Mark

Mark

Yahyo cho’mdiruvchining va`zi

1 Xudoning O`g`li Iso Masih to’g`risidagi Xushxabar shunday boshlanadi.

2 Ishayo payg`ambarning kitobida yozilganki:

“Mana, Sendan oldin Men O`z elchimni yuboryapman,

U Sen uchun yo’lni hozirlaydi.

3 Cho’lda bir ovoz yangramoqda:

«Egamizga yo’l hozirlang,

Unga to’g`ri yo’l oching!»”

4 Darvoqe, Yahyo cho’mdiruvchi cho’lda odamlarga: “Gunohlaringizdan tavba qilib, suvga cho’minglar, shunda Xudo gunohlaringizni kechiradi”, deb va`z qila boshladi.

5 Quddus aholisi va Yahudiya o’lkasining qolgan hamma joylaridan kelgan odamlar Yahyoning oldiga borishardi. Ular gunohlarini e`tirof etishar, Yahyo ularni Iordan daryosida cho’mdirar edi.

6 Yahyoning kiyimlari tuya junidan to’qilgan bo’lib, beliga charm kamar bog`lagan edi. U chigirtka va yovvoyi asal erdi.

7 U xalqqa shunday deb e`lon qilardi: “Mendan ham qudratliroq bo’lgan bir Zot ortimdan kelmoqda. Men engashib Uning choriq iplarini echishga ham arzimayman.

8 Men sizlarni suvga cho’mdiryapman, U esa sizlarni Muqaddas Ruhga cho’mdiradi.”

Iso suvga cho’mdiriladi

9 O`sha kunlari Iso Jalila hududining Nosira shahridan Yahyo oldiga keldi. Yahyo Uni Iordan daryosida cho’mdirdi.

10 Suvdan chiqishi bilanoq Iso osmonning ochilib ketganini va Muqaddas Ruh Uning ustiga kaptarday tushib kelganini ko’rdi.

11 Osmondan esa: “Sen Mening sevikli O`g`limsan, Sendan nihoyatda mamnunman” degan ovoz eshitildi.

Iso vasvasaga solinadi

12 Muqaddas Ruh Isoni darhol sahroga boshlab ketdi.

13 Iso sahroda qirq kun bo’lib, shayton tomonidan vasvasaga solindi. Iso yovvoyi hayvonlar orasida yashab, farishtalar Unga xizmat qilishardi.

14 Yahyo hibsga olingandan keyin, Iso Jalilaga borib, Xudoning Xushxabarini va`z qildi:

15 “Vaqt–soati etdi. Xudoning Shohligi yaqinlashdi! Tavba qilinglar, Xushxabarga ishoninglar!”

Isoning dastlabki shogirdlari

16 Iso Jalila ko’li bo’ylab o’tayotib, Shimo’n va uning ukasi Endrusni ko’rib qoldi. Ular baliqchi bo’lib, ko’lga to’r tashlayotgan edilar.

17 Iso ularga dedi: “Ortimdan yuringlar. Men sizlarga odamlarni ovlashni o’rgataman.”

18 Ular o’sha zahotiyoq to’rlarini tashlab, Isoga ergashdilar.

19 Iso bir oz nari yurgach, Zabadiyoning o’g`illari Yoqub va Yuhannoni ko’rib qoldi. Ular qayiqda to’rlarini yamab o’tirishgan edi.

20 Iso shu onda ularni ham chaqirdi. Ular otalari Zabadiyoni va yollanma ishchilarni qayiqda qoldirib, Isoga ergashdilar.

Jinga chalingan odam

21 Ular Kafarnahum shahriga kirib borishdi. Shabbat kuni Iso sinagogaga kirib, ta`lim bera boshladi.

22 Xaloyiq Isoning ta`limotini eshitib, hayratda qoldi, chunki U odamlarga Tavrot tafsirchilariday emas, balki hokimiyat egasi kabi ta`lim berar edi.

23 O`sha sinagogada yovuz ruhga chalingan bir odam bor edi. U to’satdan qichqirib yubordi:

24 — Ey Nosiralik Iso! Bizni tinch qo’y! Sen bizni halok qilgani keldingmi? Sening kimligingni bilaman: Sen Xudoning Azizisan!

25 Biroq Iso jinga do’q urib:

— Jim bo’l! Undan chiqib ket! — dedi.

26 Yovuz ruh u odamni qattiq siltadi, ovozi boricha baqirib, uning ichidan chiqib ketdi.

27 Odamlar hayratlanib, bir–birlaridan so’ray boshladilar:

— Bu nimasi? Hokimiyatga ega bo’lgan yangi ta`limot–ku! U yovuz ruhlarga buyruq beradi, yovuz ruhlar esa Unga bo’ysunadi–ya!

28 Shunday qilib, Isoning shuhrati butun Jalila hududi bo’ylab yoyila boshladi.

Iso ko’p odamlarni sog`aytiradi

29 Iso, Shimo’n, Endrus, Yoqub, Yuhanno sinagogadan chiqib, to’g`ri Shimo’n va Endrusning uyiga bordilar.

30 Shimo’nning qaynanasi isitmalab, to’shakda yotgan edi. Iso kelishi bilanoq Unga bu haqda aytishdi.

31 Iso ayolning yoniga bordi, qo’lidan tutib, o’tirg`izib qo’ydi. Shunda ayolning isitmasi tushdi, u mehmonlarga xizmat qila boshladi.

32 Quyosh botib kech kirgan paytda, odamlar xastalarni va jinga chalinganlarni Isoning oldiga olib kelishdi.

33 Butun shahar aholisi eshik oldiga yig`ildi.

34 Iso turli dardu illatlardan qiynalgan ko’p odamlarni sog`aytirdi. Ko’plarning ichidan jinlarni quvib chiqardi. Jinlarning gapirishiga ijozat bermasdi, chunki jinlar Isoning kimligini bilishardi.

Iso Jaliladagi sinagogalarda va`z qiladi

35 Ertasi kuni saharda, tong yorishmasdan oldin, Iso o’rnidan turib, uydan chiqib ketdi. Kimsasiz joyga borib, ibodat qildi.

36 Shimo’n va boshqalar Isoni qidirib ketdilar.

37 Isoni topib:

— Hamma Sizni izlab yuribdi! — dedilar.

38 Iso ularga:

— Yaqin atrofdagi qishloqlarga boraylik, Men u erlarda ham voizlik qilay, chunki Men ana shu maqsadda kelganman, — dedi.

39 Shunday qilib, Iso butun Jalila hududini kezib, u erdagi sinagogalarda voizlik qilar va odamlarning ichidan jinlarni quvib chiqarar edi.

Teri kasalligiga chalingan odamni Iso sog`aytiradi

40 Teri kasalligiga chalingan bir odam Isoning oldiga keldi. U tiz cho’kib, yalindi:

— Bilaman, agar istasangiz, meni bu kasallikdan poklay olasiz.

41 Isoning unga rahmi kelib, qo’lini uzatdi va unga tekkizib:

— Istayman, pok bo’l! — dedi.

42 Shu zahoti o’sha odam kasalligidan forig` bo’lib, poklandi.

43-44 Iso uni qat`iy ogohlantirib dedi:

— Menga qara! Bu to’g`rida birovga og`iz ocha ko’rma. Borib, o’zingni ruhoniyga ko’rsat. Poklanganingni hammaga isbot qilish uchun Muso amr qilgan qurbonliklarni keltir.

Shu so’zlar bilan Iso uni darhol jo’natib yubordi.

45 O`sha odam esa ketayotib, ro’y bergan hodisani bemalol har yoqqa yoya boshladi. Shu bois Iso biror shaharga ochiqchasiga bora olmay qoldi. Aksincha, shahardan tashqarida, kimsasiz joylarda yashaydigan bo’ldi. Shunga qaramay, xaloyiq har tomondan Uning oldiga kelar edi.

Iso sholni sog`aytiradi

1 Bir necha kundan keyin Iso yana Kafarnahum shahriga keldi. Uning kelgani to’g`risidagi xabar tezda shaharga tarqaldi.

2 Shu qadar ko’p odam yig`ildiki, Iso o’tirgan uyning hatto eshigi oldida ham joy qolmadi. Iso xalqqa Xudoning so’zini o’rgatayotgan edi.

3 Shu orada to’rt kishi bir shol odamni ko’tarib keldilar.

4 Olomon ko’pligidan ular sholni Isoning oldiga olib bora olmay, uyning tomidan teshik ochdilar. Sholni to’shagi bilan Isoning oldiga tushirdilar.

5 Iso ularning ishonchini ko’rib, sholga:

— O`g`lim, gunohlaring kechirildi, — dedi.

6 Bu erda ba`zi Tavrot tafsirchilari o’tirgan edilar. Ular ichlarida shunday deb o’ylagan edilar:

7 “Nega bu Odam bunday deyapti? Bu kufrlik–ku! Xudodan boshqa hech kim gunohlarni kechira olmaydi!”

8 Iso shu onda ularning o’y–fikrlarini bilib, dedi:

— Nega bunday narsalarni o’ylaysizlar?

9 Qaysi biri osonroq? Sholga: “Gunohlaring kechirildi”, deb aytishmi yoki: “O`rningdan tur, to’shagingni olgin–da, yur!” deb aytishmi?

10 Inson O`g`liga er yuzida gunohlarni kechirish hokimiyati berilgan. Hozir shuni bilib olasizlar.

U shunday dedi–yu, sholga:

11 — Senga aytaman: o’rningdan tur! To’shagingni olib, uyingga bor! — deb buyurdi.

12 Shol odam o’rnidan turdi, darhol to’shagini olib, hammaning ko’zi oldida chiqib ketdi. Hamma hayratga tushib: “Bunaqasini hech qachon ko’rmagan edik”, deb Xudoni ulug`lar edilar.

Iso Levini chaqiradi

13 Iso yana Jalila ko’li bo’yiga chiqdi. Tumonat xaloyiq Uning oldiga to’plandi. Iso ularga ta`lim berdi.

14 Iso ko’l bo’ylab yurarkan, soliq yig`adigan joyda o’tirgan Xalfey o’g`li Levini ko’rib qoldi. Iso unga:

— Ortimdan yur! — dedi. Levi o’rnidan turib, Isoga ergashdi.

15 Bir ozdan keyin Iso Levining uyida mehmon bo’ldi. Isoga ergashgan ko’p soliqchilar va gunohkorlar ham Uning shogirdlari qatorida dasturxon atrofida o’tirardilar.

16 Iso gunohkorlar va soliqchilar bilan birga ovqatlanib o’tirganini farziy mazhabidan bo’lgan ba`zi Tavrot tafsirchilari ko’rib, Uning shogirdlariga:

— Bu qanday gap? U soliqchilaru gunohkorlar bilan birga ovqatlanib o’tiribdi–ku! — deyishdi.

17 Iso buni eshitib, shunday javob berdi:

— Men solihlarni emas, gunohkorlarni tavbaga chaqirgani kelganman. Axir, sog`lar emas, xastalar tabibga muhtojdir.

Ro’za tutish haqida savol

18 Yahyoning ham, farziylarning ham shogirdlari ro’za tutishar edi. Ba`zi odamlar Isoning yoniga kelib:

— Nega Yahyoning shogirdlari va farziylarning shogirdlari ro’za tutadi–yu, Sizning shogirdlaringiz tutmaydi? — deb so’rashdi.

19 Iso ularga dedi:

— To’yda mehmonlar ro’za tuta oladilarmi? Albatta, yo’q! Kuyov ular bilan birga bo’lganda, ular ro’za tuta olmaydilar.

20 Biroq ular kuyovdan judo bo’ladigan kunlar keladi, ana o’shanda ro’za tutadilar.

21 Hech kim eski kiyimga yangi matodan yamoq solmaydi. Aks holda, yangi yamoq eski kiyimni battar yirtib yuboradi.

22 Shuningdek, hech kim yangi sharobni eski meshga quymaydi. Chunki yangi sharob meshni yorib yuboradi, sharob ham, mesh ham isrof bo’ladi. Aksincha, yangi sharobni yangi meshga quymoq darkor.

Shabbat kuniga rioya qilish haqida

23 Shabbat kunlarining birida Iso bug`doyzordan o’tib ketayotgan edi. Uning shogirdlari yo’l–yo’lakay boshoqlarni uza boshladilar.

24 Buni ko’rgan farziylar Isoga:

— Qara, nega ular Shabbat kuni qonunga xilof ish qilyaptilar? — deyishdi.

25 Iso ularga dedi:

— Dovud hamrohlari bilan och qolib, ovqatga muhtoj bo’lganda nimalar qilganini nahotki sizlar hech o’qimagan bo’lsangiz?!

26 U oliy ruhoniy Abuatar zamonida Xudoning uyiga kirib, muqaddas nonlarni egan. Hatto hamrohlariga ham bergan. Qonunga muvofiq esa bunday nonlarni faqat ruhoniylar eyishga haqli edilar–ku!

27 Keyin Iso davom etdi:

— Inson Shabbat kuni uchun emas, balki Shabbat kuni inson uchun yaratilgan.

28 Shu bois, Inson O`g`li Shabbat kunining ham Hokimidir.

Qo’li shol odamni Iso sog`aytiradi

1 Boshqa bir kuni Iso sinagogaga kirdi. U erda qo’li shol bir odam bor edi.

2 Isoni ayblamoqchi bo’lgan ba`zi odamlar: “Iso Shabbat kuni ham bu odamga shifo berarmikan”, deb Uni kuzatib turardilar.

3 Qo’li shol odamga Iso:

— Oldinga chiq! — dedi.

4 So’ng xaloyiqdan so’radi:

— Qonunga muvofiq Shabbat kuni yaxshilik qilish kerakmi yoki yomonlikmi? Jonni xalos qilish kerakmi yoki halok qilishmi?

Ular esa indamay turaverdilar.

5 Iso odamlarning bunday bag`ri toshligidan ranjib, atrofga g`azab bilan qaradi. So’ngra o’sha odamga:

— Qo’lingni uzat! — dedi.

U odam qo’lini uzatishi bilanoq, qo’li soppa–sog` bo’lib qoldi.

6 Farziylar esa darrov tashqariga chiqib: “Isoni qanday qilib o’ldirsak ekan?” deb Hirod tarafdorlari bilan til biriktirishdi.

Ko’l bo’yidagi olomon

7-8 Iso shogirdlari bilan Jalila ko’li tomonga ketdi. Unga bir talay olomon ergashdi. Uning qilgan ishlari to’g`risida eshitgan bu odamlar Jaliladan, Yahudiyadan, Quddusdan, Idumeya hududidan, Iordan daryosining sharqidagi erlardan, shuningdek, Tir va Sidon atrofidagi hududlardan kelgan edilar.

9 Odam ko’pligidan oyoq ostida qolib ketmay deb, Iso shogirdlariga qayiq tayyorlab qo’yishni buyurdi.

10 Iso ko’pchilikka shifo bergani uchun, hamma xastalar Isoga qo’llarini tekkizmoqchi bo’lib, U tomon yopirilishardi.

11 Yovuz ruhga chalingan odamlar esa Isoni ko’rgan zahoti, Uning oyoqlariga yiqilib: “Sen Xudoning O`g`lisan”, — deb baqirib yuborishardi.

12 Ammo Iso: “Mening kimligimni aytmanglar!” deb ularga qat`iy buyurardi.

Iso o’n ikki havoriyni tanlaydi

13 Shundan so’ng Iso toqqa chiqib, O`zi xohlagan odamlarni yoniga chaqirdi. Ular kelgach,

14 Iso o’n ikki odamni tanlab olib, ularga havoriylar deb nom berdi. So’ngra dedi:

— Men bilan birga bo’lishlaringiz uchun sizlarni tanlab oldim. Men sizlarni va`z aytishga yuboraman.

15 Sizlarga jinlarni haydash hokimiyatini beraman.

16 Iso tanlab olgan o’n ikki havoriy quyidagilardir: Shimo’n (Iso unga Butrus deb ism berdi),

17 Zabadiyo o’g`illari Yoqub va Yuhanno (Iso ularga Baniragash, ya`ni “momaqaldiroq o’g`illari” deb nom berdi),

18 yana Endrus, Filip, Bartolomey, Matto, To’ma, Xalfey o’g`li Yoqub, Taddeyus, vatanparvar Shimo’n

19 va Isoga xiyonat qilgan Yahudo Ishqariyot.

Iso va shayton

20 Shundan so’ng Iso uyga ketdi. Ammo yana ko’p xaloyiq to’plangani uchun Iso va shogirdlarining hatto non eyishga ham vaqtlari bo’lmadi.

21 Isoning qilgan ishlari to’g`risida oila a`zolari eshitib: “Iso aqldan ozib qolibdi”, deb Uni olib ketgani keldilar.

22 Quddusdan kelgan Tavrot tafsirchilari esa:

— Uning ichiga Baalzabul kirib olgan. U Baalzabulning — ins–jinslar hukmdorining kuchi bilan jinlarni quvib chiqaryapti, — deyishdi.

23 Shunda Iso ularni yoniga chaqirib, masal bilan so’zlay boshladi:

— Qanday qilib shayton shaytonni quvib chiqara oladi?!

24 Agar bir shohlik nizo tufayli o’z ichidan bo’linib ketsa, bunday shohlik xarob bo’ladi.

25 Agar bir xonadon nizo tufayli o’z ichidan bo’linib ketsa, u xonadon barbod bo’ladi.

26 Bordi–yu, shaytonning shohligi o’z–o’ziga qarshi chiqib, bo’linib ketsa, u barbod bo’lib, kuni bitadi.

27 Hech kim kuchli odamning uyiga bostirib kirib, uning mol–mulkini talon–taroj qilib olib keta olmaydi. Uyning egasini o’g`ri bog`lab qo’ysagina, uyini talon–taroj qila oladi.

28 Sizlarga chinini aytayin: odamlarning qilgan gunohlari, aytgan har qanday kufrliklari kechiriladi.

29 Ammo kim Muqaddas Ruhga kufrlik qilsa, hech qachon kechirilmaydi, chunki bu abadiy gunohdir.

30 Iso bu so’zni, “Uni yovuz ruh chalgan” deganlari sababli aytdi.

Isoning onasi va ukalari

31 Isoning onasi bilan ukalari kelib qolishdi. Ular Isoni chaqirib kelish uchun odam yuborib, o’zlari uyning tashqarisida kutib turishdi.

32 Isoning atrofida olomon o’tirgan edi. Ular Isoga:

— Ana, onangiz va ukalaringiz tashqarida Sizni so’rayaptilar, — deyishdi.

33 Iso ularga javoban:

— Mening onam va ukalarim kim? — dedi.

34 So’ngra atrofida o’tirganlarga nazar solib dedi:

— Mana, Mening onam va ukalarim!

35 Kimda–kim Xudoning irodasini bajo qilsa, u Mening ukam, singlim, onam bo’ladi.

Urug` sepuvchi haqida masal

1 Iso yana ko’l bo’yida ta`lim berdi. Uning atrofida shu qadar ko’p olomon to’plandiki, U ko’ldagi qayiqqa tushib o’tirishga majbur bo’ldi. Olomon esa ko’l qirg`og`ida turardi.

2 Iso masal orqali xalqqa ta`lim berib, shunday dedi:

3 “Quloq solinglar! Bir dehqon urug` sepgani chiqibdi.

4 Urug` sepayotganda ba`zi urug`lar so’qmoq yo’l ustiga tushibdi. Qushlar uchib kelib, urug`larni cho’qib ketibdi.

5 Ba`zi urug`lar tuprog`i kam toshloqqa tushibdi. Tuproq kam bo’lgani uchun urug`lar tez ko’karib chiqibdi.

6 Biroq quyosh chiqqach, qovjirab, ildizi bo’lmagani uchun so’lib qolibdi.

7 Boshqa urug`lar tikanlar orasiga tushibdi. Tikanlar o’sib, urug`larni bo’g`ib qo’yibdi, urug`lar hosil bermabdi.

8 Yana boshqa urug`lar esa yaxshi tuproqqa tushibdi va unib–o’sib, o’ttiz, oltmish, hattoki yuz barobar ko’p hosil beribdi.”

9 Keyin Iso yana dedi: “Kimning eshitar qulog`i bo’lsa, eshitsin!”

Masallarning maqsadi

10 Iso o’n ikki shogirdi va boshqa ba`zi odamlar bilan yolg`iz qolganda, ular Isodan boyagi masalni tushuntirib berishini so’radilar.

11 Iso ularga dedi: “Xudo Shohligining sirini bilish sizlarga berilgan. Tashqaridagilarga esa hamma narsani masallar bilan gapiraman,

12 toki:

«Ular qarab turib, anglamasinlar,

Tinglab turib, tushunmasinlar.

Aks holda, Xudoga qaytadilar,

Gunohlaridan forig` bo’ladilar.»”

Urug` sepuvchi haqidagi masalning ma`nosi

13 Iso ularga dedi: “Agar bu masalni tushunmagan bo’lsangiz, boshqa masallarni qanday tushunasiz?!

14 Urug` sepuvchining sepgani — Xudoning kalomidir.

15 Ba`zi odamlar so’qmoq yo’l ustiga tushgan urug`larga o’xshaydilar. Ular kalomni eshitadilar, ammo o’sha zahoti shayton kelib, ularning ichiga ekilgan kalomni olib ketadi.

16 Boshqa odamlar toshloq erga tushgan urug`larga o’xshaydilar. Ular kalomni eshitganda, uni darrov sevinch bilan qabul qiladilar.

17 Lekin ularning ildizi bo’lmagani uchun uzoqqa chidamaydilar. Kalom tufayli qayg`u yoki quvg`inga duchor bo’lishsa, darrov chekinadilar.

18 Boshqa birlari tikanlar orasiga tushgan urug`larga o’xshaydilar. Ular Xudoning kalomini eshitadilar,

19 lekin dunyoning tashvishlari, boylikka o’chlik va boshqa havaslar ularning yuraklariga kirib, kalomni bo’g`ib qo’yadi, kalom esa samarasiz qoladi.

20 Boshqa birlari esa yaxshi tuproqqa tushgan urug`larga o’xshaydilar. Ular kalomni eshitib, qabul qiladilar va o’ttiz, oltmish, hatto yuz barobar hosil beradilar.”

Idish ostidagi chiroq

21 Iso ularga yana dedi: “Chiroqni olib kelib, idishning yoki chorpoyaning tagiga qo’yadimi?! Aksincha, chiroqpoyaga qo’yadi.

22 Shu singari, har qanday yashirin narsa ma`lum bo’ladi, har qanday sir ochiladi.

23 Kimning eshitar qulog`i bo’lsa, eshitsin!”

24 Keyin ularga yana dedi: “Eshitayotganlaringizni qulog`ingizga quyib oling! Siz qanday o’lchov bilan o’lchasangiz, xuddi shunday o’lchov bilan sizga ham o’lchab beriladi. Sizga yana qo’shib beriladi.

25 Kimda bor bo’lsa, unga yana beriladi. Kimda yo’q bo’lsa, bori ham undan tortib olinadi.”

Unib chiqqan urug` haqida masal

26 Iso yana shunday dedi: “Xudoning Shohligini shunga qiyoslasa bo’ladi: dehqon dalasiga urug` ekadi.

27 Kechasi bo’ldimi, uxlaydi, kunduzi bo’ldimi, turadi. Ammo urug` qanday unib chiqib, o’sishini u bilmaydi.

28 Er o’z–o’zidan avval poyani, so’ngra boshoqni, undan keyin boshoqdagi to’liq donni etishtiradi.

29 Hosil pishgach, yig`im–terim vaqti keldi, deb o’sha odam darhol o’roqni ishga soladi.”

Xantal urug`i haqida masal

30 Iso yana dedi: “Xudoning Shohligini yana nimaga o’xshatsak bo’ladi?! Uni qanday masal bilan ifodalasak bo’ladi?!

31 Xudoning Shohligi xantal urug`iga o’xshaydi: u erga sepiladigan urug`larning eng maydasidir.

32 Lekin sepilgandan keyin ko’karadi va barcha ko’katlardan baland bo’lib o’sadi. Katta shoxlar chiqaradi, osmondagi qushlar ham uning panohida uya quradi.”

33 Shunday qilib, Iso xalqning eshitish imkoniyatiga qarab, bu singari, ko’pgina masallar orqali Xudoning so’zini o’rgatardi.

34 Ularga masalsiz gapirmas edi. Shogirdlari bilan yolg`iz qolganda esa, ularga hammasini tushuntirar edi.

Iso bo’ronni tinchlantiradi

35 O`sha kuni kechqurun Iso shogirdlariga:

— Ko’lning narigi tomoniga o’taylik, — dedi.

36 Ular olomonni qoldirib, Isoni o’tirgan qayig`ida olib ketdilar. Isoning ketidan boshqa qayiqlar ham suzib ketdi.

37 Shu orada ko’lda kuchli bo’ron ko’tarildi. To’lqinlar qayiqni tebratib yubordi, qayiq suvga to’la boshladi.

38 Iso esa qayiqning quyruq tomonida yostiqqa bosh qo’yib, uxlab yotgan edi.

Shogirdlar Isoni uyg`otib:

— Ustoz! Halok bo’lyapmiz! Nahotki Sizga baribir bo’lsa?! — deyishdi.

39 Shunda Iso turib, shamolga: “Jim bo’l!” va ko’lga: “Bas qil!” deb buyurdi. Shu onda shamol tindi, chuqur sukunat bo’ldi.

40 Iso shogirdlariga:

— Nega qo’rqasizlar? Nega haligacha ishonchingiz yo’q? — dedi.

41 Ular esa vahimaga tushib, bir–biriga shunday deyishdi:

— Bu Kim bo’ldi ekan–a? Shamol ham, ko’l ham Unga bo’ysunadi–ya!

Jinga chalingan odamni Iso sog`aytiradi

1 Iso shogirdlari bilan ko’lning narigi qirg`og`idagi Gerasa hududiga etib keldi.

2 Iso qayiqdan tushishi bilanoq, yovuz ruhga chalingan bir odam qabrlar orasidan yugurib kelib, Uning qarshisidan chiqdi.

3 U odam qabristonda yashardi. Uni hech kim hatto zanjir bilan ham bog`lay olmasdi.

4 Ko’p marotaba uni kishanlaru zanjirlar bilan bog`lagan bo’lsalar–da, ammo u zanjirlarni uzib, kishanlarni ham sindirib tashlar edi. Uni tinchitishga hech kimning kuchi etmas edi.

5 Doimo, kechayu kunduz qabrlar orasida, tog`larda baqirib yurar, badanini toshlar bilan tilib, jarohatlar edi.

6 U Isoni uzoqdan ko’rib, yugurib keldi–da, Unga ta`zim qilib,

7 ovozi boricha baqirdi:

— Ey Iso, Xudoyi Taoloning O`g`li! Meni tinch qo’y! Xudo haqi Senga yolvoraman, menga azob berma!

8 Chunki Iso unga: “Ey yovuz ruh, bu odamdan chiqib ket!” — deb buyurgan edi.

9 Iso yovuz ruhdan:

— Isming nima? — deb so’radi.

— Ismim Tumonat, chunki bizlar ko’pchilikmiz, — deb javob berdi u.

10 Ularni bu hududdan tashqariga haydab chiqarmasligini Isodan qayta–qayta yolvorib so’radi.

11 O`sha tog`ning yon bag`rida katta cho’chqa podasi o’tlab yurgan edi.

12 Yovuz ruhlar Isoga yolvorib:

— Bizni shu cho’chqalarga yuborgin, ularga kiraylik, — deyishdi.

13 Iso ularga ruxsat berdi. Yovuz ruhlar esa shu zahoti u odamdan chiqib, cho’chqalarga kirib olishdi. Ikki mingga yaqin cho’chqa tik qiyalikdan ko’lga yopirilib, cho’kib ketdi.

14 Shunda cho’chqa boquvchilar qochib ketib, bo’lib o’tgan hodisani shahar va qishloqlarda gapirib yurdilar. Aholi esa nima bo’lganini ko’rishga bordi.

15 Ular Isoning oldiga kelganlarida, ilgari tumonat jin qamragan odamni kiyingan va aqli raso holda o’tirganini ko’rib, qo’rqib ketishdi.

16 Voqeani ko’rganlar esa haligi odam jindan qanday qutulgani va cho’chqalar bilan nima ro’y bergani haqida xalqqa so’zlab berishdi.

17 Shunda mahalliy xalq Isodan: “Hududimizdan chiqib keting”, deb o’tindi.

18 Iso qayiqqa tushdi. Jindan qutulgan odam Isoga:

— Siz bilan ketay, — deb yolvordi.

19 Lekin Iso rozi bo’lmadi. Unga shunday dedi:

— Uyingga bor, Men — Rabbing sen uchun nimalar qilganimni, qanday rahm–shafqat ko’rsatganimni o’z yaqinlaringga gapirib ber.

20 Shunda u kishi borib, Iso unga qanchalar muruvvat ko’rsatganini Dekapolis hududida e`lon qila boshladi. Hamma hayratga tushardi.

Sog`aygan ayol va tirilgan qiz haqida

21 Iso qayiqda ko’lning narigi tomoniga yana suzib o’tdi. Bir talay olomon qirg`oqda Uning atrofiga to’plandi.

22 Shu payt Yair ismli bir kishi kelib qoldi. U sinagoga boshlig`i edi. U Isoni ko’rdi–yu, oyog`iga yiqilib:

23 — Mening jajji qizim o’lim to’shagida yotibdi. Kelib unga qo’lingizni tekkizing, u sog`ayib tirik qolsin, — deb qayta–qayta yolvordi.

24 Iso u bilan ketdi. Isoning orqasidan ko’p xaloyiq ergashib, Uni qisib qo’yar edi.

25 U erda o’n ikki yildan beri qon ketishidan azob chekayotgan bir ayol ham bor edi.

26 U ko’p tabiblar muolajasidan ancha qiynalib, butun mol–mulkini sarf etgani bilan hech foyda ko’rmagan, ahvoli battar yomonlashib borardi.

27 Ayol Iso haqida eshitdi–yu, xaloyiq orasida Isoning orqasidan kelib, kiyimiga qo’l tekkizdi.

28 U o’zicha: “Agar kiyimiga bir tegib olsam bas, sog`ayib ketaman”, deb o’ylagan edi.

29 U shunday qilishi bilanoq, qon ketishi to’xtadi. Ayol kasallikdan forig` bo’lganini o’z tanasida his etdi.

30 Iso esa shu onda O`zidan bir kuch chiqqanligini sezdi. U orqasiga o’girilib xaloyiqdan:

— Kiyimimga kim tegdi? — deb so’radi.

31 Shogirdlari Unga:

— Sizni xaloyiq qisib turganligini ko’rib turibsiz–ku! Nimaga yana: “Menga kim tegdi?” deb so’rayapsiz? — deyishdi.

32 Lekin Iso buni kim qilganini ko’rish uchun atrofga qarar edi.

33 Ayol o’zida qanday o’zgarish bo’lganini bilib, titrab–qo’rqib keldi, Isoning oyoqlari ostiga o’zini tashlab, butun haqiqatni Unga so’zlab berdi.

34 Iso unga dedi:

— Qizim, ishonching seni sog`aytirdi. Eson–omon bor, dardingdan xalos bo’lgin.

35 Iso shunday deb turgan ham ediki, sinagoga boshlig`ining uyidan odamlar kelib unga:

— Qizingiz o’ldi, nega yana Ustozni ovora qilyapsiz? — dedilar.

36 Iso bu so’zlarni eshitib qolib, sinagoga boshlig`iga:

— Qo’rqmang, faqat ishoning, — dedi.

37 Iso hech kimning ergashishiga yo’l qo’ymay, faqat Butrus, Yoqub va uning ukasi Yuhannoni olib ketdi.

38 Sinagoga boshlig`ining uyiga etganlarida, bezovtalikni, dod–faryod qilayotgan odamlarni ko’rdilar.

39 Iso ichkariga kirib:

— Nega bezovtasizlar? Nega yig`layapsizlar? Qizcha o’lmagan, u uxlab yotibdi, — dedi.

40 Ular esa Isoning ustidan kulishdi.

Iso hammani tashqariga chiqarib yubordi. U qizchaning ota–onasi va shogirdlarini olib qolib, qizcha yotgan xonaga kirdi.

41 Qizchaning qo’lidan ushlab unga:

— Talifa kum! — dedi. Bu gapning tarjimasi: “Qizaloq, qani, o’rningdan tur!” demakdir.

42 O`n ikki yashar qizcha shu onda o’rnidan turdi, yurib, atrofni aylana boshladi. Buni ko’rganlarning aqli shoshdi.

43 Iso:

— Buni hech kim bilmasin, — deb ularga qat`iy buyurdi va qizchaga ovqat berishlarini aytdi.

Iso Nosira shahrida rad qilinadi

1 Iso u erdan jo’nab, ona shahriga bordi. Shogirdlari ham Uning ortidan ergashdilar.

2 Shabbat kuni Iso sinagogada ta`lim berdi. Uni tinglayotganlarning ko’pchiligi hayratga tushib:

— Bu Odam shuncha narsani qaerdan o’rgandi ekan–a? — deb so’rardilar. — Unga bunday donolikni kim berdi? U bunday mo’`jizalarni qanday qilyapti?

3 Ie, U Maryamning duradgor o’g`li–ku! Yoqub, Yusuf, Yahudo va Shimo’nning akasi emasmi bu?! Uning singillari ham oramizda yashaydi–ku!

Odamlar Isodan qattiq xafa bo’ldilar.

4 Iso ularga shunday dedi:

— Payg`ambar ona shahridan, o’z qarindosh–urug`lari va uyidan boshqa hamma erda izzatlanadi.

5 Iso u erda hech qanday mo’`jiza ko’rsata olmadi. Faqatgina birmuncha bemorlarga qo’l tekkizib, ularni sog`aytirdi.

6 Iso odamlarning ishonchsizligiga hayron qoldi.

Iso o’n ikki havoriyni xizmatga yuboradi

Shundan so’ng Iso atrofdagi qishloqlarda kezib yurib, ta`lim berardi.

7 O`n ikki havoriyni yoniga chaqirib, ikkita–ikkitadan qilib jo’nata boshladi. Ularga yovuz ruhlar ustidan hokimiyat berdi.

8 Ularga buyurib dedi: “Yo’l uchun yolg`iz hassadan boshqa hech narsa — non ham, to’rva ham, belbog`laringizga mis chaqa ham qistirib olmanglar,

9 oyog`ingizga choriq kiyib, ustingizga qo’shimcha kiyim olmanglar.”

10 Iso yana dedi: “Biror erga borib, bironta uyga kirganingizda, to o’sha joyni tark etguningizgacha, shu uyda turinglar.

11 Agar biror joyning odamlari sizni qabul qilmasa va sizga quloq solmasa, u erdan chiqib ketayotganingizda ularni ogohlantirish tariqasida oyoqlaringizning changini qoqib ketinglar.”

12 Shunday qilib, havoriylar yo’l yurib, tavba qilinglar, deb hammani da`vat qilishdi.

13 Ular ko’p jinlarni quvib chiqarishdi va ko’p xastalarga zaytun moyi surtib ularni sog`aytirishdi.

Yahyo cho’mdiruvchining o’limi

14 Isoning nomi el og`ziga tushib qolgan edi. Shoh Hirodning qulog`iga ham mish–mishlar etib bordi. Ba`zi odamlar: “Yahyo cho’mdiruvchi tirilib kelibdi. Shuning uchun U mo’`jizalar ko’rsatish qudratiga ega”, deyishardi.

15 Boshqalar esa: “Bu Ilyos”, deb aytishardi. Yana boshqa birovlari: “Qadimgi payg`ambarlarga o’xshagan bir payg`ambar bu”, deb aytardilar.

16 Hirod bularni eshitib: “Men boshini oldirgan Yahyo tirilib kelibdi”, dedi.

17-18 Hirod o’z ukasi Filipning xotini Hirodiyaga uylangan edi. Yahyo esa Hirodga: “Siz ukangizning xotiniga uylana olmaysiz, bu qonunga zid”, deb aytar edi. Shuning uchun Hirod Yahyoni qo’lga olib, zindonga qamatib qo’ygan edi.

19 Hirodiyaning ham Yahyoda qasdi bor edi. U Yahyoni o’ldirmoqchi bo’lardi, ammo bu niyatiga eta olmayotgan edi.

20 Negaki Hirod Yahyoning solih va muqaddas kishi ekanini bilib, undan qo’rqar va uni himoya qilar edi. Uning so’zlari Hirodni gangitib qo’yardi, shunga qaramay, Hirod uni eshitishni xush ko’rardi.

21 Bir kuni qulay fursat tug`ilib qoldi. Hirod o’zining tug`ilgan kuni munosabati bilan amaldorlariga, lashkarboshilariga va Jalila hududining yo’lboshchilariga ziyofat berdi.

22 Hirodiyaning qizi kirib, raqs tushdi va Hirod bilan ulfatlarining ko’nglini topdi. Shoh qizga:

— Tila tilagingni, tilagan narsangni beraman, — dedi.

23 Unga hatto qasam ichib:

— Mendan nima so’rasang, beraman, shohligimning yarmigacha bo’lsa ham, beraman, — dedi.

24 Qiz tashqariga chiqib onasiga:

— Nima so’ray? — dedi.

— Yahyo cho’mdiruvchining boshini so’ra! — dedi onasi.

25 Qiz shu onda shoh huzuriga yugurib borib:

— Menga hoziroq Yahyo cho’mdiruvchining boshini laganda keltirib berishingizni so’rayman, — dedi.

26 Shoh juda xafa bo’ldi. Ammo mehmonlari oldida qasam ichgani uchun qizning iltimosini rad etishni istamadi.

27 U o’sha zahoti jallodni yuborib, Yahyoning boshini keltirishni buyurdi.

28 Jallod zindonga borib, Yahyoning boshini tanidan judo qildi. Keyin uning boshini laganda keltirib, qizga berdi. Qiz esa onasiga berdi.

29 Yahyoning shogirdlari yuz bergan hodisani eshitib, uning jasadini olgani borishdi va uni dafn etishdi.

Iso 5000 kishini to’ydiradi

30 Havoriylar Isoning oldiga yig`ilib, qilgan hamma ishlarini, xalqqa nimalar o’rgatishganini aytib berdilar.

31 Iso ularga:

— Kelinglar, yolg`iz o’zimiz kimsasiz joyga boraylik, bir oz dam olinglar, — dedi. Chunki kelib–ketuvchilar ko’pligidan ularning ovqat eyishga ham vaqti yo’q edi.

32 Iso bilan shogirdlari qayiqqa tushib, yolg`iz o’zlari kimsasiz joyga jo’nab ketishdi.

33 Lekin ko’pchilik ularning qaerga ketayotganini bilib qoldilar. Shunda atrofdagi hamma shaharlardan odamlar piyoda yo’lga tushishdi, Iso bilan shogirdlari borayotgan joyga yugurib, ulardan oldin etib borishdi.

34 Iso qayiqdan tushganda, katta bir olomonni ko’rdi. Ularga achinib ketdi, chunki ular cho’ponsiz qo’ylarga o’xshardi. Iso ularga ko’p narsalar haqida ta`lim berdi.

35 Kech kirganda, shogirdlar Isoning oldiga kelib dedilar:

— Bu joy kimsasiz ekan, buning ustiga, juda kech bo’lib qoldi.

36 Xalqni jo’natib yuboring, toki ular atrofdagi qishloq va ovullarga borib, o’zlariga egulik sotib olishsin.

37 — Sizlar ularga ovqat beringlar! — dedi Iso.

— Nahotki biz ikki yuz kumush tangaga non sotib olib kelib, xalqqa edirsak? — deb so’rashdi Undan.

38 Iso dedi:

— Qancha nonlaringiz bor? Borib ko’ringlar.

Ular bilib kelib:

— Beshta non, ikkita baliq bor ekan, — deyishdi.

39 Iso xaloyiqni guruh–guruh qilib, yashil o’t ustiga o’tqazishni shogirdlariga buyurdi.

40 Xalq yuztadan va elliktadan guruh–guruh bo’lib o’tirdi.

41 Iso beshta non bilan ikkita baliqni oldi va osmonga qarab, shukrona duosini o’qidi. Nonlarni sindirib, xaloyiqqa tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Ikkita baliqni ham hammaga taqsimlab berdi.

42 Hamma eb to’ydi.

43 So’ng ortib qolgan non burdalarini va baliqlarni yig`ib olishgan edi, to’la o’n ikki savat chiqdi.

44 Non eganlar orasida besh ming erkak bor edi.

Iso suv ustida yuradi

45 Iso vaqt o’tkazmay, shogirdlarini qayiqqa tushirib, ko’lning narigi tomonidagi Baytsayda shahriga ketishga majbur qildi. Olomonni esa uylariga qaytarib jo’natib yubordi.

46 Odamlar bilan xayrlashgandan keyin, ibodat qilish uchun tepalikka chiqdi.

47 Oqshom tushdi. Qayiq ko’lning o’rtasida, Iso esa yolg`iz O`zi quruqlikda qolgan edi.

48 Shogirdlar eshkak eshishga qiynalayotgan edilar, chunki shamol qayiqqa qarshi esar edi. Iso buni ko’rib, erta saharda ko’l ustida yurganicha shogirdlari tomon bordi–da, ularning oldidan o’tib ketmoqchi bo’ldi.

49 Shogirdlar esa ko’l yuzida yurgan Isoni ko’rib, arvoh deb o’ylab, baqirib yuborishdi.

50 Chunki hammalari Uni ko’rib, vahimaga tushib qolgan edilar. Lekin Iso o’sha zahoti ularga:

— Dadil bo’linglar! Qo’rqmanglar, bu Menman! — dedi.

51 So’ng Iso shogirdlari yoniga — qayiqqa o’tgach, shamol tinib qoldi. Shogirdlar tamomila hayratga tushdilar,

52 chunki ular non to’g`risidagi mo’`jizani ham tushunmagan edilar, ularning imoni sust edi.

53 Ular ko’ldan suzib o’tib, Genisaret o’lkasiga keldilar. O`sha erda qayiqni bog`ladilar.

54 Qayiqdan chiqishlari bilanoq xalq Isoni tanib qoldi.

55 Odamlar butun yurtni yugurib aylanib chiqdilar, xastalarni to’shaklarda Isoning oldiga olib bordilar. Ular har safar Isoning qaerdaligini eshitishsa xastalarni o’sha erga olib borishardi.

56 Iso qaerga bormasin — qishloqlargami, shaharlargami, ovullargami — odamlar xastalarni ochiq maydonlarga yotqizib qo’yishardi. Xastalar Isodan: “Hech bo’lmasa kiyimingizning etagiga qo’l tekkizaylik”, deb iltimos qilishardi. Unga qo’l tekkizganlarning hammasi shifo topardi.

Diniy urf–odatlar va Xudoning amri

1 Farziylar va Quddusdan kelgan ayrim Tavrot tafsirchilari Isoning yoniga yig`ilib keldilar.

2 Ular Isoning shogirdlaridan ba`zilari harom, ya`ni yuvilmagan qo’llari bilan non eyayotganlarini ko’rib qoldilar.

3 Farziylar va umuman yahudiylar ota–bobolarining urf–odatini saqlab, hech ham qo’llarini yuvmasdan ovqat emaydilar.

4 Bozordan qaytganlarida ham yuvinmay ovqat emaydilar. Shuningdek, so’ri, kosa, tovoq, qozonni yuvish kabi ko’pgina udumlarga rioya qiladilar.

5 Shunday qilib, farziylar va tafsirchilar Isodan so’radilar:

— Nega Sizning shogirdlaringiz ota–bobolarimizning urf–odatini saqlashmaydi? Nima uchun harom qo’llari bilan non eyishadi?

6 Iso ularga shunday javob berdi:

— Ishayoning bashorati siz ikkiyuzlamachilarga juda to’g`ri keladi. Xudoning quyidagi so’zlarini Ishayo yozib qoldirgan:

“Bu xalq Meni tilidagina izzat qiladi,

Yuraklari esa Mendan uzoqdir.

7 Ular Menga sajda qiladilar,

Ammo sajdalari behudadir.

Chunki ular inson yaratgan qoidalarni

Ilohiy qonun deb o’rgatadilar.”

8 Sizlar Xudoning amrlarini yig`ishtirib qo’yasizlar, insoniy urf–odatlarga esa yopishib olasizlar.

9 Iso yana ularga dedi:

— Ha, sizlar urf–odatlaringizni saqlash uchun Xudoning amrlarini chetlab o’tishning zo’r yo’lini topgansizlar!

10 Muso aytgan edi: “Ota–onangizni hurmat qiling. Otasini yoki onasini xo’rlagan har qanday odamga o’lim jazosi berilsin.”

11 Ammo sizlar shunday ta`lim berasizlar: odam o’z otasi yoki onasiga: “Farzandlik burchim — Xudoga qurbon, ya`ni Xudoga in`om qilingan”, deb aytishi mumkin.

12 Shundan keyin o’sha odamning otasiga yoki onasiga yaxshilik qilishiga sizlar yo’l qo’ymaysizlar.

13 Shu tariqa sizlar o’zlaringiz o’rnatgan urf–odatlaringiz orqali Xudoning kalomini bekor qilasizlar. Sizlar bunga o’xshash yana ko’p ishlarni qilasizlar.

Insonni nima harom qiladi?

14 Keyin Iso butun xalqni yana yoniga chaqirib, dedi:

— Hammalaringiz Menga quloq solib, tushunib olinglar!

15-16 Tashqaridan inson ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmaydi. Aksincha, inson ichidan chiqadigan narsa uni harom qiladi.

17 Iso xaloyiq orasidan chiqib uyga kirdi, shogirdlar Undan: “Haligi aytganlaringizni tushuntirib bering”, deb iltimos qilishdi.

18 Iso ularga dedi:

— Sizlar ham shunchalik befahmmisizlar?! Tashqaridan insonning ichiga kiradigan hech narsa uni harom qila olmasligini anglamaysizlarmi?

19 Bu narsalar insonning qalbiga emas, qorniga kiradi va kerakli joydan chiqib ketadi.

Iso bu gaplari bilan hamma eguliklar halol ekanini e`lon qildi.

20 U yana dedi:

— Insonning ichidan chiqadigan narsalar insonni harom qiladi.

21 Chunki ichdan, ya`ni inson qalbidan yomon fikrlar, fahsh, o’g`rilik, qotillik,

22 zino, ochko’zlik, fosiqlik, makkorlik, shahvat, hasad, tuhmat, manmanlik va nodonlik chiqadi.

23 Ana shu yomonliklarning hammasi insonning ichidan chiqib, uni harom qiladi.

G`ayriyahudiy ayolning ishonchi

24 Iso u erdan chiqib, Tir hududiga ketdi. Bir uyga kirdi va buni hech kim bilib qolishini istamas edi, lekin yashirina olmadi.

25 Qizalog`ini yovuz ruh chalgan bir ayol Iso haqida eshitib qoldi–da, tez kelib, Uning oyog`iga yiqildi.

26 Bu ayol Suriyadagi Finikiya o’lkasida tug`ilgan bo’lib, yahudiy emas edi. U:

— Qizimdan jinni quvib chiqaring, — deb Isodan yolvorib so’radi.

27 Biroq Iso unga:

— Avval bolalar to’ysin, bolalardan nonni olib kuchuklarga tashlash yaxshi emas, — dedi.

28 — To’g`ri, Hazrat, — dedi ayol. — Lekin kuchuklar ham bolalarning dasturxonidan to’kilgan ushoqlarini eydi–ku.

29 Iso unga:

— Mana shu gaping uchun senga yordam beraman. Endi ketaver. Qizingdan jin chiqib ketdi, — dedi.

30 Ayol uyiga borganda, qizini jindan qutulib, to’shakda yotgan holda ko’rdi.

Iso kar odamga shifo beradi

31 Iso Tir hududidan chiqib, Sidonga bordi. So’ng Jalila ko’li bo’ylaridan o’tib, Dekapolis hududiga bordi.

32 Ayrim odamlar Isoning oldiga zo’rg`a gapiradigan bir kar odamni olib kelib, unga qo’l tekkizishini so’rashdi.

33 Iso u odamni xaloyiq orasidan bir chetga olib chiqdi, so’ng O`z barmoqlarini uning quloqlariga tiqib qo’ydi. So’ng tupurib, so’lagini o’sha odamning tiliga tekkizdi.

34 Keyin osmonga qarab, chuqur xo’rsindi–da, unga: “Effatah!” dedi. Bu so’zning tarjimasi “Ochil!” demakdir.

35 Shu onda u odamning quloqlari ochilib, tilga kirdi, ravongina gapira boshladi.

36 Iso u erdagilarga, buni hech kimga aytmanglar, deb buyurdi. Biroq Iso odamlarga qancha man etsa ham, ular bu hodisani yanada ko’proq yoyishardi.

37 Ular haddan tashqari hayratda qolib, shunday deyishardi: “U hamma narsani yaxshi qiladi, karlarni eshitadigan, soqovlarni gapiradigan qiladi.”

Iso 4000 kishini to’ydiradi

1 O`sha kunlarda yana ko’p odam yig`ildi. Ularning eyish uchun hech narsalari qolmaganda, Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi:

2 — Xalqqa achinyapman. Ular uch kundan beri Men bilan birga, eyishga hech narsasi yo’q.

3 Agar ularni uylariga ovqat bermay jo’natib yuborsam, yo’lda holdan toyib qoladilar. Ularning ba`zilari uzoq erlardan kelganlar.

4 Shogirdlari bunga javoban:

— Ularni to’ydirish uchun bu kimsasiz joyda kim qaerdan non topa olardi?! — deyishdi.

5 — Qancha nonlaringiz bor? — deb so’radi Iso.

— Ettita, — dedi shogirdlar.

6 Shundan keyin Iso xalqqa erga o’tirishni buyurdi. Ettita nonni olib, shukrona duosini o’qib sindirdi va tarqatish uchun shogirdlariga berdi. Shogirdlar xalqqa tarqatishdi.

7 Ularda bir nechta mayda baliq ham bor edi. Iso baliqlar uchun shukurlar aytib, baliqlarni ham tarqatishni buyurdi.

8 Xalq eb to’ydi. Ortib qolgan non burdalarini yig`ishganda, ettita savat to’ldi.

9 U erda to’rt mingga yaqin odam bor edi.

Iso ularni jo’natgandan keyin,

10 darhol shogirdlari bilan qayiqqa tushib, Dalmanuta hududiga ketdi.

Farziylar Isodan alomat so’rashadi

11 Farziylar Isoning oldiga borib, U bilan bahslasha boshladilar. Uni sinab ko’rish maqsadida shunday dedilar:

— Bizga bir mo’`jizali alomat ko’rsating, shunda Sizni Xudo yuborganini tan olamiz.

12 Lekin Iso chuqur xo’rsindi:

— Nega bu avlod alomat talab qilyapti? Sizlarga chinini aytayin, bu avlodga hech qanday alomat berilmaydi!

13 Iso ularning oldidan ketdi, yana qayiqqa tushib, narigi qirg`oqqa o’tib oldi.

Iso shogirdlarini koyiydi

14 Shogirdlar o’zlari bilan non olishni unutgan ekanlar. Qayiqda bir dona non bor edi, xolos.

15 Shu orada Iso shogirdlarini ogohlantirib dedi:

— Farziylar va Hirodning xamirturushidan ehtiyot bo’linglar!

16 Shogirdlar o’zlaricha: “Biz non olmaganimiz uchun U shunday deyapti”, deb muhokama qila boshladilar.

17 Shogirdlar nimani muhokama qilayotganlarini Iso bilib, ularga dedi:

— Nega sizlar, nonimiz yo’q, deb aytyapsizlar? Hali ham tushunmayapsizlarmi, anglamayapsizlarmi? Imoningiz shunchalik sustmi?!

18 Ko’zlaringiz bor–ku, nahotki ko’rmasangiz?! Quloqlaringiz bor–ku, nahotki eshitmasangiz?! Eslab ko’ring:

19 Men beshta nonni sindirib, besh mingta erkakka bo’lib berganimda, sizlar qolgan non burdalari bilan nechta savatni to’ldirib olgansizlar?

— O`n ikkita savatni, — deb javob berdi ular.

20 — Men ettita nonni sindirib, to’rt ming kishiga bo’lib berganimda, burdalari bilan nechta savatni to’ldirib olgansizlar?

— Ettita savatni, — deyishdi.

21 — Hali ham anglamadingizmi? — deb so’radi ulardan Iso.

Iso ko’rni sog`aytiradi

22 Iso shogirdlari bilan Baytsayda shahriga keldi. Odamlar Isoning oldiga bir ko’rni olib kelib: “Unga qo’lingizni tekkizib qo’ying”, deb yolvordilar.

23 Iso ko’rning qo’lidan ushlab, shahardan etaklab olib chiqdi. So’ng ko’zlariga tupurib, qo’llarini uning ustiga qo’ydi–da:

— Biron narsa ko’ryapsanmi? — deb so’radi.

24 Ko’r boshini ko’tarib:

— Odamlarni ko’ryapman, lekin ular yurayotgan daraxtlarga o’xshaydi, — dedi.

25 Shundan keyin Iso qo’llarini yana ko’rning ko’zlariga tekkizdi. Ko’r odam ko’zlarini ochib qarasa, sog`ayib qolgan, hamma narsani aniq ko’rayotgan edi.

26 Iso uni uyiga jo’natar ekan:

— Qishloqqa kirmay, to’g`ri uyingga ket, — dedi.

Butrus Masihni tan oladi

27 Iso shogirdlari bilan Filip Qaysariyasi atrofidagi qishloqlarga yo’l oldi. Yo’lda U shogirdlaridan:

— Odamlar Meni kim deb biladi? — deb so’radi.

28 Shogirdlar Isoga shunday javob berishdi:

— Ba`zilar Sizni Yahyo cho’mdiruvchi deb hisoblaydilar, ba`zilar Ilyos, boshqalari esa, qadimgi payg`ambarlardan biri, deb aytib yuribdilar.

29 Iso ulardan so’radi:

— Sizlar–chi, Meni kim deb bilasiz?

Butrus Unga javob berib:

— Siz Masihsiz, — dedi.

30 Shundan so’ng Iso, Men haqimda hech kimga gapirmanglar, deb shogirdlariga qat`iy buyurdi.

Iso O`z o’limi haqida gapiradi

31 Iso shogirdlariga shunday deb uqtira boshladi: “Inson O`g`li ko’p azob chekadi. Yo’lboshchilar, bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari tomonidan rad qilinib, o’ldiriladi. Uchinchi kuni esa tiriladi.”

32 U bu haqda ochiqdan–ochiq gapirdi. Shunda Butrus Isoni chetga tortib:

— Ustoz, bunday deb aytmang, — dedi.

33 Ammo Iso o’girilib shogirdlariga qaradi–da, Butrusni qattiq koyib dedi:

— Yo’qol ko’zimdan, shayton! Sen Xudoning ishlarini emas, inson ishlarini o’ylayapsan, — dedi.

34 Shundan so’ng Iso xalq bilan shogirdlarini oldiga chaqirib dedi:

— Kimda–kim Menga ergashishni istasa, o’zidan kechsin va o’z xochini ko’tarib, ortimdan yursin.

35 Kim o’z jonini asrab qolmoqchi bo’lsa, uni yo’qotadi. Kim Men uchun va Xushxabar uchun jonini bersa, jonini asrab qoladi.

36 Agar inson butun dunyoni egallab olsa–yu, o’z jonidan mahrum bo’lsa, bundan unga nima foyda?!

37 Inson o’z joni evaziga qanday to’lov bera oladi?!

38 Bu bevafo va gunohkor nasl orasida Mendan va Mening so’zlarimdan uyalmanglar! Aks holda, Inson O`g`li muqaddas farishtalar bilan birga Otasining ulug`vorligiga burkanib kelganda, U ham sizlardan uyaladi.

Isoning qiyofasi o’zgaradi

1 Iso ularga yana dedi:

— Sizlarga chinini aytayin, bu erda turganlardan ba`zilari borki, ular Xudoning Shohligi qudrat bilan kelishini ko’rmagunlaricha, o’lmaydilar.

2 Oradan olti kun o’tdi. Iso yoniga Butrus, Yoqub va Yuhannoni olib, baland bir toqqa chiqdi. U erda, ularning ko’z o’ngida Isoning qiyofasi o’zgarib ketdi.

3 Uning kiyimlari ham ko’zni qamashtiradigan darajada oppoq bo’lib qoldi, er yuzida hech bir kir yuvuvchi bunday oqartira olmas edi.

4 Shunda shogirdlar Iso bilan gaplashib turgan Ilyos bilan Musoni ko’rishdi.

5 Butrus Isoga dedi:

— Ustoz, yaxshi ham shu erda ekanmiz! Keling, uchta chayla yasaylik: bittasi Sizga, bittasi Musoga, bittasi Ilyosga.

6 Shogirdlar shunchalik qo’rqib ketgan edilarki, Butrus nima deb aytayotganini o’zi ham bilmas edi.

7 Shu paytda bulut paydo bo’lib, ularga soya soldi. Bulut orasidan shunday ovoz eshitildi:

— Bu Mening sevikli O`g`limdir, Unga quloq solinglar!

8 Birdaniga shogirdlar atrofga qarab, yolg`iz Isodan boshqa hech kimni ko’rishmadi.

9 Tog`dan tushayotganlarida Iso ularga buyurdi:

— Inson O`g`li o’lib tirilmaguncha, bu ko’rganlaringizni hech kimga aytmanglar.

10 Ular bu haqda hech kimga aytmadilar, ammo o’zaro: “O`likdan tirilish nima degani ekan?” deb, bu xususda munozara qila boshladilar.

11 Ular Isodan so’radilar:

— Nega Tavrot tafsirchilari, Masihdan oldin Ilyos kelishi kerak, deb aytadilar?

12 Iso ularga javoban dedi:

— To’g`ri, avvalo Ilyos kelib, hamma narsani tiklaydi. Xo’sh, Muqaddas bitiklarda, Inson O`g`li ko’p azob chekishi va xo’rlanishi kerak, deb ham yozilmaganmi?!

13 Biroq Men sizlarga shuni aytaman: Ilyos allaqachon kelgan va u haqda yozilganidek, uni xohlaganlaricha xo’rladilar.

Jinga chalingan bolaga Iso shifo beradi

14 Iso uch shogirdi bilan tog`dan tushganda, ular qolgan shogirdlari atrofiga yig`ilgan katta olomonni ko’rdilar. Ba`zi Tavrot tafsirchilari Isoning shogirdlari bilan bahslashayotgan edilar.

15 Odamlar Isoni ko’rib, hayratga tushishdi. Uning oldiga yugurib borib, salom berishdi.

16 — Nimalar to’g`risida bahslashyapsizlar? — deb so’radi Iso.

17 Olomon orasidan kimdir javob berdi:

— Ustoz! Sizning oldingizga o’g`limni olib kelgan edim, uni jin chalgani uchun gapira olmaydi.

18 Jin uni qaerda tutib olsa, erga yiqitadi. O`g`limning og`zidan ko’pik chiqadi, u tishlarini g`ichirlatib, qotib qoladi. Men shogirdlaringizga, jinni quvib chiqaringlar, dedim, ammo ular eplay olmadilar.

19 Iso bunga javoban:

— Ey imonsiz avlod! Qachongacha sizlar bilan birga bo’lishim kerak?! Sizlarga yana qancha toqat qilishim kerak?! Oldimga keltiringlar bolani! — dedi.

20 Bolani Isoning oldiga keltirishdi. Isoni ko’rishi bilanoq jin bolani qaltiratib tashladi. Bola erga yiqildi–yu, og`zidan ko’pik oqizgancha ag`nab yotaverdi.

21 Iso uning otasidan:

— Qachondan beri u bunday ahvolga tushadi? — deb so’radi.

— Bolaligidan shunaqa.

22 Jin uni halok qilmoqchi bo’lib ko’p marotaba olovga, suvga tashladi. Agar qo’lingizdan kelsa, bizlarga rahm qiling, yordam bering, — dedi.

23 Iso unga shunday javob berdi:

— “Qo’lingizdan kelsa” deganing nimasi?! Agar odam ishonsa, hamma narsaning imkoni bor.

24 Shu on bolaning otasi hayqirib yubordi:

— Ishonaman! Ishonchsizligimni engishimga yordam bering!

25 Tomoshaga yig`ilayotgan xalqni ko’rgan Iso yovuz ruhga do’q qilib:

— Ey gung qiladigan ruh, Men senga buyuraman: boladan chiqib ket! Bundan keyin hech qachon uning ichiga qaytib kirma! — dedi.

26 Shunda jin qattiq qichqirib yubordi–da, bolani shiddat bilan qaltiratib, undan chiqib ketdi. Bola o’likday bo’lib qolganidan, ko’pchilik uni o’ldi, deb aytdi.

27 Lekin Iso uni qo’lidan ushlab turishiga yordam berdi, bola oyoqqa turdi.

28 Iso uyga kirdi. U yolg`iz ekan, shogirdlari Undan:

— Nega biz jinni quvib chiqara olmadik? — deb so’radilar.

29 Iso ularga dedi:

— Bu toifa jinlarni ibodatdan boshqa yo’l bilan haydab bo’lmaydi.

Iso yana O`z o’limi haqida gapiradi

30 Iso va shogirdlari u erdan jo’nab, Jalila hududidan o’tdilar. Iso buni hech kim bilib qolishini istamas edi.

31 U shogirdlariga ta`lim berib, shunday dedi:

— Inson O`g`li odamlar qo’liga tutib beriladi. Uni o’ldirishadi, uchinchi kuni esa U tiriladi.

32 Shogirdlar esa bu so’zlarni tushunmadilar, ammo Undan gaplarining ma`nosini so’rashga botina olmadilar.

Eng katta kim?

33 Iso shogirdlari bilan Kafarnahum shahriga keldi. Uyda bo’lganda, shogirdlaridan so’radi:

— Yo’lda ketayotib nimalar haqida bahslashdingiz?

34 Ular indamadilar, chunki ular: “Oramizda eng katta kim?” deb o’zaro bahslashgan edilar.

35 Iso o’tirib, o’n ikki shogirdini yoniga chaqirdi:

— Kim birinchi bo’lishni istasa, hammaning oxirida tursin va hammaga xizmatkor bo’lsin, — dedi.

36 So’ngra bir bolani olib, ularning o’rtasiga turg`izib qo’ydi va bolani quchoqlagancha, shogirdlariga dedi:

37 — Kim shunday bolalardan birini Mening nomimdan qabul qilsa, u Meni qabul qilgan bo’ladi. Kim Meni qabul qilsa, u Meni emas, balki Meni Yuborganni qabul qilgan bo’ladi.

Bizga qarshi bo’lmagan — biz tomondadir

38 Yuhanno Isoga dedi:

— Ustoz! Biz bir odamni ko’rdik. U Sizning nomingiz bilan jinlarni quvib chiqarayotgan ekan. U biz bilan yurmagani uchun unga bunday qilishni man etdik.

39 Iso shunday dedi:

— Man etmang! Chunki Mening nomim bilan mo’`jiza yaratgan biror bir kimsa darrov Meni yomonlay olmaydi.

40 Kim bizga qarshi bo’lmasa, u biz tomonda.

41 Sizlarga chinini aytay: Masihga tegishli bo’lganingiz uchun sizga bir piyola suv bergan har qanday odam albatta mukofotini oladi.

Yo’ldan ozdirish haqida

42 Iso so’zida davom etdi:

— Menga ishongan shu kichiklarning birontasini yo’ldan ozdirgan odamning holiga voy. Bunday qilgandan ko’ra, o’sha odamning bo’yniga tegirmon toshini osib, uni dengizga tashlashgani o’zi uchun yaxshiroq bo’lardi.

43-44 Agar yo’ldan ozishingga qo’ling sababchi bo’lsa, uni chopib tashla. Ikki qo’ling bilan so’nmas do’zax o’tiga yo’liqqaningdan ko’ra, mayib bo’lib abadiy hayotdan bahramand bo’lganing yaxshiroqdir.

45-46 Agar yo’ldan ozishingga oyog`ing sababchi bo’lsa, uni chopib tashla. Ikki oyog`ing bilan do’zaxga tashlangandan ko’ra, cho’loq bo’lib abadiy hayotdan bahramand bo’lganing yaxshiroqdir.

47 Agar yo’ldan ozishingga ko’zing sababchi bo’lsa, uni o’yib tashla. Ikki ko’zing bilan do’zaxga tashlangandan ko’ra, bir ko’zing bilan Xudoning Shohligiga kirganing yaxshiroqdir.

48 Do’zaxning qurti ham o’lmaydi, olovi ham o’chmaydi.

49 Har bir odam olovda tuzlanib, poklanadi.

50 Tuz — yaxshi narsa. Lekin tuz o’z sho’rligini yo’qotsa, qanday qilib tuzni sho’r qila olasizlar?! Tuzday bo’linglar, o’zaro tinch–totuv yashanglar.

Nikoh va ajralish haqida

1 Iso u erdan ketib, Yahudiya o’lkasiga, so’ng Iordan daryosining sharq tomoniga bordi. Uning atrofiga yana ko’p xalq yig`ildi. U O`z odatiga ko’ra, odamlarga yana ta`lim berdi.

2 Ba`zi farziylar keldilar va Isoni sinamoqchi bo’lib, so’radilar:

— Qonunga ko’ra, er o’z xotinidan ajralishi mumkinmi?

3 Iso bunga javoban:

— Muso sizlarga nimani amr qilgan? — deb so’radi.

4 — Erkak taloq xatini yozib, xotinidan ajralishiga Muso ijozat bergan edi, — deyishdi.

5 Iso ularga dedi:

— Bag`ri toshligingiz uchun Muso sizlarga bu amrni yozib qoldirgan.

6 Aslida Xudo dunyoni yaratganda odamlarni erkagu ayol qilib yaratdi.

7 “Shuning uchun erkak kishi ota–onasidan bo’lak bo’lib

8 xotiniga bog`lanib qoladi, ikkalasi bir tan bo’ladilar.” Bunga ko’ra, ular endi ikki emas, balki bir tan hisoblanadilar.

9 Xudo birga qo’shganni bandasi ajratmasin.

10 Uyga kelganlarida, shogirdlar yana shu haqda Isodan so’radilar.

11 Iso ularga dedi:

— Kim o’z xotini bilan ajrashib boshqasiga uylansa, u xotiniga nisbatan zino qilgan bo’ladi.

12 Xotin ham agar o’z eri bilan ajrashib boshqasiga tegsa, zino qilgan bo’ladi.

Iso bolalarni duo qiladi

13 Iso bolalarimizga qo’l tekkizsin deb, odamlar Uning oldiga bolalarini olib kelishardi. Shogirdlar esa o’sha odamlarni koyishardi.

14 Iso buni ko’rganda, g`azablanib dedi:

— Bolalarga yo’l beringlar, Mening oldimga kelishlariga to’sqinlik qilmanglar! Zero, Xudoning Shohligi bundaylarnikidir.

15 Sizlarga chinini aytayin: kim Xudoning Shohligini bola kabi qabul qilmasa, unga hech qachon kirolmaydi.

16 Keyin bolalarni quchoqlab, ularga qo’l qo’yib, duo qildi.

Boylik va abadiy hayot

17 Iso yo’lga chiqayotganda, bir odam yugurib kelib, Uning oldida tiz cho’kdi–da:

— Valine`mat Ustoz! Abadiy hayotga ega bo’lish uchun nima qilishim kerak? — deb so’radi.

18 Iso unga dedi:

— Nega Meni valine`mat deysan? Birgina Xudodan boshqa hech kim valine`mat emas–ku!

19 Sen amrlarni bilasan: “Qotillik qilma. Zino qilma. O`g`rilik qilma. Yolg`on guvohlik berma. Birovning haqini ema. Ota–onangni hurmat qilgin.”

20 U kishi Isoga dedi:

— Ustoz! Bularning hammasiga yoshligimdan amal qilib kelaman.

21 Iso unga mehr bilan qarab, dedi:

— Senga bir narsa etishmaydi. Borib, bor narsangni sot, pulini kambag`allarga tarqat. Shunda samoda xazinang bo’ladi. Keyin kelib, Menga ergashgin.

22 Bu so’zlardan boyning ta`bi xira bo’ldi. U g`amgin bo’lib qaytib ketdi, chunki uning mol–mulki ko’p edi.

23 Iso atrofga razm solib, shogirdlariga dedi:

— Mol–dunyosi bor odamlarning Xudo Shohligiga kirishi naqadar qiyin!

24 Bu so’zlarni eshitib, shogirdlarning aqli shoshdi. Iso esa takrorlab dedi:

— Bolalarim, Xudoning Shohligiga kirish naqadar qiyin!

25 Boy odamning Xudo Shohligiga kirishidan ko’ra, tuyaning igna teshigidan o’tishi osonroqdir.

26 Shogirdlar haddan tashqari ajablanib o’zlaricha:

— Unday bo’lsa, kim najot topa olar ekan? — deyishdi.

27 Iso ularga ko’z tikib dedi:

— Inson uchun bu imkonsizdir, lekin Xudo uchun emas. Xudo uchun hamma narsaning imkoni bor.

28 Shunda Butrus Isoga dedi:

— Mana, biz uy–joyimizni tashlab, Sizning orqangizdan ergashib keldik.

29 Iso bunga javoban dedi:

— Sizlarga chinini aytayin: kim Men uchun va Xushxabar uchun uy–joyini, aka–ukalarini, opa–singillarini, ota–onasini, bolalarini yoki dalalarini tashlab ketsa,

30 u bu dunyoning o’zidayoq yuz hissa ortiq uy–joylarga, aka–ukalarga, opa–singillarga, onalarga, bolalarga va dalalarga ega bo’ladi, shu bilan birga quvg`in ham qilinadi. Narigi dunyoda esa abadiy hayotga sazovor bo’ladi.

31 Ammo birinchi bo’lganlarning ko’plari oxirgi bo’ladilar, oxirgilar esa birinchi bo’ladilar.

Iso O`z o’limi to’g`risida uchinchi marta gapiradi

32 Iso bilan shogirdlari Quddusga qarab ketayotgan edilar. Iso yo’l boshlab borardi. Shogirdlar xavotirda edi, Isoning ortidan ergashgan xalqni esa vahima qamrab olgandi. Iso o’n ikki shogirdini chetga olib, O`zi bilan yuz beradigan voqealarni ayta boshladi:

33 — Mana, biz Quddusga ketyapmiz. U erda Inson O`g`li bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari qo’liga tutib beriladi. Ular Uni o’limga mahkum qilib, g`ayriyahudiylarga topshiradilar.

34 G`ayriyahudiylar Uni haqorat qiladilar, yuziga tupuradilar, qamchilaydilar va Uni o’ldiradilar. Lekin uchinchi kuni U tiriladi.

Yoqub bilan Yuhannoning tilagi

35 Zabadiyo o’g`illari Yoqub bilan Yuhanno Isoning oldiga kelib:

— Ustoz, bizning bir tilagimiz bor, uni biz uchun bajo keltirishingizni istaymiz, — deyishdi.

36 — Sizlar uchun nima qilishimni istaysizlar? — deb so’radi Iso.

37 Ular:

— Siz ulug`vor taxtingizda o’tirganingizda, birimiz Sizning o’ng tomoningizda, boshqamiz esa chap tomoningizda o’tirishimizga ruxsat bering, — deyishdi.

38 Iso ularga dedi:

— Sizlar nima so’rayotganingizni bilmaysizlar. Men ichadigan azob kosasidan sizlar icha olasizlarmi? Men boshdan kechiradigan qayg`u–alamlarga botib chiday olasizlarmi?

39 Ular:

— Chiday olamiz, — deb javob berishdi. Iso ularga dedi:

— Sizlar–ku Men ichadigan azob kosasidan ichasizlar, boshdan kechiradigan qayg`u–alamlarimga o’zingiz ham duchor bo’lasizlar.

40 Ammo Mening o’ng yoki chap tomonimda o’tirishga ruxsat berish Mening ixtiyorimda emas. Bu o’rin kimlarga atalgan bo’lsa, ularniki bo’ladi.

41 Qolgan o’nta shogird buni eshitib, Yoqub bilan Yuhannodan achchiqlanib ketishdi.

42 Iso esa ularni yoniga chaqirib, dedi:

— Butparastlarga qaranglar, ular hukmdorlariga izzat ko’rsatadilar, hukmdorlari esa ularga o’z hukmini o’tkazadilar, katta amaldorlari elga zo’ravonlik qiladilar.

43 Ammo sizlarning orangizda bunday bo’lmasin. Aksincha, orangizda kim katta bo’lishni istasa, sizlarga xizmat qilsin.

44 Orangizda kim birinchi bo’lishni istasa, hammangizga qul bo’lsin.

45 Axir, Inson O`g`li ham O`ziga xizmat qildirish uchun emas, balki O`zi boshqalarga xizmat qilish va O`z jonini fido qilib, ko’plarni ozod qilish uchun kelgan.

Iso Erixo shahrida ko’r odamning ko’zini ochadi

46 Iso bilan shogirdlari Erixo shahriga keldilar. Ular shahardan chiqib ketayotganlarida bir talay xaloyiq ularga ergashdi. Timeyus o’g`li Bartimeyus ismli bir ko’r tilanchi yo’l chekkasida o’tirgan edi.

47 U Nosiralik Iso o’tib ketayotganini eshitib:

— Ey Dovud O`g`li Iso, menga rahm qiling! — deb baqira boshladi.

48 Ko’p odamlar esa:

— Jim bo’l! — deb unga do’q qilishdi. Lekin u:

— Ey Dovud O`g`li, menga rahm qiling! — deb yanada qattiqroq baqirdi.

49 Iso to’xtab:

— Uni chaqirib kelinglar, — dedi. Odamlar kelib, ko’r odamga:

— Dadil bo’l, o’rningdan tur. U seni chaqiryapti, — deb aytishdi.

50 Ko’r to’nini echib tashlab, o’rnidan sakrab turdi–da, Isoning yoniga keldi.

51 Iso undan so’radi:

— Sen Mendan nima istaysan?

— Ustoz, ko’zlarim ko’rsin! — dedi ko’r.

52 Iso unga:

— Boraver, ishonching seni sog`aytirdi, — dedi.

O`sha zahoti u ko’ra boshladi. So’ng Isoning ortidan ergashib ketdi.

Iso Quddusga tantanali kiradi

1 Iso shogirdlari bilan Quddusga yaqinlashib qolgan edilar. Ular Zaytun tog`i etagidagi Baytfagiya va Baytaniya qishloqlariga etib kelayotganlarida, Iso shogirdlaridan ikkitasiga dedi:

2 — Anavi qishloqqa boringlar. U erga kirishingiz bilanoq, bog`liq turgan va hech qachon minilmagan xo’tikni ko’rasizlar. O`sha xo’tikni echib, bu erga olib kelinglar.

3 Agar kimdir sizlardan: “Nima qilyapsizlar?” deb so’rab qolsa, “Bu xo’tik Rabbimiz Masihga kerak, xo’tikni U darhol bu erga qaytarib yuboradi”, deb javob beringlar.

4 Ular borib, ko’chada darvoza yonida bog`lab qo’yilgan xo’tikni ko’rib, echib olishdi.

5 U erda turgan bir necha kishi ularga:

— Nima qilyapsizlar? Nega xo’tikni echyapsizlar? — deb so’rashdi.

6 Shogirdlar Iso buyurganidek javob berishdi, odamlar ularni qo’yib yuborishdi.

7 Shogirdlar xo’tikni Isoning oldiga olib kelishdi. Xo’tik ustiga to’nlarini tashlashdi, Iso xo’tikka mindi.

8 Ko’pchilik to’nlarini yo’lga poyandoz qilib yoydi. Boshqalar esa dashtdagi yashil novdalarni kesib, yo’lga to’shadilar.

9 Oldinda va orqada yurayotganlar shunday deb hayqirishardi:

“Tasanno!

Egamiz nomidan kelayotgan Inson baraka topsin!

10 Bobomiz Dovudning yaqinlashgan shohligi muborak bo’lsin!

Falak toqida Unga tasanno o’qilsin!”

11 Iso Quddusga kirib, Ma`badga bordi, hamma narsani ko’zdan kechirdi. Kun kech bo’lib qolganidan, Iso o’n ikki shogirdi bilan Baytaniya qishlog`iga qaytib ketdi.

Qurib qolgan anjir daraxti

12 Ertasi kuni ular Baytaniyadan chiqqanlarida, Isoning qorni och edi.

13 U uzoqdan barglar bilan qoplangan bir anjir daraxtini ko’rib qoldi, daraxtdan biron anjir topa olarmikanman, deb bordi. Daraxtning yoniga kelib, bargdan boshqa hech narsa topolmadi, chunki hali anjir terish vaqti emas edi.

14 Iso daraxtga qarab:

— Bundan keyin to abad sening mevangni hech kim emasin! — dedi.

Shogirdlari ham bu gapni eshitishdi.

Iso oldi–sotdi qiluvchilarni Ma`baddan quvadi

15 So’ng ular Quddusga kelishdi. Iso Ma`badga kirib, ichkarida oldi–sotdi qilayotganlarni quvib chiqara boshladi. Sarroflarning xontaxtalarini, kaptar sotuvchilarning kursilarini ag`darib yubordi.

16 Sotiladigan molni Ma`bad ichidan olib o’tishga hech kimga ijozat bermadi.

17 Iso xalqqa ta`lim berayotib dedi:

— Tavrotda yozilgan–ku: “Mening uyim barcha xalqlarning ibodat uyi deb ataladi.” Sizlar esa Xudoning uyini qaroqchilar uyasiga aylantirib yuboribsizlar!

18 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari buni eshitib, Isoni halok qilish payiga tushdilar. Butun xalq Isoning ta`limotiga mahliyo bo’lgani uchun bosh ruhoniylar bilan tafsirchilar Undan qo’rqib qoldilar.

19 Kech kirgach, Iso shogirdlari bilan shahardan tashqariga chiqib ketdi.

Ibodat va ishonch haqida

20 Erta bilan ular yana anjir daraxti yonidan o’tib qarashsa, daraxt ildizigacha qurib qolgan ekan.

21 Butrus bo’lgan hodisani eslab, Isoga dedi:

— Ustoz! Qarang, Siz la`natlagan anjir daraxti qurib qolibdi.

22 Iso bunga javoban dedi:

23 — Xudoga ishonchingiz bo’lsin. Sizlarga chinini aytayin: agar kimki bu toqqa: “Qo’porilib dengizga otil”, desa–yu, o’z qalbida shubhalanmay, aytgani bajo kelishiga qattiq ishonsa, aytgani bo’ladi.

24 Binobarin, sizlarga aytaman: siz ibodatda nimaiki so’rasangiz, oldim, deb ishoninglar va sizga beriladi.

25-26 Ibodat qilib turganingizda birovda ginangiz bo’lsa, uni kechirib yuboring, toki osmondagi Otangiz ham sizlarning gunohlaringizni kechirsin.

Isoning hokimiyati haqida savol

27 Ular yana Quddusga keldilar. Iso Ma`badda aylanib yurgan edi, bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yo’lboshchilar Uning oldiga kelib

28 so’radilar:

— Siz bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilyapsiz? Bularni qilish uchun Sizga kim hokimiyat bergan?

29 Iso ularga shunday javob berdi:

— Men sizlarga bir savol beray. Menga javob bersangizlar, Men ham bu ishlarni qanday hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytaman.

30 Yahyo xalqni suvga cho’mdirish huquqini Xudodan olganmidi yoki insondanmi? Javob beringlar Menga.

31 Ular o’zlaricha mulohaza yurita boshladilar:

— Agar: “Xudodan”, — desak, U: “Nega Yahyoga ishonmadingizlar?” — deydi.

32 Agar: “Insondan”, — desak–chi?

Vaholanki, ular olomondan qo’rqardilar, chunki hamma Yahyoni haqiqiy payg`ambar deb hisoblardi.

33 Xullas, ular Isoga:

— Bilmaymiz, — deb javob berdilar. Iso ularga dedi:

— Unday bo’lsa, Men ham bu ishlarni qaysi hokimiyat bilan qilayotganimni sizlarga aytmayman.

Yovuz bog`bonlar haqida masal

1 Iso xalqqa masallar orqali so’zlay boshladi:

“Bir odam uzumzor barpo qilibdi. Atrof–tevaragini devor bilan o’rab, uzum siqish chuqurini qazibdi, kuzatuv minorasini quribdi. Keyin uzumzorni bog`bonlarga ijaraga berib, o’zi safarga ketibdi.

2 Yig`im–terim mavsumida, uzumzor hosilidan tegishli ulushini olish uchun o’sha odam xizmatkorini bog`bonlar oldiga yuboribdi.

3 Bog`bonlar esa uni tutib olishibdi, kaltaklab, qup–quruq qaytarib yuborishibdi.

4 Uzumzor egasi yana boshqa bir xizmatkorini ularning oldiga yuboribdi. Ular bunisini ham boshiga urib, haqorat qilibdilar.

5 Yana boshqasini yo’llabdi, unisini esa o’ldirishibdi. U yana xizmatkorlarini yuboraveribdi, ammo bog`bonlar ularning ba`zilarini urib, ba`zilarini o’ldirishibdi.

6 Uzumzor egasining endi birgina odami qolibdi, u ham bo’lsa, sevikli o’g`li ekan. U: «O`g`limni hurmat etarlar» deb, bog`bonlar oldiga uni yuboribdi.

7 Lekin ular bir–biriga:

— Bu merosxo’r–ku! Uni o’ldiraylik, shunda merosi bizga qoladi, — deyishibdi.

8 O`g`lini ushlab, o’ldirib, jasadini uzumzordan chiqarib tashlashibdi.

9 Xo’sh, sizningcha, endi uzumzor egasi nima qilar ekan? U kelib bog`bonlarni o’ldiradi, uzumzorni esa boshqalarga ijaraga beradi.

10 Nahotki sizlar Muqaddas bitiklardagi ushbu so’zlarni hech o’qimagan bo’lsangiz:

«Binokorlar rad etgan tosh

Binoning tamal toshi bo’ldi.

11 Bu Egamizning qilgan ishidir,

Ko’z oldimizdagi ajoyibotdir.»”

12 Iso aytgan bu masal yahudiy yo’lboshchilarga qarshi qaratilgan edi. Ular buni anglab etdilar–u, Isoni qo’lga olmoqchi bo’ldilar. Ammo xalqdan qo’rqqanlari uchun Unga qo’l tekkizmay ketib qoldilar.

Xudoning haqi Xudoga

13 Isoni tilidan ilintirish uchun Uning oldiga farziylardan va Hirod tarafdorlaridan ba`zilarini yubordilar.

14 Ular kelib dedilar:

— Ustoz, odil ekaningizni bilamiz. Siz biror kishiga xushomadgo’ylik qilmaysiz. Odamlarga yuz–xotir qilmasdan, Xudoning yo’lini to’g`ri o’rgatasiz. Ayting–chi, Qaysarga soliq to’lashimiz to’g`rimi yoki yo’qmi? Biz soliq to’laylikmi yoki to’lamaylikmi?

15 Iso ularning ikkiyuzlamachiligini bilar edi.

— Nima, Meni sinab ko’rmoqchimisizlar? Menga bir dinor olib kelinglar, uni bir ko’rayin, — dedi.

16 Ular olib kelgach, Iso so’radi:

— Bu tangadagi surat va yozuv kimniki?

— Qaysarniki, — dedi ular.

17 Iso ularga:

— Qaysarning haqini Qaysarga, Xudoning haqini Xudoga beringlar, — dedi.

Buni eshitganlar hayratda qoldilar.

Qiyomat haqida savol

18 Sadduqiylar o’liklarning tirilishini inkor etardilar. Ularning ba`zilari Isoning oldiga kelib, xalq oldida Unga shunday savol berdilar:

19 — Ustoz! Muso bizga shunday yozib qoldirgan: agar birovning akasi farzand ko’rmay o’tib ketsa, ukasi akasining xotiniga uylanib, akasi uchun farzandni dunyoga keltirsin.

20 Xo’sh, etti aka–uka bo’lgan ekan. Birinchisi uylanibdi, so’ng nasl qoldirmay o’lib ketibdi.

21 Ikkinchisi ham o’sha xotinni olib, farzand ko’rmay olamdan o’tibdi. Uchinchisi ham shu ko’yga tushibdi.

22 Shuningdek, aka–ukalarning ettovi ham farzand ko’rmay olamdan o’tibdi. Oxirida xotin ham qazo qilibdi.

23 Ayting–chi, Xudo odamlarni tiriltirganda xotin qaysi birining xotini hisoblanadi? Ettovi ham unga uylangan edilar–ku!

24 Iso ularga shunday javob berdi:

— Sizlar Muqaddas bitiklarni ham, Xudoning qudratini ham bilmaysizlar, ana shu sababdan adashyapsizlar.

25 O`liklar tirilganda uylanmaydilar, erga ham tegmaydilar, balki bamisoli samodagi farishtalarday bo’ladilar.

26 O`liklarning tirilishi haqidagi masalaga kelsak: nahotki sizlar hech qachon Musoning kitobini o’qimagan bo’lsangizlar?! Yonayotgan buta to’g`risidagi voqeada Xudo Musoga: “Men Ibrohim, Ishoq va Yoqubning Xudosiman”, — degan–ku!

27 Axir, Xudo o’liklarning emas, tiriklarning Xudosidir. Sizlar nihoyatda adashyapsizlar.

Eng muhim ilohiy amr

28 Tavrot tafsirchilaridan biri ularning munozara qilayotganini eshitib, Isoning ularga yaxshi javob berib turganini ko’rdi. U Isoning oldiga kelib:

— Amrlarning eng muhimi qaysi biri? — deb so’radi.

29 Iso unga javob berib dedi:

— Eng muhim amr shudir: “Ey Isroil, quloq sol! Egamiz Xudo tanho Egadir.

30 Egangiz Xudoni butun qalbingiz bilan, jonu dilingiz bilan, butun ongingiz bilan, kuchingiz boricha seving.”

31 Eng muhim amrlardan ikkinchisi: “O`zgani o’zingizni sevganday seving.” Bulardan buyukroq amr yo’q.

32 — Yaxshi gapirdingiz, Ustoz, — dedi Isoga tafsirchi. — Xudo tanhodir, Undan boshqa Xudo yo’q, deb to’g`ri aytdingiz.

33 Uni butun qalbimiz, butun idrokimiz bilan, kuchimiz boricha sevishimiz kerak. O`zgani ham o’zimizni sevganday sevishimiz kerak. Kuydiriladigan va boshqa qurbonliklar keltirishdan bu a`loroqdir.

34 Iso uning oqilona javob berganini ko’rib:

— Siz Xudoning Shohligidan uzoqda emassiz, — dedi.

Shundan keyin hech kim Isoga savol berishga jur`at etmadi.

Masih kimning o’g`li?

35 Iso Ma`badda ta`lim berayotib, shunday savol berdi:

— Qanday qilib Tavrot tafsirchilari Masihni Dovudning O`g`li deydilar?

36 Dovudning o’zi Muqaddas Ruh ilhomi bilan deganki:

“Egamiz aytmoqda Rabbimga:

Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga yiqitmagunimcha,

Sen Mening o’ng tomonimda o’tirgin.”

37 Demak, Dovudning o’zi Masihni Rabbim deb atagan bo’lsa, qanday qilib Masih Dovudning O`g`li bo’ladi?!

Bir talay olomon Isoni ishtiyoq bilan tinglar edi.

Iso soxta dindorlik to’g`risida ogohlantiradi

38 Iso xalqqa nasihat qilib, yana shunday dedi:

— Tavrot tafsirchilaridan ehtiyot bo’linglar! Ular uzun kiyimlar kiyishni yaxshi ko’radilar, bozorlarda yurganda ularga salom berishlarini,

39 sinagogalarda yaxshi joylarda o’tirishni, ziyofatlarda to’rda o’tirishni yoqtiradilar.

40 Ammo beva ayollarning uy–joylarini tortib oladilar, xo’ja ko’rsinga uzoq duo o’qiydilar. Bunday odamlar nihoyatda qattiq jazoga mubtalo bo’ladilar.

Beva ayolning xayr–ehsoni

41 Iso Ma`bad xazinasi qarshisida o’tirib, ehson qutisiga pul solayotgan odamlarni kuzatib turdi. Ko’p boylar anchagina pul tashladilar.

42 Bir kambag`al beva ayol ham kelib, qiymati bir tiyinga to’g`ri keladigan ikki chaqa tashladi.

43 Shunda Iso shogirdlarini yoniga chaqirib dedi:

— Sizlarga chinini aytayin, bu kambag`al beva ayol xazinaga pul tashlaganlarning hammasidan ham ko’proq tashladi.

44 Chunki boylarning hammasi o’zlarining ortiqcha pullaridan ehson qildilar. Bu ayol esa kambag`alligiga qaramasdan, o’zining bor–yo’g`ini, ro’zg`origa ishlatiladigan hamma pulini tashladi.

Iso oxirzamon haqida gapiradi

1 Iso Ma`baddan chiqib ketayotganda shogirdlaridan biri:

— Ustoz, qarang, naqadar ulkan toshlar, naqadar hashamatli binolar! — dedi.

2 Iso unga:

— Bu hashamatli binolarni ko’ryapsanmi? Bularning hammasi vayron bo’ladi. Bu erda tosh ustida turgan bironta tosh qolmaydi, — dedi.

3 Iso Zaytun tog`ida, Ma`badning ro’parasida o’tirgan vaqtda Butrus, Yoqub, Yuhanno va Endrus Undan alohida so’radilar:

4 — Bizga ayting–chi, bu hodisalar qachon yuz beradi? Tez orada sodir bo’lishini nimadan bilsak bo’ladi?

5 Iso ularga shunday javob berdi: “Ehtiyot bo’linglar, hech kim sizlarni yo’ldan ozdirmasin!

6 Ko’p kishilar o’zlarini Mening nomim bilan atab: «Men O`shaman», deb ko’plarni yo’ldan ozdiradilar.

7 Sizlar uzoq–yaqindagi urush xabarlarini eshitganingizda, cho’chimanglar. Bular albatta sodir bo’ladi, ammo bu hali oxiri degani emas.

8 Xalq xalqqa qarshi, shohlik shohlikka qarshi ko’tariladi. Ayrim joylarda qahatchilik va zilzilalar bo’ladi. Bu hodisalar to’lg`oq azoblarining boshlanishiga o’xshaydi.

9 Sizlar esa o’zingizga ehtiyot bo’linglar. Chunki sizlarni mahkamalarga topshirib, sinagogalarda uradilar. Men tufayli sizlarni hokimlar va shohlar huzurida turg`izib qo’yadilar, sizlar esa Mening shohidlarim bo’lasizlar.

10 Ammo oxirat kelishidan oldin, Xushxabar hamma xalqlarga e`lon qilinishi lozim.

11 Sizlarni qo’lga olib, mahkamaga topshirganlarida, nima aytamiz, deb oldindan xavotir olmanglar. O`sha soatda sizlarga nima berilsa, o’shani aytinglar. Chunki o’shanda sizlar emas, balki Muqaddas Ruh gapiradi.

12 Aka ukasini, ota bolasini o’limga topshiradi. Bolalar o’z ota–onalariga qarshi chiqib, ularni o’ldirtiradilar.

13 Mening nomim tufayli hamma sizlardan nafratlanadi. Lekin oxirigacha bardosh bergan najot topadi.

Buyuk musibat va Isoning kelishi

14 Ko’p harom–xarish ishlarga sabab bo’ladigan makruh bir narsaning man etilgan joyga o’rnatilganini ko’rganingizda — o’qigan tushunib olsin! — Yahudiyada bo’lganlar tog`larga qochishsin.

15 Tomning ustida bo’lganlar pastga tushib, uyidan biron narsa olib kelish uchun uyiga kirishmasin.

16 Dalada bo’lganlar esa to’nini olgani qaytib kelmasin.

17 U kunlarda homilador va emizikli ayollarning holiga voy!

18 Qochishingiz qishga to’g`ri kelmasligi uchun iltijo qilinglar.

19 Chunki o’sha kunlarda shunday azob–uqubatlar bo’ladiki, Xudo dunyoni yaratganidan to hozirgacha bunday bo’lmagan va qaytib sodir bo’lmaydi.

20 Agar Egamiz o’sha kunlarni qisqartirmaganda edi, hech bir jonzot omon qolmas edi. Lekin Xudo tanlagan odamlari uchungina o’sha kunlarni qisqartiradi.

21 Agar o’shanda kimdir sizlarga: «Masih mana bu erda» yoki: «Ana u erda», deb aytsa, ishonmanglar.

22 Chunki soxta masihlar va soxta payg`ambarlar paydo bo’lib, iloji bo’lsa, tanlangan odamlarni yo’ldan ozdirish uchun alomatu mo’`jizalar ko’rsatadilar.

23 Sizlar esa ehtiyot bo’linglar. Men hammasini sizlarga oldindan aytib qo’ydim.

24 O`sha kunlarda, azob–uqubatlardan keyin,

«Quyosh qorayadi, oyning nuri so’nadi.

25 Osmondan yulduzlar qulab tushadi,

Samoviy kuchlar larzaga keladi.»

26 Shunda hamma odam Inson O`g`lini ko’radi. Inson O`g`li buyuk qudrat va ulug`vorlikka burkanib, bulutlarda keladi.

27 U farishtalarini erning to’rt tomoniga yuborib, dunyoning bir burchagidan tortib, narigi burchagigacha tanlagan odamlarini to’plab oladi.

Hushyor bo’lish haqida

28 Anjir daraxtidan saboq olinglar: uning shoxlari ko’karib barg chiqarayotganda, yoz yaqinlashganini bilasizlar.

29 Shu singari, mana bu voqealar sodir bo’lganda, bilingki, o’sha vaqt yaqinlashib qolgan, ostonangizga etgan.

30 Sizlarga chinini aytayin: bu nasl o’tmasdanoq, bularning hammasi sodir bo’ladi.

31 Eru osmon yo’q bo’lib ketadi, ammo Mening so’zlarim kuchda qoladi.

32 O`sha kun yoki soat haqida samoviy Otamdan boshqa hech kim bilmaydi. O`g`il ham, samodagi farishtalar ham bilmaydilar.

33 Ehtiyot bo’lib, hushyor turinglar, chunki o’sha vaqt–soat qachon kelishini sizlar bilmaysizlar.

34 Bu xuddi safarga jo’nagan uy egasiga o’xshaydi. U o’z uy–ro’zg`orini xizmatkorlariga topshirib, har biriga vazifa berib, darvozabonga hushyor bo’lib turishni buyurib, jo’nab ketadi.

35 Xuddi shu singari, sizlar ham hushyor bo’lib turinglar. Chunki uy egasi qachon kelishini — kechqurunmi, yarim tundami, xo’rozlar qichqirgandami yoki ertalabmi — sizlar bilmaysizlar.

36 Tag`in U nogahon kelib, sizlarni uxlab yotgan holda ko’rmasin!

37 Sizlarga aytganimni hammaga aytaman: hushyor bo’linglar!”

Isoni o’ldirish rejasi

1 Fisih ziyofatiga va Xamirturushsiz non bayramiga ikki kun qolgan edi. Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari Isoni hiyla bilan tutib, o’ldirish uchun fursat poylab yurgan edilar.

2 Ular: “Biz bu ishni bayram kunlari qilmasligimiz kerak, aks holda, xalq g`alayon ko’tarishi mumkin”, dedilar.

Isoga sunbul moyi quygan ayol

3 Iso Baytaniya qishlog`ida ilgari teri kasalligiga chalingan Shimo’nning uyida mehmon bo’lib o’tirgan edi. Shunda bir ayol ganchdan yasalgan idishda toza, qimmatbaho sunbul moyi olib keldi. Idishni sindirib ochib, moyni Isoning boshidan quydi.

4 Ba`zilar bundan g`azablanib, bir–biriga:

— Moyni bunday isrof etishning nima keragi bor edi?!

5 Axir, uni uch yuz kumush tangadan ham ko’proqqa sotib, kambag`allarga taqsimlab berish mumkin edi–ku! — deb ayolni qattiq koyishdi.

6 — Qo’yinglar uni! — dedi Iso. — Nega ayolni xijolatda qoldiryapsizlar? U Men uchun ajoyib ish qildi.

7 Kambag`allar har doim sizlar bilan birga bo’ladilar. Istagan vaqtingizda ularga yordam bera olasizlar. Lekin Men sizlar bilan doimo birga bo’lmayman.

8 Bu ayol qo’lidan kelganini qildi. U Mening tanamga xushbo’y moy surtib, oldindan dafnga tayyorladi.

9 Sizlarga chinini aytayin: Xushxabar dunyoning qaysi erida e`lon qilinmasin, bu ayol ham esga olinib, uning qilgan ishi haqida aytiladi.

10 Shunda o’n ikki shogirddan biri bo’lgan Yahudo Ishqariyot bosh ruhoniylarning oldiga borib, Isoni sizlarga tutib beraman, dedi.

11 Bosh ruhoniylar bu gapni eshitib, juda xursand bo’ldilar, Yahudoga pul berishni va`da qildilar. Shunday qilib, Yahudo Isoni tutib berish uchun qulay vaqtni kuta boshladi.

Qutlug` kecha va Isoga xiyonat

12 Xamirturushsiz non bayramining birinchi kunida, Fisih qo’zisi so’yiladigan paytda shogirdlar Isodan so’radilar:

— Fisih taomini qaerda emoqchisiz? Biz borib tayyorgarlik ko’raylik.

13 Iso shogirdlaridan ikkitasini yuborayotib, ularga dedi:

— Quddusga boringlar, u erda ko’zada suv ko’tarib ketayotgan bir odamni uchratasizlar. Uning orqasidan boringlar.

14 U kiradigan xonadon egasiga shunday deb aytinglar: “Ustozimiz shogirdlari bilan Fisih taomini emoqchilar. U sizdan: «Bizga tayyorlab qo’yilgan mehmonxona qaerda?» deb so’rab yubordilar.”

15 Uy egasi sizlarga jihozlangan, tayyorlab qo’yilgan katta boloxonani ko’rsatadi. U erda biz uchun hozirlik ko’ringlar.

16 Shogirdlar jo’nashdi. Shaharga kirganlarida, xuddi Isoning aytganini topdilar va Fisih taomini tayyorladilar.

17 Kech kirganda, Iso o’n ikki shogirdi bilan birga u erga keldi.

18 Ular ovqatlanib o’tirganlarida Iso shunday dedi:

— Sizlarga chinini aytayin, Men bilan taom eyayotgan kishi Menga xiyonat qiladi. U sizlarning orangizdadir.

19 Shogirdlar xafa bo’lib, birin–ketin:

— Nahotki o’sha men bo’lsam? — deb Undan so’ray boshladilar.

20 Iso ularga javoban dedi:

— U o’n ikkitangizdan bittasi, Men bilan baravar kosaga nonni botirgan — o’shadir.

21 To’g`ri, Inson O`g`li U haqda yozilganday jon beradi. Lekin Inson O`g`liga xiyonat qilgan odamning holiga voy! Uning tug`ilganidan ko’ra, tug`ilmagani yaxshiroq edi.

22 Ular ovqatlanayotganda, Iso nonni oldi, duo o’qib sindirdi. Nonni shogirdlariga berib:

— Olinglar, bu Mening tanamdir, — dedi.

23 Sharob quyilgan kosani ham oldi, shukrona duosini o’qib ularga uzatdi. Hammalari undan ichdilar.

24 Iso ularga dedi:

— Bu sharob Xudoning ahdini bildiradi. Bu ahd ko’plar uchun to’kiladigan qonim evaziga kuchga kiradi.

25 Sizlarga chinini aytayin: Xudoning Shohligida Men yangi sharob ichadigan kungacha uzum ne`matini og`zimga ham olmayman.

26 So’ng ular hamdu sano kuylab, Zaytun tog`i tomon ketdilar.

Butrusning Isodan tonishi haqida bashorat

27 Iso shogirdlariga dedi:

— Hammalaringiz Meni tashlab, qochib ketasizlar. Chunki yozilgan:

“Men cho’ponni o’ldiraman,

Shunda qo’ylar har yoqqa tarqalib ketadi.”

28 Biroq Men tirilganimdan keyin, sizlarni Jalilada kutaman.

29 Butrus Isoga dedi:

— Sizni hamma tashlab ketsa ham, men Sizni tashlab ketmayman!

30 Iso unga:

— Senga chinini aytayin, bugun, shu kechasiyoq, xo’roz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan, — dedi.

31 Lekin Butrus o’z gapida qattiq turib oldi:

— Kerak bo’lsa, Siz bilan birga o’laman! Ammo Sizdan aslo tonmayman! — dedi. Boshqa hamma shogirdlar ham shunday deyishdi.

Isoning bog`dagi ibodati

32 Ular Getsemaniya degan joyga bordilar. Iso shogirdlariga:

— Men ibodat qilayotganimda, sizlar shu erda o’tirib turinglar, — dedi.

33 U yoniga Butrusni, Yoqub va Yuhannoni oldi. Isoni qayg`u, g`am bosib kela boshladi.

34 U shogirdlariga:

— Yuragimdagi og`ir qayg`u Meni o’lguday qiynab yubordi. Shu erda qolinglar–da, ko’z–quloq bo’lib turinglar, — dedi.

35 Bir oz nari ketib erga muk tushdi: “Agar iloji bo’lsa, bu lahza Meni chetlab o’tsin”, deb ibodat qildi.

36 U shunday deb yolvordi:

— Otajon! Sen uchun hamma narsaning imkoni bor! Bu azob kosasini Mendan uzoqlashtir. Ammo Mening xohishim emas, Sening xohishing bajo bo’lsin.

37 Iso qaytib kelib, shogirdlarining uxlab yotganini ko’rdi. Butrusga dedi:

— Shimo’n! Uxlayapsanmi? Bir soatgina ham uyg`oq o’tira olmadingmi?

38 Ko’z–quloq bo’lib turinglar, vasvasaga tushib qolmaylik, deb ibodat qilinglar. Ruh tetik, tana esa zaifdir.

39 Iso yana borib, o’sha so’zlarni aytib ibodat qildi.

40 U qaytib kelib, shogirdlarining yana uxlab yotganini ko’rdi. Ularning ko’zlari yumilib ketavergan edi. Ular Isoga nima deb aytishni bilmay qoldilar.

41 Uchinchi marta borib kelib, Iso shogirdlariga dedi:

— Haligacha dam olib, uxlab yotibsizlarmi?! Bo’ldi, vaqt–soati keldi! Inson O`g`li gunohkorlar qo’liga tutib berilyapti.

42 Turinglar, ketaylik! Ana, Menga xoinlik qiluvchi kelyapti!

Iso hibsga olinadi

43 Iso hali gapini tugatmagan ham ediki, Yahudo kelib qoldi. U o’n ikki shogirddan biri bo’lib, uning yonida qilich va tayoq ko’tarib olgan olomon bor edi. Bu olomonni bosh ruhoniylar, Tavrot tafsirchilari va yo’lboshchilar yuborgan edilar.

44 Xoin Yahudo olomon bilan til biriktirib, shunday degandi: “Men kimni o’psam, U o’sha Kishidir. Uni qo’lga olinglar, qo’riqlab, olib ketinglar.”

45 Yahudo to’ppa–to’g`ri Isoning oldiga borib:

— Ustoz! — deb Uni o’pdi.

46 Shu zahotiyoq odamlar Isoni ushlab, qo’lga oldilar.

47 O`sha erda turganlardan biri qilichini qinidan sug`urdi–da, oliy ruhoniyning xizmatkoriga bir urib, qulog`ini kesib tashladi.

48 Iso ularga dedi:

— Sizlar Meni qo’lga olish uchun qo’zg`olonchiga qarshi chiqqandek qilichu tayoqlar bilan qurollanib kelibsizlar.

49 Men har kuni Ma`badda sizning orangizda edim, ta`lim berardim. Sizlar o’shanda Meni qo’lga olmadingizlar. Ammo bular Muqaddas bitiklarda aytilganlar bajo bo’lishi uchun ro’y berdi.

50 O`shanda hamma shogirdlari Isoni tashlab, qochib ketishdi.

51 Bir yosh yigit Isoga ergashib ketayotgan edi. U zig`ir matosiga o’ranib olgan, boshqa kiyimi yo’q edi. Odamlar o’sha yigitni ham ushlagan edilar,

52 u zig`ir matosini tashlab, yalang`och holicha qochib ketdi.

Iso yahudiylarning Oliy kengashi oldida

53 Isoni oliy ruhoniyning oldiga olib keldilar. Bosh ruhoniylar, yo’lboshchilar va Tavrot tafsirchilarining hammasi yig`ilgan edilar.

54 Butrus esa Isoning orqasidan masofa saqlab ergashib kelib, oliy ruhoniyning hovlisiga kirdi. U soqchilar bilan birga olov yonida o’tirib, isindi.

55 Bosh ruhoniylar va Oliy kengashning barcha a`zolari Isoni o’limga mahkum qilish uchun Unga qarshi guvoh izlar edilar, lekin topolmasdilar.

56 Ko’p odamlar Unga qarshi soxta guvohlik berayotgan bo’lsalar–da, ammo bergan guvohliklari bir–biriga mos kelmas edi.

57 Soxta guvohlardan ba`zilari so’zga chiqib shunday der edilar:

58 — U: “Inson qo’li bilan qurilgan bu Ma`badni Men buzib tashlayman–u, uch kunda inson qo’llarisiz, boshqa bir Ma`badni tiklayman”, — deganini eshitgan edik.

59 Lekin bu xususda ham guvohlarning bergan ma`lumotlari bir–biriga mos kelmas edi.

60 Bundan keyin oliy ruhoniy oldinga chiqib, Isoga:

— Indamay turaverasanmi?! Ularning Senga qo’ygan ayblariga javob qaytarmaysanmi?! — dedi.

61 Iso esa indamadi, hech javob qaytarmadi. Oliy ruhoniy yana Undan so’radi:

— Muborak Xudoning O`g`li — Masih Senmisan?

62 Iso dedi:

— Men O`shaman. Sizlar Inson O`g`lini Qodir Xudoning o’ng tomonida o’tirganini va osmon bulutlarida kelayotganini ko’rasizlar.

63 Shundan keyin oliy ruhoniy o’z kiyimlarini yirtib dedi:

— Bizlarga boshqa guvohlarning nima keragi bor?!

64 Uning kufr ketganini o’zlaringiz eshitdingizlar. Sizlarning qaroringiz qanday?

Hammalari Uni o’limga loyiq deb topishdi.

65 Ba`zilar Unga tupurishdi. Uning yuz–ko’zini bog`lab, mushtlashdi: “Payg`ambar, qani, top–chi, Seni kim urdi ekan?” deb aytishdi. Soqchilar ham Uni olib ketib, urdilar.

Butrus Isodan tonadi

66 Butrus pastdagi hovlida ekan, oliy ruhoniyning bir cho’risi kelib qoldi.

67 Isinib turgan Butrusni ko’rib, unga tikilib qaradi–da:

— Siz ham o’sha Nosiralik Iso bilan birga edingiz–ku! — dedi.

68 Lekin Butrus inkor etib:

— Nima deyapsan o’zi, tushunmayapman, — dedi–yu, boshqa yoqqa, tashqi hovliga chiqib ketdi. Shu payt xo’roz qichqirdi.

69 Cho’ri uni yana uchratib, u erda turganlarga:

— Bu odam o’shalardan biri, — deb yana aytdi.

70 Butrus yana inkor etdi.

Bir ozdan keyin u erda turganlar yana Butrusga gapira boshlashdi:

— Sen Jalilaliksan–ku! O`shalardan biri ekanliging aniq.

71 — Xudo ursin! Sizlar aytayotgan bu Odamni men tanimayman! — deb qasam ichdi Butrus.

72 Naq shu payt xo’roz ikkinchi marta qichqirdi. Isoning: “Xo’roz ikki marta qichqirmasdan oldin, sen Mendan uch marta tonasan” degan so’zi Butrusning esiga tushib ketdi. U chidolmay yig`lab yubordi.

Iso Pilat huzurida

1 Tong otar–otmas, bosh ruhoniylar, yo’lboshchilar, Tavrot tafsirchilari va Oliy kengashning qolgan a`zolari bir qarorga kelishdi. Ular Isoni bog`latib, hokim Pilatga olib borib topshirishdi.

2 Pilat Isodan:

— Sen yahudiylarning Shohimisan? — deb so’radi.

— Siz shunaqa deysiz, — deb javob berdi Iso.

3 Bosh ruhoniylar Uni ko’p masalada ayblayotgan edilar.

4 Pilat yana Unga:

— Sen hech narsaga javob bermaysanmi? Ko’ryapsan–ku, ular Seni ko’p jinoyatlarda ayblashyapti! — dedi.

5 Lekin Iso boshqa hech javob bermadi. Pilat bunga qoyil qoldi.

6 Har Fisih bayramida Pilat xalqning iltimosiga binoan bir mahbusni ozod qilar edi.

7 Isyon vaqtida qotillik qilgan Barabbas ismli bir kishi o’z sheriklari bilan o’shanda qamoqda edi.

8 Xalq yana kelib, Pilatdan odatdagiday bir mahbusni ozod qilishni so’ray boshladi.

9-10 Bosh ruhoniylar Isoni hasad tufayli qo’lga tushirishganini bilgan Pilat olomondan:

— Sizlar uchun yahudiylarning Shohini ozod qilishimni istaysizlarmi? — deb so’radi.

11 Ammo bosh ruhoniylar: “Uning o’rniga Barabbasni ozod qilishni Pilatdan so’ranglar”, deb olomonni qo’zg`adilar.

12 Pilat ularga yana dedi:

— Aytinglar xohishingizni! Sizlar “Yahudiylar Shohi” deb ataydigan Kishini nima qilay?

13 — Xochga mixlansin! — deb shovqin soldi olomon.

14 Pilat ulardan:

— Nimaga? U nima yomonlik qildi? — deb so’radi. Lekin olomon:

— Xochga mixlansin! — deb battar baqirardi.

15 Shundan keyin Pilat xalqni mamnun qilay deb, Barabbasni ozod etdi. Isoni esa qamchilatib, xochga mixlashni buyurdi.

Askarlar Isoni haqorat qilishadi

16 Rim askarlari Isoni hukumat saroyining hovlisiga olib borib, butun bo’linmani Uning oldiga to’plashdi.

17 Unga safsar to’n kiydirishdi va tikanlardan toj o’rib boshiga qo’yishdi.

18 — Yashavor, ey yahudiylarning Shohi! — deb Uni qutlay boshlashdi.

19 Qamish bilan Uning boshiga qayta–qayta urib, tupurishdi. Uning oldida tiz cho’kib, ta`zim qilishdi.

20 Uni shunday masxara qilganlaridan keyin, ustidan safsar to’nni echib olib, O`zining kiyimlarini kiydirishdi. So’ng Uni xochga mixlash uchun olib ketishdi.

Iso xochga mixlanadi

21 Askarlar yo’lda Shimo’n degan odamni uchratib qoldilar. U daladan qaytib kelayotgan edi. Ular Shimo’nni Isoning xochini ko’tarib borishga majbur qildilar. Shimo’n Kirineyalik bo’lib, Iskandar va Rufusning otasi edi.

22 Askarlar Isoni Go’lgota degan joyga olib kelishdi. Go’lgota “bosh suyagi” ma`nosini beradi.

23 Isoga mirra aralashtirilgan sharob berishdi, lekin U ichmadi.

24 Bundan so’ng Isoni xochga mixlab qo’yishdi. Uning kiyimlarini esa o’zaro bo’lishib, kim nima oladi, deb qur`a tashlashdi.

25 Uni xochga mixlaganlarida ertalab soat to’qqiz edi.

26 Bosh tomonida: “Yahudiylarning Shohi” deb yozilgan aybnoma bor edi.

27-28 Iso bilan birga ikkita qaroqchini ham mixlagan edilar. Ularning biri Isoning o’ng tomonida, ikkinchisi esa chap tomonida edi.

29 O`tib ketayotganlar boshlarini chayqab, Isoni haqoratlashardi:

— Ey Ma`badni buzib, uch kun ichida tiklaydigan!

30 O`zingni O`zing qutqarib, xochdan tushib ko’r–chi!

31 Bosh ruhoniylar va Tavrot tafsirchilari ham ularga qo’shilib, Isoni masxaralay ketishdi. Ular bir–biriga:

— U boshqalarni qutqarardi, O`zini esa qutqara olmaydi!

32 Isroilning Shohi Masih endi xochdan tushsin, toki biz buni ko’rib Unga ishonaylik! — deyishardi.

Iso bilan birga xochga mixlanganlar ham Uni haqoratlar edilar.

Iso jon beradi

33 Tush payti butun yurtni zulmat qopladi. Soat uchga qadar hamma yoq zulmatga cho’mdi.

34 Soat uchda Iso baland ovoz bilan:

— Elohi, Elohi, lamo shavaqtani? — deb faryod qildi. Bu so’zning tarjimasi: “Ey Xudoyim! Ey Xudoyim! Nega Meni tark etding?!” demakdir.

35 U erda turgan ba`zilar buni eshitib:

— Qarang, U Ilyosni chaqiryapti, — deyishdi.

36 Shunda bir odam yugurib borib, shimgichni arzon sharobga botirib, qamishning uchiga ilib qo’ydi–da, Isoga ichish uchun uzatdi. So’ng dedi:

— Qani, ko’raylik–chi, Ilyos kelib, Uni xochdan tushirarmikan?

37 Ammo Iso qattiq faryod qildi–yu, jon berdi.

38 Shu zahoti Ma`baddagi parda yuqoridan pastgacha yirtilib, ikkiga bo’linib ketdi.

39 Isoning qarshisida turgan Rim yuzboshisi Uning shu tarzda jon berganini ko’rib:

— Haqiqatan ham bu Odam Xudoning O`g`li ekan! — dedi.

40 U erda uzoqdan qarab turgan ayollar bor edi. Ular orasida Magdalalik Maryam, kichik Yoqub bilan Yusufning onasi Maryam hamda Salomiya bor edilar.

41 Iso Jalilada ekanligida, ular Unga xizmat qilib, ergashib kelgan edilar. U erda Iso bilan birga Quddusga kelgan boshqa ko’p ayollar ham bor edi.

Iso dafn qilinadi

42 Juma kuni kech kirishiga oz qolgan, Shabbat kuniga tayyorgarlik qilish vaqti tugayotgan edi.

43 Shunda Oliy kengashning obro’li a`zosi, Xudoning Shohligini intizorlik bilan kutib yurgan Arimateyalik Yusuf jur`at etib, Pilatning huzuriga bordi va Isoning jasadini so’radi.

44 Pilat Isoning darrov o’lganiga hayron bo’ldi. Yuzboshini chaqirib:

— Uning joni uzilib bo’ldimi? — deb so’radi.

45 Pilat Isoning o’lganini yuzboshidan bilib olgach, Uning jasadini Yusufga berdi.

46 Yusuf zig`ir matosi sotib oldi. Jasadni xochdan tushirib olib, zig`ir matosi bilan kafanladi. Jasadni qoyada o’yilgan qabrga qo’ydi. Keyin qabrning og`ziga bir toshni yumalatib keltirib, qo’yib ketdi.

47 Isoning jasadi qaerga dafn qilinganini Magdalalik Maryam bilan Yusufning onasi Maryam ko’rdi.

Iso tiriladi

1 Shabbat kuni tugagach, Magdalalik Maryam, Yoqubning onasi Maryam va Salomiya Isoning jasadiga surtish uchun xushbo’y moylar sotib oldilar.

2 Yakshanba kuni juda barvaqt turib, tong yorishganda qabrga bordilar.

3 Ular bir–biriga:

— Qabr og`zidagi toshni biz uchun kim ag`darib berar ekan–a? — deb aytishardi.

4 Qabrga etib kelganlarida qarashsa, tosh allaqachon ag`darilgan ekan. Tosh juda katta edi.

5 Ular qabr ichiga kirib, o’ng tomonda o’tirgan oq libosli bir yigitni ko’rdilar–u, cho’chib ketdilar.

6 Yigit ularga:

— Qo’rqmanglar! — dedi. — Sizlar xochga mixlangan Nosiralik Isoni izlayapsizlar. Iso tirildi! U bu erda yo’q. Mana Uning qo’yilgan joyi!

7 Endi borib, Uning shogirdlari va Butrusga: “Iso sizlarni Jalilada kutyapti. O`zi sizlarga aytganidek, Uni o’sha erda ko’rasizlar”, deb aytinglar.

8 Dahshatga tushib, qaltiragan ayollar qabrdan chiqib, qochdilar. Ular qo’rqqanlaridan hech kimga biron narsa aytmadilar.

Iso Magdalalik Maryamga zohir bo’ladi

9 Yakshanba kuni erta saharda tirilgan Iso birinchi bo’lib Magdalalik Maryamga zohir bo’ldi. Bu ayoldan U ettita jinni quvib chiqargan edi.

10 Maryam borib, Isoning aza tutib yig`layotgan shogirdlariga xabar etkazdi.

11 Biroq ular Isoning tirik ekanligini va Maryam Uni ko’rganligini eshitsalar ham, ishonmadilar.

Iso shogirdlariga zohir bo’ladi

12 Shundan keyin Iso yo’lda bir qishloq tomon ketayotgan ikkita shogirdiga boshqacharoq qiyofada ko’rindi.

13 Ular esa qaytib kelib, boshqalarga xabar etkazishdi, lekin ularga ham ishonmadilar.

14 Nihoyat, Iso O`zining eb–ichib o’tirgan o’n bir shogirdiga zohir bo’ldi. Iso shogirdlarini imonlari zaifligi va qaysarligi uchun koyidi, chunki ular Isoni tirilgan holda ko’rgan odamlarga ishonmagan edilar.

15 Iso shogirdlariga dedi:

— Butun jahon bo’ylab yuringlar va hamma tirik jonga Xushxabarni e`lon qilinglar.

16 Kimki Xushxabarga ishonib, suvga cho’mdirilsa, najot topadi. Ishonmagan esa mahkum bo’ladi.

17 Quyidagi alomatlar imonlilarga hamroh bo’ladi: Mening nomim bilan jinlarni quvib chiqaradilar. Yangi tillarda so’zlaydilar.

18 Qo’llariga ilon olsalar ham, zahar ichsalar ham, ularga zarar etmaydi. Xastalarga qo’llarini qo’yganda, ular sog`ayib ketadi.

Iso osmonga ko’tariladi

19 Rabbimiz Iso shogirdlariga bularni aytib bo’lgach, osmonga ko’tarildi. U Xudoning o’ng tomoniga o’tirdi.

20 Shogirdlar esa ketib, hamma yoqda Xushxabarni va`z qilib yurdilar. Rabbimiz shogirdlariga kuch ato qilib, alomatlar orqali ularning so’zlarini tasdiqlar edi.