar zo’ravonlik qilyapsiz,
Ey shahar odamlari, sizlar aldayapsiz.
Yolg`ondan boshqani bilmas tillaringiz.
13 Shuning uchun Men sizlarga qaqshatqich zarba beraman,
Gunohlaringiz uchun sizlarni xarob qilaman.
14 Sizlar eysiz, lekin to’ymaysiz,
Qorningiz doim och bo’ladi.
Narsa yig`asiz–u, saqlay olmaysiz,
Yiqqanlaringizni urushda nobud qilaman.
15 Siz ekasiz, ammo o’rib olmaysiz.
Moy olasiz, ammo undan foydalanmaysiz.
Uzum ezasiz, ammo sharobidan ichmaysiz.
16 Axir, sizlar shoh Omrining odatlarini tashlamayapsiz.
Axab xonadonining barcha qilmishlariga taqlid qilyapsiz,
Ularning yo’lini tutyapsiz.
Shuning uchun Men sizlarni xarob qilaman.
Sizni ko’rganlar sizlardan hazar qiladi,
Barcha xalqlar sizlarni haqorat etadi.”
Mixoning marsiyasi
1
Sho’rim quridi!Yozgi mevalar yig`ib olingach,
Uzumzor hosili yig`ishtirilgach,
Toklardan bir bosh uzum ham topa olmagan,
Bir dona anjirga zor bo’lgan odamdayman men.
2
Xudojo’y yo’q bo’ldi bu yurtda,To’g`ri odam qolmadi insonlar orasida.
Qon to’kaman deb, odamlar bir–birini poylaydi,
Hattoki qarindosh qarindoshiga tuzoq qo’yadi.
3
Yomonlik qilishga ustadir ular.Amaldoru qozilari pora olishadi,
Boylari xohlaganini qildirishadi,
Birgalikda ular haqiqatni buzib ko’rsatishadi.
4
Ularning himmatlisi yantoqqa o’xshaydi,Vijdonlisi bir uyum tikandan qolishmaydi.
Ey xalqim,
Soqchilar sizlarga e`lon qilgan kun yaqinlashdi,
Ha, jazo oladigan kuningiz etib keldi.
Hammangiz sarosimaga tushadigan vaqt bo’ldi.
5
Do’stingizga suyanmang,Sherigingizga ishonmang,
Quchog`ingizda xotiningiz yotganda,
Qulf soling og`zingizga.
6
O`g`il o’z otasini xo’rlaydi,Qiz onasining yuziga sapchiydi,
Kelin qaynanasiga dushmanlik qilar.
Sizning dushmanlaringiz — o’z uyingizdagilar.
7
Men esa Egamga tikaman ko’zlarimni,Umid ila kutaman najotkorim Xudoni,
Albatta eshitar Xudoyim meni.
Xalq Egamizga yuz buradi
8
Holimni ko’rib shod bo’lmangiz, ey g`animlar!Yiqilganimda o’zim turib olarman.
Zulmatda o’tirganimda,
Menga nur sochar Egam.
9
Gunoh qildim men Egamga qarshi,Uning qahriga dosh beraman endi.
Bir kun kelib, U mening tarafimni oladi,
Mening haqligimni isbot etadi.
Yorug`likka olib chiqadi U meni,
Men ko’raman Xudoning adolatini.
10
Ey dushmanlarim, albatta buni ko’rasiz.“Egang Xudo qani?!” deb meni masxara qildingiz,
Endi siz sharmandai sharmisor bo’lasiz.
Men ko’zlarim bilan ko’raman sizning qulashingizni,
Oyoq osti bo’lasizlar ko’chadagi loy kabi.
Isroilning qayta tiklanishi haqida bashorat
11
Ey Quddus, kelar shunday zamonlar:Sening devorlaring qayta qurilar,
Kengayib ketadi sening hududing.
12
O`sha kuni xalqing qaytib keladi.Ular Ossuriyadan Misrgacha,
Misrdan Furot daryosigacha bo’lgan
Barcha o’zga yurtlardan,
Uzoq dengiz sohillaridan,
Olis tog`lar bag`ridan kelishadi.
13
Boshqa xalqlarning yurtlari esaO`z qilmishlari dastidan xarobazorga aylanadi.
Mixoning iltijosi va Egamizning javobi
14
Ey Egam, O`z xalqingning cho’poni bo’lgin,O`z suruvingni tayog`ing bilan boshqargin,
Ularning yon–atrofi ko’m–ko’k yaylovlar,
Ular esa chakalakzorda yashayaptilar.
Uzoq o’tmishdagiday ularni o’tlatgin,
Bashan va Gilad yaylovlarida ularni to’yg`azgin.
15
Egamiz demoqda:“Men sizlarni Misrdan olib chiqqan kunlarimday,
Sizlarga O`z ajoyibotlarimni yana ko’rsataman.”
16
Ey Egam, ajoyibotlaring oldida xalqlarBuyuk lashkarlarining ojizligini ko’rib,
O`zlari sharmanda bo’ladilar.
Qo’llari bilan yuzlarini berkitadilar.
Ularning quloqlari garang bo’lib qoladi.
17
Ilon kabi ular tuproq yalaydi,Sudraluvchi maxluqlar kabi tuproq oshaydi.
Ey Egamiz Xudo, ular titrab–qaqshab,
O`z uyalaridan Sening oldingga chiqadilar.
Sening huzuringda dahshatga tushadilar.
18
Ey Xudo, Senga o’xshashi bormikan?!Xalqingdan omon qolganlarning
Gunohlarini Sen kechirasan,
Ularning itoatsizligini afv etasan.
To abad g`azablanmassan xalqingdan,
Zavq olasan O`zing mehr–shafqat ko’rsatishdan.
19
Sen bizga yana rahm qilasan.Ayblarimizni erga ko’mib yuborasan,
Gunohlarimizni dengiz tubiga uloqtirasan.
20
Qadimda ota–bobolarimizga ont ichganingday,Sen Yoqub avlodiga sadoqatli bo’lasan,
Ibrohim nasliga so’nmas sevgingni ko’rsatasan.