Zafaniyo

Zafaniyo

1 Yahudo yurtida Omon o’g`li shoh Yo’shiyo hukmronlik qilgan davrda Zafaniyoga Egamiz O`z so’zini ayon qildi. Zafaniyo shoh Hizqiyo avlodidan bo’lib, Kushining o’g`li, Gadaliyoning nevarasi va Emoriyoning evarasi edi.

Yahudo xalqi jazo oladigan kun yaqinlashib kelmoqda

2 Egamiz shunday demoqda:

“Men er yuzidagi hammani

Gard qoldirmay supurib tashlayman.

3 Ha, Men odamlaru hayvonlarni,

Ko’kdagi qushlaru

Dengizdagi baliqlarni supurib tashlayman.

O`sha hayvonlar tasviridagi butlarni parchalayman.

Ular qatorida fosiqlarni ham yo’q qilaman,

Er yuzidagi butun inson zotini

Ildizidan quritib yuboraman.

— Egamizning kalomi shudir. —

4 Men Yahudo va Quddusga qarshi qo’l ko’taraman.

Baalga sig`inganlarni bitta qoldirmay yo’q qilaman,

Butparast ruhoniylarni odamlarning xotirasidan o’chiraman.

5 Tomda quyosh, oy, yulduzlarga sig`inganlarni halok qilaman,

To’g`ri, ular Men, Egangizga sajda qilib, sadoqat ontini ichadi,

Lekin Mo’laxga ham topinib, va`dalar berishadi.

6 Men, Egangizdan yuz o’girgan,

Izimdan yurmagan bu odamlar nobud bo’ladi,

Menga intilmagan, Mendan yordam so’ramaganlar o’ladi.”

7 Egamiz Rabbiy oldida sukut saqlang!

Zero, Egamizning kuni yaqinlashib qoldi.

Egamiz O`z xalqini qurbonlik qilishga tayyorladi.

U taklif qilgan mehmonlar etib keldi.

8 Egamiz shunday deydi:

“Men qurbonlik keltiradigan o’sha kuni

Yahudo a`yonlarini, shohning o’g`illarini,

Butparastlik odatlariga berilganlarning hammasini jazolayman.

9 Butparastlarga o’xshab ostona hatlaganlarning

Ta`zirini beraman.

Shoh saroyini zo’ravonligu firibgarlikka

To’ldirganlarni jazolayman.”

10 Egamiz shunday demoqda:

“O`sha kuni Quddusning Baliq darvozasidan faryod ko’tariladi,

Shaharning Yangi dahasidan dod–voy eshitiladi.

Qirlardan vayronagarchilik sadolari keladi.

11 Ey bozor ko’chasida yashaydiganlar, dod soling!

Axir, hamma savdogarlaringiz halok bo’ladi,

Oldi–sotdi qilganlar qirib tashlanadi.

12 Men o’sha kuni bir chiroq olaman,

Quddusning har bir burchagini tekshirib chiqaman.

«Egamizning qo’lidan na yaxshilik, na yomonlik keladi», deb

O`ylaganlarning jazosini beraman.

Gunohga botib o’tirgan

Beparvo odamlarni jazolayman.

13 Ular uylar qurishadi,

Ammo uylarida yashash ularga nasib etmaydi.

Uzumzorlar barpo qilishadi,

Ammo sharobidan ichisholmaydi.

Boyliklari talon–taroj qilinadi,

Qurgan uylari buzib tashlanadi.”

14 Oz qoldi Egamizning buyuk kuniga!

Oz qoldi! O`sha kun shiddat bilan yaqinlashmoqda.

Quloq soling! Bu Egamizning kunidir.

Bu kun achchiq kulfat keltiradi,

Hatto jasur jangchilar qo’rqqanidan baqiradi.

15 Bu kun Xudoning g`azab kunidir.

O`sha kuni hamma azob–uqubat chekadi,

Hamma yoq vayronayu xarobazorga aylanadi.

Zimziyo zulmat kuni bo’lar o’sha kun,

Bulut qoplagan tim qorong`i bo’lar o’sha kun!

16 Mustahkam shaharlaru baland minoralar

Hujum ostida qoladi,

Burg`u ovoziyu jangga da`vat tovushlarini

O`sha kun o’zida mujassam etadi.

17 Egamiz shunday deydi:

“Odamlar Menga qarshi gunoh qildilar,

Shu sababdan Men ularning boshiga kulfat solaman,

Ular ko’r odamday qoqilib yuradilar.

Ularning qoni to’kilib, erni qoplaydi,

Jasadlari tilka–pora bo’lib, erda go’ngday yotadi.”

18 Egamizning g`azab kunida

Kumush ham, oltin ham ularga najot bermaydi.

Egamizning rashk o’ti

Butun dunyoni kuydirib tashlaydi.

Ha, er yuzida yashagan hammani

Egamiz dahshatli tarzda yo’q qiladi.

Zafaniyo xalqni tavba qilishga chorlaydi

1 Esingni yig`ib olgin,

Ey sharmanda xalq!

2 Shamol uchiradigan somonday

Yo’q bo’lib ketmasingdan oldin,

Egamizning alangali qahriga

Uchramasingdan oldin,

Egamizning g`azab kuni

Kelmasdan oldin esingni yig`ib olgin!

3 Egamizning amrlariga itoat qiladigan,

Ey yurtning kamtarin odamlari,

Egamizga intilinglar.

To’g`rilikka bog`lanib,

Mo’min–qobillik payida bo’linglar.

Shundagina Egamizning g`azab kunida

Jazodan qutulib qolishingiz mumkin.

Yahudoning yon–atrofidagi xalqlarni Egamiz hukm qiladi

Filist xalqi

4 G`azo shahri huvillab qoladi,

Ashqalon shahri vayron bo’ladi.

Ashdod aholisi kunning tush paytigacha haydab chiqariladi,

Exron shahri tag–tugi bilan yo’q qilinadi.

5 Ey dengiz qirg`og`ida yashayotgan Filist xalqi,

Sening holingga voy!

Ey Kan`ondagi Filist yurti,

Egamiz senga qarshi shunday deydi:

“Men seni vayron qilaman,

Birontangni ham tirik qoldirmayman.”

6 Ey dengiz qirg`og`idagi o’lka,

Sen dashtga aylanasan.

U erda cho’ponlar chodirlar tikadi,

Ular qo’y–echkilari uchun qo’ralar quradi.

7 Yahudo xalqining omon qolganlari

Yurtingga egalik qiladi.

Cho’ponlari yurtingda qo’y–echkilarini o’tlatishadi,

Ular Ashqalondagi tashlandiq uylarda tunashadi.

Axir, Egasi Xudo ularga g`amxo’rlik qiladi,

Ularni yana farovonlikka erishtiradi.

Mo’ab va Ommon xalqi

8-9 Isroil xalqining Xudosi —

Sarvari Olam shunday demoqda:

“Mo’abliklar xalqimni qanchalik tahqirlaganini,

Ommonliklar ularni qanchalik xo’rlaganini,

Xalqimni haqoratlab, yurtiga tahdid solishganini eshitdim.

Shunday ekan, Men barhayot Xudo bo’lganim haqi aytamanki,

Mo’ab yurti Sado’m shahrining holiga tushadi,

Ommon yurti G`amo’ra shahriga o’xshab qoladi.

O`sha yurtlar sho’r bosgan tikanzorlarga aylanadi,

To abad tashlandiq joylar bo’lib qoladi.

Xalqimning omon qolganlari ularni talon–taroj qiladi.

Yurtlarini o’zlariga mulk qilib olishadi.”

10 Ular Sarvari Olamning xalqini mazax qilganlari uchun,

Kekkayib, mag`rurlanganlari uchun

Bu ko’rgiliklar boshlariga tushadi.

11 Egamiz ularni vahimaga soladi,

Er yuzidagi jamiki xudolarni yo’q qiladi.

Shunda dengiz qirg`og`idagi ellar

Egamizga sajda qilishadi.

Har biri o’z yurtida Egamizni madh etadi.

Habashistonliklar

12 Ey Habashistonliklar,

Egamiz sizlarni ham qilichi bilan o’ldiradi.

Ossuriya xalqi

13 Egamiz shimolga qarshi qo’l ko’taradi,

U Ossuriyani yo’q qiladi.

Naynavo shahrini vayron qiladi,

Uni suvsiz sahroga aylantiradi.

14 U erda chorva o’tlab yuradigan bo’ladi,

Har xil yovvoyi hayvonlar orom oladi.

Saroy vayronalarida boyo’g`li yashaydi,

Oynalaridan uning tovushi eshitiladi.

Ostonalarida xarobalar uyum–uyum bo’lib yotadi.

Binolarining sadr yog`ochlari shilib olinadi.

15 Bexatar yashayotgan manman shahar shu ko’yga tushadi!

“Menga teng keladigani yo’q”, deb aytayotgan shaharning holi shu bo’ladi!

Xarob bo’lgan bu shahar

Yovvoyi hayvonlarning makoniga aylanadi.

Vayronalar oldidan o’tgan–ketganlar

Undan hazar qilib, erga tupurib ketishadi.

Quddusning gunohi va itoatsizligi

1 Bulg`angan, buzuq shaharning holiga voy!

Zolimlarga to’lib ketgan shaharning holiga voy!

2 U hech kimning gapiga quloq solmaydi,

O`ziga hech qanday saboq olmaydi.

O`z Xudosi tomon yuz burmaydi,

Umidini Egamizga bog`lamaydi.

3 Shahar a`yonlari o’kirayotgan sherlarga o’xshaydi.

Hakamlari ham kechasi och qolgan bo’rilarga o’xshab,

Ertalabgacha o’ljasidan hech narsa qoldirmaydi.

4 Payg`ambarlari katta ketadi,

Hammasi qalloblik qiladi.

Ruhoniylari Xudoning uyini harom qiladi,

Xudoning qonunini buzadi.

5 Ammo Egamiz hamon shahardadir.

U doimo to’g`ri ish qiladi,

U nohaqlik qilmaydi aslo!

U har kuni ertalabdan adolat o’rnatadi,

Tong sahardan odillik bilan ish tutadi,

Fosiqlar esa uyalmay yomonlik qilaveradi.

6 Egamiz shunday deydi:

“Men xalqlarni qirib tashladim,

Ularning shaharlarini vayron qildim,

Qal`alarini qulatdim.

Ana, ko’chalari huvillab qoldi,

Shaharlarida inson zoti qolmadi.

7 Endi xalqim Mendan qo’rqar,

Bundan o’ziga saboq olar, deb o’ylagan edim.

Quddusni vayron qilmayman,

Aytganlarimni boshiga solmayman, degan edim.

Ammo ular shunda ham,

Qabihliklar qilish ishtiyoqidan voz kechmadilar.”

Xalqlar Egamizga yuz buradi

8 Egamiz shunday demoqda:

“Mening kelishimni kutinglar,

Men xalqlarga hamla qilib,

Ularni talon–taroj qiladigan kunni kutinglar.

Men qaror qildim: xalqlarni yig`aman,

Barcha ellarni to’plab olaman.

Ularning ustiga g`azabimni sochaman,

Alangali qahrimni ularga yog`diraman.

Rashkim o’ti butun dunyoni kuydirib tashlaydi.

9 Keyin Men barcha xalqlarning nutqini o’zgartiraman,

Shunda ular butlarga iltijo qilishmaydi,

Faqat Men, Egangizgagina ibodat qilishadi.

Birgalikda Menga xizmat etishadi.

10 Olis yurtlardan ixlosmandlarim kelishadi,

Habashistondagi daryolarning narigi tomonidan,

Menga nazrlar olib kelishadi.

11 Ey xalqim, o’sha kuni sizlar uyalib qolmaysizlar,

Oldinlari Menga bo’ysunmaganingizdan o’shanda xijolat tortmaysizlar.

Axir, Men orangizdagi takabbur odamlarni yo’q qilaman.

Shunda muqaddas tog`imda o’zlaringizni katta tutmaydigan bo’lasizlar.

12 Men faqat kamtarin va itoatkor odamlarni qoldiraman.

Ular Men, Egangizdan panoh topadilar.

13 Isroil xalqining omon qolganlari

Hech yomonlik qilmaydilar.

Ular hech kimni aldamaydilar,

Og`izlaridan yolg`on so’z chiqmaydi.

Ular yaylovda o’tlab yurgan qo’ylarday orom oladilar,

Hech kim ularni bezovta qilmaydi.”

Sevinch qo’shig`i

14 Ey Isroil xalqi, sevinch ila hayqiring!

Ey Quddus aholisi, kuylang!

Ey Sion ahli, butun qalbingizdan shodlaning!

15 Egamiz sizlarni jazolab bo’ldi,

Dushmanlaringizni U quvib yubordi.

Isroilning Shohi — Egamiz orangizdadir.

Siz endi kulfatdan qo’rqmang.

16 O`sha kuni Quddusga shunday so’zlar aytiladi:

“Ey Sion aholisi, qo’rqmang! Aslo bo’shashmang!

17 Egangiz Xudo sizning orangizdadir,

Sizga zafar keltiruvchi jangchi O`shadir.

U sizni deb xursand bo’lib sevinadi.

O`z sevgisi ila qo’rquvlaringizdan xalos qiladi.

Ha, sizni deb shod bo’lib kuylaydi.”

18 Egamiz shunday deydi:

“Ey surgun bo’lganlar,

Tayinlangan bayramlarda sizlar

Qatnasha olmaganingizdan xafasizlar,

Men sizlarni o’z yurtingizga olib kelaman,

Bundan buyon xor bo’lishingizga yo’l qo’ymayman.

19 Sizlarga zulm o’tkazgan xalqlar bilan

O`shanda O`zim hisob–kitob qilaman.

Men cho’loqlarni qutqaraman,

Haydab yuborilganlarni yig`ib olaman.

Ular sharmanda bo’lgan har bir yurtda

Obro’ va shuhrat topadilar.

20 Ha, o’sha vaqtda sizlarni yig`ib olaman,

Uylaringizga eltib qo’yaman.

Sizlarni yana farovonlikka erishtiraman,

Buni o’z ko’zingiz bilan ko’rasiz,

Xalqlarning hurmatu maqtovlariga sazovor bo’lasiz.”

Egamizning kalomi shudir.