Kolosaliklar

Kolosaliklar

Salom

1 Xudoning irodasi bilan Iso Masihning havoriysi bo’lgan men — Pavlus hamda birodarim Timo’tiydan

2 Kolosa shahridagi Xudoning azizlari, Masihga tegishli bo’lgan sodiq birodarlarimizga salom!

3 Otamiz Xudo sizlarga inoyat va tinchlik ato qilsin!

Shukrona ibodati

Sizlar uchun ibodat qilganimizda biz har doim Xudoga, Rabbimiz Iso Masihning Otasiga shukur aytamiz.

4 Chunki Iso Masihga bo’lgan imoningiz va Xudoning barcha azizlariga ko’rsatayotgan sevgingiz haqida biz eshitdik.

5-6 Xudo sizlar uchun jannatda shodlik tayyorlab qo’yganiga umid bog`ladingiz. Xushxabar, ya`ni haqiqat so’zi sizlarga etib kelganda mana shu umid haqida eshitdingiz. Imoningiz va sevgingiz bu umidingizga asoslangan. Xushxabar butun dunyo bo’ylab samara keltirib, yoyilmoqda. Xushxabarni eshitib, Xudo inoyatining haqiqiy ma`nosini tushunib etgan kuningizdan beri sizlarning orangizda ham Xushxabar samara bermoqda.

7 Sizlar bu Xushxabarni bizning aziz hamkorimiz Epafrasdan eshitdingiz. U sizlar uchun sadoqat bilan Masihga xizmat qilyapti.

8 Muqaddas Ruh sizlarga ato qilgan mehr–muhabbat haqida u bizga aytib berdi.

9 Shu sababdan sizlar haqingizda eshitgan kunimizdan beri sizlar uchun ibodat qilishni kanda qilmayapmiz. Xudoning Ruhi beradigan donolik va aql–idrok orqali Uning irodasini to’liq anglab eting, deb ibodat qilyapmiz.

10 Shunda sizlar Rabbimiz Isoga munosib hayot kechirib, har jihatdan Uni xursand qilasizlar. Qilgan har bir yaxshiligingiz samara keltiradi va sizlar Xudoni yanada chuqurroq tushunib bilasizlar.

11-12 Xudo O`zining buyuk qudrati bilan sizlarni kuch–quvvatga to’ldirib, har qanday vaziyatda sizlarga sabr–toqat va bardosh bersin. Xudo O`zining aziz xalqiga va`da qilgan nurdan bahramand bo’lishni sizlarga loyiq ko’rgani uchun quvonch bilan osmondagi Otamizga shukrona ayting.

13 U bizni zulmat hukmronligidan qutqarib, sevikli O`g`lining Shohligiga qabul qildi.

14 O`z O`g`li orqali bizni kechirib, gunohlarimizdan ozod qildi.

15 Ko’rinmas Xudoning surati Masihdir,

U butun borliqning to’ng`ichidir.

16 Xudo butun borliqni Masih orqali yaratgan.

Eru ko’kdagi bor mavjudot,

Ko’rinadigan va ko’rinmaydigan har bir narsa,

G`ayritabiiy kuchlar, taxtu saltanatlar,

Bularning hammasi Masih orqali,

Uning O`zi uchun yaratilgandir.

17 Masih butun borliqdan oldin mavjud edi,

Butun borliq U tufayli mustahkam turibdi.

18 Masih jamoatning boshidir,

Jamoat Masihning tanasidir.

Hamma narsaning ibtidosi Masihdir,

U hammadan ustun bo’lishi uchun

Birinchi bo’lib o’likdan tiriltirilgan.

19 Xudo O`z komilligini

Isoda jo qilishni ma`qul ko’rdi.

20 Eru ko’kdagi borliq mavjudotni

Masih orqali Xudo O`zi bilan yarashtirib,

Masihning xochda to’kilgan qoni orqali

Ular bilan tinchlik o’rnatdi.

21 Sizlar ham bir vaqtlar Xudoga dushman edingizlar. Fikru zikringiz Xudodan uzoq bo’lib, yomon ishlar qilardingizlar.

22 Masihning jismoniy tanadagi o’limi orqali Xudo sizlarni O`zi bilan yarashtirdi. Endi sizlar Xudoning oldida muqaddas, benuqson va aybsiz turasizlar.

23 Shunday ekan, hech ikkilanmay, imoningizda mahkam turishingiz kerak. Sizlar Xushxabarni eshitib, umidga ega bo’ldingiz. O`sha umidingizni yo’qotmang. Bu Xushxabar er yuzidagi butun jonzotga e`lon qilindi. Men — Pavlus o’sha Xushxabarning xizmatchisiman.

Pavlus — jamoat xizmatkori

24 Men sizlar uchun azob chekayotganimdan xursandman. Axir, men Masih tanasi, ya`ni jamoat uchun azob chekyapman. Shunday qilib, mening azoblarim Masih chekkan azoblarga qo’shiladi.

25 Xudoning xabarini sizlarga to’liq e`lon qilishim uchun U meni jamoatning xizmatchisi qilib tayinladi.

26 Bu Xushxabar asrlaru nasllar davomida sir tutilgan edi, endi esa u Xudoning azizlariga oshkor qilindi.

27 Xudo barcha xalqlar ham Masih orqali boy ulug`vorlikka etishishlarini hammamizga ko’rsatishni istadi. Bu sirning mohiyati shudir: Masih, ya`ni ulug`vorlikka etishish umidi sizlarning orangizdadir.

28 Har biringiz Masih tanasining etuk a`zosi sifatida Xudoning oldida turishingizni istaymiz. Shuning uchun biz hammani ogohlantirib, donolik bilan ta`lim berib, Masih haqida o’rgatyapmiz.

29 Men ham ana shu maqsadda jon–jahdim bilan xizmat qilar ekanman, menga kuchli ta`sir qilayotgan Masihning qudratiga suyanaman.

1 Men sizlar uchun, shuningdek, Laodikiya shahridagilar hamda meni shaxsan ko’rmagan imonlilarning hammasi uchun naqadar zo’r g`ayrat bilan mehnat qilayotganimni bilishingizni istayman.

2 Maqsadim shuki, sizlar dadil bo’ling, muhabbat rishtalari sizlarni birlashtirsin, Xudoning siri — Masih haqida chuqur va boy tushunchaga ega bo’ling.

3 Chunki donolik va ilmu ma`rifatning hamma xazinalari Masihda pinhondir.

4 Hech kim sizlarni tilyog`lamalik bilan yo’ldan ozdirmasin deb, men sizlarga shularni aytyapman.

5 Garchi men jisman sizlarning orangizda bo’lmasam ham, xayolan siz bilan birgaman. Sizlarning tartib–intizomingiz va Masihga bo’lgan sog`lom imoningizni ko’rib sevinyapman.

Masih ato qiladigan yangi hayot

6 Sizlar Iso Masihni Rabbimiz deb qabul qilgan ekansizlar, doimo U ko’rsatgan yo’ldan yuravering.

7 Olgan ta`limotingizga muvofiq, Masihda tomir yoyib, qaror toping. Imoningizda qattiq turing, Xudoga shukronalar tilingizdan tushmasin.

8 Ehtiyot bo’linglar, hech kim falsafa va quruq safsatalar bilan sizlarni avramasin. Bunday gaplar Masihga emas, balki insonlarning an`anasiga, dunyoning xurofiy kuchlariga asoslanadi.

9 Xudo O`zining butun borlig`i bilan to’la–to’kis Masihning vujudida mavjuddir.

10 Masihga tegishli bo’lganingiz uchun hayotingiz to’la–to’kis, chunki U har qanday kuch va hokimiyatdan ustundir.

11 Masih orqali sizlar sunnat qilindingiz, bu jismoniy sunnat emas, balki Masih orqali qilinadigan sunnat, ya`ni gunohkor tabiatning kesib tashlanishidir.

12 Suvga cho’mdirilish orqali Masih bilan birga ko’mildingiz. Masihni o’likdan tiriltirgan Xudoning qudratiga bo’lgan imoningiz tufayli Masih bilan birga tirildingiz.

13 Ilgari sizlar sunnatsiz, gunohga botgan bo’lib, ruhan o’lik edingizlar. Endi esa Xudo barcha gunohlaringizni kechirib, sizlarni Masih bilan birga tiriltirdi.

14 Bizga qarshi yozilgan ayblov hukmini Xudo bekor qildi, ya`ni o’sha hukmni xochga mixlab, kuchdan qoldirdi.

15 O`sha xoch orqali koinotdagi kuchlaru hukmronliklar ustidan g`alaba qozonib, ularni qurolsizlantirdi. O`zining g`olibona yurishida ularning tutqun ekanligini namoyish etib, sharmanda qildi.

16 Shuning uchun egulik–ichgulik, diniy bayramlar, yangi oy shodiyonalari yoki Shabbat kuni xususida hech kim sizlarga qonun–qoida chiqarmasin.

17 O`sha urf–odatlar kelajakning sharpasigina, xolos, ammo haqiqiy hayot Masihdadir.

18 Shunday ekan, dindorlikka berilib, o’zini mo’minlikka soladiganlar, farishtalarga sig`inadiganlar sizlarni kamsitsa, e`tibor bermanglar. Ular ko’rgan vahiylari bilan maqtanadigan, aql–zakovati bilan mag`rurlanadigan odamlardir.

19 Bunday kishilar Masihdan ajralgan. Masih — O`z tanasi, ya`ni jamoatning Boshidir. Mana shu Boshdan butun badan hayotbaxsh kuch olib, payu bo’g`inlar orqali o’zaro ulanib, Xudoning xohishi bo’yicha o’sadi.

20 Agar sizlar Masih bilan birga o’lgan bo’lsangizlar, dunyoning xurofiy kuchlari uchun ham o’lgan bo’lasizlar. Unday bo’lsa yana nimaga bu dunyoga qul bo’lib,

21 “tegma”, “ema”, “ushlama” degan qonun–qoidalarga bo’ysunasizlar?!

22 Bu insoniy ta`limotlar va qoidalar ishlatilgan sari yo’q bo’lib ketadigan narsalar haqida–ku!

23 Garchi bu qoidalar keltirib chiqargan dindorlik, o’zini mo’min qilib ko’rsatish, badanni qiynash odamlarga hikmatday tuyulsa–da, aslida ular shahvatu nafsga bo’lgan ishtiyoqni ko’paytiradi.

1 Sizlar Masih bilan birga tirilgan ekansiz, samoviy narsalarning payida bo’ling, axir, Masih ham samoda Xudoning o’ng tomonida o’tiribdi.

2 Fikringiz er yuzidagi emas, samodagi narsalar bilan band bo’lsin.

3 Axir, sizlar o’lgansizlar, asl hayotingiz esa Masih bilan Xudoning huzurida pinhondir.

4 Bizning hayotimiz Iso Masihdir. Masih zohir bo’lganda, sizlar ham U bilan birga ulug`vorlikda zohir bo’lasizlar.

5 Shunday ekan, dunyoviy tabiatingizni, ya`ni fahsh–zino, nopoklik, shahvat, yovuz xohishlar va butparastlikka teng bo’lgan ochko’zlikni yo’q qilinglar.

6 Mana shular sababli Xudoning g`azabi itoatsiz bandalarning boshiga tushadi!

7 Sizlar ham bir vaqtlar shunday odamlarning yo’lidan yurib, o’zingizni o’shalar kabi tutardingizlar.

8 Endi esa jahl, g`azab, yovuzliklarning hammasini bir chetga yig`ishtirib qo’yinglar. Og`zingizdan hech qanday jerkish yoki nojo’ya so’z chiqmasin.

9 Bir–biringizga yolg`on gapirmanglar. Chunki sizlar eski tabiatingizni, uning yomon odatlari bilan birga o’zingizdan soqit qildingizlar.

10 Buning o’rniga siz yangi tabiatga burkandingiz. Sizlar Xudoni yaqinroq bilib borarkansiz, sizning yangi tabiatingiz uni yaratgan Xudoning suratiga o’xshab bormoqda.

11 Shu nuqtai nazardan endi na yunon bor, na yahudiy, na sunnatli bor, na sunnatsiz, na johil bor, na madaniyatsiz, na qul bor, na ozod. Eng ahamiyatlisi Masihdir, U hamma bilandir, hamma narsa Uning qo’li ostidadir.

12 Sizlar Xudoning tanlangan, aziz va suyukli xalqisizlar. Shunga ko’ra, rahm–shafqat, mehribonlik, kamtarlik, muloyimlik va sabr–toqatni zeb–ziynat qilib taqib olinglar.

13 Bir–biringizga nisbatan sabr–toqatli bo’linglar. Orangizda xafagarchilik o’tgan bo’lsa, bir–biringizni kechiringlar. Egamiz sizlarni kechirgani kabi, sizlar ham boshqalarni kechiringlar.

14 Va nihoyat muhabbatga burkaninglar, chunki mehr–muhabbat mukammal ahillikka etishtiradi.

15 Masih ato qiladigan tinchlik yuraklaringizda hukmron bo’lsin, axir, sizlar bir tananing a`zosisizlar, tinchlikka da`vat qilingansizlar. Minnatdor bo’linglar.

16 Masihning kalomi sizda chuqur o’rnashib, yashnayversin. Donolik bilan bir–biringizga ta`lim bering, nasihat qiling. Zaburlarni xonish qilib, madhiyalar va ruhiy qo’shiqlar bilan, chin ko’ngildan minnatdorchilik bildirib, Xudoni tarannum etinglar.

17 Nimaiki qilsangiz ham, gapirsangiz ham, hammasini Rabbimiz Iso nomidan qilib, U orqali Otamiz Xudoga shukrona aytinglar.

Masihiy oilalar uchun qoidalar

18 Ey xotinlar, eringizga itoatli bo’linglar. Shunday qilish Rabbimiz Isoning izdoshlariga munosibdir.

19 Ey erlar, xotiningizni sevinglar, ularga qo’pol muomalada bo’lmanglar.

20 Ey farzandlar, doim ota–onangizga quloq solinglar, chunki bu Rabbimizga ma`qul keladi.

21 Ey otalar, farzandlaringizni ranjitavermanglar, bo’lmasa ular tushkunlikka tushib qoladi.

22 Ey qullar, bu dunyodagi xo’jayinlaringizga har doim itoat qilinglar. Xushomadgo’ylik bilan xo’ja ko’rsinga emas, balki Rabbimizdan qo’rqib, chin ko’ngildan itoat qilinglar.

23 Har bir ishni insonlar uchun emas, Rabbimiz Iso Masih uchun qilayotganday chin qalbdan bajaringlar.

24 Chunki sizlar haqiqiy Xo’jayiningiz Masihga xizmat qilyapsizlar. U O`z xalqiga atab qo’ygan qut–barakani sizlarga mukofot qilib berishini yoddan chiqarmang.

25 Kimki nohaqlik qilsa, qilmishiga yarasha jazo oladi. Zero, Xudo tarafkashlik qilmaydi.

1 Ey xo’jayinlar, sizning ham samoda Xo’jayiningiz borligini bilib, qullaringizga odil va to’g`ri muomala qiling.

Har xil nasihatlar

2 Doim ibodat qiling. Ibodatda hushyor bo’lib, shukronalar keltiring.

3 Shuningdek, bizlar uchun ham ibodat qilinglar: biz Xudoning kalomini e`lon qilishimiz va Masih sirini bayon etishimiz uchun Uning O`zi bizga yo’l ochib bersin. Men ana shu sir tufayli qamoqdaman.

4 Bu sirni munosib ravishda izhor eta olishimni Xudodan so’ranglar.

5 Fursatni g`animat bilib, imonlilar qatoriga qo’shilmaganlarga nisbatan oqilona yo’l tutinglar.

6 Ular bilan qanday gaplashishni sizlarga o’rgatay: ular bilan gaplashganingizda so’zingiz hamisha yoqimli va mazmunli bo’lsin.

So’nggi salomlar va tilaklar

7 Men haqimdagi barcha yangiliklarni Rabbimiz Isoning sodiq xizmatkori, hamkorim va suyukli birodarim Tixikus sizlarga aytib beradi.

8 Sizlarga dalda berib, hol–ahvolimizni sizlarga bildirsin deb, men uni sizlarning oldingizga jo’natyapman.

9 Tixikus bilan birga oldingizga sodiq va sevimli birodarimiz, hamshaharingiz O`nisimus ham boradi. Ular bu erda bo’lib o’tgan hamma narsani sizlarga aytib berishadi.

10 Men bilan birga qamalgan Aristarxus va Barnaboning jiyani Mark ham sizlarga salom yo’llayaptilar. Mark haqida yo’l–yo’riq olgansizlar: agar oldingizga borsa, uni yaxshi qabul qilinglar.

11 Yoshua, ya`ni Yustus ham sizlarga salom yo’llayapti. Xudoning Shohligi yo’lida mehnat qilayotgan bulardan boshqa yahudiy hamkorlarim yo’q. Ular menga tasalli bo’lib kelmoqdalar.

12 Iso Masihning quli, hamshaharingiz Epafras sizlarga salom yo’llayapti. Xudoning irodasini to’liq bajaradigan, imoni komil insonlar bo’linglar deb, Epafras zo’r g`ayrat bilan, tinmay sizlar uchun ibodat qilmoqda.

13 U sizlar uchun hamda Laodikiya va Heyrapolis shaharlaridagi imonlilar uchun ne–ne zahmatlar chekkaniga o’zim shohidman.

14 Sevimli tabib Luqo va Dimas sizlarga salom yo’llashyapti.

15 Laodikiya shahridagi birodarlarga, ayniqsa, Nimfaga va uning uyida yig`iladigan jamoatga salom aytinglar.

16 Sizlarga yozgan bu maktubimni o’qiganingizdan keyin, uni Laodikiyadagi jamoat ham o’qisin. Sizlar esa Laodikiya jamoatiga yozgan maktubimni o’qinglar.

17 Arxippusga: “Rabbimiz Iso zimmangga yuklagan xizmatni oxiriga etkazgin”, — deb aytib qo’yinglar.

18 Men, Pavlus, mana shu maktubning yakunini o’z qo’lim bilan yozyapman. Qamoqda ekanligimni esdan chiqarmanglar. Xudoning inoyati sizlarga yor bo’lsin.