Rut

Rut

Elimalek oilasi bilan Baytlahmdan Mo’abga ko’chadi

1 Isroilda hakamlar hukmronligi davrida bir muddat ocharchilik bo’lgan edi. Bir odam xotini va ikki o’g`li bilan birga birmuncha vaqt yashash niyatida Mo’ab yurtiga jo’nadi. U Yahudoning Baytlahm shahridan edi.

2 U odamning nomi Elimalek, xotinining oti Naima, o’g`illarining ismlari esa Maxlo’n va Xilyon edi. Bu oila Yahudoning Baytlahm shahridan — Efratlik edi. Ular Mo’ab yurtiga borib, o’sha erda yashab qoldi.

3 Ular o’sha erda yashayotganlarida, Elimalekning ajali etdi. Naima ikki o’g`li bilan qoldi.

4 Uning o’g`illari Mo’ablik qizlarga uylandilar. Qizlardan birining ismi O`rpa, ikkinchisiniki Rut edi. Ular o’sha erda o’n yilcha yashashgandan keyin

5 Maxlo’n va Xilyon ikkalasi ham vafot etishdi. Naima ham eridan, ham farzandlaridan ayrilib, yolg`iz qoldi.

Naima va Rut Baytlahmga qaytishadi

6-7 “Egamiz O`z xalqiga e`tibor berib, ularga non berdi” degan xabarni eshitgach, Naima o’z yurtiga qaytishga qaror qildi. Naima yashab kelgan Mo’ab yurtini tashlab, kelinlari bilan birga yo’lga tushdi va Yahudoga qarab yurishdi.

8 Yo’lda davom etisharkan, Naima ikkala keliniga dedi:

— Boringlar, ikkovingiz ham onalaringizning uylariga qaytinglar. Menga va marhumlarga bo’lgan izzat–hurmatingiz uchun Egam sizlarga ham marhamat qilsin.

9 Ikkovlaringizga ham yaxshi joylardan ato qilsin, turmush qurib, o’z erlaringiz bilan baxtli bo’linglar!

Shunday deb Naima kelinlarini o’pdi, ikkalasi esa yig`lab faryod ko’tarishdi:

10 — Yo’q, biz siz bilan ketamiz, sizning xalqingiz orasida yashaymiz, — deyishdi.

11 Naima esa yana kelinlariga:

— Qaytinglar, jon qizlarim! — dedi. — Men bilan ketganingizdan nima foyda?! Qornimda yana o’g`illarim bormidiki, sizlarga umr yo’ldoshi bo’lsa?!

12 Bo’ldi endi, qizlarim, qaytinglar! Men endi keksaydim, erga tegishga ojizman. Bordi–yu, men, hali umid qilsam bo’ladi, deb shu kecha erim bilan qovushsam–u, o’g`illar tug`sam,

13 ular ulg`ayguncha sizlar kutib turarmidingiz?! Orqaga cho’zib, turmushga chiqmay yurarmidingizlar?! Yo’q, qizlarim. Sizlarni o’ylab juda qayg`uryapman. Axir, Egam shuncha ko’rgilikni boshimga soldi–ku.

14 Ular yana yig`lab, dod–voy ko’tarishdi. Nihoyat, O`rpa qaynanasi bilan o’pishib xayrlashib, orqaga qaytib ketdi. Rut esa Naimaga yopishib oldi.

15 Naima Rutga:

— Mana, ovsining o’z xalqi orasiga, o’z xudolariga sig`inadigan yurtga qaytib ketdi. Sen ham uning orqasidan borgin, — dedi.

16 — Sizdan ajralishga, qaytib ketishga meni majbur qilmang, — dedi Rut. — Siz qaerga borsangiz, men ham o’sha erga boraman, siz qaerda bo’lsangiz, men ham o’sha erda bo’laman. Sizning xalqingizni o’zimning xalqim, sizning Xudoyingizni o’zimning Xudoyim deyman.

17 Siz qaerda olamdan o’tsangiz, men ham o’sha erda jon berib, dafn qilinaman. Egam meni ne ko’yga solsa solsin, hatto undan battarrog`ini qilsin. Meni sizdan faqat o’lim ajrata oladi.

18 Naima amin bo’ldiki, kelini u bilan ketishga qat`iy ahd qilibdi. Shundan so’ng uni ko’ndirishga qayta urinmadi.

19 Ikkovlari yo’l yurib Baytlahmga etib kelishdi. Baytlahmga etib kelganlarida, ularni ko’rib butun shahar g`imirlab qoldi. Ayollar bir–biriga: “Iyi, nahotki bu o’sha Naima bo’lsa?!” deb hayron qolishdi.

20 Naima ularga dedi:

— Endi meni Naima emas, Musibat denglar. Chunki Qodir Xudo boshimga cheksiz qayg`u–kulfat soldi.

21 Men bu erdan to’kis bo’lib chiqib ketgan edim, Egam esa qup–quruq qaytardi. Endi nega meni Naima deysizlar?! Axir, Egam — Qodir Xudo meni azob–uqubatlarga giriftor qilib, baxtsiz qildi–ku!

22 Shunday qilib, Naima Mo’ablik kelini Rut bilan birga Mo’ab yurtidan qaytib keldi. Ular Baytlahmga kelgan paytda arpa o’rimi boshlangan edi.

Rutning Bo’az bilan uchrashuvi

1 Naimaning Bo’az degan qarindoshi bo’lib, anchagina obro’li, badavlat odam edi. U Naimaning marhum eri Elimalek urug`idan edi.

2 Bir kuni Mo’ablik Rut Naimaga:

— Men dalaga bormoqchi edim. Kim iltifot ko’rsatsa, o’sha daladan boshoq terib kelardim, — dedi.

— Mayli, boraver, qizim, — dedi Naima.

3 Rut ketdi. Dalaga etib kelib, o’roqchilarning orqasidan to’kilgan boshoqlarni tera boshladi. Qarangki, bu dala Elimalekning qarindoshi Bo’azniki ekan.

4 Bir payt Baytlahmdan Bo’az kelib qoldi. U o’roqchilarga:

— Hormanglar, Xudo sizlarga yor bo’lsin! — dedi. Ular ham:

— Bor bo’ling, Xudo umringizga baraka bersin! — deb javob qaytarishdi.

5 Bo’az o’roqchilar nazoratchisiga Rutni ko’rsatib:

— Bu juvon kim? — deb so’radi.

6 O`roqchilar nazoratchisi:

— Bu o’sha Mo’ablik musofir, — dedi, — Naima bilan birga Mo’ab yurtidan kelgan.

7 U: “Men o’roqchilar orqasidan yurib, to’kilgan boshoqlarni terib olsam”, deb so’ragan edi. Tong saharda kelib shu choqqacha tinmay dalada ishladi. Hozirgina chaylada bir oz dam olgani o’tirdi.

8 Bo’az Rutga:

— Menga qara, qizim, — dedi, — boshoq terish uchun boshqa dalaga bormay qo’ya qol. Shu erda mening cho’rilarim bilan birga yuraver.

9 Sen faqat xizmatkorlarim bug`doy o’rayotgan dalada bo’l, ularning orqasidan yuraver. Xizmatkorlarimga tayinlab qo’yaman, senga indashmaydi. Chanqasang, anavi idishlarda suv bor. Quduqdan xizmatkorlarim tortib olgan, ichaver!

10 Rut er o’pguday bo’lib ta`zim qildi–da, Bo’azga shunday dedi:

— Nechun nazaringizga tushib, shunchalik mehringizga sazovor bo’ldim? Men axir, kelgindi bo’lsam, siz menga shu qadar e`tibor beryapsiz.

11 Bo’az shunday javob berdi:

— Ering o’lgandan keyin qaynanangga qanday munosabatda bo’lganingni menga aytib berishdi. Sen ota–onangni, yurtingni tashlab, ilgari o’zingga begona bo’lgan xalq orasida yashashga kelding.

12 Yaxshiliklaring uchun Egamdan qaytsin. Sen panoh istab kelgan Isroil xalqining Xudosi — Egamdan senga to’liq mukofot bo’lsin.

13 — Sizning mehringizga sazovor bo’layin, to’ram! — dedi Rut. — Siz menday cho’ringizning dilidagi armonlarini gapirib, tasalli berdingiz. Lekin men sizning cho’rilaringizdan birontasi emasman–ku.

14 Tushlik payti bo’lganda Bo’az Rutga:

— Bu yoqqa kel, nondan ol, musallasga botirib egin, — dedi.

Rut xizmatkorlar yonidan joy oldi. Bo’az unga qovurilgan donlardan uzatdi. Rut to’ydi va ozroq orttirib ham qoldirdi.

15 So’ngra Rut yana boshoq terib olay deb, o’rnidan turib nariga ketdi. Bo’az xizmatkorlariga shunday buyruq berdi:

— U bog`lamlar orasidan ham terib olaversin, zinhor xafa qila ko’rmanglar.

16 Hatto bog`lamdan atayin tashlab qoldirib ketinglar. U terib olsin, uni koyimanglar.

17 Shunday qilib, Rut qosh qorayguncha dalada boshoq terdi, terganlarini yanchdi. U yanchgan arpa bir tog`oradan ko’proq chiqdi.

18 Donni ko’tarib, shaharga jo’nadi. U terib kelgan donni qaynanasiga ko’rsatdi. Rut o’zi to’ygandan so’ng orttirib qoldirgan qovurilgan donlarni qaynanasiga berdi.

19 Qaynanasi Rutdan so’radi:

— Qayda ishlading? Kimning dalasidan boshoq terding bugun? Senga yordam ko’rsatganni Xudo yorlaqasin!

Rut kimnikida ishlaganini qaynanasiga aytdi:

— Bugun men ishlagan dalaning egasi Bo’az degan odam ekan, — dedi.

20 Naima keliniga:

— Uni Xudo yorlaqasin! — dedi hayajonlanib. — Tiriklarga, ham marhumlarga sodiq qolib, marhamatini darig` tutmabdi.

So’ng:

— U kishi bizning yaqin qarindoshlarimizdan, oilamizni o’z panohiga olishga burchli odamlardan, — deb qo’shib qo’ydi.

21 Mo’ablik Rut ham qo’shimcha qildi:

— U menga hatto, dalamda o’rim–yig`im tugamaguncha, mening xizmatkorlarim bilan birga yuraver, deb aytdi.

22 Naima keliniga:

— Yaxshi, qizim, sen uning cho’ri qizlari bilan yuraver. Begona dalaga borsang, senga ozor berishlari mumkin, — dedi.

23 Shu tariqa Rut arpa va bug`doy o’rimi tugagunga qadar, Bo’azning cho’ri qizlari yonida boshoq terib yurar, qaynanasi bilan birga yashardi.

Rut va Bo’az xirmonda

1 Oradan ma`lum vaqt o’tgach, Rutga qaynanasi Naima shunday dedi:

— Qizim, birortasi bilan ro’zg`or qilsang, o’zingga yaxshi bo’larmidi. Men senga qayliq topib berishim lozim.

2 O`sha Bo’az bizning qarindoshimiz, sen uning cho’rilari bilan birga bo’lgan eding–ku. Bilasanmi, bugun kechqurun u xirmonda arpasini sovuradi.

3 Endi sen yuvinib–taranib, chiroyli kiyimlaringni kiy, keyin xirmonga bor. Lekin Bo’az eb–ichib bo’lmaguncha, unga ko’rinma.

4 U uxlashga yotganda, yotgan joyini bilib olgin–da, so’ng borib oyoq tomonini ochib, o’sha erda yot. Nima qilishni uning o’zi aytadi.

5 Rut qaynanasiga:

— Hammasini aytganingizday qilaman, — dedi.

6 Rut xirmonga jo’nadi. Etib kelib, qaynanasi aytganday qildi.

7 Bo’az eb–ichdi, vaqti chog` bo’ldi. So’ng g`aram yoniga borib yonboshladi–da, uxlab qoldi. Rut ohista kelib, uning oyoq tomonini ochib, yotdi.

8 Yarim kechasi Bo’az cho’chib uyg`onib ketdi. Qarasa, oyoq tomonida bir ayol yotibdi.

9 — Kimsan? — deb so’radi ayoldan. Rut unga:

— Sizning cho’ringiz Rutman. Cho’ringizni panohingizga olsangiz, axir, siz bizning oilamizni panohingizga olishga burchli odamsiz, — dedi.

10 Bo’az Rutga dedi:

— Seni Xudo yorlaqasin, qizim. Oilangga sening bu safargi qilgan sadoqating oldingisidan ham a`lodir. Sen kambag`al yoki boyvachcha yigitlarning ortidan chopmading.

11 Endi xavotirlanma, qizim. Aytganlaringning hammasini muhayyo qilaman. Butun shahar xalqi sening olijanob ayol ekanligingni biladi.

12 To’g`ri, men sizlarning oilangizni panohimga olishga burchli odamman, lekin bu ishga mendan ham yaqinrog`i bor.

13 Shu kecha o’tsin, yotaver. Agar ertaga u kishi senga nisbatan o’z burchini o’tamoqchi bo’lsa, mayli, seni olaversin. Bordi–yu, o’z burchini o’tashni xohlamasa, men o’z zimmamga olaman. Xudo haqi, men o’z zimmamga olaman. Ertalabgacha uxlayver.

14 Lekin tong paytida turib ket, xirmonga kelganingni odamlar bilmay qo’ya qolishsin.

Rut Bo’azning oyoq tomonida sahargacha uxladi. Ko’z ko’rmaydigan, g`ira–shira tong paytida Rut o’rnidan turdi.

15 Bo’az Rutga:

— Sholro’molingni ochib, ushlab tur, — dedi.

Rut sholro’molini ochib ushlab turdi. Bo’az esa olti tog`ora arpa o’lchab, sholro’molga soldi va orqasiga ko’tartirib qo’ydi. Keyin o’zi shaharga jo’nab ketdi.

16 Rut esa qaynanasi oldiga qaytdi. Qaynanasi undan:

— Nima bo’ldi, qizim? — deb so’radi.

Bo’az Rutga qanday munosabatda bo’lgan bo’lsa, Rut hammasini qaynanasiga aytib berdi.

17 — U, qaynanangning oldiga quruq qo’l bilan borma, deb mana bu olti tog`ora arpani ham berib yubordi, — dedi Rut.

18 Qaynanasi Rutga dedi:

— Qizim, bu ishlar nima bilan tugaydi, hali bilmaysan. Kutib turgin–chi, u bu ishni bugunoq oxiriga etkazmay qo’ymasa kerak.

Bo’az Rutga uylanadi

1 Bo’az shahar darvozasi oldiga chiqib o’tirdi. O`sha payt Bo’az aytgan yaqin qarindoshi yonginasidan o’tib qoldi. Bo’az uning ismini aytib chaqirib:

— Bu yoqqa keling, o’tiring, birodarim, — dedi.

Qarindoshi yaqin kelib o’tirdi.

2 Bo’az shahar oqsoqollaridan o’n kishini guvohlikka chaqirib:

— Shu erda o’tiringlar! — dedi. Ular kelib o’tirishdi.

3 Bo’az qarindoshiga dedi:

— Mo’ab yurtidan qaytib kelgan Naima bor–ku, u Elimalek akamizning dalasini sotmoqchi.

4 Men shu erda o’tirganlar va qavmim oqsoqollari huzurida o’sha dalani sotib olasizmi, yo’qmi, bilay dedim. Agar siz qarindoshlik burchingizni o’tashni xohlasangiz, mayli, sotib olavering. Bordi–yu, xohlamasangiz, ayting, men bilayin. Chunki bu burchni o’tash birinchi navbatda sizga tushadi. Sizdan keyin navbat meniki bo’ladi.

U kishi:

— Qarindoshlik burchimni men o’tayman, — dedi.

5 Bo’az dedi:

— Xo’p. Lekin siz Naimaning dalasini xarid qilganingizda, dala bilan birga marhum Maxlo’nning bevasi Mo’ablik Rutni ham olishingiz kerak. Chunki marhumning nomi o’z mulkidan yo’qolib ketmasligi shart.

6 Shunda qarindoshi Bo’azga:

— Unday bo’lsa, men uni ololmayman, aks holda, o’zimning mulkimni xavf ostiga qo’ygan bo’laman. Zimmamdagi qarindoshlik burchimni siz o’tayvering, mening ilojim yo’q, — dedi.

7 Ilgari Isroilda qarindoshlik burchini o’tamoqchi yoki mol–mulkini almashtirmoqchi bo’lsalar, dalil–isbot tariqasida bittasi chorig`ini echib, ikkinchisiga berardi. Mana shu odat Isroilda qonuniy guvohlik o’rnini bosardi.

8 Shunday qilib, qarindoshi Bo’azga:

— O`zingiz sotib olavering, — dedi–da, chorig`ini echib berdi.

9 Shundan keyin Bo’az oqsoqollarga va o’sha erdagi boshqa odamlarga murojaat qildi:

— Sizlar guvohsiz: men bugun Elimalekdan Xilyon va Maxlo’nga qolgan hamma mulkni Naimadan sotib olyapman.

10 Yana Maxlo’nning xotini Mo’ablik Rutni ham o’z nikohimga olyapman, toki marhumning nomi o’z mulkida qolsin, birodarlari orasida va kindik qoni to’kilgan yurtida nomi yo’qolib ketmasin. Bugun sizlar bunga guvoh bo’lib turibsizlar.

11 Shunda shahar darvozasi yonida turgan odamlar va oqsoqollar:

— Biz guvohmiz, — dedilar. — Egamiz sening xonadoningga keladigan ayolni Rohila va Leaxday qilsin, ana o’sha bibilardan Isroil xalqi bino bo’lgan. Efratda boyliklar egasi bo’lgin, Baytlahmda noming ulug` bo’lgay.

12 Sening xonadoning Yahudoga Tamara tug`ib bergan o’g`li bobomiz Paraz xonadoniday barakali bo’lsin. Egamiz mana shu juvon orqali senga o’shanday buyuk nasl ato etsin.

Naimaga Egamiz marhamat qiladi

13 Shunday qilib, Bo’az Rutga uylandi. Ular turmush qurib, bir yostiqqa bosh qo’yishdi. Egamizning marhamati bilan Rut homilador bo’lib, o’g`il tug`di.

14 Ayollar Naimaga aytishdi:

— Egamizga hamdu sanolar bo’lsin! U bugun senga g`amxo’rlik qiladigan nevara berdi, merosxo’rsiz qoldirmadi. Merosxo’ringning nomi Isroilda ulug` bo’lsin.

15 U tufayli hayoting yana shodlikka to’ladi, qariganingda suyanchig`ing bo’ladi. Chunki bu o’g`ilni seni yaxshi ko’radigan, sen uchun hatto etti o’g`ildan ham a`lo bo’lgan kelining tug`di.

16 Naima chaqaloqni o’ziga oldi, bir dam bag`ridan uzmadi. O`zi enagalik qildi.

17 Qo’shni ayollar: “Naima uchun o’g`il tug`ildi”, deb chaqaloqqa Obid ismini berdilar.

Shoh Dovud — Bo’az va Rutning chevarasi

Obid Dovudning padari buzrukvori Essayning otasi bo’ldi.

18 Parazdan Dovudgacha bo’lgan avlod–ajdod quyidagicha:

Parazdan Xazron bunyod bo’ldi.

19 Xazrondan Ram bunyod bo’ldi.

Ramdan Ominadav bunyod bo’ldi.

20 Ominadavdan Naxsho’n bunyod bo’ldi.

Naxsho’ndan Salmo’n bunyod bo’ldi.

21 Salmo’ndan Bo’az bunyod bo’ldi.

Bo’azdan Obid bunyod bo’ldi.

22 Obiddan Essay bunyod bo’ldi.

Essaydan Dovud bunyod bo’ldi.