Qo’shiq

Qo’shiq

1 Sulaymonning eng go’zal qo’shig`i.

Birinchi qo’shiq

Qiz:

O`pgin meni lablaring bilan,

Sening sevging sharobdan ham shirinroqdir.

2 Atir moylaring qanchalik xushbo’y!

Yoqimli atir kabi noming har tarafga taralar.

Shuning uchun qizlar seni sevarlar.

3 Meni o’zing bilan olib ket, tezroq boraylik.

Ey shohim, meni o’z yotog`ingga olib kirgin.

Quddus qizlari:

Ey shohimiz, biz quvonamiz. Siz bilan sevinamiz,

Sharobdan ham ko’proq sizning sevgingizni maqtaymiz.

Qiz:

Ey sevgilim! Qizlar seni sevib, to’g`ri qilishadi.

4 Ey Quddus qizlari!

Men qorachadan kelgan bo’lsam ham go’zalman,

Kedar chodirlariday qora bo’lsam ham,

Sulaymon pardalariday chiroylidirman.

5 Qoraligim uchun menga past nazar bilan qaramanglar.

Quyosh nurlari meni qoraytirdi.

Aka–ukalarimning mendan jahli chiqib,

Meni uzumzorlar qorovuli qilib qo’yishdi,

Ammo o’z uzumzorimga qaray olmadim!

6 Sevgilim, menga aytgin–chi,

Qaerda o’z podangni boqasan?

Tush vaqti ularni qaerga yotqizasan?

Ayt menga, yana podachi do’stlaring oldida

Uyatsiz ayollarday bo’lib yurmay, axir.

Yigit:

7 Qaerdaligimni bilmasang,

Ey go’zallarning go’zali,

Podaning izlaridan borgin.

Cho’ponlarning chodirlari oldida

O`z echkilaringni o’tlatgin.

8 Ey sevgilim,

Sen fir`avn aravasiga qo’shilgan uchqur otday go’zalsan.

9 Ziraklaring tufayli yonoqlaring go’zaldir,

Marvaridlar bo’yningni qanday chiroyli qilar.

10 Senga atab tilladan bezaklar,

Kumushdan taqinchoqlar yasattiraman.

Qiz:

11 Shohim yonboshlab yotganda,

Atirlarim o’z hidini taratdi.

12 Ko’kraklarim orasida yotgan,

Xushbo’y mirraga to’la xaltacha kabidir mening sevgilim.

13 U men uchun En–Gedi bog`laridagi

Xina gullaridaydir.

Yigit:

14 Go’zaldirsan, ey sevgilim,

Sen go’zalsan!

Ko’zlaring kabutar ko’zlariday nazokatlidir.

Qiz:

15 Chiroylisan, ey sevgilim,

Juda ham xushro’ydirsan,

Yam–yashil maysalar bizning to’shagimizdir.

16 Sadr daraxtlari tomimiz bo’lsa,

Archalar tomimiz sinchlaridir.

Qiz:

1 Men Sharon atirguliman,

Vodiylar nilufariman.

Yigit:

2 Mening sevgilim qizlar orasida,

Tikanlar orasidagi nilufar gulidaydir!

Qiz:

3 Mening sevgilim yigitlar orasida,

O`rmon daraxtlari orasidagi olma daraxtiday ajralib turar.

Men uning soyasida o’tirib zavq olaman,

Uning mevasi juda shirindir.

4 U meni o’z mehmonxonasiga olib kirdi,

Meni o’z sevgisi bilan qopladi.

5 Mayizlar edirib, menga kuch bergin,

Olmalar bilan quvvatga to’ldirgin,

Axir, sevgilimning ishqi dardida yonmoqdaman.

6 Uning chap qo’li boshim ostidadir,

O`ng qo’li bilan esa meni quchoqlaydi!

7 Ey Quddus qizlari,

Kiyigu yovvoyi ohular haqi ont iching.

Vaqt–soati kelmaguncha,

Sevgini qo’zg`atmang, uyg`otmang.

Ikkinchi qo’shiq

Qiz:

8 Sevgilim ovozi eshitilyapti,

Ana qaranglar, u kelyapti.

Tog`laru qirlar osha kelyapti.

9 Sevgilim ohuday, yosh kiyikdaydir.

Mana, u devor ortida turibdi.

Oynalardan mo’ralab,

Panjaralar orasidan qarab turibdi.

10 Sevgilim menga shunday deydi:

“Tura qol, sevgilim, oppog`im,

Men bilan yurgin.

11 Mana qish o’tdi, yomg`irlar to’xtadi.

12 Er yuzi gullar bilan qoplanmoqda,

Yurt bo’ylab kabutarlar kuyi eshitilmoqda,

Qo’shiq kuylash vaqti etib keldi.

13 Anjir meva tugishni boshladi,

Toklar ham gulga kirdi.

Ular xushbo’y hidlarini taratmoqda.

Tura qol, sevgilim, oppog`im,

Men bilan yurgin.”

Yigit:

14 Sevgilim, sen tog`larda yashaydigan,

Qoyalarda yashirinadigan kabutardaysan.

Yuzingni ko’rsatgin, ovozingni eshitay.

Ovozing juda shirin, yuzing go’zaldir.

15 Qarang, uzumzorimiz gullab yotibdi,

Kichkina tulkilarni ushlanglar.

Axir, ular uzumzorlarni vayron qiladi.

Qiz:

16 Sevgilim menikidir, men esa unikiman,

U nilufarlar terib, o’z bog`idan zavq oladi.

17 Tong otmay turib, bora qol, jonim.

Baland tog`larda sakraydigan ohu, kiyikday bo’lib,

Qorong`ilik chekinmasdan oldin, qaytib keta qol.

Qiz:

1 Kechqurun o’rnimda yotganimda,

Butun qalbim bilan sevgan oshig`imni qo’msadim.

Juda qo’msadim, lekin uni topolmadim.

2 Endi turib, shaharga chiqaman.

Shahar maydonlariyu ko’chalarida yurib,

Sevgilimni izlayman.

Izladim–u, ammo uni topolmadim.

3 Qo’riqchilar shaharni kezib yurib,

Meni ko’rib qolishdi.

Ulardan: “Sevgilimni ko’rmadingizmi?” deb so’radim.

4 Ularning oldidan ketishim bilanoq,

Sevgilimni topdim.

Uni mahkam quchib, qo’yib yubormadim.

Onamning uyiga olib keldim.

Uni o’z tuqqan onamning xonasiga olib kirdim.

5 Ey Quddus qizlari,

Kiyigu yovvoyi ohular haqi ont iching.

Vaqt–soati kelmaguncha,

Sevgini qo’zg`atmang, uyg`otmang.

Uchinchi qo’shiq

Quddus qizlari:

6 Dashtda tutunday ko’tarilib,

Ko’rinayotgan narsa nimadir?

Undan attor rastasidagi barcha xushbo’y atirlarning hidi,

Mirra va xushbo’y tutatqilarning hidi kelib turibdi.

7 Qaranglar, u Sulaymonning taxtiravonidir,

Uning atrofida oltmishta pahlavoni bor.

Ular Isroil xalqi orasidagi eng bahodir jangchilardir.

8 Qilich o’ynatishda hammasi mohir,

Jangda ham juda mahoratlidirlar.

Tunda bo’ladigan hujumlardan saqlanish uchun

Ularning hammasi qilich bilan qurollangan.

9 Shoh Sulaymon o’z taxtiravonini

Lubnon yog`ochlaridan yasattirgan.

10 Bu taxtiravon dastalari kumushdan,

Orqasi tilladan yasalgan,

O`rindig`iga esa safsar kimxob to’shalgan.

Quddus qizlari taxtiravonning ichini

Muhabbat bilan bezatganlar.

11 Chiqinglar, ey Sion qizlari!

Shoh Sulaymonga qaranglar.

To’yi kuni, yuragi shodlik bilan to’lgan kuni

Onasi kiydirgan tojga qaranglar.

Yigit:

1 Qanday go’zalsan, ey sevgilim,

Qanchalik go’zalsan!

Chachvoning ortidagi ko’zlaring

Kabutarlarday muloyimdir.

Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan

Qop–qora qo’ylardaydir sening sochlaring.

2 Yuvib–taralgan, juni qirqiladigan,

Oppoq echkilardaydir sening tishlaring.

Har birining egizi bor,

O`rni hech bo’sh qolmagan.

3 Lablaring qirmizi g`unchalardaydir,

Og`zing ham juda go’zal.

Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa

Anorlarday qip–qizil.

4 Bo’yning tik qurilgan Dovud minorasiday,

Marjonlaring tizim–tizim,

Jangchilarning minglarcha qalqonlaridaydir.

5 Ko’kraklaring egizak kiyiklardaydir.

Ha, nilufarlar orasida o’tlaydigan

Ikki kiyikdaydir ular.

6 Qorong`ilik chekinmasdan oldin,

Tong otmay turib,

O`sha xushbo’y mirra tog`iga,

Ziravorlar qiriga chiqaman.

7 Har jihatdan go’zaldirsan, sevgilim,

Senda hech qanday nuqson yo’q.

8 Kela qol, kelinchagim,

Lubnondan menga kel.

Emona va Sanir tog`laridan,

Xermon tog`lariyu sherlar makonidan,

Qoplonlarning maskanidan tush.

9 Ey jonim, kelinchagim,

Qalbimni asir qilding.

Ko’zlaringning nigohi bilan,

Bo’yningdagi marjoning bilan

Qalbimni asir qilding.

10 Sevging qanday shirindir,

Ey jonim, kelinchagim.

Sening sevging sharobdan ham yaxshiroqdir.

Atir moylaring esa

Har qanday ziravordan ham xushbo’yroqdir.

11 Kelinchagim, lablaringdan bol tomar.

Asal va sut tiling ostida,

Kiyimlaring hidi Lubnon hidiga o’xshar.

12 Jonim mening, kelinchagim.

Qulflangan bog`, devor bilan o’ralgan buloqdaysan,

Yopib qo’yilgan chashmadaysan sen.

13 A`lo mevalar beradigan

Anor bog`iga o’xshaysan.

Bu bog`da xina va sunbullar o’sadi.

14 Ha, bu bog`da sunbulu za`faron,

Xushbo’y qamish va dolchin,

Har xil xushbo’y daraxtlar,

Mirra va aloe,

Eng a`lo ziravorlar o’sadi.

15 Sevgilim, sen bog`dagi chashmaga,

Hayotbaxsh suv bulog`iga o’xshaysan.

Lubnon tog`larining oqar suvlaridaysan.

Qiz:

16 Ey shimol shabadasi, qo’zg`al,

Janub shamoli, kelgin!

Bog`imda esgin,

Toki bog`imning xushbo’y hidlari

Hamma joyga taralsin.

Sevgilim o’z bog`iga kelib,

A`lo mevalaridan esin.

Yigit:

1 Ey jonim, kelinchagim, bog`imga kelib,

Mirra va ziravorlarimni to’playman.

Asalari mumini hamda asalimni eyman,

Sut va sharobimni ichaman.

To’yguningcha egin, sevgilim,

Sevgidan ichib, qoniqqin.

To’rtinchi qo’shiq

Qiz:

2 Uxladim, lekin yuragim uyg`oq edi.

Ana, sevgilim chaqirmoqda:

“Ochgin eshigingni, jonim, sevgilim,

Kabutarim, komilim.

Boshim ho’ldir shudringdan,

Sochlarim esa tun shabnamidan.”

3 Kiyimlarimni echib qo’yganman,

Qanday qilib yana kiyaman?!

Oyoqlarim yuvilgan,

Ularni kir qilaymi?!

4 Sevgilim qo’lini eshik teshigidan kirgizganda,

Butun vujudim titrab ketdi.

5 Sevgilimni kirgizay, deya turdim.

Qo’llarimdagi mirra,

Eshikning tutqichlariga oqib tushdi.

6 Sevgilimga eshikni ochdim,

Lekin u ketib qolibdi.

U ketganiga yurak–bag`rim ezildi.

Qidirib, uni topa olmadim,

Chaqirdim, lekin u javob bermadi.

7 Shaharni aylanib yurgan qo’riqchilar

Meni ko’rib qoldilar.

Ular meni urib yaraladilar.

O`sha shahar qo’riqchilari

Ustimdagi ro’molimni olib qo’ydilar.

8 Ey Quddus qizlari, va`da beringlar,

Sevgilimni topsangiz, aytib qo’yinglar,

Uning ishqi dardida yonmoqdaman.

Quddus qizlari:

9 Ey ayollar go’zali,

Sevgilingning boshqalardan nimasi ortiq?!

Uning boshqalardan nimasi ortiqki,

Sen bizga, va`da beringlar, deb aytasan?!

Qiz:

10 Sevgilim ko’hlik, chiroylidir,

O`n mingtaning ichida ajralib turar.

11 Boshi eng a`lo tilladay go’zal,

Jingalak sochlari qarg`aday qop–qoradir.

12 Ko’zlari esa buloqlar bo’yidagi kabutarlarday,

Chashmalar bo’yidagi, sutga cho’mdirilgan kaptarlardaydir.

13 Uning yonoqlari muattar hidli

Ziravor bog`lari kabi juda xushbo’ydir.

Lablari esa mirra oqib turgan

Nilufarlar kabi shirindir.

14 Qo’llari tilladan yasalib,

Topaz toshlar bilan bezatilganga o’xshaydi.

Tanasi esa zangori yoqutlar o’rnatilgan

Tep–tekis fil suyagiday chiroylidir.

15 Oyoqlari tilla taglikka o’rnatilgan

Marmar ustunlari kabi kuchlidir.

Uning qiyofasi ulug`vor Lubnonday,

Qudratli, a`lo sadr daraxtlaridaydir.

16 Uning ovozi juda shirin,

O`zi esa har jihatdan maftunkor.

Ey Quddus qizlari, mana shunday yigit

Mening sevgilim, do’stimdir.

Quddus qizlari:

1 Sevgiling qaerga ketdi,

Ey go’zallarning go’zali?

Ayt–chi, qaysi tomonga yo’l oldi?

Biz sen bilan uni qidiraylik.

Qiz:

2 Sevgilim o’z bog`iga,

Xushbo’y ziravorlar bog`iga ketdi.

U nilufar gullar terib,

O`z bog`idan zavq olgani ketdi.

3 Men sevgilimniki, sevgilim esa menikidir!

U nilufarlar terib, o’z bog`idan zavq oladi.

Beshinchi qo’shiq

Yigit:

4 Sen Tirza shahriday go’zaldirsan, sevgilim,

Quddus shahriday xushro’ydirsan,

Bayroqlari ko’tarilgan qo’shinday savlatlisan.

5 Ko’zlaringni olib qoch mendan,

Ular meni maftun qilganlar.

Gilad qirlaridan yoyilib tushayotgan

Qop–qora qo’ylardaydir sening sochlaring.

6 Yuvib–taralgan oppoq

Echkilardaydir sening tishlaring.

Har birining egizi bor,

O`rni hech bo’sh qolmagan.

7 Chachvoning ortidagi yonoqlaring esa

Anorlarday qip–qizil.

8 Ana, oltmishta malika, saksonta kanizak,

Son–sanoqsiz qizlar!

9 Ammo mening kabutarim,

Komil sevgilim o’zgachadir.

Onasining erkasi,

Tuqqan onasining yagonasidir.

Qizlar uni ko’rib, u baxtlidir, deyishadi,

Malikayu kanizaklar uni ko’rib, maqtashadi.

10 Mahbubamning nigohlari tongdaydir.

O`zi esa to’lin oyday go’zal, quyoshday yorqin,

Bayroqlari ko’tarilgan qo’shinday savlatlidir.

11 Men bodomzorga,

Vodiy chechaklarini ko’rishga bordim.

Toklaru anorlar gullaganmikin, deya bordim.

12 Shohona aravada o’tirganday,

Hayajondan titrar edim.

Quddus qizlari:

1 Qaytgin, qaytib kelgin, ey Shulamlik qiz!

Qaytib kel, seni yana bir bor ko’raylik.

Yigit:

Nima uchun bu Shulamlik qizga qaraysizlar?!

U ikki qator qizlar orasida raqsga tushyaptimi?!

2 Ey malikaga o’xshagan qiz!

Kafsh kiygan oyoqlaring qanday chiroyli!

Do’mboq sonlaring javohirlarday,

Xuddi mohir ustaning qo’li bilan ishlanganday!

3 Doimo xushbo’y sharobga to’la bo’lgan,

Dum–dumaloq kosadaydir sening kindiging.

Yumaloq qorning esa nilufarlar bilan o’ralgan,

Tillarang bug`doy uyumi kabidir.

4 Ko’kraklaring egizak kiyiklardaydir.

5 Fil suyagidan qurilgan minoraday go’zaldir bo’yning,

Batrabim darvozasi yonidagi

Xashbon buloqlariday yorqindir ko’zlaring.

Burning esa Damashq shahriga qaragan

Lubnon minorasiday tekisdir.

6 Boshing Karmil tog`iday baland turadi,

Soching kimxobday go’zal,

Hatto shoh ham unga asirdir.

7 Qanday go’zal va xushro’ysan,

Huzurbaxsh sevgilim mening.

8 Pal`ma daraxtiday savlatlisan,

Ko’kraklaring uning mevalariday to’liqdir.

9 Men shunday dedim: “Pal`ma daraxtiga chiqib,

Mevalaridan ushlayman.”

Ko’kraklaring men uchun uzumday mazali,

Nafasing esa olmalarday shirin bo’lsin.

10 O`pichlaring eng a`lo sharobday shirindir,

Bunday sharob lab va tishlar orasidan tekis o’tadi.

Qiz:

11 Men sevgilimnikiman,

U faqat meni qo’msaydi.

12 Kelgin, sevgilim, dalalarga boraylik.

Xina gullari orasida yotib qolaylik.

13 Vaqtli turib, uzumzorlarga kiraylik.

Ular gulga kirdimikin?!

Toklaru anorlar gullaganmikin?!

O`sha erda men senga o’z sevgimni to’la ko’rsataman.

14 Mehrigiyolar hid taratib turibdi.

Eshigimiz tepasiga har xil mevalardan osib,

Sen uchun saqlab qo’ydim, sevgilim.

Qiz:

1 Qaniydi, onam emizgan akamday bo’lsang edi.

Ko’chada ko’rganimda, seni o’pgan bo’lardim,

Hech kim meni bu uchun ayblamagan bo’lardi.

2 Men seni onamning uyiga boshlab kelardim.

Menga o’git bergan onamning yotog`iga olib kirardim,

Senga xushbo’y sharobu anorlarim sharbatini berardim.

3 Mana, sevgilimning chap qo’li boshim ostidadir,

O`ng qo’li bilan esa meni quchoqlaydi!

4 Ey Quddus qizlari, va`da beringlar,

Vaqt–soati kelmaguncha,

Sevgini qo’zg`atmang, uyg`otmang.

Oltinchi qo’shiq

Quddus qizlari:

5 O`z sevgilisi bilan quchoqlashib,

Cho’l tarafdan kelayotgan kim?

Qiz:

Olma daraxti ostida men seni uyg`otdim.

Onang shu erda senga homilador bo’lgan,

Mana shu erda seni dunyoga keltirgan.

6 Qo’lingdagi muhr uzugingday,

Meni ham yuragingga muhrlab olgin.

Axir, sevgi o’limday kuchli,

Ishq ajalday shiddatlidir.

Sevgining uchqunlari olov uchqunlariday,

Lovullagan alangadaydir.

7 Suv sevgini o’chirolmaydi,

To’fonlar uni cho’ktirolmaydi.

Birortasi sevgi uchun

Uyidagi bor boyligini bersa ham,

Mazaxdan boshqa hech narsaga erishmaydi.

Qizning akalari:

8 Bizning bir singlimiz bor,

Uning ko’kraklari hali bo’rtmagan.

Uni so’rab kelishsa,

Biz nima qilamiz?

9 Agar u devor bo’lsa,

Uning atrofida kumushdan qal`a quramiz.

Agar u eshik bo’lsa,

Uni sadr yog`ochlari bilan to’sib qo’yamiz.

Qiz:

10 Men ham devorday edim.

Endi esa ko’kraklarim minoralardaydir.

Shuning uchun sevgilim meni

To’liq etilgan deb biladi.

11 Sulaymonning Baal–Xomonda uzumzori bor edi.

U uzumzorini bog`bonlarga ishonib topshirdi.

Ularning har biri uzumzor uchun

Ming kumush tanga to’lashi kerak edi.

Yigit:

12 Sulaymon, sen ming tanga ol,

Qorovullarga esa ikki yuz tangadan berilsin.

Mening uzumzorim o’zimnikidir.

13 Ey bog`larda yashovchi qiz,

Do’stlarim ovozingni eshitishni kutmoqda.

Qani, men ham ovozingni bir eshitay.

Qiz:

14 Xuddi kiyikday, yosh ohuday bo’lgin,

Ziravorlar tog`lariga tezroq kelgin, sevgilim.