Filimo’n
Duoyi salom
1 Iso Masihga qilgan xizmatim tufayli qamoqda bo’lgan men — Pavlusdan hamda birodarimiz Timo’tiydan sevikli hamkorimiz Filimo’nga salom!
2 Singlimiz Affiya bilan safdoshimiz Arxippusga, shuningdek, xonadoningda yig`ilib turadigan imonlilar jamoatiga ham salom yo’llaymiz.
3 Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin.
Xudoga shukrona
4 Ey Filimo’n, men ibodat qilganimda seni eslab, har doim Xudoyimga shukur aytaman.
5 Chunki sening Rabbimiz Isoga bo’lgan imoning va barcha aziz birodarlarga bo’lgan muhabbating haqida eshitib turibman.
6 Ibodatim shuki, birgalikda baham ko’rayotgan imonimiz sening hayotingda samara bersin. Iso Masih uchun qilishimiz kerak bo’lgan yaxshiliklarni chuqurroq tushunishingga olib kelsin.
7 Birodarim, sen tufayli birodarlarning ko’ngli tinch. Sening mehr–muhabbating menga katta sevinch va tasalli berdi.
Pavlus qul O`nisimus uchun iltimos qiladi
8 Filimo’n, sen ham, men ham Masihga ishonamiz. Shuning uchun men senga, o’z burchingni bajargin, deb buyurishga haddim sig`adi.
9 Ammo sen meni yaxshi ko’rganing uchun iltimos qilishni afzal ko’rdim. Iso Masih tufayli qamoqda bo’lgan, yoshi o’tib qolgan men, Pavlus,
10 mahbusligimda imon orqali menga o’g`il bo’lib qolgan O`nisimus uchun sendan iltimos qilyapman.
11-12 O`nisimus bir vaqtlar senga foydasiz edi. Endi esa u senga ham, menga ham foydalidir. Ko’zimning oqu qorasiday bo’lib qolgan O`nisimusni sening oldingga qaytarib yubordim.
13 Men Xushxabarni targ`ib qilganim uchun qamoqda yotibman. O`nisimusning yonimda qolishini, sening o’rningga menga xizmat qilishini xohlar edim.
14 Ammo sening roziligingsiz hech bir ish qilishni xohlamadim, chunki sening iltifotingni majburiy emas, balki ixtiyoriy bo’lishini istadim.
15 Balki, sen O`nisimusni abadiy qaytarib olishing uchun u sendan vaqtinchalik ajralgandir.
16 Endi u senga faqatgina qul emas, balki quldan yuqori, sevikli birodaringdir. Men uni juda qadrlayman. Ishonchim komilki, u senga qul sifatida ham, Rabbimiz Iso orqali birodaring sifatida ham yanada qadrliroqdir.
17 Agar sen meni Rabbimiz xizmatidagi safdoshing deb bilsang, O`nisimusni meni qabul qilganday qabul qilgin.
18 Mabodo, u senga zarar keltirgan bo’lsa yoki sendan qarzdor bo’lsa, buni mening zimmamga yukla.
19 Men, Pavlus, quyidagini o’z qo’lim bilan yozyapman: men qarzingni to’layman. Sen o’z hayoting uchun mendan qarzdor ekanligingni aytishimning esa hojati yo’q.
20 Ha, birodarim, Rabbimiz Iso tufayli mendan bu iltifotingni ayama! Masih haqi–hurmati jonimga oro kirgin!
21 Sen mening so’zlarimga quloq solib, aytganlarimni qilasan, ha, bundan ham ko’prog`ini bajarasan, deb ishonganim uchun bularni yozdim.
22 Bundan tashqari, menga biror turar joy ham tayyorlab qo’ygin. Chunki Xudo ibodatlaringizni eshitib, meni yana sizlarning oldingizga qaytarishiga ishonaman.
So’nggi salomlar
23-24 Men bilan birga Iso Masih nomi uchun mahbus bo’lgan Epafras, hamkorlarim Mark, Aristarxus, Dimas, Luqo senga salom yo’llayaptilar.
25 Rabbimiz Iso Masihning inoyati sizlarga yor bo’lsin.