3 Yuhanno

3 Yuhanno

Duoyi salom

1 Chin ko’ngildan yaxshi ko’radigan aziz birodarim Gayusga men — oqsoqoldan salom!

2 Aziz do’stim, hamma ishlaringga Xudodan rivoj tilayman. Tanang, ruhing singari, sog`–salomat bo’lsin.

Gayusning maqtovga loyiq mehmondo’stligi

3 Har safar birodarlarimiz kelib, sening haqiqatga sodiq qolganingni va haqiqat bo’yicha yashayotganingni aytishganda, men g`oyat xursand bo’laman.

4 Men uchun farzandlarimning haqiqat bo’yicha yashayotganlarini eshitishdan kattaroq xursandchilik yo’q.

5 Aziz do’stim, sen birodarlarimizga, hatto o’zing tanimaganlarga ham, doim sadoqat bilan yordam berib kelyapsan.

6 Ular sening mehribonliging to’g`risida imonlilar jamoatiga aytib yurishibdi. Bu ishingni davom ettiraver, Xudoga munosib tarzda safardagi birodarlarga yordam ber.

7 Axir, ular Masih nomi uchun yo’lga chiqqanlar. Imonsizlardan hech qanday yordam olmaslikka qaror qilganlar.

8 Biz bunday odamlarni qo’llab–quvvatlashimiz kerak, shunda haqiqatni e`lon qilishda ularga hamkor bo’lamiz.

Diotrefes va Demitrus

9 Men imonlilar jamoatiga bir maktub yozgan edim. Ammo ularning oralarida o’zini katta tutayotgan Diotrefes gaplarimizga e`tibor bermayapti.

10 Agar borsam, uning qilmishlarini fosh etaman. U biz haqimizda yomon gaplar tarqatib, tuhmat qilib yuribdi. Bu bilan ham kifoyalanmay, birodarlarni qabul qilmayapti, qabul qilmoqchi bo’lganlarga to’sqinlik qilib, ularni hatto jamoatdan quvib chiqaryapti.

11 Aziz birodarim, sen yomonlikka emas, yaxshilikka taqlid qil. Yaxshilik qiluvchi odam Xudodandir. Yomonlik qiluvchi esa Xudoni ko’rmagan.

12 Demitrus haqida esa hamma yaxshi gapirmoqda, uning hayotida va ta`limotida aks etgan haqiqatning o’zi ham u tomondadir. Biz ham u haqda yaxshi fikrdamiz, gapimiz to’g`ri ekanligini o’zing bilasan.

Xayrlashuv

13 Senga aytadigan gapim ko’p, ammo ularni siyoh bilan qog`ozga yozishni istamadim.

14 Undan ko’ra, yaqin orada o’zing bilan yuzma–yuz ko’rishib gaplashaman degan umiddaman.

15 Tinch–omon bo’lgin. Do’stlarimiz senga salom yo’llayaptilar. U erdagi do’stlarimga ham nomma–nom salom aytib qo’y.