Noxum

Noxum

1 Naynavo shahri haqida bashorat. Bu kitobda Elqo’shlik Noxumga kelgan vahiy bayon qilingan.

Egamizning Naynavoga bo’lgan g`azabi

2 Egamiz rashkchi, qasoskor Xudodir,

Egamiz qasoskor, darg`azabdir.

G`animlaridan Egamiz qasos olar,

Dushmanlaridan g`azablanib yurar.

3 Egamizning jahli tez emas,

Uning kuchi buyukdir,

Aybdorni Egamiz aslo oqlamas!

Yurgan yo’li quyunu bo’ron bo’lar.

Oyog`i ostidan changday

Ko’tarilar qora bulutlar.

4 U dengizga do’q urib, uni quritar,

Barcha daryolarni qaqratib yuborar.

Bashan va Karmil yaylovlari xazon bo’ladi,

Lubnon gullari so’lib qoladi.

5 Uning oldida silkinar tog`lar,

Parchalanib ketar adiru qirlar.

Huzurida zamin tebranar,

Butun jahon va undagi mavjudot qaltirar.

6 Uning qahriga kim bardosh bergay?!

Alangali g`azabidan kim omon qolgay?!

Uning g`azabi olovday yoyilar,

Uning oldida qoyalar chilparchin bo’lar.

7 Egamiz yaxshidir,

Kulfat kunida qo’rg`ondir U,

Xudoda panoh topganlarni saqlaydi U.

8 Toshqin sel bilan Naynavoni vayron qilar,

Yovlarining payiga tushib, zulmatga haydar.

9 Ey Naynavo, nechun Egamizga qarshi fitna uyushtirasan?!

Axir, U bir urib seni qirib tashlaydi,

Ikkinchi urishiga hojat bo’lmaydi.

10 Chirmashgan tikanu quruq xas–cho’p kabi

Sizlar ham, ey mayxo’rlar, yondirib tashlanasiz!

11 Ey Naynavo, qabih shoh sendan chiqdi,

Egamizga qarshi u fitna–fasod qildi.

12 Egamiz esa shunday aytur:

“Ossuriyaliklar kuchli va behisob bo’lsalar–da,

Ular qirilib, yo’q bo’ladilar.

Ey xalqim, boshingga kulfat soldim!

Endi bunday kulfat solmayman zinhor!

13 Seni Ossuriya bo’yinturug`idan ozod qilaman,

Kishanlaringni uzib tashlayman.”

14 Sen haqingda, ey Ossuriya, Egamiz shunday amr etar:

“Sening noming dunyodan o’char.

Yo’q qilaman xudolaring uyidagi quyma va o’yma butlarni,

Yaramas xulq–atvoring uchun hozirlayman qabringni.”

Naynavo qulaydi

15 Qarang! Xushxabar keltiruvchi kimsa,

Tog`lar osha shoshib keladi bu yoqqa.

Tinchlikni e`lon qiladi U sizga!

Ey Yahudo xalqi, nishonlagin bayramlaringni,

Olib kel ont ichib atagan nazrlaringni.

Yurtingga tajovuz qilmas endi qabihlar,

Zero, tamomila yo’q bo’ldi ular.

1-2 Dushmanlar Isroil yurtini xarob qilgan,

Uzumzorlarini payhon etgan.

Biroq Egamiz tiklar Yoqub naslining ulug`vorligini,

Ha, Isroil xalqining buyukligini.

Bosqinchi senga hujum qildi, ey Naynavo!

Qani bo’l, qo’riqla qo’rg`onlaringni,

Yo’ldan uzma sen ko’zingni.

Yig`ib olgin bor kuchingni,

Jangga bog`la belingni.

3 Dushman sipohlarining qalqoni qizil,

Jangchilarining kiyimi alvon,

Jang kuni aravalari olovday chaqnar,

Behisob nayzalari bosh uzra tebranib turar.

4 Shahar ichida aravalar quturib elar,

Maydonlarni kesib u yoqdan–bu yoqqa o’tar,

Mash`alalarga o’xshab yonib turar,

Yashin tezligi bilan uchar.

5 Naynavo shohi amr berar lashkarboshilariga,

Olg`a bosib qoqinar ular yo’lda.

Qalqonlari panohida bosqinchilar

Shahar devoriga yopirilar.

6 Daryo to’g`onlarini ular buzib tashlar,

Saroy ivib, qulay–qulay deb turibdi.

7 Shahar ahlini surgun qilishga qaror qilindi,

Cho’rilari o’z ko’ksiga urib,

Musichaday nola qilmoqda.

8 Naynavo darz ketgan hovuzga o’xshaydi,

Yoriqlaridan suv oqib ketganday,

Uning aholisi qochib ketyapti,

Ortidan “To’xtanglar! To’xtanglar!”

Degan qichqiriqlar eshitilar,

Lekin hech kim ortiga qaytmas.

9 Bosqinchilar baqirar:

“Talon–taroj qiling kumushu oltinni!

Bitmas–tuganmasdir Naynavoning xazinasi!

Serobdir uning qimmatbaho narsasi!”

10 Ship–shiydam, vayron, talqon bo’ldi Naynavo!

Qo’rquvdan yuraklar orqaga tortib ketdi,

Tizzalar qaltiradi, badanni titroq bosdi,

Bo’zday oqardi hammaning yuzi!

11 Nima bo’ldi Naynavo shahriga?!

O`xshar edi–ku u sherning uyasiga.

Ha, o’xshar edi Naynavo sher bolalarini boqqan bir inga.

Sher va ona sher izg`igan paytda,

Bolalari xatarsiz edi u erda!

12 Sher o’z bolalari uchun

Etarlicha o’lja tilka–pora qilgan,

U ona sher uchun ham ovini bo’g`izlagan,

Murda bilan to’ldirgan o’z inlarini,

O`lja bilan — uyalarini.

13 Sarvari Olam shunday aytmoqda: “Men senga qarshiman, ey Naynavo! Jang aravalaringni tutatib yondiraman. Yosh sherlaring qilichdan halok bo’ladi. Sen endi er yuzida talonchilik qilmaysan. O`lponchilaringning ovozi o’chadi.”

Naynavoning qismati

1 Holingga voy, ey qo’li qon shahar!

O`taketgan makkor, o’ljaga to’lgan shahar!

U erdagi qotilliklar hech tugamas!

2 Quloqqa chalinar qamchilarning vizillashi,

G`ildiraklarning taraq–turug`i,

Elayotgan ot tuyoqlarining tovushi,

Jang aravalarining gumburlashi!

3 Jangga kirmoqda otliq sipohlar,

Yalt–yult etmoqda qilichlar,

Yarqiramoqda nayzalar,

Uyilib ketdi o’liklar,

Uyum–uyum bo’ldi jasadlar,

Murdalarning son–sanog`i yo’q.

Qoqilishar jasadlarga odamlar!

4 Ey Naynavo, o’zingni buzuq fohishaday tutding,

Suyuqoyoq jodugarday odamlarni rom qilding,

Buzuqliging bilan xalqlarni qul qilding,

Sehr–jodularing bilan o’zingga og`dirding.

5 “Men senga qarshiman!

— deb aytmoqda Sarvari Olam. —

Men ko’ylagingni ko’tarib,

Xalqlarga yalang`och tanangni ko’rsataman,

Ellar oldida sharmandangni chiqaraman.

6 Ustingdan axlat yog`dirib, seni xo’rlayman.

Odamlarga seni tomosha qildiraman.

7 Seni ko’rganlar orqaga chekinib, shunday deyishar:

«Naynavo vayron bo’ldi!

Kim unga achinar ekan?!»

Seni yupatadigan hech kim yo’q!”

8 No’–Omon shahridan sening ortiq joying bormidi?!

O`sha shahar Nil daryosi bo’yida joylashgandi,

Suvlar qurshovida turgandi,

Daryo — uning istehkomi,

Suvlar — himoyasi bo’lgandi.

9 Habashistonu Misr uning ustidan hukmronlik qilardi,

Kuchining chek–chegarasi yo’q edi.

Liviya bilan Lub uning ittifoqdoshlari edi.

10 Shunday bo’lsa–da,

No’–Omon shahrining aholisi surgun qilindi,

Odamlari asirlikka olib ketildi,

Har bir ko’chaning boshida

Toshga urib o’ldirildi go’daklari,

Aslzodalari uchun qur`a tashlandi,

Barcha zodagonlari zanjirband bo’ldi.

11 Ey Naynavo, sen ham mast bo’lib, gandiraklab qolasan,

Bekinasan, dushmanlaringdan qochib, panoh izlaysan.

12 Sening hamma qal`alaring

Mevasi pishgan anjir daraxtiga o’xshar.

Anjirni silkitsang,

Anjirlar xo’randaning og`ziga tushar.

13 Lashkaringga bir qarasang–chi!

Xotin kishidan farqi yo’q–ku ularning.

Yurtingning darvozalari yov uchun keng ochildi,

Darvozalarning tambalarini olov yo’q qildi.

14 Qamalga tayyorlangin!

Suvga to’ldir idishlaringni!

Mustahkamla qo’rg`onlaringni!

Oyoq bilan ezgin loyni,

Tayyorla tezroq qoliplaringni!

15 Baribir olov seni yamlab yuborar,

Chigirtka ekinlarni qirtishlaganday,

Qilich seni qirib tashlar.

Chigirtkaday ko’payaver!

16 Savdogarlaringni osmondagi yulduzlardan ham ko’p qilding,

Biroq ular chigirtkaday yurtingni talashar,

So’ng qanot qoqib uchib ketishar.

17 Sovuq kunda devorlarga qo’nadigan,

Quyosh chiqqach esa uchib yo’q bo’ladigan

Chigirtkadaydir sening posbonlaring,

Chigirtka galasidaydir sening sarkardalaring.

Ular qaerga g`oyib bo’lganini bilmaydi hech kim.

18 Ey Ossuriya shohi,

Rahnamolaringning ko’zi yumilgan,

Yo’lboshchilaring abadiy uyquga ketgan,

Sening xalqing tog`larga tarqalgan,

Ularni yig`adigan biror kimsa yo’q.

19 Sening yarangni davolab bo’lmas,

Jarohating halokatlidir.

Bu haqda xabar topgan hamma odamlar

Xursandligidan chapak chalar.

Zotan, hech kim cheksiz zulmingdan

Qochib qutula olmagan.