Xo’sheya

Xo’sheya

1 Yahudo yurtida shohlar Uzziyo, Yo’tom, Oxoz va Hizqiyo hukmronlik qilgan davrlarda Isroil taxtida Yoho’sh o’g`li Yorubom o’tirgan edi. O`sha vaqt mobaynida Beri o’g`li Xo’sheyaga Egamiz O`z so’zlarini ayon qildi.

Xo’sheyaning xotini va farzandlari

2 Egamiz dastlab Xo’sheya orqali Isroil xalqiga gapirishni boshlaganda, unga shunday degan edi: “Borib fohisha ayolga uylan, u senga begona erkaklardan orttirgan farzandlar tug`ib beradi. Zotan, Mening xalqim ham fohishaga o’xshaydi. Ular Men, Egangizga bevafolik qilib, begona xudolarga sajda qilishmoqda.”

3 Xo’sheya Diblayim qizi Go’meraga uylandi. Go’mera homilador bo’lib, Xo’sheyaga o’g`il tug`ib berdi.

4 Egamiz Xo’sheyaga dedi: “O`g`lingning ismini Yizril qo’y. Chunki Yohu qanday qilib Yizrilda qon to’kkan bo’lsa, tez orada Yohuning xonadonini ham o’sha ahvolga solib, yo’q qilaman. Isroil shohligi barham topadi.

5 O`sha davrda Men Yizril vodiysida Isroilning kamonu o’qlarini sindiraman.”

6 Go’mera yana homilador bo’lib, qiz tug`di. Egamiz Xo’sheyaga dedi: “Qizingning ismini Lo’ruhamo, ya`ni «Rahmdan bebahra» deb qo’y. Chunki bundan buyon Men Isroil xalqiga rahm qilmayman, ularni kechirmayman.

7 Yahudo xalqiga esa rahm qilaman, ularga najot beraman. Qilichu kamon, jang–jadal, otlaru chavandozlar bilan emas, O`z qudratim bilan ularni qutqaraman. Zotan, Men ularning Egasi Xudoman!”

8 Go’mera qizini ko’krakdan chiqargach, yana homilador bo’lib, o’g`il tug`di.

9 Egamiz Xo’sheyaga dedi: “O`g`lingning ismini Lo’yomi, ya`ni «Xalqim emas» deb qo’y. Chunki Isroil xalqi endi Mening xalqim emas, Men esa ularning Xudosi emasman.

10 Ammo shunday vaqtlar keladiki, Isroil xalqi dengizdagi qum kabi bo’ladi, ularni na sanab, na o’lchab bo’ladi. Ularga: «Xalqim emas», deb aytilgan bo’lsa, kelajakda ular: «Barhayot Xudoning farzandlari» deb ataladi.

11 Yahudo va Isroil xalqlari qayta birlashadilar. Ular o’zlariga bir yo’lboshchi tanlaydilar. O`z yurtida tup qo’yib, palak otadilar. Ha, Yizrilning — «Xudo ekkan» xalqning kuni ulug` bir kun bo’ladi.”

1 Egamiz shunday deydi: “Aka–ukalaringizni — Yomi, ya`ni «Mening xalqim», opa–singillaringizni — Ruhamo, ya`ni «Rahmdan bahramand» deb chaqiringlar.

Isroil xalqi bevafo Go’mera timsolida

2 Ey farzandlarim,

Onangiz bilan da`volashing,

Aybini yuziga soling.

U endi xotin emas Menga,

Men ham er emasdirman unga.

Ayting, yuzidagi upa–eligini artib tashlasin,

Egnidagi uyatsiz kiyimini echib tashlasin.

Bo’ldi, fohishaligini bas qilsin.

3 Aks holda, uning kiyimini O`zim echib tashlayman,

Onasining qornidan tushganday qip–yalang`och qilaman.

Erini bepusht sahroga aylantiraman,

Uning yurtini qaqragan cho’l qilaman.

Tashnalikdan uni o’ldiraman.

4 Bolalariga ham rahm qilmayman,

O`ynashlaridan orttirgan haromi ular.

5 Ha, ularning onasi fohishalik qilgan,

Ularni tuqqan ayol sharmu hayoni yo’qotgan.

U dedi: «O`ynashlarim oldiga ketdim.

Nonu suvimni, junu zig`ir matolarimni,

Zaytun moyiyu sharobimni,

Menga o’shalar bergan.»

6 Shuning uchun yo’lini tikanaklar bilan to’saman,

O`tolmaydigan qilib devor quraman.

7 U o’ynashlarining ketidan quvib etolmaydi,

Ularni izlab, topolmaydi.

Keyin esa aytadi:

«Birinchi erimning oldiga qaytib boray,

Axir, o’shandagi holim hozirgidan tuzukroq edi.»

8 Bug`doyni, sharobu zaytun moyini,

Unga Men berganimni u bilmaydi.

Baalga nazr qilgan kumushu oltinni

Unga Men sovg`a qilganimni anglamaydi.

9 Shuning uchun hosil paytida bug`doyimni tortib olaman,

Yig`im–terim mavsumida sharobimni olib qo’yaman.

Badanini yopib turgan junu zig`ir matolarimni qaytarib olaman.

10 Mana endi uni yalang`och qilaman,

O`ynashlarining oldiga chiqarib qo’yaman,

Qo’limdan uni hech kim xalos qila olmaydi.

11 Men uning bazmlariga chek qo’yaman.

Bayramlariyu yangi oy shodiyonalariga,

Shabbatlari va barcha tayinlangan bayramlariga barham beraman.

12 «O`ynashlarimning bergan to’lovi», deb o’ylagan

Uzumzoru anjir bog`larini buzib tashlayman,

Hammasini to’qayzor qilaman.

Yovvoyi hayvonlar bog`larini yo’q qiladi.

13 U bayramlarda Baalga atab tutatqilar tutatgani uchun,

Uzugu taqinchoqlar bilan bezanib,

O`ynashlarining ketidan yurgani uchun,

Meni esa tamom esidan chiqarib yuborgani uchun,

Men uni jazolayman!”

Egamizning kalomi shudir.

14 Egamiz shunday deydi:

“Ko’p o’tmay Men uning ko’nglini ovlayman,

Uni sahroga olib borib, shirin so’zlar aytaman.

15 O`sha erda uzumzorlarini qaytarib beraman,

Oxor soyligini umid eshigi qilaman.

O`sha erda u Menga ergashadi,

Yoshligida, Misrdan chiqqan chog`ida ergashganday ortimdan yuradi.”

Egamizning O`z xalqiga bo’lgan sevgisi

16 Egamiz shunday demoqda: “Ey Isroil xalqi, o’sha kuni sen Meni «Erim» deb chaqirasan, hech qachon «Xo’jayinim» demaysan.

17 Baalning nomini qayta tilingga olmaydigan qilaman.

18 O`sha kuni yovvoyi hayvonlar, osmondagi qushlar va erda sudraluvchi maxluqlar bilan ahd tuzaman, ular senga zarar etkazmaydi. Yurtdagi barcha kamonu qilichlarni, hamma jang qurollarini yo’q qilaman. Sen tinch, bexatar yashaysan.

19 Men seni O`zimga abadiy nikohlab olaman. Senga nisbatan adolatli va odil bo’laman. Seni doim sevaman, mehr–shafqat ko’rsataman.

20 Senga vafo qilaman, sen Meni Egang deb bilasan.”

21 Egamiz demoqda:

“O`sha kuni Men xalqimning iltijolariga javob beraman,

Men osmonga amr qilaman,

Osmon erga yomg`ir yog`diradi.

22 Er bug`doy, uzum, zaytun etishtiradi,

Ular esa hayot bag`ishlaydi Yizrilga —

«Xudo ekkan» deb atalgan Mening xalqimga.

23 Ha, Men Yizrilni O`zim uchun bu yurtga o’tqazaman.

Lo’ruhamoga, ya`ni «Rahmdan bebahra» deganga rahm qilaman,

Lo’yomini, ya`ni «Xalqim emas» deganni «O`z xalqim» deb atayman.

U esa «Xudoyim» deb chaqirar Meni.”

Xo’sheya bevafo xotinini qutqarib, uyiga olib keladi

1 Egamiz menga dedi: “Qani bor, Xo’sheya! O`ynashi bor o’sha suyuqoyoq xotiningga boshqatdan ko’ngil qo’y. Men, Egangiz, Isroil xalqini qanday sevsam, sen ham xotiningni shunday sevgin. Zotan, xalqimning ham ko’ngli boshqa xudolarga chopadi, hovuch–hovuch mayizni ularga nazr qilishni xalqim yaxshi ko’radi.”

2 Shunday qilib, men o’n besh bo’lak kumush va o’n besh tog`ora arpaga o’z xotinimni sotib oldim.

3 Unga dedim: “Sen uzoq vaqt davomida menikida yashaysan. Fohishalik qilmaysan. O`sha vaqt mobaynida birorta erkakka yaqinlashmaysan, men ham senga yaqinlashmayman.”

4 Shu singari, Isroil xalqi ham uzoq vaqt davomida shohu shahzodasiz, qurbonliklaru butsimon toshlarsiz, efod va butlarsiz yashaydi.

5 Bundan keyin ular qaytadan Egasi Xudoga va Dovud naslidan bo’lgan shohga yuz burishadi. Kelajakda Egamizga qo’rquv bilan bo’yin egishadi. Xudoning barakasidan bahramand bo’lishadi.

Isroil xalqini Egamiz ayblaydi

1 Egamizning da`vosi bor bu yurt aholisiga,

Ey Isroil xalqi, quloq tut Egamizning so’ziga:

“Bu yurt vafoyu sadoqatni bilmaydi,

Ular Men, Xudoni tan olmaydi.

2 Qachon qaramang la`nat aytishadi,

Aldashadi, odam o’ldirishadi,

O`g`rilik qilib, fahsh ishlarga berilishadi.

Hamma yoqda zo’ravonlik, qotilliklar qilishadi.

3 Mana shuning uchun yurt xazon bo’ladi,

U erda yashovchi xalq halok bo’ladi.

Nobud bo’ladi yovvoyi hayvonlar,

Ko’kdagi qushlaru hatto dengizdagi baliqlar.

Egamiz ruhoniylarni ayblaydi

4 Birontangiz xalqni ayblamang!

Ularga ta`na qilmang!

Mening da`voim sizlarga qarshidir,

Ey ruhoniylar!

5 Sizlar kechayu kunduz qoqilasizlar,

Hatto payg`ambarlar ham sizlar bilan birga qoqiladi.

Sizlarni deb Men xalqingizni nobud qilaman!

6 Ana, xalqim Meni bilmagani uchun nobud bo’lmoqda.

Bu sizning aybingiz, ey ruhoniylar!

Axir, sizlar voz kechdinglar Meni bilishdan,

Endi Men ham voz kechaman sizdan.

Mening ruhoniylarim bo’lmaysizlar!

Sizlar Xudoyingizning qonunlarini unutdingizlar,

Shuning uchun Men ham farzandlaringizni unutaman.

7 Ey ruhoniylar, ko’paygani sari sizning soningiz,

Menga qarshi ko’proq gunoh qildingiz.

Endi ulug`vorligingizni sharmandalikka almashtiraman.

8 Axir, sizlar xalqimning gunoh qurbonliklari bilan

Qorningizni to’yg`izdingiz,

Xalqimning qabihliklariga tashnadirsiz.

9 Mana, Men xalqimni ham,

Sizni ham birday jazolayman.

Tutgan yo’llaringiz,

Qilgan qilmishlaringizga yarasha qaytaraman.

10 Sizlar eysizlar, ammo qorningiz to’ymaydi,

Zino qilasizlar, ammo soningiz ko’paymaydi.

Sizlar Men, Egangizga bo’ysunmay qo’ygansiz.

Egamiz butparastlikni hukm qiladi

11 Fahsh, sharobning eski va yangisi

Xalqimni es–hushidan ayirdi.

12 Ular yog`och butdan vahiy so’rashadi.

Tayoqdan pand–nasihat olishadi.

Shahvoniy hirs ularni yo’ldan urdi,

Ular Men, Xudosiga bevafo bo’ldilar.

13 Qurbonliklar qilishayotir tog` cho’qqilarida,

Tutatqilar tutatishayotir qirlarda,

Eman, chinor va qayrag`ochlarning orombaxsh soyalarida.

Ey xalqim, natijada qizlaring fohisha bo’ldi,

Kelinlaring zinoga botdi.

14 Ammo Men fohisha qizlaringni jazolamayman,

Zinokor kelinlaringning adabini bermayman.

Axir, erkaklarning o’zi g`arlar oldiga bormoqda,

Sajdagoh fohishalari bilan ular qurbonliklar keltirmoqda.

Aytilgan–ku, es–hushidan ayrilgan xalq nobud bo’ladi, deya.

15 Isroil xalqi Menga bevafolik qilsa ham,

Bu jinoyatga Yahudo xalqi qo’l urmasin.

Ular sajda qilgani Gilgalga bormasin,

Bayt–Obunga ham oyoq bosmasin.

«Xudo shohid», deya qasam ichishmasin.

16 Ha, eshakday o’jardir Isroil xalqi,

Ko’p o’tmay Men, Egangiz, ularni keng dalaga haydab yuboraman,

Ular yaylovdagi yolg`iz qo’ziga o’xshab qolishadi.

17 Efrayim xalqi ko’ngil bog`ladi butlarga,

Bilganlarini qilishsin, qo’ying ularni o’z holiga!

18 Aysh–ishratdan keyin ular fahshga berilishar.

Ularning yo’lboshchilari behayolikni yaxshi ko’rar.

19 Quyun ularni supurib ketadi.

Butlarga qilgan qurbonliklari tufayli sharmanda bo’lishadi.”

1 Egamiz shunday deydi:

“Ey ruhoniylar, eshiting buni!

Diqqat qilgin, Isroil xalqi!

Quloq solgin, shoh xonadoni!

Sizning ustingizdan hukm ketyapti.

Sizlar Mispaxda odamlar uchun tuzoq bo’ldingiz,

Tovur tog`ida yoyilgan to’r bo’ldingiz.

2 Qabih ishlarga botib ketdingiz!

Men hammangizning adabingizni beraman.

3 Ey Efrayim, juda yaxshi bilaman seni,

Isroil, Mendan yashira olmassan o’z qilmishingni.

Sen, Efrayim, Xudoga bevafo bo’lding,

Ey Isroil, o’zingni harom qilding.

4 Men Xudoyingman,

Ammo qilmishlaring Menga qaytib kelishingga yo’l qo’ymas.

Men, o’z Egangni sen bilmaysan,

Chunki qalbing shahvatga to’lgan.”

5 Isroilning mag`rurligi o’ziga qarshi guvohlik beryapti,

U jinoyatlari tufayli qulaydi.

Yahudo ham u bilan birga yiqiladi.

6 Isroil Egamizning iltifotini izlaydi,

Qo’y–mollarini qurbonlik qiladi,

Ammo Egamizni topa olmaydi,

Chunki Egamiz uni tark etgan.

7 U Egamizga xiyonat qildi,

Begonalardan nikohsiz bolalar tug`di.

Ko’p o’tmay u mulki bilan birga xarob bo’ladi.

Isroil bilan Yahudo orasidagi urush

8 Egamiz shunday deydi:

“Burg`u chaling Givoda!

Karnay chaling Ramada!

Bayt–Obunda bong uring!

Ey Benyamin, ortingdan dushman kelyapti!

9 Jazo kuni Efrayim xarob bo’ladi.

Isroil qabilalariga e`lon qilgan bu so’zlarim

Albatta ro’yobga chiqadi.

10 Yahudo shahzodalari chegarani buzgan firibgarlarga o’xshaydi,

Men ularning ustiga O`z qahrimni jaladay yog`diraman.

11 Axir, Efrayim butlarga ergashishni afzal ko’rdi,

Endi u ezilib, hukmga bardosh bera olmaydi.

12 Men Efrayimni kuyaday emiraman,

Yahudo xalqini qurtday kemiraman.

13 Efrayim o’z betobligini tushungach,

Yahudo o’z yaralarini ko’rgach,

Efrayim Ossuriyaga bordi,

Buyuk shohni yordamga chaqirdi.

Ammo shoh ularni davolay olmaydi,

Yaralariga shifo bera olmaydi.

14 Men Efrayimga sherday hujum qilaman,

Yahudo xalqiga yosh arslonday tashlanaman.

Ularni O`zim tilka–pora qilaman,

Sudrab, O`zim bilan olib ketaman.

Ularni hech kim xalos eta olmas.

15 Ular o’z aybini bo’yniga olguncha,

Chin dildan Menga intilguncha,

Men O`z makonimga qaytib ketaman.

Balki qayg`uli damlarida ular Menga qaytishar.”

Odamlarning soxta tavbasi

1 Bu xalq shunday deydi:

“Kelinglar, Egamizga qaytaylik!

U bizni tilka–pora qildi,

Shifoni ham O`zi beradi.

Bizni yarador qildi,

Yaralarimizni O`zi bog`laydi.

2 Uning huzurida yashay olishimiz uchun,

Ikki kunda bizni hayotga qaytaradi,

Uchinchi kuni oyog`imizga turg`izadi.

3 Kelinglar, Egamizni bilishga intilaylik.

Tong otishi muqarrar bo’lganday,

U albatta bizga zohir bo’ladi,

Kuz va bahorda yomg`ir yog`ishi tabiiy bo’lganday,

U albatta oldimizga keladi.”

Isroilning soxta sadoqati va oladigan jazosi

4 Egamiz shunday deydi:

“Seni nima qilay, ey Efrayim?!

Seni nima qilay, ey Yahudo?!

Sening sevging tongdagi tumanday tez g`oyib bo’lar,

Sahardagi shudring kabi bug`lanib ketar.

5 Shuning uchun so’zlarim bilan seni o’lguday savaladim,

Payg`ambarlarim orqali seni chopib tashladim.

Chiqargan hukmim chaqmoq kabi seni uradi.

6 Zero, Men qurbonlikni emas,

Rahm–shafqatni istayman,

Kuydirilgan qurbonliklarni emas,

Meni tanib–bilishingni afzal ko’raman.

7 Xalqim Odam Atoday ahdni buzdi,

Evoh, Menga bevafolik qildi.

8 Gilad — yovuzlarning shahridir,

Ko’chalari qon dog`lariga to’ladir.

9 Ruhoniylar qaroqchilarga o’xshaydi,

Ular pistirmada yotib, qurbonini poylashadi.

Shakam shahri yo’lida qotilliklar qilishadi,

Ha, ular mudhish jinoyatlarga qo’l urdi.

10 Men Isroilda dahshatli hodisani ko’rdim:

Efrayim bevafolik qildi!

Isroil o’zini bulg`adi!

11 Ey Yahudo, sen uchun ham o’rim payti belgilandi.

Men xalqimni yana farovonlikka erishtirmoqchi bo’lganimda,

1 Isroilni shifolamoqchi bo’lib turganimda,

Uning buzuqligi oshkor bo’ldi,

Samariyaning jinoyatlari ochildi.

Ular makkorona ish tutishadi,

O`g`rilar xonadonlarni o’marishadi,

Qaroqchilar yo’lto’sarlik qilishadi.

2 Qilgan barcha qabihliklari yodimda,

Biroq ular buni xayoliga keltirmaydi.

Mana, ular gunohlarga botishdi,

Ko’z o’ngimda bu gunohlar gavdalanadi.

Saroydagi fitnalar

3 Odamlar shohni yovuzliklari bilan xushnud qilar,

Ular beklarni hiylalari bilan shod etar.

4 Ularning hammasi sadoqatsiz va makkor,

Lovullagan tandirga o’xshaydi.

Novvoy xamirini qorib bo’lguncha,

Xamir oshib tayyor bo’lguncha,

Hatto olov kovlashga ham ehtiyoj yo’q.

5 Shoh ziyofat bergan kuni

Beklar shohga maydan ichirishdi,

Shoh mazaxchilar bilan hamtovoq bo’ldi.

6 Ularning yuraklari tandirga o’xshaydi,

Shohga qarshi ular fitna uyushtiradi,

Kechasi bilan g`azabi cho’g`day tutab yotadi,

Saharga kelib, olovday lovullab yonadi.

7 Tandirday qizishgan bu hamma odamlar,

Hukmdorlarini yamlamay yutyaptilar.

Natijada shohlari birin–ketin nobud bo’lyapti,

Ammo birontasi ham Menga iltijo qilmayapti.”

Isroil va o’zga xalqlar

8 Efrayim boshqa xalqlarga qorishgan.

U xom pishgan nonga o’xshab qolgan.

9 O`zga xalqlar uning kuchini kesdi,

U esa buni anglamaydi.

Sochlari oqarib bo’ldi,

U esa buni payqamaydi.

10 Isroilning mag`rurligi

O`ziga qarshi guvohlik beradi.

Boshiga tushgan kulfatlarga qaramay

Isroil o’z Egasi Xudoga qaytmaydi,

Yuzini Unga burmaydi.

11 Egamiz shunday deydi:

“Efrayim kabutarga o’xshar,

Ham befarosat, ham ovsar.

U Misrdan yordam so’raydi,

Pir etib Ossuriyaga uchadi.

12 Uchganda, Men unga to’r tashlayman,

Ovlangan qushday erga tushiraman.

To’dalashganini eshitsam, jazosini beraman.

13 Xalqimning holiga voy!

Axir, ular Mendan uzoqlashdi!

Endi nobud bo’lishadi!

Axir, Menga qarshi bosh ko’tarishdi!

Ularni xalos qilardim–u,

Ammo Menga yolg`on gapirishdi.

14 Ular Menga chin dildan iltijo qilmaydi,

Ammo to’shaklarida yotib, faryod chekishadi.

Butparastlarday badanlarini tilib,

Bug`doy va sharob talab qilishadi.

Menga qarshi bosh ko’tarishadi.

15 Men O`zim ularni boqdim, kuchaytirdim,

Ular esa Menga qarshi fitna qiladi.

16 Hamma yoqdan madad izlaydi,

Men, Xudoyi Taologa esa yuz burmaydi.

Ular yaroqsiz bir kamonga o’xshaydi,

Ularga aslo ishonib bo’lmaydi.

Beklari haqoratli so’zlar aytganlari uchun

Qilichdan halok bo’ladi.

Bu qilmishlari uchun

Misrda kulgi bo’lishadi.”

Butparast Isroil xalqi hukm qilinadi

1 Egamiz shunday deydi:

“Qani bo’ling, bong uring!

Dushman burgutday xonadonimga hujum qilmoqda.

Axir, xalqim ahdimni barbod qildi,

Ular qonunimni buzdi.

2 Isroil xalqi Menga faryod qiladi:

«Ey Xudoyim, Seni tan olamiz», deb aytadi.

3 O`zlari esa ezgulikni rad etishdi,

Dushmanlar ularni ta`qib qiladi.

4 Ular roziligimni so’ramay shohlar tanlashdi,

Ijozatimni olmay, mulozimlar tayinlashdi.

Oltinu kumushlaridan butlar yasashdi,

Shu orqali boshlariga halokat keltirishdi.

5 Samariyaliklarning oltin buzog`ini Men rad etdim!

Ularga qarshi alanga olgandir Mening g`azabim.

Qachon ular o’zlarini poklab olishadi?

6 Butni Isroillik hunarmand yasagan–ku,

But Xudo emas!

Samariya shahrining buzog`i parchalanib tashlanadi.

7 Shamolni ekkan odam bo’ronni o’rib olar.

Bug`doy boshoqsiz bo’lsa, xalq nonga zor bo’lar.

Bug`doyingiz boshoq tukkan taqdirda ham,

Uni begonalar eb ado qilar.

8 Boshqa xalqlar orasida Isroil ado bo’ldi,

Qadrsiz sopol idishga u o’xshab qoldi.

9 Yolg`iz daydigan qulonday u,

Ossuriyaga yordam so’rab bordi.

Efrayim o’zini o’ynashlariga sotdi.

10 U boshqa xalqlarga sotilgan bo’lsa ham,

Men uni yig`ib olaman.

Ossuriya shohining zulmi ostida

U tezda xazon bo’ladi.

11 Efrayim gunohlarini yuvmoqchi bo’ldi,

Qurbongohlar qurib tashladi.

Qurbongohlar esa gunoh makoni bo’lib qoldi.

12 Men bu xalqqa ko’plab qonunlar yozdim,

Biroq qonunlarimni ular yot deb biladi.

13 Ular Men, Egasiga a`lo qurbonliklar keltirishsa ham,

Qurbonlik go’shtidan tanovul qilishsa ham,

Men ulardan mamnun bo’lmayman.

Men jinoyatlarini esga olaman,

Gunohlari uchun jazosini beraman.

Ular Misrga qaytib ketadi.

14 Isroil o’z Yaratuvchisini unutib, saroylar qurdi.

Yahudo ko’plab shaharlarni mustahkam qildi.

Men esa shaharlariga o’t qo’yaman,

Qal`alarini olovga em qilaman.”

Isroil xalqi jazolanadi

1 Ey Isroil, bas qil shodligingni!

Boshqa xalqlarday nishonlading sen bayramingni!

Sen Xudoga bevafolik qilding.

Baalga fohishaday sajda etding,

Olgan hosilingni Baaldan to’lov deb bilding.

2 Endi xirmonu sharob meshlaring senga etarlicha ozuqa bermas,

Yangi sharobing chanqog`ingni bosmas.

3 Sen Egamizning yurtida qolmaysan,

Misrga qaytib ketasan.

Ha, Ossuriyada harom ovqat eysan.

4 Egamizga sharob nazr qila olmaysan,

Keltirgan qurbonliklaring Unga ma`qul bo’lmaydi.

Bunday qurbonliklar azadorning noniga o’xshaydi,

Undan eganlarning hammasi bulg`anadi.

Zero, keltirgan qurbonliklaring qorin uchun, xolos,

Bunday qurbonliklar Egamizning uyiga kiritilmaydi,

Egamizga ular nazr qilinmaydi.

5 Ey Isroil, endi sen tayinlangan bayramlarni o’tkaza olmaysan!

Egamizning muqaddas yig`inlarini nishonlay olmaysan!

6 Sen ofatdan qochib qutulsang ham,

Misr senga changalini soladi,

Poytaxti Nuf senga qabr bo’ladi.

Kumush xazinalaring yantoqqa nasib bo’ladi,

Xaroba uylaringni tikanak o’t bosadi.

7 Ey Isroil, bilib qo’ygin:

Hisob–kitob vaqti keldi!

Jazo olish payti etdi!

Ko’plab gunohlaring sababli,

Cheksiz adovating tufayli,

Sen payg`ambarlarni ahmoq hisoblaysan,

Ruhdan ilhomlangan odamlarni telba deb bilasan.

8 Ey Efrayim,

Xudoyim payg`ambarlarni senga posbon qildi.

Ammo sen ularni tuzoqqa tushirding,

Xudosining yurtida ularga adovat qilding.

9 Givoda razillik qilgan ajdodlaringga o’xshab qolding,

Ularday yaramas ishlarga berilib ketding.

Ammo Xudo jinoyatingni esga oladi,

Gunohingga yarasha jazoingni beradi.

Isroilning gunohi va uning oqibati

10 Egamiz shunday deydi:

“Men Isroilni ilk bor topganimda,

Sahroda uzum solgan tokni topganday bo’ldim.

Ha, ota–bobolarini birinchi ko’rganimda,

Anjirning chillaki mevalarini ko’rganday bo’ldim.

Ammo ular Piyor tog`iga kelganda,

O`zlarini sharmanda Baalga bag`ishladilar.

Ko’ngil qo’ygan o’sha butday jirkanch bo’lib qoldilar.

11 Efrayimning shuhrati qushday uchib ketadi.

Ularda na farzand tug`iladi,

Na ayollari homilador bo’ladi,

Na pushti kamaridan bola bino bo’ladi!

12 Farzand o’stirish nasib qilgan taqdirda ham,

Birontasini qoldirmay yo’q qilaman.

Holiga voy, ularni tark etaman!

13 Men Efrayimni ko’rganimda,

U Tir shahriga o’xshardi,

Go’zal erda joylashgandi.

Ammo endi Efrayim o’z bolalarini

Qotil oldiga olib chiqadi.”

14 Ey Egam, bu xalqingga Sendan nima tilay?!

Ayollarini bepusht qilgin,

Emiza olmaydigan qilgin.

15 Egamiz shunday deydi:

“Ularning har bir qabihligi Gilgaldan boshlangan,

O`sha erda nafratlana boshladim ulardan.

Qabih qilmishlari uchun

Ularni yurtimdan haydab chiqaraman.

Endi ularga mehr qo’ymayman.

Ularning hamma beklari Menga qarshi bosh ko’targan.

16 Efrayim quladi,

Uning ildizlari quridi,

Meva berishga u ojiz bo’ldi.

Farzand ko’rgan taqdirda ham,

Avaylagan zurriyotini o’ldiraman.”

17 Isroil xalqini Xudoyim rad etadi,

Ular Xudoga itoat qilmadi.

Xalqlar orasida darbadar bo’lishadi.

Isroil gunohkorligi uchun surgun qilinadi

1 Isroil gurkiragan,

Hosildor tok kabidir.

Ammo hosili ko’paygani sari,

U ko’plab qurbongohlar qurdi.

Yurti ravnaq topgani sari,

Butsimon toshlariga zeb berdi.

2 Sadoqatsiz bu xalq endi ta`zirini eydi.

Egamiz qurbongohlarini vayron qiladi,

Butsimon toshlarini sindirib tashlaydi.

3 Ko’p o’tmay ular aytishadi:

“Biz Egamizdan qo’rqmadik,

Shuning uchun shohimizdan ayrilib qoldik.

Ammo shohning qo’lidan nima ham kelardi?!”

4 Ular bema`ni gaplar gapirmoqda,

Soxta qasamlar ichib, ahdlar tuzishmoqda.

Natijada egatlardagi zaharli o’tday,

Da`volar unib chiqmoqda.

5 Samariya ahli Bayt–Obundagi

Oltin buzog`idan xavotir oladi,

Uning uchun ular aza tutishadi.

Butidan xursand bo’lgan ruhoniylar ham

But surgun bo’lganidan yig`lashadi.

6 Butning o’zi Ossuriyaga olib ketiladi,

Buyuk shohga taqdim qilinadi.

Efrayim sharmanda bo’ladi,

Umidini butga bog`lagani uchun

Isroil uyatga qoladi.

7 Samariya shohi suvga g`arq bo’lgan payrahaday

Halok bo’ladi.

8 Isroilning gunohiga sabab bo’lgan

Obundagi sajdagohlar yo’q qilinadi.

Qurbongohlarini yantog`u tikan bosadi.

Odamlar tog`larga: “Bizni bosib qolinglar!” deya baqirishadi.

Qirlarga: “Ustimizga qulanglar!” deb yolvorishadi.

Isroil ustidan Egamiz O`z hukmini e`lon qiladi

9 Egamiz shunday demoqda:

“Ey Isroil, sen Givoda gunoh qila boshlading,

O`sha erda gunohdan chiqmay qoldi sening boshing.

Givodagi jinoyatchilar jazosini olganday,

Sen ham jazodan qochib qutula olmaysan.

10 Men xohlagan paytimda jazoingni beraman.

Senga qarshi xalqlarni birlashtiraman.

Ikki barobar ko’paygan jinoyatlaring uchun

Dushmanlar senga kishan soladi.

11 Efrayim o’rgatilgan buzoqqa o’xshardi,

Yanchishni u xo’p yaxshi ko’rardi.

Mana endi uning go’zal bo’yniga,

Men bo’yinturuq taqaman.

Endi unga omoch torttiraman.

Qani, Yahudo shudgor qilsin!

Efrayim o’zi uchun mola bossin!

12 Ey Isroil, o’zingiz uchun solihlik urug`ini eking,

Cheksiz sevgini o’rib oling.

Haydalmagan eringizga ishlov bering,

Vaqt keldi! Men, Egangizga intiling!

Shunda Men oldingizga boraman,

Yomg`ir yog`dirganday, sizga najot beraman.

13 Sen yovuzlikni ekding,

Adolatsizlikni o’rib olding,

Yolg`onning mevasidan eding.

Sen o’z kuchingga tayanganing uchun,

Son–sanoqsiz sipohlaringga ishonganing uchun,

14 Jangu jadallar seni chetlab o’tmaydi.

Shoh Shalman Bayt–Arbelni jangda vayron qilganday,

Xotinlarni bola–chaqalari bilan toshga urib o’ldirganday,

Hamma shaharlaring vayron bo’ladi.

15 Ey Baytil, sen qabihliklar qilganing uchun,

Bu kunlar boshingga tushadi.

Tong otgach, ey Isroil, shohing o’ldiriladi.”

Xudoning isyonkor xalqiga bo’lgan muhabbati

1 Egamiz shunday deydi:

“Men Isroilni bolaligida yaxshi ko’rar edim,

O`z o’g`lonimni Misrdan chaqirib olgan edim.

2 Uni qancha ko’p chaqirsam,

Mendan shuncha ko’p uzoqlashardi.

Baalga qurbonliklar keltirardi,

Butlarga tutatqilar nazr qilardi.

3 Efrayimga yurishni Men o’rgatgan edim,

Uni qo’llarimda ko’tarib yurgan edim.

Ammo qilgan g`amxo’rligimni u bilmadi.

4 Men esa uni mehr ila etaklagandim,

Muhabbat rishtalari ila olib yurgan edim.

Bo’ynidan bo’yinturuqni olib tashlagandim,

Muloyimlik bilan uni boqqandim.

5 Xalqim tavba qilishdan bosh tortdi.

Shuning uchun Men ularni endi

Misrga jo’natib jazolayman,

Ha, zolim Ossuriyaga tobe qilaman.

6 Shaharlarida qilich hukm suradi,

Darvozalarining tambalarini yo’q qiladi.

Yovuz rejalari tufayli xalqim qilichdan halok bo’ladi.

7 Qachon qaramang, ular Mendan yuzini o’girishadi.

Payg`ambarlarim xalqni Menga qaytishga da`vat qilsa–da,

Xalq Mendan — Xudoyi Taolodan madad tilamaydi.

8 Ey Efrayim, qanday qilib sendan voz kechay?!

Ey Isroil, qanday qilib seni tashlab ketay?!

Admani yo’q qilganimday, seni yo’q qila olarmikanman?!

Zavo’yimga qilganimni senga qila olarmikanman?!

Bunday qilishga yuragim betlamas aslo!

Senga bo’lgan mehrim uyg`ondi.

9 Yo’q, sochmayman senga qahr–g`azabimni,

Ey Efrayim, qayta barbod qilmayman seni,

Zero, Men Xudoman, inson emas,

Orangizdagi Muqaddas Xudoman,

Oldingizga jahl bilan bormayman.

10 Men, Egangiz, sherday o’kiraman,

O`shanda xalqim ortimdan ergashadi,

Ovozimni eshitgach, farzandlarim g`arbdan shoshib kelishadi.

11 Ular qushlarday uchib keladi Misrdan,

Kaptarlarday etib keladi Ossuriya yurtidan.

Men ularni uylariga eltib qo’yaman.

— Egamizning kalomi shudir. —

Isroil va Yahudoni Xudo ayblaydi

12 Efrayim atrofimni yolg`on bilan o’rab tashladi,

Isroil xonadoni Meni hiylaga ko’mib tashladi.

Yahudo xalqi Menga qarshi bosh ko’tardi,

Men, Muqaddas Xudoga ular itoat qilmayapti.”

1 Efrayim garmsel boqib yurar,

Kun bo’yi sharqdan esgan shamol ketidan quvar.

Yolg`onu zo’ravonlikni u orttirar.

Ossuriya bilan sulh tuzib,

Zaytun moyini Misrga jo’natar.

2 Yahudoga Egamiz da`vo qiladi.

Yoqub naslining ta`zirini U beradi,

Tutgan yo’liga yarasha uni jazolaydi.

3 Onasining qornidayoq Yoqub akasi bilan talashgan,

Ulg`aygach esa Xudo bilan olishgan.

4 Ha, farishta bilan olishib, uni enggan edi,

Keyin yig`lab, iltifot qilishini so’ragandi.

Baytilda Yoqub Xudoni topgandi,

O`sha erda Xudo bilan suhbat qurgandi.

5 Parvardigori Olam — Egamiz O`shadir,

Egamizdir Uning nomi!

6 Ey Yoqub nasli, Xudoyingizga qayting.

Sevgi va adolatga intiling,

Sabr–toqat ila Xudodan umid qiling.

7 Egamiz shunday deydi:

“Xalqim tarozidan urgan savdogarga o’xshaydi,

Firibgarlik qilishni ular xo’p yaxshi ko’radi.

8 «O, men boyman,

— deb maqtanasan, ey Efrayim. —

Men o’zimga davlat orttirdim,

Borimni peshana terim bilan topdim.

Hech kim meni gunohda ayblay olmas.»

9 Ammo Egangiz Xudo — Menman,

Seni Misrdan olib chiqqanman.

Men senga sahroda zohir bo’lar edim,

O`sha davrdagiday seni yana chodirlarda yashattiraman.

10 Men payg`ambarlarga gapirgandim,

O`zim ularga ko’p vahiylar bergandim,

Ular orqali seni, ey xalqim, ogohlantirgan edim.

11 Ammo Giladdagi yovuzlik to’xtamadi,

Gilgalda buqalar butlarga atalib

Hamon qurbonlik qilinmoqda.

Shuning uchun Gilad ahli albatta barham topadi,

Gilgaldagi qurbongohlar buzib tashlanadi,

Ular shudgor qilinadigan dalalardan

Uloqtirib tashlangan toshlarday bo’lib qoladi.”

12 Yoqub Oram yurtiga qochib bordi,

Xotin olish uchun u qulday ishladi,

Qalin evaziga qo’ylar boqdi.

13 Egamiz vaqti kelib payg`ambar yubordi,

Yoqub naslini Misrdagi qullikdan olib chiqdi,

O`sha payg`ambari orqali ularni boqdi.

14 Ammo Efrayim Egamizni qattiq ranjitdi.

To’kkan qon uchun Efrayimni Rabbiy jazolaydi,

Uni haqoratlagani uchun adabini beradi.

Isroil ustidan chiqarilgan so’nggi hukm

1 Egamiz shunday deydi:

“Ilgari Efrayim gapirganda hammani titroq bosardi,

Isroilda uning martabasi ulug` edi.

Ammo Efrayim Baalga sajda qilib, gunoh orttirdi,

Shunday qilib, o’zini o’limga mahkum etdi.

2 Hozir ham xalqim gunoh ustiga gunoh qilishar.

O`zlariga butlar yasashar,

Kumushdan mahorat bilan sanamlar ishlashar,

Bularning barchasi bor–yo’g`i hunarmandning ishi–ku!

Mening xalqimga shunday deb aytishyapti:

«Butlarga qurbonliklar keltiringlar!

Oltin buzoqlarni o’pinglar!»

3 Shuning uchun ular tonggi tumanday bo’ladi,

Birpasda g`oyib bo’ladigan shudringga o’xshab qoladi.

Shamol xirmondan uchirgan to’ponday ular g`oyib bo’ladi,

Mo’ridan chiqadigan tutunga o’xshab qoladi.

4 Ammo Egangiz Xudo — Menman.

Ey Isroil, seni Misrdan olib chiqqanman.

Mendan boshqa Xudoni sen bilmaysan,

Mendan boshqa yo’qdir najotkoring.

5 Men sahroda senga g`amxo’rlik qildim,

Suvsiz qaqragan cho’lda seni boqdim.

6 Serhosil o’lkada qorningni to’yg`izdim,

Ammo qorning to’ygach, manman bo’lib ketding,

Shu sababdan sen Meni unutding.

7 Endi Men yo’lingni qoplonday poylayman,

Senga bir sherday hujum qilaman.

8 Bolalaridan ayrilgan ona ayiq kabi tashlanaman,

Seni tilka–pora qilaman.

O`sha joydayoq seni sherday g`ajiyman,

Yirtqichga o’xshab seni qonga belayman.

9 Ey Isroil, o’z boshingga o’zing balo orttirding,

Axir, Menga — O`z Madadkoringga qarshi chiqding.

10 Shaharlaringni qutqaradigan shohing qani?!

«Bizga shohu hokimlar ber», deb so’ragan boshliqlaring qani?!

11 Men jahl ustida senga shohlarni berdim,

G`azabga minganimda ularni olib tashladim.

12 Efrayimning jinoyati yozib qo’yilgan,

Ha, uning gunohi kitobga bitilgan.

13 Isroilning yashashga imkoniyati bor edi,

Ammo u nodon bolaga o’xshadi,

Onani to’lg`oq tutganda,

U qorindan chiqishni xohlamadi.

14 Men bu xalqni o’liklar diyoridan qutqararmikanman?!

Ularni o’limdan xalos qilarmikanman?!

Ey o’lim, qirg`in olib kelgin!

Ey o’liklar diyori, halokatli kuchingni ko’rsatgin!

Endi Men rahm–shafqat qilmayman.”

15 Isroil qarindoshlari orasida

Serpusht va farovon bo’lsa–da,

Egamiz uning ustiga sharq shamolini yuboradi,

Sahrodan esgan garmselni jo’natadi.

Isroilning bulog`ini quritadi,

Uning chashmasini qovjiratadi.

Xazinasidagi qimmatbaho ziynatlarini tortib oladi.

1 Samariya aholisi o’z Xudosiga qarshi bosh ko’tardi,

Endi ular gunohining jazosini tortadi.

Ular qilichdan halok bo’ladi,

Go’daklarini dushmanlar erga urib o’ldiradi,

Homilador ayollarning qorinlarini yoradi.

Xo’sheya Isroil xalqiga xitob qiladi

2 Ey Isroil, Egang Xudoga qaytgin!

Axir, gunoh tufayli sen qulading.

3 Gapingni tayyorlab, Egamizga qayt.

Sen Unga shunday deb ayt:

“Gunohlarimizdan kechib yuborgin,

Ibodatimizni qabul qilgin.

Qurbongohingda buqalarni qurbonlik qilganday,

Biz Senga madhiyamizni nazr qilamiz.

4 Ossuriya bizga najot bermaydi,

Biz jangovar otlarga minmaymiz.

Qo’l bilan yasalgan butlarni

Endi biz «xudolarimiz» deb atamaymiz.

Ey Egamiz, biz — etimlarga

Faqat Sen rahm–shafqat qilasan.”

Isroilga Egamiz yangi hayot va`da qiladi

5 Egamiz shunday deydi:

“Men xalqimga shifo berib,

Ularni bevafolikdan qaytaraman,

Ularga qayta ko’ngil qo’yaman,

Men jahldan tushdim.

6 Men Isroil uchun shudringday bo’laman,

Shunda Isroil nilufarday ochiladi,

Lubnon o’rmoniday tomir otadi.

7 Ularning novdalari o’sib chiqadi,

Zaytun daraxtidek ko’rkam bo’ladi,

Lubnon sadriday muattar hid taratadi.

8 Ularning soyasida xalqlar yashaydi.

Isroil mo’l bug`doy etishtiradi,

Ular uzumzorday ko’p hosil berishadi,

Lubnon sharobiday mashhur bo’lishadi.

9 Ey Efrayim, Men butlaringga aslo o’xshamayman!

Sening ibodatlaringga javob beraman,

Senga g`amxo’rlik qilaman.

Men doim yashil sarv daraxti kabidirman,

Olgan mo’l hosilingning manbaidirman.”

Xotima

10 Kim dono bo’lsa,

Bu erda yozilgan so’zlarni tushunadi,

Kim fahm–farosatli bo’lsa,

Bularning hammasini anglab oladi.

Egamizning yo’llari to’g`ridir.

Solihlar Uning yo’llaridan yuradi,

Isyonchilar esa qoqilib tushadi.