Luqo

Luqo

Muqaddima

1-3 Hurmatli Teofilus! O`zingizga ma`lumki, ko’p odamlar oramizda Xudoning qilgan ishlari tafsilotini yozishga kirishganlar. Bu voqealarni yozishda ular bo’lib o’tgan hodisalarni boshidan ko’rgan va ularni bizga etkazgan odamlarning so’zlarini asos qilib olganlar. Shuning uchun men ham hammasini boshidan sinchiklab tekshirganimdan keyingina, bu voqealarning tafsilotini tartib bilan sizga yozib berishga qaror qildim,

4 toki sizga o’rgatilgan ta`limotning haqiqiyligiga o’zingiz ishonch hosil qiling.

Yahyo cho’mdiruvchining tug`ilishi haqida karomat

5 Yahudiya shohi Hirod davrida Zakariyo degan bir ruhoniy bor edi. U ruhoniy Abiyo urug`idan kelib chiqqandi, xotini Elisabet ham ruhoniylar naslidan edi.

6 Ikkovi ham Xudo oldida solih bo’lib, Egamizning amru farmonlariga bekami–ko’st rioya qilishardi.

7 Elisabet bepusht bo’lgani uchun ularning farzandi yo’q edi. Buning ustiga, ikkovi ham keksayib qolgan edilar.

8 Zakariyoning ruhoniylar bo’linmasi Ma`badda navbatchilik qilayotgan kunlarning birida, Zakariyo Xudoning huzurida ruhoniylik vazifasini bajarayotgan edi.

9 Ruhoniylarning odati bo’yicha, Egamizning Ma`badiga kirib, xushbo’y tutatqilar tutatish qur`asi unga tushgandi.

10 Tutatqi tutatish vaqtida katta bir olomon tashqarida ibodat qilayotgan edi.

11 Shu payt Egamizning bir farishtasi Zakariyoga zohir bo’ldi. Farishta tutatqi qurbongohining o’ng tomonida turardi.

12 Zakariyo uni ko’rib, qo’rqqanidan o’zini yo’qotib qo’ydi.

13 Farishta unga dedi:

— Zakariyo, qo’rqma, sening iltijolaring ijobat bo’ldi. Xotining Elisabet senga bir o’g`il tug`ib beradi. Uning ismini Yahyo qo’yasan.

14 U senga shodlik va quvonch keltiradi, uning tug`ilganidan ko’pchilik xursand bo’ladi.

15 U Egamizning nazarida ulug` bo’ladi, sharobu o’tkir ichimliklarni og`ziga olmaydi. Onasining qornidayoq Muqaddas Ruhga to’ladi.

16 Isroil xalqidan bo’lgan ko’plarni u Egasi Xudoga qaytaradi.

17 U Ilyos payg`ambarning ruhi va qudratiga to’lib, Rabbimiz Masihdan oldin keladi. Rabbimizga tayyor bir xalqni taqdim qilish uchun otalarning yuraklarini farzandlariga moyil qiladi, itoatsizlarning fikrini solihlar donoligi tomon buradi.

18 Zakariyo farishtaga dedi:

— Men bunga qanday amin bo’laman? Axir, men keksayib qolganman, xotinim ham qarib qolgan bo’lsa?

19 Farishta unga shunday javob berdi:

— Men Xudoning huzurida turadigan Jabroilman. Sen bilan gaplashgani, senga bu Xushxabarni e`lon qilgani yuborilganman.

20 Senga aytganlarim o’z vaqtida bajo bo’ladi. Ammo mening so’zlarimga ishonmaganing uchun tildan qolasan. Aytganlarim bajo bo’lmaguncha, gapirolmaysan.

21 Shu orada Zakariyoni kutib turgan xalq uning Ma`badda imillab qolganiga hayron bo’ldi.

22 Nihoyat, Zakariyo tashqariga chiqdi, ammo so’zlamoqqa tili aylanmadi. Xalq uning Ma`badda vahiy ko’rganligini tushundi. Zakariyo soqov bo’lib qolgani uchun xalq bilan imo–ishoralar orqali so’zlashishga majbur bo’ldi.

23 Ma`baddagi xizmat muddati tugagach, Zakariyo uyiga qaytib bordi.

24 Oradan ko’p o’tmay, xotini Elisabet homilador bo’ldi. U dastlabki besh oy davomida uyidan chiqmay yurdi. U shunday derdi:

25 “Buni men uchun Egam qildi. U menga marhamat ko’rsatib, xalq orasida meni sharmandalikdan qutqardi.”

Iso Masihning tug`ilishi haqida karomat

26 Elisabetning homilasi olti oylik bo’lganda, Xudo farishta Jabroilni Jalilaning Nosira degan shahriga,

27 Dovud avlodidan Yusuf ismli yigitga unashtirilgan bir qizga yubordi. Qizning oti Maryam edi.

28 Farishta uning oldiga borib:

— Salom, ey Xudo yorlaqagan qiz! Egamiz sen bilandir, — dedi.

29 Maryam farishtaning so’zlaridan sarosimaga tushdi. “Bunday salomlashuv nimani bildirar ekan?” deb o’ylanib qoldi.

30 Farishta unga dedi:

— Maryam, qo’rqma, sen Xudodan inoyat topding.

31 Sen homilador bo’lib, o’g`il tug`asan. Uning ismini Iso qo’yasan.

32 U buyuk bo’ladi. Uni Xudoyi Taoloning O`g`li deb atashadi. Egamiz Xudo Unga bobosi Dovudning taxtini beradi.

33 U to abad Isroil xalqi ustidan hukmronlik qiladi, hukmronligining oxiri bo’lmaydi.

34 — Men hali er ko’rmagan bo’lsam, bu qanday bo’ladi? — deb so’radi farishtadan Maryam.

35 Farishta javob berdi:

— Muqaddas Ruh seni qamrab oladi, Xudoyi Taoloning qudrati seni qoplaydi. Shu bois tug`adigan o’g`ling muqaddas bo’ladi, U Xudoning O`g`li deb ataladi.

36 Mana, qarindoshing Elisabet ham qariligida homilador bo’ldi, u o’g`il tug`adi. Homilasi olti oylik. Odamlar esa uni bepusht deb aytardilar.

37 Xudo uchun imkonsiz narsa yo’q!

38 — Men Egamning bandasiman. Hammasi siz aytganingizday bo’lsin, — deb javob berdi Maryam. Shundan keyin farishta ketdi.

Maryam Elisabetni yo’qlab boradi

39 Ko’p o’tmay Maryam shoshilganicha Yahudiya qirlaridagi shaharga yo’l oldi.

40 U Zakariyoning uyiga kirib, Elisabet bilan salomlashdi.

41 Elisabet Maryamning salomini eshitgani zahoti qornidagi bolasi o’ynoqlab ketdi. Elisabet Muqaddas Ruhga to’lib,

42 baland ovozda shunday xitob qildi:

— Sen ayollar ichra muboraksan, qorningdagi Bola ham muborakdir!

43 Men kim bo’libmanki, Rabbim Masihning onasi mening huzurimga kelibdi!

44 Sening saloming qulog`imga etishi bilanoq, qornimdagi bola quvonchdan o’ynoqlab ketdi.

45 Naqadar baxtlisan! Chunki Egamiz aytganlarini amalga oshirishiga sen ishonding.

46 Maryam shunday dedi:

“Butun vujudim bilan Egamni ulug`layman,

47 Najotkorim Xudodan ko’nglim shod–xurram.

48 Axir, U menday arzimas bandasiga nazar soldi.

Jamiki nasllar endi meni baxtli deb ataydi.

49 Zotan, qudratli Xudo men uchun buyuk ishlar qildi,

Muqaddasdir Uning nomi.

50 Undan qo’rqqanlarga

U nasllar osha marhamat qiladi.

51 U O`zining qudratini ko’rsatdi,

Yuragi takabburlarni to’zg`itib tashladi.

52 Hukmdorlarni taxtlaridan tushirdi,

Faqirlarni esa yuksaltirdi.

53 Ochlarni ne`matlar ila to’ydirdi,

Boylarni esa quruq jo’natdi.

54-55 Ota–bobolarimizga bergan va`dasi bo’yicha,

Ibrohimga, uning nasliga

Shafqat qilishni to abad yodida tutdi.

Quli Isroilga yordam berdi.”

56 Shunday qilib, Maryam Elisabetnikida uch oycha qoldi, keyin uyiga qaytib ketdi.

Yahyo cho’mdiruvchining tug`ilishi

57 Elisabetning oy–kuni etib, o’g`il tug`di.

58 Qo’ni–qo’shni va qarindoshlari Egamizning unga ko’rsatgan buyuk marhamatini eshitib, u bilan birga quvonishdi.

59 Ular sakkizinchi kuni bolani sunnat qilgani olib borishdi. Unga Zakariyo deb otasining ismini qo’ymoqchi bo’lishdi.

60 Bunga bolaning onasi e`tiroz bildirib:

— Yo’q, ismini Yahyo qo’yamiz, — dedi.

61 Lekin boshqalar:

— Qarindosh–urug`ing orasida bu ism bilan atalgan hech kim yo’q–ku, — deyishdi unga.

62 Shu payt otasiga imo–ishora qilib, undan bolaga qanday ism qo’ymoqchi ekanligini so’rashdi.

63 Zakariyo imo–ishora orqali bir taxtacha so’radi va: “Uning ismi Yahyo bo’ladi”, deb yozdi. Hamma hayron qoldi.

64 Shu payt Zakariyo yana tilga kirib, gapira boshladi va Xudoga hamdu sano aytdi.

65 Hamma qo’shnilari hayratda qoldi, butun Yahudiya qirlarida bu voqea ovoza bo’lib ketdi.

66 Bu haqda eshitganlarning hammasi: “Ajabo, bu bola kim bo’larkin?” deya mulohaza qilishardi. Chunki Egamizning qudrati unda namoyon edi.

Zakariyoning bashorati

67 Chaqaloqning otasi Zakariyo Muqaddas Ruhga to’lib, bashorat qila boshladi:

68 “Isroil xalqining Xudosi — Egamizga hamdu sanolar bo’lsin!

U bizga yordamga keldi, O`z xalqini asoratdan xalos qildi.

69-70 Azaldan bizga va`da berganday,

Muqaddas payg`ambarlari orqali aytganday,

Quli Dovud xonadonidan

Bizga qudratli Najotkorni yubordi.

71 Toki U bizni dushmanlarimizdan qutqarsin,

Bizdan nafratlanadiganlarning hammasidan xalos etsin.

72 Shunday qilib, Xudo ota–bobolarimizga iltifot ayladi,

Muqaddas ahdini yodida tutdi.

73 Bobokalonimiz Ibrohimga bergan o’sha qasamyodiga ko’ra,

74 Xudo bizni yovlarimiz qo’lidan qutqardi,

Endi biz Unga qo’rqmasdan xizmat qila olamiz.

75 Butun umrimiz davomida

Uning oldida muqaddas va solih bo’la olamiz.

76 Sen ham, bolajonim,

Xudoyi Taoloning payg`ambari deb atalasan.

Zero, sen Rabbimiz Masihdan oldin yurasan,

U yuradigan yo’lni hozirlaysan.

77 Xalqiga najot topishlarini e`lon qilasan,

Xudo ularning gunohlarini kechirishini aytasan.

78 Zero, Xudoyimiz mehr–shafqatga boy,

U samodan bizga ufq Nurini sochadi.

79 Zulmatda, o’lim soyasida o’tirganlarni yoritadi,

Tinchlikka olib boradigan yo’lni bizga ko’rsatadi.”

80 Bola ulg`ayib, ruhan kuchaydi. Isroil xalqiga xizmat qiladigan vaqti kelmaguncha, cho’lda yashadi.

Iso Masihning tug`ilishi

1 O`sha kunlarda Qaysar Avgust: “Butun Rim imperiyasidagi aholi ro’yxatga olinsin”, degan farmon chiqardi.

2 Bu ilk aholi ro’yxati bo’lib, Suriyada Kviriniyus hokim bo’lgan paytda o’tkazildi.

3 Ro’yxatdan o’tish uchun hamma o’z shahriga bordi.

4 Yusuf ham Jaliladagi Nosira shahridan Yahudiyaning Baytlahm shahriga yo’l oldi. Bu shahar Dovud shahri edi. Yusuf Dovud xonadonidan, uning naslidan edi.

5 Yusuf ro’yxatdan o’tgani Maryamni ham o’zi bilan olib ketdi. Maryam Yusufga unashtirilgan bo’lib, farzand kutayotgan edi.

6 Ular o’sha erda bo’lganlarida Maryamning oy–kuni to’ldi.

7 U o’zining to’ng`ich o’g`lini tug`di. Uni yo’rgaklab, oxurga yotqizib qo’ydi, chunki mehmonxonada ularga joy yo’q edi.

Cho’ponlar va farishtalar

8 Baytlahm yaqinida cho’ponlar bor edi. Ular tunda yaylovdagi suruvini qo’riqlash uchun dalada yotib qolgan edilar.

9 Ularning qarshisida Egamizning bir farishtasi paydo bo’ldi, Egamizning ulug`vorligi ularning atrofini yoritib yubordi. Cho’ponlar qattiq vahimaga tushdilar.

10 Ammo farishta ularga shunday dedi:

— Qo’rqmanglar! Men sizlarga Xushxabar olib keldim. Bu xabar hammaga buyuk quvonch keltiradi.

11 Bugun Dovud shahrida sizlar uchun Najotkor tug`ildi. U Masihdir, bizning Rabbimizdir.

12 Mana, sizlarga Uning belgisi: oxurda yotgan, yo’rgaklangan Chaqaloqni topasizlar.

13 Birdan farishtaning yonida samo lashkari bo’lmish son–sanoqsiz farishtalar paydo bo’ldi. Ular Xudoga hamdu sano aytishardi:

14 “Falak toqidagi Xudoga sharaflar bo’lsin,

Xudodan marhamat topgan erdagi bandalarga tinchlik kelsin!”

15 Farishtalar osmonga ko’tarilib ketgandan keyin, cho’ponlar bir–biriga dedilar:

— Qani, Baytlahmga boraylik! Egamiz bizga aytgan voqea yuz berganini ko’raylik!

16 Ular shosha–pisha bordilar, Maryam, Yusuf va oxurda yotgan Chaqaloqni ko’rdilar.

17 Ular Chaqaloqni ko’rib, farishta bu Chaqaloq to’g`risida nimalar aytganini gapirib berdilar.

18 Cho’ponlarning gapini eshitganlarning hammasi hayratga tushdi.

19 Maryam esa bu so’zlarning barini diliga tugib olib, chuqur o’ylab yurdi.

20 Cho’ponlar qaytib ketayotib, Xudoni ulug`lab, Unga hamdu sanolar aytdilar. Chunki eshitgan va ko’rganlarining hammasi xuddi farishta aytganday sodir bo’lgandi.

Isoga ism qo’yiladi

21 Oradan sakkiz kun o’tdi. Chaqaloqni sunnat qiladigan payt keldi. Unga Iso deb ism qo’ydilar. Iso ona qornida paydo bo’lmasdan oldin, farishta Unga shu ismni bergan edi.

Shimo’nning hamdu sanosi

22-24 Musoning qonuniga ko’ra, Maryam poklanish kunlariga rioya qildi. Bu muddat tugagach, Maryam bilan Yusuf Quddusga bordilar. U erda poklanish qurbonligini keltirib, Egamizning qonunidagi: “Ikkita kaptar yoki ikkita musicha keltirilsin” degan amrni bajardilar. Ular Bolani ham Egamizga taqdim qilmoqchi bo’lib, Uni o’zlari bilan Quddusga olib borgan edilar. Chunki Egamizning qonunida: “Har bir to’ng`ich o’g`il Egamizga bag`ishlanishi kerak”, deb yozilgan.

25 O`sha paytda Quddusda Shimo’n degan bir odam bor edi. U solih, taqvodor odam bo’lib, Isroilning najot topishini intizor bo’lib kutar edi. Muqaddas Ruh unga yor edi.

26 Muqaddas Ruh unga: “Egamiz va`da qilgan Masihni sen ko’rmaguningcha, o’lmaysan”, deb ayon qilgan edi.

27 Shunday qilib, Shimo’n Muqaddas Ruh boshchiligida Ma`badga bordi. Isoning ota–onasi qonunda buyurilgan marosimni bajarish uchun Chaqaloqni Ma`bad hovlisiga olib kirdilar.

28 Shunda Shimo’n Chaqaloqni qo’liga olib, Xudoga hamdu sano aytdi:

29 “Ey Egam, va`dangni Sen bajo aylading,

Endi tinchgina o’lishga rozi bu quling.

30 Zero, o’z ko’zim ila ko’rdim Qutqaruvchini,

31 Barcha ellar oldida hozirlagan najotingni.

32 G`ayriyahudiylarga ayon bo’ladigan nurdir U,

Xalqing Isroilning shuhratidir U.”

33 Yusuf ham, Maryam ham Iso haqida aytilgan bu so’zlardan hayratga tushdilar.

34 Shimo’n ularni duo qilib, Isoning onasi Maryamga dedi:

— Mana shu go’dak Isroil xalqi orasida ko’p odamlarning qulashiga va yuksalishiga sababchi bo’ladi. U Xudodan alomat bo’ladi, Uni ko’plar rad etadi.

35 Natijada ko’plarning sirli fikrlari oshkor bo’ladi. Sening qalbingga ham qilich sanchiladi.

36 U erda Xanna ismli keksa bir payg`ambar ayol ham bor edi. U Osher qabilasidan Paniyol degan odamning qizi edi. U turmushga chiqib, eri bilan etti yil yashadi.

37 So’ng beva qolgan edi. U sakson to’rt yil davomida beva bo’lib, hech qachon Ma`badni tark etmasdi. Ro’za tutib, ibodat qilib, kechayu kunduz Xudoga sajda qilardi.

38 Shimo’n Maryam va Yusufga gapirib turgan paytda Xanna ularga yaqinlashib, Xudoga shukronalar aytdi. U Quddusning ozod qilinishini intizorlik bilan kutganlarning hammasiga bu Bola haqida so’zlay boshladi.

39 Yusuf bilan Maryam Egamizning qonunidagi hamma talablarni bajarganlaridan keyin, Jalilaga, o’z shahri Nosiraga qaytib bordilar.

40 Bola ulg`ayib, kuchga va donolikka to’lib borardi. U Xudoning inoyati ostida edi.

O`smir Iso Ma`badda

41 Isoning ota–onasi har yili Fisih bayramida Quddusga borar edilar.

42 Iso o’n ikki yoshda bo’lganda, ular yana odatdagiday bayram qilish uchun Quddusga bordilar.

43 Bayramdan keyin ular uyga qaytar ekanlar, o’smir Iso Quddusda qoldi. Ota–onasi esa bundan bexabar edi.

44 Ular, Iso yo’lovchilar orasida kelyapti, deb o’ylashdi. Bir kun yo’l bosganlaridan keyin, Isoni qarindosh–urug`lari va tanish–bilishlari orasidan qidira boshladilar.

45 Uni topa olmaganlaridan keyin, Quddusga qaytib, Isoni o’sha erdan qidirdilar.

46 Uch kundan so’ng Uni Ma`baddan topdilar. U muallimlar orasida o’tirardi, ularning gaplariga quloq solib, savollar berardi.

47 Isoning gaplarini eshitganlarning hammasi Uning fahm–idrokiga va berayotgan javoblariga hayron qolardilar.

48 Ota–onasi Uni ko’rib, ajablandilar. Onasi Unga dedi:

— O`g`lim, bu nima qilganing? Otang ikkovimiz Seni qidiraverib adoyi tamom bo’ldik–ku!

49 — Nega Meni qidirdingizlar? — dedi Iso. — Men samoviy Otamning uyida bo’lishim kerakligini nahotki bilmagan bo’lsangizlar?!

50 Ammo ular Isoning aytgan gapini tushunmadilar.

51 Iso ular bilan Nosiraga qaytib ketdi. Doim ota–onasiga itoat qildi. Onasi esa bu gaplarning hammasini diliga tugib qo’ydi.

52 Iso ulg`ayib, yillar o’tgan sari dono bo’lib borardi. U Xudoning ham, odamlarning ham mehrini qozonardi.

Yahyo cho’mdiruvchining va`zi

1 Qaysar Tiberiy hukmronligining o’n beshinchi yili edi. Yahudiya viloyatida Po’ntiy Pilat hokim edi. Jalila hududida Hirod, Itureya bilan Traxonitis hududlarida Hirodning ukasi Filip, Avilina hududida Lisaniyas hukmronlik qilar,

2 Xanan va Kayafas esa oliy ruhoniy edilar.

O`sha vaqtda cho’lda yashayotgan Zakariyoning o’g`li Yahyoga Xudoning so’zi keldi.

3 U Iordan daryosi atrofidagi erlarni kezib, odamlarga: “Gunohlaringizdan tavba qilib, suvga cho’minglar, shunda Xudo gunohlaringizni kechiradi”, deb va`z qilardi.

4 Shu tariqa Ishayo payg`ambar o’z kitobida yozgan quyidagicha bashorati amalga oshdi:

“Cho’lda bir ovoz yangramoqda:

«Egamizga yo’l hozirlang,

Unga to’g`ri yo’l oching!

5 Har bir jarlik to’ldiriladi,

Har bir tog`u tepalik pasayadi.

Qing`ir–qiyshiq yo’llar rostlanadi,

O`nqir–cho’nqir so’qmoqlar tekis bo’ladi.

6 Butun jonzot Xudoning najotini ko’radi!»”

7 Katta bir olomon suvga cho’mdirilish uchun Yahyoning oldiga keldi. Yahyo ularga dedi:

— Hoy, ilonlar zoti! Boshingizga kelayotgan Xudo g`azabidan qochib qutulasiz, deb sizlarga kim uqtirdi?

8 Bundan keyin tavbaga yarasha ish tutinglar! O`zingizcha: “Biz Ibrohim naslidanmiz”, deb aytishni xayolingizga ham keltirmanglar! Sizlarga shuni aytay: Xudo mana bu toshlardan Ibrohimga avlod tiklashga qodir.

9 Hozirdanoq daraxtlar ildizida bolta yotibdi. Yaxshi meva bermagan har bir daraxt kesilib, olovga tashlanadi.

10 Olomon Yahyodan so’radi:

— Unday bo’lsa, biz nima qilishimiz kerak?

11 U javob berib, dedi:

— Kimning ikkita ko’ylagi bo’lsa, birini ko’ylagi bo’lmagan odamga bersin. Kimning oziq–ovqati bo’lsa, u ham ovqati yo’qlar bilan bo’lishsin.

12 Soliqchilardan ba`zilari ham suvga cho’mdirilish uchun kelib, Yahyodan:

— Ustoz, biz nima qilishimiz kerak? — deb so’rashdi.

13 Yahyo ularga shunday javob berdi:

— Belgilanganidan ortig`ini odamlardan talab qilmanglar.

14 Ba`zi bir askarlar ham undan:

— Biz–chi?! Biz nima qilishimiz kerak? — deb so’radilar. Yahyo ularga dedi:

— Birovlarni nohaq ayblab, pul orttirmanglar, maoshingiz bilan qanoatlaninglar.

15 Xalq Masihning kelishini orziqib kutardi. Ular: “Yahyo Masih emasmikin?” degan fikrni ko’ngildan o’tkazishardi.

16 Yahyo ularning hammasiga shunday dedi:

— Men sizlarni suvga cho’mdiryapman. Lekin mendan ham qudratliroq bo’lgan bir Zot ortimdan kelmoqda. Men Uning choriq iplarini echishga ham arzimayman. U sizlarni Muqaddas Ruhga va olovga cho’mdiradi.

17 Uning panshaxasi qo’lida tayyor turibdi. U O`z xirmonini shopiradi: bug`doyni O`z omboriga to’plab, somonni esa so’nmas o’tda yondirib yuboradi.

18 Yahyo yana ko’p boshqa nasihatlar berib, xalqqa Xushxabarni e`lon qilardi.

19 Viloyat hukmdori Hirodning qilmishlarini esa fosh qildi. Chunki Hirod o’z ukasining xotini Hirodiyaga uylangan va yana boshqa yomon ishlar ham qilgandi.

20 Shunisi etmaganday, u Yahyoni ham zindonga qamatib qo’ydi.

Iso suvga cho’mdiriladi

21 Butun xalq suvga cho’mdirilayotganda, Iso ham suvga cho’mdirildi. U ibodat qilib turganda osmon ochilib ketdi

22 va Muqaddas Ruh kaptar shaklida Uning ustiga tushib keldi. Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O`g`limsan, Sendan nihoyatda mamnunman” degan ovoz keldi.

Isoning nasabnomasi

Isodan Zarubabelgacha

23 Iso xizmatini boshlaganda o’ttiz yoshlarda edi. Odamlar Uni Yusufning o’g`li deb hisoblardilar.

Yusuf esa — Elaxning o’g`li,

24 Elax — Mattotning o’g`li,

Mattot — Levining o’g`li,

Levi — Malkiyning o’g`li,

Malkiy — Yannayning o’g`li,

Yannay — Yusufning o’g`li,

25 Yusuf — Mattatiyoning o’g`li,

Mattatiyo — Amosning o’g`li,

Amos — Noxumning o’g`li,

Noxum — Heslining o’g`li,

Hesli — Nagayning o’g`li,

26 Nagay — Maxatning o’g`li,

Maxat — Mattatiyoning o’g`li,

Mattatiyo — Shimaxning o’g`li,

Shimax — Yo’sexning o’g`li,

Yo’sex — Yo’doning o’g`li,

27 Yo’do — Yo’xanonning o’g`li,

Yo’xanon — Rezoning o’g`li,

Rezo — Zarubabelning o’g`li,

Zarubabel Shaltiyolning o’g`li edi.

Shaltiyoldan Natangacha

Shaltiyol — Neriyning o’g`li,

28 Neriy — Malkiyning o’g`li,

Malkiy — Yiddoning o’g`li,

Yiddo — Qosamning o’g`li,

Qosam — Elmodamning o’g`li,

Elmodam — G`urning o’g`li,

29 G`ur — Yoshuaning o’g`li,

Yoshua — Eliazarning o’g`li,

Eliazar — Yo’rimning o’g`li,

Yo’rim — Mattotning o’g`li,

Mattot — Levining o’g`li,

30 Levi — Shimo’nning o’g`li,

Shimo’n — Yahudoning o’g`li,

Yahudo — Yusufning o’g`li,

Yusuf — Yunamning o’g`li,

Yunam — Eliyaqimning o’g`li,

31 Eliyaqim — Maliyoning o’g`li,

Maliyo — Mannoning o’g`li,

Manno — Mattatoning o’g`li,

Mattato — Natanning o’g`li,

Natan Dovudning o’g`li edi.

Dovuddan Ishoqqacha

32 Dovud — Essayning o’g`li,

Essay — Obidning o’g`li,

Obid — Bo’azning o’g`li,

Bo’az — Salmo’nning o’g`li,

Salmo’n — Naxsho’nning o’g`li,

33 Naxsho’n — Ominadavning o’g`li,

Ominadav — Adminning o’g`li,

Admin — Arniyning o’g`li,

Arniy — Xazronning o’g`li,

Xazron — Parazning o’g`li,

Paraz — Yahudoning o’g`li,

34 Yahudo — Yoqubning o’g`li,

Yoqub — Ishoqning o’g`li,

Ishoq Ibrohimning o’g`li edi.

Ibrohimdan Odam Atogacha

Ibrohim — Terahning o’g`li,

Terah — Naxo’rning o’g`li,

35 Naxo’r — Sarug`ning o’g`li,

Sarug` — Ravuning o’g`li,

Ravu — Palaxning o’g`li,

Palax — Ibirning o’g`li,

Ibir — Shilaxning o’g`li,

36 Shilax — Xenanning o’g`li,

Xenan — Arpaxshodning o’g`li,

Arpaxshod — Somning o’g`li,

Som — Nuhning o’g`li,

Nuh — Lamakning o’g`li,

37 Lamak — Matushalohning o’g`li,

Matushaloh — Xano’xning o’g`li,

Xano’x — Yoredning o’g`li,

Yored — Maxaliyolning o’g`li,

Maxaliyol — Xenanning o’g`li,

38 Xenan — Eno’shning o’g`li,

Eno’sh — Shisning o’g`li,

Shis — Odam Atoning o’g`li,

Odam Ato Xudoning o’g`li edi.

Isoni iblis vasvasaga soladi

1 Iso Iordan daryosidan Muqaddas Ruhga to’lib qaytdi. Ruh Uni sahroga boshlab ketdi.

2 Sahroda Isoni iblis qirq kun vasvasaga soldi. O`sha kunlar davomida Iso hech narsa emadi, oxiri och qoldi.

3 Shunda iblis Isoga dedi:

— Agar Sen Xudoning O`g`li bo’lsang, bu toshga buyur, nonga aylansin!

4 Iso unga shunday javob berdi:

— Yozilganki: “Inson faqat non bilan yashamaydi.”

5 So’ng Isoni iblis tepalikka olib chiqib, bir lahzada Unga olamning barcha shohliklarini ko’rsatdi.

6 U Isoga dedi:

— Seni ana shu shohliklar ustidan hukmron qilaman, ularning shon–shuhratini Senga beraman. Bularning hammasi menga berilgan, men esa istaganimga beraman.

7 Menga sajda qil, shunda hammasi Seniki bo’ladi.

8 Iso javob berib dedi:

— Yozilganki: “Egang Xudoga sajda qil, faqat Unga xizmat qil.”

9 Keyin iblis Isoni Quddusga olib bordi. Uni Ma`badning eng yuqori joyiga chiqarib, shunday dedi:

— Agar Sen Xudoning O`g`li bo’lsang, O`zingni bu erdan pastga tashla.

10 Axir, yozilgan–ku:

“Xudo Sen to’g`ringda farishtalariga amr beradi,

Farishtalar Seni qo’riqlaydi.

11 Oyog`ing toshga qoqilib ketmasin deya,

Farishtalar qo’llarida Seni ko’tarib boradi.”

12 Iso iblisga javoban dedi:

— Yana yozilganki: “Egang Xudoni sinama.”

13 Iblis har tomonlama Isoni vasvasaga solib bo’lgandan so’ng Uning yonidan ketdi, biroq qaytib kelish uchun fursat poylab yurdi.

Iso O`z yurtida rad qilinadi

14 Iso Ruh qudratiga to’lib, Jalila hududiga qaytdi. U haqidagi ovoza butun atrofga tarqaldi.

15 U sinagogalarda ta`lim berardi, hamma Uni maqtardi.

16 So’ng Iso O`zi ulg`ayib o’sgan shahri Nosiraga bordi. O`z odati bo’yicha Shabbat kunida sinagogaga kirib, Muqaddas bitiklarni o’qish uchun o’rnidan turdi.

17 Unga Ishayo payg`ambarning o’ramini uzatdilar. U o’ramni ochib, quyidagi parchani topib o’qidi:

18 “Egamizning Ruhi meni qamradi.

Yo’qsillarga Xushxabar etkazmoq uchun

Egam meni tanladi.

Zindondagilarga erkin bo’lasiz, deb aytmoq uchun,

Ko’rlarga, ko’zingiz ochiladi, deb xabar bermoq uchun,

Asirlarni ozod qilmoq uchun,

19 Egamning marhamat yilini ma`lum etmoq uchun

Egam meni yubordi.”

20 Keyin Iso o’ramni qayta o’radi–da, xizmatchiga berib, joyiga o’tirdi. Sinagogadagi barchaning ko’zi Unga tikildi.

21 Iso ularga dedi:

— Sizlar eshitgan bu kalom shu bugun bajo bo’ldi.

22 Hamma Isoni maqtar edi. Uning latif so’zlariga mahliyo bo’lib: “Nahotki bu Odam Yusufning o’g`li bo’lsa?!” deb aytishardi.

23 Iso ularga dedi:

— Bilib turibman, sizlar: “Ey tabib, o’zingni o’zing davolab ko’r–chi!” degan iborani yuzimga solmoqchisizlar. “Kafarnahumda qilgan mo’`jizalar haqida xabar topdik. O`shalarni O`z shahringda ham qil”, deb aytmoqchisizlar.

24 So’ng Iso gapida davom etib, dedi:

— Sizlarga chinini aytayin, hech qanday payg`ambar o’z yurtida qabul qilinmaydi.

25 Sizlarga yana bir haqiqatni aytaman: Ilyos payg`ambar davrida Isroil yurtida ko’p bevalar bor edi. Osmondan uch yilu olti oy davomida bir tomchi ham yomg`ir yog`madi, butun yurtda dahshatli ocharchilik bo’ldi.

26 Ammo Xudo Ilyosni ularning birontasiga yubormay, faqatgina Sidon shahri yaqinidagi Zorafatda yashovchi bir bevaga yuborgan edi.

27 Xuddi shu singari, Elishay payg`ambar davrida ham Isroil yurtida teri kasalligiga chalingan ko’p odamlar bor edi. Ammo birontasi ham shifo topmadi, faqat Suriyalik No’`mon shifo topdi, xolos.

28 Sinagogadagi odamlar bularni eshitgach, hammalari g`azablanishdi.

29 O`rinlaridan sakrab turib, Isoni shahardan tashqariga haydab chiqarishdi. Nosira shahri tepalik ustida joylashgan edi. Odamlar Isoni o’sha tepalikning chetiga olib borib, jarlikka tashlamoqchi bo’lishdi.

30 Lekin Iso ularning orasidan o’tib, O`z yo’liga ketdi.

Jinga chalingan odam shifo topadi

31 Iso Jaliladagi Kafarnahum shahriga bordi. Shabbat kunlarida xalqqa ta`lim beradigan bo’ldi.

32 Xaloyiq Isoning ta`limotini eshitib, hayratda qoldi, chunki U hokimiyat bilan gapirardi.

33 Shahardagi sinagogada jinga chalingan bir odam bor edi. U ovozi boricha baqirib dedi:

34 — Ey Nosiralik Iso! Bizni tinch qo’y! Sen bizni halok qilgani keldingmi?! Sening kimligingni bilaman: Sen Xudoning Azizisan!

35 Biroq Iso jinga do’q urib:

— Jim bo’l! Undan chiqib ket! — dedi. Shunda jin hammaning ko’zi oldida haligi odamni erga ag`natib, uning ichidan chiqib ketdi. Odam hech qanday zarar ko’rmadi.

36 Hamma hayratda qoldi.

— Nima bo’lyapti o’zi?! U qudratu hokimiyat bilan buyruq berganda yovuz ruhlar chiqib ketyapti! — deb bir–birlariga gapirardilar.

37 Iso haqidagi ovoza butun tevarak–atrofga tarqaldi.

Iso ko’p odamlarga shifo beradi

38 Iso sinagogadan chiqib, Shimo’nning uyiga kirdi. Shimo’nning qaynanasi qattiq isitmalab yotgan edi. Isodan, kasalni ko’rib qo’ying, deb iltimos qilishdi.

39 Iso ayolning yoniga kelib, isitmaga: “Ayolni tark et!” — deb buyruq berdi. Isitma ayolni tark etdi. Ayol o’sha zahoti o’rnidan turib, ularga xizmat qila boshladi.

40 Quyosh botayotgan paytda, odamlar turli xastalikdan azob chekayotgan qarindosh–urug`larini Isoning oldiga olib keldilar. Iso hamma xastalarga qo’lini qo’yib, shifo berdi.

41 Jinlar esa: “Sen Xudoning O`g`lisan!” — deb baqirganlaricha, ko’plab odamlarni tark etardilar. Iso jinlarga do’q urib, ularning gapirishlariga ijozat bermasdi, chunki jinlar Isoning Masih ekanini bilishardi.

Iso sinagogalarda va`z qiladi

42 Tong otgach, Iso shaharni tark etib, kimsasiz bir joyga ketdi. Bir to’da olomon Uni izlab ortidan bordi. Ular Isoni topganlaridan so’ng: “Yonimizdan ketmang”, deb Uni olib qolishga harakat qildilar.

43 Iso esa odamlarga shunday dedi:

— Men Xudoning Shohligi to’g`risidagi Xushxabarni boshqa shaharlarda ham e`lon qilishim kerak, Men shu maqsadda yuborilganman.

44 Shunday qilib, Iso yurtdagi sinagogalarda voizlik qilishni davom ettirdi.

Isoning dastlabki shogirdlari

1 Bir kuni Iso Jalila ko’li bo’yida turganda, olomon Xudoning so’zini eshitish uchun Isoning yonida tirband bo’ldi.

2 Iso ko’l qirg`og`ida turgan ikki qayiqni ko’rdi. Baliqchilar qayiqdan chiqib, to’rlarini yuvayotgan edilar.

3 Qayiqlardan biri Shimo’nniki edi. Iso Shimo’nning qayig`iga tushib, qirg`oqdan bir oz nariroq suzib borishni iltimos qildi. So’ng o’tirib, o’sha erdan odamlarga ta`lim berdi.

4 Iso gapini tugatib, Shimo’nga dedi:

— Chuqurroq erga suzib borib, o’lja uchun to’rlaringizni tashlanglar.

5 Shimo’n Isoga shunday dedi:

— Ustoz, biz tun bo’yi astoydil harakat qildik, lekin hech narsa tutolmadik. Ammo Siz aytganingiz uchun to’r tashlaymiz.

6 Ular to’r tashlaganlarida, shu qadar ko’p baliq ovladilarki, hatto to’rlari yirtila boshladi.

7 Ular boshqa qayiqdagi o’rtoqlariga, yordam beringlar, deb ishora qildilar. Qayiqlar etib kelgach, ikkala qayiqni ham baliqqa to’ldirdilar, qayiqlar suvga bota boshladi.

8 Shimo’n buni ko’rdi–da, Isoning oldida tiz cho’kib dedi:

— Hazrat! Mening yonimdan keting, chunki men gunohkor insonman.

9 Shimo’n va yonidagilar bunday mo’l baliq ovidan hayratga tushgan edilar.

10 Shimo’nning sheriklari Zabadiyo o’g`illari Yoqub bilan Yuhanno ham hayratda edilar.

Iso Shimo’nga dedi:

— Qo’rqma, bundan buyon sen insonlarni ovlaysan.

11 Ular qayiqlarini qirg`oqqa tortdilar va hamma narsalarini qoldirib, Isoga ergashdilar.

Teri kasalligiga chalingan odamni Iso sog`aytiradi

12 Iso bir shaharda bo’lganda, teri kasalligiga chalingan bir odam kelib qoldi. U Isoni ko’rib, yuz tuban erga muk tushib, yolvordi:

— Hazrat, bilaman, istasangiz, meni bu kasallikdan poklay olasiz.

13 Iso qo’lini uzatdi va unga tekkizib:

— Istayman, pok bo’l! — dedi. Kasallik esa o’sha zahoti ketdi.

14 Iso unga qat`iyan dedi:

— Bu haqda hech kimga og`iz ocha ko’rma. Borib, o’zingni ruhoniyga ko’rsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir.

15 Iso to’g`risidagi gap–so’zlar esa tobora yoyilib boraverdi. Tumonat xaloyiq Uni tinglash va dardlaridan forig` bo’lish uchun Uning oldiga yig`ilib kelar edi.

16 U esa ko’pincha kimsasiz joylarga ketib, ibodat qilar edi.

Iso sholni sog`aytiradi

17 Bir kuni Iso ta`lim berayotganda, Uning tinglovchilari orasida farziylar bilan Tavrot tafsirchilari ham o’tirgan edilar. Ular Jalila va Yahudiyaning hamma qishloqlaridan, Quddusdan kelgan edilar. Isoda Egamizning xastalarga shifo berish qudrati bor edi.

18 Bir nechta kishi to’shakda yotgan bir shol odamni ko’tarib keldilar. Uni uyga — Isoning oldiga olib kirishga urindilar.

19 Lekin olomon ko’pligidan buning ilojini topolmay, uyning tomiga chiqib, tomdan teshik ochdilar. So’ng sholni o’sha teshikdan to’shagi bilan olomon o’rtasiga — Isoning oldiga tushirdilar.

20 Iso ularning ishonchini ko’rib, sholga dedi:

— Birodarim, gunohlaring kechirildi.

21 Tafsirchilar bilan farziylar esa o’zlaricha shunday mulohaza qila boshladilar: “Kufrlik qilayotgan bu Odam kim o’zi? Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi–ku!”

22 Iso ularning mulohazalarini bilib, shunday savol berdi:

— Nega bunday narsalarni o’ylaysizlar?

23 Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi!” deb aytishmi, yoki: “O`rningdan turib yur!” deb aytishmi?

24 Inson O`g`liga er yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar.

Iso shunday dedi–yu, sholga:

— Senga aytaman: o’rningdan tur! To’shagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi.

25 Shol o’sha zahoti hammaning ko’zi oldida o’rnidan turdi. Yotgan to’shagini olib, Xudoni ulug`lab, uyiga ketdi.

26 Hamma hayratga tushib, Xudoni ulug`ladi. Ular qo’rquv ichra: “Bugun aql bovar qilmaydigan hodisani ko’rdik”, deb aytardilar.

Iso Levini chaqiradi

27 Shundan so’ng Iso u erdan chiqib, soliqchi Levini ko’rib qoldi. Levi soliq yig`adigan joyda o’tirib, odamlardan soliq yig`ayotgan edi. Iso unga:

— Ortimdan yur! — dedi.

28 Levi o’rnidan turdi, hamma narsasini qoldirib, Isoga ergashdi.

29 So’ngra Levi o’z uyida Isoning sharafiga katta ziyofat berdi. Mehmonlar orasida bir guruh soliqchilar va boshqa odamlar bor edi.

30 Farziylar va farziylarning mazhabidan bo’lgan tafsirchilar norozi bo’lib, Isoning shogirdlariga dedilar:

— Nega sizlar soliqchilaru gunohkorlar bilan birga eb–ichib o’tiribsizlar?

31 Iso ularga shunday javob berdi:

— Sog`lar emas, xastalar tabibga muhtojdir.

32 Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman.

Ro’za tutish haqida savol

33 Ba`zi odamlar Isoga dedilar:

— Mana, Yahyoning shogirdlari farziylarning shogirdlari kabi, tez–tez ro’za tutib, ibodat qilishadi. Sizning shogirdlaringiz esa eb–ichib yuribdilar!

34 Iso ularga dedi:

— Kuyov davrada bo’lganda to’yga kelgan mehmonlarni ro’za tutishga majbur qilib bo’larmidi?!

35 Biroq ular kuyovdan judo bo’ladigan kunlar keladi, ana o’shanda ro’za tutadilar.

36 Iso ularga bir masalni ham aytib berdi:

— Hech kim yangi kiyimdan yirtib olib, eski kiyimga yamoq solmaydi. Aks holda, yangi kiyim ham yirtiladi, yangi kiyimdan olingan yamoq ham eski kiyimga to’g`ri kelmaydi.

37 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yorib yuboradi, sharob to’kiladi, mesh ham nobud bo’ladi.

38 Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor.

39 Eski sharobdan ichgan odam yangi sharobni istamaydi. “Eskisi yaxshi”, deb aytadi.

Shabbat kuni to’g`risida savol

1 Shabbat kunlarining birida Iso bug`doyzordan o’tib ketayotgan edi. Uning shogirdlari boshoqlardan uzib olib, kaftlarida uqalab, donlarini eyayotgan edilar.

2 Ba`zi farziylar esa ularga dedi:

— Nega sizlar Shabbat kuni qonunga xilof ish qilyapsizlar?

3 Iso ularga shunday javob berdi:

— Dovud hamrohlari bilan och qolganda nimalar qilganini nahotki sizlar hech o’qimagan bo’lsangiz?!

4 U Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni egan. Hatto hamrohlariga ham bergan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar eyishga haqli edilar–ku!

5 Iso yana dedi:

— Inson O`g`li Shabbat kunining ham Hokimidir.

6 Boshqa Shabbat kuni Iso sinagogaga kirib ta`lim berdi. U erda o’ng qo’li qurib qolgan bir odam bor edi.

7 Tavrot tafsirchilari bilan farziylar Isoni ayblash uchun biron sabab topish maqsadida: “Iso Shabbat kuni bu odamga shifo berarmikan”, deb Uni kuzatib turardilar.

8 Iso ularning bu niyatini bila turib, qo’li shol odamga:

— O`rningdan turib oldinga chiq! — deb buyurdi. U oldinga chiqdi.

9 Iso yig`ilganlarga dedi:

— Sizlarga bir savolim bor. Qonunga muvofiq Shabbat kuni yaxshilik qilish kerakmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilish kerakmi yoki nobud qilishmi?

10 Iso ularning hammasiga nazar tashlab chiqdi–da, u odamga:

— Qo’lingni uzat! — dedi.

U odam qo’lini uzatishi bilanoq qo’li soppa–sog` bo’lib qoldi.

11 Tafsirchilar bilan farziylar g`azabdan jazavasi tutib, Isoni nima qilsak ekan, deb muhokama qila boshladilar.

Iso o’n ikki havoriyni tanlaydi

12 O`sha kunlarning birida Iso ibodat qilgani toqqa chiqdi. U tun bo’yi Xudoga ibodat qildi.

13 Tong otgach, shogirdlarini yoniga chaqirdi va oralaridan quyidagi o’n ikkitasini tanlab olib, ularga havoriylar deb nom berdi:

14 Shimo’n (Iso unga Butrus deb ism berdi), uning ukasi Endrus, Yoqub, Yuhanno, Filip, Bartolomey,

15 Matto, To’ma, Xalfey o’g`li Yoqub, vatanparvar deb nom olgan Shimo’n,

16 Yoqub o’g`li Yahudo va keyinchalik xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.

17 Shundan so’ng Iso ular bilan birga pastga tushib, tekis joyda to’xtadi. Bu erda Uning ko’plab shogirdlari, shuningdek, butun Yahudiyadan, Quddusdan, sohildagi Tir va Sidon hududlaridan kelgan bir talay olomon bor edi.

18 Ular Isoni tinglagani va xastaliklaridan forig` bo’lgani kelgan edilar. Yovuz ruhlardan azob chekayotgan odamlar ham shifo topdilar.

19 Hamma odamlar qo’llarini Isoga tekkizishga urinardi, chunki Undan bir kuch chiqib, hammaga shifo berardi.

Baxtlilar va baxtsizlar

20 Iso shogirdlariga qarab, dedi:

“Ey kambag`allar, sizlar baxtlisiz!

Xudoning Shohligi sizlarnikidir.

21 Ey hozir och bo’lganlar, baxtlisiz!

Sizlar to’q bo’lasizlar.

Ey yig`layotganlar, baxtlisiz!

Sizlar quvonib kulasizlar.

22 Inson O`g`liga yon bosganingiz uchun

Odamlar sizdan nafratlanganlarida,

Jamiyatdan quvib, haqoratlaganlarida,

Ismingizni qoralaganlarida,

Sizlar baribir baxtlisizlar!

23 Shunday kunlar kelganda quvoning, shodlikdan sakrang. Sizlarni samoda buyuk mukofot kutmoqda. Axir, sizlarga ozor etkazayotgan odamlarning ota–bobolari ham payg`ambarlarga shunday qilganlar.

24 Ey boylar, holingizga voy!

Sizlar rohatingizni ko’rib bo’ldingizlar.

25 Ey qorni to’qlar, holingizga voy!

Sizlar och qolasizlar.

Ey kulayotganlar, holingizga voy!

Sizlar aza tutib, faryod qilasizlar.

26 Barcha odamlar sizni maqtaganda holingizga voy.

Axir, ularning ota–bobolari

Soxta payg`ambarlarni ham xuddi shunday maqtaganlar.

Dushmanlaringizni yaxshi ko’ringlar

27 Ey Meni tinglayotganlar, sizlarga aytyapman: dushmanlaringizni yaxshi ko’ringlar, sizdan nafratlanganlarga yaxshilik qilinglar.

28 Sizlarga la`nat aytganlarni duo qilinglar. Sizga ozor berganlar uchun ibodat qilinglar.

29 Bir chakkangizga ursalar, ikkinchisini ham tuting. Agar kimdir to’ningizni tortib olsa, ko’ylagingizni ham echib bering.

30 Sizdan so’raganlarning hammasiga bering. Agar kimdir narsangizni tortib olsa, «Qaytarib ber», deb talab qilmang.

31 Odamlar sizlarga nima qilishlarini istasangiz, sizlar ham ularga o’shani qilinglar.

32 Agar sizni sevganlarnigina yaxshi ko’rsangiz, qanday savob qilgan bo’lasizlar?! Hatto gunohkorlar ham o’zlarini sevganlarni yaxshi ko’radilar.

33 Agar o’zingizga yaxshilik qilganlargagina yaxshilik qilsangiz, qanday savob qilgan bo’lasiz?! Hatto gunohkorlar ham xuddi shunday qiladilar.

34 Agar siz qaytarib olishga umid qilib qarz bersangiz, qanday savob qilgan bo’lasiz?! Hatto gunohkorlar ham qancha qarzlari bo’lsa, hammasini qaytarib olish maqsadida gunohkorlarga qarz beradilar.

35 Lekin siz dushmanlaringizni seving, ularga yaxshilik qiling, qaytarib berishini o’ylamay, qarz bering. Shunda buyuk mukofot olib, Xudoyi Taoloning farzandlari bo’lasizlar. Axir, Uning O`zi ham noshukurlarga va fosiqlarga mehribon–ku!

36 Osmondagi Otangiz rahmdil bo’lgani kabi, sizlar ham rahmdil bo’linglar.

Boshqalarni hukm qilmanglar

37 Boshqalarni hukm qilmang, shunda Xudo ham sizlarni hukm qilmaydi. Boshqalarni ayblamang, shunda Xudo ham sizni ayblamaydi. Boshqalarni kechiring, shunda Xudo sizni kechiradi.

38 Boshqalarga bering, Xudo ham sizlarga beradi, mo’l–ko’l qilib beradi, bosib, silkitib to’ldirilgan, toshib–to’kilgan o’lchov bilan qo’yningizni to’ldiradi. Sizlar qanday o’lchov bilan o’lchasangizlar, Xudo ham sizlarga xuddi shunday o’lchov bilan o’lchab beradi.”

39 Iso ularga quyidagi masalni ham aytib berdi: “Ko’r odam ko’rni etaklab yura oladimi?! Ikkalasi ham chuqurga qulab tushadi–ku!

40 Shogird ustozidan ustun bo’lmas. Ammo mukammal bilim egallagan shogird ustoziday bo’lar.

41 Nima uchun sen birodaringning ko’zidagi zirapchani ko’rasan–u, o’z ko’zingdagi xodani sezmaysan?

42 Ko’zingdagi xodani ko’rmay turib qanday qilib birodaringga: «Do’stim, kel, ko’zingdagi zirapchani olib tashlay», deb aytasan? Hoy, ikkiyuzlamachi! Oldin ko’zingdagi xodani chiqarib ol, shunda ko’zing tiniq ko’radi va birodaringning ko’zidan zirapchani chiqara olasan.

Daraxt va uning mevasi

43 Yaxshi daraxt yomon meva bermas, yomon daraxt esa yaxshi meva bermas.

44 Har bir daraxtning qandayligi o’z mevasidan bilinadi. Tikanzordan anjir terilmaydi, butazordan uzum uzilmaydi.

45 Yaxshi odam yuragining ezgulik xazinasidan yaxshilik chiqaradi, yomon odam yuragining yomonlik xazinasidan yomonlik chiqaradi. Odamning dili nimaga to’lib–toshsa, o’sha tiliga chiqadi.

Dono va ahmoq binokor

46 Nega sizlar Meni: «Yo Rabbiy, yo Rabbiy!» deb chaqirasiz–u, ammo aytganlarimni qilmaysizlar?

47 Mening oldimga kelgan va so’zlarimni eshitib, ularga rioya qilgan odam kimga o’xshashini bilasizlarmi?

48 Uy qurayotganda, chuqur xandaq qazib, tosh ustiga poydevor o’rnatgan kishiga o’xshaydi u. Sel toshib, o’sha uyni suv bosadi, lekin uyni qo’zg`ata olmaydi. Chunki uy mahkam o’rnatilgan.

49 Ammo Mening so’zlarimni tinglab, ularga rioya qilmaydigan odam uyni tuproq ustiga, poydevorsiz qurgan kishiga o’xshaydi. Uyni suv bosganda, uy o’sha zahoti qulab tushadi. Uy butunlay vayron bo’ladi.”

Rim yuzboshisining imoni

1 Iso xalqqa bu so’zlarini aytib bo’lgandan keyin, Kafarnahum shahriga ketdi.

2 U erda bir Rim yuzboshisining juda aziz xizmatkori kasal bo’lib, o’lim to’shagida yotgan edi.

3 Yuzboshi Iso to’g`risida eshitib qoldi va yahudiy oqsoqollarini Uning oldiga yuborib: “Keling, xizmatkorimga shifo bering”, — deb iltimos qildi.

4 Ular Isoning yoniga kelgach, o’tinib yolvordilar:

— U Sizning yordamingizga munosibdir.

5 U xalqimizni yaxshi ko’radi, bizga hatto sinagoga ham qurib bergan.

6 Iso ular bilan birga ketdi. U uyga yaqinlashib qolganda, yuzboshi do’stlari orqali shunday xabar jo’natdi:

— Hazrat, ovora bo’lmang! Kulbamga oyoq bosishingiz uchun nomunosibman.

7 Men o’zimni noloyiq hisoblaganim uchun Sizning oldingizga o’zim bormadim. Siz buyursangiz, bas, xizmatkorim sog`ayib ketadi.

8 Men o’zim buyruqqa tobe odamman, ammo mening ham qo’lim ostida askarlarim bor. Biriga “ket” desam, ketadi, boshqasiga “kel” desam, keladi. Biron xizmatkorimga “shuni qil” desam, qiladi.

9 Iso bu so’zlarni eshitgach, yuzboshidan hayratlandi. U o’girilib, orqasidan ergashib kelayotgan olomonga dedi:

— Sizlarga shuni aytay: Men hattoki Isroil xalqi orasida ham bunday kuchli imonga ega bo’lgan odamni uchratmadim.

10 Yuborilganlar yuzboshining uyiga qaytib kelganlarida, xizmatkor sog`ayib qolganini ko’rdilar.

Iso beva ayolning o’g`lini tiriltiradi

11 Oradan ko’p vaqt o’tmay, Iso Nain degan shaharga bordi. Uning shogirdlari va bir talay olomon Iso bilan birga edi.

12 Iso shahar darovozasiga etib qolganda, vafot etgan bir odamni olib chiqishayotganini ko’rib qoldi. Marhum odam beva ayolning yolg`iz o’g`li ekan. Ayol bilan birga shahardan bir talay olomon chiqib kelayotgan edi.

13 Rabbimiz Iso bu ayolni ko’rgach, unga rahmi kelib:

— Yig`lama! — dedi.

14 Keyin Iso yaqinlashib, tobutga qo’lini tekkizdi. Tobutni ko’tarib borayotganlar to’xtab qoldilar. Iso o’likka:

— Ey yigit, senga aytaman: tur o’rningdan! — dedi.

15 O`shanda o’lik rostlanib o’tirdi–da, gapira boshladi. Iso uni onasiga topshirdi.

16 Hammani vahima bosdi. Odamlar: “Oramizda buyuk payg`ambar paydo bo’ldi, Xudo O`z xalqini qutqarish uchun keldi”, deb Xudoga hamdu sano aytardilar.

17 Iso haqidagi bu xabar Yahudiyaga va butun atrofga yoyildi.

Yahyo cho’mdiruvchining xabarchilari

18 Yahyoga shogirdlari bo’lib o’tgan bu voqealar to’g`risida xabar berishdi.

19 Yahyo shogirdlaridan ikkitasini chaqirib, ularni Rabbimiz Isoning oldiga shunday savol bilan yubordi: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?”

20 Ular Isoning oldiga borib deyishdi:

— Bizni Yahyo cho’mdiruvchi yubordi. U Sizdan: “Keladigan Zot Sizmisiz, yoki biz boshqasini kutaylikmi?” — deb so’rayapti.

21 Ayni shu paytda Iso ko’p odamlarning xastaliklariyu dardlariga shifo berayotgan, yovuz ruhlarga chalinganlarni tuzatayotgan, ko’plab ko’rlarning ko’zlarini ochayotgan edi.

22 Iso Yahyoning shogirdlariga shunday javob berdi:

— Boringlar, ko’rib eshitayotganlaringizni Yahyoga aytinglar: ko’rlar ko’rmoqda, cho’loqlar yurmoqda, teri kasalligiga chalinganlar tuzalmoqda, karlar eshitmoqda, o’liklar tirilmoqda, yo’qsillar Xushxabarni eshitmoqda.

23 Mendan yuz o’girmaganlar naqadar baxtlidir!

24 Yahyoning xabarchilari ketgandan keyin, Iso olomonga Yahyo haqida gapira boshladi: “Sahroga nimani ko’rgani bordingizlar? Shamolda hilpirab turgan qamishnimi?

25 Xo’sh, nimani ko’rgani bordingizlar? Bashang kiyingan odamnimi? Biroq bashang kiyinib, boy–badavlat yashaydiganlar shoh saroyida bo’ladi–ku!

26 Unday bo’lsa, nimani ko’rgani bordingizlar? Payg`ambarnimi? Ha, sizlarga shuni aytay: sizlar payg`ambardan ham ulug`ini ko’rdingizlar!

27 U haqda shunday yozilgan:

«Mana, Sendan oldin Men O`z elchimni yuboryapman,

U Sen uchun yo’lni hozirlaydi.»

28 Sizlarga aytamanki, butun inson zoti orasida Yahyodan ulug`i yo’q. Ammo Xudoning Shohligida eng kichik hisoblangan odam ham undan ulug`roqdir.”

29 Yahyoni eshitgan jamiki odamlar, hatto soliqchilar ham Xudoning yo’li to’g`ri ekanligini tan olgan edilar. Ular Yahyo tomonidan suvga cho’mdirilgandilar.

30 Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari esa, Yahyo tomonidan suvga cho’mdirilishni istamay, Xudoning ular uchun bo’lgan maqsadini rad qildilar.

31 Iso gapida davom etdi: “Shunday ekan, zamonimizdagi odamlarni kimga qiyoslasam bo’ladi?

32 Ular maydonda o’tirgan bolalarga o’xshaydilar. O`sha bolalar bir–birlariga shunday deya baqiradilar:

«Sizlar uchun nay chaldik, ammo raqsga tushmadingiz,

Biz oh–voh qildik, ammo sizlar yig`lamadingiz.»

33 Yahyo cho’mdiruvchi kelib na non edi, na sharob ichdi. Sizlar esa: «Uni jin uribdi», deysizlar.

34 Inson O`g`li kelib, ham edi, ham ichdi. Uni esa sizlar: «Ebto’ymas, sharobxo’r, soliqchilar va gunohkorlarning do’sti», deysizlar.35 Ammo bilib qo’yinglar: Xudoning donoligini tan olganlar Uning donoligi to’g`ri ekanligini ko’rsatib turibdilar.”

Gunohkor ayol Isoning oyoqlariga atir moy surtadi

36 Farziylardan biri Isoni taom eyishga taklif qildi. Iso farziyning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi.

37 Shaharda gunohkor bir ayol bor edi. U: “Iso farziyning uyida mehmonda ekan”, deb eshitdi va ganchdan yasalgan idishda atir moy olib keldi.

38 O`sha ayol Isoning oyoqlari tomonida turib yig`ladi. Ayolning ko’z yoshlari Isoning oyoqlariga tomar edi. Ayol Isoning oyoqlarini sochlari bilan artib, o’pa boshladi, oyoqlariga atir moy surtdi.

39 Isoni o’z uyiga taklif qilgan farziy buni ko’rib: “Agar bu Odam haqiqatan ham payg`ambar bo’lganda edi, Unga qo’l tekkizgan ayolning kimligini va qanaqaligini bilgan bo’lardi, bu ayol gunohkor–ku”, deb ko’nglidan o’tkazdi.

40 Iso farziyga dedi:

— Shimo’n, senga bir gap aytmoqchiman.

— Ayting, Ustoz! — dedi u.

41 Iso dedi:

— Ikki kishi bir odamdan qarzdor ekan: biri besh yuz kumush tanga, ikkinchisi ellik kumush tanga.

42 Ular qarzlarini to’lay olmagani uchun, qarz beruvchi ikkovining ham qarzidan kechib yuboribdi. Xo’sh, ulardan qaysi biri qarz berganni ko’proq yaxshi ko’radi?

43 Shimo’n javob berib dedi:

— Menimcha, ko’proq qarzi kechirilgan odam bo’lsa kerak.

— To’g`ri mulohaza qilding, — dedi unga Iso.

44 Keyin Iso ayolga o’girilib qaradi–da, Shimo’nga dedi:

— Mana bu ayolni ko’ryapsanmi? Men uyingga kelganimda, oyoqlarimni yuvgani suv bermading. U esa ko’z yoshlari bilan oyoqlarimni yuvib, sochlari bilan artib quritdi.

45 Sen Meni o’pib kutib olmading. Bu ayol esa, kelganimdan beri oyoqlarimni o’pishdan to’xtagani yo’q.

46 Sen boshimga zaytun moyi surtmading, bu ayol esa oyoqlarimga atir moy surtdi.

47 Senga aytay: bu ayolning gunohlari ko’p edi, kechirildi. Chuqur mehrining sababi ham shudir. Oz kechirilganning mehri oz bo’ladi.

48 So’ng Iso ayolga:

— Gunohlaring kechirildi, — dedi.

49 Iso bilan dasturxon atrofida yonboshlaganlar ichlarida aytardilar: “Bu kim bo’ldiki, hatto gunohlarni ham kechiradi–ya!”

50 Iso esa ayolga:

— Ishonching seni qutqardi, eson–omon bor, — dedi.

Isoga ergashgan ayollar

1 Oradan ko’p o’tmay, Iso shaharu qishloqlarga borib, Xudoning Shohligi to’g`risidagi Xushxabarni e`lon qildi. O`n ikki shogirdi U bilan birga edi.

2 Yovuz ruhlardan va xastaliklardan xalos bo’lgan bir necha ayollar ham Isoga ergashgan edilar. Bular: Magdalalik Maryam (uning ichidan ettita jin chiqib ketgan edi),

3 Hirodning saroy boshqaruvchisi Xuzasning xotini Yo’anna, Susanna va ko’plab boshqa ayollar edi. Ular o’z mol–mulklarini Iso bilan Uning shogirdlari ehtiyojlari uchun sarf qilardilar.

Urug` sepuvchi haqida masal

4 Bir kuni shaharu qishloqlardan talay olomon kelib, Isoning yonida to’plandi. Iso shunday masal aytdi:

5 “Bir dehqon urug` sepgani chiqibdi. U urug` sepayotganda ba`zi urug`lar so’qmoq yo’l ustiga tushibdi. Odamlar urug`larni bosibdi, qushlar cho’qib ketibdi.

6 Ba`zi urug`lar toshloq joyga tushibdi. Urug`lar ko’karib chiqibdi–yu, ammo namlik bo’lmagani uchun qurib qolibdi.

7 Boshqa urug`lar tikanlar orasiga tushibdi. Urug`lar bilan birga o’sib chiqqan tikanlar urug`larni bo’g`ib qo’yibdi.

8 Yana ba`zi urug`lar yaxshi tuproqqa tushibdi. Ular ko’karib chiqib, har biri yuz baravar hosil beribdi.”

Iso bularni aytib bo’lib, baland ovozda: “Kimning eshitar qulog`i bo’lsa, eshitsin!” — dedi.

Masallarning maqsadi

9 Shogirdlar Isodan:

— Bu masalning ma`nosi nima? — deb so’rashdi.

10 U shunday javob berdi: “Xudo Shohligining sirlarini bilish sizlarga berilgan. Boshqalarga esa, Men hamma narsani masallar bilan gapiraman, toki ular:

«Qarab turib, anglamasinlar,

Tinglab turib, tushunmasinlar.»

Urug` sepuvchi haqidagi masalning ma`nosi

11 Bu masalning ma`nosi shu: urug` Xudoning kalomidir.

12 So’qmoq yo’l ustiga tushgan urug`lar shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitadilar, lekin ishonmasliklari va najot topmasliklari uchun iblis ularning yuragidan kalomni olib ketadi.

13 Toshloq joyga tushgan urug`lar esa shunday odamlarni bildiradi: ular kalomni eshitganda uni sevinch bilan qabul qiladilar. Ammo ular ildiz otmagan. Shuning uchun ular qisqa vaqt davomida ishonadilar, sinov payti kelganda esa imondan qaytadilar.

14 Tikanlar orasiga tushgan urug`lar shunday odamlarni bildiradiki, ular kalomni eshitadilar, biroq umri davomidagi tashvishlar, boylik va hayot lazzatlari bunday urug`larni bo’g`ib qo’yadi. Ularning hosili etilmaydi.

15 Yaxshi tuproqqa tushgan urug`lar esa shunday kishilarni bildiradi: ular kalomni eshitib, uni ezgu, samimiy yurakda asraydilar va sabr–toqat ila hosil beradilar.

Yorug`lik va qorong`ilik haqida

16 Hech kim chiroqni yoqib, ustini idish bilan yopib qo’ymaydi yoki chorpoya tagiga yashirib qo’ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug`likni ko’rsin deb, uni chiroqpoyaga qo’yadi.

17 Axir, har qanday yashirin narsa ma`lum bo’ladi. Har qanday sir ochilib, yoruqqa chiqadi.

18 Shunday ekan, yaxshilab quloq solinglar: kimda bor bo’lsa, unga yana beriladi. Kimda yo’q bo’lsa, bor deb o’ylagan narsasi ham undan tortib olinadi.”

Isoning onasi va ukalari

19 Isoning onasi bilan ukalari Uning oldiga keldilar, ammo odam ko’pligidan Unga yaqinlasha olmadilar.

20 Isoga:

— Onangiz bilan ukalaringiz tashqarida turishibdi, ular Sizni ko’rishmoqchi, — deb aytishdi.

21 Iso ularga shunday javob berdi:

— Xudoning so’zini eshitib, unga amal qiluvchilar Mening onam va ukalarimdir.

Iso bo’ronni tinchlantiradi

22 Bir kuni Iso shogirdlariga: “Ko’lning narigi tomoniga o’taylik”, — dedi. Ular qayiqqa o’tirib, jo’nab ketdilar.

23 Suzib ketayotganlarida Iso uxlab qoldi. Ko’lda qattiq bo’ron ko’tarildi, qayiq suvga to’la boshladi. Ular xavfli ahvolda qoldilar.

24 Shunda shogirdlar:

— Ustoz! Ustoz! Halok bo’lyapmiz! — deb Isoni uyg`otdilar.

Iso turib shamolga va quturayotgan to’lqinlarga do’q urdi. Shu onda shamol tindi, sukunat cho’kdi.

25 Iso shogirdlariga:

— Ishonchingiz qani?! — dedi.

Ular esa qo’rquv va hayrat ichra bir–biriga shunday deyishdi:

— Bu kim bo’ldi ekan–a? U hatto shamolu suvga amr beradi, ular esa bo’ysunadi–ya!

Jinga chalingan odamga Iso shifo beradi

26 Iso shogirdlari bilan qayiqda Jalila ko’lining narigi qirg`og`idagi Gerasa hududiga suzib bordi.

27 Iso qirg`oqqa chiqishi bilan Uni jinga chalingan shaharlik bir odam qarshi oldi. Bu odam ancha vaqtdan beri kiyim kiymas edi. U uyda emas, qabriston g`orlarida yashardi.

28 O`sha odam Isoni ko’rgach, qichqirib yubordi. O`zini Uning oyoqlari ostiga otib, ovozi boricha baqirdi:

— Ey Iso, Xudoyi Taoloning O`g`li! Meni tinch qo’y! O`tinaman, menga azob berma! — dedi.

29 Chunki Iso yovuz ruhga bu odamdan chiqib ketishni buyurgan edi. Ko’p marta yovuz ruh bu odamdan ustun kelib, uni boshqarardi. Garchi bu odamning qo’l–oyoqlarini zanjir bilan bog`lab qo’riqlashgan bo’lsa ham, u zanjirni uzib tashlardi, jin esa uni kimsasiz joylarga olib ketardi.

30 Iso jindan:

— Isming nima? — deb so’radi.

— Ismim Tumonat, — dedi u. Chunki bu odamning ichiga bir talay jin kirib olgan edi.

31 Jinlar Isodan: “Bizni tubsiz chuqurlikka yubormagin”, deb yolvorib so’radilar.

32 Shu tog`ning yon bag`rida katta bir cho’chqa podasi o’tlab yurgan edi. Jinlar Isodan: “Cho’chqalarning ichiga kirishimiz uchun bizga ijozat ber”, deb yolvordilar. Iso ularga ruxsat berdi.

33 Shunda jinlar bu odamdan chiqib, cho’chqalarga kirib olishdi. Cho’chqa podasi tik qiyalikdan ko’lga yopirilib, cho’kib ketdi.

34 Cho’chqa boquvchilar sodir bo’lgan voqeani ko’rib qochdilar. Ular bo’lib o’tgan hodisani shahar va qishloqlarda gapirib yurdilar.

35 Odamlar bo’lib o’tgan voqeani ko’rgani keldilar. Ular Isoning oldiga kelganlarida, jindan xalos bo’lgan odamni ko’rdilar. U odam kiyingan, aqli raso holda Isoning oyoq tomonida o’tirardi. Ular buni ko’rib, qo’rqib ketishdi.

36 Voqeani ko’rganlar esa jin chalgan odamning qanday qilib shifo topganini so’zlab berdilar.

37 Shunda Gerasa hududidan kelgan hamma odamlar qattiq vahimaga tushib, Isoga: “Bizning hududimizdan chiqib keting”, deb iltimos qildilar. Iso qayiqqa tushib, qaytib ketmoqchi bo’lib turganda,

38-39 jinlardan xalos bo’lgan odam Isoga:

— Siz bilan ketay, — deb yolvordi. Iso esa:

— Uyingga qaytib bor. Xudo sen uchun nimalar qilganini aytib ber, — deb uni jo’natib yubordi.

U kishi borib, Iso unga qanchalar muruvvat ko’rsatganini butun shaharga e`lon qildi.

Sog`aygan ayol va tirilgan qiz

40 Iso ko’lning bu qirg`og`iga qaytib kelganda, xalq Uni qarshilab oldi, chunki hamma Uni kutayotgan edi.

41 Shu payt Yair ismli bir odam kelib qoldi. U sinagoga boshlig`i edi. U Isoning oyog`iga bosh urib: “Iltimos, uyimga yuring”, deb yolvordi.

42 Chunki Yairning o’n ikki yoshli yolg`iz qizi o’lim to’shagida yotgan edi.

Iso o’sha odam bilan ketdi. Olomon Isoni har tomondan qisib qo’yardi.

43 Olomon orasida o’n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi. U bor–budini tabiblarga sarflagan bo’lsa ham, birontasi unga shifo bera olmagan edi.

44 Ayol Isoning orqasidan kelib, Uning kiyimi etagiga qo’l tekkizdi. Shu zahoti qon ketishi to’xtadi.

45 — Menga kim tegdi? — deb so’radi Iso. Isoga qo’l tekkizganini hech kim tan olmadi. Shunda Butrus dedi:

— Ustoz, olomon Sizni o’rab olib, siqib qo’yganini ko’rib turibsiz–ku!

46 Lekin Iso dedi:

— Kimdir Menga qo’lini tekkizdi. Ichimdan bir kuch chiqqanini sezdim.

47 Nazardan chetda qola olmasligini bilib, ayol titragancha Isoning oldiga keldi. Uning oyoqlari ostiga o’zini tashlab, butun xalq oldida nima sababdan Isoga qo’lini tekkizganini va qo’l tekkizgan zahoti shifo topganini aytib berdi.

48 Iso unga dedi:

— Qizim, ishonching seni sog`aytirdi. Eson–omon bor.

49 Iso shunday deb turgan ham ediki, sinagoga boshlig`ining uyidan kimdir kelib unga:

— Qizingiz o’ldi, Ustozni ovora qilmay qo’ya qoling, — dedi.

50 Buni eshitgan Iso sinagoga boshlig`i Yairga dedi:

— Qo’rqmang. Faqat ishoning, qizingiz shifo topadi.

51 Iso boshliqning uyiga kelganda, Butrus, Yuhanno, Yoqub va qizning ota–onasidan boshqa hech kimning ichkariga kirishiga ruxsat bermadi.

52 Hamma qizcha uchun dod–faryod qilayotgan edi. Iso ularga dedi:

— Yig`lamanglar, axir, qizcha o’lmagan, u uxlab yotibdi.

53 Ular esa Isoning ustidan kuldilar, chunki qizcha o’lganini bilardilar.

54 Iso esa qizchaning qo’lidan ushlab:

— Qizaloq, tur o’rningdan! — dedi.

55 Qizchaga jon kirdi. U shu zahoti o’rnidan turdi. Iso: “Qizchaga ovqat beringlar”, — deb buyurdi.

56 Qizchaning ota–onasi dong qotib qoldilar. Iso esa ularga bo’lgan voqea haqida hech kimga og`iz ochmaslikni buyurdi.

Iso o’n ikki havoriyni xizmatga yuboradi

1 Iso o’n ikki havoriyni yoniga chaqirib, ularga hamma jinlarni quvib chiqarish va kasalliklarni davolash qudrati va hokimiyatini berdi.

2 Iso ularni Xudoning Shohligini e`lon qilishga va xastalarni shifolashga yuborar ekan,

3 shunday dedi: “Yo’lga hech narsa olmanglar: hassa ham, to’rva ham, non, pul, hatto qo’shimcha kiyim ham olmanglar.

4 Qaysi uyga kirsangizlar, o’sha shahardan ketguningizcha shu uyda qolinglar.

5 Agar biror shaharda sizni qabul qilmasalar, u erdan chiqayotganingizda ularga ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizdagi changni qoqib ketinglar.”

6 Havoriylar ketdilar. Qishloqma–qishloq yurib, hamma yoqda Xushxabarni e`lon qildilar, xastalarga shifo berdilar.

Hirod sarosimaga tushadi

7 Viloyat hukmdori Hirod sodir bo’layotgan ajoyibotlar haqida eshitib, esankirab qoldi. Chunki ba`zilar: “Yahyo tirilib kelibdi”, desalar,

8 boshqalar: “Ilyos payg`ambar zohir bo’libdi”, der edilar. Yana boshqalar bo’lsa: “Qadimgi payg`ambarlardan boshqa biri tirilib kelibdi”, deyishardi.

9 Hirod: “Men Yahyoning boshini oldirgan edim, ammo menga aytishayotgan bu Odam kim bo’ldi ekan?” deb Isoni ko’rgisi keldi.

Iso 5000 kishini to’ydiradi

10 Havoriylar qaytib keldilar va qilgan hamma ishlarini Isoga aytib berdilar. Iso faqatgina havoriylari bilan vaqt o’tkazmoqchi bo’lib, ularni Baytsayda shahriga olib ketdi.

11 Olomon esa bu haqda xabar topib, Uning orqasidan ergashdi. Iso olomonni yaxshi kutib oldi, ularga Xudoning Shohligi to’g`risida gapirdi, shifoga muhtojlarni shifoladi.

12 Kun botib, kech kira boshladi. O`n ikki havoriy Isoning oldiga kelib dedilar:

— Odamlarni jo’natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloqlarga, ovullarga borib, o’zlariga tunash uchun joy va egulik topsinlar. Axir, biz kimsasiz joydamiz.

13 — Sizlar ularga ovqat beringlar! — dedi Iso.

— Beshta non va ikkita baliqdan boshqa hech narsamiz yo’q–ku! — deya javob berdi shogirdlar. — Nima, biz borib, shuncha odamga ovqat sotib olaylikmi?!

14 Olomon orasida taxminan besh mingga yaqin erkak bor edi. Iso shogirdlariga dedi:

— Odamlarni ellikta–ellikta qilib o’tqazinglar.

15 Shogirdlar aytilganday qilib, hammani erga o’tqazdilar.

16 Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi, osmonga qarab shukrona duosini o’qidi. So’ng bularni sindirib, xalqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi.

17 Hamma eb to’ydi. Ortib qolgan burdalarni yig`ib olishganda, o’n ikki savat chiqdi.

Butrus Isoning Masih ekanini tan oladi

18 Bir kuni Iso yolg`iz O`zi ibodat qilayotganda, shogirdlari kelib qolishdi. Iso ulardan:

— Xalq Meni kim deb biladi? — deya so’radi.

19 Ular shunday javob berdilar:

— Ba`zilar Sizni Yahyo cho’mdiruvchi deb hisoblaydilar, ba`zilar Ilyos, boshqalari esa, qadimgi payg`ambarlardan biri tirilib kelgan, deb aytib yuribdilar.

20 — Sizlar–chi, Meni kim deb bilasiz? — deb so’radi Iso.

— Siz Xudo yuborgan Masihsiz! — deb javob berdi Butrus.

Iso O`z o’limi to’g`risida gapiradi

21 Iso shogirdlariga: “Bularni hech kimga aytmanglar, — deb qat`iy ogohlantirib gapirdi.

22 — Inson O`g`li ko’p azob chekadi. Yo’lboshchilar, bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari tomonidan rad qilinib, o’ldiriladi. Uchinchi kuni esa tiriladi.”

23 So’ng hammaga dedi: “Kimda–kim Menga ergashishni istasa, o’zidan kechsin va har kuni o’z xochini ko’tarib, ortimdan yursin.

24 Kim o’z jonini asrab qolmoqchi bo’lsa, uni yo’qotadi. Kim Men uchun jonini bersa, uni asrab qoladi.

25 Agar inson butun dunyoni egallab olsa–yu, biroq o’z hayotiga o’zi zomin bo’lsa, bundan unga nima foyda?!

26 Mendan va Mening so’zlarimdan uyalmanglar! Aks holda, Inson O`g`li O`zining, samoviy Otasining va muqaddas farishtalarning ulug`vorligida kelganda, U ham sizlardan uyaladi.

27 Sizlarga chinini aytayin: bu erda turganlardan ba`zilari Xudoning Shohligini ko’rmaguncha, o’lmaydilar.”

Isoning qiyofasi o’zgaradi

28 Iso bu gaplarni aytgandan keyin oradan sakkiz kun o’tdi. U Butrusni, Yuhanno bilan Yoqubni olib, ibodat qilgani toqqa chiqdi.

29 Ibodat paytida Isoning yuzi o’zgardi, kiyimlari ham ko’zni qamashtiradigan darajada oppoq bo’lib qoldi.

30-31 Birdaniga Isoning oldida ikki odam paydo bo’ldi, ularning butun borlig`i nur taratib turardi. Bu ikki odam Muso va Ilyos bo’lib, Iso bilan gaplashayotgan edilar. Ular Isoning tez orada Quddusga borishi va u erda Xudoning rejasini amalga oshirib, olamdan o’tishi to’g`risida suhbatlashayotgan edilar.

32 Butrus va u bilan birga bo’lganlar qattiq uyquga ketgan edilar. Ular birdan uyg`onib, Isoning ulug`vorligini va Uning yonida turgan ikki odamni ko’rdilar.

33 Bu ikki odam ketmoqchi bo’lib turganda Butrus Isoga dedi:

— Ustoz, yaxshi ham shu erda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik, bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga.

Ammo u nima deb aytayotganini o’zi ham bilmas edi.

34 U shu gapini tugatmagan ham ediki, bulut paydo bo’lib, hammalariga soya soldi. Bulut ostida qolgan shogirdlar qo’rqib ketdilar.

35 Bulut orasidan esa shunday ovoz eshitildi:

— Bu Mening O`g`limdir, Men Uni tanladim. Unga quloq solinglar!

36 Ovoz tingandan keyin, shogirdlar Isoning u erda yolg`iz qolganini ko’rdilar. Shogirdlar ko’rganlarini sir saqlab, o’sha kunlarda hech kimga aytmadilar.

Jinga chalingan bolaga Iso shifo beradi

37 Ertasi kuni Iso va Uning uch shogirdi tog`dan tushdilar. Isoni katta olomon kutib oldi.

38 To’satdan olomon orasidan bir odam baqirib qoldi:

— Ustoz! Yolvoraman, o’g`limni ko’rib qo’ying! U mening yakkayu yagona o’g`lim!

39 Ba`zan uni jin tutib turadi. Shunda o’g`lim birdaniga baqirib qoladi. Og`zidan ko’pik chiqquncha, jin uni dag`–dag` qaltiratadi. Bolani o’lguday charchatib, azob beradi.

40 Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, deb yolvordim, ammo ular eplay olmadilar.

41 Iso shunday javob berdi:

— Ey imonsiz va buzuq avlod! Qachongacha sizlar bilan birga bo’lishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! O`g`lingni bu erga olib kel!

42 Bola yaqinlashayotganda, jin uni erga ag`natib, qaltirata boshladi. Lekin Iso yovuz ruhga do’q urib, bolaga shifo berdi. So’ng uni otasiga topshirdi.

43 Hamma Xudoning qudratiga hayron qoldi.

Iso yana O`z o’limi haqida gapiradi

Odamlar Isoning qilayotgan ishlaridan hayratlanayotgan edilar. Shunda Iso O`z shogirdlariga dedi:

44 “Sizlar bu so’zlarimni quloqlaringizga quyib olinglar! Inson O`g`li odamlar qo’liga tutib beriladi.”

45 Ammo shogirdlar bu so’zlarni tushunmadilar. Bu so’zlarning ma`nosi ular uchun qorong`i bo’lib, uni anglamadilar. “Bu nima deganingiz?” deb Isodan so’rashga ham botina olmadilar.

Kim katta?

46 Shogirdlar o’rtasida: “Oramizda eng katta kim?” degan bahs bo’ldi.

47 Ularning bu o’y–xayollarini bilgan Iso bir bolani olib O`zining yoniga turg`izdi–da,

48 ularga dedi:

— Kim bu bolani Mening nomimdan qabul qilsa, Meni qabul qilgan bo’ladi. Kim Meni qabul qilsa, Meni Yuborganni qabul qilgan bo’ladi. Oralaringizdagi eng kichigingiz aslida eng kattangizdir.

Sizga qarshi bo’lmagan — sizning tomoningizda

49 Shunda Yuhanno dedi:

— Ustoz! Biz bir odamni ko’rdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani sababli, unga bunday qilishni man etdik.

50 — Man etmang! — dedi Iso. — Kimki sizlarga qarshi bo’lmasa, u siz tomonda.

Samariyaliklar Isoni rad qilishadi

51 Isoning osmonga ko’tariladigan kuni yaqinlashib kelarkan, U Quddusga borishga qaror qildi.

52 O`zidan oldin xabarchilarni yubordi. Ular Isoning kelishiga hozirlik ko’rish uchun Samariyaning bir qishlog`iga kirdilar.

53 Ammo Samariyaliklar Isoni qabul qilmadilar, chunki U Quddusga ketayotgan edi.

54 Uning shogirdlari Yoqub bilan Yuhanno bu vaziyatni ko’rib, shunday dedilar:

— Hazrat, istasangiz, biz: “Osmondan olov tushsin! Bularni yo’q qilib yuborsin!” — deb buyuramiz.

55 Iso esa o’girilib qaradi–da, ularni koyidi.

56 Shundan keyin ular boshqa qishloqqa ketdilar.

Isoga ergashish shartlari

57 Yo’lda ketayotganlarida, bir odam Isoga:

— Qaerga borsangiz ham, men ortingizdan boraman, — dedi.

58 Iso o’sha odamga shunday dedi:

— Tulkilarning uyalari bor, qushlarning inlari bor. Inson O`g`lining esa bosh qo’yadigan joyi yo’q.

59 Boshqa bir odamga Iso:

— Ortimdan yur! — dedi. Lekin u:

— Hazrat, ijozat bering, avval borib otamni dafn qilib kelay, — dedi.

60 Iso esa o’sha odamga aytdi:

— Marhumlarni ruhan o’lik bo’lganlar dafn qilsinlar, sen esa borib, Xudoning Shohligini e`lon qilgin.

61 Yana boshqa biri aytdi:

— Hazrat, men Sizga ergashaman. Faqat oldin borib uydagilar bilan xayrlashishimga ijozat bering.

62 Lekin Iso unga dedi:

— Omochni tutib, ortiga qaragan bironta odam Xudoning Shohligiga loyiq emas.

Shogirdlarning voizlik safari

1 Shundan keyin Rabbimiz Iso etmish ikki odamni tanlab oldi. Ularni ikkita–ikkita qilib, borishni mo’ljallagan har bir shaharga, har bir joyga O`zidan oldin jo’natdi.

2 Iso ularga shunday dedi: “Hosil mo’l, ammo ishchilar oz. Hosil Egasidan: «Hosilingni yig`ib olishga yana ishchilar yubor», deb so’ranglar.

3 Boringlar! Sizni bo’rilar orasiga qo’zilarday yuboryapman.

4 O`zlaringiz bilan hamyon, to’rva, choriq olmanglar. Yo’lda odamlardan hol–ahvol so’rashga vaqtingizni ketkizmanglar.

5 Biror xonadonga kirganlaringizda, avvalo: «Xonadoningizda tinchlik–omonlik bo’lsin», deb aytinglar.

6 Agar o’sha xonadonda tinchliksevar odam yashayotgan bo’lsa, siz tilagan tinchlik o’sha odamda qoladi. Bo’lmasa, o’zingizga qaytib keladi.

7 Bir xonadondan boshqa xonadonga ko’chib yurmanglar. Kirgan xonadoningizda qolinglar. Oldingizga nima qo’yishsa, o’shani eb–ichinglar. Chunki mehnatkash ish haqini olishga munosibdir.

8 Bir shaharga kirganingizda, shahar aholisi sizlarni qabul qilsa, oldingizga qo’yganlarini englar.

9 O`sha erdagi xastalarga shifo berib, shahardagi odamlarga: «Xudoning Shohligi sizlarga yaqinlashdi», deb aytinglar.

10 Ammo biron shaharga kirganingizda sizlarni qabul qilmasalar, o’sha shaharning shoh ko’chalariga chiqib shunday deb aytinglar:

11 «Ogohlantirish tariqasida shahringizdan oyoqlarimizga yopishgan changni ham qoqib ketyapmiz. Ammo bilib qo’ying, Xudoning Shohligi yaqinlashdi!»

12 Sizlarga aytamanki, qiyomat kunida o’sha shaharning holi Sado’m shahrining holidan battar bo’ladi.

Xudoni rad etgan shaharlarning holi

13 Sening holingga voy, ey Xorazin! Sening holingga voy, ey Baytsayda! Agar sizlarda qilingan mo’`jizalar Tir bilan Sidon shaharlarida qilinganda edi, ular allaqachon qanorga o’ranib, kulga o’tirib, tavba qilgan bo’lardilar.

14 Qiyomat kunida sizning holingiz Tir va Sidonning holidan battar bo’ladi.

15 Ey Kafarnahum! Xudo seni ko’klarga ko’taradi, deb o’ylaysanmi?! Yo’q, U seni tubsiz chuqurlikka uloqtiradi!”

16 Iso shogirdlariga dedi: “Sizlarga quloq solgan Menga quloq solgan bo’ladi. Sizlarni rad qilgan Meni rad qilgan bo’ladi. Meni rad qilgan esa Meni Yuborganni rad qilgan bo’ladi.”

Shogirdlar safardan qaytadi

17 Etmish ikki shogird xursand bo’lib safardan qaytib keldilar. Ular Isoga shunday dedilar:

— Hazrat, biz Sizning nomingizdan buyruq berganimizda, hatto jinlar ham itoat etyaptilar.

18 Iso ularga dedi:

— Men shaytonning osmondan yashinday tushganini ko’rdim.

19 Men sizlarga ilonu chayonlarni bosib ezish hokimiyatini va iblisning butun kuch–qudratini oyoq osti qilish hokimiyatini berganman. Hech narsa sizlarga zarar etkazmaydi.

20 Biroq jinlar sizga bo’ysunayotganidan xursand bo’lmanglar, balki nomlaringiz osmonda yozilganidan xursand bo’linglar!

21 Shu on Iso Muqaddas Ruhning shodligiga to’lib, dedi: “Ey Ota, eru osmonning Egasi! Sen bu ishlarni donolaru idroklilardan yashirib, go’daklarga ma`lum etganing uchun Senga shukurlar aytaman. Ha, Ota, bu Sening ezgu xohishing edi.”

22 So’ng Iso odamlarga dedi: “Osmondagi Otam hamma narsani Mening ixtiyorimga topshirgan. O`g`ilning kimligini Otadan boshqa hech kim bilmaydi. Otaning kimligini ham O`g`ildan boshqa va O`g`il ayon qilishni istagan odamdan boshqa hech kim bilmaydi.”

23 Iso shogirdlariga o’girilib qaradi–da, ularga alohida dedi: “Sizlar ko’rayotganlarni ko’radigan ko’zlar baxtlidir!

24 Sizlarga shuni aytay: qanchadan–qancha payg`ambarlar, qanchadan–qancha shohlar sizlar ko’rgan voqealarni ko’rishni istaganlar, ammo ko’rmaganlar. Sizlar eshitganlaringizni eshitishni ular istaganlar, ammo eshitmaganlar.”

Rahmdil Samariyalik haqida masal

25 Shunda Isoni sinash maqsadida kelgan Tavrot tafsirchilaridan biri turib, Unga savol berdi:

— Ustoz, abadiy hayotga ega bo’lishim uchun men nima qilishim kerak?

26 Iso:

— Tavrotda bu to’g`rida nima yozilgan? Siz nima deb tushunasiz? — deb so’radi.

27 U kishi shunday javob berdi:

— U erda yozilganki: “Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving”, yana: “O`zgani o’zingizni sevganday seving.”

28 Iso unga:

— To’g`ri javob berdingiz. Siz ham shunday qiling, ana shunda yashaysiz! — dedi.

29 Ammo u odam o’zini oqlamoqchi bo’lib, Isodan:

— Mening yaqinim kim? — deb so’radi.

30 Iso shunday javob berdi:

— Bir odam Quddusdan Erixoga borayotgan ekan, qaroqchilar qo’liga tushib qolibdi. Qaroqchilar uning kiyimlarini echib olib, kaltaklab, chalajon qilib tashlab ketibdilar.

31 Tasodifni qarangki, o’sha yo’ldan bir ruhoniy ketayotgan ekan. U haligi odamni ko’ribdi–yu, yo’lning narigi chetidan o’tib ketaveribdi.

32 O`sha joydan o’tib ketayotgan levi ham xuddi shunday qilibdi. U yarador odamni ko’rib, yo’lning narigi chetidan o’tib ketaveribdi.

33 Ammo o’sha erdan o’tib ketayotgan bir Samariyalik yarador odamni ko’rib, unga achinib ketibdi.

34 Uning yoniga kelib, yaralariga zaytun moyi, sharob surib, bog`lab qo’yibdi. So’ng uni o’z uloviga mindiribdi–da, mehmonxonaga olib kelib, uni parvarish qilibdi.

35 Ertasi kuni ikki kumush tanga chiqaribdi–da, mehmonxona egasiga berib: “Unga yaxshi qarang, agar bundan ortiq xarajat qilsangiz, qaytishimda sizga to’layman”, debdi.

36 Sizningcha, o’sha uch odamdan qaysi biri qaroqchilar qo’liga tushgan odamning yaqini hisoblanadi?

37 Tafsirchi:

— Unga shafqat ko’rsatgan odam–da, — deb javob berdi.

— Boring, siz ham shunday qiling! — dedi unga Iso.

Iso Maryam bilan Martaning uyida

38 Iso va Uning shogirdlari yo’lda davom etdilar. Ular bir qishloqqa kirdilar. U erda Marta ismli ayol Isoni uyiga taklif qildi.

39 Uning Maryam ismli bir singlisi bor edi. Maryam Rabbimiz Isoning oyoqlari oldida o’tirib, Uning so’zlarini tinglar edi.

40 Marta esa mehmon kutish bilan ovora edi.

U Isoning oldiga kelib dedi:

— Hazrat! E`tibor bermayapsizmi, singlim hamma ishni bir o’zimga tashlab qo’ydi–ku! Unga ayting, menga yordam bersin.

41 Rabbimiz Iso unga shunday javob berdi:

— Eh, Marta, Marta, buncha urinib tashvishlanmasang!

42 Zarur bo’lgan bittagina narsa bor. Maryam o’zi uchun eng yaxshisini tanladi va bu undan tortib olinmaydi.

Ibodat haqida

1 Bir payt Iso ibodat qilayotgan edi. Ibodatni tamom qilgach, shogirdlaridan biri Unga dedi:

— Hazrat! Yahyo o’z shogirdlariga ibodat qilishni o’rgatgandi. Siz ham bizga ibodat qilishni o’rgating.

2 Iso ularga dedi:

— Ibodat qilayotganingizda shunday deb aytinglar:

“Ey osmondagi Otamiz!

Sening muqaddas noming ulug`lansin.

Sening Shohliging kelsin.

3 Kundalik rizqimizni bergin.

4 Gunohlarimizni kechirgin,

Chunki biz ham o’zimizga qarshi gunoh qilgan har bir odamni kechiramiz.

Bizni vasvasaga duchor qilmagin.”

5 Iso shogirdlariga dedi: “Faraz qilaylik, orangizdan birortangiz yarim kechasi do’stingizning oldiga borib, shunday deb iltimos qildingiz:

— Do’stim, menga uchta non qarzga berib tur.

6 Hozir uyimga bir do’stim kelib qoldi, uning oldiga qo’yadigan biron eguligim yo’q.

7 Ichkaridagi do’stingiz esa sizga shunday javob berdi deylik:

— Meni bezovta qilma! Eshik qulf, bolalarim men bilan bir to’shakda yotishibdi. O`rnimdan turib senga non berolmayman!

8 Men sizlarga aytaman: u sizga nonni do’sti bo’lganingiz uchun bermasa ham, siz uni holi–joniga qo’ymay so’rayversangiz, so’ragan narsangizni albatta sizga beradi.

9 Sizlarga aytaman: so’rang va sizga beriladi. Izlang, topasizlar. Taqillating, eshik ochiladi.

10 Chunki so’ragan har bir odam oladi, izlagan topadi, taqillatganga eshik ochiladi.

11 Orangizdan qaysi bir ota, o’g`li baliq so’raganda, unga baliq o’rniga ilon beradi?

12 Yoki tuxum so’raganda, unga chayon beradi?

13 Sizlar gunohkor bo’la turib bolalaringizga yaxshi hadyalar bera olar ekansiz, osmondagi Ota ham Undan so’raganlarga Muqaddas Ruhni berishga qanchalar tayyor.”

Iso va shayton

14 Bir kuni Iso soqov odamdan yovuz ruhni quvib chiqardi. Jin chiqqandan so’ng, soqov tilga kirdi, xalq esa hayratda qoldi.

15 Ammo oralaridan ba`zilari: “U ins–jinslar hukmdori Baalzabulning kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti!” dedilar.

16 Boshqalar esa Isoning Xudodan kelganini sinab ko’rmoqchi bo’lib, mo’`jizali alomat ko’rsatishini talab qildilar.

17 Iso esa ularning nima haqida o’ylayotganini bilib turardi. U o’sha odamlarga dedi: “Nizo tufayli o’z ichidan bo’linib ketgan har bir shohlik xarob bo’ladi, nizo tufayli bo’lingan xonadon barbod bo’ladi.

18 Shu singari, shayton shohligi ham o’zaro bo’linib ketsa, uning shohligi qanday tura oladi?! Sizlarning gapingizga ko’ra, ins–jinslar hukmdori — Baalzabul ato etgan qudrat bilan Men jinlarni quvib chiqarayotgan emishman.

19 Agar Men jinlarni Baalzabulning kuchi bilan quvib chiqarayotgan bo’lsam, u holda o’z sheriklaringiz kimning kuchi bilan jinlarni quvib chiqarishyapti? Shu sababdan ham sheriklaringiz sizlarni hukm qiladi.

20 Agar Men jinlarni Xudoning qudrati bilan quvayotgan bo’lsam, demak, Uning Shohligi sizlarga ham kelgan.

21 Boshdan–oyoq qurollangan kuchli odam uyini qo’riqlaganda, uning mol–mulki bexatar bo’ladi.

22 Ammo undan kuchlirog`i hujum qilib uni engsa, uning tayangan barcha qurollarini tortib oladi va o’ljasini istaganiga taqsimlab beradi.

23 Kim Men tomonda bo’lmasa, Menga qarshidir. Kim Men bilan birga yig`masa, sochadi.

24 Yovuz ruh insondan chiqqandan keyin, huzur–halovat izlab, suvsiz erlarni kezadi va topmagach: «Chiqqan uyimga qaytib boraman», deydi.

25 Uyiga kelganda, uyni supurilgan va yig`ishtirilgan holda ko’radi.

26 Shunda borib, o’zidan ham yovuzroq boshqa ettita ruhni chaqiradi va ular bilan uyga kirib, joylashib oladi. Oxir–oqibat o’sha odamning ahvoli oldingidan ham battar bo’ladi.”

Haqiqiy baxtiyorlik

27 Iso shu gaplarni aytayotganda, olomon orasidan bir ayol baland ovozda Isoga dedi:

— Sizni qornida ko’tarib yurgan, Sizni emizgan ayol baxtlidir!

28 Iso esa javoban shunday dedi:

— To’g`ri, lekin Xudoning kalomini tinglab, unga rioya qiladiganlar baxtliroqdir!

Yunus payg`ambarning alomati

29 Isoning oldiga katta olomon yig`ilgandan keyin, Iso so’z boshladi: “Hozirgi nasl qabih bir nasldir. Bu nasl alomat so’raydi, ammo ularga Yunusning alomatidan boshqa alomat berilmaydi.

30 Yunus Naynavo aholisiga alomat bo’lgani singari, Inson O`g`li ham hozirgi nasl uchun alomat bo’ladi.

31 Janub malikasi qiyomat kunida o’rnidan turib, bu naslning odamlarini mahkum etadi. Chunki Sulaymonning dono ta`limotini tinglagani malika dunyoning u chetidan kelgan edi. Bu erda esa Sulaymondan ham buyukroq bir Zot turibdi!

32 Naynavo aholisi qiyomat kunida o’rnidan turib, bu naslni mahkum etadi. Chunki Naynavoliklar Yunusning va`zidan keyin tavba qilganlar. Bu erda esa Yunusdan ham buyukroq bir Zot turibdi!

Tananing chirog`i

33 Hech kim chiroqni yoqib, uni ko’rinmas erga qo’ymaydi. Aksincha, kirganlar yorug`likni ko’rsin deb, uni chiroqpoyaga qo’yadi.

34 Tananing chirog`i — ko’z. Agar ko’zingiz yaxshi bo’lsa, butun tanangiz yop–yorug` bo’ladi. Agarda ko’zingiz yomon bo’lsa, butun tanangiz zimziyo zulmat bo’ladi.

35 Shuning uchun e`tibor bering: sizdagi nur zulmat bo’lmasin.36 Agar tanangiz yop–yorug` bo’lib, bironta qorong`i joyi bo’lmasa, chiroqning nuri sizni yoritib turganday, badaningiz tamomila yop–yorug` bo’ladi.”

Iso farziylarni va Tavrot tafsirchilarini ayblaydi

37 Iso bularni gapirib turganda, bir farziy Uni mehmonga taklif qildi. Iso uning uyiga kirib, dasturxon yoniga yonboshladi.

38 Iso ovqatdan oldin qo’llarini yuvmaganini farziy ko’rib, ajablandi.

39 Rabbimiz Iso unga dedi: “Ey farziylar, sizlar piyolayu idishning sirtini tozalaysizlar–u, ammo ichingiz ochko’zlik va yovuzlikka to’la!

40 Hoy befahmlar! Narsaning sirtini yaratgan uning ichini ham yaratgan emasmi?!

41 Yaxshisi, idishingiz ichidagini kambag`allarga xayr–sadaqa qilib beringlar. Shunda hamma narsa siz uchun halol bo’ladi.

42 Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar yalpiz, za`faron va har xil oshko’kdan ushr berasizlar–u, ammo adolat va Xudoning sevgisini pisand qilmaysizlar! Bularning birini bajara turib, ikkinchisini ham tashlab qo’ymasligingiz kerak edi.

43 Ey farziylar, holingizga voy! Sizlar sinagogalarning to’rida o’tirishni va bozorlarda sizlarga salom berishlarini yaxshi ko’rasizlar.

44 Holingizga voy! Sizlar belgisi yo’q qabrlarga o’xshaysizlar. Odamlar bilmay turib o’sha qabrlar ustidan bosib o’tadilar.”

45 Tavrot tafsirchilaridan biri Isoga dedi: “Ustoz, bu so’zlaringiz bilan bizni haqorat qildingiz!”

46 Iso esa dedi: “Ey tafsirchilar, sizlarning ham holingizga voy! Sizlar ko’tarib bo’lmaydigan og`ir yukni odamlarga yuklaysizlar–u, ularga yordam bergani o’zlaringiz hatto barmog`ingizni ham qimirlatmaysizlar.

47 Holingizga voy! Sizlar ota–bobolaringiz o’ldirgan payg`ambarlarga maqbaralar quryapsizlar.

48 Shu tariqa ota–bobolaringizning qilmishlarini ma`qullaganingizni tasdiqlayapsizlar. Ular payg`ambarlarni o’ldirishgan bo’lsa, sizlar payg`ambarlarga maqbaralar quryapsizlar!

49 Shuning uchun ham Xudo O`z hikmatlarida shunday degan: «Men ularga payg`ambarlar va havoriylar yuboraman. Ulardan ba`zilarini o’ldiradilar, ba`zilarini esa quvg`in qiladilar.»

50 Dunyo yaratilgandan beri hamma payg`ambarlarning to’kilgan qoni uchun bu nasl jazolanadi.

51 Ular Hobilning to’kilgan qonidan tortib, qurbongoh bilan Ma`bad orasida o’ldirilgan Zakariyoning qonigacha javob berishadi. Ha, sizlarga aytib qo’yay, bu nasl hamma qotilliklar uchun javobgar bo’ladi.

52 Holingizga voy, ey tafsirchilar! Sizlar ilmu ma`rifat kalitini tortib oldingizlar. Ammo o’zlaringiz kirmadingizlar, kirmoqchi bo’lganlarning ham yo’llarini to’sdingizlar.”

53 Iso u erdan chiqishi bilanoq, tafsirchilar va farziylar Uni qattiq siquvga oldilar, ko’p savollarga javob berishga majburladilar.

54 Ular Isoni tilidan ilintirib olish uchun fursat poylardilar.

Iso ikkiyuzlamachilik haqida ogohlantiradi

1 Shu orada minglab odamlar to’planib, bir–birlarini itarib siqishayotgan edilar. Iso avval shogirdlariga gapira boshladi: “Farziylarning xamirturushidan, ya`ni ularning ikkiyuzlamachiligidan ehtiyot bo’linglar!

2 Axir, har qanday yashirin narsa ma`lum bo’ladi, har qanday sir ochiladi.

3 Shu bois qorong`ida aytganlaringiz yorug`likda eshitiladi, yopiq eshiklar ortida shivirlab aytganlaringizni uylarning tomi ustida baqirib e`lon qilishadi.

Qo’rqish va qo’rqmaslik haqida

4 Sizlarga shuni aytay, do’stlarim: tanani o’ldirib, undan keyin boshqa biron narsa qila olmaydiganlardan qo’rqmanglar.

5 Biroq kimdan qo’rqishingiz kerakligini sizlarga uqtiray: Xudodan qo’rqinglar, chunki U odamni o’ldirib, do’zaxga tashlashga ham qodir. Ha, sizlarga aytaman: Xudodan qo’rqinglar!

6 Beshta chumchuq ikki tangaga sotiladi, shunday emasmi? Biroq bularning birontasi ham Xudoning nazaridan chetda qolmagan.

7 Sizlarning esa hatto boshingizdagi har bir tola sochingiz sanalgan. Qo’rqmanglar, sizlar ko’plab chumchuqlardan qadrliroqsizlar.

Masihni e`tirof etish va rad qilish to’g`risida

8 Sizlarga yana shuni aytay: kim Meni insonlar oldida tan olsa, Inson O`g`li ham Xudoning farishtalari oldida uni tan oladi.

9 Ammo kim insonlar oldida Meni rad etsa, u ham Xudoning farishtalari oldida rad etiladi.

10 Kimki Inson O`g`liga qarshi so’z aytsa, kechiriladi. Lekin kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa, kechirilmaydi.

11 Sizlarni sinagogalarga, boshliqlar va hokimlar oldiga olib kelganlarida: «O`zimizni qanday himoya qilamiz, nima aytamiz», deb xavotir olmanglar.

12 Nima aytishingizni o’sha vaqtda sizga Muqaddas Ruh o’rgatadi.”

Ahmoq boy haqida masal

13 Olomon orasidan kimdir Isoga aytdi:

— Ustoz, akamga ayting, otamiz bizga qoldirgan merosni men bilan bo’lishsin.

14 — Ey inson! Kim Meni sizlarga qozi yoki meros bo’luvchi qilib qo’yibdi? — dedi unga Iso.

15 So’ng xaloyiqqa dedi:

— Ehtiyot bo’linglar, o’zingizni har qanday ochko’zlikdan saqlanglar. Zero, insonning umri mol–mulkining ko’pligiga bog`liq emas.

16 Iso ularga shunday masal aytdi: “Bir boy odamning dalasi mo’l hosil beribdi.

17 Boy ko’nglida:

— Nima qilsam ekan, hosilimni saqlashga etarli joyim yo’q–ku, — deb o’ylabdi.

18 Nihoyat, u shunday debdi:

— Endi bunday qilaman: omborlarimni buzib, kattaroqlarini quraman. Hamma don–dunlarimni, boyliklarimni o’sha erda saqlayman.

19 Shunda o’zimga o’zim deyman: “Ko’p yillarga etadigan mol–mulk to’pladim. Endi rohatlanaman, eb–ichaman, kayfu safo qilaman.”

20 Ammo Xudo unga shunday debdi:

— Ey nodon! Shu tundayoq joning olinadi. Yig`ib–tergan mol–mulking endi kimga qoladi?!

21 Ha, o’zi uchun boylik yiqqan, ammo Xudoning nazarida boy bo’lmagan odamning qismati shunday bo’ladi.”

Tirikchilik tashvishlari haqida

22 Iso shogirdlariga shunday dedi: “Shuning uchun sizlarga aytaman: tirikchiligingizdan xavotir olib, nima eymiz, ustimizga nima kiyamiz, demanglar.

23 Axir, hayot ovqatdan, tana esa kiyimdan muhimroq–ku!

24 Qarg`alarga qaranglar: ular na ekadi, na o’radi, na omborlari, na qo’ralari bor. Shunga qaramay, Xudo ularning rizqini beradi. Sizlar esa qushlardan ancha qadrlisizlar!

25 Birontangiz tashvishlanib, umringizni bir lahzaga bo’lsa ham uzaytira olarmidingiz?!

26 Shunday arzimas ish qo’lingizdan kelmas ekan, nega qolgan narsalar haqida tashvish tortasiz?

27 Nilufar gullarning qanday o’sishiga e`tibor qiling: ular mehnat qilmaydi, ip yigirmaydi. Ammo sizlarga aytamanki, hatto shoh Sulaymon o’zining shuhrat cho’qqisida ham o’sha gullarning birontasiday kiyinmagan.

28 Bugun bor, ertaga esa o’choqqa tashlanadigan dala o’tini Xudo shunday bezagan bo’lsa, nahotki sizlarni kiyintirmasa, ey imoni sustlar!

29 Nima eymiz, nima ichamiz, deb tashvishlanib bezovta bo’lmanglar.

30 Xudoni bilmaydigan xalqlar hadeb bu narsalarning tashvishida yuradilar. Lekin osmondagi Otangiz bularga muhtoj ekaningizni biladi–ku!

31 Sizlar, yaxshisi, Xudoning Shohligi payida bo’linglar, shunda qolgan narsalar ham sizga beriladi.

32 Ey kichik suruv, qo’rqmanglar! Osmondagi Otangiz O`z Shohligini sizlarga berishni ma`qul topdi.

33 Mol–mulkingizni sotib, xayr–sadaqa beringlar. O`zingizga eskirmaydigan hamyonlar, samolarda bitmas–tuganmas xazina tayyorlanglar. U erga o’g`ri yaqinlasha olmaydi, xazinangizni kuya eya olmaydi.

34 Xazinangiz qaerda bo’lsa, yuragingiz ham o’sha erda bo’ladi.

Hushyor xizmatkorlar

35 Har doim tayyor holda turinglar: belbog`laringiz belingizda bog`langan, chiroqlaringiz yonib turgan bo’lsin!

36 Sizlar xo’jayinining to’ydan qaytishini intizorlik bilan kutgan xizmatkorlarday bo’linglar. Xo’jayin kelib, eshikni taqillatishi bilanoq eshikni ochadigan bo’linglar.

37 Xo’jayin kelganda hushyor turgan xizmatkorlar baxtlidir! Sizlarga chinini aytay: xo’jayin belini bog`lab, xizmatkorlarini dasturxonga o’tqazadi va ularga o’zi xizmat qiladi.

38 Xo’jayin yarim tunda keladimi yoki tongga yaqin keladimi, xizmatkorlarini hushyor holda ko’rsa, o’sha xizmatkorlar naqadar baxtlidir!

39 Ammo shuni bilib qo’yingki, agar uy egasi o’g`rining qachon kelishini bilganda edi, uyiga buzib kirishga o’g`riga yo’l qo’ymagan bo’lardi.

40 Shuningdek, sizlar ham tayyor turinglar, chunki Inson O`g`li sizlar kutmagan vaqtda keladi.”

41 Shu payt Butrus so’radi: “Hazrat, bu masalni faqat bizga aytyapsizmi yo hammagami?”

42 Rabbimiz Iso shunday javob berdi: “Ishonchli va aqlli uy boshqaruvchisi kim? Xo’jayin bunday odamni o’z xizmatkorlariga boshliq qilib qo’yadi, ularga o’z vaqtida ovqat tarqatishni unga topshiradi.

43 Xo’jayin uyga qaytganda o’sha xizmatkorini yumush ustida ko’rsa, xizmatkor naqadar baxtlidir!

44 Sizlarga chinini aytay: xo’jayin o’sha xizmatkorini butun mulki ustidan boshqaruvchi qilib qo’yadi.

45 Bordi–yu, u xizmatkor ko’nglida: «Xo’jayinim hali beri qaytib kelmaydi» deb, boshqa xizmatkorlarni ura boshlasa, eb–ichib, mast bo’lsa,

46 xizmatkor kutmagan kunda, o’ylamagan soatda xo’jayini kelib qoladi, xizmatkorini qattiq jazolab, boshiga sadoqatsizlarning kunini soladi.

47 Xo’jayinning xohishini bilgan, ammo hozirlik ko’rmagan va uning xohishini bajarmagan xizmatkor ko’p kaltak eydi.

48 Bilmay turib jazoga munosib ish qilgan xizmatkor esa ko’p kaltaklanmaydi. Kimga ko’p berilgan bo’lsa, undan ko’p so’raladi. Kimga ko’p ishonib topshirilgan bo’lsa, undan ko’proq talab qilinadi.

Iso — bo’linishning sababchisi

49 Men er yuziga olov keltirgani keldim. Qaniydi, bu olov hoziroq alanga olib ketsa!

50 Men chuqur qayg`u–alamlarga botaman. Bu amalga oshmaguncha qattiq iztirob chekaman!

51 Meni er yuziga tinchlik olib kelgan, deb o’ylaysizlarmi? Yo’q, deb aytaman, bo’linish olib kelganman!

52 Zero, bundan buyon bir uyda yashagan besh kishi bo’linadi, uchtasi ikkitasiga va ikkitasi uchtasiga qarshi bo’ladi.

53 Ha, ular bo’linadi:

Ota o’g`liga qarshi chiqadi,

O`g`il otasiga qarshi bo’ladi,

Ona qiziga qarshi chiqadi,

Qiz onasiga qarshi bo’ladi,

Qaynana keliniga qarshi chiqadi,

Kelin qaynanasiga qarshi bo’ladi.”

Zamon alomatlari va abadiylik

54 Iso olomonga shunday dedi: “G`arbda bulut ko’tarilib kelayotganini ko’rganingizda, sizlar darrov: «Hozir yomg`ir yog`adi», deb aytasizlar. Shunday bo’ladi ham.

55 Janubdan shamol esayotganini ko’rganingizda, sizlar: «Jazirama issiq bo’ladi», deb aytasizlar. Shunday bo’ladi ham.

56 Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar eru osmonning avzoyiga qarab, ob–havoni aniqlay olasizlar–ku! Nima uchun hozirgi zamonni talqin qila olmaysizlar?!

57 Nima to’g`riligini nega o’zingiz qaror qila olmaysizlar?

58 Shunday ekan, birontasi bilan da`volashib, u bilan birga mahkamaga ketayotganingizda, yo’lda u bilan yarashishga harakat qiling. Agar shunday qilmasangiz, u sizni qozining oldiga sudrab boradi, qozi sizni zindonbonga topshiradi. Zindonbon esa sizni zindonga tashlaydi.

59 Sizlarga shuni aytay: qarzingizni oxirgi tiyinigacha to’lamaguningizcha, u erdan chiqolmaysiz.”

Tavba va halokat haqida

1 O`sha vaqtda ba`zi odamlar kelib, Isoga hokim Pilat o’ldirgan Jalilaliklar haqida xabar qilishdi. Jalilaliklar qurbonlik keltirayotgan paytda Pilat ularni o’ldirib, qonlarini so’yilgan qurbonliklar qoniga aralashtirib tashlagan edi.

2 Iso xabarchilarga dedi: “Sizningcha, bu Jalilaliklar boshqa hamma Jalilaliklarga qaraganda ko’proq gunoh qilganlari uchun shunchalik jafo chekdilarmi?

3 Sizga yo’q, deyman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammalaringiz ular kabi halok bo’lasizlar.

4 Yoki Siloam qishlog`idagi minora qulaganda nobud bo’lgan o’n sakkiz kishini olaylik. Sizlarning fikringizcha, o’sha nobud bo’lganlar Quddusda yashaydigan qolgan hamma odamdan ko’ra, ko’proq gunoh qilgan edilarmi?

5 Sizlarga, yo’q, deb aytaman. Lekin tavba qilmasangizlar, hammangiz ular kabi halok bo’lasizlar.”

Hosilsiz anjir daraxti haqida masal

6 Shundan keyin Iso shu masalni aytib berdi: “Bir odamning uzumzoriga anjir daraxti ekilgan ekan. O`sha odam kelib, anjir daraxtidan meva izlabdi, ammo topa olmabdi.

7 U bog`bonga debdi:

— Menga qara, uch yildirki, men mana bu anjir daraxtidan meva izlayman, ammo shu paytgacha bironta meva topa olmadim. Uni kesib tashla! Bekorga erni egallab turishining nima keragi bor?!

8 Bog`bon esa shunday javob beribdi:

— Xo’jayin, daraxtingiz bu yil ham tursin. Men uning atrofini chopib, go’ng solay.

9 Balki kelgusi yil meva berar. Agar bermasa, unda kesib tashlaymiz.”

Shabbat kuni Iso bukri ayolga shifo beradi

10 Shabbat kuni Iso sinagogalarning birida ta`lim berayotgan edi.

11 U erda o’n sakkiz yildan beri jinga chalingan bir ayol bor edi. U ikki bukilib qolgan bo’lib, qaddini umuman rostlay olmasdi.

12 Iso uni ko’rgach, yoniga chaqirib dedi:

— Ey ayol, sen dardingdan xalos bo’lding!

13 So’ng ayolga qo’llarini qo’ydi, shu zahoti ayolning qaddi tiklandi–qoldi. Ayol Xudoga hamdu sanolar aytdi.

14 Iso Shabbat kuni xastaga shifo bergani uchun sinagoga boshlig`i achchiqlanib, olomonga shunday dedi:

— Ishlash uchun olti kun bor. Shifo topmoqchi bo’lsangiz, Shabbatdan boshqa kuni kelinglar.

15 Rabbimiz Iso unga javoban dedi:

— Ey ikkiyuzlamachilar! Sizlar o’zlaringiz ham Shabbat kuni ho’kizingiz yoki eshagingizni oxurdan echib, sug`organi olib borasizlar–ku!

16 Bu esa Ibrohimning qizi, axir! Shayton o’n sakkiz yildan beri uni bog`lab qo’ygan edi. Uni Shabbat kuni kishanlaridan ozod qilish nahotki mumkin bo’lmasa?!

17 Iso shu gaplarni aytganda, Uning hamma raqiblari sharmanda bo’ldilar. Jamiki olomon esa Iso qilgan ajoyib ishlardan xursand edi.

Xantal urug`i haqida masal

18 Iso dedi: “Xudoning Shohligi nimaga o’xshaydi? Uni nimaga o’xshatsam bo’ladi?

19 Xudoning Shohligi bir odam o’z bog`iga ekkan xantal urug`iga o’xshaydi. Urug` unib–o’sib, daraxt bo’ladi, qushlar uning shoxlariga uya quradi.”

Xamirturush haqida masal

20 Iso yana shunday dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga o’xshatsam bo’ladi?

21 Xudoning Shohligi xamirturushga o’xshaydi. Ayol bir bo’lak xamirturushni bir tog`ora unga qorsa ham, hamma xamir oshadi.”

Najot eshigi tordir

22 Iso Quddusga yo’l oldi va shaharu qishloqlarga borib, ta`lim berar edi.

23 Bir odam Undan so’radi: “Hazrat, nahotki sanoqli odam najot topsa?!”

Iso shunday javob berdi:

24 “Tor eshikdan kirishga jon–jahdingiz bilan harakat qilinglar. Sizlarga shuni aytay: ko’p odam ichkari kirishga intiladi, ammo kira olmaydi.

25 Uy egasi o’rnidan turib eshikni yopganda, sizlar tashqarida qolib eshikni taqillatasizlar va:

Hazrat, bizga eshikni oching! — deb aytasizlar. U esa sizlarga:

— Kimligingizni va qaerdan kelganingizni bilmayman! — deb javob beradi.

26 Shunda sizlar:

— Axir, biz Siz bilan birga eb–ichganmiz! Ko’chalarimizda ta`lim bergansiz! — deb aytasizlar.

27 Ammo U sizlarga deydi:

— Men sizlarni tanimayman! Qaerdanligingizni ham bilmayman! Yo’qolinglar oldimdan, ey badkirdorlar!

28 Sizlarni tashqariga quvib chiqarishganda, qattiq pushaymon bo’lasizlar, fig`on chekasizlar, chunki Ibrohim, Ishoq, Yoqub va barcha payg`ambarlar Xudoning Shohligida ekanini ko’rasizlar.

29 Shundan keyin sharqu g`arbdan, shimolu janubdan odamlar kelib, Xudoning Shohligida ziyofatga o’tiradilar.

30 Shunda oxirgi bo’lgan ba`zi odamlar birinchi bo’ladilar, birinchi bo’lgan ba`zilar esa oxirgi bo’ladilar.”

Isoning Quddus uchun nolasi

31 Shu paytda farziylardan ayrimlari Isoning oldiga kelib deyishdi:

— Bu erdan ketishingiz kerak. Hirod Sizni o’ldirmoqchi.

32 Iso ularga shunday dedi:

— Borib u tulkiga aytinglar: “Eshitib ol, Men bugun ham, ertaga ham jinlarni quvib, xastalarga shifo beraman. Uchinchi kuni esa ishimni tugataman.”

33 Ammo shunday bo’lsa ham, Men bugun, ertaga va indinga O`z yo’limdan qolmasligim kerak. Axir, payg`ambar Quddusdan tashqarida o’ldirilishi mumkin emas.

34 Eh Quddus, Quddus! Payg`ambarlarni qatl etib, huzuriga yuborilganlarni toshbo’ron qiluvchi shahar! Tovuq o’z jo’jalarini qanotlari ostiga qanday to’plasa, Men ham sening xalqingni bir necha marta shunday to’plamoqchi bo’ldim. Lekin sen istamading.

35 Ey Quddus aholisi, sizning Ma`badingiz huvillab qoladi. Sizga shuni aytay: “Egamiz nomidan keladigan Inson baraka topsin”, deb aytmaguningizcha, Meni ko’rmaysizlar.

Iso Shabbat kuni xastaga shifo beradi

1 Bir Shabbat kuni Iso farziylar rahnamolaridan birining uyiga mehmonga bordi. Uni diqqat bilan kuzatib o’tirishardi.

2 Isoning oldiga istisqo dardidan qo’l–oyoqlari shishib ketgan bir odam kelib qoldi.

3 Iso Tavrot tafsirchilaridan va farziylardan so’radi:

— Qonunimizga ko’ra, Shabbat kuni odamga shifo berish mumkinmi yoki yo’qmi?

4 Ular esa indamadilar.

Iso xasta odamga qo’l tekkizib, shifo berdi va uni jo’natib yubordi.

5 So’ng ularga dedi:

— Birortangizning farzandingiz yoki molingiz quduqqa tushib ketsa, Shabbat kuni bo’lishiga qaramay, uni darhol chiqarib olmaysizlarmi?!

6 Ular esa bu gapga biron javob topa olmadilar.

Kamtarlik va mehmondo’stlik

7 Mehmonlar to’rdan joy tanlashga intilayotgan edilar. Iso buni ko’rib, shunday masal aytdi:

8 “Sizni to’y ziyofatiga taklif qilishganda, to’rga chiqib olmang. Mehmonga chaqirilganlar orasida sizdan ham hurmatliroq boshqasi bo’lishi mumkin.

9 Ikkovingizni taklif qilgan mezbon kelib, sizga:

— Joyingizni bu odamga bo’shatib bering, — deb aytishi mumkin. Shunda siz xijolat tortib, poygakda o’tirishga majbur bo’lasiz.

10 Shuning uchun taklif etilganingizda, poygakda o’tiring, toki mezbonning o’zi kelib sizga:

— Do’stim, iltimos to’rga chiqing, — deb aytsin. Shunda boshqa mehmonlar ko’zida sizning hurmatingiz oshadi.

11 Zotan, o’zini o’zi yuksaltirgan kamsitiladi, o’zini past tutgan esa yuksaltiriladi.”

12 Iso O`zini taklif qilgan xonadon sohibiga aytdi:

— Tushki yo kechki ziyofat berganingizda, do’stlaringizni yoki aka–ukalaringizni, qarindosh–urug`laringizni yo bo’lmasa, boy qo’shnilaringizni taklif qilmang. Aks holda, ular ham sizni mehmonga chaqirib, qilgan yaxshiligingizni qaytaradilar.

13 Aksincha, ziyofat berganingizda, kambag`al–qashshoqlarni, cho’loq, shollarni, ko’rlarni taklif qiling.

14 Shunda baxtli bo’lasiz. Chunki ular qilgan yaxshiligingizni qaytara olmasalar–da, solihlar tirilgan zamonda buning savobini ko’rasiz.

To’kin ziyofat haqida masal

15 Dasturxon atrofida o’tirgan mehmonlardan biri Isoning bu so’zlarini eshitib, Unga dedi:

— Xudoning Shohligida ziyofat eydigan kishi baxtlidir!

16 Iso o’sha odamga shunday dedi: “Bir odam katta ziyofat tayyorlab, ko’pchilikni taklif etibdi.

17 Ziyofat vaqti bo’lganda:

— Kelinglar, dasturxon tayyor bo’ldi, — deb mehmonlarni chaqirgani xizmatkorini yuboribdi.

18 Ammo taklif qilinganlarning hammasi birday uzr so’ray boshlabdilar. Birinchisi unga debdi:

— Men er sotib olgan edim, o’sha erni ko’rgani borishim kerak. Iltimos, meni kechiring.

19 Boshqasi esa:

— Men besh juft ho’kiz sotib oldim, ularni sinagani ketyapman. Iltimos, meni kechiring, — debdi.

20 Yana boshqasi:

— Men yangi uylandim, shuning uchun bora olmayman, — debdi.

21 Xizmatkor qaytib kelib, xo’jayiniga axborot beribdi. Shunda uy sohibi g`azablanib, xizmatkoriga buyuribdi:

— Hoziroq shahar ko’chalarini, yo’laklarini aylanib chiq. Qashshoq, cho’loq, ko’r va shollarni bu erga olib kel.

22 Bir oz vaqtdan keyin xizmatkor shunday deb keldi:

— Xo’jayin, buyurganlaringizni bajardim, lekin yana bo’sh joy qoldi.

23 Shunda xo’jayin xizmatkoriga aytibdi:

— Yo’llarga, yo’laklarga bor, odamlarni ko’ndirib olib kel, toki uyim to’lsin.

24 Sizlarga aytay: taklif qilinganlarning birortasi ham ziyofat taomlaridan aslo totib ko’rmaydi.”

Shogirdlikning qiymati

25 Katta bir olomon Isoga ergashib ketayotgan edi. Iso ularga qarab dedi:

26 “Menga ergashgan odam Meni ota–onasidan, aka–uka va opa–singillaridan, hatto o’z jonidan ortiq sevishi kerak, aks holda, u Mening shogirdim bo’lolmaydi.

27 O`z xochini ko’tarib, ortimdan yurmagan odam ham Mening shogirdim bo’lolmaydi.

28 Sizlardan birortangiz minora qurmoqchi bo’lsangiz, uni bitirish uchun mablag` etarlimi, deb oldindan xarajatini hisoblab chiqmaysizmi?

29 Aks holda, siz poydevor yotqizasiz–u, minorani bitkaza olmaysiz. Buni ko’rganlarning hammasi ustingizdan kulib, shunday deb aytishadi:

30 «Bu odam qurilishni boshladi, ammo bitira olmadi.»

31 Yoki qaysi shoh boshqa bir shohga qarshi urushga chiqishdan avval o’tirib: «Dushman yigirma ming askari bilan menga qarshi kelyapti, men o’n ming askarim bilan unga bas kela olamanmi?» deb o’ylamaydimi?!

32 Kuchi etmasa, dushman hali uzoqdaligida uning oldiga elchi yuborib, sulh tuzaylik, deb iltimos qiladi.

33 Xuddi shu singari, bor mol–mulkingizdan kechmasangiz, birontangiz ham Mening shogirdim bo’la olmaysiz.

Tuz haqida

34 Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz o’z ta`mini yo’qotsa, uni yana qanday sho’r qilib bo’ladi?!

35 Bunday tuz erga ham, go’ngga ham yaramaydi, uni tashlab yuboradilar. Kimning eshitar qulog`i bo’lsa, eshitsin!”

Adashgan qo’y va yo’qolgan tanga haqida masal

1 Hamma soliqchilar va gunohkorlar Isoning ta`limotini tinglash uchun kelar edilar.

2 Farziylar bilan Tavrot tafsirchilari: “Ana, U gunohkorlarni qabul qilib, ular bilan birga eb–ichyapti”, deb ming`irlab norozi bo’ldilar.

3 Iso esa ularga quyidagi masalni aytib berdi:

4 “Sizlarning orangizda kimningdir yuzta qo’yi bo’lsa–yu, bittasi adashib qolsa, to’qson to’qqiztasini yaylovda qoldirib, adashgan qo’yni topmaguncha qidirmaydimi?

5 O`sha qo’yini topganda, xursand bo’lib elkasiga ko’tarib oladi.

6 U uyiga kelib, do’stlarini, qo’shnilarini chaqiradi va ularga:

— Men yo’qolgan qo’yimni topdim! Xursandchiligimga sherik bo’linglar, — deb aytadi.

7 Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavbaga hojat sezmagan to’qson to’qqizta solih odamdan ko’ra, tavba qilgan bitta gunohkor uchun samoda ko’proq shodlik bo’ladi.

8 Yoki qaysi bir ayolning o’nta kumush tangasi bo’lsa–da, bittasini yo’qotib qo’ysa, u chiroq yoqib tangani topmaguncha uyini supurib–sidirib sinchiklab qidirmaydimi?!

9 Tangani topgach, dugonalarini va qo’shnilarini chaqirib:

— Men yo’qolgan tangamni topdim! Xursandchiligimga sherik bo’linglar, — deydi.

10 Sizlarga aytamanki, xuddi shu singari, tavba qilgan bitta gunohkor uchun Xudoning farishtalari huzurida shodlik bo’ladi.”

Darbadar o’g`il haqida masal

11 Iso yana dedi: “Bir odamning ikki o’g`li bor ekan.

12 Ularning kichigi otasiga:

— Ota, mol–mulkingizdan menga tegishli qismini bering, — debdi.

Otasi mol–mulkini ikki o’g`liga bo’lib beribdi.

13 Oradan ko’p o’tmay, kichik o’g`il bor narsasini yig`ishtirib, uzoq bir mamlakatga ketibdi. U erda shaloq yashab, mol–dunyosini ko’kka sovuribdi.

14 Borini isrof qilgandan keyin, o’sha mamlakatda og`ir qahatchilik boshlanibdi. Yigit ham muhtojlikda qolibdi.

15 U borib, o’sha mamlakat fuqarolaridan biriga yollanibdi. U odam esa yigitni o’z dalasidagi cho’chqalarni boqishga yuboribdi.

16 Yigit cho’chqalar eydigan qo’zoqlar bilan qornini to’ydirishga ham zor bo’libdi, lekin unga shuni ham ravo ko’rishmas ekan.

17 Nihoyat yigit aqlini yig`ib olib, o’ziga o’zi debdi:

— Otamning qanchadan–qancha yollanma ishchilarining noni oshib–toshib yotibdi, men esa bu erda ochlikdan o’lyapman.

18 Endi otamning oldiga borib, unga shunday deb aytaman: “Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim.

19 Endi sizning o’g`lingiz deb atalishga loyiq emasman. Meni yollanma ishchilaringiz qatoriga qabul qiling.”

20 Yigit otasi oldiga ravona bo’libdi. Yigit hali uzoqda kelar ekan, otasi uni ko’rib, o’g`liga rahmi kelibdi. U yugurib borib, o’g`lini quchoqlab, o’pibdi.

21 Keyin o’g`li otasiga aytibdi:

— Ota, men Xudoga va sizga qarshi gunoh qildim. Endi sizning o’g`lingiz deb atalishga loyiq emasman.

22 Otasi esa xizmatkorlariga buyuribdi:

— Tez bo’linglar, eng nafis to’n keltirib elkasiga yopinglar, qo’liga uzuk taqinglar, oyoqlariga choriq kiygizinglar.

23 Bo’rdoqi buzoqni olib chiqib, so’yinglar. Eb–ichaylik, xursandchilik qilaylik.

24 Chunki bu o’g`lim men uchun o’lgan edi, endi tirildi, yo’qolgan edi, endi topildi.

Shunday qilib, xursandchilik qila boshlabdilar.

25 Katta o’g`il shu paytda dalada ekan. Qaytayotib uyga yaqinlashganda, qulog`iga musiqa va o’yin–kulgi sadolari eshitilibdi.

26 Xizmatkorlardan birini chaqirib:

— Nima gap? — deb so’rabdi.

27 — Ukangiz qaytib keldilar. Otangiz uni sog`–salomat ko’rgani uchun bo’rdoqi buzoqni so’ydilar, — deb javob beribdi xizmatkor.

28 Shunda katta o’g`ilning jahli chiqibdi, ichkariga kirishdan bosh tortibdi. Otasi esa tashqariga chiqib, o’g`liga o’tinib gapiribdi.

29 Ammo u otasiga shunday javob beribdi:

— Menga qarang! Shuncha yildan beri sizga qulday ishlab kelaman. Birorta gapingizni erda qoldirmadim. Lekin do’stlarim bilan xursandchilik qilishim uchun siz menga bitta uloqcha ham bermadingiz.

30 Ammo mol–mulkingizni fohishalar bilan eb, yo’q qilgan anavi o’g`lingiz qaytib kelganda, siz bo’rdoqi buzoqni so’ydirdingiz!

31 Otasi unga shunday javob beribdi:

— O`g`lim! Sen doimo men bilan birgasan. Mening bor narsam seniki.

32 Bugun esa bayram qilib, xursand bo’lishimiz kerak. Axir, bu ukang biz uchun o’lgan edi, endi tirildi, yo’qolgan edi, endi topildi.”

Pishiq ish boshqaruvchi haqida masal

1 Iso shogirdlariga shunday dedi: “Bir boy odamning ish boshqaruvchisi bor ekan. Boyga, ish boshqaruvchingiz mol–mulkingizni sovurib yuribdi degan xabar etib keldi.

2 Boy odam ish boshqaruvchisini chaqirib, unga shunday debdi:

— Sen haqingda ba`zi gaplarni eshitdim. Bu nimasi?! Menga boshqaruving to’g`risida hisobot ber, endi ishlarimni sen boshqarmaysan.

3 Shunda ish boshqaruvchi o’ziga o’zi debdi:

— Xo’jayinim meni ishdan bo’shatyapti. Endi nima qilaman? Er chopishga kuchim etmaydi, sadaqa so’rashga uyalaman.

4 Eha, topdim! Bir ish qilaman, shunda bo’shatilganimdan keyin odamlar uylarining eshiklarini men uchun ochib berishadi.

5 U vaqtni boy bermay, xo’jayinning qarzdorlarini birma–bir chaqiribdi. Birinchisidan so’rabdi:

— Xo’jayinimdan qancha qarzing bor?

6 — Ikki yuz ko’za zaytun moyi, — deb javob beribdi u.

— Tilxatingni ol, tezda o’tirib yuz ko’za deb yoz! — debdi unga ish boshqaruvchi.

7 Keyin boshqasidan ham so’rabdi:

— Sening qancha qarzing bor?

— Ming tog`ora bug`doy, — deb javob beribdi u. Unga ham:

— Tilxatingni ol, sakkiz yuz tog`ora deb yoz! — debdi ish boshqaruvchi.

8 Ha, ayyor ish boshqaruvchi ishini boplab bajardi! Chindan ham bu dunyoning odamlari zamondoshlari orasida nur ahliga qaraganda o’z ishiga ancha pishiqdirlar.

9 Men sizlarga aytaman: bu dunyoning boyligidan foydalanib do’st orttiringlar, toki bu boylik tugagach, Xudo sizni abadiy maskaniga qabul qilsin.

10 Kichik ishda sadoqatli bo’lgan odam katta ishda ham sadoqatli bo’ladi. Kichik ishda sadoqatsiz bo’lgan esa katta ishda ham sadoqatsiz bo’ladi.

11 Agar sizga bu dunyoning boyligini ishonib topshirib bo’lmasa, kim sizga haqiqiy boylikni ishonib topshiradi?!

12 Agar sizga boshqalarning narsasini ishonib topshirib bo’lmasa, o’zingizga atalgan narsani sizga kim beradi?!

13 Hech qanday xizmatkor ikki xo’jayinga xizmat qilolmaydi. U yo birini yomon ko’rib, boshqasini yaxshi ko’radi, yoki biriga bag`ishlanib, boshqasini mensimaydi. Sizlar ham Xudoga, ham boylikka birdek xizmat qila olmaysizlar.”

14 Pulparast farziylar bularni eshitib, Isoni mazax qildilar.

15 Iso ularga dedi: “Sizlar odamlar oldida o’zingizni taqvodor qilib ko’rsatasizlar, lekin Xudo yuragingizni biladi. Odamzod ko’kka ko’targan narsalar Xudoning nazarida jirkanchdir.

16 Yahyo va undan oldin kelganlar Tavrot va Payg`ambarlar bitiklarini e`lon qilganlar. Endi esa Xudoning Shohligi to’g`risidagi Xushxabar e`lon qilinmoqda va har bir odam bu Shohlikka kirishga undalmoqda.

17 Biroq Tavrotdan bir nuqtaning yo’qolishidan ko’ra, eru osmonning yo’qolishi osonroqdir.

18 Kim o’z xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, zino qilgan bo’ladi. Shuningdek, eri bilan ajrashgan xotinga uylangan kishi ham zino qilgan bo’ladi.

Boy va Lazar haqida masal

19 Bir boy odam bor ekan. U qimmatbaho liboslar kiyib yurar, har kuni dabdabali hayot kechirar ekan.

20 Boyning darvozasi oldida butun badaniga yara toshgan Lazar ismli bir qashshoq gadoy yotar ekan.

21 U boy dasturxonidan to’kilgan ushoqlar bilan qorin to’ydirishni orzu qilar ekan. Itlar kelib uning yaralarini yalab ketar ekan.

22 Bir kuni gadoy o’lib qolibdi, farishtalar uni Ibrohimning yoniga olib ketibdilar. Keyin boy ham o’lib, dafn qilinibdi.

23 Jahannamda azob chekayotgan boy boshini ko’tarib, uzoqda Ibrohimni va uning yonidagi Lazarni ko’ribdi.

24 So’ng shunday deb faryod qilibdi:

— Ey Ibrohim ota! Menga rahm qilib Lazarni yuboring. U barmog`ining uchini suvga botirib, tilimga tomizsin. Bu alanga ichida azob chekyapman!

25 Ibrohim unga shunday deb javob beribdi:

— Unutma, o’g`lim, sen hayotligingda hamma yaxshi narsalaringni olib bo’lding, Lazar esa faqat yomonlik ko’rdi. Endi u bu erda tasalli topyapti, sen bo’lsang, azob chekyapsan.

26 Bundan tashqari, sen bilan bizning oramizda tubsiz jarlik bor. Bu erdan siz tomonga o’tmoqchi bo’lganlar o’ta olmaydilar va u erdan biz tomonga ham o’tmaydilar.

27 Shunda boy aytibdi:

— Unday bo’lsa, ey ota, sizdan o’tinib so’rayman, Lazarni otamning uyiga yuboring.

28 Mening beshta ukam bor. Ular ham bu azobli joyga kelmasliklari uchun ularni ogohlantirib qo’ysin.

29 Ibrohim javob beribdi:

— Ularda Musoning va payg`ambarlarning bitiklari bor–ku, o’shalarga quloq solishsin.

30 Boy esa:

— Yo’q, Ibrohim ota, ular quloq solmaydilar. Ammo o’liklardan biri ularning oldiga borsa, o’shanda tavba qiladilar, — debdi.

31 Ibrohim shunday debdi:

— Agar Muso va boshqa payg`ambarlarning so’zlariga quloq solmagan bo’lsalar, o’liklardan biri tirilib borsa ham ishonmaydilar.”

Gunoh haqida

1 Iso O`z shogirdlariga yana dedi: “Gunohga etaklaydigan vasvasalar doimo keladi. Ammo vasvasaga sababchi bo’lgan odamning holiga voy!

2 Bu kichiklarning birontasini gunohga boshlaganingizdan ko’ra, bo’yningizga tegirmon toshini osib, sizni dengizga tashlashgani o’zingiz uchun yaxshiroqdir.

3 Ehtiyot bo’linglar! Agar birodaringiz gunoh qilsa, unga tanbeh bering. Agar tavba qilsa, uni kechiring.

4 Agar o’sha odam bir kunning o’zida sizga qarshi etti marta gunoh qilsa–yu, etti marta qaytib kelib, sizga: «Tavba qildim», desa, uni kechirib yuboring.”

Imon va xizmat burchi haqida

5 Havoriylar Rabbimiz Isoga: “Imonimizga imon qo’shing”, — dedilar.

6 Rabbimiz shunday javob berdi: “Agar zig`irday imoningiz bo’lib, shu tut daraxtiga:

— Ildizing bilan qo’porilib chiq va dengizga ko’chib ildiz ot, — desangiz, daraxt sizga bo’ysunadi.

7 Xizmatkoringiz qo’sh haydab yoki poda boqib daladan endigina qaytib kelganda, qay biringiz unga:

— Kel darrov, dasturxonga o’tir, — deb aytasiz?

8 Buning o’rniga o’sha xizmatkoringizga:

— Kechki ovqatimni tayyorla, eb–ichib bo’lgunimcha, belingni bog`lab, menga xizmat qil, keyin o’zing eb–ichasan, — deb aytmaysizmi?!

9 Xizmatkor o’z vazifasini bajargani uchun unga tashakkurlar bildirmaysiz–ku!

10 Shu singari, sizlar ham o’zingizga buyurilgan hamma ishni bajarganingizdan so’ng:

— Biz bor–yo’g`i xizmatkormiz, vazifamizni bajardik, xolos, — deb aytinglar.”

Iso o’n kishiga shifo beradi

11 Iso Samariya bilan Jalilani kesib o’tib, Quddus tomon yo’l oldi.

12 U bir qishloqqa kirayotganda, teri kasalligiga chalingan o’n kishi Uni qarshilab oldi. Ular uzoqdan turib,

13 faryod qildilar:

— Ey Iso! Ustoz! Bizga rahm qiling!

14 Iso ularni ko’rib:

— Boringlar, o’zlaringni ruhoniylarga ko’rsatinglar, — dedi.

Ular yo’lda ketayotganlarida, teri kasalligidan poklanib qoldilar.

15 Ulardan biri o’zining shifo topganini ko’rib, baland ovozda Xudoni ulug`lab orqaga qaytdi.

16 O`zini Isoning oyoqlari ostiga tashlab, Unga minnatdorchilik bildirdi. O`sha odam Samariyalik edi.

17 Iso shogirdlariga dedi:

— Teri kasalligidan poklangan o’n kishi emasmidi?! Qolgan to’qqiztasi qani?

18 Xudoni ulug`lash uchun shu bir begona kishidan boshqa hech kim qaytib kelmadimi?

19 So’ng Iso teri kasalligidan poklangan odamga dedi:

— O`rningdan turgin–da, boraver. Senga ishonching shifo berdi.

Xudoning Shohligi

20 Ba`zi farziylar Isodan:

— Xudoning Shohligi qachon keladi? — deb so’radilar. Iso ularga shunday javob berdi:

— Xudoning Shohligi ko’zga ko’rinadigan shaklda kelmaydi.

21 Hech kim: “Qara, Xudoning Shohligi bu erda”, yoki “Ana u erda”, deb aytmaydi. Chunki Xudoning Shohligi sizlarning orangizdadir.

22 Keyin Iso shogirdlariga dedi: “Shunday vaqtlar keladiki, sizlar Inson O`g`lining kunlaridan bittasini ko’rishni orzu qilasizlar, ammo o’sha kunni ko’rolmaysizlar.

23 Odamlar sizlarga: «Ana, Masih anavi erda» yoki «Mana, Masih bu erda», deb aytadilar. Ammo sizlar ular aytgan erga bormanglar, ularning ortidan ergashmanglar.

24 Chunki Inson O`g`li kelganda, Uni hamma ko’radi. U osmonni bir chetidan boshqa chetigacha yoritib yuborgan chaqmoqday bo’ladi.

25 Lekin undan avval Inson O`g`li ko’p azob chekishi va bu nasl tomonidan rad qilinishi kerak.

26 Nuh davrida qanday bo’lgan bo’lsa, Inson O`g`li keladigan davrda ham xuddi shunday bo’ladi.

27 Nuh kemaga kirgan kungacha insonlar eb–ichdilar, uylandilar, turmushga chiqdilar. To’fon kelganda esa ularning hammasi nobud bo’ldi.

28 Lut zamonida ham xuddi shunday bo’lgan edi: odamlar eb–ichardilar, savdo–sotiq qilardilar, ekin ekardilar, uy qurardilar.

29 Lekin Lut Sado’m shahridan chiqqan kuniyoq osmondan olov va oltingugurt yog`ib, hammani nobud qildi.

30 Inson O`g`li zohir bo’lgan kunda ham xuddi shunday bo’ladi.

31 U kunda tomning ustida bo’lgan kishi uydagi narsalarni olish uchun pastga tushmasin. Dalada bo’lgan odam ham qaytib kelmasin.

32 Lutning xotiniga nima bo’lganini yodingizda tutinglar.

33 Jonini saqlamoqchi bo’lgan uni yo’qotadi. Jonini yo’qotgan esa uni asrab qoladi.

34 Sizga shuni aytay: o’sha kecha bir to’shakda ikki kishi yotgan bo’lsa, biri olinadi, biri qoldiriladi.

35-36 Ikki ayol birga tegirmon tortayotgan bo’lsa, biri olinadi, biri qoldiriladi.”

37 Shogirdlar Isodan so’radi:

— Hazrat, bu voqealar qaerda yuz beradi?

— Kalxatlar to’plangan joyda murda bo’lishini hamma biladi, — deb javob berdi Iso. — Bu voqealar qaerda yuz berishi ham sizlarga shu singari ayon bo’ladi.

Beva ayol va adolatsiz qozi haqida masal

1 Shogirdlar doimo va bezmasdan ibodat qilsin deb, Iso ularga shunday bir masal aytib berdi:

2 “Bir shaharda Xudodan ham qo’rqmaydigan, odamdan ham uyalmaydigan bir qozi bor ekan.

3 O`sha shaharda bir beva ayol ham yashar ekan. U qozining oldiga tez–tez borib turib:

— Meni raqibimdan himoya qiling, — deb o’tinarkan.

4 Qozi ancha vaqtgacha unga yordam berishdan bosh tortib yurar ekan. Oxiri u o’zi–o’ziga shunday debdi:

— Men Xudodan qo’rqmayman, odamlardan ham uyalmayman.

5 Ammo bu beva xotin meni holu jonimga qo’ymagani uchun uni himoya qila qolay. Bo’lmasa, u kelaverib meni bezor qiladi.”

6 Rabbimiz Iso gapida davom etdi: “Adolatsiz qozining gapini eshitdingizmi?

7 Shunday ekan, nahotki Xudo tunu kun iltijo qilayotgan O`z tanlaganlarini himoya qilmasa?! Yo’q, Xudo ularni kuttirib qo’ymaydi!

8 Sizlarga aytaman: ularni zudlik bilan himoya qiladi! Ammo Inson O`g`li kelganda, er yuzida imoni bor odamlarni toparmikin?”

Farziy va soliqchi haqida masal

9 O`zlarining solihligiga ishonib, boshqalarni mensimaydigan ba`zi odamlarga Iso quyidagi masalni aytib berdi:

10 “Ikki odam ibodat qilgani Ma`badga kirishibdi. Ularning biri farziy, ikkinchisi soliqchi ekan.

11 Farziy o’rnidan turib, shunday ibodat qilibdi:

— Xudoyim, O`zingga shukur! Chunki men boshqalarga o’xshab o’g`ri, jinoyatchi, zinokor yoki manavi soliqchiday emasman.

12 Men haftada ikki marta ro’za tutaman. Topganimning o’ndan birini ushr qilib beraman.

13 Soliqchi bo’lsa uzoqda turib, hatto osmonga ham qarashga botinolmay, ko’kragiga urganicha:

— Yo Xudo, men gunohkorga rahm qil! — deb iltijo qilardi.

14 Sizga aytaman: farziy emas, mana shu odam oqlanib uyiga qaytdi. Zotan, o’zini o’zi yuksaltirgan odam kamsitiladi, o’zini past olgan odam esa yuksaltiriladi.”

Iso bolalarni duo qiladi

15 Iso bolalarimizga qo’l tekkizsin deb, odamlar Uning oldiga hatto go’daklarni ham olib kelishardi. Shogirdlar buni ko’rib, odamlarni koyidilar.

16 Iso esa bolalarni yoniga chaqirib, dedi: “Bolalarga yo’l beringlar, Mening oldimga kelishlariga to’sqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi shundaylarnikidir.

17 Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.”

Boylik va abadiy hayot haqida

18 Obro’li bir odam Isodan so’radi:

— Valine`mat Ustoz! Abadiy hayotga ega bo’lish uchun nima qilishim kerak?

19 Iso unga dedi:

— Nega Meni valine`mat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine`mat emas–ku!

20 Sen amrlarni bilasan: “Zino qilma. Qotillik qilma. O`g`rilik qilma. Yolg`on guvohlik berma. Ota–onangni hurmat qilgin.”

21 — Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman, — dedi boyagi boshliq.

22 Buni eshitib, Iso dedi:

— Senga birgina narsa etishmaydi: bor narsangni sot, pulini kambag`allarga tarqat. Shunda samoda xazinang bo’ladi. Keyin kelib, Menga ergashgin.

23 Boshliq buni eshitib, qattiq xafa bo’ldi, chunki u juda boy edi.

24 Iso uning xafa bo’lganini ko’rib dedi:

— Mol–dunyosi bor odamlarning Xudo Shohligiga kirishi naqadar qiyin!

25 Boyning Xudo Shohligiga kirishidan ko’ra, tuyaning igna teshigidan o’tishi osonroqdir.

26 Buni eshitganlar esa:

— Unday bo’lsa, kim najot topa olar ekan? — deb so’rashdi.

27 Iso shunday javob berdi:

— Odamlar uchun imkonsiz bo’lgan narsaning Xudo uchun imkoni bor.

28 Shunda Butrus dedi:

— Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik.

29 Iso shogirdlariga dedi:

— Sizlarga chinini aytayin, Xudoning Shohligi uchun uy–joyini yoki xotinini yo aka–ukalarini yoki ota–onasini yo bola–chaqasini qoldirgan odam

30 bu dunyoning o’zidayoq bir necha barobar ortig`i bilan oladi, narigi dunyoda esa abadiy hayotga ega bo’ladi.

Iso O`z o’limi to’g`risida uchinchi marta gapiradi

31 Keyin Iso o’n ikki shogirdini chetga olib, ularga dedi: “Mana, biz Quddusga ketyapmiz. Payg`ambarlarning Inson O`g`li to’g`risida yozgan hamma bashoratlari bajo bo’ladi.

32 Uni g`ayriyahudiylarga tutib beradilar. Uni masxaralab haqorat qiladilar. Unga tupuradilar.

33 G`ayriyahudiylar Uni qamchilaydilar, keyin o’ldiradilar. Ammo uchinchi kuni U tiriladi.”

34 Shogirdlar esa bu so’zlardan hech narsa tushunmadilar. Bu so’zlarning ma`nosi ularga qorong`i edi, Isoning aytganlarini ular anglamadilar.

Iso ko’r odamga shifo beradi

35 Iso Erixo shahriga kirib kelayotganda, bir ko’r odam yo’l chekkasida sadaqa so’rab o’tirar edi.

36 Oldidan katta bir olomon o’tib ketayotganini eshitgan o’sha ko’r:

— Nima gap? — deb so’radi.

37 — Nosiralik Iso o’tib ketyapti, — deb javob berishdi unga.

38 Shunda ko’r:

— Ey Dovud O`g`li Iso, menga rahm qiling! — deb baqirdi.

39 Oldinda ketayotganlar esa:

— Jim bo’l! — deb unga do’q qilishdi. U esa yanada qattiqroq baqirdi:

— Ey Dovud O`g`li! Menga rahm qiling!

40 Shunda Iso to’xtab, ko’rni yoniga olib kelishlarini buyurdi. Ko’r kelgach, Iso undan so’radi:

41 — Mendan nima istaysan? Sen uchun nima qilay?

— Hazrat, ko’zlarim ko’rsin! — dedi u.

42 Iso unga:

— Ko’zlaring ko’rsin, ishonching senga shifo berdi, — dedi.

43 O`sha zahoti u ko’ra boshladi. So’ng Xudoni ulug`lagancha Isoga ergashdi. Buni ko’rgan butun xalq Xudoga hamdu sanolar aytdi.

Iso va Zakkay

1 Iso Erixo shahriga kirib, shahar bo’ylab o’tayotgan edi.

2 Bu shaharda Zakkay degan bir odam bor edi. U soliqchilar boshlig`i bo’lib, boy edi.

3 Zakkay “Iso kim ekan?” deb Uni ko’rishga urinardi, ammo odam ko’pligidan ko’ra olmasdi, chunki uning bo’yi past edi.

4 U oldinga yugurib, Isoni ko’rish uchun shikamora–anjir daraxti ustiga chiqib oldi. Iso o’sha erdan o’tishi kerak edi.

5 Iso u erga kelganda, yuqoriga qarab, Zakkayga dedi:

— Zakkay! Tezroq pastga tush, Men bugun sening uyingda mehmon bo’lishim kerak.

6 Zakkay darrov pastga tushdi, Isoni quvonch bilan uyiga taklif qildi.

7 Buni ko’rganlarning hammasi: “Iso bir gunohkor odamning uyiga mehmonga bordi”, deb norozilik bildirishdi.

8 Zakkay esa o’rnidan turib, Rabbimiz Isoga dedi:

— Hazrat, men mol–mulkimning yarmini kambag`allarga beraman. Biron kimsaning narsasini nohaq olgan bo’lsam, to’rt barobar qilib qaytaraman.

9 Iso unga shunday javob berdi:

— Bugun bu xonadonga najot keldi, chunki bu odam ham Ibrohimning o’g`lidir.

10 Inson O`g`li yo’qolganni izlab topish va uni qutqarish uchun kelgan.

O`nta xizmatkor haqida masal

11 Olomon Isoning bu so’zlarini tinglar ekan, Iso gapini bir masal bilan davom ettirdi. Chunki Iso Quddusga yaqinlashib qolgan edi, odamlar ham, Xudoning Shohligi hozir zohir bo’lishi kerak, deb o’ylardilar.

12 Iso shunday dedi: “Bir zodagon odam uzoq mamlakatga ketmoqchi bo’libdi. U erda shohlik taxtini egallab, qaytib kelmoqchi edi.

13 Ketishdan oldin u xizmatkorlaridan o’ntasini chaqiribdi–da, har biriga bir tilladan berib, shunday debdi:

— Men qaytib kelgunimcha, bu pullarni ishga solinglar.

14 Holbuki, bu zodagonning hamyurtlari uni yomon ko’rishar ekan. Uning orqasidan: «Bu odam bizga shoh bo’lmasin, istamaymiz», deb aytish uchun elchilar yuborishibdi.

15 Ammo zodagon shohlik taxtini egallab, qaytib kelibdi. So’ng o’zi pul bergan xizmatkorlarini chaqirtirib, kim qancha foyda olganini bilmoqchi bo’libdi.

16 Birinchisi kelib:

— Shoh hazratlari, sizning tillangiz o’n tilla foyda olib keldi, — debdi.

17 Shoh unga:

— Barakalla! Sen yaxshi xizmatkorsan! Kichik ishda ishonchimni oqlaganing uchun o’nta shahar ustidan hokim bo’lasan, — debdi.

18 Ikkinchisi kelib:

— Shoh hazratlari, sizning tillangiz besh tilla foyda keltirdi, — debdi.

19 Unga ham:

— Sen ham beshta shaharga hokimlik qilasan, — debdi.

20 So’ng uchinchi xizmatkori kelib:

— Shoh hazratlari! — debdi, — mana sizning tillangiz, men uni ro’molchaga tugib saqladim.

21 Men sizdan qo’rqdim, siz qattiqqo’l odamsiz. Siz bermasdan olasiz, ekmasdan o’rasiz.

22 Shoh esa unga:

— Ey yomon xizmatkor! — deb do’q urdi, — men seni o’z so’zlaring bo’yicha hukm qilaman! Mening qattiqqo’lligimni hamda bermasdan olishimni, ekmasdan o’rishimni bilar ekansan,

23 nega pulimni muomalaga kiritmading? Men qaytib kelganimdan keyin, pulimni foydasi bilan olgan bo’lardim.

24 So’ng yonida turganlarga debdi:

— Uning qo’lidan tillani olib, o’n tillasi borga beringlar.

25 — Ey olampanoh, uning o’n tillasi bor–ku! — deyishibdi ular.

26 — Sizlarga shuni aytay: kimda bor bo’lsa, unga yana beriladi. Kimda yo’q bo’lsa, hatto bori ham tortib olinadi.

27 Endi mening shoh bo’lishimni istamagan dushmanlarimga kelsak, ularni shu erga olib kelib, ko’z oldimda qatl qilinglar.”

Iso Quddusga tantanali kiradi

28 Iso shu gaplarni aytgandan keyin, yo’lida davom etib, Quddusga ketdi.

29 Zaytun tog`i etagidagi Baytfagiya bilan Baytaniya qishloqlariga yaqinlashgach, U shogirdlaridan ikkitasiga dedi:

30 — Anavi qishloqqa boringlar. U erga kirishingiz bilanoq, bog`liq turgan va hech qachon minilmagan xo’tikni ko’rasizlar. O`sha xo’tikni echib, bu erga olib kelinglar.

31 Agar kimdir sizlardan: “Xo’tikni nega echyapsizlar?” — deb so’rab qolsa, “Bu xo’tik Rabbimiz Masihga kerak”, — deb aytinglar.

32 Shogirdlar borib, xuddi Isoning aytganini topdilar.

33 Xo’tikni echayotganlarida uning egalari:

— Nega xo’tikni echyapsizlar? — deb so’rashdi.

34 Shogirdlar:

— U Rabbimiz Masihga kerak, — dedilar.

35 Xo’tikni Isoning oldiga keltirishdi–da, ustiga to’nlarini tashlab, Isoni mindirishdi.

36 Iso xo’tikni minib ketayotganda, odamlar to’nlarini yo’lga poyandoz qildilar.

37 Iso Zaytun tog`idan tushadigan joyga etib kelganda, ko’pdan–ko’p shogirdlar ko’rgan barcha mo’`jizalarni eslab shodlandilar va baland ovozda Xudoga hamdu sanolar aytdilar:

38 “Egamiz nomidan kelayotgan Shoh baraka topsin!

Osmonda tinchlik, falak toqida shon–sharaflar bo’lsin!”

39 Shunda olomon orasidan ba`zi farziylar Isoga:

— Ustoz, shogirdlaringizni jim qiling! — deyishdi.

40 Iso esa ularga dedi:

— Sizlarga shuni aytay: agar bular jim bo’lsa, toshlar chinqiradi!

Iso Quddus uchun yig`laydi

41 Iso Quddusga kiray deganda, shaharni ko’rib, yig`lab yubordi:

42 “Tinchlik uchun nimalar zarurligini bugun sen bilsayding! Ammo bular senga qorong`i.

43 Boshingga shunday kunlar keladi: dushmanlaring atrofingga tuproq uyadilar, seni o’rab oladilar, har tomondan siquvga oladilar.

44 Bag`ringdagi farzandlaringni qirib tashlaydilar. Seni shu qadar vayron qiladilarki, shahringda hatto tosh ustida turgan tosh qolmaydi. Chunki Xudo seni qutqargani kelgandi, ammo sen bu imkoniyatni qo’ldan boy berding.”

Iso savdogarlarni Ma`baddan quvib chiqaradi

45 Iso Ma`badga kirib, ichkarida savdo–sotiq qilayotganlarni quvib chiqara boshladi.

46 Ularga shunday dedi:

— “Mening uyim ibodat uyi bo’ladi”, deb Muqaddas bitiklarda yozilgan–ku! Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!

47 Iso har kuni Ma`badda ta`lim berardi. Bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va xalq yo’lboshchilari esa Uni halok qilish payiga tushdilar.

48 Lekin buning chorasini topmadilar, chunki butun xalq Isoning so’zlarini jonu dili bilan tinglar edi.

Isoning hokimiyati to’g`risida savol

1 Bir kuni Iso Ma`badda xalqqa ta`lim berib, Xushxabar aytayotgan edi. Shu payt bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yo’lboshchilar kelib qoldilar.

2 Ular Isodan so’radilar:

— Bizlarga ayting–chi, Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bu hokimiyatni Sizga kim bergan?

3 Iso ularga shunday javob berdi:

— Men ham sizlarga bir savol berayin, Menga aytinglar:

4 Yahyo xalqni suvga cho’mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi?

5 Ular esa o’zaro mulohaza yuritdilar:

— Agar: “Xudodan”, — desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi.

6 Agar: “Insondan”, — desak, butun xalq bizni toshbo’ron qiladi, chunki xalq Yahyoning payg`ambarligiga qat`iy ishonadi.

7 Shunday qilib, ular:

— Qaerdanligini bilmaymiz, — deb javob berdilar.

8 Iso ularga dedi:

— Unday bo’lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.

Yovuz bog`bonlar haqida masal

9 Iso xalqqa quyidagi masalni aytdi: “Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Uzumzorni bog`bonlarga ijaraga berib, o’zi uzoq vaqtga safarga ketibdi.

10 Yig`im–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun o’sha odam xizmatkorini bog`bonlar oldiga yuboribdi. Ammo bog`bonlar xizmatkorni kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi.

11 Keyin uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini yuboribdi. Bog`bonlar bu xizmatkorni ham urib, sharmanda qilib, qup–quruq qaytarib yuborishibdi.

12 Yana uchinchisini yuboribdi, uni ham yarador qilib, quvib chiqarishibdi.

13 Keyin uzumzor egasi o’ylabdi: «Endi nima qilsam ekan? Endi suyukli o’g`limni yuboraman. Balki bog`bonlar uni hurmat qilishar.»

14 Ammo bog`bonlar uning o’g`lini ko’rishlari bilan o’zaro muhokamaga tushib:

— Bu merosxo’r–ku! Uni o’ldiraylik, shunda merosi bizga qoladi, — deyishibdi–da,

15 o’g`lini uzumzordan tashqariga chiqarib, o’ldirishibdi.

Xo’sh, sizningcha, endi uzumzor egasi ularni nima qilar ekan?

16 U kelib bog`bonlarni o’ldiradi, uzumzorini esa boshqalarga ijaraga beradi.”

Buni eshitganlar:

— Xudo ko’rsatmasin! — deb yuborishdi.

17 Iso esa ularga tikilib, shunday dedi:

— Unday bo’lsa, Muqaddas bitiklardagi:

“Binokorlar rad etgan tosh

Binoning tamal toshi bo’ldi”,

degan so’zlarning ma`nosi nima?

18 Kimki bu tamal toshiga yiqilsa, parcha–parcha bo’ladi. Tosh kimning ustiga tushsa, uni ezib yuboradi.

19 Iso aytgan bu masal tafsirchilar bilan bosh ruhoniylarga qarshi aytilgan edi. Ular buni anglab etdilar va shu zahoti Isoni qo’lga olmoqchi bo’ldilar. Ammo xalqdan qo’rqdilar.

Soliq to’lash haqida

20 Tafsirchilar bilan bosh ruhoniylar Isoni kuzatib yurdilar. Uning ortidan o’zlarini samimiy ko’rsatadigan odamlarni qo’ydilar. Ular esa Isoni tilidan ilintirib, hokimning qo’liga va hukmiga bermoqchi edilar.

21 Shuning uchun ular Isoga dedilar:

— Ustoz, Siz aytayotgan so’zlaringiz va o’rgatayotgan ta`limotingiz to’g`ri ekanini bilamiz. Siz hech kimga yuz–xotir qilmay Xudoning yo’lini to’g`ri o’rgatasiz.

22 Ayting–chi, Qaysarga soliq to’lashimiz to’g`rimi yoki yo’qmi?

23 Iso ularning makkorligini anglab, dedi:

24 — Qani, Menga bir dinor ko’rsatinglar! Bu tangadagi surat va yozuv kimniki?

— Qaysarniki, — deb javob berdi ular.

25 Iso:

— Unday bo’lsa, Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi.

26 Ular xalqning ko’z o’ngida Isoni tilidan ilintira olmadilar. Isoning javobidan lol qolib, jim bo’ldilar.

Tirilish haqida savol

27 Sadduqiylar o’liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba`zilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar:

28 — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan: agar birovning akasi farzand ko’rmay o’tib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin. Tug`ilgan bola marhum akasiniki hisoblanadi.

29 Xo’sh, etti aka–uka bo’lgan ekan. Birinchisi uylanibdi, ammo farzand ko’rmay olamdan o’tibdi.

30 So’ng ikkinchisi o’sha xotinni olib, bola ko’rmay o’libdi.

31 Uchinchisi ham xuddi shu ko’yga tushibdi. Xullas, ettala aka–ukaning hammasi o’sha xotinga uylanib, farzandsiz o’tib ketibdi.

32 Oxirida xotin ham qazo qilibdi.

33 Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda o’sha ayol qaysi birining xotini hisoblanadi? Ettovi ham unga uylangan edilar–ku!

34 Iso ularga shunday javob berdi:

— Bu dunyoda odamlar uylanadilar va erga tegadilar.

35 Ammo o’likdan tirilishga va kelajakdagi dunyoda yashashga sazovor bo’lganlar u dunyoda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar.

36 Ular bamisoli farishtalarday bo’lganlari uchun hech qachon o’lmaydilar. Ular Xudoning farzandlaridir, chunki tirilgandirlar.

37 Hatto Musoning o’zi ham o’liklarning tirilishini ta`kidlab, yonayotgan buta to’g`risidagi voqeada Egamizni “Ibrohim, Ishoq va Yoqubning Xudosi” deb atagan.

38 Zotan, Xudo o’liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Xudo uchun hamma tirikdir.

39-40 Tafsirchilarning ba`zilari Isoga yana savol berishga jur`at etmaganlari uchun:

— Ustoz, yaxshi gapirdingiz, — dedilar.

Masih kimning o’g`li?

Iso tafsirchilarga dedi:

41 — Nega Masihni Dovudning O`g`li deydilar?

42-43 Mana, Dovudning o’zi Zabur kitobida shunday degan:

“Egamiz aytmoqda Rabbimga:

Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha,

Sen Mening o’ng tomonimda o’tirgin.”

44 Demak, Dovud Masihni Rabbim deb atagan bo’lsa, qanday qilib Masih Dovudning O`g`li bo’ladi?!

Iso soxta dindorlik to’g`risida ogohlantiradi

45 Butun xalq Isoni tinglab turar ekan, U shogirdlariga dedi:

46 — Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot bo’linglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni, bozorlarda yurganlarida ularga salom berishlarini yaxshi ko’radilar. Sinagogalarda yaxshi joylarda o’tirishni, ziyofatlarda to’rda o’tirishni yoqtiradilar.

47 Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xo’ja ko’rsinga uzoq duo o’qiydilar. Bunday odamlar nihoyatda qattiq jazoga mubtalo bo’ladilar.

Beva ayolning xayr–ehsoni

1 Iso Ma`badning ehson qutisiga nazar solar ekan, ehson tashlab turgan boy odamlarni ko’rdi.

2 Shuningdek, ikki chaqa tashlagan bir kambag`al beva ayolni ham ko’rdi.

3 Shunda Iso dedi:

— Sizlarga chinini aytayin, bu kambag`al beva hammadan ko’proq ehson berdi.

4 Chunki boylarning hammasi o’zlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Ammo bu ayol kambag`alligiga qaramasdan, o’zining bor–yo’g`ini tashladi.

Iso Ma`badning vayron bo’lishi to’g`risida bashorat qiladi

5 Shogirdlardan ba`zilari Ma`badni tomosha qilib, uning go’zal toshlar va Xudoga nazr qilingan in`omlar bilan bezatilgani to’g`risida gaplashayotgan edilar. Iso esa dedi:

6 — Shunday kunlar keladiki, siz ko’rib turganlarning hammasi vayron bo’ladi. Bu erda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi.

7 Ular Isodan so’radilar:

— Ustoz, bu hodisalar qachon yuz beradi? Tez orada yuz berishini nimadan bilsak bo’ladi?

8 Iso dedi:

— Ehtiyot bo’linglar, yo’ldan ozmanglar, chunki ko’p kishilar o’zlarini Mening nomim bilan atab: “Men O`shaman”, “Vaqt yaqin”, — deb aytadi. Ularga ergashmanglar.

9 Sizlar urush va isyonlar to’g`risida xabarlarni eshitganingizda, vahimaga tushmanglar, chunki bu hodisalar birinchi bo’lib sodir bo’lishi kerak. Ammo bu hali so’nggi nihoya emas.

10 Keyin Iso ularga dedi: “Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi ko’tariladi.

11 Ayrim joylarda shiddatli zilzilalar, qahatchiliklar, o’latlar bo’ladi. Osmonda vahimali hodisalar, buyuk alomatlar yuz beradi.

12 Lekin bularning hammasidan oldin sizlarni hibsga oladilar, quvg`in qiladilar, sinagogalarga topshirib, qamoqlarga tashlaydilar. Mening nomim tufayli sizlarni shohlar va hokimlar oldiga olib boradilar.

13 Bular Xushxabarni aytishingiz uchun imkoniyat bo’ladi.

14 O`zimizni qanday himoya qilamiz, deb oldindan qayg`urmaslikka qaror qilinglar.

15 Men O`zim sizlarga so’z, donolik ato qilamanki, raqiblaringizdan birontasi aytganlaringizni rad qila olmaydilar yoki e`tiroz bildira olmaydilar.

16 Sizlarni hatto ota–onangiz, aka–ukalaringiz, qarindosh–urug`laringiz, do’stlaringiz tutib berishadi. Ular ba`zilaringizni o’ldirishadi.

17 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi.

18 Biroq boshingizdan bir tola soch ham tushmaydi.

19 Qat`iyatli bo’linglar, shunda hayotga erishasiz.

Quddusning vayron bo’lishi haqida bashorat

20 Quddusni dushman lashkarlari o’rab olganini ko’rganingizda, bilingki, shahar yaqin orada vayron qilinadi.

21 Shunda Yahudiyada bo’lganlar tog`larga qochsin, shaharning ichida bo’lganlar tashqariga chiqsin, dalalarda bo’lganlar shaharga kirmasin.

22 Chunki Xudoning qasos oladigan kunlari keldi. O`sha kunlarda hamma bashoratlar amalga oshadi.

23 U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy! Chunki er yuzini katta musibat chulg`ab oladi, bu xalqning boshiga Xudoning g`azabi yog`iladi.

24 Ba`zilari qilichdan o’tkaziladi, boshqalari barcha yurtlarga asir qilib olib ketiladi. G`ayriyahudiylarning davru davroni tugamaguncha, ular Quddusni oyoq osti qiladilar.

Inson O`g`lining kelishi haqida

25 Quyosh, oy va yulduzlarda alomatlar paydo bo’ladi. Dengizlar va to’lqinlar shovqinidan xalqlar sarosimaga tushib, iztirob chekadi.

26 Odamlar dunyoga keladigan falokatlarni ko’rib, qo’rquvdan hushidan ketadilar. Chunki o’shanda samoviy kuchlar larzaga keladi.

27 Shunda hamma odam Inson O`g`lini ko’radi. Inson O`g`li qudratga va buyuk ulug`vorlikka burkanib, bulutlarda keladi.

28 Bu hodisalar yuz bera boshlaganda, turib, boshingizni baland ko’taring. Chunki qutqariladigan vaqtingiz yaqinlashmoqda.”

Hushyor bo’lish haqida

29 Iso shogirdlariga bir masalni aytib berdi: “Anjir daraxtiga va boshqa hamma daraxtlarga qaranglar.

30 Daraxtlar barg yozayotganini ko’rganingizda, yoz yaqinlashib qolganini bilasiz.

31 Shu singari, mana bu voqealar sodir bo’lganda, bilingki, Xudoning Shohligi yaqin.

32 Sizlarga chinini aytayin, bu nasl o’tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo’ladi.

33 Eru osmon yo’q bo’lib ketadi, ammo Mening so’zlarim kuchda qoladi.

34 Hushyor bo’linglar! Kayfu safoga, bu hayotning tashvishlariga berilib ketmanglar. Tag`in o’sha kun kelib qolganda sizlar to’satdan to’rga tushgan odamlarga o’xshab qolmanglar!

35 Chunki u kun butun er yuzida yashovchilarning boshiga tushadi.

36 Doim hushyor bo’linglar. Yuz beradigan bu hamma musibatlardan qutula olishingiz va Inson O`g`li oldida munosib tura olishingiz uchun doimo ibodatda bo’linglar.”

37 Har kuni Iso Ma`badda ta`lim berardi, kechalari esa shahardan chiqib, tunni Zaytun tog`ida o’tkazar edi.

38 Xalq sahardan Isoni tinglagani Ma`badga kelardi.

Isoni o’ldirish rejasi

1 Xamirturushsiz non bayramiga yaqin qolgan edi. Bu bayram Fisih deb atalardi.

2 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni yashirincha o’ldirish uchun fursat poylab yurgan edilar, chunki ular xalqdan qo’rqardilar.

3 Shunda o’n ikki havoriydan biri — Yahudo Ishqariyotning ichiga shayton kirib oldi.

4 Yahudo bosh ruhoniylarning va Ma`bad mirshabboshilarining oldiga borib, Isoni qanday tutib berish to’g`risida ular bilan gaplashdi.

5 Ular juda xursand bo’lib, Yahudoga pul beradigan bo’ldilar.

6 Yahudo rozi bo’ldi va Isoni xalqdan yashirincha ularning qo’liga tutib berish uchun qulay fursatni kuta boshladi.

Qutlug` kecha va Isoga xiyonat

7 Xamirturushsiz non bayrami keldi. Shu kuni Fisih qo’zisi qurbonlik qilinar edi.

8 Iso Butrus bilan Yuhannoni yuborayotib shunday dedi:

— Boringlar, biz uchun Fisih taomini tayyorlanglar.

9 Ular Isodan so’radilar:

— Bayram taomini qaerda tayyorlashimizni xohlaysiz?

10 Iso ularga dedi:

— Quddusga kirishlaringiz bilanoq, ko’zada suv ko’tarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. O`sha odamga ergashib, u kiradigan uyga kiringlar.

11 Xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini emoqchilar. U sizdan: «Bizga tayyorlab qo’yilgan mehmonxona qaerda?» deb so’rab yubordilar.”

12 Uy egasi sizlarga jihozlangan katta boloxonani ko’rsatadi. U erda biz uchun hozirlik ko’ringlar.

13 Shogirdlar ketdilar. Hamma narsa xuddi Iso aytganday ro’y berdi. Ular Fisih taomini tayyorladilar.

14 Ziyofat vaqti bo’ldi. Iso bilan havoriylari dasturxon atrofiga yonboshlashdi.

15 Iso ularga dedi:

— Men azob chekmasimdan avval bu Fisih taomini sizlar bilan birga eyishni juda ham orzu qilgandim.

16 Sizlarga aytay: biz Xudoning Shohligida haqiqiy Fisih taomini emagunimizcha, Men bu taomdan boshqa emayman.

17 Keyin Iso sharob quyilgan kosani olib, shukrona duosini aytib dedi:

— Buni olinglar, o’zaro bo’lishinglar.

18 Sizlarga aytay: Xudoning Shohligi kelmaguncha, Men uzum ne`matidan boshqa ichmayman.

19 So’ngra nonni oldi, shukrona duosini aytib sindirdi va shogirdlariga berib dedi:

— Bu non Mening tanamni bildiradi. Tanam sizlar uchun fido bo’ladi. Birgalikda non sindirib eganingizda Meni xotirlanglar.

20 Ovqatlanib bo’lganlaridan keyin, Iso yana sharob quyilgan kosani olib, shunday dedi:

— Bu kosa Xudoning yangi ahdini bildiradi. Bu ahd sizlar uchun to’kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi.

21 Ana, qarang! Menga xiyonat qiladigan odam Men bilan bir dasturxonda o’tiribdi.

22 Ha, Xudo reja qilganday, Inson O`g`li jon beradi. Ammo Inson O`g`liga xiyonat qilgan odamning holiga voy!

23 Shunda ular bir–birlaridan:

— Oramizda bunday ishga qo’l uradigan kim ekan? — deb so’ray boshladilar.

Eng katta kim?

24 Shogirdlar orasida: “Qaysi birimiz eng katta hisoblanishimiz kerak?” degan bahs bo’ldi.

25 Iso ularga dedi: “Butparastlarning hukmdorlari xalqlariga o’z hukmini o’tkazadilar. El boshliqlari o’zlarini oliyhimmat deb ataydilar.

26 Sizlar esa bunday bo’lmanglar. Aksincha, orangizda kim katta bo’lsa, o’zini eng kichikday tutsin. Kim boshliq bo’lsa, xizmatkorday bo’lsin.

27 Xo’sh, kim katta? Dasturxon atrofida o’tirganmi yoki unga xizmat qilayotganmi? Dasturxon atrofida o’tirgan emasmi?! Men esa orangizda xizmatkordayman.

28 Og`ir kunlarimda yonimda bo’ldingizlar.

29 Shuning uchun osmondagi Otam Menga in`om qilgan Shohlikni Men sizlarga in`om qilyapman.

30 Sizlar Mening Shohligimda dasturxonim atrofida o’tirib eb–ichasizlar, Isroilning o’n ikki qabilasiga hukmronlik qilasizlar.”

Iso Butrusning tonishi to’g`risida bashorat qiladi

31 Iso dedi:

— Shimo’n, Shimo’n! Mana, bug`doyni g`alvirdan o’tkazishganday, shayton sizlarni sinovdan o’tkazishga izn talab qildi.

32 Biroq imondan toymasin deb, Men sen uchun ibodat qildim. Sen tavba qilib, Menga qaytganingdan keyin, birodarlaringni imonda mustahkamla.

33 Shimo’n Isoga javoban dedi:

— Hazrat! Men Siz bilan zindonga ham, o’limga ham borishga tayyorman!

34 Iso esa dedi:

— Eh Butrus! Senga shuni aytay: bugun xo’roz qichqirmasdan oldin sen uch marta Meni tanimasligingni aytasan.

Hamyon, to’rva, qilich

35 Iso shogirdlariga dedi:

— Men sizlarni hamyonsiz, to’rvasiz, choriqsiz yuborganimda, biron narsada kamchiligingiz bormidi?

— Hech narsada! — javob berdi ular.

36 Iso ularga shunday dedi:

— Endi esa kimning hamyoni yoki to’rvasi bo’lsa, olsin. Kimda qilich yo’q bo’lsa, choponini sotib, qilich xarid qilsin.

37 Sizlarga aytay: “U gunohkorlar qatorida sanaldi”, — deb Men haqimda aytilgan bashorat bajo bo’lishi kerak. Ha, Men haqimda yozilgan bu so’z bajo bo’lyapti.

38 Shogirdlar:

— Hazrat, qarang, mana bu erda ikkita qilich bor ekan! — dedilar.

— Bo’ldi, bas qilinglar! — dedi Iso.

Iso Zaytun tog`ida ibodat qiladi

39 Iso shahardan chiqib, odatdagiday Zaytun tog`iga yo’l oldi. Shogirdlari ham Uning orqasidan ketdilar.

40 Iso o’sha joyga etib kelgandan keyin, shogirdlariga:

— Vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar, — dedi.

41 O`zi ulardan bir tosh otar masofacha nari bordi–da, tiz cho’kib ibodat qildi:

42 — Ey Ota! Qaniydi, bu azob kosasini Mendan uzoqlashtirsang! Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo’lsin.

43 Shu orada osmondan bir farishta Isoga zohir bo’lib, Unga kuch ato qildi.

44 Iso og`ir iztirob ichida jon–jahdi bilan ibodat qildi. Undan oqqan ter esa erga tomayotgan qon tomchilariga o’xshar edi.

45 Iso ibodatni tugatib, shogirdlari yoniga keldi. Ularning uxlab yotganini ko’rdi. Shogirdlar qayg`udan holdan toygan edilar.

46 Iso ularga:

— Nega uxlab yotibsizlar? Qani, turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar, — dedi.

Iso hibsga olinadi

47 Iso hali gapini tugatmagan ham ediki, olomon kelib qoldi. Olomonni o’n ikki shogirddan biri — Yahudo boshlab kelgandi. Yahudo Isoni o’pmoqchi bo’lib, Unga yaqinlashdi.

48 Iso esa unga dedi:

— Yahudo, sen Inson O`g`liga birgina o’pich bilan xiyonat qilyapsanmi?!

49 Isoning yonidagilar voqea qayoqqa yo’nalayotganini payqab:

— Hazrat, qilichni ishga solaylikmi? — deyishdi.

50 Ulardan biri esa oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, uning o’ng qulog`ini kesib tashladi.

51 Shunda Iso:

— Qo’yinglar, bas! — dedi–da, xizmatkorning qulog`iga qo’l tekkizib unga shifo berdi.

52 So’ng Uni qo’lga olishga kelgan bosh ruhoniylar, Ma`bad mirshabboshilari va yo’lboshchilarga dedi:

— Men qaroqchimidim, Meni olib ketgani qilichu tayoqlar bilan kelibsizlar?!

53 Sizlar bilan har kuni Ma`badda birga edim, Menga qo’l tekkizmadingizlar. Ammo endi zamon sizniki, zulmat hukmronligi keldi!

Butrus Isodan tonadi

54 Isoni ushlab, oliy ruhoniyning uyiga olib ketdilar. Butrus esa masofa saqlab ularga ergashib bordi.

55 Oliy ruhoniyning hovlisi o’rtasida gulxan yoqishdi. Butrus gulxan atrofida o’tirgan odamlarning yoniga borib o’tirdi.

56 Bir cho’ri qiz gulxan yonida o’tirgan Butrusni ko’rdi. U Butrusga tikilib qaradi–da:

— Bu odam ham U bilan birga edi! — dedi.

57 Lekin Butrus inkor etib:

— Ey singlim, men Uni tanimayman! — dedi.

58 Bir ozdan keyin boshqa bir odam Butrusni ko’rib:

— Sen ham ulardan birisan–ku! — dedi. Lekin Butrus unga ham:

— Yo’g`–e, men ulardan emasman! — dedi.

59 Oradan bir soatlar o’tgandan keyin yana kimdir:

— Haqiqatan ham, manavi odam U bilan birga bo’lgan. Axir, u ham Jalilalik–ku! — deb turib oldi.

60 — Menga qara, nima to’g`risida gapiryapsan, tushunmayapman, — deb e`tiroz bildirdi Butrus.

U gapini tugatmasdanoq, xo’roz qichqirdi.

61 Rabbimiz Iso o’girilib, Butrusga qaradi. Shunda Butrus Rabbimizning: “Bugun xo’roz qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan” degan gapini esladi.

62 Butrus hovlidan chiqib, achchiq–achchiq yig`ladi.

63 Isoni qo’riqlagan odamlar Uni haqoratlab kaltakladilar.

64 Ular Isoning ko’zlarini bog`lab qo’yib:

— Payg`ambar, qani, top–chi, Seni kim urdi ekan? — derdilar.

65 Isoga yana ko’p haqoratli so’zlar aytdilar.

Iso Oliy kengash oldida

66 Tong otganda Oliy kengash a`zolari — bosh ruhoniylar va tafsirchilar yig`ildilar. Isoni ularning oldiga olib kelishdi.

67 — Bizga ayt–chi, Sen Masihmisan? — deb so’radilar. Iso shunday javob berdi:

— Agar sizlarga aytsam, Menga ishonmaysizlar.

68 Agar sizlarga savol bersam, javob bermaysizlar.

69 Biroq bundan buyon Inson O`g`li Qodir Xudoning o’ng tomonida o’tiradi.

70 Shunda hamma birdaniga:

— Bundan chiqdi, Sen Xudoning O`g`li ekansan–da? — deb so’radilar.

— O`zlaringiz Mening kimligimni aytdingizlar, — dedi ularga Iso.

71 Shunda ular:

— Boshqa guvohga ehtiyoj qolmadi! O`z og`zidan o’zimiz eshitdik, axir! — deyishdi.

Iso Pilat huzurida

1 Butun Kengash a`zolari turib, Isoni hokim Pilatning oldiga keltirdilar.

2 Ular Isoni ayblay boshladilar:

— Biz bu Odamni xalqimizni yo’ldan ozdirayotganda ushlab oldik. U, Qaysarga soliq to’lamanglar, Men Masihman, ya`ni shohman, deb aytib yuribdi.

3 Pilat Isodan:

— Sen yahudiylarning shohimisan? — deb so’radi.

— Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso.

4 Shunda Pilat bosh ruhoniylarga va olomonga:

— Men bu Odamni ayblashga hech qanday sabab ko’rmayapman, — dedi.

5 Ammo ular qattiq turib oldilar:

— U O`z ta`limoti bilan butun Yahudiyadagi odamlarni qo’zg`olonga da`vat qilyapti. U bu qilmishini Jalilada boshlagandi, endi shu erga ham etib kelibdi.

6 Pilat bu gapni eshitib:

— Bu Odam Jalilalikmi? — deb so’radi.

7 Iso Hirodning qo’li ostidagi hududdan ekanini Pilat bilgach, Uni Hirod huzuriga jo’natdi. Hirod o’sha paytda Quddusda edi.

Iso Hirod oldida

8 Hirod Isoni ko’rib, juda xursand bo’lib ketdi. U anchadan buyon Isoni ko’rmoqchi bo’lib yurgan edi. Chunki Hirod Iso haqida eshitgan, Uning biron mo’`jizasini ko’rsam degan niyatda edi.

9 Hirod Isoga ko’p savollar berdi, ammo Iso hech biriga javob qaytarmadi.

10 Shu erda turgan bosh ruhoniylar bilan Tavrot tafsirchilari esa Uni shiddat bilan qoraladilar.

11 Shundan keyin Hirodning o’zi ham askarlari bilan birga Isoni kamsitib masxaraladi. Unga shohona chopon kiydirib, Pilatning oldiga qaytarib yubordi.

12 Bir–biriga dushman bo’lgan Hirod bilan Pilat o’sha kuni do’stlashdilar.

Iso o’limga hukm qilinadi

13 Pilat bosh ruhoniylar, yo’lboshchilar va xalqni chaqirib,

14 ularga dedi:

— Sizlar bu Odamni xalqni yo’ldan ozdirishda ayblab, oldimga olib keldingizlar. Men Uni sizlarning oldingizda tekshirib ko’rdim. Ammo sizlar Unga qo’ygan ayblardan birontasini men topmadim.

15 Hirod ham hech nima topolmagani uchun Uni bizning oldimizga qaytarib yubordi. Xullas, bu Odam o’limga loyiq biron ish qilmagan.

16-17 Shuning uchun men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman.

18 Xaloyiq esa bir og`izdan:

— Unga o’lim! Bizga Barabbasni ozod qiling! — deb baqira ketishdi.

19 Barabbas shaharda yuz bergan isyonda ishtirok etib, qotillik qilgan, shuning uchun zindonga tashlangan edi.

20 Pilat Isoni ozod qilmoqchi bo’lib, olomonga yana murojaat etdi.

21 Ammo olomon:

— Xochga mixlansin! Xochga mixlansin! — deb shovqin ko’tardi.

22 Pilat uchinchi marta ularga aytdi:

— Nimaga? U nima yomonlik qildi, axir?! Men Unda o’limga loyiq biror ayb topganim yo’q. Shunday ekan, men Uni kaltaklab, ozod qilib yuboraman!

23 Biroq olomon ovozi boricha:

— Iso xochga mixlansin! — deb baqirib, talab qilaverdi. Nihoyat ularning baqir–chaqirlari ustun keldi.

24 Pilat ularning talabini bajarishga qaror qildi.

25 Olomonning istagiga ko’ra, isyonda ishtirok etib, qotillik qilgani uchun zindonga tashlangan odamni Pilat ozod qildi, Isoni esa olomonning ixtiyoriga topshirdi.

Iso xochga mixlanadi

26 Rim askarlari Isoni olib ketdilar. Ular ketayotganlarida, Shimo’n degan bir odamni uchratib qoldilar. Shimo’n Kirineyalik bo’lib, daladan shaharga qaytib kelayotgan ekan. Askarlar uning elkasiga xochni ortib, Isoning ketidan borishga majbur qildilar.

27 Bir talay olomon Isoning ortidan ergashib kelayotgan edi. Ularning orasida ayollar ham bor edi. Ayollar ko’ksiga urib, Iso uchun faryod qilardilar.

28 Iso ayollarga qarab dedi:

— Men uchun yig`lamanglar, ey Quddus qizlari! O`zlaringiz uchun, farzandlaringiz uchun yig`langlar.

29 Shunday kunlar keladiki: “Tug`magan, bola emizmagan, bepusht ayollar baxtlidir”, deb aytishadi.

30 O`shanda odamlar tog`larga: “Ustimizga qulanglar!” deya baqirishadi. Qirlarga: “Bizni bosib qolinglar!” deb yolvorishadi.

31 Ko’karib turgan daraxtga shunday qilsalar, qurigan daraxtni nima qilar ekanlar?!

32 Iso bilan birga ikki jinoyatchini ham qatl qilishga olib ketayotgan edilar.

33 Bosh suyagi degan joyga etib kelganlaridan so’ng, askarlar Isoni xochga mixladilar. Iso bilan birga ikkita jinoyatchini ham mixladilar, ularning biri Isoning o’ng tomonida, biri chap tomonida edi.

34 Iso:

— Ey Ota! Ularni kechirgin, ular nima qilayotganini bilmaydilar, — dedi.

Askarlar qur`a tashlab, Isoning kiyimlarini bo’lishib oldilar.

35 Olomon qarab turardi. Yahudiy yo’lboshchilari esa Isoning ustidan kulib, shunday derdilar:

— U boshqalarni qutqarardi. Agar U Xudo tanlagan Masih bo’lsa, endi O`zini qutqarib ko’rsin–chi! — deyishardi.

36 Askarlar ham Isoni masxaraladilar. Ular Isoga arzon sharob ichirgani yaqinlashib,

37 shunday dedilar:

— Agar Sen yahudiylarning Shohi bo’lsang, O`zingni O`zing qutqar–chi!

38 Isoning bosh tomonida: “Bu yahudiylarning Shohidir” degan yozuv bor edi.

39 Xochga mixlangan jinoyatchilardan biri Isoni haqoratlab dedi:

— Masih ekansan, O`zingni ham, bizni ham qutqarmaysanmi?!

40 Ikkinchi jinoyatchi esa bu sherigiga ta`na qildi:

— Xudodan qo’rqmaysanmi?! O`zing ham shu Odam kabi jazoga mahkum bo’lgansan–ku!

41 Biz qilmishimizga yarasha adolatli jazo oldik. U esa hech qanday yomonlik qilgani yo’q.

42 Keyin dedi:

— Ey Iso, taxtingizga o’tirib, Shoh bo’lganingizda meni eslang!

43 Iso unga dedi:

— Senga chinini aytayin, bugunoq sen Men bilan birga jannatda bo’lasan.

Isoning o’limi

44-45 Tush payti edi. Kun qoraydi, soat uchga qadar hamma yoq zulmatga cho’mdi. Ma`baddagi parda o’rtasidan yirtildi.

46 Iso baland ovoz bilan faryod qildi:

— Ota! Ruhimni Sening qo’llaringga topshiryapman.

Shunday dedi–da, jon berdi.

47 Voqeani ko’rib turgan Rim yuzboshisi Xudoni ulug`lab:

— Haqiqatan ham, bu Odam solih ekan, — dedi.

48 Tomoshaga to’plangan olomon sodir bo’lgan voqealarni ko’rib, qayg`udan ko’ksiga ura–ura uylariga qaytib ketdilar.

49 Isoni bilganlar esa, shu jumladan, Jaliladan Unga ergashib kelgan ayollar yuz bergan voqealarni uzoqdan kuzatib turardilar.

Iso dafn etiladi

50 Oliy kengash a`zolari orasida Yusuf ismli yaxshi va solih bir kishi bor edi.

51 U Yahudiyadagi Arimateya shahridan bo’lib, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutardi. Yusuf Kengash a`zolarining bu qarorini va qilgan ishini ma`qullamagan edi.

52 U Pilatning oldiga borib, Isoning jasadini so’radi.

53 Yusuf jasadni xochdan tushirib olib, zig`ir matosi bilan kafanladi. Keyin jasadni qoyaga o’yilgan qabrga qo’ydi. Bu qabrga hali hech kim qo’yilmagan edi.

54 Bu kun Shabbat arafasi bo’lib, Shabbat kuni boshlanishiga oz qolgandi.

55 Jaliladan Iso bilan birga kelgan ayollar Yusufning orqasidan ergashib bordilar. Ular qabrni va Isoning jasadi qanday dafn qilinganini ko’rdilar.

56 Ular uylariga qaytib borib, jasadga surtish uchun xushbo’y moylar va atirlar tayyorladilar. Shabbat kuni esa, qonunda buyurilganday, dam oldilar.

Iso Masih tiriladi

1 Yakshanba kuni erta tongda ayollar tayyorlab qo’ygan xushbo’y moylarini olib, qabrga keldilar.

2 Qabr og`zidagi tosh ag`darilib yotganini ko’rdilar.

3 Ichkariga kirdilar, ammo Rabbimiz Isoning jasadini topmadilar.

4 Ular gangib qoldilar. Shunda to’satdan ayollarning qarshisida ikki odam paydo bo’ldi. Ularning kiyimlari yarqirab turardi.

5 Ayollar vahimadan boshlarini erga egib turishdi. Odamlar esa ayollarga shunday deyishdi:

— Nega siz tirikni o’liklar orasidan qidiryapsizlar?

6 U bu erda yo’q, U tirildi! Hali Jalilada bo’lgan paytida sizlarga nima deganini eslanglar.

7 U sizga: “Inson O`g`li gunohkor odamlar qo’liga tutib beriladi, xochga mixlanadi, uchinchi kuni esa tiriladi”, degan edi–ku.

8 Shunda ayollar Isoning bu so’zlarini esladilar.

9 Ular qabr yonidan qaytib, bu voqeani o’n bir shogirdga va qolgan hammaga aytib berdilar.

10 Havoriylarga bu xabarni Magdalalik Maryam, Yo’anna va Yoqubning onasi Maryam etkazdilar. Ular bilan birga boshqa ayollar ham bor edi.

11 Ammo havoriylar, bu ayollar safsata tarqatyaptilar, deb o’yladilar, ayollarning gaplariga ishonmadilar.

12 Butrus esa o’rnidan turib, qabr tomon yugurdi. Ichkariga engashib qarab, u erda faqatgina kafanni ko’rdi. Yuz bergan voqeadan hayron qolib, uyiga qaytib ketdi.

Emmaus yo’lida

13 O`sha kuni Isoning shogirdlaridan ikkitasi Emmaus degan qishloqqa ketishayotgan edi. Bu qishloq Quddusdan taxminan o’n chaqirim uzoqlikda joylashgan edi.

14 Ular yuz bergan voqealar to’g`risida suhbatlashib ketayotgan edilar.

15 Ular gaplashib, bo’lib o’tganlarni muhokama qilib ketayotganlarida, Isoning O`zi ularga yaqinlashib, hamroh bo’ldi.

16 Shogirdlar Isoni ko’rdilar, ammo Uni taniy olmadilar.

17 Iso ulardan:

— Nimani muhokama qilib ketyapsizlar? — deb so’radi. Ular to’xtab qoldilar, yuzlari g`amgin edi.

18 Shogirdlaridan Kleopas degani Unga javob berdi:

— Shu kunlarda Quddusda ko’p voqealar yuz berdi. Bulardan bexabar qolgan musofir yolg`iz Siz bo’lsangiz kerak.

19 — Qanday voqealar? — deb so’radi Iso ulardan.

— Nosiralik Iso to’g`risidagi voqealar–da, — deb javob berdi ular. — Iso payg`ambar edi, Xudo oldida va butun xalq oldida so’zlari va ishlari bilan qudratini ko’rsatdi.

20 Ammo bosh ruhoniylarimiz bilan yo’lboshchilarimiz Uni o’limga mahkum qilib, xochga mixlash uchun tutib berdilar.

21 Biz esa, U Isroilni xalos etadi, deb umid qilgan edik. Bu hodisalar sodir bo’lganiga bugun uch kun bo’ldi.

22 Buning ustiga–ustak, oramizdagi ayrim ayollar bizni hayratda qoldirishdi. Ular bugun saharda qabrga borgan ekanlar,

23 Uning jasadini topa olmabdilar. Ayollar qaytib kelib: “Bizga farishtalar zohir bo’ldi, ular bizga, Iso tirik, deb aytishdi” degan xabarni olib kelishdi.

24 Shunda oramizdan ba`zilar qabrga borib, ayollarning gapi to’g`ri ekanini ko’rdilar. Iso qabrda yo’q edi.

25 Iso ularga dedi:

— Bunchalik befahm bo’lmasangizlar?! Payg`ambarlarning gaplariga ishonish nega sizlar uchun shunchalik qiyin?!

26 Axir, Masih ulug`lanishidan oldin bu azoblarni boshdan kechirishi kerak edi–ku!

27 Keyin Musodan tortib, barcha Payg`ambarlar bitiklarida O`zi haqida yozilgan so’zlarning hammasini Iso ularga tushuntirdi.

28 Nihoyat, ular borayotgan qishloqqa yaqinlashdilar. Iso O`zini yo’lda davom etadigan qilib ko’rsatdi.

29 Lekin ular Isoga:

— Kech bo’lib qoldi, hademay qorong`i tushadi. Biz bilan birga qoling, — deb qistadilar.

Iso ular bilan birga qolgani ichkariga kirdi.

30 Ular bilan birga dasturxonga o’tirganda, nonni olib shukrona duosini aytdi va nonni sindirib ularga berdi.

31 Shunda ularning ko’zlari ochilib, Isoni tanib qolishdi. Biroq Iso ko’zdan g`oyib bo’ldi.

32 Shogirdlar bir–biriga dedilar:

— U yo’lda biz bilan gaplashib, Muqaddas bitiklarni tushuntirayotganda, yuraklarimiz jizillamaganmidi, axir?!

33 Shu zahoti o’rinlaridan turib, Quddusga qaytib bordilar. O`n bir havoriyni va ular bilan to’planib turganlarni topdilar.

34 Havoriylar ularga:

— Rabbimiz Iso haqiqatan ham tirilibdi! U Butrusga ko’rinibdi! — deb aytdilar.

35 Shunda Emmausdan qaytib kelgan ikki shogird ham yo’ldagi voqealarni, Iso nonni sindirayotganda Uni qanday tanib qolganlarini aytib berdilar.

Iso shogirdlariga zohir bo’ladi

36 Ular bu to’g`rida hali gapirayotganlarida, Isoning O`zi o’rtalarida zohir bo’ldi.

— Sizlarga tinchlik bo’lsin! — dedi.

37 Shogirdlar, arvoh ko’ryapmiz, deb o’ylab o’takasi yorildi.

38 Lekin Iso ularga dedi:

— Nega qo’rqib ketdingizlar? Nechun ko’nglingizda buncha gumonlar tug`ilyapti?

39 Qo’llarimga va oyoqlarimga qaranglar, bu Men O`zimman. Meni ushlab ko’ringlar. Arvohning etu suyagi bo’lmaydi–ku, axir! Mening esa, ko’rib turganingizday, etu suyagim bor.

40 Iso shu gaplarni aytib, ularga qo’l–oyoqlarini ko’rsatdi.

41 Shogirdlari sevinchdan taajjublanib hali ham ishonmay turganlarida, Iso ulardan so’radi:

— Bu erda eydigan biron narsangiz bormi?

42 Shogirdlari Unga bir bo’lak qovurilgan baliq berishdi.

43 Iso buni olib, ularning ko’zlari oldida edi.

44 Keyin Iso shogirdlariga dedi:

— Sizlar bilan birga bo’lgan paytlarimda, Musoning Tavrot kitobida, Payg`ambarlar bitiklarida va Zaburda Men to’g`rimda yozilganlar bajo bo’lishi kerak, deb sizlarga aytgan edim.

45 So’ngra Iso, Muqaddas bitiklarni tushunib etsinlar deb, ularning ongini ochdi

46 va ularga dedi:

— Masih azob chekishi va uchinchi kuni o’likdan tirilishi kerak, deb yozilgan.

47 Yana, tavba qilish va gunohlarning kechirilishi haqidagi xabar Uning nomi bilan jamiki xalqlarga va`z qilinishi kerak, deb ham yozilgan. Shunday ekan, Quddusdan boshlab,

48 hamma odamlarga ko’rgan–bilganlaringizni aytinglar.

49 Men sizlarga osmondagi Otam va`da qilgan Muqaddas Ruhni yuboraman. Shuning uchun yuqoridan qudrat kelib sizlarni qamrab olmaguncha, shu shaharda qolinglar.

Iso osmonga ko’tariladi

50 Shundan keyin Iso shogirdlarini shahardan tashqariga — Baytaniya yaqiniga olib chiqdi. Iso qo’llarini ko’tarib, ularni duo qildi.

51 Duo qilayotib, ulardan uzoqlashib boraverdi va osmonga ko’tarildi.

52 Shogirdlar esa Unga sajda qildilar va katta sevinch ila Quddusga qaytib bordilar.

53 Ular doimo Ma`badda bo’lib, Xudoni olqishlar edilar.