Havoriylar

Havoriylar

Muqaddima

1-2 Ey Teofilus, birinchi kitobimda men sizga Iso boshidan to osmonga ko’tarilgunga qadar qilgan hamma ishlari va o’rgatgan ta`limoti to’g`risida yozgan edim. U osmonga ko’tarilishdan oldin, Muqaddas Ruh kuchi orqali O`zi tanlagan havoriylarga ko’rsatmalar bergan edi.

3 Iso azob chekib o’lgandan keyin, bir qancha ishonchli dalillar orqali havoriylarga tirilganini ko’rsatdi. Qirq kun davomida ularga zohir bo’lib, Xudoning Shohligi to’g`risida gapirdi.

4 Iso O`z havoriylari bilan dasturxon atrofida o’tirar ekan, ularga shunday amr berdi: “Quddusdan ketib qolmanglar, osmondagi Otamning bergan va`dasi bajo bo’lishini kutinglar. Bu va`da haqida oldin ham sizlarga aytgan edim.

5 Yahyo odamlarni suvga cho’mdirar edi, sizlar esa yaqin kunlarda Muqaddas Ruhga cho’mdirilasizlar.”

Iso osmonga ko’tariladi

6 Havoriylar birga yig`ilganlarida, Isodan shunday deb so’radilar:

— Rabbimiz, Isroil shohligini tiklaydigan vaqtingiz kelmadimi?

7 Iso ularga shunday javob berdi:

— Vaqt va davrlarni Otam O`z hokimiyati orqali o’rnatgan, bularni bilish sizning ishingiz emas.

8 Ammo Muqaddas Ruh sizlarni qamrab olganda, kuch–qudratga to’lasizlar. Quddusda, Yahudiya va Samariyada, er yuzining hamma burchaklarida sizlar Mening shohidlarim bo’lasizlar.

9 Iso shu gaplarni aytgandan keyin, havoriylarning ko’zi oldida osmonga ko’tarildi. Bulut Isoni havoriylarning ko’zlaridan yashirdi.

10 Iso ko’tarilib ketgandan keyin ham havoriylar ko’zlarini uzmay osmonga qarab turardilar. Shu payt birdan oq kiyim kiygan ikki odam ularning oldida paydo bo’ldi.

11 — Ey Jalilaliklar! — dedi ular. — Nimaga osmonga qarab turibsizlar? Iso osmonga ko’tarilganini o’z ko’zingiz bilan ko’rdingizlar. U osmonga qanday ko’tarilgan bo’lsa, xuddi shunday qaytib keladi.

O`n ikkinchi havoriy tanlanadi

12 Shundan keyin ular Zaytun deb atalgan tog`dan Quddusga qaytib keldilar. Zaytun tog`i Quddus yonida bo’lib, shahardan taxminan bir chaqirim masofada joylashgan edi.

13 Ular shaharga kirganlaridan keyin, o’zlari turadigan xonadonning boloxonasiga chiqdilar. Butrus, Yuhanno, Yoqub, Endrus, Filip, To’ma, Bartolomey, Matto, Xalfey o’g`li Yoqub, vatanparvar Shimo’n, Yoqub o’g`li Yahudo shu erda edilar.

14 Ular yakdillik bilan toat–ibodatga berilgan edilar. Ular qatorida ba`zi bir ayollar, shuningdek, Isoning onasi Maryam va Uning ukalari ham bor edi.

15 Bir kuni 120 nafar imonli birodar yig`ilgan edi. Butrus ular oldida turib, shunday dedi:

16-17 “Birodarlarim! Muqaddas Ruh oldindan Dovud orqali Yahudo haqida bashorat qilgandi. Muqaddas bitiklardagi Uning bu so’zlari amalga oshishi kerak edi. Yahudo bizlarning birimiz hisoblanib, bu xizmatda ishtirok etishga tanlangandi. Ammo u Isoni hibsga olish uchun kelganlarga boshchilik qildi.

18 Keyin yovuz ishi bilan qo’lga kiritgan pulga dala sotib oldi. Ammo o’sha erda yiqilib tushdi, qorni yorilib, ichak–chovoqlari chiqib ketdi.

19 Bu voqea butun Quddus aholisiga ma`lum bo’ldi, shuning uchun odamlar o’sha joyni Xaqaldamax, ya`ni Qon dalasi deb atadilar.

20 Zabur kitobida shunday yozilgan:

«Uning makoni tashlandiq bo’lib qolsin,

U erda yashaydigan biron jon qolmasin.»

Yana shunday deyilgan:

«Uning o’rnini boshqasi olsin.»

21-22 Shunga ko’ra, biz Yahudoning o’rniga boshqa bir odamni tanlashimiz kerak. Toki u, biz singari, Rabbimiz Isoning tirilgani haqida guvohlik bersin. Bu odam Rabbimizning Yahyo tomonidan suvga cho’mdirilgan kunidan boshlab, to osmonga ko’tarilgan vaqtgacha bizga hamrohlik qilganlardan biri bo’lishi shart.”

23 Shunday qilib, ular ikki kishini oldinga chiqardilar. Ulardan biri Yusuf (uning yana Barsabo va Yustus degan ismi ham bor edi), ikkinchisi esa Mattiyo edi.

24-25 Ular ibodat qilib, shunday dedilar: “Ey Rabbimiz! Sen hamma odamlarning yuragini bilasan. Mana shu ikkovidan qaysi birini havoriylik xizmati uchun tanlaganingni bizga ko’rsatgin, chunki Yahudo xizmatini tashlab, o’ziga tegishli erga ketgan.”

26 Havoriylar ular uchun qur`a tashladilar. Qur`a Mattiyoning chekiga tushdi. Mattiyo o’n bir havoriyga qo’shildi.

Muqaddas Ruhning kelishi

1 Hosil bayrami kuni kelganda, hamma imonlilar bir joyda yig`ildilar.

2 Birdan osmondan shiddatli shamol esganga o’xshash ovoz kelib, ular o’tirgan uyning ichini to’ldirdi.

3 Ular til shaklidagi alangani ko’rdilar. O`sha alanga yoyilib, har birining ustiga tushdi.

4 Shunda hammalari Muqaddas Ruhga to’ldilar, Muqaddas Ruh bergan qobiliyatga ko’ra, ular boshqa tillarda gapira boshladilar.

5 O`sha paytda Quddusda dunyodagi har bir yurtdan kelgan taqvodor yahudiylar yashar edi.

6 Ular bu ovozni eshitganlarida, bir talay olomon yig`ilib keldi. Har biri o’z tilidagi gaplarni eshitib, dovdirab qoldi.

7 Ular hayrat va hayajon ichida: “Qaranglar, gapirayotgan bu odamlar Jalilaliklar–ku! — deb xitob qildilar.

8 Qanday qilib har birimiz tug`ilgan yurtimizning tillarini eshityapmiz?

9 Oramizda Parfiyadan, Midiya, Elam, Mesopotamiya, Yahudiya, Kappadokiya, Pontus va Asiyadan kelganlar bor.

10 Frigiya, Pamfiliya, Misr, Liviyaning Kirineyaga yaqin erlaridan kelganlar ham bor. Ba`zilarimiz Rimdan kelganmiz, biz yahudiylarmiz, oramizda yahudiy diniga kirgan Rimliklar ham bor.

11 Ba`zilarimiz Krit va Arabistondan kelganmiz. Shunday bo’lsa–da, ular Xudoning qilgan qudratli ishlari to’g`risida bizga o’z tillarimizda gapirib berayotganini eshitib turibmiz.”

12 Ular hayratlanib, boshlari qotib, bir–birlaridan: “Bu nimadan darak beradi?” deb so’rardilar.

13 Boshqalar esa: “Ie, ular ichib mast bo’lib qolibdilar–ku”, deb masxara qilishardi.

Butrusning nutqi

14 Shunda Butrus o’n bir havoriy bilan oldinga chiqdi–da, olomonga qarata shunday dedi: “Ey yahudiy birodarlar, Quddus aholisi! Gapimga quloq solib, shuni uqib olinglar!

15 Bu odamlarni sizlar mast deb o’ylayapsizlar, ammo unday emas. Axir, endigina ertalab soat to’qqiz bo’ldi–ku!

16 Aksincha, Yo’el payg`ambarning aytganlari bajo bo’lmoqda:

17 «Xudo aytmoqda:

Oxirgi kunlarda,

O`z Ruhimni yog`diraman har bir inson ustiga,

Vahiylar keladi yigitlaringizga.

Bashoratlar qilar sizning o’g`il–qizlaringiz.

Karomatli tushlar ko’rar qariyalaringiz.

18 O`z Ruhimni yog`diraman o’sha kunlarda

Hattoki qulu cho’rilaringiz ustiga.

Ular bashorat qilarlar.

19-20 Mening buyuk va dahshatli kunim kelishidan oldin,

Men osmonda mo’`jizalar yarataman,

Erda alomatlar ko’rsataman:

Qon, olov, qalin tuman hosil qilaman.

Quyosh qorayadi, oy qon tusiga kiradi.

21 Rabbimizga iltijo qilgan har bir inson qutqariladi.»

22 Ey Isroil xalqi, bu gaplarimni eshitib olinglar: Nosiralik Iso orqali Xudo sizlarning orangizda mo’`jizalar va alomatlar ko’rsatdi. Shu yo’l bilan Isoda ilohiy hokimiyat borligini Xudo tasdiqladi. Buni o’zlaringiz bilasizlar.

23 Xudo O`zining rejasi bo’yicha Isoni sizlarning qo’lingizga topshirishni azaldan qaror qilgan edi. Sizlar esa g`ayriyahudiylarning qo’llari bilan Uni xochga mixlatib o’ldirdingizlar.

24 Ammo Xudo Uni tiriltirib, o’lim azoblaridan ozod qildi. O`lim o’z kuchi bilan Isoni ushlab turishga qodir emasdi.

25 Dovud U haqda shunday degan edi:

«Men doim Egamga ko’z tikaman,

U o’ng tomonimda bo’lgani uchun

Meni hech narsa qo’zg`ata olmas.

26 Shu bois, ey Egam, yuragim quvonchga to’la,

Tilim ham shod–xurramdir.

Tanam umid bilan yashaydi.

27 Meni o’liklar diyorida qoldirmaysan,

Taqvodoringni qabrda chiritmaysan.

28 Menga hayot so’qmoqlarini O`zing ko’rsatasan,

Huzuringda shodlik Meni qamrab oladi.»

29 Birodarlarim! Bobomiz Dovud to’g`risida sizlarga ochiq–oydin gapirishim kerak. U o’ldi, dafn qilindi, uning qabri bugungacha shu erdadir.

30 U payg`ambar bo’lgani bois, Xudo unga: «O`z naslingdan bo’lgan bittasini taxtingga o’tqazaman», deb ichgan ontini yodida tutardi.

31 Dovud kelajakni oldindan ko’rib, Masihning tirilishi to’g`risida gapirgan edi. Xudo Masihni o’liklar diyorida qoldirmasligi va Masihning tanasi chirimasligi haqida Dovud bashorat qilgandi.

32 Ana shu Isoni Xudo tiriltirdi, bunga hammamiz guvohmiz.

33 Xudo Isoni yuksaltirib, Uni taxtining o’ng tomoniga o’tqazdi. Otasi Xudoning va`dasi bo’yicha Iso Muqaddas Ruhni qabul qilib, Uni bizning ustimizga yog`dirdi. Buni o’zlaringiz ko’rib va eshitib turibsizlar.

34-35 Dovud osmonga chiqmagan bo’lsa–da, shunday degan edi:

«Egamiz aytmoqda Rabbimga:

Dushmanlaringni oyoqlaring ostiga poyandoz qilmagunimcha,

Sen Mening o’ng tomonimda o’tirgin.»

36 Butun Isroil xalqi shuni aniq bilib qo’ysin: sizlar mixlagan Isoni Xudoning O`zi jamiki borliq ustidan hukmdor qildi. Iso ham Masih, ham Rabbiydir.”

37 Xaloyiq bu gaplarni eshitdi–yu, yuraklari tilka–pora bo’ldi. Ular Butrusdan va qolgan havoriylardan:

— Birodarlar, endi biz nima qilaylik? — deb so’radilar.

38 Butrus ularga dedi:

— Tavba qilinglar, har biringiz Iso Masihning nomi bilan suvga cho’minglar, toki gunohlaringiz kechirilsin. Shunda sizlar Muqaddas Ruhni in`om qilib olasizlar.

39 Xudo sizlarga va bolalaringizga, uzoqdagilarga, Egamiz Xudo O`ziga da`vat etganlarning har biriga va`dasini bergan.

40 Butrus boshqa ko’p dalillar bilan ularga guvohlik berib: “O`zlaringizni bu buzuq nasl ustiga kelayotgan jazodan saqlanglar”, deya o’tindi.

41 Shunday qilib, Butrusning aytgan xabariga ishonganlar suvga cho’mdirildi. O`sha kuni imonlilar soni uch mingtaga ko’paydi.

42 Ular havoriylarning ta`limotini o’rganishga, birodarlikka, Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirishga va ibodatga o’zlarini bag`ishladilar.

Imonlilarning hayoti

43 Havoriylar orqali Xudo ko’plab mo’`jizalar va alomatlar ko’rsatardi, bundan esa hamma hayratga tushgan edi.

44 Barcha imonlilar tez–tez yig`ilishib turar edilar. Ular hamma narsada hamjihat edilar.

45 Mol–mulklarini sotib, pulini har kimning ehtiyojiga qarab taqsimlab berardilar.

46 Imonlilar har kuni Ma`badda yig`ilardilar. Bir–birlarinikiga mehmonga borganda esa Rabbimiz Isoni xotirlash uchun non sindirardilar, soddadillik bilan, yurakdan sevinib ovqatlanishardi.

47 Xudoga hamdu sanolar aytardilar, xalqning hurmatu e`tiboridan bahramand edilar. Har kuni Egamiz najot topayotganlarni imonlilarning qatoriga qo’shardi.

Shol tilanchi shifo topadi

1 Bir kuni Butrus bilan Yuhanno kunduzi soat uchlarda — ibodat vaqtida Ma`badga ketayotgan edilar.

2 O`sha paytda Ma`bad oldiga bir shol odamni olib kelishdi. Uni har kuni Ma`badning Go’zal degan darvozasiga keltirib qo’yishardi, u esa tilanchilik qilib, Ma`badga kelgan odamlardan sadaqa yig`ardi.

3 O`sha odam Butrus bilan Yuhannoning kelayotganini ko’rib, sadaqa berib ketinglar, deb yalindi.

4 Ikkovi unga tikildi. Shu payt Butrus:

— Bizga qara! — dedi.

5 U odam biron narsa olish ilinjida ikkoviga diqqat bilan qaradi.

6 Butrus esa unga dedi:

— Mening pulim yo’q, ammo o’zimda bor narsani senga beraman. Nosiralik Iso Masih nomi bilan senga buyuraman: o’rningdan turib yur!

7 Shundan keyin Butrus shol odamni o’ng qo’lidan ushlab, o’rnidan turishiga ko’maklashdi. Shu zahoti shol odamning oyoqlari bilan to’piqlari mustahkam bo’ldi.

8 U sakrab turdi–yu, yura boshladi. Keyin u yurib, sakrab, Xudoga hamdu sano aytib, Butrus va Yuhanno bilan birga Ma`bad hovlisiga kirdi.

9 Yurib Xudoga hamdu sano aytayotgan bu odamni xalq ko’rib,

10 tanib qoldi. Odamlar: “Go’zal darvozasi yonida o’tirib, sadaqa so’raydigan odam–ku bu!” deb hayratlanib, yuz bergan voqeadan hayron qoldilar.

Butrusning Ma`badda aytgan nutqi

11 Butrus bilan Yuhanno Sulaymon ayvoni degan joyda turar edilar. Shol odam ikkovining qo’lidan mahkam ushlab olgan edi. Xalq hayrat ichida ularning oldiga yugurib keldi.

12 Butrus odamlarni ko’rgach, ularga qarata nutq so’zladi: “Ey Isroil xalqi! Nega bunga hayron bo’lyapsizlar? Xuddi biz o’z qudratimiz yoki xudojo’yligimiz bilan bu odamga shifo berganday, nega bizga tikilib qarayapsizlar?

13 Bu odamga ota–bobolarimiz Ibrohim, Ishoq va Yoqubning Xudosi shifo berdi. Shu orqali Xudo O`zining Quli Isoni ulug`ladi. Ammo sizlar Isoni tutib berdingizlar. Pilat Uni ozod etishga qaror qilganda ham, sizlar Uni Pilatning huzurida rad etdingizlar.

14 Ha, sizlar Muqaddas va Solih bo’lgan Isoni rad qilib, Uning o’rniga bir qotilning ozod bo’lishini talab qildingizlar.

15 Sizlar hayotga boshlovchini o’ldirdingizlar. Ammo Xudo Uni o’likdan tiriltirdi. Biz bunga guvohmiz.

16 O`zlaringiz ko’rib–bilib turgan mana bu odam Isoning nomiga bo’lgan imoni tufayli soppa–sog` turibdi. Iso bergan bu imon uni ko’z o’ngingizda butunlay sog`aytirdi.

17 Ey birodarlar, sizlar Isoga qilgan bu yomonligingizni hukmdorlaringiz kabi, bilmasdan qilganingizni bilaman.

18 Ammo Xudo payg`ambarlarning og`zi bilan aytgan bashoratini bu qilmishingiz orqali bajo qildi. Axir, payg`ambarlar, Masih azob chekadi, deb oldindan aytgan edilar.

19 Endi tavba qilinglar, Xudoga yuz buringlar, toki gunohlaringiz kechirilsin.

20 Shunda Egamiz sizlarga farog`at vaqtini ato qiladi. U sizlar uchun tanlangan Masihni — Isoni yuboradi.

21 Xudo O`zining muqaddas payg`ambarlari orqali azaldan e`lon qilganday, hamma narsalar yangilanadigan davr keladi. Ammo o’sha davr kelguncha Iso samoda qolishi kerak.

22 Muso shunday degan edi: «Egangiz Xudo sizlar uchun xalqingiz orasidan menga o’xshagan bir payg`ambar chiqaradi. Uning aytgan har bir so’ziga quloq solinglar.

23 O`sha payg`ambarga itoat etmaydigan har kim Xudoning xalqi orasidan ajratib olinib, yo’q qilinadi.»

24 Haqiqatan ham, Shomuil va undan keyin kelib xabar bergan hamma payg`ambarlar biz yashayotgan bu kunlar haqida bashorat qilgan edilar.

25 Xudoning O`z payg`ambarlari orqali bergan va`dalari sizlar uchundir. Sizlar Xudoning Ibrohim orqali ota–bobolaringiz bilan tuzgan ahdini o’zlaringizga meros qilib olyapsizlar. Axir, Ibrohimga Xudo: «Sening zurriyoting orqali er yuzidagi jamiki xalqlar baraka topadi», deb aytgan edi.

26 Xudo O`z Quli Isoni zohir qilgandan keyin, Uni birinchi bo’lib sizlarning orangizga yubordi. Chunki U har biringizni yomon yo’ldan qaytarib, sizlarga baraka bermoqchi.”

Butrus bilan Yuhanno Oliy kengash oldida

1 Butrus bilan Yuhanno xalqqa gapirib turganlarida, bir necha ruhoniylar, Ma`bad mirshabboshisi va sadduqiy mazhabining ba`zi a`zolari keldilar.

2 Ularning qattiq jahli chiqqan edi, chunki bu ikkala havoriy xalqqa ta`lim berib, Iso o’likdan tirildi, deb va`z qilayotgan edilar.

3 Ular ikkala havoriyni ushlab, vaqt kech bo’lgani uchun ertasi kun ertalabgacha qamoqda saqladilar.

4 Ammo bu xabarni eshitganlarning ko’pchiligi imonga keldi. Shunday qilib, imonlilarning orasidagi erkaklarning soni besh mingga etdi.

5 Keyingi kun bosh ruhoniylar, yo’lboshchilar, Tavrot tafsirchilari Quddusda yig`ildilar.

6 Oliy ruhoniy Xanan, Kayafas, Yuhanno, Iskandar va oliy ruhoniy oilasiga mansub bo’lgan boshqa erkaklar yig`inda ishtirok etdilar.

7 Ular ikkala havoriyni o’rtaga turg`izib qo’yib, so’radilar: “Buni qanday qudrat bilan, kimning nomidan qildingizlar?”

8 Shunda Muqaddas Ruhga to’lgan Butrus ularga shunday dedi: “Ey xalq rahnamolari va yo’lboshchilari!

9 Agar bir xasta odamga qilingan yaxshilik tufayli bizdan hisob talab qilayotgan bo’lsangiz va bu odamning qanday qilib sog`ayganini so’rayotgan bo’lsangiz,

10 sizlar, ey Isroil xalqi, hammalaringiz shuni bilib qo’yinglarki, mana bu odam Nosiralik Iso Masih nomi bilan tamomila sog`ayib, oldingizda turibdi. Isoni sizlar xochga mixlagan edingizlar, Xudo esa Uni o’likdan tiriltirdi.

11 Axir, Iso to’g`risida Muqaddas bitiklarda shunday yozilgan:

«Ey binokorlar, siz rad etgan tosh

Binoning tamal toshi bo’ldi.»

12 Najot boshqa hech kimdan kelmaydi. Uning nomi — butun olamda najot beradigan yagona nomdir.”

13 Kengash a`zolari Butrus bilan Yuhannoning jasoratini ko’rdilar va ularning o’qimagan, oddiy odam ekanliklarini bilib, hayron qoldilar. Butrus bilan Yuhanno Isoning sheriklari ekanini angladilar.

14 Shifo topgan odam ham ikkala havoriy bilan birga turgan edi. Shuning uchun xalq rahnamolari va yo’lboshchilari uni ko’rib, ikkovining gaplariga qarshi biron so’z ayta olmadilar.

15 Shunday qilib, ular havoriylarga: “Majlisxonadan chiqinglar”, deb buyruq berdilar. So’ngra o’zaro muhokama qila boshladilar:

16 “Bu odamlarni nima qilamiz? Bu ajoyib mo’`jizani mana shu odamlar qilganini Quddusdagi har bir odam biladi, biz buni inkor eta olmaymiz.

17 Ammo bu xabar xalq orasida yanada yoyilib ketishining oldini olish uchun, bundan keyin Isoning nomi bilan hech kimga gapirmaysizlar, deb ularni ogohlantirib qo’yamiz.”

18 Shunday qilib, ular ikkovini chaqirdilar va: “Isoning nomi bilan umuman gapirmaysizlar yoki ta`lim bermaysizlar”, deb buyruq berdilar.

19 Butrus bilan Yuhanno esa ularga shunday javob qaytardilar: “Xudodan ko’ra sizlarga itoat etsak, Xudoning nazarida to’g`ri bo’ladimi? O`zlaringiz xulosa chiqaraveringlar.

20 Biz esa ko’rganlarimiz va eshitganlarimiz to’g`risida gapirmasdan tura olmaymiz.”

21 Shunday qilib, Kengash a`zolari ularni oxirgi marta ogohlantirib, qo’yib yubordilar. Ularni jazolash uchun hech qanday sabab topa olmagandilar, chunki butun xalq yuz bergan voqeani bilib, Xudoga hamdu sano aytardi.

22 Axir, mo’`jizali alomat tufayli shifo topgan odam qirq yildan oshiq vaqt davomida shol bo’lgan edi.

23 Butrus bilan Yuhanno ozod bo’lishlari bilanoq, do’stlarining oldiga qaytib keldilar va bosh ruhoniylar bilan yo’lboshchilarning ularga aytgan gaplarini so’zlab berdilar.

24 Do’stlari bu gaplarni eshitganlaridan keyin, hammalari birgalikda baland ovozda Xudoga shunday deb ibodat qildilar: “Ey Egamiz! Sen osmon bilan erni, dengizni va ulardagi hamma mavjudotni yaratgansan!

25 Quling — bobomiz Dovud orqali Muqaddas Ruhing bilan shunday degansan:

«Nega quturadi xalqlar?!

Nega behuda fitna qilar elatlar?!

26 Egamizga va Uning Masihiga qarshi

Zamin shohlari saf tortdilar,

Hukmdorlar Unga qarshi birlashdilar.»

27 Haqiqatan, Hirod bilan Po’ntiy Pilat g`ayriyahudiylar va Isroil xalqi bilan birga bu shaharda Sening muqaddas Quling, O`zing Masih qilib tanlagan Isoga qarshi to’plandilar.

28 Qudrating va xohish–irodang bilan O`zing ilgaridan qaror qilgan hamma narsani ular ijro etdilar.

29 Endi, ey Egamiz, ularning tahdidlariga qara! Sening so’zingni jasorat bilan aytishimiz uchun, biz, qullaringga kuch ber.

30 Qudratingni ko’rsat, toki Muqaddas Quling Iso nomi bilan xastalarga shifo beraylik, alomatlar va mo’`jizalar ko’rsataylik.”

31 Hammalari ibodat qilib bo’lganlaridan keyin, ular yig`ilib turgan joy silkindi. Hammalari Muqaddas Ruhga to’lib, Xudoning so’zini jasorat bilan gapiradigan bo’ldilar.

Imonlilar mol–mulklarini taqsimlab beradilar

32 Imonga kelganlar yakdil va hamjihat edilar. Ulardan birontasi o’ziga qarashli biron narsani “Bu meniki”, deb aytmas, bor mol–mulklarini umumiy deb bilishardi.

33 Havoriylar buyuk qudrat bilan Rabbimiz Isoning tirilganiga guvohlik berardilar. Xudo ularning hammalariga mo’l–ko’l muruvvat ko’rsatardi.

34 Imonlilarning orasida bironta muhtoj odam yo’q edi. Dala yoki uy–joy egalari bor narsalarini sotardilar, sotuvdan tushgan mablag`ni olib kelib,

35 havoriylarning ixtiyoriga berardilar. Pullar odamlarning ehtiyojiga qarab taqsimlanardi.

36 Imonlilar orasida Levi qabilasidan bo’lgan Yusuf ismli bir odam bor edi. U asli Kiprdan edi. Havoriylar unga Barnabo, ya`ni “dalda beruvchi” degan nom bergan edilar.

37 Yusuf ham dalasini sotib, pulini havoriylarga in`om qildi.

Xanoniyo bilan Sapfira

1 Xanoniyo degan bir odam xotini Sapfira bilan kelishib, mulkidan bir qismini sotdi.

2 Xanoniyo pulning bir qismini o’ziga olib qoldi. Xotini bu haqda bilardi. Xanoniyo pulning qolganini havoriylarga olib borib berdi.

3 Butrus undan so’radi:

— Xanoniyo, nimaga shaytonga qalbingdan joy berib, Muqaddas Ruhga yolg`on gapirding? Erning pulidan bir qismini olib qolding–ku!

4 Mulkingni sotmasingdan oldin, u seniki edi, sotganingdan keyin ham, pul seniki edi. Bunday ish qilishga qanday jur`at etding?! Sen odamlarga emas, balki Xudoga yolg`on gapirding!

5 Xanoniyo bu so’zlarni eshitishi bilanoq erga yiqilib jon berdi. Bu voqeani eshitganlarning hammasi qattiq vahimaga tushib qoldi.

6 Yigitlar kelib, uning jasadini kafanladilar, keyin uni olib chiqib, dafn qildilar.

7 Uch soatlardan keyin Xanoniyoning xotini keldi. Yuz bergan hodisadan u bexabar edi.

8 Butrus ayoldan so’radi:

— Menga ayt–chi, sen bilan ering erlaringizni falon narxga sotdingizlarmi?

— Ha, o’shancha narxga sotdik, — deb javob berdi ayol.

9 Shunda Butrus ayolga dedi:

— Nima uchun sizlar Egamizning Ruhini sinashga qaror qildingizlar? Ana, eringni dafn qilgan odamlar eshikdan kirib kelishyapti. Endi ular seni ham olib chiqadilar.

10 Shu zahoti ayol ham yiqildi–yu, jon berdi. Yigitlar kirib kelib ko’rdilarki, ayol jon beribdi. Ular ayolni ham olib borib, erining yoniga dafn qildilar.

11 Bu voqeani eshitgan odamlar va butun jamoat vahimaga tushib qoldi.

Mo’`jizalar va ajoyibotlar

12 Havoriylar xalq orasida ko’plab mo’`jizalar va ajoyibotlar ko’rsatardilar. Hamma imonlilar Sulaymon ayvonida yig`ilishardi.

13 Xalq ularga g`oyat hurmat ko’rsatar, begonalardan hech kim ularga qo’shilishga jur`at qilolmasdi.

14 Ammo Rabbimiz Isoga imon keltirib, jamoatga qo’shilgan erkagu ayollar soni tobora ko’payib boraverdi.

15 Odamlar: “Butrus yo’ldan o’tayotganda, uning soyasi bularning ustiga tushsin”, deb xastalarni ko’chalarga olib chiqishardi. Ularni chorpoyalarga, to’shaklarga yotqizib qo’yishardi.

16 Bir talay olomon ham Quddus atrofidagi qishloqlardan keldi. Ular ham xasta, yovuz ruhlardan azob chekayotganlarni olib kelgan edilar. Xastalarning hammasi shifo topdi.

Havoriylar quvg`in qilinadilar

17 Shunda sadduqiy mazhabidan bo’lgan oliy ruhoniy va uning barcha sheriklari havoriylarga qahrini sochdilar.

18 Ular havoriylarni hibsga olib, davlat qamoqxonasiga tashladilar.

19 Ammo tunda Egamizning bir farishtasi qamoqxona eshigini ochdi, havoriylarni tashqariga olib chiqib, shunday dedi:

20 — Boringlar, Ma`badda turib, bu yangi hayot to’g`risidagi xabarni odamlarga aytinglar.

21 Havoriylar bu gapni eshitib, azonda Ma`bad hovlisiga kirdilar va odamlarga ta`lim bera boshladilar.

Oliy ruhoniy va uning yordamchilari Ma`badga keldilar va Oliy kengashni, ya`ni hamma Isroil yo’lboshchilarini chaqirtirdilar. Havoriylarni olib kelish uchun qamoqxonaga odam yubordilar.

22 Ma`bad mirshablari borib, qamoqxonada havoriylarni topa olmadilar. Ular qaytib kelib, xabar berdilar:

23 — Borsak, qamoqxona mahkam qulflangan, soqchilar eshik oldida turishgan ekan. Ammo eshiklarni ochib ichkariga kirganimizda, ichkarida hech kimni topa olmadik.

24 Ma`bad mirshabboshisi va bosh ruhoniylar bu so’zlarni eshitib, havoriylarga nima bo’ldi ekan, deb hayron bo’ldilar.

25 Shu payt bir odam kelib, xabar berdi:

— Sizlar qamoqqa tashlagan odamlar Ma`bad hovlisida turibdilar, odamlarga ta`lim beryaptilar.

26 Mirshabboshi bilan mirshablar borib, havoriylarni hibsga oldilar, ammo zo’rlik qilmadilar. “Odamlar bizni toshbo’ron qilmasin”, deb qo’rqdilar.

27 Ular havoriylarni olib kelib, Oliy kengash oldida turg`izib qo’ydilar. Oliy ruhoniy ularga shunday dedi:

28 — Biz sizlarga, bu Odamning nomi bilan ta`lim bermanglar, deb qat`iy taqiqlamaganmidik?! Sizlar esa butun Quddus bo’ylab ta`limotingizni yoyib yuboribsiz! Bu Odamning qonini bizning gardanimizga yuklayapsizlar!

29 Butrus bilan havoriylar shunday javob berdilar:

— Biz insonga emas, Xudoga itoat etishimiz lozim.

30 Sizlar Isoni yog`ochga mixlab o’ldirgan edingizlar, ota–bobolarimizning Xudosi esa Uni tiriltirdi.

31 Xudo Isoni yuksaltirib, O`zining o’ng tomoniga o’tqazdi. Isroil xalqi tavba qilsin, ularning gunohlari kechirilsin deb, Xudo Isoni Sarvar va Najotkor qilib tayinladi.

32 Biz bularga guvohmiz, Muqaddas Ruh ham guvohdir. Xudo Muqaddas Ruhni Unga itoat etadiganlarga in`om qilgan.

33 Oliy kengash bu gaplarni eshitib, g`azabga mindi, havoriylarni o’ldirmoqchi bo’ldi.

34 Oliy kengashda xalqning hurmatiga sazovor bo’lgan bir Tavrot tafsirchisi bor edi. Uning ismi Gamaliyol bo’lib, u farziylardan edi. Gamaliyol o’rnidan turib, havoriylarni qisqa vaqtga tashqariga olib chiqishlarini buyurdi.

35 Shundan keyin u Oliy kengashga dedi:

— Ey, Isroil yo’lboshchilari, bu odamlarni biron narsa qilmoqchi bo’lsangiz, ehtiyot bo’linglar.

36 Esingizda bo’lsa, bir qancha vaqt oldin Fevdas degan odam buyuklikka da`vo qilgandi. Hatto to’rt yuztacha odam unga ergashdi. Ammo Fevdas o’ldirildi, uning izdoshlari tarqalib, yo’q bo’lib ketdi.

37 Shundan keyin aholini ro’yxatga olish paytida paydo bo’lgan Jalilalik Yahudo bir qancha odamni ortidan ergashtirdi. U ham halok bo’ldi, unga ergashganlarning hammasi tarqalib ketdi.

38 Shu bois sizlarga aytyapman: bu odamlarga qarshi biron harakat qila ko’rmanglar. Ularni o’z holiga qo’yinglar! Ularning rejalari va qilayotgan ishlari insonniki bo’lsa, bu ishlari barham topadi.

39 Agar Xudodan bo’lsa, sizlar ularni mag`lub qila olmaysizlar. Yana o’zlaringiz Xudoga qarshi jang qilayotgan bo’lib qolmanglar.

40 Shunday qilib, Oliy kengash Gamaliyolning maslahatiga rozi bo’ldi. Ular havoriylarni chaqirib, qamchi bilan savalatdilar, “Hech qachon Isoning nomi bilan gapirmaysizlar”, deb buyruq berib, qo’yib yubordilar.

41 Havoriylar Oliy kengash huzuridan xursand bo’lib chiqdilar, chunki ular “Xudo bizni Isoning nomi uchun haqoratlanishimizga loyiq hisobladi”, der edilar.

42 Ular har kuni Ma`bad hovlisida va odamlarning uylarida ta`lim berardilar. Isoning Masih ekani to’g`risidagi Xushxabarni va`z qilishda davom etaverdilar.

Xizmatga tanlangan etti kishi

1 Shu vaqt davomida shogirdlarning soni ortib boraverdi. Ammo shu paytda yunonzabon va oramiyzabon yahudiy imonlilar orasida ziddiyat paydo bo’ldi. Yunonzabon yahudiylar: “Kundalik oziq–ovqat taqsimlanganda, yunonzabon bevalar e`tibordan chetda qolyaptilar”, deb e`tiroz bildirdilar.

2 O`n ikki havoriy jamiki shogirdlarni yig`ib, ularga shunday dedilar:

— Biz Xudoning kalomini va`z qilishni bir chetda qoldirib, ozuqa tarqatish bilan ovora bo’lishimiz noto’g`ri.

3 Birodarlar, orangizdan etti kishini tanlanglar. Ular obro’–e`tiborga ega, Muqaddas Ruhga va donolikka to’lib–toshgan bo’lsin. Ularni bu xizmatga tayin etaylik.

4 Biz esa o’zimizni ibodatga va Xudo kalomining xizmatiga bag`ishlaylik.

5 Ularning gapi butun jamoaga ma`qul bo’ldi. Jamoa imonga va Muqaddas Ruhga to’la Stefanni, shuningdek, Filip, Proxorus, Nikanor, Timon, Parmenas va ilgari yahudiy diniga kirgan Antioxiyalik Nikolasni tanladilar.

6 Ular bu odamlarni havoriylarning oldiga turg`izib qo’ydilar. Havoriylar ularga qo’llarini qo’yib, ibodat qildilar.

7 Shunday qilib, Xudoning so’zi yoyilib boraverdi. Shogirdlar soni Quddusda ko’paydi. Ruhoniylarning ko’pchiligi imonga keldilar.

Stefan hibsga olinadi

8 Stefan Xudoning marhamatiga va ilohiy qudratga to’lgan edi. U xalq orasida ajoyib mo’`jizalar va alomatlar ko’rsatdi.

9 Ammo “Ozod qilingan qullar” degan sinagoga a`zolarining ba`zilari — Kirineyaliklar, Iskandariyaliklar, shuningdek, Kilikiya va Asiyaliklar Stefan bilan bahslasha boshladilar.

10 Muqaddas Ruh Stefanga ko’p donolik berdi, shuning uchun ular Stefanning gaplarini inkor qila olmadilar.

11 Shundan keyin sinagoga a`zolari ba`zi odamlarni gijgijlab: “Stefan Musoga va Xudoga qarshi kufr so’zlar aytganini eshitdik”, deb aytishga ko’ndirdilar.

12 Shu yo’l bilan ular xalqni, yo’lboshchilarni, Tavrot tafsirchilarini qayradilar. Ular Stefanni ushlab, Oliy kengashga olib keldilar.

13 Shunda ular soxta guvohlarni yolladilar. Soxta guvohlar shunday dedilar: “Bu odam mana shu muqaddas Ma`badga va qonunga qarshi gaplar aytishdan to’xtamayapti.

14 Uning aytishicha, Nosiralik Iso Ma`badni qulatar emish, Muso bizlarga bergan urf–odatlarni o’zgartirar emish.”

15 Oliy kengashda o’tirganlar Stefanga tikilib qaradilar, uning yuzi xuddi farishtaning yuziga o’xshash ekanini ko’rdilar.

Stefanning Oliy kengash oldidagi nutqi

1 Oliy ruhoniy Stefandan: “Shu gaplar rostmi?” deb so’radi.

2 Stefan shunday javob berdi: “Birodarlar, otalar! Mening gaplarimga quloq solinglar. Bobomiz Ibrohim hali Xoronda yashamasdan oldin — Mesopotamiyada bo’lgan paytda ulug`vor Xudo unga zohir bo’lib,

3 shunday dedi: «O`z yurtingdan, qarindosh–urug`laring oldidan chiqib ket. Men senga bir yurtni ko’rsataman, o’sha erga borasan.»

4 Shundan keyin Ibrohim Xaldeylar yurtini tark etib, Xoronga borib o’rnashdi. Ibrohimning otasi vafot etgach, Xudo uni Xorondan hozir sizlar yashab turgan yurtga ko’chirdi.

5 Xudo Ibrohimga u erdan mulk bermadi, hatto bir qarich er ham bermadi. Lekin Ibrohimga va uning nasliga o’sha yurtni mulk qilib berishni va`da qildi. Vaholanki, o’sha paytda Ibrohimning farzandi yo’q edi.

6 Xudo unga shunday dedi: «Sening nasling begona bir yurtda musofir bo’lib yashaydi. To’rt yuz yil qul bo’lib, jabr–zulm tortadi.

7 Ammo ularni qul qilib oladigan xalqni Men jazolayman. Shundan keyin ular o’sha yurtdan chiqadilar va bu erda Menga sajda qiladilar.»

8 Keyin Xudo unga sunnat ahdini berdi. Shunday qilib, Ibrohimdan Ishoq tug`ildi. Ishoqni sakkiz kunligida Ibrohim sunnat qildi. Ishoqdan Yoqub tug`ildi, u ham sunnat qilindi. Yoqubdan o’n ikki qabila asoschilari tug`ildi, ular ham sunnat qilindi.

9 Yoqubning o’g`illari o’zlarining ukalari Yusufga hasad qilib, uni Misrga sotib yubordilar. Ammo Xudo Yusuf bilan birga bo’lib,

10 uni hamma kulfatlardan saqlab qoldi. Xudo Yusufni shunchalik dono qildiki, u Misr fir`avnining iltifotiga sazovor bo’ldi. Fir`avn Yusufni butun Misr va o’zining xonadoni ustidan hokim qilib tayinladi.

11 O`sha davrda butun Misr va Kan`on bo’ylab ocharchilik tarqaldi, ko’p azob–uqubatlar kelib chiqdi. Ota–bobolarimiz egulik topa olmay qoldilar.

12 Yoqub, Misrda don bor ekan, deb eshitib qoldi. U o’g`illarini, ya`ni bizning bobolarimizni Misrga birinchi bor safarga jo’natdi.

13 Ular Misrga ikkinchi marta borganlarida, Yusuf akalariga o’zini tanitdi. Shunday qilib, Yusufning urug`–aymog`i fir`avnga ma`lum bo’ldi.

14 Shundan keyin Yusuf otasi Yoqubni, hamma qarindosh–urug`larini yoniga chaqirdi. Ular hammasi bo’lib etmish besh kishi edilar.

15 Shunday qilib, Yoqub Misrga ketdi. Yoqub ham, uning o’g`illari, ya`ni ota–bobolarimiz ham Misrda vafot etdilar.

16 Ularning suyaklarini Shakam shahriga olib kelib, Ibrohimning maqbarasiga qo’ydilar. Bu maqbarani Ibrohim shakamlik Xamo’rning o’g`illaridan bir qancha kumushga sotib olgan edi.

17 Xudoning Ibrohimga bergan va`dasi amalga oshadigan payt yaqinlashgani sari, Misrdagi xalqimiz g`oyat ko’payib borar edi.

18 Misrni boshqa hukmdor boshqara boshladi. U Yusuf to’g`risida hech narsa bilmasdi.

19 Ular ota–bobolarimizga nayrang ishlatdilar. Ota–bobolarimiz chaqaloqlaridan voz kechishlariga to’g`ri keldi, chaqaloqlari o’ldirildi.

20 Shu paytda Muso tug`ilgan edi. U juda chiroyli bola edi. Ota–onasining uyida Musoni uch oy parvarishlaganlaridan keyin

21 oxiri, voz kechishga majbur bo’ldilar. Fir`avnning qizi Musoni saqlab olib, o’z o’g`liday tarbiya qildi.

22 Musoga Misrliklarning ilmu ma`rifati o’rgatildi, u so’zda ham, ishda ham buyuk odam bo’ldi.

23 Muso qirq yoshga kirganda, uning yuragida qardoshlari bo’lgan Isroil xalqini ko’rish orzusi tug`ildi.

24 Misrliklardan biri Isroil xalqidan bittasiga shafqatsizlik qilayotganini ko’rganda, Muso qardoshini himoya qildi. Misrlikni o’ldirib, qardoshining o’chini oldi.

25 Muso: «Xudo men orqali xalqimni ozod qilmoqchi, buni xalqim tushunsa kerak», deb o’yladi. Ammo ular tushunmadilar.

26 Keyingi kuni Muso Isroil xalqidan ikkitasi janjallashayotganini ko’rib, ularni yarashtirmoqchi bo’ldi: «Quloq solinglar, ey odamlar, axir, sizlar birodarsizlar! Nega bir–biringizni xafa qilyapsizlar?»

27 Ammo qardoshini xafa qilayotgan odam Musoni turtib dedi: «Kim seni bizning ustimizdan hukmdor yoki hakam qilib qo’ydi?

28 Kecha Misrlikni o’ldirganingday meni ham o’ldirmoqchimisan?»

29 Muso bu gapni eshitgach, Misrdan qochib ketdi va Midiyon yurtida musofir bo’lib yashay boshladi. Bu yurtda Muso ikki o’g`il ko’rdi.

30 Oradan qirq yil o’tgach, Muso sahrodagi Sinay tog`i yonida bo’lganda, buta alangasi ichida unga bir farishta zohir bo’ldi.

31 Muso buni ko’rib, hayron bo’ldi. Yaxshiroq ko’rish uchun butaga yaqin bordi. Shu payt u Egamizning ovozini eshitdi:

32 «Men ota–bobolaringiz — Ibrohim, Ishoq va Yoqubning Xudosiman.» Muso qo’rqqanidan titrab, qarashga jur`at etmadi.

33 Shunda Egamiz Musoga dedi: «Oyog`ingdagi chorig`ingni ech, chunki sen turgan joy muqaddas erdir.

34 Xalqimning Misrda chekkan azoblarini ko’rdim, ularning oh–vohlarini eshitdim. Men ularni ozod qilish uchun keldim. Endi kel, Men seni Misrga yuboraman.»

35 Mana shu Musoni xalq rad qilib, unga: «Kim seni bizga hukmdor va hakam qilib qo’ydi?» deb aytgandi. Xudoning O`zi esa Musoni hukmdor va xaloskor qilib yubordi. U buni buta ichida zohir bo’lgan farishta orqali amalga oshirdi.

36 Muso Isroil xalqini Misrdan olib chiqdi. Misrda, Qizil dengizda va sahroda qirq yil davomida mo’`jizalar va alomatlar ko’rsatdi.

37 Isroil xalqiga: «Xudo sizlar uchun o’z xalqingiz orasidan menga o’xshagan bir payg`ambar chiqaradi», deb aytgan ham o’sha Muso edi.

38 Sahroda Isroil xalqi bilan birga yashagan Musodir, Sinay tog`ida otalarimiz bilan birga turgan, farishta bilan gaplashgan ham udir. Bizga beriladigan Xudoning hayotbaxsh kalomini Muso farishtadan qabul qildi.

39 Ammo ota–bobolarimiz Musoga itoat etishni istamadilar. Aksincha, ular Musoni mensimay, ko’ngillarida Misrga qaytishga moyil bo’ldilar.

40 Ular Horunga shunday dedilar: «Biz uchun xudolar yasab ber, ular bizni yo’lda boshlab borsin. Bizni Misrdan olib chiqqan Musoga nima bo’lganini bilmaymiz.»

41 O`sha paytda ular buzoq tasvirini yasadilar, o’sha butga qurbonlik qildilar. Shunday qilib, qo’llarining ijodi oldida ko’ngilxushlik qildilar.

42 Shu sababdan Xudo ulardan yuz o’girdi, samoviy jismlarga sajda qilishsin, deb ularni tark etdi. Zotan, payg`ambarlar kitobida shunday yozilgan:

«Ey Isroil xalqi, sizlar juda ko’p qurbonliklar keltirasizlar! Men ota–bobolaringizni qirq yil sahroda olib yurganimda, ulardan shu qadar ko’p qurbonligu nazrlarni talab qilmadim!

43 Sizlar o’zingiz yasagan xudolarga — Mo’lax va Rayfon tasvirlariga topinib yuribsizlar. Shuning uchun Men sizlarni Bobil yurtiga surgun qilaman. Qani, endi turinglar! Mo’laxning chodirini va Rayfonning tasviri bo’lgan yulduzni ko’tarib olib ketinglar.»

44 Sahroda ota–bobolarimizning Muqaddas ahd chodiri bor edi. Bu Chodir, Xudo Musoga buyurganday, U ko’rsatgan namuna bo’yicha yasalgan edi.

45 Keyinroq o’sha Chodir otalarimizga berildi. Otalarimiz Yoshua bilan ketganlarida Chodirni o’zlari bilan olib ketdilar. O`shanda Xudo quvib yuborgan xalqlarning erini otalarimiz tortib olgan edilar. Chodir shoh Dovud zamonigacha o’sha yurtda otalarimiz bilan qoldi.

46 Xudoning marhamatiga sazovor bo’lgan Dovud: «Yoqubning Xudosiga maskan qurib beray», deb Undan izn so’radi.

47 Ammo Xudoga uyni Sulaymon qurib berdi.

48 Vaholanki, Xudoyi Taolo inson qo’llari bilan yasalgan uylarda istiqomat qilmaydi. Xudo payg`ambar orqali aytganday:

49 «Osmon Mening taxtimdir,

Er oyog`im tagidagi kursidir.

Menga qanday uy qurib bera olasiz?!

— demoqda Egamiz. —

Qaysi joy Menga maskan bo’la oladi?!

50 Axir, hammasini O`z qo’llarim bilan yaratganman.»

51 Sizlar o’jar xalqsiz! Ey yuraklari, quloqlari sunnat qilinmaganlar! Sizlar ham, ota–bobolaringizga o’xshab, har doim Muqaddas Ruhga qarshi turasizlar.

52 Ota–bobolaringiz payg`ambarlarning hammasini quvg`in qilganlar! Solih Zotning kelishini bashorat qilganlarni ular o’ldirganlar! Endi esa sizlar Solih Zotni sotib, qatl qildingizlar.

53 Xudoning qonunini olgan sizlarsiz. Ammo o’sha qonun sizlarga farishtalar orqali berilganiga qaramay, sizlar unga rioya qilmadingizlar.”

54 Oliy kengash a`zolari Stefanning so’zlarini eshitib, g`azabga mindilar, g`azabdan tishlarini g`ijirlatdilar.

55 Ammo Muqaddas Ruhga to’lgan Stefan osmonga tikilib, Xudoning ulug`vorligini ko’rdi. Iso Xudoning o’ng tomonida turar edi.

56 “Qaranglar! — dedi Stefan. — Men osmon ochilganini ko’ryapman. Inson O`g`li Xudoning O`ng tomonida turibdi!”

57 Ular esa qo’llari bilan quloqlarini berkitib oldilar, so’ng birdaniga hammalari ovozlari boricha baqirib, Stefanga tashlandilar.

58 Ular Stefanni shahar tashqarisiga olib chiqdilar va toshbo’ron qildilar. Unga qarshi guvohlik berganlar esa choponlarini Shoul degan yigitning oyoqlari ostiga qo’ydilar.

59 Ular Stefanni toshbo’ron qilayotganlarida, Stefan: “Ey Rabbim Iso, ruhimni ol!” deb ibodat qildi.60 So’ngra u tiz cho’kib, ovozi boricha: “Ey Rabbim Iso! Bu gunohni ularga yuklamagin!” deb baqirib, jon berdi.

Shoul imonlilar jamoatini quvg`in qiladi

1 Stefanning o’limini Shoul ma`qullagan edi. O`sha kundanoq Quddusdagi imonlilar jamoati shafqatsiz quvg`inlardan azob cheka boshladi. Havoriylardan boshqa hamma imonlilar Yahudiya va Samariya bo’ylab tarqalib ketdilar.

2 Taqvodor odamlar Stefanni dafn qildilar, u uchun qattiq qayg`urib, aza tutdilar.

3 Shoul esa jamoatni yo’q qilish payiga tushgan edi. U uyma–uy yurib, erkagu ayol imonlilarni sudrab olib chiqar, ularni qamoqxonaga tashlar edi.

Filip Samariyada va`z qiladi

4 Imonlilar tarqalib ketib, Iso haqidagi xabarni har joylarda va`z qilib yurardilar.

5 Filip Samariyaning bosh shahriga borib, u erdagi aholiga Masih to’g`risida va`z qildi.

6 Filipni tinglab turgan va qilgan mo’`jizalarini ko’rgan olomon uning gaplariga diqqat bilan quloq soldi.

7 Yovuz ruhlar ko’p odamlarning ichidan chinqirib chiqib ketardi, ko’plab shol va cho’loq odamlar shifo topar edilar.

8 Shunday qilib, o’sha shaharda katta shodlik hukm surardi.

9 Shu erda Shimo’n degan bir odam yashardi. U anchadan beri sehr–jodular qilib, Samariya aholisini hayratda qoldirib kelardi. Shu tariqa u o’zini buyuk odam qilib ko’rsatardi.

10 Shahardagi har bir odam — kattayu kichik uning gaplariga diqqat bilan quloq solar, “Bu odam Xudoning qudratidir, u Buyuk Qudrat deb nom olgan”, deb aytardi.

11 Shimo’n uzoq vaqt odamlarni sehr–jodulari bilan ajablantirib kelgani uchun ham, odamlar unga diqqat bilan quloq solishardi.

12 Ammo Filip Xudoning Shohligi va Iso Masih to’g`risidagi Xushxabarni va`z qilgandan keyin, odamlar Filipga ishondilar. Erkagu ayol suvga cho’mdirildi.

13 Hatto Shimo’n ham imonga keldi. U suvga cho’mdirilgandan keyin, yuz berayotgan alomatlaru buyuk mo’`jizalarni ko’rib, hayratda qoldi va Filipdan ajralmaydigan bo’ldi.

14 Quddusdagi havoriylar, Samariya aholisi Xudoning kalomini qabul qilibdi, deb eshitganlari uchun, Butrus bilan Yuhannoni ularning oldiga yubordilar.

15 Butrus bilan Yuhanno borib, Muqaddas Ruhni qabul qilib olinglar, deb Samariyaliklar uchun ibodat qildilar.

16 Chunki hali Muqaddas Ruh ularning birontasini ham qamrab olmagan edi. Ular faqat Rabbimiz Iso nomi bilan suvga cho’mdirilgan edilar, xolos.

17 Shundan keyin Butrus bilan Yuhanno ularning ustiga qo’llarini qo’ydilar. Shu tariqa Samariyaliklar Muqaddas Ruhni qabul qildilar.

18 Shimo’n ko’rdiki, odamlarning boshlariga havoriylar qo’llarini qo’yganlarida, Muqaddas Ruh ularga berilardi. U Butrus bilan Yuhannoga pul taklif qilib, dedi:

19 — Shu qudratdan menga ham beringlar, toki birontasining boshiga qo’llarimni qo’yganimda, o’sha odam Muqaddas Ruhni qabul qilsin.

20 Ammo Butrus shunday javob berdi:

— Puling o’zing bilan birga do’zaxga ravona bo’lsin, chunki sen, Xudoning in`omini pulga sotib olsam bo’ladi, deb o’ylaysan.

21 Bu ishda sening na ulushing, na haqing bor! Sening yuraging Xudo nazarida to’g`ri emas.

22 Endi tavba qilib, bu fosiq niyatingdan qayt, “Meni kechirgin”, deb Egamizga ibodat qil, balki yuragingdagi niyatingni U kechirar.

23 Ko’rib turibman: yuraging achchiq zardaga to’la, o’zing fosiqlik zanjiriga bog`langansan.

24 Shimo’n shunday javob berdi:

— Men uchun Egamizga ibodat qilinglar, tag`in aytganlaringizdan biri boshimga tushmasin.

25 Butrus bilan Yuhanno u erda guvohlik berib, Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va`z qildilar. Shundan keyin Samariyaning ko’p qishloqlarida Xushxabarni e`lon qilib, Quddusga qaytib ketdilar.

Filip va Habashistonlik amaldor

26 Shu orada Egamizning bir farishtasi Filipga dedi: “Qani, bo’l, janubga bor, Quddusdan G`azoga olib boradigan sahro yo’lidan ket.”

27 Filip yo’lga chiqdi, ketayotib Habashistonlik bir amaldorni uchratib qoldi. U Habashiston malikasining bosh xazinaboni lavozimidagi katta amaldor edi. U sajda qilgani Quddusga kelib,

28 endi uyiga qaytayotgan edi. Amaldor aravada o’tirganicha, Ishayo payg`ambar kitobini o’qib ketayotgan edi.

29 Muqaddas Ruh Filipga: “Aravaga yaqinroq bor, uning yonida yur”, dedi.

30 Filip yugurib, aravaga etib oldi, amaldorning Ishayo payg`ambar kitobini o’qiyotganini eshitdi. Filip:

— O`qiyotganingizni tushunyapsizmi? — deb so’radi.

31 — Birontasi yordam bermasa, tushunarmidim?! — deb javob berdi amaldor. U Filipga: “Chiq, yonimga o’tir”, deb taklif qildi.

32 Amaldor o’qiyotgan Muqaddas bitiklar parchasi quyidagilar edi:

“Bo’g`izlanishga olib borilgan qo’yday,

Jun qirquvchi oldida jim turgan qo’ziday

U miq etmadi, og`zini ochmadi.

33 U xo’rlandi. Adolatdan mahrum qilindi.

Uning nasli haqida kim o’ylaydi?

Er yuzida uning hayotiga chek qo’yildi.”

34 Amaldor Filipdan so’radi:

— Ayt–chi, payg`ambar bu gaplarni kim to’g`risida aytdi — o’zi to’g`risidami yoki boshqa birontasi to’g`risidami?

35 Shundan keyin Filip tushuntira boshladi, Muqaddas bitiklarning shu qismidan boshlab, Iso haqidagi Xushxabarni amaldorga so’zlab berdi.

36-37 Ular yo’lda ketayotganlarida, suv bor joyga kelib qoldilar. Shunda amaldor dedi:

— Mana bu erda suv bor ekan. Suvga cho’mdirilishimga nima xalaqit beradi?!

38 Amaldor aravani to’xtatishga buyurdi. Ular ikkalasi — Filip bilan amaldor suvga tushdilar, Filip uni suvga cho’mdirdi.

39 Ular suvdan chiqqanlaridan keyin, Egamizning Ruhi to’satdan Filipni olib ketdi. Amaldor uni qaytib ko’rmadi, ammo xursand bo’lganicha, yo’lida davom etdi.

40 Filip esa Azotus shahrida paydo bo’lib qoldi. U Qaysariyaga kelguncha, butun o’lka bo’ylab o’tar ekan, hamma shaharlarda Xushxabarni e`lon qilib boraverdi.

Shoul imonga keladi

1 Shu orada Shoul Rabbimiz Isoning shogirdlariga qarshi qattiq o’lim xavfini solib yurardi. U oliy ruhoniyning huzuriga borib,

2 Damashqdagi sinagogalarga xat yozib berishini so’radi. U erda erkak bo’ladimi yoki ayolmi — Isoning yo’lidan yuruvchilarni topib olsa, ularni bog`lab Quddusga olib kelishga ijozat so’ragan edi.

3 Shoul Damashqqa yaqinlashib qolganda, birdan osmondan tushgan bir nur uning yon–atrofini yoritib yubordi.

4 Shoul erga yiqilib, shunday bir ovozni eshitdi:

— Shoul, Shoul! Nega Meni quvg`in qilyapsan?

5 — Yo Hazratim! Siz kimsiz? — deb so’radi Shoul.

— Sen quvg`in qilayotgan Isoman, — degan javob keldi.

6 — Endi o’rningdan tur, shaharga kir. Nima qilishing kerakligi senga o’sha erda aytiladi.

7 Shoulga hamroh bo’lganlarning tillariga bir so’z kelmay, to’xtab qolgan edilar. Ular ovozni eshitardilar–u, ammo hech kimni ko’rmasdilar.

8 Shoul erdan turdi, ko’zlarini ochdi, ammo hech narsani ko’ra olmadi. Ular Shoulni qo’lidan ushlab, Damashq shahriga olib bordilar.

9 Uch kungacha Shoulning ko’zi ko’rmadi, shu kunlar davomida u na edi, na ichdi.

10 Damashqda Isoning Xanoniyo degan shogirdi bor edi. Rabbimiz Iso vahiyda unga zohir bo’lib: “Xanoniyo!” deb chaqirdi. “Labbay, Rabbim!” deb javob berdi u.

11 Rabbimiz Iso Xanoniyoga dedi:

— O`rningdan tur, To’g`ri deb ataluvchi ko’chaga bor. Yahudoning uyidan Tarsuslik Shoul degan odamni so’ra. Hozir u ibodat qilyapti.

12 Unga vahiy kelgan. Vahiyda u Xanoniyo degan odamning kelishini ko’rgan. Uning ko’zlari ochilishi uchun sen unga qo’llaringni qo’yasan.

13 Xanoniyo esa shunday javob berdi:

— Yo Rabbim, men u odam haqida ko’pchilikdan eshitgan edim. U Quddusdagi Sening azizlaringga ko’p yomonlik qilgan ekan.

14 Bu erda ham u Sening nomingni tiliga oladiganlarni qamash uchun bosh ruhoniylardan vakolat olibdi.

15 Rabbimiz Iso esa unga shunday dedi:

— Boraver, u Mening tanlangan qurolimdir. U g`ayriyahudiylar orasida, shohlar va Isroil xalqi orasida nomimni mashhur qiladi.

16 U Mening nomim haqi qanchalar azob chekishi kerakligini uning o’ziga ko’rsataman.

17 Shunday qilib, Xanoniyo borib, o’sha uyga kirdi. U Shoulga qo’lini qo’yib, shunday dedi:

— Birodarim Shoul! Yo’lingda senga zohir bo’lgan Rabbimiz Iso meni bu erga yubordi, toki sening ko’zlaring ochilsin, Muqaddas Ruhga to’lgin.

18 Shu zahoti baliq tangachalariga o’xshash narsa Shoulning ko’zlaridan tushdi. U yana ko’ra boshladi. U o’rnidan turib, suvga cho’mdirildi.

19 Ovqat eb, quvvatga kirdi.

Shoul Damashqda va`z qiladi

Shoul bir necha kun Damashqdagi imonlilar bilan birga bo’ldi.

20 U to’g`ri sinagogaga borib: “Iso Xudoning O`g`lidir”, deb va`z qila boshladi.

21 Uning va`zini eshitganlarning hammasi hayron bo’lib, shunday deyishardi: “Quddusda Isoning nomini tilga olganlarga qirg`in keltirgan odam shu emasmi? Uning bu erga kelishdan maqsadi — odamlarni bosh ruhoniylar oldiga bog`lab olib borish emasmikan?”

22 Ammo Shoulning va`zi tobora kuchli bo’lib boraverdi. U Isoning Masih ekanini isbot etib, Damashqda yashaydigan yahudiylarni esankiratib qo’ydi.

23 Bir qancha vaqt o’tgandan keyin, yahudiylar Shoulni o’ldirish uchun reja tuzdilar.

24 Shoul esa ularning rejasidan xabar topdi. Uni o’ldirish uchun shahar darvozalarini kechayu kunduz qo’riqlardilar.

25 Ammo Shoulning shogirdlari uni kechasi savatga solib, shahar devoridagi derazadan tushirib yubordilar.

Shoul Quddusda

26 Shoul Quddusga borgandan keyin, Isoning u erdagi shogirdlariga qo’shilishga harakat qildi. Ammo shogirdlarning hammasi undan qo’rqishardi. Shoul ham Isoning shogirdi bo’lganiga ular ishonmadilar.

27 Shunda Barnabo Shoulni havoriylarning oldiga olib bordi. Shoul yo’lda qanday qilib Rabbimiz Isoni ko’rganini, Shoulga U qanday gapirganini, Shoul Damashqda qo’rqmasdan Iso nomi bilan qanday va`z qilganini havoriylarga hikoya qilib berdi.

28 Shunday qilib, Shoul ular bilan qoldi va butun Quddus bo’ylab qo’rqmasdan Rabbimiz nomi bilan va`z qilib yurdi.

29 Shoul yunonzabon yahudiylar bilan ham suhbatlashib, ular bilan munozara qildi. Ammo ular Shoulni o’ldirmoqchi bo’ldilar.

30 Imonlilar bu to’g`rida xabar topib, Shoulni Qaysariyagacha olib keldilar, keyin uni Tarsus shahriga jo’natdilar.

31 Butun Yahudiya, Jalila va Samariyadagi imonlilar jamoati tinchlikka erishib, kuchayib boraverdi. Jamoat Egamizdan qo’rqib va Muqaddas Ruhdan madad olib, ko’payib boraverdi.

Butrus Lo’d va Yaffada

32 Butrus hamma yoqni aylanib, imonlilarni ko’rgani borardi. Bir safar u Lo’d shahrida yashaydigan Xudoning azizlari huzuriga tashrif buyurdi.

33 U erda Butrus Eney degan odam bilan uchrashib qoldi. Eney shol bo’lib, sakkiz yildan beri to’shakdan tura olmas edi.

34 Butrus unga:

— Eney, Iso Masih senga shifo beryapti: o’rningdan tur, to’shagingni yig`ib qo’y! — dedi. Eney shu zahoti o’rnidan turib ketdi.

35 Butun Lo’d shahri va Sharon tekisligining ahli Eneyni ko’rib, Rabbimiz Isoga yuz burdi.

36 Yaffa shahrida Isoning bir shogirdi bor edi. U ayolning ismi Tavita bo’lib, yunonchada Do’rkas edi. U ko’p xayrli ishlar qilardi, muhtojlarga yordam berardi.

37 O`sha paytda u kasal bo’lib, vafot etdi. Uning jasadini yuvib, boloxonaga qo’ydilar.

38 Lo’d shahri Yaffa shahriga yaqin edi. Shogirdlar Butrus u erda ekanini eshitdilar va uning oldiga ikki kishini yuborib: “Iltimos, hayallamay biz tomonga keling”, deb xabar yubordilar.

39 Butrus o’rnidan turdi–yu, ular bilan ketdi. Butrus etib kelgach, uni boloxonaga olib chiqdilar. Hamma bevalar Butrusning yonida yig`lab turganlaricha, kamzullar va boshqa kiyimlarni ko’rsatib: “Tavita tirikligida bularni tikkan edi”, derdilar.

40 Butrus ularni tashqariga chiqarib yubordi. Shundan keyin u tiz cho’kib, ibodat qildi–da, jasadga o’girilib: “Tavita, tur o’rningdan!” dedi. Shunda Tavita ko’zlarini ochdi, Butrusni ko’rib, qaddini rostlab o’tirdi.

41 Butrus qo’lini Tavitaga uzatib, o’rnidan turishiga yordamlashdi. Keyin Xudoning azizlarini va bevalarni chaqirib, tirilgan ayolni ko’rsatdi.

42 Bu voqea butun Yaffaga ma`lum bo’ldi va ko’pchilik Rabbimiz Isoga imon keltirdi.

43 Butrus ancha vaqt Yaffa shahrida Shimo’n degan bir ko’nchining uyida turdi.

Butrus va Korniliy

1 Qaysariyada Korniliy degan bir odam bor edi. U Rim lashkaridagi “Italiya” nomli bo’linmada yuzboshi edi.

2 Korniliy taqvodor odam bo’lib, uning o’zi ham, oilasi ham Xudodan qo’rqardi. U kambag`al yahudiylarga ko’p xayr–sadaqa berar, doimo Xudoga ibodat qilardi.

3 Bir kuni soat uchlarda unga vahiy keldi. Xudoning farishtasi kirib kelayotganini u aniq ko’rdi. Farishta: “Korniliy!” deb chaqirdi.

4 Korniliy qo’rquv ichida unga tikilib qarab:

— Labbay, Hazrat! — dedi.

Farishta unga shunday dedi:

— Sening ibodatlaring va xayr–sadaqalaring Xudoga ma`qul bo’ldi.

5 Endi Yaffaga odam yuborib, Butrus degan odamni chaqirtirib kel.

6 Butrus bir ko’nchining uyida mehmon bo’lib turibdi. Shimo’n ismli o’sha ko’nchining uyi dengiz bo’yida.

7 Korniliyga gapirgan farishta ketdi. Korniliy xizmatkorlaridan ikkitasini va unga xizmat qiladigan taqvodor, ishonchli bir askarini chaqirdi.

8 Ro’y bergan hodisani ularga aytib berib, ularni Yaffaga jo’natdi.

9 Keyingi kun tush paytida ular yo’lda davom etib, shaharga yaqinlashganlarida, Butrus ibodat qilgani tomga chiqqan edi.

10 U ochqab, biron narsa tanovul qilgisi keldi. Ovqat tayyorlanayotganda, Butrusga vahiy keldi.

11 U osmon ochilganini, katta dasturxonga o’xshash bir narsa to’rt burchagidan osilgan holda erga tushib kelayotganini ko’rdi.

12 Uning ichida turli hayvonlar, sudralib yuruvchilar va qushlar bor edi.

13 Shu payt u: “O`rningdan tur, Butrus, so’yib egin” degan ovozni eshitdi.

14 Ammo Butrus dedi:

— Aslo unday qilmayman, Egam! Men hech qachon harom yoki nopok narsalarni emaganman!

15 O`sha ovoz yana Butrusga: “Xudo halol deb aytgan narsalarni sen harom demagin”, deya gapirdi.

16 Bu suhbat uch marta takrorlandi. Shunda dasturxon birdan osmonga olindi.

17 Butrus, bu vahiyning ma`nosi nima ekan, deb esankirab turganda, Korniliy yuborgan odamlar kelib qoldilar. Ular ko’nchi Shimo’nning uyi qaerdaligini bilib olib, darvoza oldida turgan edilar.

18 Ular baland ovoz bilan:

— Butrus degan mehmon shu erdami? — deb so’radilar.

19 Butrus hali ham vahiy haqida o’ylab o’tirgan edi. Shunda Muqaddas Ruh unga dedi:

— Qara, uchta odam seni izlab keldi.

20 Endi o’rningdan tur, pastga tush, hech ikkilanmay ular bilan birga bor. Ularni Men jo’natganman.

21 Shunday qilib, Butrus pastga tushib, ularga dedi:

— Sizlar izlayotgan odam menman. Nima sababdan keldingizlar?

22 — Bizni Rim yuzboshisi Korniliy jo’natdi, — deb javob berdi ular. — U solih, Xudodan qo’rqadigan odam, butun yahudiy xalqi orasida katta obro’ga ega. Xudoning farishtasi unga: “Butrusni uyingga taklif qil, uning aytganlarini eshitgin”, deb aytibdi.

23 Shundan keyin Butrus ularni ichkariga taklif etib, mehmon qildi.

Keyingi kuni Butrus ular bilan birga yo’lga otlandi. Yaffalik ba`zi imonlilar Butrus bilan birga ketdilar.

24 Ertasi kuni ular Qaysariyaga kirib keldilar. Korniliy ularni kutayotgan edi. U qarindoshlari va yaqin do’stlarini taklif qilgan edi.

25 Butrus uyga kirib, Korniliyga ro’para keldi. Shunda Korniliy Butrusning oyoqlariga bosh urib, unga ta`zim qildi.

26 Ammo Butrus unga:

— O`rningdan tur, men ham bir bandaman, — deb uni turg`izib qo’ydi.

27 Butrus u bilan gaplasharkan, ichkariga kirdi va u erda bir talay odam to’planganini ko’rdi.

28 Butrus ularga shunday dedi:

— O`zlaringiz bilasizlarki, yahudiy odam boshqa xalqdan bo’lgan odam bilan aloqa bog`lashi, unikiga borishi qonunimizga xilofdir. Ammo Xudo endi menga hech bir kimsani harom yoki nopok deb hisoblamaslikni ayon qildi.

29 Shuning uchun menga odam yuborganlaringizda, hech qanday e`tiroz bildirmay keldim. Endi bilsam bo’ladimi, nima uchun meni chaqirtirdingizlar?

30 Korniliy shunday javob berdi:

— To’rt kun ilgari xuddi shu paytda — soat uchlarda uyimda ibodat qilayotgan edim. Birdan ro’paramda oppoq kiyim kiygan bir odam paydo bo’ldi.

31 U menga shunday dedi: “Korniliy, sening ibodating Xudoga etib bordi, xayr–sadaqalaringni U ma`qul ko’rdi.

32 Endi Yaffaga odam yuborib, Butrus degan odamni chaqirtirib kel. U Shimo’n ismli ko’nchining uyida mehmon bo’lib turibdi. Shimo’nning uyi dengiz bo’yida.”

33 Shuning uchun darhol sizga odam yubordim, siz ham olijanoblik qilib, keldingiz. Egamiz sizga aytishni buyurgan hamma narsani eshitish uchun endi hammamiz Xudoning huzurida to’plandik.

G`ayriyahudiylar Xushxabarni eshitadilar

34 Butrus ularga gapira boshladi:

— Haqiqatan ham, Xudo tarafkashlik qilmasligini bilaman.

35 Har bir elatda Xudodan qo’rqadigan va to’g`ri ishlarni qiladigan har bir odam Unga ma`quldir.

36 U Isroil xalqiga yuborgan xabarni bilasizlar. Tinchlik keltiradigan bu Xushxabarni Xudo Iso Masih orqali e`lon qildi. Iso Masih hammaning Rabbiysidir.

37 Yahudiya bo’ylab nimalar yuz berganini bilasizlar. Bu hodisalarning hammasi Yahyoning cho’mdirilish to’g`risidagi xabaridan keyin Jalila hududida boshlangan edi.

38 Xudo Nosiralik Isoni Muqaddas Ruh va kuch–qudrat bilan qanday to’ldirganini bilasizlar. Iso hamma yoqqa borib, yaxshi ishlar qildi, iblisning hukmronligidan azob chekkanlarni shifoladi, chunki Xudo U bilan edi.

39 U Yahudiya va Quddusda qilgan ishlarning hammasiga biz guvohmiz. Shundan keyin Isoni yog`ochga mixlab, o’ldirdilar.

40 Ammo Xudo Uni uchinchi kuni tiriltirib, zohir qildi.

41 Iso hammaga emas, faqat bizga zohir bo’ldi. Chunki Xudo bizni Iso haqida guvohlik berishimiz uchun tanlagandi. Iso tirilgandan keyin biz U bilan eb–ichdik.

42 U bizga: “Xalqlarga va`z qilib, guvohlik beringlar. O`liklar va tiriklarni hukm qilish uchun Xudo Meni tayinlaganini ularga aytinglar”, — deb buyurdi.

43 Barcha payg`ambarlar ham Iso to’g`risida guvohlik bergan edilar. Isoga ishongan har bir odamning gunohlari Uning nomi tufayli kechiriladi, deb aytgan edilar.

G`ayriyahudiylar Muqaddas Ruhni qabul qiladilar

44 Butrus hamon gapirar ekan, uning so’zlarini eshitayotganlarni Muqaddas Ruh qamrab oldi.

45 Xudo g`ayriyahudiylarga ham Muqaddas Ruhni in`om qilib berganini Butrus bilan birga kelgan yahudiy imonlilar ko’rib hayratda qoldilar.

46 Chunki g`ayriyahudiylar boshqa tillarda gaplashayotganini va Xudoni ulug`layotganlarini ular eshitib turardilar. Shunda Butrus dedi:

47 — Bu odamlar, xuddi biz singari, Muqaddas Ruhni qabul qildilar. Shunday ekan, ularning suvga cho’mdirilishiga kim to’sqinlik qila oladi?!

48 Shunday qilib, Butrus ularga, Iso Masih nomi bilan suvga cho’minglar, deb buyruq berdi. So’ng ular Butrusdan bir necha kun qolishini iltimos qildilar.

Quddusdagi imonlilar jamoatiga Butrusning xabari

1 Havoriylar va Yahudiyadagi imonlilar: “G`ayriyahudiylar ham Xudoning kalomini qabul qilibdilar” degan xabarni eshitdilar.

2 Butrus Quddusga borganda, yahudiy imonlilar unga ta`na qildilar:

3 — Siz sunnatsiz odamlarnikida mehmon bo’libsiz, ular bilan birga eb–ichibsiz!

4 Shunda Butrus ularga yuz bergan voqeani batafsil tushuntira boshladi:

5 — Men Yaffa shahrida ibodat qilayotgan edim, bir payt hushimdan ketib, vahiy ko’ribman. Osmondan katta dasturxonga o’xshash bir narsa to’rt burchagidan osilgan holda oldimga tushib keldi.

6 Men o’sha narsaning ichiga yaxshilab qaradim va unda turli xil chorva va yovvoyi hayvonlarni, sudralib yuruvchilar va qushlarni ko’rdim.

7 O`shanda bir ovoz menga: “Tur, Butrus, so’yib egin” deganini eshitdim.

8 Men shunday javob berdim: “Aslo unday qilmayman, Egam! Men hech qachon harom yoki nopok narsalarni og`zimga olmaganman!”

9 Ammo o’sha ovoz ikkinchi marta eshitilib: “Xudo halol deb aytgan narsalarni sen harom deb aytmasliging kerak”, deb osmondan gapirdi.

10 Bu suhbat uch marta takrorlandi. Shunda dasturxonga o’xshash o’sha narsa yana osmonga olindi.

11 Xuddi shu paytda Qaysariyadan yuborilgan uchta odam men turgan uyga etib kelgan edi.

12 Muqaddas Ruh menga: “Hech ikkilanmay bu odamlar bilan birga bor”, deb aytdi. Bu olti birodar men bilan birga borib, o’sha odamning uyiga kirdi.

13 U odam uyida farishta paydo bo’lganini, uning o’zi bu farishtani ko’rganini bizga so’zlab berdi. Farishta unga shunday debdi: “Yaffaga odam yuborib, Butrus degan odamni chaqirtirib kel.

14 U senga aytadigan xabar orqali o’zing va oilang najot topasizlar.”

15 Men gapimni boshlashim bilanoq, Muqaddas Ruh oldin bizni qamrab olgani singari, ularni ham qamrab oldi.

16 Shunda men Rabbimiz Isoning: “Yahyo suvga cho’mdirgan edi, sizlar esa Muqaddas Ruhga cho’mdirilasizlar” degan so’zlarini esladim.

17 Biz Rabbimiz Iso Masihga imon keltirganimizda, Xudo bizga bergan in`omni ularga ham bergan bo’lsa, men kim bo’libmanki, Xudoga qarshilik qilsam?!

18 Ular bu so’zlarni eshitib, jim bo’lib qoldilar. So’ng Xudoga hamdu sano aytib:

— Xudo hatto g`ayriyahudiylarni ham hayotga eltadigan tavbaga olib boribdi, — dedilar.

Antioxiyadagi imonlilar jamoati

19 Stefan o’ldirilgandan keyin boshlangan quvg`inlar oqibatida imonlilar Finikiya, Kipr va Antioxiyaga tarqalib ketdilar. Ular Iso haqidagi xabarni yahudiylardan boshqa hech kimga aytmasdilar.

20 Ularning orasida Kipr va Kirineyadan Antioxiyaga kelgan ba`zi imonlilar bor edi. Ular Rabbimiz Iso to’g`risida u erdagi g`ayriyahudiylarga ham va`z qildilar.

21 Egamizning qudrati ularda bor edi, shuning uchun ko’pchilik imonga kelib, Rabbimizga yuz burdi.

22 Bu yangilik Quddusdagi imonlilar jamoatiga etib keldi. Jamoatdagilar Barnaboni Antioxiyaga jo’natdilar.

23 U kelib, Xudoning marhamatini ko’rganidan xursand bo’ldi. Hammaga: “Chin yurakdan Rabbimiz Isoga sadoqatingizni saqlab qolinglar”, deb nasihat qildi.

24 U Muqaddas Ruhga va imonga to’la, olijanob odam edi. Juda ko’p odamlar Isoni Rabbim deb imonga keldilar.

25 Shundan keyin Barnabo Shoulni izlab Tarsus shahriga ketdi. U Shoulni topgandan keyin, uni Antioxiyaga olib keldi.

26 Shunday qilib, Barnabo bilan Shoul bir yil davomida u erdagi jamoat bilan bir joyga yig`ilib, bir qancha odamlarga ta`lim berdilar. Shogirdlarga birinchi marta Antioxiya shahrida “masihiylar” deb nom berildi.

27 O`sha paytda Quddusdan Antioxiyaga payg`ambarlar keldilar.

28 Ulardan biri — Xagabus degani o’rtaga chiqib, butun olamda qattiq ocharchilik bo’lishini Muqaddas Ruh orqali bashorat qildi. (Uning bashorati Qaysar Klavdiy hukmronligi davrida amalga oshdi.)

29 Shogirdlar, imkonimiz boricha Yahudiyada yashaydigan imonli birodarlarimizga yordam jo’natamiz, deb qaror qildilar.

30 Ular aytganlarini qilib, Barnabo va Shoul orqali Quddusdagi jamoat oqsoqollariga hadyalar yubordilar.

Yoqub o’ldiriladi, Butrus qamoqqa tashlanadi

1 Xuddi shu paytda shoh Hirod imonlilar jamoatining ba`zi a`zolarini quvg`in qila boshladi.

2 U Yuhannoning akasi Yoqubni qilich bilan o’ldirtirdi.

3 Hirod ko’rdiki, bu yahudiylarga ma`qul kelyapti, shunday qilib, u Butrusni hibsga oldi. Bu voqea Xamirturushsiz non bayrami kunlarida yuz berdi.

4 U Butrusni qamatib, to’rt kishidan iborat to’rt guruh askarni qorovul qilib qo’ydi. Fisih bayramidan so’ng uni xalqning oldiga olib chiqib, hukm qilishni rejalashtirgan edi.

5 Butrus hibsda ekan, jamoat u uchun Xudoga chin dildan ibodat qildi.

Butrus qamoqdan qutuladi

6 Hirod Butrusni xalq oldiga olib chiqmoqchi bo’ldi. O`sha kundan oldingi tunda Butrus ikki soqchi o’rtasida uxlayotgan edi. U ikkita zanjir bilan kishanlangan, qamoqxona eshigida soqchilar navbatchilik qilishardi.

7 Birdan Egamizning farishtasi zohir bo’lib, hujrada nur porlab ketdi. Farishta Butrusning yonboshiga turtib uyg`otdi va: “Tezda o’rningdan tur!” dedi. Shunda kishanlar Butrusning bilaklaridan tushib ketdi.

8 Farishta unga:

— Kamaringni bog`la, chorig`ingni kiy, — dedi. Butrus aytilganday qildi. Keyin farishta unga:

— Choponingni kiyib, ortimdan yur, — dedi.

9 Butrus farishtaga ergashib, qamoqxonadan chiqdi. Ammo u farishtaning bu ishlari haqiqat ekanini anglamasdan, “vahiy ko’ryapman, shekilli”, deb o’ylardi.

10 Ular birinchi va ikkinchi darvoza soqchilari oldidan o’tgandan keyin, shaharga olib boradigan temir darvoza oldiga keldilar. Darvoza o’z–o’zidan ularga ochildi. Ular tashqariga chiqib, so’qmoq bo’ylab ketdilar. Birdan farishta Butrusning oldida ko’zdan g`oyib bo’ldi.

11 Butrus shu zahoti o’ziga kelib: “Endi ishonchim komilki, Egamiz O`zining farishtasini yuborib, meni Hirodning qo’lidan, yahudiy xalqining adovatidan qutqaribdi”, dedi.

12 Butrus shularni anglab, Maryamning uyiga yo’l oldi. Maryam Yuhannoning onasi edi. Yuhannoning ikkinchi ismi Mark edi. Maryamning uyida ko’pchilik to’planib, ibodat qilishayotgan ekan.

13 Butrus darvozani taqillatgan edi, Roda ismli qiz xabar olgani chiqdi.

14 Qiz Butrusning ovozini tanigach, shunchalik xursand bo’lib ketdiki, darvozani ochish o’rniga, ichkariga yugurib kirdi–da, Butrus darvoza oldida turibdi, deb e`lon qildi.

15 Ular qizga:

— Aqlingni eb qo’yibsan, — dedilar. Ammo qiz gapida turib olgach, ular:

— U Butrusning farishtasi, — deb javob berdilar.

16 Butrus darvozani taqillatishda davom etdi. Ular darvozani ochib, Butrusni ko’rdilar–u, hayron bo’lib qoldilar.

17 Butrus qo’li bilan “jim” degan ishorani qildi va Egamiz uni qanday qilib zindondan ozod qilganini so’zlab berdi. So’ngra “Bu voqeani Yoqubga va boshqa imonlilarga aytinglar”, deb qo’shib qo’ydi. Shundan keyin Butrus u erdan chiqib, boshqa erga bordi.

18 Tong otgach, vahimali shovqin–suron ko’tarildi. Askarlar bir–biridan: “Butrus qaerga g`oyib bo’ldi?” deb so’rardilar.

19 Hirod Butrusni izlashga buyruq berdi, ammo uni topa olmadilar. Hirod soqchilarni so’roq qilib, ularni o’limga mahkum qildi.

Hirodning o’limi

Shundan keyin Hirod Yahudiyadan Qaysariyaga borib, o’sha erda turib qoldi.

20 Shoh Hirod Tir va Sidon aholisidan qattiq g`azablandi. Bu shaharlar oziq–ovqat bo’yicha Hirodning shohligiga qaram bo’lgani uchun, Tir va Sidon vakillari maslahatlashib, Hirod bilan ko’rishgani keldilar. Ular saroy noziri Blastusni o’z tomoniga og`dirib olganlaridan keyin, Hirod bilan sulh tuzmoqchi edilar.

21 Hirod ularni qabul qiladigan kuni shohona liboslarini kiyib, taxtiga o’tirdi–da, ularga nutq so’zladi.

22 Odamlar uning bu nutqini eshitib: “Inson emas, balki xudo gapiryapti!” deb xitob qildilar.

23 Hirod Xudoni sharaflamagani uchun o’sha zahotiyoq Egamizning farishtasi uni urdi. Hirod qurtlarga emish bo’lib olamdan o’tdi.

24 Xudoning kalomi esa tobora yoyilib, Isoga ergashuvchilar ko’payib borardi.

25 Barnabo bilan Shoul Quddusda topshiriqni bajarib bo’lishgach, Antioxiyaga qaytdilar. Ular o’zlari bilan birga Yuhannoni ham olib keldilar. Yuhannoning ikkinchi ismi Mark edi.

Barnabo bilan Shoul safarga jo’natiladi

1 Antioxiyadagi imonlilar jamoatida payg`ambarlar va muallimlar ham bor edi. Barnabo, Qoracha laqabli Shimo’n, Kirineyalik Lukiyos, viloyat hukmdori Hirod bilan birga o’sgan Manaxim va Shoul shular jumlasidan edi.

2 Ular Egamizga sajda qilib, ro’za tutar ekanlar, Muqaddas Ruh ularga shunday dedi: “Barnabo bilan Shoulni Menga bag`ishlanglar, toki ular Men tayinlagan ishni bajarsinlar.”

3 Ular ro’za tutib, ibodat qildilar, so’ng qo’llarini Barnabo bilan Shoulga qo’yib, ikkovini safarga jo’natdilar.

Kiprda

4 Muqaddas Ruh buyrug`iga ko’ra, Barnabo bilan Shoul yo’lga tushdilar. Ular Selevkiya shahriga borib, u erdan kemada Kiprga suzib ketdilar.

5 Salamis shahriga kelganlaridan keyin, yahudiylarning sinagogalarida Xudoning kalomini va`z qildilar. Yuhanno ham ular bilan birga bo’lib, xizmatda yordam berar edi.

6 Ular butun orolni u boshidan bu boshigacha kezib chiqib, Pafos shahriga keldilar. U erda Baryoshua degan sehrgarga duch keldilar. U odam yahudiylarning soxta payg`ambari edi.

7 Baryoshua orolning hokimi Sergiyus Pavlusning yaqinlaridan biri edi. Sergiyus Pavlus aqlli odam edi. U Barnabo bilan Shoulni huzuriga chaqirib, Xudoning kalomini eshitmoqchi bo’ldi.

8 Ammo sehrgar Elimos Barnabo bilan Shoulga qarshi chiqdi. (Elimos Baryoshuaning yana bir ismi bo’lib, yunonchada “sehrgar” demakdir.) Elimos hokimni imondan toydirishga harakat qildi.

9 Shoul, ya`ni Pavlus, Muqaddas Ruhga to’lib, sehrgarga tik boqib

10 dedi:

— Ey iblis o’g`li! Sen har qanday haqiqatning dushmanisan, yuraging ayyorlik va yaramasliklarga to’la. Egamizning to’g`ri yo’lini buzib ko’rsatishni qachon bas qilasan?!

11 Endi eshit: Egamizning qo’li senga qarshi ko’tarilgan, sen ma`lum bir vaqtgacha ko’r bo’lib qolasan, quyosh nurini ko’rmaysan.

Shu zahoti Elimosning ko’zi oldi xiralashib, qorong`i bo’ldi. Elimos u yoq–bu yoqni paypaslab, qo’lidan etaklab yuradigan birontasini izladi.

12 Hokim yuz bergan voqeani ko’rib, imonga keldi, chunki u Rabbimiz Iso haqidagi ta`limotdan hayratga tushgan edi.

Pisidiyadagi Antioxiya shahrida

13 Pavlus bilan uning hamrohlari Pafos shahridan suzib, Pamfiliyadagi Perga shahriga keldilar. Yuhanno shu erda ularni tark etib, Quddusga qaytdi.

14 Qolganlar esa Pergadan jo’nab, Pisidiyadagi Antioxiya shahriga keldilar. Shabbat kuni ular sinagogaga kirib o’tirishdi.

15 Tavrot va Payg`ambarlar bitiklaridan qiroat tugagach, sinagoganing yo’lboshchilari: “Birodarlar, agar bizga biror nasihatingiz bo’lsa, marhamat”, deb ularga xabar yubordilar.

16 Pavlus o’rnidan turib, qo’li bilan “jim” degan ishorani qildi, so’ng so’z boshladi: “Ey Isroil xalqi! Xudodan qo’rqadigan boshqa xalqlar, quloq solinglar!

17 Mana shu Isroil xalqining Xudosi bizning ota–bobolarimizni tanlab oldi. Ular Misrda musofir bo’lib yashagan vaqt davomida Xudo ulardan buyuk xalq yaratdi. Buyuk qudrati bilan ularni Misrdan olib chiqdi.

18 Qirq yil davomida Xudo ularning sahrodagi qilmishlariga chidadi.

19 U Kan`on yurtida etti elatni qirib tashlab, ularning yurtini Isroil xalqiga mulk qilib berdi.

20 Bularning hammasi taxminan 450 yil davom etdi.

Bundan keyin Xudo ularga Shomuil payg`ambar zamonigacha hakamlarni berdi.

21 Keyin Isroil xalqi shoh so’ragan edi, Xudo ularga Kish o’g`li Shoulni shoh qilib berdi. Shoul Benyamin qabilasidan bo’lib, qirq yil hukmronlik qildi.

22 Xudo Shoulni taxtdan tushirgandan keyin, Dovudni Isroil xalqining shohi qildi. Xudo u haqda shunday degan edi: «Essay o’g`li Dovudni O`zimning ko’nglimga mos deb topdim. Dovud Mening hamma xohishlarimni bajo qiladi.»

23 Xudo bergan va`dasiga muvofiq, Dovud naslidan Isoni Isroil xalqiga najotkor qilib yubordi.

24 Iso xizmatini boshlamasdan oldin, Yahyo butun Isroil xalqiga, gunohlaringizdan qaytinglar, suvga cho’minglar, deb va`z qildi.

25 Yahyo xizmatini yakunlayotib: «Sizlar meni kim deb bilasizlar? Men va`da qilingan Zot emasman. U mendan keyin keladi. Men Uning choriqlarini echib qo’yishga ham arzimayman», degan edi.

26 Ey birodarlarim, Ibrohim avlodlari! Ey Xudodan qo’rqadigan boshqa xalqlar! Najot haqidagi bu xabar bizga berilgan.

27 Ammo Quddus aholisi va ularning hukmdorlari Isoning kimligini tanimadilar. Garchi ular har Shabbat kuni o’qilayotgan payg`ambarlarning so’zlarini eshitsalar–da, payg`ambarlar Iso haqida yozganini ular tushunmadilar. Isoni o’limga mahkum qilib, payg`ambarlarning bashoratlarini amalga oshirdilar.

28 O`limga mahkum qilish uchun ular sabab topa olmagan bo’lsalar ham, Pilatdan Uni o’ldirishni talab qildilar.

29 U to’g`rida yozilgan har bir narsani amalga oshirganlaridan keyin, jasadini yog`ochdan tushirib, qabrga qo’ydilar.

30 Ammo Xudo Uni o’likdan tiriltirdi.

31 Bir necha kun U Jaliladan Quddusga O`zi bilan kelganlarga zohir bo’lib turdi. Hozir ular Isroil xalqiga guvohlik beryaptilar.

32-33 Barnabo bilan men esa bu Xushxabarni sizlarga e`lon qilmoqdamiz: Xudo Isoni tiriltirdi! Shu orqali ota–bobolarimizga bergan va`dasini ularning farzandlari bo’lmish bizlar uchun bajardi. Bu haqda Zaburning ikkinchi sanosida shunday yozilgan:

«Sen Mening O`g`limsan,

Bugun Men Senga Ota bo’ldim.»

34 Axir, Xudo, Uni o’likdan tiriltiraman, Uni qabrda chiritmayman, deb va`da bergan edi. U shunday degan edi:

«Dovudga va`da qilgan tabarruk barakalarni sizlarga beraman.»

35 Boshqa bir sanoda bu yanada to’liqroq tushuntirilgan:

«Taqvodoringni qabrda chiritmaysan.»

36 Darvoqe, Dovud o’z vaqtida Xudoning maqsadi uchun xizmat qilgan edi. Dovud vafot etgach, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning tanasi qabrda chiridi.

37 Ammo Xudo tiriltirgan Isoning tanasi chirimadi.

38 Shuning uchun, ey birodarlarim, eshitinglar! Gunohlarimiz Iso orqali kechirilishini biz sizlarga e`lon qilmoqdamiz.

39 Isoga ishongan har bir kishi hamma gunohlaridan U orqali oqlanadi. Musoning qonuni orqali esa oqlanib bo’lmaydi.

40 Ehtiyot bo’linglar, toki payg`ambarlar aytgan quyidagi so’zlar boshingizga tushmasin:

41 «Qaranglar, ey mazaxchilar!

Hayratda qolib o’linglar!

Sizning davringizda Men shunday bir ish qilamanki,

Eshitsangiz quloqlaringizga ishonmaysizlar.»”

42 Pavlus bilan Barnabo sinagogadan chiqar ekanlar, xalq ularga: “Kelgusi Shabbat kuni ham shu narsalar to’g`risida gapirib bersangizlar”, deb iltimos qildilar.

43 Sinagogadagi yig`indan keyin xalq tarqaldi. Pavlus bilan Barnaboga ko’plab yahudiylar va yahudiy diniga kirgan taqvodorlar ergashdilar. Pavlus bilan Barnabo ularga, Xudoning marhamati ostida yashashni davom ettiringlar, deb dalda berdilar.

44 Keyingi Shabbat kuni ham deyarli butun shahar Rabbimiz Iso haqidagi xabarni eshitish uchun yig`ildi.

45 Yahudiylar shunchalik ko’p odamni ko’rib, qattiq hasad qila boshladilar. Pavlusning aytganlariga qarshi chiqib, uni haqoratladilar.

46 Shunda Pavlus bilan Barnabo ikkovi jasorat bilan shunday dedilar:

— Xudoning kalomini birinchi navbatda sizlarga bildirishimiz kerak edi. Ammo sizlar Xudoning kalomini rad qildingizlar va o’zlaringizni abadiy hayotga noloyiq deb bildingizlar. Shuning uchun biz g`ayriyahudiylarning oldiga ketyapmiz.

47 Egamiz bizga shunday amr bergan edi:

“Erning chetigacha najotni olib boringlar deb,

Men sizlarni g`ayriyahudiylarga nur qilaman.”

48 G`ayriyahudiylar bu gapni eshitib, xursand bo’ldilar. Ular Rabbimiz Iso haqidagi xabarni izzat–hurmat bilan qabul qildilar. Abadiy hayot uchun tanlanganlarning hammasi imonga keldi.

49 Shunday qilib, Rabbimiz Iso haqidagi xabar yurt bo’ylab yoyilib boraverdi.

50 Ammo yahudiylar shaharning yuqori martabali, Xudodan qo’rqadigan ayollarini va e`tiborli erkaklarini qayrab, Pavlus bilan Barnaboni ta`qib qilib, ularni yurtdan quvib chiqarishga undadilar.

51 Havoriylar esa ogohlantirish tariqasida oyoqlarining changini qoqib, Ikoniya shahriga ketdilar.

52 Antioxiyadagi shogirdlar sevinch va Muqaddas Ruhga to’lib boraverdilar.

1 Xuddi shunga o’xshash voqea Ikoniya shahrida yuz berdi: Pavlus bilan Barnabo sinagogaga kirib, otashin va`z aytdilar. Natijada bir qancha yahudiylar bilan g`ayriyahudiylar imonga keldilar.

2 Ammo imonga kelmagan yahudiylar g`ayriyahudiylarni qayrab, ularni imonlilarga qarshi qo’zg`atdilar.

3 Pavlus bilan Barnabo bu erda uzoq vaqt qolib, Rabbimiz Iso haqida jasorat bilan gapiraverdilar. Rabbimiz ham ularga mo’`jizalar va alomatlar ko’rsatish qudratini berib, O`zining marhamati haqidagi xabarni ular orqali tasdiqladi.

4 Shahar aholisi esa ikkiga bo’lindi: ba`zilari yahudiylar tomonga o’tdi, boshqalari esa havoriylarga qo’shildi.

5 Shundan keyin yahudiylar va g`ayriyahudiylar o’z yo’lboshchilari bilan birga havoriylarga hamla qilib, ularni toshbo’ron qilmoqchi bo’ldilar.

6 Havoriylar bu to’g`rida bilib qolganlaridan keyin Likoniyaning boshqa hududlariga qochib ketdilar. Ular Listra va Darba shaharlarida va ularning yon–atrofidagi joylarda

7 ham Xushxabarni va`z qilishda davom etdilar.

Listra va Darba shaharlarida

8 Listra shahrida bir odam bo’lib, oyoqlarini qimirlata olmasdan o’tirardi. U tug`ma mayib bo’lib, hech qachon yurmagan edi.

9 Pavlus gapirayotganda, u quloq solib o’tirgan edi. Pavlus unga tikilib qaradi. U odamning shifo topishiga ishonchi borligini ko’rib,

10 unga baland ovozda dedi:

— O`rningdan tur!

U odam sakrab o’rnidan turdi–da, yura boshladi.

11 Olomon Pavlusning qilgan ishini ko’rgach, Likoniy tilida: “Xudolar bizning oldimizga inson qiyofasida kelibdi!” deb shovqin soldilar.

12 Ular Barnaboni Zevs, Pavlus notiq bo’lgani uchun uni Xermes deb atashdi.

13 Zevsning ma`badi shahar tashqarisida edi. Zevs ruhoniysi shahar darvozalariga buqalar va gulchambarlar olib keldi. Ruhoniy bilan olomon qurbonlik nazr qilmoqchi bo’ldilar.

14 Havoriylar Barnabo bilan Pavlus buni eshitib, qattiq iztirob chekib, kiyimlarini yirtdilar, olomon orasiga yorib kirdilar. Ular shunday deb baqirdilar:

15 — Nimaga bunday qilyapsizlar! Biz ham sizlar singari, insonlarmiz! Biz sizlarga Xushxabar olib keldik, toki sizlar anavi behuda narsalardan yuz o’giringlar, osmon bilan erni, dengizni va ulardagi hamma mavjudotni yaratgan barhayot Xudoga yuz buringlar.

16 O`tmishda Xudo hamma xalqlarni o’z holiga qo’ydi.

17 Ammo shunga qaramay, O`z ezguligini ko’rsatib, osmondan yomg`ir yog`dirib keldi, mavsumida hosil berdi, rizqingizni tugal qilib, yuraklaringizni shodlikka to’ldirdi.

18 Shu gaplarni aytib, havoriylar, biz uchun qurbonlik keltirmanglar, deb olomonni zo’rg`a to’xtatib qoldilar.

19 Antioxiya va Ikoniyadan ba`zi bir yahudiylar kelib, xalqni o’zlariga og`dirib oldilar. Ular Pavlusni toshbo’ron qildilar va “U o’ldi, shekilli”, deb uni shahardan tashqariga sudrab chiqarib tashladilar.

20 Shogirdlar Pavlusning atrofiga yig`ilganlaridan keyin esa, u o’rnidan turib, shaharga qaytib kirdi. Ertasi kuni esa Barnabo bilan birga Darba shahriga ketdi.

Pavlus va Barnabo Suriyaning Antioxiya shahriga qaytadilar

21 Ular Xushxabarni Darba shahrida va`z qilib, ko’p shogirdlar orttirganlaridan keyin, Listra shahriga, so’ngra Ikoniya va Antioxiya shaharlariga qaytib keldilar.

22 Ular shogirdlarni imonda sobit qolishga undab: “Biz Xudoning Shohligiga kirishimiz uchun ko’p mashaqqatlarni boshdan kechirishimiz kerak”, deb dalda berardilar.

23 Ular har bir imonlilar jamoatiga oqsoqollar tayin qildilar. So’ng ibodat qilib va ro’za tutib, oqsoqollarni o’zlari ishongan Rabbimiz Isoning panohiga topshirdilar.

24 So’ngra ular Pisidiyadan o’tib, Pamfiliyaga keldilar.

25 Perga shahrida Iso haqidagi xabarni va`z qilganlaridan keyin, Attaliyaga ketdilar.

26 So’ng kemada Antioxiyaga qaytib keldilar. Bu shahardagi jamoat ularni mana shu qilgan ishlari uchun Xudoning marhamatiga topshirgan edi.

27 Havoriylar Antioxiyaga kelganlaridan keyin, jamoatni bir joyga yig`dilar va Xudo ular orqali nimalar qilganini, g`ayriyahudiylarning imonga kelishi uchun Xudo qanday yo’l ochib berganini aytib berdilar.

28 Havoriylar bu erda shogirdlar bilan birga ancha vaqt qoldilar.

Quddusdagi yig`in

1 Yahudiyadan bir necha odam Antioxiyaga kelib, imonlilarga shunday ta`lim bera boshladilar: “Musoning qonuniga binoan sunnat qilinmasangizlar, najot topa olmaysizlar.”

2 Pavlus bilan Barnabo ular bilan qizg`in bahsu munozaraga kirishdilar. Shunda: “Pavlus bilan Barnabo hamda Antioxiyadan bir necha odam Quddusga yuborilsin”, deb qaror qilindi. Ular bu masalani havoriylar va oqsoqollar bilan muhokama qilishlari kerak edi.

3 Imonlilar jamoati ularni yo’lga kuzatib qo’ydi. Ular Finikiya va Samariya orqali o’tar ekanlar, g`ayriyahudiylar qanday qilib Xudoga yuz burganini aytib berdilar. Bu xabar hamma imonlilarga katta quvonch bag`ishladi.

4 Pavlus va Barnabo Quddusga kelganlaridan keyin, jamoat, havoriylar, oqsoqollar ularni samimiy kutib oldilar. Pavlus va Barnabo Xudoning ular orqali qilgan ishlarini yig`ilganlarga so’zlab berdilar.

5 Ammo farziylar mazhabiga mansub imonlilar o’rinlaridan turib: “G`ayriyahudiylar sunnat qilinishlari kerak. Ularga Musoning qonuniga rioya qilishlarini buyurish kerak”, dedilar.

6 Havoriylar va oqsoqollar bu masalani muhokama qilish uchun yig`ildilar.

7 Uzoq davom etgan munozaradan keyin Butrus o’rnidan turib, ularga dedi:

— Birodarlarim! O`zlaringiz bilasizlarki, Xushxabarni g`ayriyahudiylarga va`z qilishim uchun Xudo meni ancha vaqt oldin orangizdan tanlab oldi. G`ayriyahudiylar ham Xushxabarni eshitib, imonga kelishi Uning maqsadi edi.

8 Xudo inson zotining yuragini biladi, U bizga bergan Muqaddas Ruhni g`ayriyahudiylarga ham berdi. Shu orqali ularni qabul qilganini tasdiqladi.

9 Xudo imon orqali g`ayriyahudiylarning yuraklarini pokladi. Shunday qilib, biz bilan g`ayriyahudiylar orasidagi farqni Xudo yo’q qildi.

10 Shunday ekan, nima uchun shogirdlarning elkasiga og`ir yuk ortib, Xudoni sinayapsizlar?! Axir, bu yukni biz ham, ota–bobolarimiz ham ko’tara olmagan edik–ku!

11 Yo’q! Ishonamizki, biz ham ular singari, Rabbimiz Isoning inoyati tufayli najot topamiz.

12 Hamma havoriylar va oqsoqollar sukutda qoldilar. Barnabo bilan Pavlus Xudoning ular orqali g`ayriyahudiylar orasida ko’rsatgan alomatlari va ajoyibotlari to’g`risida hikoya qilib berdilar.

13 Ular gapini tugatgach, Yoqub so’z oldi:

— Birodarlarim! Meni eshitinglar.

14 Hozir Butrus bizga Xudoning ilk bor g`ayriyahudiylarga iltifot nazarini solganini va ular orasidan O`ziga bir xalq tanlab olganini tushuntirib berdi.

15 Bu so’zlar payg`ambarlarning aytganlari bilan mos keladi. Yozilganiday:

16-17 “Egamiz shunday demoqda:

«Bundan keyin Men qaytib kelib,

Dovudning yiqilgan shohligini qayta tiklayman,

Uning xarobalarini yangidan barpo qilib,

Uni qayta quraman.

Shunda boshqa xalqlarning hammasi Menga intiladilar,

O`zim da`vat qilgan o’sha g`ayriyahudiylar Meni izlaydilar.»

18 Egamiz bularni bizga azaldan ma`lum qilgan.”

19 Yoqub gapida davom etdi:

— Shuning uchun Xudoga yuz burayotgan g`ayriyahudiylarni qiyin ahvolga solib qo’ymasligimiz kerak.

20 Buning o’rniga, ularga xat yozib, shunday deb aytaylik: “Butlarga keltirilgan qurbonlikning go’shtini tanovul qilishdan, fahsh–zinodan va qoni chiqarilmagan hayvonning go’shtini eyishdan o’zlaringizni tiyinglar.”

21 Axir, Musoning qonuni azal–azaldan har bir shaharda va`z qilinmoqda, har Shabbat kuni sinagogalarda o’qilmoqda.

G`ayriyahudiy imonlilarga maktub

22 Shundan keyin havoriylar va oqsoqollar butun imonlilar jamoati bilan shunday qarorga keldilar: “Guruhimizdan bir necha odamni tanlab olib, ularni Pavlus va Barnabo bilan birga Antioxiyaga yuboramiz.” Ular ikkita odamni — Barsabo degan Yahudoni va Silasni tanlab oldilar. Yahudo va Silas jamoatning yo’lboshchilari edilar.

23 Ularni shunday maktub bilan jo’natdilar:

“Biz, birodarlaringiz bo’lgan havoriylar va oqsoqollar, Antioxiya, Suriya va Kilikiyada yashaydigan g`ayriyahudiy birodarlarimizga salom yo’llayapmiz.

24 Eshitishimizcha, bizning oramizdan ba`zilar borib, o’zlarining gaplari bilan sizlarni xavotirga solibdi, yuraklaringizni g`ash qilibdi. Ammo ularni biz yubormagan edik.

25 Biz vakillar tanlab, ularni aziz do’stlarimiz Barnabo va Pavlus bilan birga sizlarning huzuringizga yuborishga bir ovozdan qaror qildik.

26 Barnabo bilan Pavlus Rabbimiz Iso Masih haqi–hurmati, hayotlarini xavf ostiga qo’yganlar.

27 Shu bois biz Yahudo bilan Silasni yuboryapmiz. Ushbu yozayotganlarimizni ular sizlarga og`zaki ham tasdiqlab beradilar.

28 Biz Muqaddas Ruh boshchiligida sizlarga quyidagi kerakli talablardan boshqa yukni yuklamaslikka qaror qildik:

29 sizlar butlarga keltirilgan qurbonlikning go’shtini va qoni chiqarilmagan hayvonning go’shtini tanovul qilishdan hamda fahsh–zinodan o’zlaringizni tiyinglar. O`zlaringizni ana shulardan tiysangizlar, yaxshi ish qilgan bo’lasizlar.

Omon bo’linglar.”

30 Shunday qilib, vakillar yo’lga chiqib, Antioxiyaga keldilar. Ular jamoatni yiqqanlaridan keyin maktubni jamoat a`zolariga topshirdilar.

31 Jamoat a`zolari maktubni o’qib, dalda so’zlaridan xursand bo’ldilar.

32 Yahudo bilan Silas payg`ambar edilar. Ular imonlilarga dalda berdilar, ularga ko’p gaplar aytib, imonda mustahkamladilar.

33-34 Yahudo bilan Silas ma`lum vaqt u erda bo’lganlaridan keyin, imonlilar ularni yuborgan birodarlari yoniga xayrixohlik bilan jo’natib yubordilar.

35 Pavlus bilan Barnabo esa birmuncha vaqt Antioxiyada qolishdi. Ular u erda boshqalar bilan birga ta`lim berib, Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va`z qildilar.

Pavlus bilan Barnabo ayrilishadi

36 Oradan bir necha kun o’tgach, Pavlus Barnaboga dedi: “Qani, biz Rabbimiz Iso haqidagi xabarni va`z qilgan shaharlarga boraylik, imonlilarni yo’qlaylik, ularning hol–ahvolini bilaylik.”

37 Mark degan Yuhannoni Barnabo birga olib ketmoqchi edi.

38 Ammo Pavlus buni istamadi. Mark ularni Pamfiliyada qoldirib, xizmatda oxirigacha birga bo’lmagani uchun Pavlus Barnaboning bu fikriga qattiq e`tiroz bildirdi.

39 Pavlus bilan Barnaboning orasida shunday anglashilmovchilik bo’ldiki, ular bir–birlarini tark etdilar. Barnabo Markni o’zi bilan birga olib, kemada Kiprga suzib ketdi.

40 Pavlus esa Silasni tanladi. Imonlilar ularni Rabbimiz Isoning panohiga topshirganlaridan keyin, ular yo’lga chiqdilar.

41 Suriya va Kilikiya hududlarini kezib, jamoatlarni imonda mustahkamladilar.

Timo’tiy Pavlus va Silas bilan birga ketadi

1 Pavlus bilan Silas Darba va Listra shaharlariga bordi. Listrada Isoning Timo’tiy ismli shogirdi yashardi. Uning onasi imonga kelgan yahudiy bo’lib, otasi yunon edi.

2 Listra va Ikoniyadagi imonlilar Timo’tiy to’g`risida yaxshi gaplar aytishardi.

3 Pavlus Timo’tiyni birga olib ketmoqchi bo’lib, o’sha erlarda yashaydigan yahudiylar sababli uni sunnat qildirdi. Chunki Timo’tiyning otasi yunon ekanini hamma bilardi.

4 Ular shaharlar oralab o’tganlarida, Quddusdagi havoriylar va oqsoqollar qaror qilgan qoidalarni imonlilarga etkazib, bularga rioya qilinglar, deb aytishardi.

5 Shunday qilib, jamoatlar imonda mustahkam bo’lib, kundan–kunga son jihatdan ko’payib boraverdi.

Troas shahrida Pavlusga kelgan vahiy

6 Pavlus va uning yo’ldoshlari Frigiya va Galatiya o’lkasidan o’tishdi, Muqaddas Ruh Asiya viloyatida Iso haqidagi xabarni va`z qilishni ularga taqiqlagandi.

7 Ular Misiyadan o’tib, Bitiniya viloyatiga kirishga harakat qildilar. Ammo Muqaddas Ruh orqali Iso ularga ijozat bermadi.

8 Shunday qilib, ular qaytib, Misiya orqali Troasga ketdilar.

9 Tunda Pavlusga vahiy keldi: Makedoniyalik bir odam: “Makedoniyaga kelib, bizga yordam ber!” deb iltijo qilardi.

10 Pavlusga kelgan bu vahiydan keyin, biz tezda Makedoniyaga borishga hozirlik ko’rdik. Xudo bizni u erning xalqiga Xushxabarni va`z qilishga chaqirdi, deb ishonch hosil qilgan edik.

Filippida Lidiya imonga keladi

11 Biz kemada Troas shahridan suzib ketib, to’g`ri Samofrakiya oroliga yo’l oldik, ertasi kuni Neapolis shahriga ketdik.

12 U erdan esa Filippiga bordik. Bu Makedoniya viloyatining Birinchi tumanidagi shahar bo’lib, Rimga qarashli edi. Biz bir necha kun u erda bo’ldik.

13 Shabbat kuni biz shahardan daryo bo’yiga chiqdik. U erda ibodat qiladigan joy bor, deb o’ylagan edik. O`sha erda ayollar yig`ilgan ekan, biz ular bilan o’tirib suhbatlashdik.

14 Bizni tinglab o’tirganlar orasida Lidiya degan bir ayol ham bor edi. U Tiyatira shahridan bo’lib, safsar matolar sotardi. U xudojo’y edi. Pavlusning aytganlarini jon dili bilan tinglasin deb, Egamiz Lidiyaning yuragini ochdi.

15 Lidiya bilan uning xonadon ahli suvga cho’mdirilganlaridan keyin, u bizga shunday taklif qildi: “Agar meni Rabbimiz Isoga sodiq imonli deb hisoblasangizlar, mening uyimga kelib, o’sha erda turinglar.” Lidiya bizni ko’ndirdi.

Filippi shahridagi qamoqxonada

16 Bir kuni biz ibodat qiladigan joyga ketayotganimizda, oldimizga bir cho’ri qiz keldi. Bu qizda folchilik ruhi bo’lib, u bashorat qilish orqali xo’jayinlariga ko’p pul ishlab berar ekan.

17 U Pavlus bilan bizga ergashib, shunday deb baqirardi: “Manavi odamlar Xudoyi Taoloning qullari! Ular sizlarga najot topish yo’lini e`lon qiladilar.”

18 O`sha cho’ri bir necha kun davomida shunday qilib yurdi. Oxiri, Pavlus bezor bo’lib, orqasiga o’girildi–da, yovuz ruhga dedi: “Senga Iso Masih nomidan buyuraman: bu qizning ichidan chiqib ket!” O`sha zahoti yovuz ruh qizning ichidan chiqib ketdi.

19 Qizning xo’jayinlari pul ishlash imkoniyati qo’ldan ketganini anglab etdilar. Ular Pavlus bilan Silasni ushlab, shahar maydoniga sudrab keldilar.

20 Ularni Rim amaldorlari huzuriga olib kelib:

— Bu odamlar shahrimizni alg`ov–dalg`ov qilyaptilar! — dedilar. — Ular yahudiylardir,

21 biz sodiq Rim fuqarolarimiz, ular bizning qonunlarimizga zid bo’lgan odatlarni targ`ib qilyaptilar. Biz ularning odatlarini qabul qila olmaymiz yoki amalda qo’llay olmaymiz.

22 Olomon Pavlus bilan Silasga qarshi hujumga qo’shildi.

Shunda Rim amaldorlari Pavlus bilan Silasning kiyimlarini echdirib, askarlarga: “Bularni kaltaklanglar”, deb buyurdilar.

23 Ularni rosa kaltaklashgandan keyin, zindonga tashladilar. Rim amaldorlari zindonbonga: “Ularni yaxshilab qo’riqla”, deb buyruq berdilar.

24 Zindonbon buyruqni olib, ikkovini ichki bo’lmaga tashladi va ularning oyoqlarini kundaga mahkamlab qo’ydi.

25 Yarim tunda Pavlus bilan Silas ibodat qilib, Xudoga hamdu sano aytayotgan edilar. Mahbuslar esa ularni tinglab o’tirishardi.

26 Birdan shunday qattiq zilzila yuz berdiki, qamoqxonaning poydevori larzaga keldi, shu zahoti hamma eshiklar ochilib, mahbuslarning kishanlari echilib ketdi.

27 Zindonbon uyg`onib, qamoqxona eshiklari ochiq ekanini ko’rdi. U, mahbuslar ozod bo’lib ketibdi, deb o’ylab, qilichini qinidan sug`urib, o’zini o’ldirmoqchi bo’ldi.

28 Pavlus ovozi boricha: “Zinhor o’zingga shikast etkaza ko’rma, hammamiz shu erdamiz!” deb baqirdi.

29 Zindonbon, chiroqlar yoqilsin, deb buyurdi va shoshilganicha ichkari kirdi–da, titrab–qaqshab, o’zini Pavlus bilan Silasning oyoqlari ostiga tashladi.

30 Zindonbon ikkovini tashqariga olib chiqib: “Janoblar, najot topishim uchun nima qilishim kerak?” deb so’radi.

31 — Rabbimiz Isoga ishon, shunda o’zing va xonadon ahling najot topasizlar, — deb javob berishdi ular.

32 Pavlus bilan Silas Rabbimiz haqidagi xabarni zindonbonga va uning xonadon ahliga va`z qildilar.

33 Zindonbon tunda o’sha zahotiyoq ikkovini bir chetga olib o’tib, yaralarini yuvdi. So’ng o’zi va butun xonadon ahli suvga cho’mdirildi.

34 Zindonbon Pavlus bilan Silasni uyiga olib kelib, ularga dasturxon yozdi. U butun xonadoni bilan birga Xudoga imon keltirganidan sevindi.

35 Tong otgach, amaldorlar mirshablarni yuborib: “Anavi odamlar o’z yo’liga ketaversin”, dedilar.

36 Zindonbon bu xabarni Pavlusga etkazdi: “Amaldorlar sizlarni ketaversin, deb xabar yuboribdi, hoziroq chiqinglar, eson–omon boringlar”, dedi.

37 Pavlus esa mirshablarga shunday dedi:

— Rim fuqarosi bo’lsak ham, bizni hukm qilmasdan xalqning ko’z o’ngida kaltakladilar, zindonga tashladilar. Nima uchun endi yashirincha bizni jo’natib yubormoqchilar?! Bunaqasi ketmaydi! O`zlari kelib, bizni zindondan chiqarsinlar.

38 Mirshablar bu so’zlarni amaldorlarga etkazdilar. Ular Pavlus bilan Silasning Rim fuqarosi ekanini eshitib, qo’rqib ketdilar.

39 Shunday qilib, amaldorlar borib, ulardan kechirim so’rab, ularni zindondan olib chiqdilar. So’ngra: “Shahardan ketsangizlar”, deb iltimos qildilar.

40 Pavlus bilan Silas zindondan chiqqanlaridan keyin, Lidiyaning uyiga bordilar. Ular u erda imonlilar bilan uchrashib, ularga dalda berdilar. Shundan keyin ular Filippidan jo’nab ketdilar.

Salonika shahrida

1 Pavlus bilan Silas Amfipolis va Apolloniya shaharlarini bosib o’tib, Salonika shahriga keldilar. Bu shaharda yahudiylar sinagogasi bor edi.

2 Pavlus, o’z odatiga ko’ra, sinagogaga kirdi va uch hafta davomida Shabbat kunlari yahudiylar bilan munozara olib bordi. U Muqaddas bitiklar asosida

3 Masihning azob chekishi va o’likdan tirilishi kerakligini tushuntirib, isbotlab berdi. So’ng: “Men sizlarga aytayotgan Iso o’sha Masihdir”, dedi.

4 Yahudiylardan ba`zilari, shuningdek, Xudodan qo’rqadigan ko’p g`ayriyahudiylar va yuqori martabali ayollarning ko’pchiligi Pavlus bilan Silasga ishonib, ularga qo’shildilar.

5 Ammo ishonmagan yahudiylar hasadga to’ldilar va ko’chalardagi bekorchi daydilarni to’plab, olomonni yig`ib, shaharda g`alayon boshladilar. Ular: “Pavlus bilan Silasni qidirib topamiz, xalqning oldiga olib chiqamiz”, deb Yason degan odamning uyiga hujum qildilar.

6 Ammo ularni topa olishmadi. So’ngra Yason bilan bir necha imonlilarni shahar amaldorlari huzuriga sudrab keldilar va shunday deya shovqin soldilar: “Anavi odamlar butun dunyoni ostin–ustin qilib, bizning shahrimizga ham kelibdilar.

7 Yason o’sha odamlarga uyidan joy beribdi. Ularning hammasi, Iso degan boshqa shoh bor, deb Qaysarning farmonlariga qarshi chiqyaptilar.”

8 Xalq va shahar amaldorlari bu gaplarni eshitib, bezovtalanib qoldilar.

9 Ular Yason va boshqa imonlilardan garovga pul olib, ularni qo’yib yubordilar.

Veriya shahrida

10 Qorong`i tushgach, imonlilar Pavlus bilan Silasni Veriya shahriga jo’natdilar. Ular shaharga kelib, yahudiylar sinagogasiga kirdilar.

11 Bu erdagi yahudiylar Salonikadagi yahudiylarga qaraganda keng fikrli edilar. Ular zo’r ishtiyoq bilan Iso haqidagi xabarni tinglashar, Pavlusning aytganlari haqiqat ekanini ko’rish uchun Muqaddas bitiklarni har kuni tadqiq etishardi.

12 Ularning ko’pchiligi shu boisdan imonga keldilar, shuningdek, g`ayriyahudiy erkaklaru yuqori martabali ayollarning ko’pchiligi ham imonga keldilar.

13 Ammo Salonikadagi yahudiylar, Pavlus Veriyada Xudoning kalomini va`z qilibdi degan gapni eshitganlarida, ular Veriyaga kelib, olomonni gijgijlab, qayradilar.

14 Shunda imonlilar Pavlusni zudlik bilan dengiz bo’yiga jo’natib yubordilar. Silas bilan Timo’tiy esa Veriyada qoldilar.

15 Pavlusni kuzatib ketganlar uni Afinagacha olib borib qo’ydilar. Ular Pavlusdan: “Silas bilan Timo’tiy tezroq mening oldimga etib kelsin” degan ko’rsatmani olganlaridan keyin Veriyaga qaytib ketdilar.

Pavlus Afinada

16 Pavlus Silas bilan Timo’tiyni Afinada kutarkan, shahar butlarga to’lib ketganini ko’rib, ta`bi juda xira bo’ldi.

17 Pavlus sinagogada yahudiylar va Xudodan qo’rqadigan g`ayriyahudiylarga dalillar keltirdi. Shuningdek, shahar maydonida har kuni duch kelgan odamlarga ham va`z qildi.

18 Bir necha epikurchi va stoik faylasuflar ham Pavlus bilan bahsga kirishishdi. Ba`zilari: “Bu mahmadona nima demoqchi?” desa, boshqalari: “U begona xudolar to’g`risida va`z qilyapti”, der edi. Pavlus Iso to’g`risidagi Xushxabarni va o’liklardan tirilishni va`z qilayotgani uchun ular shunday deb aytardilar.

19 Ular Pavlusni ushlab, Aryopagus kengashiga olib bordilar va shunday dedilar: “Sen o’rgatayotgan yangi ta`limot nima ekanini biz ham bilishimiz mumkinmi?

20 Bu ta`limoting bizga bir oz g`alati tuyulyapti, shuning uchun bu nimani anglatishini bilmoqchimiz.”

21 (Hamma Afinaliklar va bu erda yashayotgan musofirlar butun vaqtlarini oxirgi yangiliklarni aytib berish yoki eshitish bilan o’tkazishni yaxshi ko’rishardi.)

22 Pavlus Aryopagus kengashining oldiga chiqib, shunday dedi: “Ey Afinaliklar! Sizlar har jihatdan g`oyat dindor ekaningizni ko’rib turibman.

23 Men butun shaharni kezib chiqib, sizlarning sajdagohlaringizga diqqat bilan nazar tashladim. Men o’sha narsalarning orasidan «Noma`lum xudoga» degan yozuv bitilgan qurbongohni ko’rdim. O`zlaringiz bilmasdan turib sajda qilayotgan Xudoni men sizlarga anglatay.

24 Olamni va undagi hamma narsalarni yaratgan Xudo eru osmonning Egasi bo’lib, inson qo’li bilan yasalgan sajdagohlarda yashamaydi.

25 Har qanday odamga jon, nafas va hamma narsani Uning O`zi bergan. Shuning uchun U insonning qo’liga qarab qolmagan. U hech narsaga muhtoj emas.

26 Xudo bitta odamdan jamiki elatlarni yaratib, ularni butun er yuziga joylashtirdi. U elatlarning hayoti vaqtini va ular istiqomat qiladigan joylarning chegaralarini belgilab berdi.

27 Xudo bularni, Meni qidirsinlar, paypaslanib bo’lsa–da, topsinlar deb qildi. Haqiqatan ham, U har birimizdan uzoqda emas.

28 Zotan, bir odamning aytishi bo’yicha: «Biz Unda yashaymiz, Unda harakat qilamiz va Unda mavjudmiz.» Sizning shoirlaringizdan biri shunday degan edi: «Biz ham Uning zurriyotimiz.»

29 Biz Xudoning zurriyotidan ekanmiz, Xudoni inson o’z san`ati va mahorati bilan shaklga solgan oltinga yoki kumushga, yo toshga o’xshatmasligimiz kerak.

30 Xudo o’tmishda insoniyatning johilligiga e`tibor bermadi. Endi esa U hamma joydagi jamiki xalqlarga: «Tavba qilinglar!» deb amr bermoqda.

31 Chunki U dunyo xalqlarini O`zi tayinlagan Zot orqali adolat bilan hukm qiladigan kunni belgiladi. O`sha Zotni o’likdan tiriltirdi. Shu yo’sinda jamiki insonlarga bu Zotning tayinlanganini isbot qildi.”

32 Ular Pavlusning o’liklar tirilishi haqidagi gapini eshitganlarida, ba`zilar uni masxara qildi, ammo boshqalar: “Biz bu haqda yana sizning gaplaringizni eshitmoqchimiz”, dedilar.

33 Shunday qilib, Pavlus ularning oldidan ketdi.34 Bir necha odam unga ergashib, imonga keldi. Imonga kelganlarning orasida Aryopagus kengashining a`zosi Dionisis, Damara ismli ayol va boshqa odamlar ham bor edi.

Korinf shahrida

1 Shundan keyin Pavlus Afinadan ketib, Korinfga yo’l oldi.

2 U erda Pavlus Akil degan bir yahudiy bilan tanishdi. Akil Pontusda tug`ilgan bo’lib, xotini Priskilla bilan Italiyadan yaqinda kelgan ekan. Chunki Qaysar Klavdiy, hamma yahudiylar Rimdan chiqib ketsin, deb farmon bergan edi. Pavlus ularni ko’rgani bordi.

3 Ular hamkasb bo’lib, chodir tikuvchilik bilan shug`ullanganlari uchun, Pavlus ularnikida qolib, ishladi.

4 Har Shabbat kuni u sinagogada munozara o’tkazib, yahudiylar va g`ayriyahudiylarni ishontirishga harakat qilardi.

5 Silas bilan Timo’tiy Makedoniyadan kelganlaridan keyin, Pavlus butun vaqtini Iso haqidagi xabarni va`z qilishga bag`ishladi. U yahudiylarga Isoning Masih ekani to’g`risida guvohlik berardi.

6 Yahudiylar esa Pavlusga qarshi chiqib, uni haqorat qildilar. Pavlus kiyimlaridan changni qoqdi–da: “Qoningiz o’z gardaningizda qolsin, menda ayb yo’q, hozirdan boshlab g`ayriyahudiylar orasiga ketganim bo’lsin”, dedi ularga.

7 Shunday qilib, Pavlus sinagogani tark etib, Titas Yustus degan bir odamning uyiga bordi. Titas Yustus ham xudojo’y odam bo’lib, uning uyi sinagoganing yonginasida edi.

8 Sinagoganing qavmboshisi Krispus butun xonadoni bilan Rabbimiz Isoga imon keltirdi. Pavlusdan Xushxabar eshitgan Korinfliklarning ko’pchiligi ishonib, suvga cho’mdirildilar.

9 Bir kuni tunda Rabbimiz Iso vahiyda Pavlusga zohir bo’lib, dedi: “Qo’rqma! Gapiraver, sukut saqlama!

10 Men sen bilan birgaman. Bu shahardagi ko’pchilik Mening odamlarim bo’lgani uchun hech kim senga zarar etkaza olmaydi.”

11 Shunday qilib, Pavlus bu shaharda bir yilu olti oy turib, xalqqa Xudoning kalomidan ta`lim berdi.

12 Gallion Axaya viloyatiga hokimlik qilgan paytlarda, yahudiylar birgalashib Pavlusga qarshi chiqdilar va uni sudrab, mahkamaga olib keldilar.

13 Ular shunday dedilar:

— Mana bu odam qonunga qarshi yo’llar bilan Xudoga sajda qilishga xalqni da`vat qilyapti.

14 Pavlus endi gapirmoqchi bo’lib turgan edi, Gallion yahudiylarga shunday dedi:

— Ey yahudiylar! Agar da`voingiz yomon qilmish yoki og`ir jinoyat masalasida bo’lganda edi, shikoyatlaringizni qabul qilishga sabab topgan bo’lardim.

15 Ammo bu da`volaringiz shunchaki ayrim so’zlar, ismlar va o’z qonuningiz borasida ekan, bularni o’zlaringiz ko’rib chiqaveringlar. Men bu masalalarning hakami bo’lmayman.

16 Gallion yahudiylarni mahkamadan haydab chiqardi.

17 Shunda olomon sinagoga qavmboshisi Sostenisni tutib oldi–da, mahkamaning oldida uni kaltakladi. Ammo Gallion bularning birontasiga e`tibor bermadi.

Pavlus qisqa muddatga Antioxiyaga qaytadi

18 Pavlus Korinfda imonlilar bilan uzoq vaqt turdi. So’ng ular bilan xayrlashib, kemada Suriyaga suzib ketdi. Akil bilan Priskilla ham u bilan birga ketdilar. Pavlus Xudoga ont ichgani uchun Kenxreyadan suzib ketishdan oldin sochini oldirdi.

19-21 Ular Efesga etib keldilar. Pavlus sinagogaga borib, yahudiylar bilan munozara o’tkazdi. Odamlar Pavlusdan, biz bilan uzoqroq qoling, deb iltimos qildilar. Ammo Pavlus rozi bo’lmadi. Ketishidan oldin esa ularga: “Xudo xohish bildirsa, sizlarning oldingizga qaytib kelaman”, dedi. Shundan keyin Akil bilan Priskillani Efesda qoldirib, o’zi kemada suzib ketdi.

22 Pavlus Qaysariyaga etib kelgandan keyin, Quddusga bordi va imonlilar jamoati bilan ko’rishdi. Shundan so’ng Antioxiyaga ketdi.

23 U erda ma`lum vaqt bo’lgach, yana yo’lga chiqdi va Galatiya, Frigiya o’lkalarini kezib, barcha imonlilarga dalda berdi.

Apollos

24 Shu paytda Apollos degan bir yahudiy Efesga keldi. U asli Iskandariyadan edi. U gapga chechan odam bo’lib, Muqaddas bitiklarni juda yaxshi bilardi.

25 U Rabbimiz Isoning yo’lida ta`lim olgan bo’lib, otashin ruh bilan gapirardi. Iso haqida to’g`ri ta`lim berardi. Suvga cho’mdirish haqida esa faqatgina Yahyoning ta`limotini bilardi.

26 Apollos sinagogada jasorat bilan gapira boshladi. Priskilla bilan Akil Apollosning va`zini eshitganlaridan keyin, uni uyiga taklif qilib, Xudoning yo’lini yanada aniqroq tushuntirib berdilar.

27 Apollos Axayaga borishga qaror qildi. Efesdagi imonlilar Axayadagi shogirdlarga, Apollosni yaxshi qabul qilsangizlar, deb maktub yozdilar. Apollos Axayaga kelgach, Xudoning inoyati bilan imonga kelganlarga katta yordam berdi.

28 Apollos, Muqaddas bitiklar asosida Isoning Masih ekanini isbot etib, qat`iyat bilan yahudiylarning nohaqligini ochiqchasiga fosh qilardi.

Pavlus Efes shahrida

1 Apollos Korinfda ekan, Pavlus qirlar bo’ylab yo’l yurib, Efes shahriga keldi. Bu erda u Isoga imon qo’ygan bir nechta odamni uchratdi.

2 Pavlus ulardan:

— Imonga kelganlaringizda, Muqaddas Ruhni qabul qildingizlarmi? — deb so’radi. Ular:

— Yo’q, biz Muqaddas Ruh borligini hatto eshitmaganmiz, — deb javob berdilar.

3 — Unday bo’lsa, qay asosda suvga cho’mdirildingizlar? — deb so’radi Pavlus.

— Yahyoning ta`limotiga ko’ra, suvga cho’mdirildik, — deb javob berdi ular.

4 Shunda Pavlus dedi:

— Yahyo tavba qilganlarni suvga cho’mdirar edi. U Isroil xalqiga, mendan keyin kelayotganga, ya`ni Isoga, imon keltiringlar, degan edi.

5 Ular bu gapni eshitib, Rabbimiz Isoning nomidan suvga cho’mdirildilar.

6 Pavlus ularga qo’lini qo’ygan edi, Muqaddas Ruh ularni qamrab oldi. Ular boshqa tillarda gapira boshladilar va Xudo ayon qilgan so’zlarni aytdilar.

7 Ular taxminan o’n ikki kishi edi.

8 Pavlus sinagogaga uch oy davomida borib, jasorat bilan xalqqa gapirib, Xudoning Shohligi to’g`risida ishonchli dalillar keltirdi.

9 Ammo ba`zilari o’jarlik qilib, umuman ishonmadilar va hammaning oldida Isoning yo’li to’g`risida yomon gaplarni aytdilar. Pavlus yoniga imonlilarni olib, ularning huzuridan ketdi. Har kuni u Tiranus degan odamning ma`ruza zalida munozara o’tkazadigan bo’ldi.

10 Bu holat ikki yil davom etdi, Asiya aholisining hammasi — yahudiylar ham, g`ayriyahudiylar ham Rabbimiz Iso haqidagi xabarni eshitishdi.

11 Xudo Pavlus orqali g`aroyib mo’`jizalar ko’rsatar edi.

12 Pavlusning tanasiga tekkan ro’molcha yoki kiyimlar xastalarga tekkizilganda, ular xastaliklaridan shifo topar, ulardan yovuz ruhlar chiqib ketardi.

13-14 Skevas degan yahudiy bosh ruhoniysi bor edi. Uning etti o’g`li o’lka bo’ylab kezib, odamlardan yovuz ruhlarni quvib chiqarar edilar. Bir kuni ular Rabbimiz Isoning nomi bilan shunday qilishga urinib, yovuz ruhga: “Pavlus e`lon qilayotgan Iso nomi bilan buyuramiz: chiqib ket!” dedilar.

15 Yovuz ruh esa ularga: “Men Isoni bilaman, Pavlusni ham bilaman, sizlar esa kim bo’libsizlar?” deb so’radi.

16 Ichida yovuz ruhi bor odam ularga tashlandi. Ularni shu qadar qattiq urdiki, ular o’sha uydan yalang`och, yarador holda zo’rg`a qochib qutuldilar.

17 Efesda yashagan yahudiy va g`ayriyahudiylarning hammasi bu voqeani eshitib, qo’rquvga tushdilar. Rabbimiz Isoning nomi ulug`landi.

18 Shuningdek, imonga kelganlarning ko’pchiligi qilmishlarini ochiqchasiga e`tirof etdilar.

19 Afsungarlik bilan mashg`ul bo’lganlarning bir qanchasi kitoblarini to’plab, ommaning ko’zi oldida yoqib yubordilar. Bu kitoblarning qiymati hisoblanganda, ellik ming kumush tanga chiqdi.

20 Shu tariqa Rabbimiz haqidagi xabar yoyilib, ta`siri tobora ortib borar edi.

21 Shu hodisalar yuz bergandan keyin, Pavlus Makedoniya va Axayadan o’tib, Quddusga borishga qaror qildi. “U erga borganimdan keyin, Rimga ham borishim kerak”, dedi u.

22 Shunday qilib, u ikki yordamchisi — Timo’tiy bilan Erastusni Makedoniyaga yubordi. Pavlusning o’zi esa ma`lum vaqt Asiya viloyatida qoldi.

23 Ammo o’sha paytda Isoning yo’liga qarshi qattiq g`ala–g`ovur bo’ldi.

24 Demitrus degan bir zargar odam Artemisning ma`badi tasvirini kumushdan yasab, hunarmandlarga ko’p foyda keltirardi.

25 Demitrus bu sohada ishlaydigan hamma hunarmandlarni chaqirib, shunday dedi:

— Birodarlar, bilasizlarki, biz shu hunar orqali yaxshi daromad olamiz.

26 Sizlar faqat Efesdagina emas, balki butun Asiya viloyatida Pavlus degan odamning qilayotganlarini ko’rib eshityapsizlar. Pavlusning aytishi bo’yicha, qo’lda yasalgan xudolar aslo xudolar emasmish. U ko’pchilikni shunga ishontirib, yo’ldan uryapti.

27 Shunisi xavfliki, bizning bu hunarimiz xalqning nazaridan qolishi mumkin. Faqat shugina emas, balki boshqa xavf ham bor: buyuk Artemisning ma`badi hech narsaga arzimas ekan degan fikrga olib keladi. Asiya viloyati va butun dunyodagi hamma odam topinadigan bu ma`budaning ulug`vorligi barham topadi–ku!

28 Hunarmandlar bu gapni eshitganlarida, g`azablanib: “Efesning Artemisi buyukdir!” deb shovqin–suron ko’tardilar.

29 Shaharda to’s–to’polon boshlandi. Xalq ikkita Makedoniyalikni — Gayus bilan Aristarxusni tutib olib, teatr tomonga shoshildilar. Ikkalovi Pavlusga yo’lda hamroh bo’lib kelayotgan edilar.

30 Pavlus olomon oldiga chiqmoqchi bo’lgan edi, imonlilar yo’l qo’ymadilar.

31 Hatto Pavlusning do’stlari bo’lgan Asiya viloyatining ba`zi amaldorlari xabar berib, teatrga kirishga tavakkal qilmang, deb iltimos qildilar.

32 Olomon sarosimaga tushgan edi. Ba`zilari bir narsa deb shovqin solsa, boshqalari boshqa narsani aytib shovqin solardi. Ularning ko’pchiligi nima uchun yig`ilganini bilmasdi.

33 Yahudiylar olomonga vaziyatni tushuntirmoqchi bo’lib, Iskandar degan bir odamni oldinga chiqardilar. Iskandar qo’li bilan olomonga, jim bo’linglar degan ishorani qilib, himoya nutqini aytishga harakat qildi.

34 Ammo xalq uning yahudiy ekanini bilgach, hammalari jo’r bo’lib: “Efesliklarning Artemisi buyukdir!” deb ikki soatga yaqin baqirib turishdi.

35 Shahar kotibi olomonni tinchlantirgach, shunday dedi:

— Ey Efesliklar! Buyuk Artemis ma`badining va osmondan tushgan haykalining saqlovchisi Efes shahri ekanini kim bilmaydi?!

36 Bularni hech kim inkor eta olmaydi. Shunday ekan, sizlar sukut saqlab, o’ylamasdan qadam bosmasligingiz kerak.

37 Bu odamlar ma`badni talon–taroj qilmagan yoki ma`budamizni haqorat qilmagan, sizlar esa ularni bu erga olib kelibsizlar.

38 Agar Demitrus bilan uning hunarmandlari biron odamni ayblaydigan bo’lsa, mahkamalar ochiq, qozilar bor, bir–biriga qarshi ayblovlarni o’sha erda hukm qilishsin.

39 Agar boshqa bir chora ko’rmoqchi bo’lsangiz, u aholining qonuniy yig`inida hal qilinadi.

40 Axir, bugun yuz bergan voqeadan keyin bizni isyonda ayblashlari mumkin. Bizda bu shovqin–suronni oqlaydigan biron sabab yo’q.

U shu gaplarni aytib, olomonni tarqatib yubordi.

Pavlus Makedoniya va Yunonistonda

1 Shovqin–suron bosilgach, Pavlus imonlilarni chaqirib, ularga dalda berdi. Keyin ular bilan xayrlashib, Makedoniyaga yo’l oldi.

2 U o’zi bosib o’tgan hamma shaharlarda imonlilarga ko’p dalda berdi. So’ng Yunonistonga borib,

3 u erda uch oy turdi. U Suriyaga suzib ketmoqchi bo’lgan edi, yahudiylar unga qarshi fitna uyushtirayotganini bilib qoldi. Shuning uchun Makedoniya orqali qaytishga qaror qildi.

4 Veriyadan Pirus o’g`li Sopatrus, Salonikadan Aristarxus va Sekundus, Darbadan Gayus, Timo’tiy, Asiya viloyatidan Tixikus va Trofimus Pavlusga hamroh bo’ldilar.

5 Ular bizdan oldin ketib, Troasda bizni kutib turgan edilar.

6 Xamirturushsiz non bayramidan keyin biz Filippidan suzib ketdik. Besh kundan so’ng esa Troasda ular bilan uchrashib, u erda etti kun turdik.

Pavlusning Troasga oxirgi safari

7 Yakshanba kuni biz Rabbimiz Isoni xotirlab, non sindirish uchun yig`ildik. Pavlus odamlarga yarim kechasigacha gapirdi. Ertasi kuni u jo’nab ketishni rejalashtirgan edi.

8 Biz yig`ilgan boloxonada ko’p chiroqlar yonib turardi.

9 Evtixus degan bir yigit deraza raxida o’tirgan edi. Pavlus gapini davom ettirar ekan, Evtixusni qattiq uyqu bosdi. Uyqu g`olib kelib, Evtixus uchinchi qavatdan erga yiqildi. Uni ko’targanlarida, jon bergan edi.

10 Pavlus pastga tushdi, egilib, yigitni quchoqladi–da: “Xavotir olmanglar, u tirik”, dedi.

11 So’ngra Pavlus yana boloxonaga qaytib chiqdi. Rabbimizni xotirlab, non sindirib, ovqatlandi. Ular bilan tong otguncha suhbatlashdi, keyin yo’lga chiqdi.

12 Shu orada bu yigitni uyiga tirik olib bordilar, imonlilar bu voqeadan g`oyat tasalli topdilar.

Troasdan Mitilinaga

13 Pavlus Assas shahriga quruqlik orqali ketishga qaror qildi. Qolganlarimiz esa undan oldin kemada suzib ketdik. Pavlus o’sha shaharda kemaga chiqib, bizga qo’shiladi, deb rejalashtirgan edik. Zotan, u bizga shunday qilishini aytgan edi.

14 Pavlus biz bilan Assasda uchrashgandan keyin, uni kemaga olib, Mitilina shahriga yo’l oldik.

15 Biz u erdan suzib, ertasi kuni Xios oroli yaqiniga etib bordik. Keyingi kuni Samos oroliga, uning ertasiga Mileytus shahriga etib bordik.

16 Pavlus Asiya viloyatida vaqtni yo’qotmaslik uchun Efesni chetlab o’tishga qaror qildi. Agar imkonini topsa, Hosil bayramida Quddusda bo’lishni juda istayotgan edi.

Efes oqsoqollariga Pavlus otashin nutq so’zlaydi

17 Pavlus Mileytusdan Efesga xabar yuborib, imonlilar jamoatining oqsoqollariga: “Mening huzurimga kelsangizlar”, deb iltimos qildi.

18 Oqsoqollar Pavlusning huzuriga kelganlarida, u oqsoqollarga dedi: “Men Asiya viloyatiga kelgan birinchi kunimdan boshlab sizlarning orangizda qanday yashaganimni o’zlaringiz bilasizlar.

19 Men ko’p ko’z yosh to’kib, kamtarlik bilan Rabbimiz Isoga xizmat qildim. Yahudiylarning fitnalari dastidan kelgan sinovlarni boshdan kechirdim.

20 O`zlaringiz bilasizlar, men sizlarga biron foyda keltirishdan o’zimni olib qochmadim. Balki uyma–uy yurib, ta`lim berdim, xalq oldida va`z qildim.

21 Men yahudiylarni ham, g`ayriyahudiylarni ham tavbaga chaqirdim. Xudoga yuz buringlar, Rabbimiz Isoga imon keltiringlar, deb ularga jiddiy nasihat qildim.

22 Endi esa Muqaddas Ruhning asiri bo’lib, Quddusga otlanyapman. U erda menga nima bo’lishini bilmayman.

23 Ammo meni qamoq va quvg`inlar kutayotgani to’g`risida Muqaddas Ruh har bir shaharda ogohlantirib kelmoqda.

24 Lekin hayotim o’zim uchun hech narsaga arzimaydi, deb hisoblayman. Men faqat vazifamni oxiriga etkazishni va Rabbimiz Iso menga yuklagan ishni tugatishni istayman. Bu ish Xudoning inoyati to’g`risidagi Xushxabarni e`lon qilishdir.

25 Men oralaringizda bo’lib, Xudoning Shohligini va`z qildim. Endi shuni bilamanki, birontangiz ham mening yuzimni boshqa ko’rmaysizlar.

26 Shuning uchun bugun sizlarga shuni e`lon qilaman: men birovning halokati uchun mas`ul emasman.

27 Axir, men Xudoning hamma maqsadini sizlarga bayon qilishdan bo’yin tovlamadim.

28 O`zlaringizni ehtiyot qilinglar, suruvni ham ehtiyot qilinglar. Chunki Muqaddas Ruh ularni sizning qaramog`ingizga bergan. Xudoning jamoatiga cho’pon bo’linglar. Xudo jamoatni O`z O`g`lining qoni evaziga sotib olgan.

29 Bilaman, men ketganimdan keyin sizlarning orangizga yirtqich bo’rilar keladi, ular suruvga shafqat qilmaydi.

30 Hatto o’z oralaringizdan ba`zi odamlar chiqib, imonlilarni ortidan ergashtirib, haqiqatni buzib gapiradilar.

31 Hushyor bo’linglar! Mana shu uch yil davomida kechayu kunduz ko’z yosh to’kib, har biringizga qilgan pand–nasihatlarimni yodingizda tutinglar.

32 Endi men sizlarni Xudoga va Uning marhamati haqidagi xabar panohiga topshirdim. Bu xabar sizlarga kuch–qudrat ato qilib, jamiki muqaddas qilinganlar orasida meros berishga qodirdir.

33 Men hech kimning kumushi yoki oltini, yo kiyimiga ko’z olaytirmadim.

34 O`zlaringiz bilasizlarki, o’zimni va sheriklarimni ta`minlash uchun qo’llarim bilan mehnat qildim.

35 Men sizlarga bu borada namuna bo’lib, zaiflarni qanday qo’llab–quvvatlashimiz kerakligini ko’rsatdim. Rabbimiz Iso aytgan shu so’zlarni eslaylik: «Olmoqdan ko’ra, bermoq ko’proq marhamat keltiradi.»”

36 Pavlus gapini tugatgandan keyin, hamma bilan birga tiz cho’kib, ibodat qildi.

37 Hammalari yig`lab, Pavlusni bag`irlariga bosdilar, u bilan o’pishib xayrlashdilar.

38 Pavlus: “Endi meni hech qachon ko’rmaysizlar”, deb aytgani uchun ular nihoyatda g`amgin bo’lib qoldilar. Ular Pavlusni kemagacha kuzatib bordilar.

Pavlusning Quddusga sayohati

1 Biz ular bilan xayrlashib, kemaga o’tirdik va to’g`ri Kos oroliga keldik. Ertasi kuni Rodos oroliga, keyin esa Patara shahriga bordik.

2 U erda biz Finikiyaga ketayotgan kemani topib, o’sha kemada suzib ketdik.

3 Kiprga yaqinlashganimizda, bu orolni chap tomonimizda qoldirib, Finikiyaga yo’l oldik. Tirda kemadan yuk tushirmoqchi bo’lganlari uchun biz qirg`oqda qoldik.

4 Isoning u erdagi shogirdlarini qidirib topdik va ular bilan bir hafta qoldik. Ular Muqaddas Ruhdan ilhomlanib, Pavlusga: “Quddusga bormang”, deb aytdilar.

5 Bu erda vaqtimiz oxirlab qolgach, yo’lga chiqib, safarimizni davom ettirdik. Imonlilarning hammasi, xotinlari va bola–chaqalari bilan birga, bizni shahar tashqarisigacha kuzatib chiqdi. Dengiz bo’yida tiz cho’kib, ibodat qildik.

6 So’ng bir–birimiz bilan xayrlashdik. Biz kemaga chiqdik, ular ham uylariga qaytib ketdilar.

7 Biz Tir shahridan sayohatni davom ettirib, Ptolemay shahriga keldik. U erdagi imonlilarni ziyorat etib, bir kun yonlarida qoldik.

8 Ertasi kuni yo’lga chiqib, Qaysariyaga keldik. Xushxabarchi Filipning uyiga borib, unikida qoldik. Filip oziq–ovqat taqsimlash uchun saylangan etti kishidan biri edi.

9 Filipning turmushga chiqmagan to’rtta qizi bo’lib, ularga bashorat qilish in`omi berilgan edi.

10 U erda bir necha kun bo’lganimizdan keyin, Yahudiyadan Xagabus degan payg`ambar keldi.

11 U bizning oldimizga keldi va Pavlusning kamarini olib, o’zining oyoq–qo’llarini bog`ladi–da, shunday dedi:

— Muqaddas Ruh demoqda: mana bu kamarning egasini yahudiylar Quddusda xuddi shu singari bog`lab, uni g`ayriyahudiylar qo’liga topshiradilar.

12 Bu gapni eshitganimizdan keyin biz ham, u erdagi odamlar ham Pavlusga, Quddusga bormang, deb yalinib–yolvordik.

13 Shunda Pavlus quyidagicha javob berdi:

— Nima qilyapsizlar? Nimaga yig`lab, yuragimni siqyapsizlar? Men faqat oyoq–qo’llarimning bog`lanishiga emas, balki Rabbimiz Isoning nomi uchun Quddusga borib o’lishga ham tayyorman.

14 Biz Pavlusni ko’ndira olmaganimizdan keyin, “Rabbimiz istaganiday bo’lsin”, deb jim qoldik.

15 Bu erda ma`lum vaqt bo’lganimizdan keyin, tayyorgarligimizni ko’rib, Quddusga yo’l oldik.

16 Qaysariyadan Isoning ba`zi shogirdlari biz bilan birga bordilar. Ular bizni dastlabki imonlilardan bo’lgan Kiprlik Minasonning uyiga olib keldilar. Biz uning xonadonida qoldik.

17 Quddusga kelganimizda, imonlilar bizni xursandchilik bilan qabul qildilar.

18 Keyingi kuni Pavlus biz bilan birga Yoqubni ko’rgani bordi. Barcha jamoat oqsoqollari ham u erda yig`ilishgan edi.

19 Pavlus ular bilan salomlashgandan keyin, o’zining xizmati orqali g`ayriyahudiylar orasida Xudo qilgan ishlarni batafsil hikoya qilib berdi.

20 Ular bu gaplarni eshitib, Xudoga hamdu sano aytdilar. Keyin Pavlusga dedilar:

— Birodarimiz Pavlus, ko’rib turibsizki, yahudiylar orasida bir necha ming odam imonga kelgan. Ularning hammasi qonunga chin dildan o’zlarini bag`ishlaganlar.

21 Ularning eshitishicha, siz g`ayriyahudiylar orasida yashayotgan hamma yahudiylarga, Musoning qonunidan voz kechinglar, bolalaringizni sunnat qilmanglar, yahudiylarning urf–odatlariga rioya qilmanglar, deb ta`lim bergan ekansiz.

22 Endi nima bo’ladi? Sizning kelganingizni ular albatta eshitadilar.

23 Endi bizning aytganlarimizni qiling. Oramizda nazr atagan to’rtta odam bor.

24 Bu odamlar bilan birga Ma`badga borib, u erda poklanish marosimida ishtirok eting. Ular sochlarini oldirganlarida talab qilingan poklanish qurbonligining xarajatlarini ular uchun o’zingiz to’lang. Ana shunda, siz to’g`ringizda aytilgan gaplar haqiqat emasligini, siz esa Musoning qonuniga rioya qilgan holda yashayotganingizni hamma bilib oladi.

25 Imonli g`ayriyahudiylarga kelsak, bir qancha vaqt oldin biz ularga maktub jo’natib, quyidagi qarorimizni ma`lum qilgan edik: “Butlarga keltirilgan qurbonlik go’shtini va qoni chiqarilmagan hayvon go’shtini tanovul qilishdan hamda fahsh–zinodan o’zlaringizni tiyinglar.”

26 Ertasi kuni Pavlus o’sha odamlarni yoniga olib, ular bilan birga o’zini pokladi. So’ng Ma`badga kirib, poklanish kunlari qachon tugashini, har bir odam uchun qachon qurbonlik keltirilishini e`lon qildi.

Pavlus Ma`badda qamoqqa olinadi

27 Etti kunlik marosim oxirlab qolgan edi. Asiya viloyatidan kelgan yahudiylar Pavlusni Ma`badda ko’rib qoldilar. Ular olomonni qayrab, Pavlusni ushladilar.

28 — Ey Isroil xalqi! Yordam beringlar! — deb shovqin soldi ular. — Manavi odam hamma joyda bizning xalqimizga, qonunimizga, Ma`badga qarshi ta`lim berib yuradi. Buning ustiga, u g`ayriyahudiylarni Ma`badga olib kelib, bu muqaddas joyni bulg`adi!

29 Bunday deyishlariga sabab, bundan oldin ular Efeslik Trofimusni shaharda Pavlus bilan birga ko’rishgan bo’lib, “Pavlus o’sha g`ayriyahudiyni Ma`badga olib kirdi”, deb o’ylagan edilar.

30 Butun shahar oyoqqa turdi, xalq birgalashib harakatga keldi. Ular Pavlusni tutib, Ma`baddan sudrab chiqarib tashladilar. O`sha zahoti Ma`bad eshiklari yopildi.

31 Olomon endi Pavlusni o’ldirmoqchi bo’lib turgan edi, Rim lashkarining mingboshisiga: “Butun Quddus oyoqqa turdi” degan xabar etib keldi.

32 Mingboshi o’sha zahoti askarlari va yuzboshilarni olib, olomon tomonga yugurib ketdi. Olomon mingboshi bilan uning askarlarini ko’rgach, Pavlusni kaltaklashni bas qildilar.

33 Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, uni qamoqqa oldi va ikkita kishan bilan bog`lashni buyurdi. So’ngra u: “Bu odam kim? U nima qildi?” deb so’radi.

34 Olomon orasidan ba`zilari bir nimalar deb shovqin soldi, boshqasi yana nimalardir dedi. G`ala–g`ovur bo’lganidan mingboshi nima yuz berganini aniq bila olmadi. Shuning uchun u Pavlusni qal`aga olib borishni buyurdi.

35 Pavlus qal`aning zinapoyasiga kelganda, olomon shunchalik junbishga keldiki, askarlar Pavlusni ko’tarib ketishlariga to’g`ri keldi.

36 Olomon Pavlusning ortidan ergashib: “Unga o’lim!” deb shovqin solardi.

37 Askarlar Pavlusni qal`aga olib kirayotganlarida, u mingboshiga:

— Sizga bir narsani aytsam maylimi? — dedi.

— Yunoncha bilasanmi?! — deb hayron qoldi mingboshi.

38 Bir qancha vaqt oldin isyon boshlab, to’rt ming qurollangan kallakesarni sahroga olib chiqqan Misrlik mabodo sen emasmisan?

39 — Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarsus shahridanman, — dedi Pavlus. — O`sha muhim shaharning fuqarosiman. Iltimos, xalqqa gapirishimga ijozat bering.

40 Mingboshi Pavlusga ijozat bergach, u zinapoyada turib, odamlarga qo’li bilan: “Jim bo’linglar!” degan ishorani qildi. Odamlar tinchlangandan keyin, Pavlus ularga oramiy tilida gapira boshladi.

1 Pavlus olomonga shunday dedi: “Birodarlarim, otalar! Gapimga quloq solinglar, sizlarning oldingizda o’zimni oqlay.”

2 Odamlar uning oramiycha gapirayotganini eshitib, suv quyganday, jim bo’lib qoldilar. Pavlus gapida davom etdi:

3 “Men yahudiyman, Kilikiyadagi Tarsus shahrida tug`ilganman, ammo Quddusda ulg`aydim. Bu shaharda Gamaliyolning shogirdi bo’lib, ota–bobolarimizning qonuniga jiddiy e`tibor berib ta`lim oldim. Xuddi bugungiday sizlarga o’xshab, Xudoga o’zimni bag`ishladim.

4 Isoning yo’liga kirgan odamlarni o’lguday quvg`in qilardim, erkagu ayolni bog`lab, zindonga tashlardim.

5 Aytayotganlarim haqiqat ekanini oliy ruhoniy bilan butun Kengash tasdiqlay oladi. Ular Damashqdagi yahudiy birodarlarimizga xat yozib berdilar. Shunday qilib, men bu odamlarni kishanlab, Quddusga olib kelib jazolash uchun Damashqqa jo’nadim.

Pavlus o’zining imonga kelishi to’g`risida so’zlab beradi

6 Men yo’limda davom etib, Damashqqa yaqinlashib qolganimda, tush payti birdan osmondan yop–yorug` nur mening yon–atrofimni yoritib yubordi.

7 Men erga yiqildim. Shu payt: «Shoul! Shoul! Nega sen Meni quvg`in qilyapsan?» degan bir ovozni eshitdim.

8 «Yo Hazratim! Siz kimsiz?» deb so’radim. Shunda U menga: «Sen quvg`in qilayotgan Nosiralik Isoman», deb javob berdi.

9 Mening yonimdagilar nurni ko’rardilar–u, ammo men bilan gaplashayotganning ovozini eshitmasdilar.

10 Shunda men: «Yo Rabbim Iso, nima qilay?» deb so’radim. Rabbiy menga shunday dedi: «O`rningdan tur, Damashqqa bor. Nima qilishing kerakligini Xudo belgilab qo’ygan. Hamma narsa o’sha erda senga aytiladi.»

11 O`sha nurning yarqirashidan ko’zlarim ko’rmay qolgan edi. Shuning uchun hamrohlarim qo’llarimdan ushlab, meni Damashqqa olib ketdilar.

12 O`sha shaharda Xanoniyo degan bir taqvodor, qonunga itoat etadigan odam bor edi. U o’sha shahardagi hamma yahudiylar orasida katta obro’ga ega edi.

13 Xanoniyo oldimga kelib, yonimda turdi–da: «Birodarim Shoul! Ko’zlaring yana ochilsin!» dedi. O`sha zahoti ko’zlarim ochilib, Xanoniyoni ko’rdim.

14 Shunda u dedi: «Ota–bobolarimizning Xudosi seni tanladi. Toki sen Uning xohishini bilgin, Solih Zotni ko’rib, Uning ovozini eshitgin.

15 Sen ko’rib–eshitganlaring to’g`risida butun olamga Uning guvohi bo’lasan.

16 Endi nimani kutyapsan? O`rningdan tur, suvga cho’mgin. Rabbimizga iltijo qilib, gunohlaringni yuvgin.»

17 Men Quddusga qaytib kelganimdan keyin, Ma`badda ibodat qilayotganimda, menga bir vahiy keldi.

18 Men Rabbim Isoni ko’rdim, U shunday dedi: «Tez bo’l, Quddusdan zudlik bilan ket! Bu erdagi odamlar Men to’g`rimda bergan guvohligingni qabul qilmaydilar.»

19 Men esa: «Yo Rabbiy! — dedim. — Men sinagogalarga borib, Senga ishongan odamlarni qamab, kaltaklaganimni ular yaxshi biladilar.

20 Shohiding Stefan o’ldirilganda, men o’sha erda edim, uning o’ldirilishini ma`qullab, uni o’ldirayotganlarning kiyimlariga poyloqchilik qilib turgan edim.»

21 Rabbim Iso menga: «Ketaver, — dedi. — Seni uzoqdagi g`ayriyahudiylarning oldiga yuboraman.»”

22 Xalq Pavlusga quloq solib turdi. Ammo u shu gapini aytishi bilanoq, ular ovozi boricha, shovqin soldi:

— Yo’qotinglar uni! O`ldiringlar! U yashashga loyiq emas!

23 Ular baqir–chaqir qilib, kiyimlarini otib, havoni chang–to’zon qilib yubordilar.

24 Rim mingboshisi odamlariga:

— Pavlusni qal`aga olib kiringlar! — deb buyruq berdi. So’ngra u yana odamlariga:

— Uni qamchilanglar! Nima uchun odamlar unga qarshi baqir–chaqir qilganini bilinglar! — dedi.

25 Pavlusni qamchilash uchun bog`layotganlarida, Pavlus o’sha erda turgan yuzboshiga dedi:

— Rim fuqarosining biron aybi topilmagan bo’lsa ham, uni qamchilash sizlarning qonuningizda bormi?

26 Yuzboshi bu gapni eshitib, mingboshining oldiga bordi–da:

— Nima qilmoqchisiz? Axir, bu odam Rim fuqarosi ekan–ku! — dedi.

27 Mingboshi Pavlusning oldiga kelib, undan:

— Menga ayt–chi, sen Rim fuqarosimisan? — dedi.

— Ha, — deb javob berdi Pavlus.

28 Mingboshi:

— Men katta miqdorda pul to’lab, fuqarolikni olgan edim, — dedi.

— Men esa Rim fuqarosi bo’lib tug`ilganman, — dedi Pavlus.

29 Pavlusni so’roq qilmoqchi bo’lib turganlar o’sha zahoti undan qo’llarini tortdilar. Mingboshi Pavlusning Rim fuqarosi ekanini eshitib, uni kishanlagani uchun qo’rqib ketdi.

Pavlus Oliy kengash oldida

30 Yahudiylar Pavlusni nima uchun ayblayotganlarini mingboshi bilmoqchi bo’ldi. Ertasi kuni u Pavlusni ozod qildi va “bosh ruhoniylar bilan Oliy kengash a`zolari yig`ilsin”, deb buyurdi. Mingboshi Pavlusni ularning qoshiga olib keldi.

1 Pavlus Oliy kengash a`zolariga diqqat bilan qarab shunday dedi:

— Birodarlar! Shu kungacha men Xudo oldida toza vijdon bilan yashadim.

2 Oliy ruhoniy Xanoniyo Pavlusning yonida turganlarga: “Uning og`ziga uringlar!” deb buyurdi.

3 Pavlus unga dedi:

— Xudo albatta sizni uradi, ey oqlangan devor! Siz qonunga ko’ra, meni hukm qilgani o’tiribsiz–ku! Nega endi qonunni buzib, meni urishga amr beryapsiz?!

4 Pavlusga yaqin turgan odamlar:

— Sen hali Xudoning oliy ruhoniysini haqorat qilyapsanmi?! — dedilar.

5 — Birodarlar, men uning oliy ruhoniy ekanini bilmabman, — dedi Pavlus. — Muqaddas bitiklarda: “O`z xalqing yo’lboshchisi to’g`risida yomon gapirmagin”, deb aytilgan.

6 Pavlus bildiki, bu erdagilarning ba`zilari sadduqiylar, boshqalari farziylar ekan. U Oliy kengashga qarab da`vat qildi:

— Birodarlar! Men farziyman, farziyning o’g`liman. O`liklar tiriladi, deb umid qilganim uchun meni hukm qilyaptilar.

7 Pavlus shu gaplarni aytgach, farziylar va sadduqiylar bahslasha boshladilar, guruh ikkiga bo’lindi.

8 Sadduqiylar, tirilish ham, farishta ham, ruh ham yo’q, deb aytardilar, farziylar esa uchalasiga ham ishonardilar.

9 Shunda shovqin–suron avjiga chiqdi. Farziy mazhabidan bo’lgan ba`zi Tavrot tafsirchilari o’rinlaridan turib, qattiq e`tiroz bildirdilar:

— Biz bu odamda biron ayb topmadik. Ehtimol, ruh yoki farishta unga gapirgan bo’lishi mumkin.

10 Bahs shu darajada kuchayib ketdiki, mingboshi: “Pavlusni tilka–pora qilishmasaydi”, deb qo’rqib ketdi. Shundan keyin u askarlarga: “Pastga tushinglar, Pavlusni zudlik bilan olib chiqib, qal`aga olib kiringlar!” deb buyurdi.

11 O`sha kuni tunda Pavlusning oldiga Rabbimiz Iso kelib, shunday dedi: “Dadil bo’l! Sen Quddusda Men uchun guvohlik bergan eding, endi Rimda ham guvohlik berishing kerak.”

Pavlusga qarshi fitna

12 Ertalab bir necha yahudiylar yig`ilib, fitna qo’zg`adilar. Ular: “Pavlusni o’ldirmagunimizcha eb–ichmaymiz”, deya qasam ichdilar.

13 Qasam ichganlar qirq kishidan ortiq edi.

14 Shundan keyin ular bosh ruhoniylar bilan yo’lboshchilarning oldiga borib aytdilar:

— Biz, Pavlusni o’ldirmagunimizcha, eb–ichmaymiz, deb qat`iy qasam ichdik.

15 Endi sizlar va Oliy kengash a`zolari mingboshiga: “Pavlusni bizning huzurimizga olib kel, u to’g`rida ma`lumotlarni yaxshiroq tekshirib ko’rmoqchimiz”, deb buyuringlar. Pavlus huzuringizga etib kelmasdan oldin uni o’ldiramiz.

16 Pavlusning jiyani, ya`ni singlisining o’g`li bu fitna haqida eshitib qoldi. U qal`aga borib, Pavlusga bu to’g`rida aytib berdi.

17 Pavlus Rim yuzboshilaridan bittasini chaqirdi–da, shunday dedi:

— Manavi yigitni mingboshining oldiga olib bor. U mingboshiga bir narsa to’g`risida xabar bermoqchi.

18 Yuzboshi yigitni mingboshining oldiga olib borib, dedi:

— Mahbus Pavlus meni chaqirib, manavi yigitni sizning oldingizga olib kelishimni iltimos qildi. Uning sizga aytadigan gapi bor ekan.

19 Mingboshi yigitni qo’lidan ushlab bir chetga olib o’tdi–da, so’radi:

— Menga nima to’g`risida xabar bermoqchisan?

20 U shunday javob berdi:

— Yahudiylar sizdan: “Ertaga Pavlusni Oliy kengashga olib keling”, deb iltimos qilishga kelishib olishdi, go’yo Oliy kengash Pavlus to’g`risidagi ma`lumotlarni aniqroq qilib tekshirishar emish.

21 Ammo ularga quloq solmang! Qirqtadan ko’proq odam yashirinib, Pavlusni kutib yotibdi. Ular, Pavlusni o’ldirmagunimizcha, eb–ichmaymiz, deb qasamyod qilganlar. Ular hozir tayyor bo’lib, sizning qaroringizni kutyaptilar.

22 Mingboshi yigitga:

— Menga bergan xabaringni birontasiga ayta ko’rma! — dedi. So’ng unga ruxsat berdi.

Pavlus hokim Feliks huzurida

23 Mingboshi yuzboshilardan ikkitasini yoniga chaqirib, dedi:

— Oqshom soat to’qqizda Qaysariyaga ketish uchun ikki yuzta piyoda askarni, etmishta otliq askarni, ikki yuzta nayzabardorlarni tayyor qilib qo’yinglar.

24 Pavlusni ham otga mindirib olinglar. Uni hokim Feliks oldiga eson–omon olib boringlar.

25 Mingboshi quyidagi mazmunda maktub yozdi:

26 “Klavdiyus Lisiyasdan hokim Feliks janobi oliylariga salomlar!

27 Yahudiylar bu odamni ushlab, o’ldirmoqchi bo’ldilar. U Rim fuqarosi ekanini bilganimdan keyin, men askarlarim bilan birga borib, uni qutqarib qoldim.

28 Uning qanday aybi bor ekanligini bilmoqchi bo’lib, uni yahudiylarning Oliy kengashiga olib keldim.

29 Men shuni bildimki, u yahudiylarning qonuniga oid masalalarda ayblangan ekan. Ammo o’limga yoki zindonga tashlanishga loyiq biron ish qilmagan.

30 Bu odamga qarshi fitna uyushtirilayotganidan xabar topganimdan keyin, o’sha zahoti uni sizning huzuringizga yuborishga qaror qildim. Uning ayblovchilariga ham, da`volaringizni hokim Feliksga borib aytinglar, dedim.”

31 Shunday qilib, askarlar mingboshining ko’rsatmasiga muvofiq, Pavlusni olib, tun bo’yi yurib, Antipatris shahriga olib keldilar.

32 Ertasi kuni otliq askarlar Pavlus bilan birga yo’lda davom etdi, qolganlar esa qal`aga qaytib ketdilar.

33 Otliq askarlar Qaysariyaga etib kelganlaridan keyin, hokimga maktubni berdilar, Pavlusni ham hokimga ro’para qildilar.

34 Hokim maktubni o’qib bo’lib, Pavlusdan: “Sen qaysi viloyatdansan?” deb so’radi. Pavlusning Kilikiyadan ekanini bilgach,

35 hokim: “Ayblovchilar kelganlaridan keyin, seni eshitaman”, dedi. Shundan keyin hokim: “U Hirodning saroyida ushlab turilsin”, deb buyruq berdi.

Pavlusga qarshi dalillar

1 Besh kun o’tgach, oliy ruhoniy Xanoniyo bir necha yo’lboshchilar va Tertullus degan bir huquqshunos bilan birga Qaysariyaga keldi. Ular Pavlusga qarshi arzlarini hokimga bayon qilmoqchi bo’ldilar.

2 Pavlusni chaqirib keltirganlaridan keyin, Tertullus uni ayblay boshladi:

3 “Janobi oliylari! Sizning dono rahbarligingiz ostida biz anchadan buyon tinch–xotirjam yashayapmiz, uzoqni ko’ra bilishingiz sharofati bilan xalqimiz uchun islohotlar amalga oshirildi. Biz buni hamma joyda va har doim e`tirof etamiz, sizdan chuqur minnatdormiz.

4 Men sizning vaqtingizni ko’p olmoqchi emasman, marhamatingizni darig` tutmay, bizning qisqa axborotimizga quloq solishingizni iltimos qilaman.

5 Biz, aslida, bu odamni vabo singari xavfli deb bilamiz. U dunyodagi hamma yahudiylar orasida isyon boshladi. U nasroniylar mazhabining rahnamosidir.

6-7 U hatto Ma`badni bulg`ashga harakat qildi. Shuning uchun biz uni hibsga oldik.

8 Bu odamni o’zingiz so’roq qilsangiz, biz uni nimada ayblayotganimizni uning o’zidan bilib olasiz.”

9 Yahudiylar bu ayblovlarga qo’shilib, bularning hammasi haqiqat, deb aytdilar.

Pavlusning Feliks huzuridagi himoya nutqi

10 Hokim, gapir, deb Pavlusga ishora qilgandan keyin, u shunday javob berdi: “Bilaman, siz ancha yildan beri bu xalq ustidan hukmron bo’lib kelasiz. Shuning uchun o’zimni sizning huzuringizda himoya qilayotganimdan xursandman.

11 O`zingiz bilib olishingiz mumkin: Xudoga sajda qilgani Quddusga borganimga o’n ikki kundan oshgani yo’q.

12 Men Ma`badda biron odam bilan tortishib qolganimni yoki sinagogalarda, yo bo’lmasa shaharda olomon orasiga g`ulg`ula solganimni ular ko’rganlari yo’q.

13 Qolaversa, hozir menga qarshi aytayotgan ayblovlarini ular isbotlab bera olmaydilar.

14 Ammo shuni tan olishim kerakki, ular Isoning yo’lini soxta e`tiqod deb aytishadi. Men esa Isoning yo’li orqali ota–bobolarimizning Xudosiga sajda qilaman. Tavrotga mos kelgan va Payg`ambarlar bitiklarida yozilgan har bir so’zga men ishonaman.

15 Men mana shu odamlar singari, Xudoga umid bog`laganman. Xudo solihlarni va fosiqlarni tiriltirishiga men ham ularday ishonaman.

16 Ayni shu sababdan Xudo va xalq oldida men doim vijdonimni sof saqlashga tirishaman.

17 Mana, Quddusda bo’lmaganimga bir necha yil bo’ldi, endi xalqimga xayr–sadaqa berish va nazr qilish uchun Quddusga borgandim.

18 Men shularni bajarayotganimda, ular meni Ma`badda ko’rib qoldilar. Men poklanish marosimini ado etayotgan edim, yonimda olomon yo’q edi, shovqin–suron ham ko’tarmagan edim.

19 Asiya viloyatidan bo’lgan bir necha yahudiylar o’sha erda edilar. Agar ularning menga qarshi biron da`volari bo’lsa, ular o’zlari sizning huzuringizga kelib, o’z ayblovlarini bildirishlari kerak.

20 Yoki bu erdagilar aytishsin, men Oliy kengash a`zolari oldida turganimda menda qanday jinoyat topdilar ekan?

21 Men ularning oldida turganimda, baland ovozda: «Men o’liklar tiriladi, deb aytganim uchun bugun oldingizda hukm qilinyapman», deb aytgan edim. Bundan boshqa nima aybim bor?”

22 Isoning yo’li to’g`risida batafsil xabardor bo’lgan Feliks yig`ilishni to’xtatib: “Mingboshi Lisiyas kelgandan keyin, sening ishing to’g`risida qaror qabul qilaman”, dedi.

23 Feliks yuzboshiga: “Uni qamab qo’y, ammo unga ozgina erkinlik ber, uning ehtiyojlari uchun xizmat qilmoqchi bo’lgan do’stlariga ijozat ber”, deb buyruq berdi.

Pavlus Feliks va Drusilla huzurida

24 Bir necha kundan keyin Feliks xotini Drusilla bilan keldi. Drusilla yahudiy edi. Feliks Pavlusni chaqirtirib keldi va Iso Masihga ishonish to’g`risidagi gaplarini tingladi.

25 Pavlus solihlik, nafsni tiyish, qiyomat kunining kelishi to’g`risida gapirar ekan, Feliks qo’rqib, dedi: “Sen endi boraver. Imkon topilgan zahoti, seni chaqiraman.”

26 Feliks: “Pavlus menga pora beradi”, deb umid qilardi, shuning uchun Pavlusni tez–tez chaqirib, u bilan suhbatlashardi.

27 Oradan ikki yil o’tgach, Feliksning o’rniga Po’rkiyus Festus hokim bo’ldi. Feliks yahudiylarning ko’nglini olmoqchi bo’lib, Pavlusni qamoqda qoldirdi.

Pavlus hokim Festus huzurida

1 Festus Yahudiya viloyatiga hokim bo’lib kelgandan keyin uch kun o’tgach, Qaysariyadan Quddusga bordi.

2 U erda bosh ruhoniylar va yahudiy yo’lboshchilari Pavlusga qarshi dalillarni hokim Festusga bayon qildilar. Ular Festusdan:

3 “Pavlusni Quddusga chaqirtirsangiz”, deb iltimos qildilar. Aslida ular yo’lda Pavlusga suiqasd qilishni rejalashtirgan edilar.

4 Festus ularga shunday javob berdi:

— Pavlus Qaysariyada qamoqda, men hademay o’sha erga qaytib boraman.

5 Yo’lboshchilaringiz men bilan birga Qaysariyaga borsin. Agar Pavlus biron yomon ish qilgan bo’lsa, mayli, uni ayblasinlar.

6 Festus sakkiz–o’n kuncha ular bilan birga bo’lib, keyin Qaysariyaga qaytdi. Ertasi kuni u hukm kursisiga o’tirib: “Pavlus olib kelinsin!” deb buyurdi.

7 Pavlus kelgach, Quddusdan kelgan yahudiylar uni o’rab oldilar va unga qarshi jiddiy ayblovlarni qo’ya boshladilar. O`zlari esa bu ayblarni isbotlay olmasdilar.

8 Ammo Pavlus o’zini himoya qilib, shunday dedi:

— Men yahudiylar qonuniga yoki Ma`badga, yo Qaysarga qarshi biron noto’g`ri ish qilmadim.

9 Festus esa yahudiylarning ko’nglini olmoqchi bo’lib, Pavlusdan so’radi:

— Quddusga borib, o’sha erda mening oldimda senga qo’yilgan shu ayblar bo’yicha hukm qilinishni istaysanmi?

10 — Men Qaysarning mahkamasida turibman, men shu erda hukm qilinishim kerak, — dedi Pavlus. — Men yahudiylarga qarshi biron noto’g`ri ish qilmadim, buni o’zingiz ham yaxshi bilasiz.

11 Agar men qonunga xilof biron ish qilib, o’limga loyiq bo’lsam, o’limdan qutulish uchun harakat qilmayman. Agar bu odamlarning menga qarshi ayblovlari yolg`on bo’lsa, hech kim meni ularning qo’liga topshirishga haqli emas. U holda men Qaysarning hukmini talab qilaman.

12 Festus o’z maslahatchilari bilan kengashib olgach, Pavlusga:

— Sen Qaysarning hukmini talab qilding, endi Qaysarning oldiga borasan, — dedi.

Pavlus shoh Agrippa va Vernika huzurida

13 Bir necha kun o’tgandan keyin, shoh Agrippa bilan Vernika Qaysariyaga Festus huzuriga tashrif buyurdilar.

14 Ular bir necha kun shu erda turdilar. Pavlusning ahvolini Festus shohga tushuntirdi:

— Bu erda bir odam bor, Feliks uni qamoqda qoldirgan edi.

15 Quddusda bo’lganimda bosh ruhoniylar bilan yahudiy yo’lboshchilari o’sha odam to’g`risida menga axborot berdilar va “Uni o’limga mahkum qiling”, deb mendan iltimos qildilar.

16 Men ularga shunday deb aytdim: “Rim yo’l–yo’riqlari bo’yicha hech kim so’roq qilinmasdan jazolanish uchun ayblovchining qo’liga topshirilmaydi. Ayblanuvchiga ayblovchilar bilan yuzma–yuz uchrashib, o’zini himoya qilish imkoniyati beriladi.”

17 Bosh ruhoniylar va yo’lboshchilar bu erga kelganlarida, men vaqtni boy bermay, ertasi kuniyoq hukm kursisiga o’tirdim–da, Pavlusni olib kelinglar, deb buyurdim.

18 Lekin Pavlusning raqiblari uni men kutgan jinoyatlarda ayblamadilar.

19 Buning o’rniga ular o’zlarining dini to’g`risida, o’lib ketgan qandaydir Iso to’g`risida Pavlus bilan bahs qildilar. Pavlus, Iso tirikdir, deb tasdiqlayverdi.

20 Bu masalalarni qanday hal qilsam ekan, deb boshim qotib qoldi. Men Pavlusdan: “Quddusga borib, o’sha erda o’zingga qo’yilgan ayblar bo’yicha hukm qilinishni istaysanmi?” deb so’radim.

21 Ammo Pavlus, men imperator janobi oliylari qaror chiqarmaguncha qamoqda qolaman, dedi. Shuning uchun men: “Pavlusni Qaysarning huzuriga jo’natgunimcha, u qamoqda saqlansin”, deb buyruq berdim.

22 Agrippa Festusga:

— O`sha odamning gaplarini men o’zim eshitishni xohlayman, — dedi.

— Ertaga uning gaplarini eshitasiz, — deb javob berdi Festus.

23 Ertasi kuni Agrippa bilan Vernika dabdaba bilan kelib, mingboshilar, shaharning yuqori martabali odamlari bilan birga yig`in zaliga kirdilar. Festus: “Pavlus olib kelinsin!” deb buyruq berdi.

24 — Shoh Agrippa janoblari! Bu erda hozir bo’lganlar! — dedi Festus. — Manavi odamni ko’rib turibsizlar. Shu erdagi va Quddusdagi hamma yahudiylar bu odamga qarshidir. Ular menga shikoyat qilib: “Bu odam yashashga loyiq emas!” deb shovqin solmoqdalar.

25 Ammo mening nazarimda bu odam o’limga loyiq biron ish qilmagan. U imperator janobi oliylarining hukmini talab qilgani uchun, uni Rimga yuborishga qaror qildim.

26 Ammo u to’g`rida imperator janobi oliylariga yozishim uchun aniq bir narsa yo’q. Shuning uchun men bu odamni sizlarning huzuringizga, xususan, shohimiz Agrippa janobi oliylari, sizning huzuringizga olib keldim. Bu masalani ko’rib chiqqanimizdan keyingina, men biron narsa yozishim mumkin.

27 Mahbusga qarshi ayblovlarni aniq ko’rsatmay turib, uni imperatorga yuborish men tomondan aqlsizlik bo’lar edi.

Pavlus shoh Agrippa oldida o’zini oqlaydi

1 Agrippa Pavlusga:

— O`zingni himoya qilib gapirishing mumkin, — dedi. Shundan keyin Pavlus qo’lini cho’zib, o’zini himoya qilib gapira boshladi:

2 “Shoh Agrippa janobi oliylari! Bugun mana bu yahudiylar menga qo’yayotgan ayblardan o’zimni sizning huzuringizda himoya qilayotganim uchun baxtiyorman.

3 Axir, yahudiylarning odatlari va bahslarini siz juda yaxshi bilasiz. Sizdan iltimos, marhamat qilib mening gapimni eshitsangiz.

4 Yoshligimdan bosib o’tgan hayot yo’limni — Quddusda, o’z xalqim orasida kechirgan hayotimni hamma yahudiylar biladilar.

5 Agar ular guvohlik berishni istasalar, dinimizning eng ashaddiy mazhabi farziylarga mansub bo’lganimni ular azaldan biladilar.

6 Endi esa, Xudoning ota–bobolarimizga bergan va`dasiga umid qilganim uchun hukm qilinyapman.

7 Vaholanki, xalqimizning o’n ikki qabilasi kechayu kunduz Xudoga chin dildan sajda qilib, shu va`da bajo bo’lishiga umid qilyaptilar. Janobi oliylari, men ham aynan shunday umid qilganim uchun yahudiylar meni ayblayaptilar.

8 Ey shu erda turganlar! Nima uchun Xudo o’liklarni tiriltirishiga ishonib bo’lmaydi, deb o’ylaysizlar?

9 Men o’zimcha, Nosiralik Isoning nomiga qarshi har narsani qilishim kerak, deb o’ylagandim.

10 Men buni Quddusda qildim ham. Bosh ruhoniylardan vakolat olib, Xudoning azizlaridan ko’pchiligini qamoqqa tashladim. Ular o’limga hukm qilinganlarida, men buni ma`qullab turardim.

11 Men tez–tez bir sinagogadan ikkinchisiga borib, ularni jazolardim, imonlaridan qaytarishga harakat qilardim. Men ularga nisbatan shunchalik shafqatsiz edimki, hatto begona shaharlarda ham ularni quvg`in qilgani borardim.

12 Bir kuni shu maqsadda bosh ruhoniylardan vakolat olib, Damashqqa bir topshiriq bilan ketayotgan edim.

13 Janobi oliylari! Men kuppa–kunduzi yo’lda ketayotganimda, birdan osmonda quyoshdan ham yorug` nurni ko’rdim. Nur sheriklarim bilan mening yon–atrofimni yoritib yubordi.

14 Hammamiz erga yiqildik. Shunda oramiy tilida menga gapirayotgan bir ovozni eshitdim:

— Shoul! Shoul! Nimaga Meni quvg`in qilyapsan? Ho’kiz o’z egasining tayog`ini tepib, o’ziga zarar keltirganday, sen ham Menga qarshi chiqib, o’zingga zarar keltiryapsan.

15 — Hazratim! Siz kimsiz? — deb so’radim men.

— Sen quvg`in qilayotgan Isoman, — deb javob berdi Rabbiy.

16 — Endi o’rningdan tur, Shoul. Seni O`z xizmatkorim qilib tayinlash maqsadida senga zohir bo’ldim. Sen Meni ko’rganingni boshqalarga aytasan, senga ko’rsatadiganlarim to’g`risida guvohlik berasan.

17 Men seni o’z xalqing qo’lidan qutqaraman. Seni g`ayriyahudiylar orasiga yuborib, ularning qo’lidan ham xalos etaman.

18 Sen g`ayriyahudiylarning ko’zlarini ochasan, ularni zulmatdan yorug`likka, shaytonning hukmronligidan Xudoning hukmronligiga qaytarasan. Menga imon keltirish orqali ularning gunohlari kechirilib, ular Xudoning tanlangan xalqi orasidan joy oladilar.

19 Shunday qilib, shoh Agrippa janoblari, samodan menga kelgan vahiyga itoatsizlik qilmadim.

20 Avvalo, Damashqda va Quddusda, keyin butun Yahudiyada, shuningdek, g`ayriyahudiylar orasida: «Gunohlaringiz uchun tavba qilinglar, Xudoga yuz buringlar, tavba qilganingizni ko’rsatadigan ishlar qilinglar», deb va`z qildim.

21 Shu sababdan yahudiylar meni Ma`badda tutib olib, o’ldirmoqchi bo’ldilar.

22 Ammo shu kungacha Xudo menga madad berdi. Men hammaga — kattayu kichikka birday guvohlik berib keldim. Men ularga faqat payg`ambarlarning va Musoning aytganlarini gapirgan edim.

23 Masih O`z xalqiga va g`ayriyahudiylarga nur olib kelish uchun azob chekishi va birinchi bo’lib o’likdan tirilishi kerak, deb aytdim, xolos.”

24 Pavlus shu tariqa o’zini himoya qilar ekan, Festus unga baqirib dedi:

— Sen telba bo’lib qolibsan, Pavlus! Ko’p bilganing seni aqldan ozdiryapti!

25 Pavlus esa shunday dedi:

— Men aqldan ozganim yo’q, Festus janobi oliylari! Men jiddiy haqiqatni gapiryapman.

26 Shoh bu narsalar to’g`risida bilgani uchun, men unga bemalol gapirmoqdaman. Bu narsalarning har biri uning e`tiboridan chetda qolmaganiga imonim komil. Chunki bular yashirin qilingan emas.

27 Shoh Agrippa janoblari! Siz payg`ambarlarning bashoratlariga ishonasizmi? Bilaman, ishonasiz.

28 Agrippa Pavlusga:

— Sen darrov meni masihiy bo’lishga ko’ndirmoqchisan–a, — dedi.

29 Pavlus shunday javob berdi:

— Darrov bo’ladimi yoki uzoq vaqtdan keyin bo’ladimi, nafaqat siz, balki mening gaplarimni eshitayotganlarning hammasi men singari bo’lsin deb, Xudoga ibodat qilaman. Ammo mana bu kishanlarni sizlarga ravo ko’rmayman.

30 Shundan keyin shoh Agrippa, hokim Festus, Vernika va boshqalar o’rinlaridan turdilar.

31 Ular ketayotib, bir–birlariga: “Bu odam o’limga yoki zindonga tashlanishga loyiq biron ish qilmagan”, deb aytdilar.

32 Agrippa Festusga:

— Agar bu odam Qaysarning hukmini talab qilmaganda edi, uni ozod qilish mumkin edi, — dedi.

Pavlusning dengiz orqali Rimga safari

1 Bizni dengiz orqali Italiyaga jo’natishga qaror qildilar. Shundan keyin ular Pavlusni va boshqa ba`zi mahbuslarni Imperiya qo’shinidagi Yuliyus degan Rim yuzboshisiga topshirdilar.

2 Hammamiz Adramittion shahridan kelgan kemaga o’tirdik. Kema Asiya viloyatining bandargohlariga endi jo’namoqchi bo’lib turgan ekan. Biz yo’lga tushdik. Salonikadan kelgan Makedoniyalik Aristarxus degan odam bizga hamroh bo’ldi.

3 Ertasi kuni biz Sidon shahriga etib keldik. Yuliyus Pavlusga yaxshi munosabatda bo’ldi, shuning uchun do’stlari oldiga borishga va kerakli narsalarni olishga ijozat berdi.

4 Biz u erdan jo’nab ketdik. Shamol bizga qarshi tomondan esayotgani uchun Kipr orolini panalab suzib o’tdik.

5 So’ng Kilikiya va Pamfiliya viloyatlarining janub tomonidan suzib, Likiya viloyatidagi Mura shahriga keldik.

6 Yuzboshi u erda Iskandariyadan Italiyaga suzib ketadigan kemani topdi va bizni unga o’tqazdi.

7 Biz bir necha kun sekin suzib, nihoyat qiyinchiliklar bilan Knidus shahriga etib keldik. Shamol bizga qarshi esayotgani uchun Salmona yarim orolining yonidan o’tib, Krit orolini panalab suza boshladik.

8 Orolning qirg`og`i bo’ylab mashaqqatlar bilan Go’zal bandargohlar degan joyga etib keldik. Bu joy Laseya shahri yaqinida joylashgan.

9 Biz ancha vaqt o’sha erda qoldik. Hatto Poklanish kuni ham o’tdi, suzish xavfli bo’lib qoldi. Pavlus kemachilarga maslahat berdi:

10 — Do’stlar! Ko’rib turibman, bu erdan suzib ketadigan bo’lsak, nafaqat yukimiz va kemamiz, balki jonimiz ham xavf ostida qoladi, og`ir halokatga uchraymiz.

11 Lekin yuzboshi Pavlusning maslahatiga quloq solmay, kema darg`asi va kema egasining gapiga kirdi.

12 Qishni o’tkazish uchun bandargoh yaxshi sharoitga ega emas edi. Shuning uchun deyarli hamma u erdan dengizga chiqishga, qanday qilib bo’lsa ham Finiksga etib olib, qishni o’sha erda o’tkazishga rozi edi. Finiks Krit orolidagi bandargoh bo’lib, qattiq qish shamollaridan panada edi.

Dengizdagi bo’ron

13 Janubdan mayin shabada esa boshlaganda, ular: “Niyatimiz amalga oshadigan bo’ldi”, deb o’yladilar. Shuning uchun ular langarni ko’tarib, Krit oroli bo’ylab, qirg`oqqa yaqin suza boshladilar.

14 Ammo ko’p o’tmay orol tomondan nihoyatda kuchli bo’ron ko’tarildi. Bu “Shimoli–sharq” bo’roni deb aytilardi.

15 Bo’ron kemaga shunday urildiki, natijada kema shamolga qarshi suzolmay qoldi. Shundan keyin o’zimizni to’lqinlarga topshirib, shamol yo’nalishi bo’ylab suzib ketdik.

16 Biz Kavda degan orolchani panalab o’tdik. Kemaning qayiqchasini zo’rg`a ushlab qoldik.

17 Dengizchilar qayiqni yuqoriga ko’tarib oldilar. Keyin esa kema parchalanib ketmasin deb, uni ostidan arqonlar bilan mahkam bog`ladilar. Ular: “Surtis atroflarida qumga o’tirib qolmasak edi”, deb qo’rqib, tezlikni kamaytiradigan langarni tushirdilar va kemani shamol yo’nalishiga qo’yib berdilar.

18 Quturgan bo’ron davom etardi. Ertasi kuni ular kemadan yuklarni uloqtira boshladilar.

19 Uchinchi kuni esa o’z qo’llari bilan kemaning asbob–uskunalarini dengizga otdilar.

20 Bir necha kun biz na quyoshni, na yulduzlarni ko’rdik. Bo’ron quturgani sari, qutulishimizga bo’lgan umid so’nib borardi.

21 Hech kim uzoq vaqt biron narsa tanovul qilmadi. Shunda Pavlus ularning o’rtasiga chiqib, shunday dedi:

— Do’stlar! Agar mening gaplarimga quloq solib, Kiprdan ketmaganlaringizda edi, biz mana shu zararga va og`ir halokatlarga duchor bo’lmasdik.

22 Endi sizlarga maslahatim shu: dadil bo’linglar! Oramizdan hech kim nobud bo’lmaydi, faqat kemadan mahrum bo’lamiz, xolos.

23 Men mansub bo’lgan va men sajda qiladigan Xudoyim o’tgan kuni oldimga O`z farishtasini yubordi.

24 Farishta menga shunday dedi: “Qo’rqma, Pavlus, sen Qaysar huzurida bo’lishing kerak. Sen bilan birga kemada suzib ketayotganlarga Xudo hayot bag`ishladi.”

25 Shuning uchun, do’stlar, dadil bo’linglar, chunki Xudoga ishonaman: hammasi menga aytilganiday bo’ladi.

26 Biz biron orolga albatta tushamiz.

27 O`n to’rtinchi kuni kechasi biz O`rta er dengizida shamol yo’nalishi bo’ylab suzayotgan edik. Taxminan tun yarmida dengizchilar quruqlikka yaqinlashib qolganimizni payqab qoldilar.

28 Ular chuqurlikni o’lchagan edilar, 20 quloch chiqdi. Bir oz nariroqni o’lchagan edilar, 15 quloch chiqdi.

29 Ular: “Kema qoyalarga borib uriladi”, deb qo’rqib ketganlari uchun kemaning ortidan to’rtta langarni tushirdilar va tezroq tong otsin, deb Xudoga astoydil iltijo qildilar.

30 Shu orada dengizchilarning ba`zilari kemadan qochib chiqishga urindilar. Ular qayiqni suvga tushirib, o’zlarini xuddi kemaning old tomonidan langar tushirmoqchi bo’lganday ko’rsatdilar.

31 Pavlus yuzboshi bilan askarlarga shunday dedi:

— Bu odamlar kemada qolmas ekanlar, bilib qo’yinglar, sizlar ham o’zlaringizni qutqara olmaysizlar.

32 Askarlar qayiq bog`langan arqonni kesdilar va qayiqni suvga tushirib yubordilar.

33 Tong otishi bilan, Pavlus ulardan tamaddi qilib olishlarini iltimos qildi:

— Bugun o’n to’rt kundirki, sizlar xavotirlikda bo’lib, hech narsa emadingizlar.

34 Yolvoraman: bir oz tamaddi qilib olinglar, bu tirik qolishingiz uchun kerak. Boshingizdan biron tola soch ham tushmaydi.

35 Pavlus shu so’zlarni aytib bo’lgach, nonni oldi va hammaning ko’z o’ngida Xudoga shukrona aytdi. So’ngra nonni sindirib, eya boshladi.

36 Boshqalar ham dadillanib, ovqatlana boshladilar.

37 Kemada jami 276 kishi bor edi.

38 Ular to’yib olgach, bug`doyning hammasini dengizga tashlab, kemani engillashtirdilar.

Kema halokatga uchraydi

39 Tong otganda, dengizchilar qirg`oqni taniy olmadilar. Ammo qirg`oqdagi qumli qo’ltiqni payqadilar. Agar imkoni bo’lsa, kemani o’sha erda qirg`oqqa to’xtatamiz, deb qaror qildilar.

40 So’ng langarlarni kesib, dengizga tushirib yubordilar. Ayni paytda eshkaklarni mahkam bog`lab turgan arqonlarni echdilar. Shundan keyin oldingi elkanni shamolga qaratib, qirg`oqqa suzib ketdilar.

41 Lekin kema sayoz joyga urilib, qumga o’tirib qoldi. Oqibatda kemaning old qismi qumga tiqilib, qimirlamay qoldi. Kemaning orqa qismi esa to’lqinlar shiddatidan parcha–parcha bo’lib ketdi.

42 Shunda askarlar: “Mahbuslar suzib, qutulib ketmasin”, deya ularni o’ldirmoqchi bo’ldilar.

43 Ammo yuzboshi Pavlusni qutqarmoqchi bo’lib, askarlarni bu niyatlaridan qaytardi. Ularga shunday buyruq berdi: “Suzishni biladiganlar birinchi bo’lib kemadan sakrasin va qirg`oqqa suzib borsin,

44 qolganlar esa taxtalarni yoki kemaning biron siniq bo’lagini olib, ularning ortidan ergashsinlar.” Shu yo’sin hammalari eson–omon qirg`oqqa etib oldilar.

Mal`ta orolida

1 Biz qirg`oqqa eson–omon etib borganimizdan keyin, bildikki, bu orolning nomi Mal`ta ekan.

2 Erli aholi bizga g`oyat do’stona munosabatda bo’ldi. Yomg`ir yog`ayotgani va sovuq bo’lgani uchun ular olov yoqib, hammamizni olov atrofiga taklif qildilar.

3 Pavlus shox–shabba yig`ib kelib, olov ustiga tashlayotganda, bir zaharli ilon issiqdan qochib, uning qo’liga osilib qoldi.

4 Erli aholi Pavlusning qo’liga osilib qolgan ilonni ko’rib bir–birlariga: “Bu odam qotil bo’lsa kerak, u dengizdan qutulsa ham, Qasos xudosi unga yashashga imkon bermadi”, dedilar.

5 Ammo Pavlus ilonni olov ichiga silkitib otdi, o’zi esa hech qanday zarar ko’rmadi.

6 Aholi, hozir bu odam shishib ketadi yoki birdan yiqilib o’ladi, deb kutardi. Ular uzoq kutdilar, lekin g`ayritabiiy ravishda unga hech narsa bo’lmaganini ko’rdilar. Endi odamlar fikrlarini o’zgartirib: “U xudo ekan”, deb ayta boshladilar.

7 O`sha joyning yaqinida bir dala bor edi, bu dala orol boshlig`i Publiyusga tegishli ekan. Publiyus bizni uyiga olib ketib, uch kun mehmon qildi.

8 Uning otasi ichburug`dan isitmalab, to’shakda yotardi. Pavlus uning xonasiga borib, ibodat qildi, unga qo’lini qo’yib, shifo berdi.

9 Shu voqea yuz bergandan keyin, oroldagi hamma xasta odamlar Pavlusning oldiga kelib, shifo topdilar.

10 Ular bizga ko’p izzat–hurmat ko’rsatdilar. Jo’nab ketayotganimizda esa safarimiz uchun zarur oziq–ovqatlarni kemaga joylashtirdilar.

Mal`tadan Rimga

11 Uch oydan keyin Iskandariyadan kelgan kema bilan dengizga chiqdik. Kema “Egizak xudolar” deb atalardi. U orolda qishlab qolgan edi.

12 Biz Surakuz shahriga borib, u erda uch kun turdik.

13 U erdan suzib ketib, Regiumga keldik. Ertasi kuni janubdan shamol esa boshladi. Ikkinchi kun Puteol shahriga etib keldik.

14 U erda bir necha imonlilar bilan uchrashdik. Ular: “Biz bilan qolinglar”, deb iltimos qildilar.

Bir haftadan keyin biz Rimga ketdik.

15 Rimdagi imonlilar biz to’g`rimizda eshitib, bizni kutib olgani yo’lga chiqishdi. Ba`zilari bilan Appiyus bozorida ko’rishdik, boshqa birlari bilan esa Uch mehmonxona degan joyda uchrashdik. Pavlus ularni ko’rib, Xudoga shukur aytdi va yanada dadillashdi.

16 Biz Rimga kelganimizdan keyin, Pavlusga bir askar kuzatuvida yolg`iz yashashga ruxsat berildi.

Pavlusning Rimdagi faoliyati

17 Pavlus uch kundan keyin mahalliy yahudiylarning yo’lboshchilarini chaqirdi. Ular yig`ilishgach, Pavlus dedi:

— Birodarlar! Men xalqimizga yoki ota–bobolarimiz odatlariga qarshi biron narsa qilmagan bo’lsam ham, meni Quddusda qamab, Rim amaldorlarining qo’liga topshirishdi.

18 Ular meni tekshirib ko’rganlaridan keyin, meni ozod qilmoqchi bo’ldilar, chunki o’limga loyiq biron ish qilmagan edim.

19 Ammo yahudiylar qarshilik qilganlaridan keyin, men Qaysarning hukmini talab qilishga majbur bo’ldim. Men bu bilan o’z xalqimni ayblamoqchi emasman.

20 Shu sababdan men sizlar bilan ko’rishib, suhbatlashishni istadim. Aslini olganda, men Isroilning umidi uchun zanjirband qilinganman.

21 Ular Pavlusga dedilar:

— Siz to’g`ringizda Yahudiyadan bironta xat olmadik, bu erga tashrif buyurgan birodarlarimizdan birontasi ham siz to’g`ringizda biron xabar yoki hech qanday yomon gap aytmadi.

22 Ammo fikringizni o’zingizdan eshitishni istardik, chunki bu mazhabga nisbatan har erda qarshi gapirib yurganlarini biz bilamiz.

23 Ular Pavlus bilan bir kunni kelishib oldilar. O`sha kuni ular Pavlus turgan joyga bir talay odamni boshlab keldilar. Pavlus ertalabdan kechgacha ularga Xudoning Shohligi to’g`risida tushuntirdi. Shuningdek, Musoning Tavrot kitobidan va Payg`ambarlar bitiklaridan Iso to’g`risida ishonchli dalillar keltirdi.

24 Ulardan ba`zilari Pavlusning aytganlariga ishondilar, boshqalari esa umuman ishonmadilar.

25 Shunday qilib, ular o’zaro bahslashdilar. Ular ketmoqchi bo’lib turganlarida Pavlus shunday dedi: “Muqaddas Ruh Ishayo payg`ambar orqali ota–bobolaringizga ushbu gapni to’g`ri aytgan ekan:

26 «Bor, mana shu xalqqa ayt:

‘Sizlar tinglab turasiz–u, lekin hech tushunmaysiz,

Qarab turasiz–u, ammo hech anglab etmaysiz.’

27 Zero, bu xalqning aqli o’tmas bo’lib qoldi,

Quloqlari garang bo’ldi,

Ko’zlarini yumib olishdi.

Aks holda, ko’zlari ko’rgan bo’lardi,

Aks holda, quloqlari eshitgan bo’lardi,

Aqllari anglagan bo’lardi,

Yana Menga qaytgan bo’lishardi,

Men ularga shifo bergan bo’lardim.»

28-29 Sizlarga shu ma`lum bo’lsinki, Xudoning najoti g`ayriyahudiylarga yuborilgan. Ular quloq soladilar.”

30 Pavlus ijaraga olgan uyida ikki yil yashadi va uni ko’rgani kelgan hammani qabul qildi.

31 U jasorat bilan Xudoning Shohligi haqida va`z aytib, Rabbimiz Iso Masih to’g`risida ta`lim berdi. Hech kim unga buni taqiqlashga urinmadi.