Ayub

Ayub

Shayton Ayubni sinaydi

1 Bir vaqtlar Uz degan yurtda Ayub ismli bir odam yashar edi. Bu odam aybsiz va solih edi. U Xudodan qo’rqardi, fosiqlikdan yuz o’girgan edi.

2 Uning etti o’g`li va uch qizi bor edi.

3 Uning yana etti mingta qo’yi, uch mingta tuyasi, omochga qo’shiladigan besh yuz juft ho’kizi, besh yuzta eshagi va juda ham ko’p xizmatkorlari bor edi. Bu kishi sharqda yashaydiganlar orasida eng buyuk odam edi.

4 Ayubning o’g`illari bir–birlarining uylariga borib, ziyofatlar uyushtirishar, opa–singillarini ham mehmonga chaqirishar edi.

5 Ziyofatlar tugagandan keyin Ayub farzandlarini chaqirtirardi. “Farzandlarim yuraklarida Xudoni la`natlab, gunoh qilgan bo’lishlari mumkin”, deya erta tongda ularning har biri uchun kuydiriladigan qurbonliklar keltirib, ularni poklardi. Ayub har doim shunday qilar edi.

6 Bir kuni ilohiy zotlar Egamizning oldiga kelishdi. Ularning orasida shayton ham bor edi.

7 Shaytondan Egamiz:

— Qaerdan kelyapsan? — deb so’radi.

Shayton:

— Er yuzining u yog`idan bu yog`iga yurib, aylanib chiqdim, — deb javob berdi.

8 Shaytonga Egamiz shunday dedi:

— Qulim Ayubni ko’rdingmi? Er yuzida unga o’xshagan hech kim yo’q. U aybsiz va solih odam. Mendan qo’rqadi, fosiqlikdan yuz o’girgan.

9 Shayton shunday javob berdi:

— Ayub bekordan–bekorga Sendan qo’rqarmidi?!

10 Uning xonadonini, o’zini, bor narsasini himoya qilasan–ku! Har bir qilgan ishiga baraka berasan. Qara, uning mol–qo’ylari butun yurt bo’ylab yoyilib ketgan.

11 Hozir undan bor narsasini olib qo’ygin–chi! U yuzingga qarab Seni la`natlaydi.

12 Shaytonga Egamiz shunday dedi:

— Mayli, Ayubning bor–budi senga, faqatgina uning o’ziga qarshi qo’l ko’tarma!

Shunday qilib, shayton Egamizning huzuridan ketdi.

Ayub bor–budidan mahrum bo’ladi

13 Bir kuni Ayubning farzandlari ziyofat qilib o’tirishgan edi. Ular eng katta akalarining uyida yig`ilgandilar.

14 Ayubga bir xizmatkori quyidagi xabarni keltirdi: “Ho’kizlaringizni omochga qo’shib, er haydayotgan edik. Eshaklar oldimizda o’tlab yurgandi.

15 Bir to’da Savoliklar bizga hujum qilishdi. Ular hamma hayvonlarni o’g`irlab ketishdi. Dalada ishlayotganlarning hammasini esa o’ldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”

16 U shu gaplarni aytib ulgurmasdanoq, yana bir xabarchi kelib, shunday dedi: “Osmondan yashin tushib, hamma qo’yu cho’ponlaringizni kuydirib yubordi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”

17 U gaplarini tugatmasdan turib, uchinchi xabarchi kelib shunday dedi: “Uch to’da Xaldeylar kelib, tuyalaringizni o’g`irlab ketishdi. Xizmatkorlaringizni esa o’ldirishdi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”

18 U shu gaplarni aytayotgan ham ediki, yana bir xabarchi kelib dedi: “O`g`il–qizlaringiz eng katta akalarining uyida ziyofat qilib o’tirishgan edi.

19 Birdaniga cho’ldan qattiq shamol turib, uyni to’rtala tomonidan urdi. Uy qulab tushib, farzandlaringizni bosib qoldi. Ularning hammasi halok bo’ldi. Faqatgina men qochib qolishga ulgurdim. Shularni sizga aytishga keldim.”

20 Ayub turib, qayg`udan kiyimini yirtib tashladi. Keyin sochini qirib tashlab, erga muk tushdi.

21 U shunday dedi: “Onamning qornidan yalang`och tushgandim, dunyodan ham yalang`och ketaman. Hamma narsamni Xudo bergan edi, Xudoning O`zi olib qo’ydi. Egamning nomiga hamdu sanolar bo’lsin!”

22 Shuncha ko’rgiliklardan keyin ham, Ayub Xudoni ayblamadi, gunoh qilmadi.

Shayton Ayubni takror sinaydi

1 Bir kuni ilohiy zotlar Egamizning oldiga kelishdi. Shayton ham Egamizning huzuriga keldi.

2 Shaytondan Egamiz:

— Qaerdan kelyapsan? — deb so’radi.

Shayton:

— Er yuzining u yog`idan bu yog`iga yurib, aylanib chiqdim, — deb javob berdi.

3 Shaytonga Egamiz shunday dedi:

— Qulim Ayubni ko’rdingmi? Er yuzida unga o’xshagan hech kim yo’q. U aybsiz va solih odam. Mendan qo’rqadi, fosiqlikdan yuz o’girgan. Sen esa bekorga Meni unga zarar ko’rsatishga undading. Qara, u hali ham solihligida mahkam turibdi.

4 Shayton shunday javob berdi:

— Joniga azob berib ko’r–chi, nima qilar ekan?! Ko’rasan, inson o’z jonini saqlab qolish uchun hamma narsadan voz kechadi.

5 Hozir uning tanasini dardga yo’liqtirgin, u yuzingga qarab Seni la`natlaydi.

6 Shaytonga Egamiz shunday dedi:

— Mayli, Ayubni qo’lingga topshirdim. Uni faqat tirik qoldirgin.

7 Shayton Egamizning huzuridan chiqib, Ayubni boshidan oyog`igacha jirkanchli yaralar bilan qoplab tashladi.

8 Ayub kul uyumlari orasida, sopol parchasi bilan yaralarini qashlab o’tirardi.

9 Xotini unga:

— Hamon solihligingizda mahkam turaverasizmi?! Xudoni la`natlang–da, o’lib qo’ya qoling, — dedi.

10 Ayub esa xotiniga shunday javob berdi:

— Sen ahmoq xotinlarday gapiryapsan. Xudoning qo’lidan yaxshi narsalarni qabul qilamiz–u, yomonlarini olmaymizmi?

Shuncha azob–uqubatdan keyin ham Ayub Xudoga qarshi gapirib, gunoh qilmadi.

Ayubning do’stlari keladi

11 Ayubning boshiga tushgan kulfatlar haqida uning uch do’sti eshitdi. Bular Temonlik Elifaz, Shuvaxlik Bildad va Namaxlik Zo’far degan odamlar edi. Ular yig`ilishib, Ayubga hamdardlik bildirish va tasalli berish niyatida uni ko’rishga keldilar.

12 Do’stlari Ayubni uzoqdan ko’rib taniy olmadilar. Qattiq dod–faryod solib, kiyimlarini yirtishdi, boshlari uzra tuproq sochishdi.

13 Ular Ayub bilan birga etti kun–etti kecha erda o’tirdilar. Mana shu kunlar davomida hech biri Ayubga gapirmadi, chunki u juda qattiq azob chekayotganini ko’rib turar edilar.

Ayubning ilk nutqi: u tug`ilgan kunini la`natlaydi

1 Oxiri Ayub so’z boshlab, o’zi dunyoga kelgan kunni la`natladi.

2 U shunday dedi:

3 “Men tug`ilgan kun qirilib ketsin,

Men yaratilgan kecha la`nati bo’lsin.

4 O`sha kun zulmatga aylanib qolsin!

Hatto Xudo ham shu kunni eslamasin,

O`sha kun hech qachon nur ko’rmasin.

5 Zimziyo zulmat uni qamrasin,

U kunni bulutlar berkitsin,

Quyosh nurini qorong`ilik to’sib qo’ysin.

6 Ha, o’sha kechani zulmat yutib yuborsin!

Yil kunlari orasida hech qachon sanalmasin,

Oylarning hisobiga o’sha kecha kirmasin.

7 O`sha kecha qisir bo’lsin,

Undan shodlik ovozi yangramasin.

8 Maxluq Levitanni chaqirishga qodir bo’lganlar uni qarg`asin,

Ha, la`nat o’qiydiganlar o’sha kechaga qarg`ish yog`dirsin.

9 O`sha kechada tong yulduzlari charaqlamasin.

O`sha kecha yorug`likka umid qilsin–u,

Ammo tong shu`lasini ko’rmasin.

10 Onamning bachadonini berkitmagani uchun,

Meni shuncha qayg`udan xoli qilmagani uchun

O`sha kecha la`nati bo’lsin.

11 Nima uchun o’lik tug`ilmadim?!

Onam qornidan tushiboq, o’lmadim?!

12 Nima uchun onam meni tizzalarida olib o’tirdi ekan?!

Nima uchun meni emizdi ekan?!

13 O`lganimda edi, hozir tinch yotgan bo’lardim.

Uxlab, orom olib yotgan bo’lardim.

14 Vayronalarni tiklashga qodir bo’lgan

Shohu amaldorlar bilan birga bo’lardim.

15 Tillaga boy, uylarini kumushga to’ldirgan

Shahzodalar qatori yotgan bo’lardim.

16 Nima uchun o’lik tug`ilgan boladay bo’lmadim?!

Nima uchun yorug`lik ko’rmagan chaqaloqday ko’milmadim?!

17 Axir, qabrda fosiqlar ham

Fosiqlik qilishdan to’xtaydilar–ku!

Charchaganlar ham dam oladilar–ku!

18 Asirlar u erda jam bo’lib tinch yashaydi,

Nazoratchilarning baqir–chaqiri eshitilmaydi.

19 Katta ham, kichik ham u erda bordir,

Qullar ham nihoyat u erda ozoddir.

20 Nima uchun qiynalganga yorug`lik berilgan,

Qayg`uga botganga esa hayot ato qilingan?!

21 Ular o’limni kutadilar, lekin o’lim kelmaydi,

Qimmatbaho xazinadan ham ko’ra,

Ko’proq o’limni izlaydi ular.

22 O`lim topganlarida ular juda quvonadi,

Shodlikdan boshlari osmonga etadi.

23 Nima uchun yo’lni ko’rolmaydiganlarga yorug`lik berilgan?!

Axir, Xudo ularning yo’lini to’sib qo’ygan–ku!

24 Non eyish o’rniga og`ir uf tortaman,

Chuqur ohu nolalarim suvday oqib chiqyapti.

25 Ha, nimadan qo’rqqan bo’lsam, o’sha boshimga tushdi.

Xavfsiraganlarim sodir bo’ldi.

26 Ko’nglim tinch emas, menda xotirjamlik yo’q,

Tinchlik yo’q, g`am–tashvish esa kelaveradi.”

Elifaz gapiradi: u Ayubni gunohda ayblaydi

1 Shundan keyin Temonlik Elifaz Ayubga shunday dedi:

2 “Bir gap aytsam, xafa bo’lmaysanmi?

Axir, kim gapirmay jim tura oladi?!

3 Sen ko’plarga nasihat qilar eding.

Ojizlarga yordam berar eding.

4 Qoqilganlarga so’zlaring bilan dalda berarding,

Og`ir yuk ostida ezilganlarga kuch bag`ishlarding.

5 Endi esa azob–uqubatga uchraganingda tushkunlikka tushyapsan,

O`z boshingga tushganlardan sarosimada o’tiribsan.

6 Xudodan qo’rqishing umiding bo’lishi kerak emasmi?!

Yo’llaring to’g`riligi senga umid bag`ishlamaydimi?!

7 O`ylab ko’rgin–chi, qachon aybsiz inson halok bo’lgan?!

Biror erda solih kishi hech yo’q qilinganmi?!

8 O`z hayotimda ko’rganman, kim yovuzlik,

G`am–g`ussa eksa, xuddi o’shani o’radi.

9 Xudoning nafasi ularni o’ldiradi,

Xudoning g`azabidan fosiqlar daf bo’ladi.

10 Ularning shernikiday bo’lgan ovozlarini Xudo o’chiradi,

O`sha maxluqlarning tishlarini Xudo sindiradi.

11 O`lja yo’qligidan u sherlar halok bo’ladi,

Shervachchalari ham uzoqlarga tarqalib ketadi.

12 Menga bir so’z yashirincha keldi,

Qulog`imga shivirlab eshitildi.

13 Insonlar chuqur uyquda bo’lganda,

Tashvishli tushlarda bu so’z keldi.

14 Meni qo’rquv–qaltiroq bosdi,

Butun vujudim larzaga keldi.

15 Bir ruh yuzimni silab o’tdi,

Shunda tuklarim tikka bo’lib ketdi.

16 Ruh to’xtab, qimirlamay turdi,

Ammo uni aniq ko’rmadim.

Ko’z oldimda bir sharpa turar edi.

Sukunat cho’kdi, keyin bir ovoz eshitdim:

17 «Insonlar Xudoning oldida solih bo’la oladimi?!

Odamlar Yaratuvchisining oldida pok bo’la oladimi?!

18 Axir, Xudo hatto O`z farishtalariga ishonmaydi–ku,

Ulardan ham ayb topadi–ku!

19 Shunday ekan, tuproqdan yaratilgan insonlardan,

Loydan bino bo’lgan, kuyaday eziladigan

Odamlardan qanchalar ayb topadi?!

20 Axir, ular ertalab bor,

Kechasi esa yo’q bo’lib ketadigan insonlar–ku!

Ularning nomi abadiy o’chib ketadi.

21 Chodirlarining arqonlari uzib tashlanadi,

Ular donolikka etishmay halok bo’ladilar.»

Elifaz gapida davom etadi

1 Qani, Ayub, hozir chaqirib ko’r–chi,

Kim senga javob berar ekan?

Qaysi farishta senga yordamga kelar ekan?

2 Ranj–alam nodonni halok qiladi,

Hasad soddani o’ldiradi.

3 Nodonlarning ildiz otib, ko’karganini ko’rdim,

Birdaniga ularning uylarini la`natladim.

4 Ularning farzandlari xavfdan uzoq bo’lmaydi.

Hukm paytida ularni ezadilar,

Lekin hech kim ularni himoya qilmaydi.

5 Nodonlar etishtirgan hosilni och qolganlar eb qo’yadi,

Hatto tikanlar bilan o’ralganlarini ham olib qo’yadi.

Nodonlarning boyligini chanqaganlar yutib yuboradi.

6 Axir, qayg`u erdan unib chiqmaydi–ku,

G`am–tashvish dalada o’smaydi–ku!

7 Alangadan uchqun sakrab chiqqani kabi,

Inson ham o’zi uchun muammo keltirib chiqaradi.

8 Men Xudoga intilgan bo’lar edim,

O`z arzimni Xudoga aytgan bo’lardim.

9 U shunday buyuk ishlar qiladiki,

Ularga insonning aqli etmaydi.

Xudo ko’rsatgan mo’`jizalarning son–sanog`i yo’q.

10 U er yuziga yomg`ir yog`diradi,

Dalalarni sug`oradi.

11 Xor bo’lganlarni ko’taradi,

Qayg`uga to’lganlarni shodlikka to’ldiradi.

12 U ayyorlarning rejalarini puchga chiqaradi,

Shunda ularning qo’lidan hech narsa kelmaydi.

13 U donolarni o’zlarining ayyorligi orqali tutib oladi,

Egrilarning niyatlarini puchga chiqaradi.

14 Kunduz kuni ham ular zulmatda qolishadi,

Yop–yorug` kunda ham paypaslanib yurishadi.

15 Lekin Xudo faqirlarni egrilarning achchiq so’zlaridan,

Zolimlarning changalidan qutqaradi.

16 Shu bois kambag`allarning umidi bor,

Nohaqlikning esa og`zi yopiladi.

17 Xudoning pand–nasihatini olganlar qanday baxtlidir,

Shuning uchun Qodir Xudoning tanbehini rad qilmagin.

18 Xudo yaralaydi, ammo O`zi bog`lab qo’yadi.

Xudo uradi, lekin yana O`zi shifo beradi.

19 U seni olti g`am–tashvishdan qutqaradi,

Ha, etti qayg`u–alam senga yaqinlashmaydi.

20 Qurg`oqchilik paytida Xudo seni o’limdan,

Urush paytida esa qilichdan saqlaydi.

21 Xudo seni zaharli tillardan himoya qiladi,

Halokat kelganda sen qo’rquvga tushib qolmaysan.

22 Vayronayu qurg`oqchilik ustidan kuladigan bo’lasan,

Er yuzidagi yovvoyi hayvonlardan qo’rqmaydigan bo’lasan.

23 Er haydaganingda dalangda toshlar bo’lmaydi,

Yovvoyi hayvonlar senga hujum qilmaydi.

24 Uying bexatar ekanligini bilasan,

Podalaringni tekshirganingda hammasi o’z joyida bo’ladi.

25 Farzandlaring ko’p bo’ladi,

Avloding daladagi maysaday ko’payadi.

26 Sen bevaqt qabrga kirmaysan,

O`z vaqtida yig`ilgan bug`doy doniday bo’lasan.

27 Bularning hammasi to’g`ri,

O`z tajribamizdan bilamiz.

Endi nasihatlarimizga quloq sol,

Ularni qabul qil.”

Ayubning ikkinchi nutqi: nohaqlik qilmagani haqida

1 Shundan keyin Ayub yana gapirdi:

2 “Qani endi, qayg`ularimni o’lchashning iloji bo’lsa edi,

Mening kulfatlarim tarozida tortib ko’rilsa edi.

3 Ular dengiz qumlaridan ham og`irroq chiqqan bo’lar edi.

Shuning uchun ham bo’lar–bo’lmas gaplar aytdim.

4 Qodir Xudo otgan nayzalar tanamdadir,

Ruhim ularning zahridan ichmoqda.

Xudoning barcha dahshatlari menga qarshi tayyorlangan.

5 Asov eshak o’t yo’qligida hangraydi–ku!

Ho’kiz ham oxurida em bo’lmasa bo’kiradi–ku!

6 Tuzsiz ovqatni eb bo’lmaydi–ku!

Pishirilmagan tuxum oqi axir, naqadar bemaza!

7 Ularni ko’rib ishtaham yo’qoladi.

Ularni eyishni o’ylasam ko’nglim ayniydi.

8 Qani endi, tilagim bajo bo’lsa edi,

Xudo niyatimni bajo keltirsa edi!

9 Qani endi, Xudo meni ezib tashlashga rozi bo’lsa edi,

Qo’liga erk berib, jonimni olsa edi.

10 Ana o’shanda men tasalli topgan bo’lardim,

Hatto og`riqlarimga qaramay quvongan bo’lardim,

Chunki Muqaddas Xudoning so’zlarini men rad qilganim yo’q.

11 Qachongacha kutaman axir, kuchim etarmikan?!

Oxiri nima bo’ladi o’zi?

Nima uchun sabr–toqat qilishim kerak?!

12 Men toshday qattiq emasman–ku!

Mening tanam temirdan emas–ku!

13 Yo’q, o’zimga o’zim yordam berolmayman,

Hech bir chora–ilojim yo’q.

14 Qayg`u–alam tortayotgan inson

Qodir Xudodan qo’rqishni rad qilgan bo’lsa ham,

O`sha insonga sodiq do’stlar kerak.

15 Ammo do’stlarimga ham ishonib bo’lmaydi,

Ular oqib o’tib ketadigan irmoqlardaydir.

16 O`sha irmoqlar muzu qor eriganda toshib oqadi,

17 Issiq havoda esa ular qurib qoladi,

Kun qiziganda g`oyib bo’ladi.

18 Karvonlar bu irmoqlarni qidirib,

Yo’llaridan adashib ketadilar.

Yurib–yurib, cho’lda halok bo’ladilar.

19 Temo yurtining karvonlari ham suv qidirib keladilar,

Shava yurtidan kelganlar ham suvga umid qiladilar.

20 Ammo o’sha irmoqlarga ishonganlar tushkunlikka tushadilar,

U erga borib, gangib qoladilar.

21 Sizlar ham men uchun xuddi o’sha irmoqlardaysizlar.

Kulfatimni ko’rib turib, vahimaga tushyapsizlar.

22 Sizlardan biron narsa so’radimmi?!

Yoki boyligingizdan berib, meni qutqaringlar, deb aytdimmi?!

23 Dushmanlarimning qo’lidan qutqaringlar, dedimmi?!

Yoki zo’ravonlardan meni xalos qilinglar, deb so’radimmi?!

24 Menga o’rgatinglar, mayli jim turaman.

Qanday noto’g`ri ish qilganimni tushuntirib beringlar.

25 Haqiqat so’zlari naqadar achchiq!

Lekin gaplaringiz nimani isbotlayapti?

26 Meni behuda gaplarni aytyapti, deb o’ylaysiz.

Shunday ekan, nimaga tushkunlikda aytganlarimga javob qaytarasiz?!

27 Sizlar hatto etimlar uchun qur`a tashlagan bo’lardingiz.

Do’stingiz ustidan savdolashib, uni sotgan bo’lardingiz.

28 Endi marhamat qilib menga qaranglar,

Men sizlarga yolg`on gapirmayman.

29 Bas endi, nohaqlik qilmang.

Axir, mening aybim yo’q–ku!

30 Yo gapimda biror nohaqlik bormi?

Tilim yovuzlikning ta`mini ajrata bilmaydimi?!

1 Insonning erdagi mehnati mashaqqatli–ku!

Uning kunlari mardikorning kuniga o’xshaydi–ku!

2 Ha, inson soyani qo’msagan qulga o’xshaydi!

O`z haqini kutgan mardikordaydir u!

3 Menga ham maqsadsiz oylar,

Qayg`uga to’la tunlar berilgan.

4 Yotganimda: «Qachon tong otarkan?» — deyman,

Lekin tun juda cho’zilib ketadi,

Tong otguncha ag`nab chiqaman.

5 Tanamni qurt va yara bosib ketgan,

Terim yorilib, yiringlab ketgan.

6 Kunlarim bo’zchining mokisidan ham tezroq o’tadi,

Aslo umid bag`ishlamay o’tib ketaveradi.

Ayub Xudoga yolvoradi

7 Ey Xudoyim, hayotim bir nafasday ekanligini yodingda tut,

Ko’zlarim endi hech qachon yaxshilikni ko’rmaydi.

8 Hozir meni ko’rib turibsan, lekin bu uzoqqa cho’zilmas,

Meni qidirasan, lekin men o’shanda bo’lmayman.

9 Bulut tarqalib, yo’q bo’lib ketadi.

Xuddi shunga o’xshab, o’liklar diyoriga ketganlar qaytib kelmaydi.

10 Ular uylariga qaytib kelmaydilar,

O`z yashagan joylarida ularni bilmaydilar.

11 Shuning uchun jim bo’lmay,

O`z dardimni bayon qilaman,

Alam–hasratda shikoyat qilaman.

12 Ey Xudoyim! Nima uchun ustimdan qo’riqchi qo’yding?

Men dengizmanmi yoki dengiz maxluqimanmi?

13 «To’shagim menga tasalli berar,

Uyqu dardimni engillashtirar», — desam,

14 Tushlar orqali meni qo’rqitasan,

Vahiylar orqali dahshatga solasan.

15 Shunda men, qani endi bo’g`ilib qo’ya qolsam, deyman,

Axir, shu jismimda yashashdan ko’ra, o’lim afzalroq.

16 Hayotimdan nafratlanyapman, abadiy yashamayman.

Hayotim bir nafasday bo’lsa o’zi, meni tinch qo’ygin, axir!

17 Inson kim bo’libdiki,

Unga shunchalik e`tibor bersang?!

Odam kim bo’libdiki,

U haqda o’ylasang?!

18 Har tong uni tekshirib,

Har lahzada sinasang?!

19 Bir lahzaga mendan yuz o’girgin,

Tinch qo’ygin, hech bo’lmasa bir yutinay.

20 Gunoh qilgan bo’lsam, Senga nima, ey odamzod Qo’riqchisi?!

Nima uchun meni O`zingga nishon qilib olding?!

Sening menda qasding bormi?!

21 Nima uchun gunohimni kechirib,

Aybimdan forig` qilmaysan?

Axir, yaqinda tuproqqa qaytaman–ku!

Meni qidirganingda esa yo’q bo’lib ketgan bo’laman.”

Bildad gapiradi: u Ayubni tavbaga chaqiradi

1 Shuvaxlik Bildad Ayubga shunday dedi:

2 “Qachongacha shunday gaplarni gapirasan?

Og`zingdan chiqqan so’zlar shamolga o’xshaydi–ya!

3 Xudo adolatga xiyonat qiladimi?

Qodir Xudo haqiqatning yo’lini to’sadimi?

4 Farzandlaring Unga qarshi gunoh qilgan bo’lsa,

Xudo ularni gunohlari uchun jazoladi.

5 Xudoga yuz burgin,

Qodir Xudoga yolvorgin.

6 Agar pok va solih bo’lsang,

Albatta U senga qo’lini uzatib,

Seni o’z haqqoniy joyingga qaytaradi.

7 Oxiri shunchalik farovon bo’lasanki,

Avvalgi holating nochorday tuyuladi.

8 Ana, o’tib ketganlarga qaragin,

Ajdodlarimizning qilganlariga e`tibor bergin.

9 Axir, biz kechagina tug`ilganmiz, hech narsa bilmaymiz,

Hayotimiz ham soyadek o’tib ketadi.

10 Ajdodlarimiz senga muallim bo’ladi,

Ularning aql–zakovatidan saboq ol.

11 To’qayzor bo’lmasa qamish o’sadimi?!

Suv bo’lmagan joyda qamish bo’y cho’zadimi?!

12 Qamishlar hali ko’karib turgan paytdayoq,

Kesilishga tayyor bo’lmay turib,

Hamma o’tlardan oldin so’lib qoladi.

13 Ha, Xudoni unutganlar ham shu ko’yga tushadi,

Betavfiqlarning umidi puchga chiqadi.

14 Ular umid bog`lagan narsalar juda mo’rtdir,

Ular ishongan narsalar o’rgimchakning to’rlaridaydir.

15 Ular o’z uyiga suyanadilar, ammo uy buzilib ketadi.

Uyini mahkam ushlaydilar, lekin uy bardosh bermaydi.

16 Fosiqlar yaxshi sug`orilgan,

Quyosh nuri ostida o’sayotgan butaga o’xshaydilar,

Novdalari butun bog` bo’ylab yoyilib ketgan.

17 Ildizlari toshlarga chirmashib,

O`sha erdan o’ziga joy qidiradi.

18 Lekin ildiz yulib tashlanganda,

O`sgan joyi ham bilinmaydi.

19 Ha, fosiqlarning shodligi uzoqqa cho’zilmaydi,

Boshqalar chiqib, ularning o’rnini oladi.

20 Aybsiz kishini Xudo hech rad qilmaydi,

Yovuzlarga esa yordam qo’lini uzatmaydi.

21 U hali og`zingni kulgi bilan to’ldiradi,

Lablaringdan esa shodlik sadosini yangratadi.

22 Sendan nafratlanganlar uyatga qoladilar,

Fosiqlarning chodiri vayron bo’ladi.”

Ayubning uchinchi nutqi: Xudodan qutqaradigan hakam yo’q

1 Ayub javob berib, shunday dedi:

2 “Ha, bilaman, aytganlaringning hammasi to’g`ri,

Lekin qanday qilib inson Xudoning nazarida haq bo’la oladi?

3 Agar biror inson Xudo bilan bahsga kirishsa,

U Xudoning mingta savolidan bittasiga ham javob bera olmasdi.

4 Ha, Xudo dono va qudratlidir,

Kim Xudoga qarshi chiqib, Undan ustun bo’lgan?!

5 Xudo ogohlantirmay tog`larni ag`daradi,

G`azab alangasida ularni yiqitadi.

6 Erni joyidan qo’zg`atib, silkitadi,

Zamin ustunlarini titratadi.

7 Quyoshga amr bersa, u nur sochmaydi,

Yulduzlarning nurini o’chirishga qodir Xudodir U.

8 Uning O`zi samoni yoygan,

Dengiz to’lqinlarini toptab yuradi.

9 Hulkar yulduzini, Katta ayiq burji va Parvin yulduzlarini,

Butun janubdagi yulduz turkumlarini yaratgan Xudodir U.

10 Inson aqli bovar qilmaydigan buyuk ishlar qiladi Xudo,

U qilgan mo’`jizalarning son–sanog`i yo’qdir.

11 U yonginamdan o’tib ketsa ham,

Men Uni ko’ra olmayman.

O`z yo’lida davom etib ketaveradi,

Uning o’tganini payqamay qolaman.

12 U olib qo’yaman, desa, kim to’xtata oladi?!

Kim Undan: «Nima qilyapsan?» deb so’ray oladi?!

13 Xudo O`z g`azabini tutib turmaydi,

Hatto maxluq Rahob yordamchilari Uning oyog`i ostida qaltiraydi.

14 Men kim bo’libmanki, Unga javob bera olsam,

U bilan bahslashish uchun kerakli so’zlar tilimga kelsa?!

15 Aybsiz bo’lsam ham, Unga javob bera olmagan bo’lardim,

Hakamdan faqat rahm–shafqat tilagan bo’lardim.

16 Agar Uni chaqirsam, U menga javob bersa ham,

Gaplarimga quloq solishiga ishonmayman.

17 Xudo bo’ron chaqirib, meni ezmoqda,

Hech bir sababsiz yaralarimni ko’paytirmoqda.

18 Nafasimni rostlab olishga ham imkon bermayapti,

Yuragimni qayg`uga to’ldiryapti.

19 Agar kuch sinalsa, albatta U eng kuchlisi bo’lib chiqadi.

Odillik masalasida esa kim Uni mahkamaga chaqirib keladi?!

20 Gunohsiz bo’lsam ham, o’z og`zim meni aybdor deb topadi,

Aybsiz bo’lsam ham, o’z og`zim meni egri deb hukm qiladi.

21 Aybsizman, ammo menga baribir,

O`z hayotimdan nafratlanyapman.

22 Eh, hammasi baribir ekan, shuning uchun ham:

«U aybsizni ham, fosiqni ham halok qiladi», deb aytaman.

23 Kulfat kutilmaganda odamga o’lim keltirsa,

Aybsizning boshiga tushgan ofatdan Xudo kuladi.

24 Butun er yuzi fosiqlar qo’lida,

Xudo hakamlarning ko’zlarini bog`lab qo’ygan.

Agar U bog`lamagan bo’lsa,

Yana kim bog`lagan bo’lishi mumkin?!

25 Hayotim chopag`on kishidan ham tezroq o’tib ketadi.

Shunchalik tezki, hech farog`at ko’rmay o’tib ketaman.

26 Umrim tez suzadigan qayiqlarday ko’zga ko’rinmay ketadi,

O`z o’ljasiga tashlangan burgutday tezdir.

27 «Endi hech nolimayman,

Qayg`uli chehram yorishsin,

Xursand bo’lay», degim keladi,

28 Lekin yanada ko’proq keladigan g`am–alamdan qo’rqaman.

Axir, Sen meni aybsiz hisoblamaysan.

29 Modomiki, aybdor ekanman,

Harakat qilishimdan nima foyda bor?

30 Qor suvida cho’milib,

Qo’llarimni sovun bilan yuvsam–da,

31 Ey Xudo, Sen meni loy chuqurga tashlaysan,

Hatto kiyimlarim ham mendan nafratlanadi.

32 Xudo inson emaski, men U bilan bahslashsam,

Men bilan da`volashgin deb, Uni chaqirsam.

33 Ikkimiz oramizda hakam yo’qki,

Bizni ajrim qilsa.

34 Hakam bo’lganda, Xudoning tayog`ini ustimdan olib tashlagan bo’lardi,

O`shanda Xudo meni boshqa dahshatga solmasdi.

35 Qo’rqmasdan Unga gapira olgan bo’lardim,

Lekin hozirgi ahvolimda unday qilolmayman.

Ayub Xudoga shikoyat qilmoqchi bo’ladi

1 Hayotdan to’ydim!

Evoh, endi bemalol shikoyat qilishdan,

Alam–hasrat bilan gapirishdan o’zimni tiymayman.

2 Xudoga shunday deyman: «Meni hukm qilavermasdan,

Menga qarshi bo’lgan da`volaringni ayt.

3 Meni ezishdan Senga biror foyda bormi o’zi?

Fosiqlarga shodlik bilan farovonlik beryapsan–u,

Nima uchun meni — O`z qo’llaring ijodini rad etyapsan?!

4 Sening insonnikiga o’xshash ko’zlaring bormi?!

Sening dunyoqarashing insonlarniki bilan birmi?!

5 Umring inson umriday qisqami?!

Yillaring inson hayoti yillariday emas–ku!

6 Nima uchun mendan ayb qidirasan,

Gunoh topishga harakat qilasan?

7 Axir, O`zing bilasan, men aybsizman,

Hech kim meni Sening qo’lingdan qutqara olmaydi.

8 Axir, qo’llaring bilan meni O`zing yasagansan,

O`zing meni yaratgansan,

Endi esa meni butunlay halok qilmoqchisan.

9 Sen meni loydan bunyod qilganingni eslagin.

Endi meni yana tuproqqa qaytarmoqchimisan?!

10 Meni sutday quyib,

Pishloqday qotirgan O`zing–ku.

11 Sen O`zing meni etu teri bilan qoplab,

Menga suyagu paylar ato qilding.

12 Sen menga hayot bag`ishlab, sadoqatli sevgingni ko’rsatding.

O`zing g`amxo’rlik qilib, hayotimni saqlading.

13 Lekin yuragingda boshqa bir niyat bor edi.

Sening o’y–xayollaringni bilaman:

14 Gunoh qilsam, meni kuzatib turgan bo’lasan,

Aybimni jazosiz qoldirmaysan.

15 Fosiq bo’lsam, o’zimdan ko’ray!

Ammo aybsiz bo’lsam ham,

Shunchalik uyatga qoldimki,

Shunchalik qayg`uga botdimki,

Boshimni ko’tara olmayapman.

16 Boshimni ko’tarsam, sherday meni poylaysan,

O`z buyuk qudratingni menga qarshi ishlatasan.

17 Menga qarshi yangi guvohlar chaqiraverasan.

Menga bo’lgan g`azabing yanada oshib boraveradi,

Ustimga yana yangi qo’shinlar bostirib kelaveradilar.

18 Evoh, nima uchun meni bu dunyoga keltirding?

Qaniydi, tug`ilishim bilanoq,

Birov meni ko’rib ulgurmasdan,

O`lib qo’ya qolganimda edi.

19 Hech narsa ko’rmagan bo’lardim,

Onam qornidan to’g`ri qabrga borgan bo’lardim.

20 Hayotim qisqa, kunlarim sanoqli emasmi, axir?!

Meni tinch qo’y, ozgina bo’lsa ham, xursand bo’lay.

21 Hech kim qaytib kelmaydigan zulmat yurtiga,

Tim qorong`i erga borishimdan oldin ozgina quvonay.

22 Tun yarmidagi zulmatday qorong`i bo’lgan yurtga ketaman.

Qop–qorong`i hech bir tartib bo’lmagan bir joyga,

Hatto nuri ham zulmat bo’lgan erga ketaman, axir!»”

Zo’far gapiradi: u Ayubning jazoga loyiqligini ta`kidlaydi

1 Keyin Namaxlik Zo’far shunday dedi:

2 “Shuncha ko’p gap javobsiz qolaveradimi?

Ko’p gapirgan inson oqlanar ekanmi?

3 Bekorchi gaplaring boshqalarning ovozini o’chirib qo’ydimi?

Nahotki mazax qilib aytgan gaplaring uchun hech kim seni uyaltirmasa?

4 Sen: «Men haqman, bunga ishonchim komil,

O`zim ham Xudoning nazarida pokman», deb aytasan.

5 Qani endi, Xudo gapirsa,

Uning O`zi senga qarshi og`iz ochsa edi.

6 Qani endi, U senga donolikning sirlarini bildirsa edi.

Axir, haqiqiy donolik ko’p qirrali–ku!

Bilib qo’y, Xudo seni o’z gunohlaringga yarasha jazolagani yo’q,

Jazoni ancha kam beryapti.

7 Xo’sh, Xudoning sirlarini anglay olasanmi?!

Qodir Xudoning komilligini bila olasanmi?!

8 Xudoning donoligi osmondan ham yuksakdir,

Sen nima qila olarding?!

Xudoning donoligi o’liklar diyoridan ham chuqurroqdir,

Sen nimani bila olarding?!

9 Uning o’lchami er tevaragidan ham uzunroq,

Dengizdan ham kengroqdir.

10 Xudo kelib, seni qamoqqa tashlasa,

Yoki hammani hukmga yig`sa,

Kim Uni to’xtata olardi?

11 Albatta U yolg`onchilarni biladi,

Yovuzlikni ko’rganda, e`tiborga oladi–ku!

12 Asov eshakdan odam tug`ilmaganday,

Nodon ham donolikka erisha olmaydi.

13 O`z yuragingni Xudoga bag`ishla,

Ibodat qilib, qo’llaringni U tomon cho’zgin.

14 Qo’llaring gunohdan bulg`angan bo’lsa, poklagin,

Chodiringda yovuzlikka joy bermagin.

15 Shunda sen uyalmasdan boshingni tik ko’tarib yurasan.

Qo’rquvdan xoli bo’lib, barqaror turasan.

16 Qayg`ularingni esdan chiqarasan,

Ular oqib ketgan suvlarday bo’lib qoladi.

17 Hayoting kunduzgi nurday yorug` bo’ladi,

Har qanday zulmat tongday bo’lib qoladi.

18 Umiding borligi uchun ishonching komil bo’ladi,

Atrofingda himoyang bo’lib, tinchlikda orom olasan.

19 Yotganingda hech kimdan qo’rqmaydigan bo’lasan,

Hamma sendan marhamat istab keladi.

20 Fosiqlarning ko’z nuri so’nadi,

Ular qochishga yo’l topolmaydilar,

O`lib qutulamiz, deb umid qiladilar.”

Ayubning to’rtinchi nutqi: hammaga mazax bo’lgani haqida

1 Ayub shunday deb javob berdi:

2 “Ha, sizlar hammaning o’rniga gapirasizlar, to’g`rimi?

O`lsangiz, donolik ham siz bilan birga o’lsa kerak–a?!

3 Men ham bir–ikkita narsa bilaman,

Sizlar mendan ustun emassizlar.

Sizlar aytayotganlarni kim ham bilmas ekan?!

4 Men Xudoga iltijolar qilyapman.

Uning javob berishini kutyapman.

Do’stlarim esa ustimdan kulaveradilar.

Solih va aybsiz bo’lsam ham, hammaga mazax bo’lib qoldim.

5 Betashvish yurganlar kulfatga takabburlik bilan qaraydilar.

Falokatni qoqilayotganlarning taqdiri deb biladilar.

6 O`g`rilarning chodirida ham tinchlik hukmron,

Xudoning g`azabini keltiradiganlar ham xavf–xatarsiz yuribdi.

Go’yo ular «gah» desa, Xudo qo’liga qo’nadi!

7 Mana, hayvonlardan so’ranglar,

Ular sizlarga o’rgatadilar.

Osmondagi qushlardan so’ranglar,

Ular sizlarga aytib beradilar.

8 Erdan so’ranglar, u sizlarga yo’l–yo’riq ko’rsatadi.

Dengizdagi baliqlar sizlarga tushuntiradilar.

9 Mana shu jonzotlarning orasida qaysi biri

Hammasiga Egamiz sababchi ekanini bilmaydi?!

10 Har bir jonivorning hayotiyu

Insonlarning nafasi Uning qo’lidadir.

11 Og`iz ovqatning ta`mini biladi.

Xuddi shunday qilib, quloq ham eshitgan so’zlarini sinab ko’rishi kerak–ku?!

12 Aql–idrok uzoq umr ko’rgan odamlarda,

Donolik keksalarda bo’ladi.

13 Lekin haqiqiy donolik va qudrat Xudodadir.

Maslahat va aql–idrok Unga tegishlidir.

14 Agar Xudo nimanidir buzsa, qayta qurib bo’lmaydi,

Agar U qamab qo’ysa, hech kim qochib keta olmaydi.

15 Agar U yomg`irni ushlab tursa, er cho’lga aylanadi.

Suvlarni qo’yib yuborsa, er yuzini suv bosadi.

16 Kuch va zafar Xudoga tegishli!

Yolg`onchiyu aldanganlar ham Uning qo’lida!

17 U maslahatchilarni qip–yalang`och qilib qo’yadi,

Hakamlarni ham aqldan ozdiradi.

18 Xudo shohlarning ham to’nlarini echib tashlaydi.

Ularni qul qilib, bellariga arqon bog`lab qo’yadi.

19 Ruhoniylarni ham qip–yalang`och qilib qo’yadi,

Mustahkam o’rnashganlarni Xudo ag`darib tashlaydi.

20 Ishonchli maslahatchilarni tildan qoldiradi,

Oqsoqollarni esa idrokidan mahrum qiladi.

21 Shahzodalarning ustidan sharmandalik yog`diradi,

Kuchlilarning qurol–aslahalarini tortib oladi.

22 Xudo zulmatning eng yashirin joylarini ochadi,

Tim qorong`iliklarni ham yoritadi.

23 Xalqlarni yuksaltiradi–yu, yana O`zi ularni halokatga duchor qiladi,

Xalqlarni ko’paytiradi–da, keyin ularni tarqatib yuboradi.

24 Er yuzidagi yo’lboshchilarni aql–zakovatdan mahrum qiladi,

Ularni so’qmoqsiz cho’llarda sargardon qilib qo’yadi.

25 Nursiz bir qorong`ilikda ular paypaslanib yuradilar.

Xudo ularni mast odamday qilib qo’yadi,

Ular dovdirab yuradigan bo’lib qoladilar.

Ayub Xudo bilan da`volashmoqchi bo’ladi

1 Bularning hammasini o’z ko’zlarim bilan ko’rganman.

O`z qulog`im bilan eshitib, anglab olganman.

2 Sizlar bilganlarni men ham bilaman,

Sizlar mendan ustun emassizlar.

3 Qani endi, Qodir Xudo bilan gaplasha olsam!

Xudoga o’z da`voimni bildirishni xohlayman.

4 Sizlar esa yolg`onlar to’qiysizlar,

Hech foyda keltirmaydigan tabibdaysizlar.

5 Qaniydi, jim o’tirsangiz,

Ana o’shanda dono ish qilgan bo’lardingiz.

6 Endi mening arzimga quloq solinglar,

Shikoyatlarimga diqqat qilinglar.

7 Yolg`on so’zlaringiz, nohaq gaplaringiz bilan

Xudoni himoya qilyapmiz, deb o’ylayapsizlarmi?!

8 Xudoning tarafini olib, Unga yon bosasizlarmi?!

Sizlar Xudoning da`vosini himoya qilasizmi?!

9 Qilayotganlaringizni U tekshirib ko’rsa, yaxshi bo’ladimi?

Yoki insonni aldaganday Uni ham aldaysizlarmi?!

10 Agar hatto xayolingizda ham tarafkashlik qilsangiz,

U sizlarga albatta tanbeh beradi.

11 Uning ulug`vorligi yuragingizga vahima solmaydimi?!

Undan qo’rqib, dahshatga tushmaysizmi?!

12 Sizlarning gapingiz kulday foydasiz,

Himoyangiz loy idishday kuchsizdir.

13 Endi jim bo’linglar! Men gapiray.

Mayli, keyin nima bo’lsa, bo’lsin.

14 Jonimni xavf ostiga qo’yib bo’lsa ham,

Ichimdagilarni aytaman.

15 Mayli, U meni o’ldirsin. Boshqa umidim yo’q–ku!

O`z ishlarimni Uning oldida himoya qilaman.

16 Uning oldiga borishga jur`at qilganim mening najotim bo’ladi,

Axir, betavfiq odam Xudoning oldiga bora olmaydi–ku!

17 Mening so’zlarimga quloq solinglar,

Gaplarim quloqlaringizga kirsin.

18 Men o’z arzimni tayyorlab qo’ydim,

Bilaman, aybsizligim isbot bo’ladi.

19 Xo’sh, kim men bilan bahslashadi?

Agar meni aybdor deb topsangiz,

Ovozimni o’chiraman–u, o’laman.

Ayubning ibodati

20 Sendan ikki narsa so’rayman, ey Xudo,

Shuni qilsang yuzimni Sendan yashirmayman.

21 Endi qiynoqlaringni bas qilgin,

Vahimang bilan meni qo’rquvga solma.

22 Shundan keyin meni chaqir, javob beraman,

Yoki men gapiray, Sen esa menga javob ber.

23 Mening qancha aybu gunohlarim bor ekan?

Itoatsizliklarimni, gunohlarimni bildirgin menga.

24 Nima uchun mendan yuz o’girasan,

Meni O`z dushmaning deb hisoblaysan?

25 U yoqdan–bu yoqqa uchib yurgan bargni qo’rqitasanmi,

Quruq somonni ta`qib qilasanmi?

26 Menga qarshi achchiq ayblar keltiryapsan,

Yoshligimdagi gunohlarimni eslatyapsan.

27 Oyoqlarimni kishanlab,

Yurgan yo’llarimni poylaysan,

Hatto har bir qadamimni o’lchaysan.

28 Evoh, inson chirik narsaday,

Kuya egan kiyimday yo’q bo’lib ketadi.

1 Ayol zotidan tug`ilgan insonning

Umri qisqa, hayoti qayg`uga to’la bo’ladi.

2 U gul singari ochiladi–yu, yana so’lib qoladi.

Soyaday tez o’tib ketadi, ko’pga chidamaydi.

3 Ey Xudo! Shunday insonga nazar tashlaysanmi?

Meni hukm qilish uchun O`z oldingga olib kelasanmi?

4 Kim halolni harom ichidan chiqara oladi?!

Hech kim.

5 Sen inson hayotining kunlarini sanab qo’ygansan,

Necha oy yashashini ham bilasan.

Inson Sen belgilagan chegaralardan o’tolmaydi.

6 Uni tinch qo’y, dam olsin.

Mardikorlarga o’xshab, kunlik ishini tinchgina bitirsin.

7 Hatto daraxtning ham umidi bor,

Agar u kesib tashlansa, yana o’saveradi,

Daraxtning novdalari o’sishdan to’xtamaydi.

8 Uning ildizlari qarib,

To’nkasi chiriy boshlasa,

9 Hatto suvning hidini sezsa ham yana yashnashi mumkin.

Navnihol ko’chatday yana novdalari ko’karishi mumkin.

10 Lekin inson o’lganda bor kuchidan ayriladi,

Oxirgi nafasini chiqaradi–yu, yo’q bo’lib ketadi!

11 Suv dengizdan bug`lanib chiqib ketganday

Daryo qurib, yo’q bo’lib ketganday,

12 Inson ham yotadi–yu, qaytib turmaydi.

Osmon yo’q bo’lmaguncha, u uyg`onmaydi.

O`lim uyqusidan uni hech kim turg`iza olmaydi.

13 Ey Xudo, qani endi, meni o’liklar diyoriga yuborsang,

G`azabing bosilguncha meni yashirib qo’ysang,

Men uchun bir vaqt tayinlab, keyin meni yodga olsang.

14 Inson o’lsa, u yana tiriladimi?

Agar shunday bo’lsa, ozod bo’lgunimcha

Barcha qiyinchiliklarga chidab berardim.

15 Meni chaqirsang, Senga javob bergan bo’lardim.

Menga — O`z qo’ling bilan yaratganga muntazir bo’larding.

16 Shunda Sen qadamlarimni o’lcharding–u,

Gunohlarimni hisobga olmasding.

17 Ayblarimni xurjunga solib, bog`lab qo’yganday bo’larding.

Fosiqligimni o’chirib, ustidan oqlab tashlaganday bo’larding.

18 Ammo tog`lar qulab, maydalanib ketadi,

Qoyalar o’z joyidan suriladi,

19 Suv toshlarni emiradi,

Toshqin suvlar erni yuvib ketadi.

Xuddi shu singari, Sen ham

Insonning umidini yo’qqa chiqarasan.

20 Sen insonni butunlay mag`lub qilasan,

Inson olamdan o’tib ketadi.

O`lganda yuzini o’zgartirib, jo’natib yuborasan.

21 Farzandlari hurmatga sazovor bo’lsalar ham,

Xo’rlansalar ham u bilmaydi.

22 Inson faqat o’z tanasidagi og`riqni sezadi,

Faqat o’zi uchun qayg`uradi.”

Elifaz ikkinchi marta gapiradi: u Ayubni Xudodan qo’rqmaslikda ayblaydi

1 Keyin Temonlik Elifaz shunday dedi:

2 “Dono kishi shunday behuda so’zlar bilan javob bermagan bo’lardi!

Og`zini quruq gaplar bilan to’ldirmas edi!

3 Befoyda so’zlar aytib bahslashmagan bo’lardi!

Quruq gaplar aytmas edi!

4 Sen Xudodan qo’rqmay qo’yding!

Toat–ibodatga to’sqinlik qilyapsan.

5 Gunohlaring senga gap o’rgatyapti,

Xuddi ayyorlarday gapiryapsan.

6 Men emas, o’z og`zing seni hukm qilyapti,

O`z lablaring senga qarshi guvohlik beryapti.

7 Nima, sen odamzodning to’ng`ichimisan?!

Qirlar yaratilmasdan oldin tug`ilganmisan?!

8 Xudoning kengashida qatnashganmisan?!

Nima, faqatgina o’zingni dono deb bilasanmi?!

9 Xo’sh, biz bilmagan nimani bilasan?

Biz tushunmaganlarni sen tushunasanmi?

10 Ha, oqsoqollar, keksalar,

Otangdan ham yoshi ulug`roq bo’lganlar biz tomonda.

11 Xudoning tasallisi senga kamlik qilyaptimi?!

Muloyimlik bilan aytgan so’zi senga etmayaptimi?!

12 Nima uchun yuragingning amriga qarab ish tutasan?

Nima uchun ko’zlaringni chaqchaytirasan?

13 Nima uchun sen Xudo bilan teskarisan?

Nimaga og`zingdan shunday so’zlar chiqyapti?

14 Inson o’zi nedirki, pok bo’la olsa?!

Ayol zotidan tug`ilgan inson qanday qilib solih bo’la oladi?!

15 Xudo hatto O`z farishtalariga ham ishonmaydi,

Hatto samo ham Uning nazarida pok emas.

16 Shunday ekan, qabih va buzuq inson qanchalik tuban,

Axir, inson yovuzlikni suvday ichib yuboradi–ku!

17 Quloq sol, men senga tushuntiraman,

Ko’rganimni aytib beraman.

18 Senga donishmandlarning gaplarini aytaman.

Ular ajdodlaridan o’rganib, yashirmasdan aytganlarini so’zlab beraman.

19 Faqat o’sha dono insonlarga yurt berilgan edi,

Ularning orasida begonalar yo’q edi.

20 Fosiqlarning butun umri azob bilan o’tadi,

Zo’ravonlarga berilgan barcha yillar sanoqlidir.

21 Dahshatli tovushlar quloqlariga tinchlik bermaydi.

Farovonlik chog`ida ham ularning ustiga bosqinchi bostirib keladi.

22 Fosiqlar zulmatdan qochib qutulishga umid qilmaydilar,

Ularning peshanasiga qilichdan o’lish yozilgan.

23 Ular non izlab daydib yuradilar,

Zulmat kuni yaqinligini biladilar.

24 Qo’rquv va qayg`u ularni dahshatga soladi,

Urushga tayyorlanayotgan shohday, vahimada yashaydilar.

25 Ular qo’llarini Xudoga qarshi ko’targani,

Qodir Xudoga bo’ysunmaganlari uchun shunday bo’ladi.

26 Mustahkam qalqonlarini ko’tarib,

O`jarlik bilan Unga qarshi chiqadilar.

27 Chunki ular semirib, yuzlari yiltirab ketgan,

Qorniyu bellarini yog` bog`lab ketgan.

28 Ular vayrona shaharlarda yashaydilar.

Qulab tushay deb turgan,

Hech kim yashamaydigan uylarda turadilar.

29 Ular boyligicha qolavermaydilar, boyliklari abadiy emas.

Mol–dunyosi er yuzidan yo’q bo’lib ketadi.

30 Ular zulmatdan qochib qutula olmaydilar.

Ha, ular shoxlari yongan daraxtga o’xshaydilar.

Xudoning nafasi ularni uchirib yuboradi.

31 Behuda narsalarga umid bog`lab, o’zlarini aldamasinlar,

Ularning mukofoti o’sha behuda narsalar bo’ladi.

32 Vaqti–soati etmay turib, ular to’liq jazo oladilar,

Novdalari gullab–yashnamaydi.

33 Uzumlari pishmay turib uzib olingan tokday,

Gullari to’kilib, meva tugmagan zaytun daraxtiday bo’lib qoladilar.

34 Betavfiqlar to’dasi biror avlod qoldirmay o’tib ketadi,

Poraxo’rlarning chodirlarini olov yondirib yuboradi.

35 Fosiqlar buzuqlikka homilador bo’lib, yovuzlik tug`adilar,

Yuraklarida faqat yolg`on tug`iladi.”

Ayubning beshinchi nutqi: u o’zining aybsizligini ta`kidlaydi

1 Ayub shunday javob berdi:

2 “Men bunday narsalarni ko’p eshitganman,

Qanday noshud yupatuvchisizlar–a!

3 Bu behuda gaplarning oxiri bormi o’zi?!

Shunday gapirishga sizlarni nima undaydi?!

4 Agar sizlar mening o’rnimda bo’lganingizda edi,

Men ham sizlarday gapirsam bo’lardi.

Boshimni chayqab,

Sizlarga qarshi chiroyli so’zlar aytsam bo’lardi.

5 Ammo men so’zlarim bilan sizlarga dalda bergan bo’lardim.

Gaplarim bilan dardingizni engillashtirardim.

6 Hozir esa, gapirsam ham dardim engillashmaydi,

Gapirmasam ham azoblarim kamaymaydi.

7 Ey Xudo, Sen meni ezib yubording,

Butun oilamni yo’q qilding.

8 Yuzimni ajinlar bilan to’ldirib tashlading.

Bular menga qarshi guvoh bo’ladi.

Ozg`inligim ham ko’zga tashlanib,

Menga qarshi guvohlik beradi.

9 Xudo g`azab bilan ortimdan quvib,

Meni ezib tashladi.

Tishlarini g`ichirlatib,

Ko’zlari bilan teshadi.

10 Meni ko’rib, odamlarning og`zilari ochilib qoldi,

Ular meni mazax qilib, yuzimga urdilar.

To’dalashib, menga qarshi chiqish uchun yig`ildilar.

11 Xudo meni betavfiqlar ixtiyoriga tashladi,

Fosiqlarning qo’liga berib qo’ydi.

12 Men tinchgina yashayotgan edim,

U meni parchalab tashladi,

Bo’ynimdan ushlab, meni ezdi.

Keyin esa Xudo meni nishon qilib,

13 O`z kamonlari bilan o’rab oldi.

Rahm–shafqat qilmay,

O`qlari bilan meni ilma–teshik qilib tashladi.

Ichak–chovoqlarim erga to’kildi.

14 Xudo qayta–qayta menga hujum qildi,

Mening ustimga jangchiday bostirib keldi.

15 Qayg`u–alamdan qanorga burkandim,

Qanor xuddi terimga qo’shib to’qilganday bo’lib qoldi,

G`ururim poymol bo’ldi.

16 Nolayu faryoddan yuzim qizarib,

Qovoqlarim qorayib ketgan.

17 Lekin qo’llarim yovuzlikdan uzoq,

Ibodatlarim pokdir.

18 Ey tuproq, mening qonimni yashirma,

Mening faryodim yo’qolib ketmasin.

19 Mana, hozir mening Guvohim samodadir,

Mening Himoyachim yuksakda o’tiribdi.

20 Do’stlarim meni mazax qilyapti,

Men esa Xudo oldida ko’z yosh to’kaman.

21 Qani endi birontasi

O`z yaqini uchun Xudoga iltijo qilganday,

Men uchun ham Xudoga yolvorsa.

22 Chunki men ko’p vaqt o’tmay

Borsa kelmas joyga ketaman.

1 Ruhim tushgan, umrim oz qolgan,

Qabr meni kutib turibdi.

2 Mazax qiluvchilar atrofimni o’rab olgan.

Adovatlarini o’z ko’zlarim bilan ko’rib turibman.

3 Ey Xudo, O`zing meni kafillikka olgin.

Axir, yana kim bor meni qo’llaydigan?

4 Sen do’stlarimning ongini aql–zakovat uchun yopib qo’ygansan,

Shuning uchun ularning ustun bo’lishlariga yo’l bermaysan.

5 Ular o’z foydasini ko’zlab, do’stlariga xiyonat qiladilar.

Shundaylarning farzandlari ko’r bo’lsin.

6 Xudo meni odamlar orasida kulgi qilib qo’ydi,

Ular yuzimga tupurishadi.

7 Qayg`udan ko’zlarim xiralashgan,

A`zoi badanim zaiflashib, qoq suyak bo’lib qolgan.

8 O`zini pokdil deb bilganlar meni ko’rib ajablanyaptilar,

Ular meni ikkiyuzlamachi deb o’ylayaptilar.

O`zini aybsiz deb bilganlar mendan g`azablanyaptilar.

9 Ammo shunga qaramay, solih odam o’z yo’lida yuraveradi,

Qo’li pok bo’lgan kuchayib ketaveradi.

10 Qani endi sizlar kelinglar–chi?!

Orangizdan birorta dono insonni topa olarmikanman?!

11 Mana kunlarim o’tib ketdi,

Rejalarim ham barbod bo’ldi,

Ko’nglimdagi orzularim puchga chiqdi.

12 Do’stlarim tunni kun, deyishadi,

Atrofi qop–qorong`i,

Lekin ular, yorug`lik yaqin, deb turib olishgan.

13 Xo’sh, agar o’liklar diyori mening uyim bo’lsa,

To’shagimni zulmatda yozsam,

14 Qabrga, sen otamsan, desam,

Qurt–qumursqalarni, onamsiz, opa–singillarimsiz, desam,

15 Men umidli odam bo’lamanmi?

Meni, umidi bor, deb kim aytadi?!

16 Nahotki o’liklar diyorida umid bo’lsa?!

Yo’q, tuproqda yotganimda umid bo’lmaydi.”

Bildad ikkinchi marta gapiradi: u Ayubni fosiqlar qatoriga qo’shadi

1 Shunda Shuvaxlik Bildad javob berdi:

2 “Qachongacha valdiraysan–a?!

Gapingni o’ylab gapirgin, keyin suhbatlashamiz.

3 Nima, bizni mol deb o’ylayapsanmi?

Yoki bizni go’l deb bilyapsanmi?

4 Jahl bilan o’zingni jarohatlayapsan.

Nima endi, seni deb er yuzi huvillab qolishi kerakmi?!

Yoki qoyalar o’rnidan qo’zg`alishi kerakmi?!

5 Fosiqlarning chirog`i albatta o’chadi,

Olovining uchquni yorug`lik bermaydi.

6 Chodiridagi yorug`lik zulmatga aylanadi,

Tepasida osilgan chirog`i o’chadi.

7 Sobit qadam fosiqlar endi qoqilib yuradi.

O`z rejalari ularni oyog`idan chaladi.

8 O`z oyoqlari ularni tuzoqqa etaklaydi,

O`zlari chuqurlikka yiqilib tushadi.

9 Qopqon ularni tovonidan qisib qoladi,

To’r ularni mahkam tutadi.

10 Erda fosiqlarga ilmoq tashlangan,

Ularning yo’liga tuzoq qo’yilgan.

11 Har tomondan ularni vahima bosib,

Har qadamda ortidan quvib yuradi.

12 Ochlikdan ularning sillalari qurib qoladi,

Kulfat ham ularning qoqilishini kutib turadi.

13 Kasallik ularning terisini kemirib bitiradi,

O`lat ularning oyoq–qo’llarini chiritib yuboradi.

14 Panohlari bo’lgan chodirlaridan ularni sug`urib olib,

O`liklar diyori shohining oldiga olib kelishadi.

15 Fosiqlarning chodirlaridan hech narsa qolmaydi,

Ular yashagan joy oltingugurt bilan qoplanadi.

16 Ularning ildizlari qurib qoladi,

Novdalari ham so’lib qoladi.

17 Er yuzidan ularning xotirasi o’chib ketadi,

Ko’chalarda ulardan nom–nishon ham qolmaydi.

18 Ular yorug`likdan zulmatga haydaladilar,

Ha, bu dunyodan quvib chiqariladilar.

19 Xalqi orasida ulardan avlod–zurriyot qolmaydi,

Ular yashagan joylar kimsasiz bo’lib qoladi.

20 Ularning taqdiridan g`arbdagilar dahshatga tushadi,

Sharqdagilarni esa vahima bosadi.

21 Ha, yovuzlarning maskani shu ahvolga tushib qoladi,

Xudosizlarning joyi shunday bo’lib qoladi.”

Ayubning oltinchi nutqi: Xaloskori uni himoya qilishiga ishonch bildiradi

1 Ayub shunday javob berdi:

2 “Qachongacha meni qiynaysizlar,

Gaplaringiz bilan meni ezasizlar?

3 Mana, meni o’n marta haqoratladingiz!

Menga hamla qilaverishdan uyalmaysizlarmi?

4 Agar xato qilganim rost bo’lsa,

Gunohim o’zimning tashvishim.

5 Sizlar o’zingizni mendan ustun qo’yyapsiz.

Mana bu gunohingning dalili, deb

Sharmanda bo’lganimni ko’rsatyapsiz.

6 Shuni bilinglar, Xudoning O`zi menga haqsizlik qildi,

To’rlari bilan atrofimni o’radi.

7 «O`ldiryapti!» deb xitob qilsam ham,

Menga hech kim javob bermaydi.

Faryod qilaman, lekin adolat yo’qdir.

8 Xudo yo’limga g`ov qo’ygan, o’tolmayman.

Yo’llarimni zulmat bilan qoplagan.

9 U bor obro’yimni to’kkan,

Boshimdagi tojimni tortib olgan.

10 Menga har tomondan hujum qildi, tamom bo’ldim,

Daraxtni sug`urganday, umidimni sug`urib tashladi.

11 Uning g`azabi menga qarshi qaynaydi,

U meni O`ziga dushman deb hisoblaydi.

12 Uning qo’shinlari bostirib keladi.

Meni qamal qilish niyatida

Chodirim atrofida qarorgoh quradi.

13 Xudo qarindosh–urug`imni mendan uzoqlashtirdi,

Tanishlarim mendan yuz o’girdilar.

14 Qarindoshlarim meni tark etishdi.

Do’stlarim meni unutishdi.

15 Uyimga kelgan mehmonlar ham,

Cho’rilarim ham menga begonaday qarashadi.

Ularning nazarida bir musofirday bo’lib qoldim.

16 Xizmatkorimni chaqirsam, u javob bermaydi.

Unga o’zim yalinib borishim kerak.

17 Nafasim xotinimga jirkanch bo’lib qolgan,

Qarindosh–urug`im mendan nafratlanadi.

18 Hatto yosh bolalar ham mendan hazar qiladi.

Oyoqqa tursam, ular meni mazax qiladi.

19 Hamma yaqin do’stlarim mendan hazar qiladi.

Yaxshi ko’rganlarim ham mendan yuz o’girdi.

20 Teriyu suyagimdan boshqa hech narsam qolmadi,

O`lishimga bir baxya qoldi.

21 Ey do’stlarim, menga rahm qilinglar,

Axir, meni Xudo urdi–ku!

22 Xudo meni quvg`in qilganday,

Nima uchun sizlar ham meni quvg`in qilyapsizlar?

Meni eb bitirdingiz–ku! Hali ham to’ymadingizmi?

23 Qani endi, aytgan so’zlarim yozib qo’yilsa!

Ular kitobga tushirilsa!

24 Temir qalamu qo’rg`oshin bilan

Qoyaga abadiy o’yib bitilsa!

25 Ammo men bilaman,

Mening Xaloskorim hayotdir,

Vaqti kelib, U meni himoya qiladi.

26 Terim irib ketgan bo’lsa ham,

Mana shu tanamda Xudoni ko’raman.

27 Men Uni o’z ko’zlarim bilan ko’raman,

Ha, men ko’raman, boshqa hech kim emas.

Yuragim orziqib ketyapti!

28 Agar sizlar: «Mana endi unga qarshi chiqamiz!

Axir, kulfatlarining ildizi o’zida–ku», desangiz,

29 O`zingiz jazodan qo’rqing.

Xudo g`azabi kelganda qilich bilan jazolaydi,

Shunda sizlar hukm borligini bilib olasizlar.”

Zo’far ikkinchi marta gapiradi: fosiqlarning qismati haqida

1 Namaxlik Zo’far shunday dedi:

2 “Gaplaring meni bezovta qildi,

Endi gapirmasam bo’lmaydi.

3 Tanbehlaring bilan meni haqoratlading,

Lekin endi ongim, javob ber, deb undayapti.

4 O`tmishdan bilmaysanmi?!

Axir, insonlar er yuziga joylashtirilgandan beri,

5 Fosiqlarning shodligi uzoqqa cho’zilmaydi–ku,

Betavfiqlarning quvonchi bir lahzalik–ku!

6 Takabburligi samoga etsa ham,

Boshlari bulutlarga tegsa ham,

7 O`zlarining axlatiday butunlay yo’q bo’lib ketadi.

Ularni oldin ko’rganlar: «Qani endi ular?» deb so’raydilar.

8 Fosiqlar tushday o’tib ketadilar, ularni topib bo’lmaydi.

Kechasi ko’ringan sharpaday g`oyib bo’ladilar.

9 Ha, fosiqlarni ko’rganlar ularni boshqa ko’rmaydilar,

Makonlari endi ularni tanimaydi.

10 Fosiqlarning farzandlari kambag`allardan muruvvat kutadi,

O`z qo’llari bilan tortib olgan boyliklarini qaytarib beradi.

11 Fosiqlar yosh va kuchli edi,

Endi suyaklari tuproqda yotadi.

12 Fosiqlik ularning og`izlarida shirin tuyuldi,

Shuning uchun fosiqlikni

Tillarining tagiga solib, so’rib o’tiribdilar.

13 Fosiqlikni tashlagisi kelmay,

Og`zilarida ushlab tursalar ham,

14 O`sha eganlari qorinlarida achchiq bo’ladi,

Ilonlarning zahriga aylanadi.

15 Boyliklarni yutib, qaytib qusadilar,

Qorinlaridan bo’lsa ham,

Xudo qaytarib olib qo’yadi.

16 Ular kobra ilonlarning zaharini so’radilar,

Zaharli ilon ularni o’ldiradi.

17 Endi fosiqlar oqar daryolardan —

Sut va asal oqadigan irmoqlardan zavq olmaydilar.

18 Zahmat bilan topganlaridan bahramand bo’lmaydilar.

Savdo–sotiq qilib topganlarining gashtini surmaydilar.

19 Axir, fosiqlar kambag`allarga zulm qilib,

Bo’lganicha bo’lsin, deb tashlab ketgandilar.

O`zlari qurmagan uylarni kambag`allardan tortib olgandilar.

20 Ular nafs balosiga uchragan, hech qachon qoniqmaydilar.

Orzu–havas qilib yiqqan boyliklari ularni qutqarmaydi.

21 Ular hech narsa qoldirmay, eb bitirgandi.

Shuning uchun farovonligi uzoqqa cho’zilmaydi.

22 Farovonlik davrida ham ular g`am–tashvishga to’ladilar.

Ularning boshiga ofatu kulfatlar tushadi.

23 Fosiqlar qorinlarini to’ydirib bo’lganlarida,

Xudo ularga bor g`azabini sochadi.

Ularning ustiga O`z zarbalarini yog`diradi.

24 Fosiqlar temir quroldan qochsalar,

Bronza nayza ularni teshib o’tadi.

25 Nayza ularning tanalaridan sug`urib olinadi,

Ha, yaltiroq nayza ularning jigarlaridan tortib chiqariladi,

Ularni vahima qamrab oladi.

26 Ularning xazinalari zulmatda yo’q bo’lib ketadi.

Inson yoqmagan olov ularni yutib yuboradi,

Olov fosiqlarning chodiriyu undagi bor narsasini yo’q qiladi.

27 Samo ularning aybini ko’rsatadi,

Er ularga qarshi guvohlik beradi.

28 Xudoning g`azabi kelgan kuni

Uyidagilarni sel oqizib ketadi.

29 Xudo fosiqlarga bergan ulush ana shulardir,

Xudoning ularga tayinlagan nasibasi mana shudir.”

Ayubning ettinchi nutqi: fosiqlarning farovonligi haqida

1 Ayub shunday deb javob berdi:

2 “So’zlarimga yaxshilab quloq soling,

Mana shu sizlarning menga bergan tasallingiz bo’ladi.

3 Sabr qiling, men ham gapiray,

Gapirib bo’lganimdan keyin, mazax qilavering.

4 Men insonlarga emas, Xudoga arz qilyapman–ku.

Shuning uchun sabrim chidamayapti–da.

5 Mana, holimga qarang, dovdirab qolasiz,

Damingiz ichingizga tushib, hang–mang bo’lasiz.

6 Boshimga tushgan kulfatlar haqida o’ylasam, vahimaga tushaman,

Tanamni qaltiroq bosadi.

7 Nima uchun fosiqlarning umrlari uzilmay, davom etaveradi?

Nega ular keksa yoshga etadilar?

Nega nufuzi oshib boraveradi?

8 Farzandlari o’sib, o’z o’rnini topganini ko’radi,

Nevaralarini ham ko’rishga muyassar bo’ladi.

9 Uylari xavf–xatarsiz bo’ladi,

Xudoning tayog`i ularning boshiga tushmaydi.

10 Buqalari hech bir qiyinchiliksiz ko’payaveradi,

Sigirlari bolalaydi, hech qachon bolasi tushib qolmaydi.

11 Fosiqlarning bolalari qo’zilarga o’xshab sakraydilar,

Farzandlari o’ynab–kulib yuraveradilar.

12 Doira va lira sadosiga qo’shiq kuylaydilar,

Nay sadosiga o’yin–kulgi qiladilar.

13 Umrlari farovonlikda o’tadi,

O`liklar diyoriga tinchgina ketadilar.

14 Xudoga shunday deydilar: «Bizni tinch qo’y!

Sening yo’llaringni bilishni xohlamaymiz.

15 Qodir Xudo kim bo’libdiki, Unga xizmat qilsak,

Unga iltijo qilsak, bizga nima foyda tegardi?!»

16 Ammo fosiqlarning farovonligi o’z qo’lining ishi emas–ku!

Fosiqlarning o’y–xayollaridan men jirkanaman.

17 Fosiqlarning chirog`i biron marta bo’lsa ham o’chdimi?

Boshiga tez–tez kulfat tushib turibdimi?

Xudo O`z g`azabida ularga qiynoq beryaptimi?

18 Qachon ular shamolda to’zigan xashakday,

Bo’ron uchirib ketgan somonday bo’ladilar?

19 Sen: «Xudo insonlarning gunohlari uchun

Ularning farzandlarini jazolaydi», deysan.

Men esa gunohkorlarning o’zi jazolansin, deyman.

Mana shu ularga saboq bo’ladi.

20 Gunohkorlar o’z ko’zlari bilan halokatlarini ko’rsinlar.

O`zlari Qodir Xudoning g`azabi sharobini ichsinlar.

21 Zotan, ular o’lganlaridan keyin

Oilasiga nima bo’lishini o’ylamaydilar ham!

22 Kim Xudoga saboq bera oladi,

Axir, U hatto samoviy zotlarni hukm qiladi–ku!

23 Mana, bir odam to’liq farovonlikda,

Tinch va xotirjam olamdan ko’z yumadi.

24 Uning beli baquvvat,

Suyaklari ilikka to’la.

25 Ikkinchi odam esa ruhi tushkun holda,

Hech qachon yaxshilik ko’rmay o’lib ketadi.

26 Ikkovi ham tuproqda birday yotadi,

Ularni qurtlar bosib ketadi.

27 Eh, do’stlarim, niyatlaringizni bilaman,

Maqsadlaringiz ham menga ayon.

28 Sizlar: «Qani zolim amaldorning uyi?

Fosiqlarning chodiri qaerda?» deb so’raysizlar.

29 Ko’p joylarga borib kelganlardan so’ranglar.

Ular aytganlarini inkor qila olmaysiz!

30 Kulfat kunida fosiqlar najot topishlarini,

Xudoning g`azab kunida qutqarilishlarini ular aytadilar–ku!

31 Fosiqlarning qilmishlarini kim ularning yuziga soladi?

Qilmishlari uchun kim ularni jazolaydi?

32 Jasadlari qabrga olib borilganda,

Qabr boshiga soqchi qo’yiladi.

33 Son–sanoqsiz odamlar ketlaridan borib,

Ularga aza tutadi.

Hatto tuproq ham ularning ustiga sekin tushadi.

34 Qanday qilib meni puch so’zlaringiz bilan yupata olasiz?

Barcha bergan javoblaringiz yolg`ondir!”

Elifaz uchinchi marta gapiradi: u Ayubni o’ta gunohkorlikda ayblaydi

1 Temonlik Elifaz shunday dedi:

2 “Inson Xudoga qanday foyda keltiradi?!

Dono inson U uchun biror foydali ish qila oladimi?!

3 Solih bo’lsang bu Qodir Xudoga qanday zavq keltiradi?!

Yurgan yo’llaring pok bo’lsa, Unga qanday foyda?!

4 U senga xudojo’yliging uchun tanbeh beradimi?!

Buning uchun seni hukm qiladimi?!

5 Axir, fosiqliging qanchalar og`ir?!

Gunohingning cheki yo’q–ku!

6 Yaqinlaringdan hech bir sababsiz garov olding,

Kambag`allardan kiyimini echib olib, yalang`och qoldirding.

7 Chanqaganlarga suv bermading.

Qorni ochlardan noningni qizg`anding.

8 Ha, qudratlilar yurtga egalik qiladilar,

Obro’lilar u erda yashaydilar.

9 Bevalarni quruq qo’l bilan orqaga qaytarding,

Etimlarga yordam qo’lini cho’zmading.

10 Shuning uchun atrofing tuzoqlar bilan o’ralgan.

To’satdan seni vahima bosgan.

11 Atrofingni zulmat qamrab olgan,

Ko’zlaring hech narsani ko’rmayapti,

Suv toshqinlari seni ko’mib ketgan.

12 Yuksakdagi baland yulduzlarga qara.

Ammo Xudo samo cho’qqisida–ku!

13 Shunda ham sen: «Xudo nimani bilardi,

Zulmat orasidan U qanday hukm qila olardi», deysan.

14 «Quyuq bulutlar Uni yashirgan, U bizni ko’rmaydi,

Xudo osmon gumbazi uzra aylanib yuribdi–ku», deb aytasan.

15 Sen fosiqlar yurgan

Azaliy yo’ldan yuraverasanmi?

16 Ular hayotdan bevaqt mahrum bo’ldilar,

Umr poydevorlarini sel yuvib ketdi.

17 Fosiqlar Xudoga shunday dedilar:

«Bizni tinch qo’ygin.

Ey Qodir Xudo, bizga nima qila olarding?»

18 Ammo ularga baraka berib, uylarini to’ldirgan Xudo–ku!

Fosiqlarning o’y–xayollaridan men jirkanaman.

19 Solihlar fosiqlarning ahvolini ko’rib, xursand bo’ladilar,

Aybsizlar fosiqlarni mazax qilib kuladilar.

20 Ular: «Dushmanlarimiz yo’q qilindi,

Bitta qolmay olovda yonib ketdilar», deb aytadilar.

21 Xudo bilan tortishaverma!

U bilan yarashgin,

Shunda farog`atda yashaysan.

22 Xudoning og`zidan chiqqan o’gitlariga quloq tut,

So’zlarini yuragingda saqla.

23 Qodir Xudoga yuz bursang, sog`ligu boyliging qayta tiklanadi.

Chodiringni fosiqlikdan tozalasang,

24 Oltinni chang deb bilib,

Ofir tillasini daryoga otsang,

25 Qodir Xudoning O`zi sening xazinang bo’ladi.

U sening qimmatbaho kumushing bo’ladi.

26 Shunda Qodir Xudodan zavq topasan,

Xudoga yuz burasan.

27 Sen Unga iltijo qilasan, U esa senga quloq tutadi.

Unga bergan va`dalaringni bajarasan.

28 Nima niyat qilsang, hammasi amalga oshadi,

Hayot so’qmoqlaring nurga to’ladi.

29 Agar sharmanda bo’lgan odam uchun Xudoga iltijo qilsang,

Xudo o’sha odamni sharmandalikdan qutqaradi.

30 Sening pok qo’llaring tufayli

Hatto aybdorlar ham najot topadi.”

Ayubning sakkizinchi nutqi: u achchiq shikoyat qiladi

1 Shunda Ayub yana gapirdi:

2 “Bugun ham achchiq shikoyat qilaman,

Oh–vohdan o’zimni tuta olmayman.

3 Qaniydi, Xudoni qaerdan topishni bilsam,

Taxti oldiga borgan bo’lardim!

4 Uning oldiga barcha arzlarimni yoyib,

O`z da`volarimni aytgan bo’lardim.

5 O`shanda Uning javobini tinglagan bo’lardim,

Uning menga aytganlarini tushungan bo’lardim.

6 U buyuk qudrati bilan menga qarshi chiqarmidi?

Yo’q, U menga quloq tutgan bo’lardi.

7 Ha, solih inson Unga kelib, arzini ayta oladi.

O`z Hakamim meni bir umrga oqlaydi.

8 Sharqqa borsam, Xudo yo’qdir,

G`arbga borib ham Uni topolmayman.

9 Shimolda biror ish qilsa, men Uni ko’rolmayman,

Janub tomon burilsa ham Uni topolmayman.

10 U esa mening yurgan yo’limni biladi,

U meni sinagandan keyin sof tilladay bo’laman.

11 Men faqat Xudoning yo’lidan yurdim,

Uning yo’lini tutdim, chetga og`madim.

12 U bergan amrlardan chetga chiqmadim,

Kundalik rizqimdan ham ko’ra

Uning so’zlarini qimmatli bildim.

13 Xudo qarorida qat`iy turadi,

Kim Uning fikrini o’zgartira oladi?!

U nima xohlasa, shuni qiladi.

14 Menga qarshi tuzgan rejalarini

U oxirigacha bajaradi,

Uning bunday rejalari hali ko’p.

15 Shuning uchun Uning huzurida qo’rquvga tushaman,

Bu haqda o’ylasam, meni vahima bosadi.

16 Xudo meni jur`atsiz qilib qo’ydi,

Qodir Xudo meni dahshatga solib qo’ydi.

17 Ammo yuzimni qoplagan tim qorong`ilik,

Zulmat mening ovozimni o’chira olmadi.

Ayub: “Nima uchun fosiqlar jazolanmaydi?” deb so’raydi

1 Nima uchun Qodir Xudo hukm vaqtini belgilamaydi?

Nima uchun Xudoni bilganlar bekorga Uni kutadilar?

2 Fosiqlar chegaralarni buzadilar,

O`g`irlangan podalarni yaylovlarda boqadilar.

3 Etimlarning eshaklarini haydab ketadilar.

Bevaning ho’kizini kafillik sifatida olib qo’yadilar.

4 Kambag`allarni yo’ldan chetga chiqarib tashlaydilar.

Qashshoqlarni yashirinishga majbur qiladilar.

5 Qashshoqlar yovvoyi eshaklarday cho’lda ovqat izlashadi,

Ularning farzandlari uchun dashtdan boshqa erda egulik yo’q.

6 Begonalarning dalalarida somon yig`ishadi,

Fosiqlarning uzumzorlarida qolgan–qutganini terishadi.

7 Tunni kiyim–kechaksiz, yalang`och o’tkazadi,

Sovuqda ularning yopinadigan narsasi yo’q.

8 Tog` yomg`irlari ularni shalabbo qiladi,

Boshpanalari yo’qligidan ular

Qoyaning oldida qaltiraydilar.

9 Fosiqlar bevaning farzandini

Onasining quchog`idan yulib oladi,

Kambag`alning chaqalog`ini garovga oladi.

10 Kiyimlari yo’qligidan kambag`allar yalang`och yurishadi.

Bug`doy bog`lamlarini ko’tarib yursalar–da, qorinlari och qoladi.

11 Qator–qator zaytun daraxtlari orasida

Zaytunni ezib moy chiqaradilar.

Uzum siqib sharob qiladilar,

Ammo chanqoqlari bosilmaydi.

12 Shaharda jon berayotganlarning nolalari eshitiladi,

Jarohatlanganlar madad so’rab faryod qiladi.

Shunda ham Xudo hech kimni bu nohaqlik uchun javobgar qilmaydi.

13 Nurga qarshi bosh ko’targanlar bor.

Ular nur yo’lidan yurmaydilar,

Nur yo’li olib boradigan joyga bormaydilar.

14 Qotil erta tongda turadi,

Kambag`alu bechorani o’ldiradi,

Kechasi esa o’g`rilik qiladi.

15 Zinokor kech bo’lishini kutadi,

«O`shanda meni hech kim ko’rmaydi», deb o’ylaydi.

Niqob bilan yuzini berkitadi.

16 O`g`rilar kechasi uylarni talab,

Kunduz kuni yashirinadi.

Ular nur nimaligini bilmaydi.

17 Barcha o’g`rilarning tongi zulmatdir.

Ha, zulmat dahshatlari ularning do’stidir.

18 Ammo o’sha fosiqlar daryo suvlari ustidagi ko’pikday o’tkinchidir.

Ularning erlari la`natlangan,

Ularning uzumzorlariga hech kim qadam bosmaydi.

19 Issiq havo va qurg`oqchilik qorni eritib yo’q qilganday,

O`liklar diyori ham gunohkorni o’z og`ushiga oladi.

20 Qurtlar esa uni maza qilib kemiradi.

Gunohkorni hatto o’z onasi unutadi,

Hech kim uni esga olmaydi.

Fosiqlar daraxtlarday sindirib tashlanadi.

21 Fosiqlar farzandsiz ayolga zulm o’tkazadi,

Bevalarga mehr–shafqat ko’rsatmaydi.

22 Ammo Xudo O`z qudrati bilan kuchlilarni halok qiladi.

Ular baland ko’tarilishi mumkin,

Ammo ularning hayoti uchun kafolat yo’q.

23 Ular osoyishta yashashlariga Xudo yo’l qo’yadi,

Ammo O`zi ularning yo’llarini doim kuzatib turadi.

24 Hozircha ular buyuk bo’lsa ham, keyinroq yo’q bo’ladi.

Ular erga uriladi, xuddi boshqalarday o’lib ketadi.

Don boshoqlariday qurib qoladi.

25 Qani, kim gaplarimni yolg`on, deb ayta oladi?

Kim mening gaplarimni puchga chiqara biladi?”

Bildad uchinchi marta gapiradi: inson zoti solih bo’la olmasligi haqida

1 Shunda Shuvaxlik Bildad dedi:

2 “Xudo haybatli hukmrondir!

Samolarda U tinchlik o’rnatadi.

3 Uning lashkarlarini kim sanay oladi?!

Axir, Uning nuri butun er yuzini yoritadi–ku!

4 Shunday ekan, inson zoti qanday qilib

Xudo oldida solihlikka da`vo qila oladi?!

Ayoldan tug`ilganlar qanday qilib pok bo’la oladi?!

5 Xudoning nazarida hatto oy ham yorug`mas,

Yulduzlar ham pok emas.

6 Shunday ekan, inson kim bo’libdi?!

Axir, u bir qurt–ku,

Odamzod bir pashshaday–ku!”

Ayubning to’qqizinchi nutqi: Xudoning beqiyos buyukligi haqida

1 Ayub shunday deb javob berdi:

2 “Ojizga bergan yordaming shumi?

Kuchsizga shunday madad kerakmi?!

3 Aqlsizga biram o’rgatib qo’yding–a!

Bergan maslahatlaring biram ma`noliki!

4 Kim o’rgatdi o’zi senga bu dono gaplarni?!

Sen orqali kimning ruhi gapirgan o’zi?!

5 Suvlar ostidagi o’liklar diyorida

Marhumlarning ruhi qaltiraydi.

6 Xudoning oldida o’liklar diyori ochiqdir,

Halokat diyorining ham yopinchig`i yo’q.

7 Xudo bo’shliq ustiga samoni yoydi,

Erni esa bo’shliqqa osib qo’ydi.

8 Xudo bulutlarni yomg`ir suviga to’ldiradi,

Bulutlar esa suvning og`irligidan yirtilib ketmaydi.

9 Xudo to’lin oyning yuzini yashirib,

Bulutlar bilan o’rab qo’yadi.

10 Xudo ufqni bepoyon ummon uzra yoyib,

Yorug`lik va qorong`ilik orasiga chegara qo’ydi.

11 Xudo osmonning ustunlariga do’q qilsa,

Ular qo’rquvdan qaltirab tebranadi.

12 Xudo O`z qudrati bilan dengizni mag`lub qildi,

O`z zakovati bilan maxluq Rahobni halok qildi.

13 O`z nafasi bilan bulutlarni haydab,

Moviy osmonni ochdi.

Uning qudrati qochayotgan ilonni ezib tashladi.

14 Bular Xudo qilgan ishlarning kichik bir parchasidir,

Xuddi pichirlab aytilgan gapga o’xshaydi!

Shunday ekan, agar Uning qudrati

Momoqaldiroqday gumburlasa, kim tushuna oladi?”

Ayubning so’nggi nutqi: o’zini nohaqlikdan saqlashi haqida

1 Ayub yana gap boshlab shunday dedi:

2 “Menga adolat qilmay,

Qalbimni yaralagan Qodir Xudo shohid!

3 Tanamda Xudo ato qilgan jon bor ekan,

So’nggi nafasimgacha,

4 Og`zimdan fisqu fasod eshitilmas,

Tilimdan yolg`on so’zlar chiqmas.

5 Hech qachon sizlarni haq deb tan olmayman,

O`lgunimcha aybsiz ekanligimni rad qilmayman.

6 Ikkilanmay o’zim haqligimni aytaveraman,

Hayot ekanman, vijdonim toza mening.

7 Dushmanim fosiqlarday jazo olsin,

Raqiblarim yovuzlarday jazolansin.

8 Xudosiz odam hayotdan mahrum bo’lganda,

Unda qanday umid qoladi?

Xudo uni yo’q qilganda umidi bo’ladimi?

9 Xudosizlarning boshiga kulfat tushganda,

Xudo ularning faryodiga quloq tutarmikin?

10 Axir, ular Qodir Xudodan zavq topmaydilar–ku!

Ular har doim ham Xudoga iltijo qilmaydilar–ku!

11 Xudoning qudrati haqida sizlarga o’rgataman.

Qodir Xudoning yo’llarini sizlardan yashirmayman.

12 Axir, o’zingiz bularning hammasini ko’rgansiz–ku!

Shunda ham bekorchi gaplarni qo’ymaysiz.

13 Fosiqlarning taqdiri quyidagichadir,

Qodir Xudo zolimlarning boshiga solgani mana shudir:

14 Ularning farzandlari ko’paysa ham,

Baribir urushda halok bo’ladi.

Zurriyoti hech qachon nonga to’ymaydi.

15 Tirik qolganlarini o’lat nobud qiladi,

Bevalari esa aza ham tutolmaydi.

16 Kumushlari changday ko’p bo’lsa ham,

Kiyim–kechaklari uyum–uyum bo’lsa ham,

17 O`sha kiyimlarni solihlar kiyadi,

Kumushlarini esa aybsizlar bo’lib oladi.

18 Fosiqlarning uylari qush iniday mo’rt bo’ladi,

Dala qorovullarining kapalari singari bo’ladi.

19 Fosiqlar kechqurun yostiqqa bosh qo’yganda boy bo’lsa,

Ko’zlarini ochib qaraganda, bor boyliklari yo’qolib ketgan bo’ladi.

20 Vahima ularni suv toshqiniday bosadi,

Tunda bo’ronlar ularni uchirib ketadi.

21 Sharq shamoli ularni olib ketadi,

Fosiqlarni o’z joylaridan supurib tashlaydi.

22 Bu shamol shafqatsizlarcha ularga tashlanadi,

Fosiqlar shamolning kuchidan qochishga urinadi.

23 Shamol ularning ustidan kuladi,

Hushtak chalib, ularni dahshatga soladi.

Donolik

1 Mana, kumush qazib olinadigan konlar bor,

Tilla tozalanadigan joylar ham bor.

2 Temirni erdan qazib olishadi,

Toshlarni eritib, mis ajratib olishadi.

3 Inson qorong`i konlarga chiroq bilan kiradi,

Hatto er ostining eng chet joylarini ham qaziydi.

Erning qop–qorong`i joylarigacha borib,

Temir va mis qidiradi.

4 U odamzod yashaydigan joylardan uzoqda,

Inson qadam bosmaydigan erlarda konlar qaziydi.

Odamzoddan uzoq joylarda arqonlarga osilib, chuqurlarga tushadi.

5 Mana, donu non erdan unib chiqadi,

Ammo er osti esa yondirilganday alg`ov–dalg`ov bo’lib yotibdi.

6 Erdagi toshlardan zangori yoqutlar chiqadi,

Tuprog`ida tilla bor.

7 Hech bir quzg`un konlarning yashirin so’qmoqlarini bilmaydi,

Hech bir burgutning ko’zlari u joylarni ko’rmagan.

8 Yovvoyi hayvonlar u erlarga oyoq bosmagan,

Sherlar ham u erlardan yurmagan.

9 Inson qoyalarni o’yadi,

Tog`larni tag–tugi bilan qo’porib tashlaydi.

10 Qoyalar orasidan yo’llar ochadi,

Inson ko’zlari hamma bebaho xazinalarni ko’radi.

11 Inson daryolarning manbaini topadi,

Yashirin xazinalarni yorug`likka olib chiqadi.

12 Ammo donolikni qaerdan topsa bo’ladi?!

Idrokning manbai qaerda ekan?!

13 Odamzod donolikning qaerda ekanligini bilmaydi,

Chunki yorug` er yuzida donolik topilmaydi.

14 Tubsiz suvlar, donolik bizda emas, deydilar,

Dengiz ham, mening ichimda u yo’q, deb aytar.

15 Donolikni tillaga sotib olib bo’lmaydi,

Uning narxini kumush bilan o’lchab bo’lmaydi.

16 Donolik Ofir tillasiyu aqiq toshlar,

Zangori yoqutlar bilan ham sotib olinmaydi.

17 Tilla ham, billur ham donolikka teng kelmaydi,

Donolikni toza tilla taqinchoqlarga almashtirib bo’lmaydi.

18 Donolikning qadri gavhardan ham balanddir,

Marjon va javohirlar uning oldida qadrsizdir.

19 Habashistonning javohiri ham unga teng kelolmaydi,

Eng sof tilla bilan ham donolikni sotib olib bo’lmaydi.

20 Shunday ekan, donolik qaerdan kelib chiqadi?

Idrokning manbai qaerda?

21 U barcha jonzotlarning ko’zlaridan yashirilgan,

Hatto osmondagi qushlardan ham berkitilgan.

22 Hatto Halokat va O`lim ham,

Biz donolik haqida faqat eshitganmiz, deb aytadi.

23 Donolikka olib boradigan yo’lni Xudo biladi,

Donolikning maskanini faqatgina U biladi.

24 Zotan, Xudo erning to’rt tomonini ham ko’rib turadi,

Falak ostidagi hamma narsani kuzatib turadi.

25 Xudo shamolga kuch bergan,

Dengizning hajmini belgilagan.

26 Yomg`irning qaerga yog`ishini U ko’rsatib bergan,

Chaqmoq uchun yo’llarni belgilagan.

27 O`shanda Xudo donolikka qaradi–da,

Donolikning qadrini belgiladi.

Uni tekshirib ko’rib, barqaror qildi.

28 Xudo odamzodga shunday dedi:

«Men, Rabbingizdan qo’rqish donolikdir,

Fosiqlikdan yuz o’girish idrokdandir.»”

Ayub ilgari Xudo unga bergan baraka haqida gapiradi

1 Ayub gapida davom etdi:

2 “Qani endi, Xudo menga

G`amxo’rlik qilgan paytlari qaytib kelsa edi.

3 O`sha paytlarda Xudo O`z chirog`i bilan yo’limni yoritardi,

Uning nuri bilan zulmatdan o’tar edim.

4 Kuch–quvvatga to’lgan kezlarimda

Xudo bilan bo’lgan do’stligim chodirimni to’ldirib turardi.

5 Qodir Xudo men bilan edi,

Farzandlarim ham atrofimda yurardi.

6 Uyimda qaymoq oshib–toshib yotardi,

Zaytunzorlarimdan moy ariq bo’lib oqardi.

7 Shahar darvozasi oldida o’tirganimda,

Yo’lboshchilar orasidan joy olganimda,

8 Yoshlar meni ko’rib, yo’l berardi,

Hatto keksalar ham o’rnidan turardi.

9 Oqsoqollar ham gapidan to’xtardi,

Dami ichiga tushib ketardi.

10 Boshliqlarning ham ovozi tinardi,

Tillari tanglayiga yopishib qolardi.

11 Gaplarimni eshitganlar meni maqtardi,

Ko’rganlar men haqimda yaxshi gapirardi,

12 Axir, men nola qilgan yo’qsillarga yordam berardim,

Suyanchig`i yo’q etimlarni chetda qoldirmas edim.

13 O`limdan qutqarilgan bu odamlar meni duo qilardilar,

Yordamim bilan bevalarning qalbini quvonchga to’ldirardim.

14 Solihlikka kiyim kabi o’rangandim,

Odillikni sallam va to’nimday kiyib yurardim.

15 Ko’rlarga ko’z bo’ldim,

Cho’loqlarga oyoq bo’ldim.

16 Faqirlarga ota bo’ldim,

Musofirlarning arzlarini eshitib, himoya qildim.

17 Zolimlarning tishlarini sindirdim,

Ularning og`zidan o’ljasini tortib oldim.

18 Men shunday deb o’ylardim:

«Uzoq umr ko’rib, o’z uyimda hayotdan ko’z yumaman.

19 Axir, men ildizlari suvga etgan,

Shoxlarida tun bo’yi shabnam turadigan daraxtdayman.

20 Doimo obro’yim baland bo’laveradi,

Kuchim qayta–qayta yangilanaveradi.»

21 Hamma sukut saqlab, menga quloq solardi,

Bizga qanday maslahat berarkan, deb kutardi.

22 Mening so’zlarimdan keyin hech kim gap qo’shmasdi,

So’zlarim ularning ustiga shabnamday ohista tushar edi.

23 Ular yomg`ir kutganday meni kutishardi,

So’zlarim bahor yomg`iri singari ularga singib ketardi.

24 Ularga kulib qarasam, ko’zlariga ishonishmasdi,

Marhamat qilishimni umid bilan kutishardi.

25 Ularga bosh bo’lib, yo’l–yo’riq ko’rsatardim,

Lashkarlari orasidagi shohday yashar edim,

Ular qayg`uga tushganlarida tasalli berardim.

Ayub o’z dardi haqida gapiradi

1 Endi esa o’zimdan yosh bo’lganlar ustimdan kuladi,

Ularning otalari qo’riqchi itlarim orasida bo’lishga ham arzimaydi.

2 Ulardan menga nima foyda?!

Axir, ular kuch–quvvatdan qolgan–ku!

3 Ular ochligu muhtojlikdan ozib–to’zib ketgan,

Tun bo’yi dashtu biyobonda daydib yuradi.

4 Cho’l butalari orasida achchiq o’tlar teradi,

Yulg`un butasining ildizlari ularga emish bo’ladi.

5 Ular odamlar orasidan haydalgan.

O`g`rilarga baqirganday ularning orqasidan baqiradilar.

6 Ular quruq soyliklaru chuqurlarda,

Qoyalar orasida yashashga majburdirlar.

7 Changalzorlarda hayvonlar singari bo’kiradi,

Qichitqi o’tlar orasida g`ujanak bo’lib o’tiradi.

8 Eng past, yaramas bu to’dani

Xivchinlar bilan yurtdan haydashgan.

9 Mana endi o’shalar mazax qilib,

Men haqimda qo’shiqlar kuylaydi,

Men ularga kulgi bo’lib qoldim.

10 Ular mendan nafratlanib, yaqinimga ham kelmaydi,

Hatto yuzimga tupurishdan ham toymaydi.

11 Xudo kuchimni kesdi, meni erga urdi.

Shuning uchun o’sha yaramaslar ham

Mening oldimda o’zlarini jilovlay olmaydigan bo’ldilar.

12 O`sha qalang`i–qasang`ilar

Menga qarshi chiqib, erga yiqitadilar,

Meni o’ldirmoqchi bo’lib, hujum qiladilar.

13 Yo’llarimni to’sib,

Boshimga tushadigan kulfatni tezlatadilar,

Ularni to’xtatadigan hech kim yo’q.

14 Meni mazax qiluvchilar har tomonlama hujum qiladilar,

To’fonday ustimga yopiriladilar.

15 Meni qo’rquv bosgan,

Obro’yim shamol uchirgandek ketdi,

Farovonligim bulut kabi o’tib ketdi.

16 Endi yuragim ezilib ketyapti,

Har kuni men azob–uqubat tortaman.

17 Tun bo’yi suyaklarim zirqirab og`riydi,

Meni dard qiynab, hech tinchlik bermaydi.

18 Xudo shaxt bilan kiyimimdan ushladi,

Ko’ylagimning yoqasidan tutdi.

19 U meni loyga bulg`adi,

Changu tuproqchalik qadrim yo’q.

20 Ey Xudoyim, Senga iltijo qilaman,

Ammo Sen menga javob bermaysan.

Sening oldingda turibman,

Sen esa qarab turaverasan.

21 Menga nisbatan shafqatsiz bo’lib qolding,

O`z qudrating bilan meni quvg`in qilyapsan.

22 Quyun bilan meni ko’tarib,

Bo’ron orasida u yoqdan–bu yoqqa otasan.

23 Bilaman, insonning qismati bo’lgan o’limga

Meni ham olib borasan.

24 Boshiga kulfat tushgan muhtoj odam nola qilsa,

Hech kim unga qo’l ko’tarmaydi–ku, axir.

25 Men boshiga kulfat tushganlar uchun qayg`urdim–ku!

Muhtojlarni ko’rib, yuragim achidi–ku!

26 Ammo yaxshilik kutganimda yovuzlik keldi,

Yorug`likka umid qilsam, zulmat tushdi.

27 Qalbim bezovtalangan, tinim bilmaydi,

Og`ir kunlar boshimga tushgan.

28 Quyosh nuri bo’lmagan bir zulmatda yuribman,

Jamoa oldida madad so’rab, faryod qilaman.

29 Men chiyabo’rining do’stiday,

Tuyaqushning ukasiday bo’lib qoldim.

30 Terim qorayib ketgan,

Tanam isitmadan yonyapti.

31 Nayim sadosi azadorlarga jo’r bo’ladi,

Liram qayg`uli nola qiladi.

Ayub aybsizligini oxirgi marta ta`kidlaydi

1 Men: «Ayol–qizlarga shahvat bilan qaramayman», deb

Ko’zlarim bilan ahd tuzgan edim.

2 Xo’sh, Xudo menga bergan nasiba nima bo’ldi?!

Qodir Xudo men uchun nima buyurgan?!

3 Adolatsizlarning boshiga ofat,

Badkirdorlarning boshiga kulfat tushadi–ku.

4 Xudo hamma yo’llarimni ko’radi,

Bosgan qadamimni kuzatib turadi.

5 Agar yolg`on gapirgan bo’lsam,

Tilim yolg`on–yashiqqa to’la bo’lsa,

6 Mayli, Xudo meni adolat tarozisida tortib ko’rsin,

Shunda U pokligimni bilib oladi.

7 Agar to’g`ri yo’ldan og`ib ketgan bo’lsam,

Nafsim meni yo’ldan urib,

Qo’llarimni bulg`agan bo’lsam,

8 Mayli, men ekay, hosili birovga nasib bo’lsin,

Dalamda ungan ekinlar sug`urib tashlansin.

9 Biror ayol meni yo’ldan urgan bo’lsa,

Shahvat bilan qo’shnimni poylagan bo’lsam,

10 Mayli, xotinim boshqalarning bug`doyini yanchsin,

Begona erkaklar uning oldiga kirsin.

11 Axir, shahvat buzuqlik–ku!

Bu gunoh albatta hukm qilinadi.

12 Halokat diyorigacha etib boradigan olovdaydir u,

Bor–budimni tag–tomiri bilan eb bitiradi.

13 Qullarim, cho’rilarim men haqimda shikoyat qilganda,

Ularga nisbatan doim adolatli bo’lganman.

14 Aks holda, Xudo hukmga turganda men nima qilardim?

Xudo meni so’roq qilganda nima degan bo’lardim?

15 Meni yaratgan ularni ham yaratgan–ku!

Onamizning qornida barchamizga shakl bergan — Xudo–ku!

16 Muhtojlar madad so’raganda, qaytarib yubormadim,

Bevalarning umidini puchga chiqarmadim.

17 Ovqatimni bir o’zim emadim,

Etimlar bilan bo’lishdim.

18 Yoshligimdan etimlarga ota bo’ldim,

Umrim bo’yi bevalarga g`amxo’rlik qildim.

19-20 Ko’zim tushgan yalang`och bechoralar

Qo’ylarimdan qirqib olingan junlar bilan isindi.

Ust–boshi bo’lmagan faqirlarga mehr ko’rsatdim,

Shuning uchun ular meni duo qildi.

21 Agar qozixonada so’zim o’tishini bilib turib,

Etimlarga qarshi qo’l ko’targan bo’lsam,

22 Qo’llarim sinib qolsin,

Qo’lim elkamdan uzilib tushsin.

23 Men Xudodan keladigan kulfatdan qo’rqardim,

Xudoning ulug`vorligini bila turib, bunday ish qila olmasdim.

24 Tillaga ishondimmi?

Toza tillaga umid bog`ladimmi?

25 Boyligim ko’pligidan yoki mol–mulkim bilan maqtandimmi?

26 Osmondagi yorug` quyoshga qarab,

Go’zal oyning suzishini kuzatib,

27 Yuragim vasvasaga tushdimi?

Ularga sig`indimmi?

28 Agar shunday qilgan bo’lsam, bu ham hukmga loyiq gunoh bo’lar edi.

Axir, bu ish bilan yuksakdagi Xudoga sadoqatsizlik ko’rsatgan bo’lardim–da!

29 Hatto g`animlarimga kelgan kulfatdan suyunmadim,

Boshiga ofat tushganda quvonmadim.

30 Ularni qarg`ashdan o’zimni tiydim,

Boshimga gunoh orttirmadim.

31 Xizmatkorlarim shunday derdilar:

«Ayubning chodirida go’sht eb, to’ymaganlar bormi?»

32 Hech bir musofir ko’chada tunamas edi,

Chunki eshigim doimo sayyohlarga ochiq edi.

33 Boshqalarga o’xshab, gunohlarimni yashirmadim,

Ayblarimni yuragimda saqlamadim.

34 Olomondan cho’chiydiganlaru

Odamlarning gapidan qo’rqadiganlar kabi

Ko’chaga chiqmay, jim o’tiravermadim.

35 Koshki endi menga quloq soladigan birortasi bo’lsa!

Mana arzimga o’zim qo’l qo’yyapman.

Endi Qodir Xudo O`zi javob bersin.

Qani endi, dushmanim ayblarimni yozib bersa,

36 Men faxrlanib, ularni elkamga osgan bo’lardim,

Toj qilib kiyib yurgan bo’lardim.

37 Har bir bosgan qadamimga javob bergan bo’lardim,

Mag`rur bir shahzoda kabi Xudoning oldiga borgan bo’lardim.

38 Agar erlarim menga qarshi faryod qilsa,

Erlarim egatlari ko’z yoshga to’la bo’lsa,

39 Bahosini to’lamay, hosilini egan bo’lsam,

Dehqonlarning o’limiga sababchi bo’lgan bo’lsam,

40 Bug`doy o’rniga tikanlar o’ssin,

Arpa o’rniga gazanda o’tlar chiqsin.”

Shunday qilib, Ayubning gaplari tugadi.

Elixu Ayubning do’stlariga javob beradi

1 Shunday qilib, o’sha uch kishi Ayubga boshqa gapirmadilar, chunki Ayub o’z nazarida solih edi.

2 Ammo Buz avlodining Ram xonadonidan bo’lgan Boraxiyol o’g`li Elixuning jahli chiqdi. Ayub o’zini oqlab, Xudoni ayblayotgani uchun undan qattiq g`azablandi.

3 U Ayubning uchala o’rtog`idan ham juda qattiq achchiqlandi, chunki ular Ayubning gapiga javob topib bera olmadilar. Natijada Xudo aybdorday bo’lib qoldi.

4 Elixu gapirish uchun o’z navbatini kutib turardi, chunki boshqalarning yoshi unikidan ulug`roq edi.

5 Lekin ularning boshqa gapi yo’qligini ko’rib, Elixuning jahli chiqdi.

6 Shunday qilib, Buz avlodidan bo’lgan Boraxiyol o’g`li Elixu o’z gapini boshladi:

“Men yoshman,

Sizlarning esa yoshingiz ulug`.

Shuning uchun uyalib,

Fikrlarimni aytishga qo’rqdim.

7 Yoshi ulug`lar gapirsin,

Ko’pni ko’rganlar aql o’rgatsin, dedim.

8-9 Ammo faqatgina yoshi ulug`lar dono bo’lmaydi,

Nima to’g`riligini faqat keksalar tushunavermaydi.

Axir, insonga uning ichidagi ruh —

Qodir Xudoning nafasi aql–idrok beradi–ku!

10 Shuning uchun menga quloq soling,

Men ham o’z fikrimni bayon qilay.

11 Sizlar gapirganda jim turdim,

Dono gaplaringizga quloq soldim.

Gap qidirganingizda ham kutib turdim.

12 Sizlarga diqqat bilan quloq soldim,

Lekin hech biringiz Ayubning aybini isbotlay olmadingiz.

Uning gaplariga javob bera olmadingiz.

13 Sizlar: «Eng dono yo’lni topdik,

Ayubni inson emas, Xudoning O`zi mag`lub qilsin», deya ko’rmanglar.

14 Ayub gaplarini menga qarata aytgani yo’q.

Shunday bo’lganda ham,

Men hech qachon sizlarga o’xshab javob bermasdim.

15 Ey Ayub! Bu uchala o’rtog`ingiz esankirab qoldi,

Gap topolmay o’tiribdilar.

Aytadigan bironta so’zi yo’q.

16 Endi ularning aytadigan gapi bo’lmasa,

Men kutib o’tiraveraymi?!

17 Men ham javob beraman,

O`z fikrimni bildiraman.

18 Ichimda so’zlar toshib ketyapti,

Ruhim meni da`vat qilyapti.

19 Qalbim ochilmagan sharob kabi jo’shmoqda,

Yangi sharob quyilgan mesh kabi yorilib ketay, deydi.

20 Gapirib, ozgina yozilay.

Og`iz ochib, javob beray.

21 Men hech kimga tarafkashlik qilmayman,

Hech bir insonga xushomad qilmayman.

22 Agar xushomadgo’ylikka usta bo’lsam,

Yaratuvchim meni yo’q qilgan bo’lar edi.

Elixu Ayubga qarshi gapiradi

1 Ey Ayub, endi mening so’zlarimni eshiting,

Hamma gaplarimga quloq soling.

2 Men hozir gapirishga tayyorman.

So’zlarim tilimda tizilib turibdi.

3 So’zlarim pok ko’nglimdan chiqadi,

Chin dildan gapiraman.

4 Meni Xudoning Ruhi yaratgan,

Qodir Xudoning nafasi menga hayot berib turibdi.

5 Agar qo’lingizdan kelsa, menga javob bering–chi,

O`zingizni himoya qilib ko’ring–chi!

6 Xudoning oldida siz ham, men ham birmiz,

Men ham tuproqdan yaralganman.

7 Mendan qo’rqmasangiz ham bo’ladi,

Sizga hech zulm o’tkazmayman.

8 Gaplaringizni o’z qulog`im bilan eshitdim,

Quyidagi so’zlarni oldimda aytgansiz:

9 «Men pokman, aybsizman,

Top–tozaman, menda hech bir ayb yo’q.

10 Xudo esa menga qarshi chiqishga bahona qidiryapti,

Meni O`z dushmanlari qatoriga qo’shib qo’ydi.

11 Oyoqlarimni zanjirband qildi,

Yurgan yo’limni kuzatib turadi.»

12 Ayub, mana shu borada siz nohaqsiz.

Men sizga shuni aytay:

Xudo butun odamzoddan ulug`roqdir.

13 Shunday ekan, nimaga U bilan da`volashyapsiz?

Nima uchun, Xudo menga javob bermaydi, deysiz?

14 Xudo qayta–qayta gapiradi.

Shunda ham odamlar tushunmaydi.

15 Odamlar chuqur uyquga ketganda,

O`rinlarida uxlab yotganda,

Tushlar, tungi vahiylar orqali

16 Xudo ularning quloqlariga gapiradi,

O`z ogohlantirishlari bilan ularni qo’rqitadi.

17 Inson gunohlaridan qaytsin,

Odamzod takabbur bo’lmasin deb, bu so’zlarni aytadi.

18 O`sha ogohlantirishlar odamlarni qabrdan saqlaydi,

O`lim daryosidan qutqaradi.

19 Xudo insonlarga dardu og`riq berib,

Odamlarning suyaklarini zirqiratib, tarbiyalaydi.

20 Shunda ular nonga ham qaray olmaydigan bo’lib qoladi.

Hatto eng shirin ovqatlar ham ko’nglini aynitadi.

21 Ular ozib–to’zib ketadi, faqat terisi qoladi.

Oldin ko’rinmagan suyaklari endi turtib chiqadi.

22 Ana, ular qabrga yaqinlashib qoldi.

O`lim ularning jonini poylab turibdi.

23 Lekin shu paytda insonning himoyachisi bo’lsa,

Minglarga qarshi chiqib,

O`sha insonni solih deb tasdiqlaydigan bir himoyachisi

24 O`sha insonga rahm qilib:

«Ey Xudoyim, uni qabrdan qutqargin,

Bu insonning joni evaziga to’lov topdim», desa,

25 O`sha insonning tanasi yosh bolaniki kabi yangilanadi,

Yoshligidagi kabi yana kuchga to’ladi.

26 O`sha inson Xudoga ibodat qiladi,

Xudo esa uni qabul qiladi.

Xudoning huzuriga u shodlik bilan kiradi,

Chunki Xudo uni solihlik yo’liga qaytaradi.

27 O`sha inson kelib, boshqalarga shunday deydi:

«Mana, men to’g`ri yo’ldan yurmasdan,

Gunoh qilgan edim,

Lekin men o’zimga loyiq jazoni olmadim.

28 Xudo jonimni qabrdan qutqarib qoldi.

Endi mening hayotim yorug` kunlarga to’la!»

29 Ha, Xudo odamzodga shunday qiladi,

Bir emas, ikki emas, ko’p marta takrorlaydi.

30 Insonlarni qabrdan saqlash uchun,

Hayot nuri ularning yo’llarini yoritsin deb, shunday qiladi.

31 Ey Ayub, diqqat qiling, menga quloq soling,

Jim turing, men gapiray.

32 Agar biror gapingiz bo’lsa, menga javob bering.

Gapiravering, chunki oqlanishingizni xohlayman.

33 Lekin gapingiz bo’lmasa, menga quloq soling,

Sukut saqlang, men sizga donolikni o’rgatay.”

Elixu Ayubni takabburlikda ayblaydi

1 Elixu gapida davom etib shunday dedi:

2 “Mening so’zlarimni tinglang, ey donishmandlar.

Menga quloq soling, ey bilimdonlar.

3 Til taomning ta`mini tatiganday,

Quloq ham so’zlarni sinab ko’radi.

4 Kelinglar, nima to’g`riligini tanlaylik,

Nima yaxshiligini birgalikda o’rganaylik.

5 Ayub shunday deydi: «Men aybsizman,

Lekin Xudo menga adolat qilmayapti.

6 To’g`ri bo’lsam ham, meni yolg`onchiga chiqarishdi.

Gunohsiz bo’lsam ham tuzalmas dardga yo’liqqanman.»

7 Ayubga o’xshagan odam bormi?

Ayub uchun Xudoga shak keltirish suv ichishday bir gap!

8 Uning o’rtoqlari badkirdorlardir,

U fosiqlar bilan vaqt o’tkazadi.

9 Ayub hatto shunday degan:

«Xudoga yoqadigan ish qilishdan hech bir foyda yo’q!»

10 Shuning uchun menga quloq soling, zakovatlilar.

Xudo aslo fosiqlik qilmas,

Qodir Xudo nohaqlik qilmas.

11 Axir, U odamlarning qilganlariga yarasha qaytaradi,

Qilmishlarining oqibatini o’z boshlariga keltiradi.

12 Mana bu haqiqatdir:

Xudo fosiqlik qilmaydi,

Qodir Xudo adolatga xiyonat etmaydi.

13 Xudoga er yuzidagi hukmronlikni birov beribdimi?!

Biror kimsa Xudoni dunyoga hukmdor qilib qo’yibdimi?!

14 Agar Xudo O`z nafasini

Qaytarib olishga qaror qilsa,

15 Butun insoniyat birdaniga halok bo’lgan bo’lardi,

Odamzod yana tuproqqa qaytgan bo’lardi.

16 Aqlingiz bo’lsa eshiting,

Gaplarimga quloq soling.

17 Adolatdan nafratlangan inson hukmdor bo’la olarmidi?

Qudratli va odil Xudoni hukm qilmoqchimisiz?

18 Shohlarga: «Sizlar yaramassiz», deydigan,

Beklarni fosiq deb ataydigan Xudo–ku!

19 U beklar uchun tarafkashlik qilmaydi,

Boyni kambag`aldan ustun ko’rmaydi.

Axir, ularning hammasini O`zi yaratgan!

20 Odamlar bir zumda o’ladi.

Yarim kechada qaltiraydi–yu, jon beradi.

Qudratlilar osonlikcha yo’q qilinadi.

21 Odamlar qilgan ishlarni Xudo kuzatib turadi,

Ular bosgan har bir qadamni Xudo ko’rib turadi.

22 Biron zulmat yoki qorong`i joy yo’qki,

Badkirdorlar o’sha joyda yashirinib olsa.

23 Insonni hukm qilish uchun

Xudo taftish o’tkazishi shart emas.

24 Xudo tekshirmasdan ham qudratlilarni qulatib,

Ularning o’rniga boshqalarni joylaydi.

25 Xudo qudratlilarning ishlarini kuzatib turadi.

Shuning uchun kechasi ularni ag`darib tashlaydi,

Ular halok bo’ladi.

26 Xudo ularni fosiqligi uchun

Hammaning ko’zi oldida jazolaydi.

27 Chunki ular Xudoga ergashishni rad qildilar,

Xudoning yo’llarini anglab etmadilar.

28 Kambag`allarni shunday ezdilarki,

Ularning nolasi Xudoga etib bordi.

29 Xudo sukut saqlasa, kim ham Uni hukm qilardi?

U yuzini yashirsa, kim ko’ra olardi?

Bu biror inson yoki biror xalqning qo’lidan kelarmikan?!

30 Betavfiqlar boshqa odamlarga tuzoq bo’lmasin deb,

Xudo ularni hukmdor qilib qo’ymaydi.

31 Birortasi Xudoga:

«Men jazoimni oldim, endi gunoh qilmayman.

32 Men ko’rolmaydigan narsalarni o’rgat,

Ha, noto’g`ri ishlar qildim,

Endi bunday qilmayman», — deydimi?

33 Xudo sizning o’lchovingiz bo’yicha qaytarishi kerakmi?

Axir, siz Undan nafratlandingiz–ku!

Ey Ayub, men emas, siz qaror qilishingiz kerak.

Qani, bilganingizni ayting–chi.

34 Mana, gaplarimni eshitgan donolar,

Aql–idroklilar shunday deyapti:

35 «Ayub bilmasdan gapiryapti,

Gaplarining ma`nisi yo’q.»

36 Qani endi, Ayub yaxshilab hukm qilinsa,

Axir, u fosiqlarga o’xshab gapiryapti–ku.

37 Ayub Xudoga qarshi chiqib,

Gunohi ustiga gunoh qo’shyapti.

Oramizda Xudoni mazax qilyapti,

Xudoga qarshi ko’p gap aytyapti.”

Elixu Ayubga Xudoning adolatli ekanini eslatadi

1 Elixu gapini davom ettirib, shunday dedi:

2 “Ey Ayub: «Xudoning oldida aybsizman»,

— deb aytishingiz noto’g`ri.

3 Siz Xudoga: «Gunohsizligim

Menga yaxshilik keltirishi kerak edi–ku!

Ammo men yomonlik ko’rdim!»

— deb aytishingiz ham to’g`ri emas.

4 Siz va do’stlaringiz gapimni eshitinglar.

5 Osmonga qarab ko’ringlar,

Sizlardan ancha tepada bo’lgan bulutlarga qaranglar.

6 Itoatsizlik qilsangiz, Xudoga nima zarar?

Gunohlaringiz ko’paysa, Xudoga nima?

7 Bordi–yu, solih bo’lsangiz, Unga nima qilib berardingiz?

U sizning qo’lingizdan biror narsa olishga zormi?

8 Fosiqligingizdan faqat insonlar qiynaladi.

Solihligingiz ham faqatgina insonlarga madad beradi.

9 Zulm haddan tashqari ko’p bo’lgani uchun odamlar faryod qiladi.

Zo’ravonlarning qo’lidan qutqaringlar, deb yordam so’raydi.

10 Ammo hech kim Yaratuvchiga yolvormaydi.

Tunlari umid beradigan Xudoga iltijo qilmaydi.

11 U esa er yuzidagi jonivorlarga qaraganda bizga ko’proq bilim bergan–ku!

Bizni osmondagi qushlardan aqlliroq qilgan–ku!

12 Zulm ostida qolgan insonlar faryod qilishsa ham, Xudo javob bermaydi.

Axir, ularning o’zlari takabbur va fosiqdir.

13 Xudo bunday insonlarning puch so’zlariga umuman quloq solmaydi,

Qodir Xudo ularga e`tibor bermaydi.

14 Ey Ayub! Siz: «Xudoni ko’rmayapman», deysiz.

Da`voingizni Unga keltirdingiz, endi sabr qiling!

15 Siz: «Xudo g`azabini sochmayapti,

Fosiqlikka zarracha e`tibor bermayapti», deb o’ylaysiz.

16 Shunday qilib, Ayub bema`ni gaplarni gapiryapti.

Hech nima bilmay turib, gapni ko’paytiryapti.”

1 Elixu gapida davom etib shunday dedi:

2 “Yana bir oz sabr qiling, men sizlarga ko’rsatay,

Xudo tomonida turib gapiradigan gaplarim bor hali.

3 Mening bilimim juda ko’p,

Meni yaratgan Xudo odil ekanligini sizlarga ko’rsataman.

4 Rostini aytaman, so’zlarim yolg`on emas.

Mana men, bilimi barkamol inson, sizning oldingizdaman.

5 Xudo qudratlidir,

Ammo U insonlardan nafratlanmaydi,

Xudo qudratli va barqarordir.

6 Fosiqlarning yashashiga Xudo yo’l qo’ymaydi,

Ezilganlarga esa adolat qiladi.

7 Solihlardan yuz o’girmaydi,

Solihlarni shohlar bilan birga taxtga chiqaradi,

Ularni to abad yuksaltiradi.

8 Agar insonlar zanjirband bo’lsa,

Azob ularni iskanjaga olgan bo’lsa,

9 Xudo ularning qilmishlariniyu gunohlarini o’zlariga ko’rsatadi,

Ular mag`rurlanib ketganlarini oshkor qiladi.

10 Yo’l–yo’riqlarini tinglashga majbur qiladi,

Yovuzlikdan qaytishga amr qiladi.

11 Agar ular itoat etib, Xudoga xizmat qilsalar,

Qolgan umrlarini farovonlikda o’tkazadilar,

Hayotlari rohatda o’tadi.

12 Ammo itoat etmasalar,

Ular o’lim daryosiga g`arq bo’ladilar,

Aql–idrokka erishmay, olamdan o’tadilar.

13 Xudosizlar alamini ichiga yutib yuraveradilar,

Xudo ularni kishanlasa ham yordam so’ramaydilar.

14 Ular sajdagohlardagi fohishlar orasida,

Yoshliklaridayoq vafot etadilar.

15 Xudo qiynalganlarni o’sha azoblari orqali qutqaradi,

Zulm va jabr–jafoga mubtalo qilib, ularning ko’zlarini ochadi.

16 Xudo sizni ham darddan ozod qilib,

Bepoyon kenglikka olib chiqadi,

Dasturxoningiz noz–ne`matga to’ladi.

17 Ammo siz hozir fosiqlarni hukm qilish bilan ovorasiz.

Xayolingiz adolat va hukm bilan band.

18 Ehtiyot bo’ling, yana birov sizni boylik bilan vasvasaga solmasin,

Katta poralar sizni yo’ldan urmasin.

19 Boyliklaringiz sizni kulfatdan qutqara olarmidi?!

Qudratu–kuchingiz endi sizga yordam bera olarmidi?!

20 Tunni kutavermang,

Axir, xalqlar kechasi yo’q bo’lib ketadilar–ku!

21 Hushyor bo’ling! Fosiqlikka yuz burmang,

Axir, dard sizni fosiqlikdan saqlash uchun yuborilgan–ku.

Elixu Ayubga Xudoning qudratini eslatadi

22 Xudo O`z qudrati tufayli yuksakdir!

Unga o’xshash ustoz bormi?

23 Kim Xudoga yo’l ko’rsata olardi?!

Kim Unga: «Qilganlaring noto’g`ri», deya oladi?!

24 Xudo qilgan ishlari uchun

Insonlar Uni madh qiladilar,

Siz ham doimo ularga jo’r bo’ling.

25 Butun inson zoti Uning ishlarini ko’rgan,

Hamma uzoqdan turib kuzatadi.

26 Xudo qanchalar buyuk!

Uning buyukligiga aqlimiz etmaydi,

Xudoning umrini hisoblaydigan sonning o’zi yo’q.

27 U suv tomchilarini yig`ib,

Ularni yomg`irga aylantiradi.

28 Bulutlardan yomg`ir yog`diradi,

Odamzod bundan bahramand bo’ladi.

29 Xudo qanday qilib bulutlarni yurgizishini

Yoki O`z maskanidan turib, momaqaldiroqni qanday gumburlatishini

Kim ham tushuna oladi?

30 Mana, qaranglar, Xudo shunday chaqmoq chaqtiradiki,

Hatto dengiz tubi ham yorishib ketadi.

31 Xudo O`z qudratli ishlari bilan xalqlarni boshqaradi,

Ularga farovonlik ato qiladi.

32 Chaqmoqni qo’liga olib,

Belgilagan joyiga borib urishni amr qiladi.

33 Bo’ron kelayotganini momaqaldiroq bildirib turadi,

Hatto chorva ham oldindan sezadi.

1 Mana shular haqida o’ylasam,

Yuragim o’ynab, joyida sakraganday bo’ladi.

2 Xudo ovozining gumburlashiga yaxshilab quloq soling.

Uning og`zidan chiqayotgan guldirosni eshiting.

3 Chaqmog`i butun falak ostida chaqnab,

Erning to’rt burchiga etib boradi.

4 Undan keyin gulduros eshitiladi,

Xudo O`zining ulug`vor ovozi bilan gumburlagan sado chiqaradi,

Uning ovozi eshitilganda chaqmoq chaqnayveradi.

5 O`z ovozi bilan Xudo ajoyib gulduros hosil qiladi,

Uning qilgan ishlariga aqlimiz etmaydi.

6 U buyursa erga qor yog`adi,

Xudo aytgani uchun sel yog`adi.

7 U hamma odamlarning ishlarini to’xtatib qo’yadi,

Shunda insonlar Xudoning qudratini bilib oladi.

8 Jonivorlar o’z inlariga kiradi,

O`z uyalarida yashirinadi.

9 Bo’ron o’z makonidan chiqadi,

Sovuq shamol esadi.

10 Xudo nafasi bilan muz hosil qiladi,

Bepoyon suvlar muzlab qoladi.

11 Bulutlarni suv bilan to’ldiradi–da,

Ularning orasidan chaqmoq chaqtiradi.

12 Xudo bulutlarga yo’l ko’rsatadi,

Xudoning amrlari bajo bo’lishi uchun

Shamolu suv er yuzi bo’ylab aylanadi.

13 U ba`zan, odamzodni jazolay deb, yomg`ir yog`diradi.

Ba`zan esa erni sug`oray,

Odamzodga O`z sevgimni ko’rsatay deb, bulutlarni yuboradi.

14 Bir daqiqa jim turing, Ayub, quloq soling,

Xudoning ajoyib ishlari haqida o’ylab ko’ring.

15 Xudo qanday qilib bulutlarni boshqarishini

Yoki chaqmoq chaqtirishini bilasizmi?

16 Qanday qilib bulutlar osmonda osilib turishini,

Bilimi barkamol Xudoning ajoyibotlarini bilasizmi?

17 Axir, er yuzida esgan garmsel tufayli

Kiyimlaringiz ham isib ketadi–ku!

18 Osmon sayqallangan bronzaday qattiq,

Xudo uni yoyib qo’ygan!

Shunday qilish sizning ham qo’lingizdan keladimi?

19 Xudoga qanday gapirishni bizga o’rgating.

Biz notavonlar da`voimizni tushuntira olmaymiz.

20 Gapirmoqchi bo’lganimni birortasi Xudoga aytishi kerakmi?

Axir, inson gapirsa, albatta halok bo’ladi–ku!

21 Shamol bulutlarni haydagandan so’ng

Tiniq osmonda charaqlab turgan quyoshga

Hech kim qaray olmaydi.

22 Shimoldan yorqin nurlar taralmoqda,

Xudo ajoyib ulug`vorlikka burkangan.

23 Biz Qodir Xudoga etolmaymiz,

Uning qudrati yuksakdir.

U to’g`ri hukm chiqaradi, adolatiga xiyonat qilmaydi.

24 Shuning uchun insonlar Undan qo’rqadi.

Ha, qalbi donolar Xudoni ko’radi.”

Egamiz Ayubga javob beradi

1 Shundan keyin Egamiz quyun orasidan Ayubga shunday deb aytdi:

2 “Bilmay turib gapirayotgan kim?

Kim donoligimga gumon qilyapti?

3 Qani, erkakka o’xshab belingni bog`la,

Seni so’roq qilaman, javob ber–chi.

4 Zaminning poydevorini qo’yganimda qaerda eding?

Dono ekansan, qani ayt–chi!

5 Er yuzining sarhadlarini belgilagan kim?

Axir, o’zing bilasan–ku!

Kim erning ustidan chiziq o’tkazdi?

6-7 Erning poydevorini nima ushlab turibdi?

Tong yulduzlari jo’r bo’lib, qo’shiq kuylaganda,

Ilohiy zotlar quvonchdan hayqirganda

Erning tamal toshini qo’ygan kim?

8 Dengiz er tubidan otilib chiqqanda,

Darvozalarni yopib, to’sib qo’ygan kim?

9 Axir, Men bulutlarni dengizga kiyim qilib qo’ydim.

Dengizni qalin zulmat bilan o’rab qo’ygan Menman.

10 Men dengizga chegaralar belgiladim,

Dengizni tambalangan darvozalar bilan to’sib qo’ydim.

11 Men dengizga: «Faqat mana shu ergacha kelasan,

Sening mag`rur to’lqinlaring shu erda to’xtaydi», deb aytdim.

12 Sen umringda biror marta, tong otsin, deb buyurganmisan?

Yoki, sharqdan kun chiqsin, deb aytganmisan?

13 Quyosh nuriga: «Erning to’rt burchiga tarqalib,

Fosiqlarni yashiringan joyidan siltab chiqargin», deb aytganmisan?

14 Kun yorishar ekan, matodagi bezaklar kabi

Muhr bosilgan mum kabi

Er yuzidagi qirlaru vodiylar o’z shaklini ko’rsatadi.

15 Fosiqlarga nur berilmaydi,

Ularning yomon niyatda ko’tarilgan qo’li sinadi.

16 Dengiz tubidagi buloqlarni borib ko’rganmisan?

Suvlar tubida yurib, tekshirib ko’rganmisan?

17 O`lim darvozalari qaerdaligini bilasanmi?

Zulmat darvozalarini senga ko’rsatishganmi?

18 Bu dunyoning qanchalik ulkanligini bilasanmi?

Agar shularning hammasini bilsang, Menga ayt–chi!

19 Yorug`likning maskaniga olib boradigan yo’lni,

Zulmatning turar joyini bilasanmi?

20 Ularni o’z joylariga olib bora olasanmi?

O`sha joyga qanday borishni bilasanmi?

21 Ha, sen bilasan albatta!

Sen yorug`lik va zulmatdan oldin tug`ilgansan–da!

Qanchalik uzoq umr ko’ryapsan–a!

22 Qor saqlanadigan omborxonalarni ko’rganmisan?

Do’l saqlanadigan omborlarni–chi?

23 Men ularni kulfat kunlari uchun,

Urush va jang kunlari uchun saqlab qo’yganman.

24 Yorug`lik manbaiga olib boradigan yo’l qani?

Sharq shamoli chiqadigan joy qaerda?

25 Selu jalaga kim yo’l ochib bergan?

Chaqmoqning yo’llarini kim belgilagan?

26 Huvillab yotgan biyobonga,

Kimsasiz cho’lga kim yomg`ir yog`diradi?

27 Tashlandiq xarobazorlarni suvga qondirib,

U erlarda maysalar o’stiradigan kim?

28 Yomg`irning otasi bormi?

Shabnamni kim dunyoga keltirgan?

29 Muz qaerdan tug`iladi?

Samodan tushadigan qirovga kim hayot bergan?

30 Suv toshlarday qotib qoladi,

Dengiz sathi muzlaydi.

31 Parvin yulduzlarini sen bog`lab qo’ya olasanmi?

Hulkar yulduzini ushlab turgan arqonlarni echa olasanmi?

32 Yulduz turkumlarini o’z mavsumida joyiga boshlaysanmi?

Katta ayiq va kichik ayiq burjidagi yulduzlarga yo’l ko’rsata olasanmi?

33 Osmon qonunlarini bilasanmi?

Sen o’sha qonunlarni er yuziga tatbiq qila olasanmi?

34 Bulutlarga qarab baqirib ko’rgin–chi,

Qani, ustingga yomg`ir yog`armikan?

35 Sen chaqmoqni chaqtira olasanmi?

U kelib, xizmatingizdaman, deydimi?

36 Kim yuraklarga donolik bergan?

Kallaga aql–idrokni kim solib qo’ygan?

37-38 Qani, bulutlarni sanashga kimning aqli etadi?

Er qaqraganda, tuproq qotib, kesakka aylanganda

Kim falak meshlarini ag`darib, yomg`ir yog`dira oladi?

39-40 G`orlarida yashirin yotgan,

Inlarida kutib yotgan

Sherning bolalarini to’ydira olasanmi,

Ona sherga o’lja topib bera olasanmi?

41 Qarg`aning bolalari qorni ochib, daydib yurganda,

Menga faryod qilganda ehtiyojlarini qondirgan kim, axir?

1 Tog` echkilari qachon tug`ishini bilasanmi?

Kiyiklar bolalaganini ko’rganmisan?

2 Ular bolasini necha oy qornida ko’tarib yurishini bilasanmi?

Ular bolalaydigan vaqtni–chi?

3 Ular cho’kkalab tug`adi,

Bolalarini dunyoga keltiradi.

4 Ularning bolalari ochiq joylarda o’sib, kuchga to’ladi,

Ota–onasini tashlab ketadi, boshqa qaytib kelmaydi.

5 Qulonga kim ozodlik bergan?

Kim uning arqonini echib tashlagan?

6 Men dashtlarni unga makon qilib berdim,

Sho’r erlar qulonning maskani bo’ldi.

7 Shahardagi shovqin–surondan u kuladi,

Hech kim uning ustiga minib, unga baqirolmaydi.

8 Qirlar qulonning yaylovidir,

O`sha erlarda u ko’katlarni qidirib yuradi.

9 Yovvoyi buqa senga xizmat qilishga rozi bo’ladimi?

Tunni sening og`ilingda o’tkazadimi?

10 Arqon bilan uni omochga bog`lay olasanmi?

U erlaringni ag`darib beradimi?

11 Kuchi ko’p, deb unga ishona olasanmi?

Hamma og`ir ishlaringni unga topshirasanmi?

12 U hosilingni yig`ib,

Xirmonga olib kelishiga ishonasanmi?

13 Tuyaqush qanotlarini sevinch bilan qoqaveradi,

Ammo uning qanotu patlari laylaknikiga teng kelolmaydi.

14 Tuyaqush tuxumlarini erga qo’yadi,

Ularni qumda isitadi.

15 Birov oyoqlari bilan tuxumlarini bosib ketishidan,

Yovvoyi hayvon ularni ezib tashlashidan xavotirlanmaydi.

16 O`z bolalariga begonalarga o’xshab berahm.

Chekkan zahmati behuda, ammo unga baribir.

17 Chunki Xudo unga aql bermagan,

Uni idrokdan qisib qo’ygan.

18 Ammo tuyaqush qanotlarini yoyib yugurganda,

Otu chavandozni changida qoldirib ketadi.

19 Otga kuchni sen berganmisan?

Uning bo’ynini sen yol bilan qoplaganmisan?

20 Sen otlarni chigirtkaday sakratasanmi?!

Otlar baland ovoz bilan kishnab,

Odamlarni qo’rquvga soladi.

21 Shiddat bilan erni tepadi,

Qattiq kuch bilan yugurib, jangga otiladi.

22 Qo’rquvni bilmaydi, vahimaga tushmaydi,

Qilichdan ham qochmaydi.

23 Ularning ustida o’qdon taraqlaydi,

Atrofida qilichu nayzalar yaltiraydi.

24 Burg`ular chalinganda otlar bir joyda turolmaydi,

Ular chopqillab, erni changitadi.

25 Har burg`u chalinganda kishnaydi,

Uzoqdanoq jang hidini sezadi.

Sardorlarning jangga da`vatlariyu hayqiriqlarini eshitadi.

26 Qarchig`aylar qanotlarini yoyib, janubga uchadi.

Ularga uchishni sen o’rgatdingmi?

27 Sen buyurganing uchun burgut parvoz qiladimi?

Sening so’zing bilan baland joylarda in quradimi?

28 U qoyalarda yashaydi,

Qirrali qoyalar uning qal`asi.

29 O`sha erdan turib, burgut o’ljasini topadi,

Uzoqdan turib ko’zlari ko’radi.

30 Uning bolalari qonga to’yadi,

Jasadlar qaerda bo’lsa, ular ham o’sha erda.”

31 Keyin Egamiz Ayubga shunday dedi:

32 “Qodir Xudo bilan bahslashayotgan odam endi Uni to’g`rilaydimi?!

Qani, Xudoni ayblagan gapirsin endi!”

Ayub Egamizga javob beradi

33 Shunda Ayub Egamizga javob berdi:

34 “Men senga javob berishga loyiq emasman,

Damim ichimda, og`iz ochmayman.

35 Bir–ikki gapirib javob topmadim,

Endi boshqa gapirmayman.”

Egamiz yana Ayubga gapiradi

1 Shundan keyin Egamiz quyun orasidan gapirib, Ayubga shunday dedi:

2 “Qani, erkakka o’xshab belingni bog`la,

Seni so’roq qilaman, javob ber–chi.

3 Sen Meni adolatsizlikda ayblamoqchimisan?

Meni hukm qilib, o’zingni oqlamoqchimisan?

4 Sening qo’ling Xudoning qo’liday qudratlimi?

Uning ovoziga o’xshab gumburlaydigan ovozing bormi?

5 Shunday bo’lsa, qani, o’zingni shonli dabdabaga o’ragin–chi,

Ulug`vorlik va salobat bilan burkangin–chi.

6 G`azabingni to’kib soch,

Hamma takabbur insonlarga nazar solgin–da,

Ularning popugini pasaytirib qo’y.

7 Ha, barcha mag`rur insonlarga qaragin–da,

Ularni er bilan bitta qil.

Fosiqlarni turgan joyida ezib tashla.

8 Hammasini tuproqqa ko’mib tashla,

Ha, yuziga tuproq tortib, qabrni yop.

9 Shunda Men senga tan beraman,

O`z kuching bilan najot topa olarkansan, deyman.

10 Begemotga qaragin,

Xuddi seni yaratganimday uni ham Men yaratganman,

U ho’kizga o’xshab o’t eydi.

11 Uning belida kuchi ko’p,

Qorin mushaklari kuchga to’la.

12 Dumi sadr daraxtiday kuchli,

Son mushaklari juda ham baquvvat.

13 Uning suyaklari bronzadan yasalgan novlarday,

Qo’l–oyoqlari temirday mustahkam.

14 Men yaratgan jonivorlar orasida u eng ajoyibidir,

Yaratganning O`zigina unga bas kela oladi.

15 Yovvoyi hayvonlar o’ynab yuradigan qirlar

Unga oziq beradi.

16 U xalqoblardagi qamishlar orasida,

Nilufar gullari tagida yotadi.

17 U nilufar gullarining soyasida yotadi,

Irmoq bo’yidagi tollar uni o’rab oladi.

18 Daryo jo’shib oqsa ham u qo’rqmaydi,

Iordan daryosining to’lqinlari yuziga urilsa ham

U bexavotir turaveradi.

19 Birov uning ko’zlarini ko’r qilib, ushlay oladimi?!

Ilmoq bilan burnini teshib tuta oladimi?!

20 Maxluq Levitanni baliq singari,

Ilmoq bilan ushlay olasanmi?!

Tilini arqon bilan bog`lay olasanmi?!

21 Burnidan arqon o’tkazib,

Jag`ini ilmoq bilan tesha olasanmi?!

22 O`sha maxluq qayta–qayta sendan rahm–shafqat tilaydimi?!

Xo’sh, u senga mayin so’zlar bilan gapiradimi?!

23 Sen bilan ahd tuzib,

Bir umrga quling bo’lib qoladimi?

24 Qush bilan o’ynaganday u bilan o’ynay olasanmi?

Yoki qizlaring uchun uni bog`lab bera olasanmi?

25 Baliqchilar uning uchun savdolashadimi?!

Savdogarlarga uni bo’lib beradimi?!

26 Uning terisini nayza bilan tesha olasanmi?

Boshini baliqchilarning sanchqisi bilan yora olasanmi?

27 Agar unga qo’l tekkizsang,

Bir umrga pushaymon bo’lasan!

Ikkinchi qo’l tekkizmaydigan bo’lasan.

1 Ha, maxluq Levitanni ushlamoqchi bo’lganlar o’zini o’zi aldaydi,

Uning ko’rinishi odamni dahshatga tushiradi.

2 Uni qo’zg`atishga hech kimning yuragi dov bermaydi.

Shunday ekan, kim Menga qarshi chiqa oladi?!

3 Xo’sh, kimdan qarzim borki, hisobini talab qilsa?!

Axir, falak ostidagi hamma narsa Meniki–ku!

4 Men Levitanning qo’lu oyoqlari,

Beqiyos kuchi va ajoyib tanasi haqida aytib beray.

5 Kim uning terisini shila oladi?

Zirhga o’xshagan terisini kim teshishi mumkin?

6 Uning og`zini kim ochib ko’ra oladi?

Axir, uning tishlari qo’rqinchli–ku!

7 Uning beli qator tizilgan qalqonlardaydir,

Ular bir–biriga yopishtirib mahkamlangan.

8 Bir–biriga shunchalik yaqinki,

Hatto orasidan havo ham o’tolmaydi.

9 Ular bir–biriga yopishgan,

Birga mahkamlangan, ajratib bo’lmaydi.

10 Levitan aksirganda uchqun chiqadi,

Ko’zlari tong nuriga o’xshab chaqnaydi.

11 Og`zidan alanga chiqadi,

Olov uchqunlari otiladi.

12 Yonayotgan qamish ustida qaynayotgan qozondan bug` chiqqanday,

Uning ham burnidan tutun chiqadi.

13 Uning nafasi ko’mirni yondiradi,

Og`zidan alanga chiqadi.

14 Bo’yni shu qadar baquvvatki,

Ko’rganlar vahimaga tushadi.

15 Eti qatlam–qatlam bo’lib, bir–biriga yopishib ketgan,

Ular shunchalik qattiqki, qimirlatib bo’lmaydi.

16 Yuragi toshday qattiq,

Ha, tegirmon toshiday qattiq.

17 Levitan qo’zg`alganda, kuchlilar ham qo’rqadi,

Levitan tashlanganda, ular g`ujanak bo’ladi.

18 Unga tekkan qilich, nayza, yoy o’qiyu

Xanjar hech ta`sir qilmaydi.

19 Temir unga somon kabidir,

Bronza esa chirigan yog`och kabidir.

20 Yoy o’qi uni qochirolmaydi,

Palaxmon toshi somonchalik ta`sir qilmaydi.

21 Tayoq unga xashakday tuyuladi,

Nayzalarning shuvillashidan u kuladi.

22 Qornidagi tangachalari sopol parchasiday o’tkir,

Loydan yursa, erni yorib o’tadi.

23 Levitan harakatlaridan dengiz qaynaydi,

Chuqur suvlarni qaynagan moyday qiladi.

24 U suzgan joylarda yaltiragan iz qoladi,

Dengiz oq sochlar bilan qoplanganga o’xshaydi.

25 Er yuzida unga teng keladigani yo’q,

Bu jonivorda qo’rquv degan narsa yo’q.

26 Barcha takabbur jonzotga u past nazar bilan qaraydi,

Mag`rur yovvoyi hayvonlarning shohi Levitandir.”

Ayub Egamizga javob beradi

1 Shunda Ayub Egamizga javob berdi:

2 “Ha, bilaman, Sen hamma narsani qila olasan.

Sening rejalaringni hech kim buza olmaydi.

3 «Bilmay turib, donoligimga gumon qilayotgan kim?» — deb so’rading.

O`sha menman.

O`zim tushunmaydigan narsalar haqida og`iz ochdim.

Aqlim etmaydigan ajoyibotlar haqida gapirdim.

4 Sen: «Qani quloq sol, Men gapiraman.

Seni so’roq qilaman, javob ber», — deding.

5 Sen haqingda birovlardan eshitgandim,

Ammo endi ko’zlarim bilan Seni ko’rib turibman.

6 Shuning uchun endi aytganlarimni qaytib olaman,

Boshimga tuprog`u kul sochib, tavba qildim.”

Xulosa

7 Ayubga gapirib bo’lgandan keyin, Egamiz Temonlik Elifazga shunday dedi: “Sen va ikki do’stingdan juda qattiq g`azabdaman, chunki sen Men haqimda to’g`ri so’zlarni aytmading. Ayub esa to’g`ri gapirdi.

8 Endi ettita buqa va ettita qo’chqor olib, Ayubning yoniga boringlar. O`sha erda o’z gunohlaringiz uchun Menga kuydiriladigan qurbonlik keltiringlar. Ayub sizlar uchun ibodat qiladi. Men uning ibodatlarini qabul qilaman, sizlarga ahmoqligingizga loyiq jazo bermayman. Sizlar Men haqimda to’g`ri so’zlarni gapirmadingiz. Ayub esa to’g`ri gapirdi.”

9 Shunday qilib, Temonlik Elifaz, Shuvaxlik Bildad va Namaxlik Zo’far borib, Egamizning aytganlarini qildilar. Egamiz Ayubning ibodatlarini qabul qildi.

10 Ayub o’z do’stlari uchun ibodat qilgandan keyin, Egamiz uning boyligini qayta tikladi. Unga oldingidan ikki baravar ko’p baraka berdi.

11 Shunda Ayubning hamma aka–ukalari, opa–singillari, eski tanishlarining barchasi kelishdi. Uning uyida ziyofat qilishdi. Egamiz tomonidan yuborilgan kulfatlar uchun Ayubga hamdardlik bildirib, unga tasalli berishdi. Ularning har biri Ayubga bir bo’lak kumush va tilla uzuk hadya qildi.

12 Ayubning qolgan umri davomida Egamiz unga oldingidan ham ko’proq baraka berdi: bu davrda Ayubning o’n to’rt mingta qo’ylari, olti mingta tuyasi, ming juft ho’kizi va mingta eshagi bor edi.

13 Egamiz Ayubga etti o’g`il va uch qiz ham berdi.

14 Ayub birinchi qiziga Yamima, ikkinchisiga Kaziyo, uchinchisiga esa Xaranxappux deb ot qo’ydi.

15 Butun yurtda Ayubning qizlariday go’zal qizlar yo’q edi. Ayub qizlariga ham aka–ukalari qatori meros berdi.

16 Shundan keyin Ayub yana bir yuz qirq yil yashadi. Farzandlar ko’rdi, nabiralaru ularning farzandlarini ham ko’rdi, hammasi bo’lib to’rt nasl ko’rdi.

17 Shunday qilib, Ayub yoshini yashab, oshini oshab, uzoq umr ko’rib, olamdan o’tdi.