4 Shohlar

4 Shohlar

Ilyos va shoh Oxoziyo

1 Isroil shohi Axabning vafotidan keyin, Mo’ab yurti Isroilga qarshi isyon ko’tardi.

2 Isroil shohi Oxoziyo Samariya shahridagi saroyining tomi panjarasidan yiqilib, qattiq shikastlandi. So’ng choparlariga: “Filistlarning Exron shahridagi xudosi Baal–Zabub yoniga borib, undan so’ranglar–chi, men sog`ayarmikanman”, deb ularni jo’natdi.

3 Shunda Tishba shahridan bo’lgan Ilyos payg`ambarga Egamizning farishtasi gapirdi:

— Qani, bo’l, Samariya shohi yuborgan choparlarga peshvoz chiqib, ularga shu gaplarni etkaz: “Nima uchun sizlar Exron shahrining xudosi Baal–Zabubdan, shoh sog`ayarmikan, deb so’rab bilish uchun boryapsizlar?! Isroilda Xudo yo’q deb o’ylayapsizlarmi?!

4 Endi Egam shunday aytmoqda: shohingiz shu qilgani uchun yotgan joyidan turmay, o’ladi.”

Ilyos Egamizning aytganini bajardi.

5 Choparlar Oxoziyoning huzuriga qaytib bordilar. Shoh:

— Namuncha tez qaytib keldingizlar? — deb so’radi.

6 Choparlar Oxoziyoga aytdilar:

— Qarshimizdan bir odam bizga peshvoz chiqdi. Sizning huzuringizga qaytishimizni, shu xabarni etkazishimizni aytdi: “Egamiz shunday demoqda: nimaga sen Exronning xudosi Baal–Zabubdan, sog`ayarmikanman, deb so’rab bilish uchun choparlar jo’natding? Isroilda Xudo yo’q deb o’yladingmi?! Shu qilganing uchun yotgan joyingdan turmay, o’lasan.”

7 Oxoziyo choparlardan:

— Sizlarga peshvoz chiqib, shu gaplarni aytgan odamning ko’rinishi qanaqa edi? — deb so’radi.

8 — U odam jundan to’qilgan kiyim kiygan ekan, beliga charm kamar bog`lab olibdi, — deb javob berishdi choparlar shohga.

— U Ilyos, — dedi Oxoziyo.

9 Shundan keyin shoh Oxoziyo Ilyosni olib kelish uchun ellikboshini ellikta sipohi bilan jo’natdi. Ilyos tog` tepasida o’tirgan edi. Ellikboshi Ilyosni topib, unga dedi:

— Ey Xudoning odami! Tezroq pastga tushar ekansiz, shohimiz shunday deb amr qilmoqda.

10 — Agar men Xudoning odami bo’lsam, — deya javob berdi Ilyos, — osmondan olov tushib, seni va ellikta sipohingni yondirib yuborsin.

Shu zahoti osmondan olov tushib, ellikboshini ham, hamma sipohlarini ham yondirib yubordi.

11 Shoh Ilyosning oldiga yana boshqa ellikboshisini ellikta sipohi bilan jo’natdi. U ellikboshi ham:

— Ey Xudoning odami! Tezroq pastga tushar ekansiz, shohimiz shunday deb amr qilmoqda, — dedi.

12 — Agar men Xudoning odami bo’lsam, — deb javob berdi Ilyos, — osmondan olov tushib, seni va ellikta sipohingni yondirib yuborsin.

Shu zahoti osmondan olov tushib, ellikboshini ham, ellikta sipohini ham yondirib yubordi.

13 Oxoziyo uchinchi marta yana ellikta sipoh bilan boshqa ellikboshini jo’natdi. Ellikboshi Ilyosning oldiga chiqib, uning qarshisida tiz cho’kdi va unga iltijo qilib dedi:

— Ey Xudoning odami! Mening jonimga va mana shu ellikta qulingizning joniga rahm qiling.

14 Osmondan olov tushib, mendan oldingi ikkala ellikboshi ham barcha sipohlari bilan yonib ketgandi. Endi mening jonimga rahm qiling.

15 Shunda Ilyosga Egamizning farishtasi zohir bo’lib:

— Shohdan qo’rqma, ellikboshi bilan birga boraver, — deb aytdi. Ilyos ellikboshi bilan birga shoh huzuriga borib,

16 unga shunday dedi:

— Egamiz aytmoqda: “Isroilda Xudo yo’qday, Exronning xudosi Baal–Zabubdan, sog`ayarmikanman, deb so’rab bilish uchun choparlar jo’natding. Shu qilganing uchun yotgan to’shagingdan turmay, o’lasan.”

17 Shunday qilib, Egamizning Ilyos orqali aytganiga muvofiq, shoh Oxoziyo vafot etdi. Shohning o’g`li bo’lmagani uchun uning o’rniga ukasi Yoram shoh bo’ldi. Bu voqea yuz berganda, Yahudo shohi Yohuram ikkinchi yil shohlik qilayotgan edi. Yohuram Yohushafatning o’g`li edi.

18 Oxoziyoning boshqa ishlari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

Ilyos osmonga olinadi

1 Egamiz Ilyosni quyun ichida osmonga ko’tarib ketadigan vaqt keldi. Ilyos bilan Elishay Gilgal shahridan chiqib ketishayotganda,

2 Ilyos Elishayga:

— Sen shu erda qol, Egamiz menga, Baytil shahriga bor, deb amr qilgan, — dedi.

— Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizdan hecham ayrilmayman, — dedi Elishay.

So’ngra ular Baytilga jo’nadilar.

3 Baytilda payg`ambarlar guruhi Elishayga peshvoz chiqib:

— Egamiz bugun hazratingni olib ketadi, buni bilasanmi? — deb so’radilar.

— Bilaman, — dedi Elishay, — lekin menga bu to’g`rida gapirmanglar.

4 Keyin Ilyos Elishayga:

— Sen shu erda qol, Egamiz menga, Erixo shahriga bor, deb amr bergan, — dedi.

— Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizdan hecham ayrilmayman, — deya javob qaytardi Elishay. So’ngra ular Erixoga kelishdi.

5 Erixoda payg`ambarlar guruhi Elishayning oldiga kelib, undan:

— Egamiz bugun hazratingni olib ketadi, buni bilasanmi? — deb so’rashdi.

— Bilaman, — dedi Elishay, — lekin menga bu to’g`rida gapirmanglar.

6 Keyin Ilyos Elishayga:

— Sen shu erda qol, Egamiz menga, Iordan daryosiga bor, deb amr bergan, — dedi.

— Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizdan hecham ayrilmayman, — dedi Elishay.

Shunday qilib, ikkovlari jo’nab ketishdi.

7 Payg`ambarlardan elliktasi kelib, uzoqroqda Ilyos bilan Elishayning ro’parasida to’xtadilar. Ikkovi esa Iordan daryosi bo’yida turardilar.

8 Bir payt Ilyos chakmonini oldi–da, burab eshib, suvga urgan edi, suv ikki tomonga surilib, yo’l ochildi. Ikkovlari quruq joydan o’tdilar.

9 Ular narigi qirg`oqqa o’tib olishgach, Ilyos Elishayga dedi:

— Meni hademay Egamiz olib ketadi. Ayt, shu voqea yuz bermasdan oldin sen uchun nima qilay?

Shunda Elishay:

— Iltimos, sizning payg`ambarlik ruhingizdan menga ikki hissa ko’p meros qolsin, toki sizning izdoshingiz bo’lay, — dedi.

10 — Qiyin narsani so’rayapsan, — dedi Ilyos. — Mayli, agar men yoningdan ko’tarilib ketayotganimni ko’ra olsang, istaganing bajo bo’ladi. Agar ko’ra olmasang, bajo bo’lmaydi.

11 Ular yo’lda suhbatlashib ketishayotgan edi, birdan olov otlar qo’shilgan olov arava paydo bo’lib, ularning o’rtasiga eldek uchib keldi. Ilyos quyun ichida osmonga chiqib ketdi. Shunday qilib, ikkovlari bir–birlaridan ayrildilar.

12 Elishay buni ko’rib Ilyosga xitob qildi:

— Otam! Otam! Siz Isroilning qudratli himoyachisi edingiz! Isroilning jang aravasi va otliq lashkari kabi edingiz–a! Qayoqqa ketib qoldingiz–a!

Elishay Ilyosni boshqa ko’ra olmagani uchun egnidagi kiyimini ikkiga bo’lib tashladi.

13 Ilyosning egnidan chakmoni tushib qolgan edi. Elishay o’sha chakmonni olib orqasiga qaytib, Iordan daryosi qirg`og`iga keldi.

14 Elishay Ilyosning chakmonini suvga urib: “Egam Ilyosga qilganiday, men uchun ham mo’`jiza ko’rsatadimi?” — dedi. Elishay chakmonini yana suvga urgan edi, daryo suvi ikki tomonga surilib yo’l ochildi. Elishay o’sha joydan o’tib ketdi.

15 Erixolik payg`ambarlar guruhi olisdan Elishayni ko’rib:

— Elishayda Ilyosning ruhi bor, — deb Elishayga peshvoz chiqdilar. Uni kutib oldilar, er o’pib unga ta`zim qildilar.

16 So’ngra payg`ambarlar Elishayga:

— Biz, qullaringizda ellikta baquvvat odam bor, — dedilar. — Ijozat bering, ular borib, hazratingizni izlashsin. Balki Egamizning Ruhi uni biror toqqa yoki vodiyga boshlab ketgandir.

— Yo’q, yubormanglar, — dedi Elishay ularga.

17 Lekin payg`ambarlar guruhi iltimos qilaverib, oxiri uni ko’ndirdilar. Elishay: “Mayli, yuboringlar”, dedi. Payg`ambarlar guruhi ellikta odamni jo’natdilar. Odamlar uch kun qidirib, Ilyosni topa olmaganlaridan keyin,

18 Elishayning yoniga qaytib keldilar. Elishay bu paytda Erixoda edi. Elishay ularga:

— Sizlarga, bormanglar, deb aytmaganmidim?! — dedi.

Elishayning mo’`jizalari

19 O`sha shaharning aholisi Elishayga murojaat qildi:

— Hazratimiz ko’rib turganlariday, shahar yaxshi erga joylashgan, lekin suvi yaxshi emas, eri ham hosil bermaydi.

20 Shunda Elishay:

— Menga yangi kosaga tuz solib beringlar, — dedi. Ular Elishayning aytganini berdilar.

21 Elishay buloq boshiga chiqib, tuzni suvga tashladi–da, shunday dedi:

— Egamiz shunday aytmoqda: “Men bu suvni toza qildim, endi bu suv tufayli hecham o’lim bo’lmaydi, bundan buyon eringiz ham hosil beradi.”

22 Elishay aytganidek, suv toza bo’ldi va hozirgacha tozadir.

23 Shundan keyin Elishay u erdan Baytil shahriga yo’l oldi. U yo’lda ketayotgan edi, Baytildan chiqqan yosh bolalar unga ergashib:

— Jo’nab qol, yo’qol, kal! Jo’nab qol, kal! — deb uni masxara qilishdi.

24 Elishay orqasiga qayrilib, bolalarga qaradi va ularni Egamizning nomi bilan qarg`adi. Shu payt o’rmondan ikkita urg`ochi ayiq chiqib, bolalardan qirq ikkitasini burda–burda qilib tashladi.

25 Elishay bu erdan Karmil tog`iga ketdi, u erdan esa Samariyaga qaytdi.

Mo’ab va Isroil o’rtasidagi urush

1 Axab o’g`li Yoram Samariyada Isroil taxtiga o’tirdi va o’n ikki yil shoh bo’ldi. Bu paytda Yohushafat Yahudoda shohlik qilayotganiga o’n sakkiz yil bo’lgan edi.

2 Yoram Egamiz oldida qabihliklar qilgan bo’lsa ham, otasi va onasichalik emasdi. Otasi Baalga atab o’rnatgan toshni u qo’porib tashladi.

3 Shunday bo’lsa ham, Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga ergashdi.

4 Mo’ab shohi Mesha chorvachilik bilan shug`ullanardi. U Isroil shohiga har yili 100.000 ta qo’zini va 100.000 ta qo’yning junini o’lpon qilib to’lardi.

5 Axab vafot etgandan keyin, Mo’ab shohi Isroil shohiga qarshi bosh ko’tardi.

6 Shunda shoh Yoram Samariyadan chiqib, jamiki Isroil lashkarini to’pladi.

7 So’ngra Yahudo shohi Yohushafatga shu xabarni etkazdi: “Mo’ab shohi menga qarshi qo’zg`aldi. Mo’abga qarshi urishgani men bilan borasizmi?” Yahudo shohi quyidagicha javob jo’natdi: “Boraman, men sen bilan birgaman, mening xalqim sening xalqingdir, mening otlarim sening ham otlaringdir.”

8 “Biz qaysi yo’ldan borishimiz kerak?” so’radi Yahudo shohi. “Edom sahrosidagi yo’ldan”, javob berdi shoh Yoram.

9 Isroil, Yahudo va Edom shohlari birgalikda yo’lga chiqdilar. Ular etti kun yo’l yurganlaridan keyin, birga borgan lashkar uchun ham, hayvonlar uchun ham suv tugadi.

10 Shunda Isroil shohi:

— Evoh, Egamiz bizni — uchala shohni Mo’ab shohi qo’liga berish uchun bir joyga to’plabdi–da, — dedi.

11 — Bu erda Egamizning payg`ambari yo’qmi? Agar bo’lsa, biz o’sha payg`ambar orqali Egamizning xohish–irodasini bilardik, — dedi Yohushafat.

Isroil shohining a`yonlaridan biri:

— Shofot o’g`li Elishay shu erda, u doimo Ilyosning xizmatida bo’lgan edi, — deb javob berdi.

12 — Egamizning xabarini bizga u ayta oladi, — dedi Yohushafat. So’ngra Isroil shohi, Yohushafat va Edom shohi Elishayning huzuriga bordilar.

13 Elishay Isroil shohiga aytdi:

— Men senga qanday yordam bera olaman?! Bor, o’z ota–onangning payg`ambarlaridan maslahat so’ra.

Isroil shohi Elishayga:

— Yo’q, Egamiz bizni — uchala shohni Mo’ab shohining qo’liga berish uchun to’plagan, — dedi.

14 — O`zim xizmatida bo’lgan Sarvari Olam shohid! — dedi Elishay. — Agar men Yahudo shohi Yohushafatni hurmat qilmaganimda, senga hech ham qaramagan, hatto nazar solmagan ham bo’lardim.

15 Endi menga bir sozanda olib kelinglar!

Sozanda musiqa chalgan edi, Egamiz Elishayga O`z qudratidan berdi.

16 Elishay dedi:

— Egamiz shunday aytmoqda: “Qurib qolgan bu soylik suvga to’ladi.

17 Na shamolni, na yomg`irni ko’rasizlar, lekin bu soylik suvga to’lib–toshadi, — deb aytmoqda Egamiz. — O`zlaringiz ham, ot–ulovlaringiz ham, chorvangiz ham shu suvdan ichasizlar.”

18 Egamiz qiladigan bu ishlar hali kamdir: U Mo’ab xalqini sizlarning qo’lingizga beradi.

19 Sizlar esa Mo’abning hamma mustahkam shaharlarini, eng chiroyli shaharlarini vayron qilasizlar, hamma mevali daraxtlarini kesib tashlaysizlar, hamma buloqlarini ko’masizlar, hosildor dalalarining hammasini toshloq qilib, yaroqsiz holatga keltirasizlar.

20 Keyingi kuni ertalabki qurbonlik paytida, birdan Edom tomondan suv to’lib–toshib oqa boshladi. Hamma erni suv bosib ketdi.

21 Mo’ab xalqi shohlar jang qilish uchun kelayotganini eshitdi–yu, hammalari — qurol ko’tarishga yaraydiganlaridan tortib, kattalarigacha yig`ilishib, chegaraga kelishdi.

22 Ular saharda turganlarida, quyosh suv ustida yog`du sochar, suv Mo’ab lashkariga uzoqdan qonga o’xshab qizarib ko’rinardi.

23 — Bu qon–ku, — deyishdi ular, — shohlar bir–birlari bilan jang qilibdilar, bir–birlarini qiribdilar. Qani, o’ljaga, Mo’ab lashkari!

24 Ammo Mo’ab lashkari Isroil qarorgohiga borganda, Isroil lashkari ularga birdan tashlanib, hujum qilib qoldi, Mo’ab lashkari esa qochib qoldi. Isroil lashkari Mo’ab yurtiga kirib ham hujumni davom ettirdi.

25 Shaharlarini vayron qildilar, daladagi hamma hosildor erlarga tosh otaverib, dalani toshga to’ldirib tashladilar, buloqlarini ko’mib yubordilar, barcha mevali daraxtlarini kesdilar. Faqat Xir–Xarasot shahridagi tosh devorlar qoldi, xolos. Palaxmonchilar shaharni qurshab olib, tosh irg`itaverdilar.

26 Mo’ab shohi jangda mag`lub bo’layotganini anglab etgach, etti yuzta qilichbozini yoniga oldi. U Edom shohi kuchlarini yorib o’tmoqchi bo’ldi, lekin buning uddasidan chiqolmadi.

27 Shundan keyin Mo’ab shohi taxt vorisi bo’lgan to’ng`ich o’g`lini olib keldi–da, uni devor ustida kuydirib qurbonlik qildi. Bu voqeadan Isroil lashkari qattiq vahimaga tushdi. Ular Mo’ab shohidan uzoqlashib, o’z yurtiga qaytib ketdilar.

Elishayning beva ayolga yordami

1 Ilgari payg`ambarlar guruhida bir payg`ambar bo’lar edi. O`sha payg`ambarning bevasi Elishayning oldiga kelib faryod qildi:

— Sizga xizmat qilib yurgan mening erim vafot etdi. O`zingiz bilasiz, u Egamizdan qo’rqardi. Bir odam oldin qarz bergan edi. Endi u ikkala o’g`limni o’ziga qul qilib olib ketgani keldi.

2 Shunda Elishay:

— Ayt–chi, sen uchun men nima qilay? Uyingda nima bor? — dedi.

— Bu cho’ringizning uyida zaytun moyi solingan xumchadan boshqa hech vaqo yo’q, — dedi ayol.

3 — Bor, hamma qo’shnilaringdan bo’sh idishlarini so’rab ol, — dedi Elishay. — Iloji boricha ko’proq so’rab ol.

4 Borganingdan keyin o’g`illaring bilan birga uyga kirib, eshikni yopib qo’y. So’ng hamma idishga zaytun moyi quy, to’lgan idishlarni nari surib qo’yaver.

5 Ayol Elishayning oldidan ketgach, o’g`illari bilan birga uyga kirib, eshikni berkitdi. O`g`illari idishlarni uzatib turishdi, ayol esa quyaverdi.

6 Hamma idishlar to’lgandan keyin, ayol o’g`liga:

— Yana idish uzat, — dedi.

— Boshqa idish yo’q, — dedi o’g`li. Shundan so’ng zaytun moy ham oqmay qoldi.

7 Ayol payg`ambar huzuriga kelib, bo’lgan voqeani aytib berdi.

— Bor, moyni sotib, qarzingni to’la, — dedi Elishay. — Ortib qolgan moyni ishlatib, o’g`illaring bilan kun kechir.

Elishay va Shunamlik boy ayol

8 Bir kuni Elishay Shunamga keldi. U erda bir boy ayol: “Menikiga kirib, choy–poy ichib keting”, deb iltimos qilib, ko’ndirdi.

Elishay qachon kelmasin, har doim tamaddi qilgani o’sha ayolnikiga kiradigan bo’ldi.

9 Bir kuni ayol eriga:

— Shu yo’ldan doimo o’tib yuradigan odam Xudoning muqaddas odami ekanini bilib oldim, — dedi.

10 — Keling, tom ustiga chog`roqqina boloxona qurib, u erga ko’rpa–to’shak, xontaxta, kursi, moychiroq qo’yaylik. U biznikiga kelganda, boloxonada tursin.

11 Kunlarning birida Elishay Shunamga kelganda, boloxonaga kirib, yonboshladi.

12 Keyin xizmatkori Gaxaziga: “Shunamlik ayolni chaqir”, deb buyurdi. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi. Ayol kelgach,

13 Elishay xizmatkoriga gapirdi:

— Bu ayolga shunday deb ayt: “Sen bizga g`amxo’rlik qilyapsan. Buning evaziga sen uchun nima qilaylik? Sening biror ishing yuzasidan shoh bilan yoki lashkarboshi bilan gaplashish kerak emasmi?”

— Yo’q, — dedi ayol, — men xalqim orasida yashasam, bas.

14 Elishay Gaxazidan:

— Unday bo’lsa, bu ayol uchun nima qilishim kerak? — deb so’radi.

— Uning o’g`li yo’q ekan, eri esa keksayib qolibdi, — dedi Gaxazi.

15 — Chaqir uni! — buyurdi Elishay. Xizmatkor ayolni chaqirib keldi, ayol eshik oldida hozir bo’ldi.

16 — Kelgusi yili xuddi shu paytda qo’lingda o’g`lingni ko’tarib yurgan bo’lasan, — deb aytdi Elishay ayolga.

— Yo’q, hazratim, ey Xudoning odami, bu cho’ringizni behudaga umidvor qilmang, — dedi ayol.

17 Lekin Elishay aytganiday, ayol homilador bo’lib, kelgusi yil o’sha vaqtda o’g`il tug`di.

18 Bola ulg`ayaverdi. Bir kuni bola o’roqchilar orasida ishlayotgan otasi yoniga borib:

19 “Voy boshim! Boshim og`rib ketdi!” dedi otasiga. Otasi esa xizmatkoriga: “Onasiga olib bor”, deb buyurdi.

20 Xizmatkor bolani ko’tarib, onasiga olib bordi. Bola tushgacha onasining tizzasida o’tirdi–yu, so’ngra vafot etdi.

21 Ona bolasini ko’tarib borib, payg`ambar yotadigan to’shakka yotqizdi–da, eshikni berkitib, tashqariga chiqdi.

22 So’ng erini chaqirib kelib, unga aytdi:

— Mening yonimga xizmatkorlaringizdan bittasini eshagi bilan birga yuboring. Men payg`ambar huzuriga borib, tezda qaytib kelaman.

23 — Nimaga uning oldiga bugun borishing kerak?! — dedi eri. — Bugun yangi oy shodiyonasi kuni emas, Shabbat kuni ham emas.

— Hechqisi yo’q, — dedi ayol.

24 Shundan keyin ayol eshakni egarlab, xizmatkorga:

— Eshakni hayda, — dedi, — men senga gapirmagunimcha sekinlama.

25 Ayol jo’nab ketdi. U payg`ambar yoniga — Karmil tog`iga etib bordi. Payg`ambar uni uzoqdan ko’rib, xizmatkori Gaxaziga:

— Bu o’sha Shunamlik ayol–ku! — dedi.

26 — Yugur, uni kutib ol, “O`zing yaxshimisan? Ering sog`–salomatmi? Bolang yaxshimi?” deb undan so’ra.

— Hammasi yaxshi, — dedi ayol.

27 Ayol toqqa, payg`ambar yoniga etib kelgach, uning oyoqlariga yopishib oldi. Gaxazi, ayolni chetroqqa olib qo’yay, deb yaqin kelgan edi, Elishay Gaxaziga aytdi:

— Uni tinch qo’y, uning dili ozor chekkan. Egamiz esa buni mendan yashirdi, menga ma`lum qilmadi.

28 — Men hazratimdan o’g`il so’raganmidim?! — dedi ayol. — “Meni behudaga umidvor qilmang”, deb aytmaganmidim?!

29 Elishay Gaxaziga aytdi:

— Qani bo’l, mening tayog`imni qo’lingga olib yugur. Birortasini uchratib qolsang, u bilan salomlashma, kim senga salom bersa, salomiga alik olma. Borganingdan keyin tayog`imni bolaning yuziga qo’y.

30 — Xudo shohid! Ont ichib aytamanki, sizsiz ketmayman, — dedi bolaning onasi Elishayga. Elishay o’rnidan turib, ayolni ergashtirib ketdi.

31 Gaxazi oldin etib borib, tayoqni bolaning yuziga qo’ydi. Na bir sado, na bir javob bo’lmagandan keyin Elishayga peshvoz chiqib: “Bola uyg`onmayapti”, dedi.

32 Elishay ichkariga kirdi. Qarasa, o’lgan bola Elishayning to’shagida yotgan ekan.

33 Elishay xonaga kirgach, eshikni berkitdi–da, Egamizga yolvorib ibodat qildi.

34 So’ng bolaning ustiga cho’zilib yotdi. U og`zini bolaning og`ziga, ko’zlarini ko’zlariga, kaftini kaftiga qo’ydi, bolaning ustida cho’zilib yotganda, bolaning tanasi isidi.

35 So’ngra u o’rnidan turib boloxonaning u yog`idan bu yog`iga yurdi. Keyin yana qaytib kelib, bolaning ustiga cho’zildi. Bola etti marta aksirib, ko’zlarini ochdi.

36 Elishay Gaxaziga: “Ayolni chaqir!” — dedi. Gaxazi ayolni chaqirib keldi. Ayol Elishayning oldiga yaqinlashdi. Elishay unga: “Ol o’g`lingni!” — dedi.

37 Ayol ichkari kirib, Elishayning oyoqlariga yiqildi, boshi erga tekkuday bo’lib ta`zim qildi. O`g`lini olib, chiqib ketdi.

Yana ikki mo’`jiza

38 Elishay Gilgalga qaytib keldi. Bu erda ocharchilik hukm surayotgan edi. Payg`ambarlar guruhi Elishayning oldiga yig`ilishgan edi. Shunda Elishay xizmatkoriga:

— Katta qozon o’rnatib, payg`ambarlar guruhi uchun biror taom pishir! — dedi.

39 Payg`ambarlardan bittasi dalaga ko’kat tergani chiqdi. U erda chirmashib o’sadigan yovvoyi qovoqlarni topib, etagini to’ldirib qovoqlardan terdi. U qovoqlarni olib kelib to’g`radi va taom qaynayotgan qozonga tashladi. O`sha odam qovoqning qanaqaligini bilmas edi.

40 Hammalariga taomdan quyib berildi. Ular taomni tatib ko’rishlari bilanoq: “Ey payg`ambar hazratlari! Qozondagi taom zahar bo’lib ketibdi–ku!” deb shovqin ko’tardilar. Taomdan hech kim tanovul qila olmadi.

41 Shunda Elishay:

— Menga un beringlar! — dedi. Unni qozonga solgach, xizmatkorga:

— Endi odamlarga quyib beraver, eyaverishsin, — dedi. Qozondagi taom bezarar bo’lib qolgan edi.

42 Baal–Sholisho shahridan bir kishi arpasining birinchi hosilidan qilingan yigirmata kulcha va bir qop yangi uzilgan boshoqni payg`ambarga olib keldi. Elishay xizmatkoriga:

— Odamlarga ber, tanovul qilishsin, — deb buyurdi.

43 Qanday qilib shuginani yuzta odamga beraman?! — dedi xizmatkor.

— Odamlarga bo’lib ber, tanovul qilishsin, — dedi Elishay, — chunki Egamiz shunday demoqda: “Hamma to’yadi, hatto ortib ham qoladi.”

44 Xizmatkor odamlarga kulchalarni va boshoqni bo’lib berdi. Egamiz aytganiday, odamlar eb to’ydi, yana ortib ham qoldi.

Elishay No’`monga shifo beradi

1 Oram shohining No’`mon degan lashkarboshisi bor edi. Xo’jayini uni juda ulug`lar va hurmat qilar edi, chunki Egamiz No’`mon orqali Oramga g`alaba ato qilardi. No’`mon juda dovyurak jangchi edi–yu, lekin teri kasalligiga chalingan edi.

2 Oram lashkari Isroil yurtiga bostirib borganda, kichkina qizchani asir qilib olib kelgan edi. Qizcha No’`monning xotiniga cho’rilik qilardi.

3 Qizcha bir kuni bekasiga aytib qoldi:

— Agar to’ram Samariyadagi payg`ambar huzuriga borganlarida edi, o’sha payg`ambar to’ramga shifo bergan bo’lardi.

4 Shunday qilib, No’`mon o’z hukmdori huzuriga bordi. Shohga Isroil yurtidan keltirilgan qizchaning aytganlarini gapirib berdi.

5 Oram shohi No’`monga:

— Yo’lga otlanaver, men Isroil shohiga maktub yozib beraman, — dedi. No’`mon yigirma bir pud kumush, to’rt pud oltin, o’n sidra qimmatbaho kiyim–bosh olib, yo’lga chiqdi.

6 No’`mon maktubni Isroil shohiga keltirib berdi. Maktub shu mazmunda bitilgan edi: “Ushbu maktub etib borganda, bilingizki, xizmatkorim No’`monni sizning huzuringizga yuborgan bo’laman, uni teri kasalligidan siz forig` qilishingiz mumkin.”

7 Isroil shohi maktubni o’qib, vahimaga tushib, kiyimlarini yirtdi:

— Oram shohi meni hayot baxsh etadigan va jon oladigan Xudo deb o’ylayaptimi?! Shifo berishim uchun u mening huzurimga odamini jo’natibdi–ya! Mana, bilib qo’yinglar, Oram shohi men bilan urush chiqarish uchun bahona izlayapti.

8 Isroil shohi vahimaga tushib liboslarini yirtganini Elishay payg`ambar eshitgach, shohga xabarchi orqali shu gapni etkazdi: “Nega vahimaga tushib liboslaringizni yirtdingiz? O`sha odam mening oldimga kelsin, Isroilda payg`ambar borligini bilib qo’ysin.”

9 No’`mon otlariyu jang aravalarini Elishayning uyi eshigi oldiga olib kelib to’xtadi.

10 Elishay No’`monning oldiga xizmatkorini chiqarib, u orqali No’`monga shu gapni etkazdi: “Bor, Iordan daryosida etti marta yuvin, shunda tanang yangilanib, pok bo’ladi.”

11 No’`mon esa darg`azab bo’ldi: “Men o’ylagan edimki, payg`ambar albatta mening oldimga chiqadi, o’zining Egasi Xudoni chaqirib iltijo qiladi. Qo’llari bilan kasal joyimni silab, meni bu kasallikdan forig` qiladi.

12 Damashqdagi Abano va Parfar daryolari Isroilning hamma daryolaridan afzal emasmi?! Men o’sha daryolarda yuvinib, poklanib olaverardim–ku!”

No’`mon jahl bilan burilib ketdi.

13 Shunda xizmatkorlari kelib:

— Janobi oliylari, agar payg`ambar sizga qiyin narsani aytganda, qilmasmidingiz? — deb gapirishdi, — u sizga: “Yuvingin, pok bo’lib qolasan”, dedi xolos–ku.

14 Oxiri, No’`mon payg`ambarning aytganini qilib, Iordan suvida etti marta sho’ng`idi. Shunda tanasi xuddi yosh bolaning tanasi kabi yangilanib, pok bo’ldi.

15 No’`mon va uning barcha hamrohlari payg`ambar huzuriga qaytib keldilar. No’`mon Elishayning huzuriga kelgach, aytdi:

— Butun er yuzida Isroil xalqining Xudosidan boshqa Xudo yo’qligini bildim. Marhamat, endi men, qulingizning hadyalarini qabul qiling.

16 Men xizmat qilayotgan Xudo shohid! Hadyangni olmayman! — dedi Elishay.

No’`mon Elishayni qancha majbur qilsa ham, Elishay rad etdi.

17 Shunda No’`mon aytdi:

— Unday bo’lsa, men, qulingizga ikkita xachir ko’tara oladigan tuproq olib ketishga ijozat bering. Men, qulingiz, bundan buyon Egamizdan boshqa xudolarga har xil qurbonliklaru kuydiriladigan qurbonliklar qilmayman.

18 Egamiz men, qulingizni faqat bitta narsada kechirsin: xo’jayinim xudo Rimmon uyiga borib sajda qilish uchun qo’limga suyanganda, men ham Rimmon uyida u bilan birga ta`zim qilaman. O`sha erda ta`zim qilganimda, shu narsa uchun Egamiz meni kechirsin.

19 — Eson–omon bor, — dedi unga Elishay. No’`mon Elishay huzuridan chiqib, hali uncha uzoq yo’l yurmagan ham ediki,

20 Elishay payg`ambarning xizmatkori Gaxazi o’ziga o’zi aytdi: “Hazratim anavi Oram xalqidan No’`mon keltirgan hadyalarni qabul qilmasdan, unga ijozat berdi. Xudo haqi! Ortidan yugurib borib, undan biror narsa undiray.”

21 Gaxazi No’`monning orqasidan ketdi. No’`mon ortidan kelayotgan Gaxazini ko’rib, uni qarshi olgani aravadan tushdi.

— Tinchlikmi? — so’radi No’`mon.

22 — Tinchlik, — dedi xizmatkor, — xo’jayinim mendan aytib yubordi, uning huzuriga Efrayim qirlaridagi payg`ambarlar guruhidan ikkitasi kelibdi, ularga ikki pud kumush va ikki sidra kiyim–bosh berarkansiz.

23 — Balki to’rt pud olarsan, — dedi No’`mon va Gaxazini to’rt pud olishga ko’ndirdi. No’`mon ikkita qopdagi to’rt pud kumushni va ikki sidra kiyim–boshni bog`lab, o’zining ikkita xizmatkoriga berdi. Xizmatkorlar bu narsalarni ko’tarib, Gaxazining oldiga tushib jo’nadilar.

24 Tepalikka kelganlarida, Gaxazi narsalarni xizmatkorlarning qo’lidan oldi va uyiga olib borib yashirdi. So’ngra No’`monning ikkala xizmatkoriga ijozat berdi.

25 Gaxazi qaytib kelgach, xo’jayinining huzuriga kirdi.

— Qaerda eding, Gaxazi? — so’radi Elishay undan.

— Men, qulingiz, hech qaerga bormadim, — javob berdi u.

26 Elishay esa Gaxaziga:

— O`sha odam aravasidan tushib senga peshvoz chiqqanda, mening ruhim sen bilan birga emasmidi?! — dedi. — Hozir kumushu liboslar yoki zaytunzorlaru uzumzorlar, qo’yu sigirlar, qulu cho’rilar oladigan paytmi?!

27 Shu qilganing uchun No’`monning teri kasalligi senga va sening naslingga abadiy yopishib qolsin.

O`sha zahoti Gaxaziga yara toshib, terisi qorday oppoq bo’lib qoldi. U Elishayning huzuridan chiqib ketdi.

Bolta suv yuziga chiqadi

1 Bir kuni payg`ambarlar guruhi Elishayga:

— Qarang, siz bilan biz yig`iladigan mana shu joyimiz tor, — dedilar.

2 — Ijozat bering, Iordan daryosi bo’yiga boraylik, har birimiz u erda yog`och kesib, o’sha erda o’zimizga boshpana quraylik.

— Mayli, boringlar, — dedi Elishay.

3 — Ulardan bittasi:

— Marhamat qilib, siz ham biz, qullaringiz bilan birga boring, — dedi.

— Xo’p, boraman, — dedi Elishay.

4 Elishay ular bilan birga ketdi. Hammalari Iordan daryosi bo’yiga etib kelib, daraxt kesa boshladilar.

5 Bittasi daraxt kesayotib, boltasini suvga tushirib yubordi. U: “O, hazratim! Boltani omonatga olgan edim!” — deb baqirdi.

6 — Bolta qaysi joyga tushdi? — so’radi payg`ambar. O`sha odam Elishayga bolta tushgan joyni ko’rsatdi. Elishay daraxtdan bitta shox kesib olib, suvga tashlagan edi, bolta suv yuziga chiqdi.

7 — Ol uni, — dedi Elishay. O`sha odam qo’lini uzatib, boltani oldi.

Oram lashkari va Elishay

8 Oram shohi Isroilga lashkar tortdi va “Falon joyga lashkarimni joylashtiraman”, deb lashkarboshilari bilan maslahatlashib oldi.

9 Payg`ambar Isroil shohiga: “O`sha joydan o’tmang, chunki u erga Oram lashkari pistirma qo’ygan” degan xabar yubordi.

10 Isroil shohi payg`ambar aytgan joyga xabarchi jo’natdi. O`sha erda yashaydigan odamlar bu xavfning chorasini ko’rdilar. Bunday voqea bir–ikki marta emas, ko’p marta yuz berdi.

11 Bu hodisadan Oram shohi qattiq bezovtalandi. U lashkarboshilarini chaqirib:

— Menga aytinglar–chi, qaysi biringiz Isroil shohi bilan aloqadasiz? — dedi ularga.

12 — Hech qaysimiz, shoh janoblari! — dedi lashkarboshilardan biri. — Bu Isroildagi Elishay payg`ambarning ishi, u hatto yotoqxonangizda aytgan gapingizni ham Isroil shohiga ayon qilib turadi.

13 — Boringlar, uning qaerdaligini bilib kelinglar! — deb buyurdi Oram shohi. — Men birortasini yuboraman–da, uni qo’lga tushiraman.

Shundan keyin: “Elishay Do’tanda”, deb shohga xabar etkazdilar.

14 Oram shohi o’sha erga otliqlar, jang aravalari va katta kuch jo’natdi. Ular tunda kelib, shaharni o’rab oldilar.

15 Tongda payg`ambarning xizmatkori o’rnidan turib, tashqariga chiqdi. Qarasa, shahar atrofida otliq lashkar, jang aravalari turibdi. Shunda xizmatkor:

— Evoh! Hazratim, endi nima qilamiz? — deb so’radi.

16 — Qo’rqma, — dedi Elishay, — chunki bizning himoyachilarimiz ularnikidan juda ko’p.

17 Keyin Elishay iltijo qildi:

— Ey Egam! Xizmatkorimning ko’zini och, u ko’rsin!

Egamiz xizmatkorning ko’zini ochib yubordi. Elishayning atrofidagi qirlar olovli otlar va jang aravalariga to’lib ketganini xizmatkor ko’rdi.

18 Oram lashkari Elishayga hujum qilgan edi, Elishay Egamizga: “Ularni ko’r qilib qo’y!” deb iltijo qildi. Egamiz Elishayning iltijosini eshitdi–da, Oram lashkarini ko’r qilib qo’ydi.

19 Keyin, Elishay Oram lashkariga dedi:

— Sizlar adashib qolibsizlar, sizlar izlayotgan shahar bu emas. Ortimdan yuringlar, men sizlarni izlayotgan odamingiz oldiga olib boraman.

Shunday qilib, Elishay Oram lashkarini Samariyaga boshlab keldi.

20 Ular Samariyaga etib kelganlaridan keyin Elishay:

— Ey Egamiz! Ularning ko’zlarini och, toki ular ko’rsin, — deb iltijo qilgan edi, Egamiz Oram lashkarining ko’zini ochdi. Ular qarasalar, Samariyaning o’rtasida turibdilar.

21 Isroil shohi Oram lashkarini ko’rgach Elishaydan:

— Ularni qirib tashlaymi, ota? — deb so’radi.

22 — Yo’q, o’ldirma! — dedi Elishay. — Nega o’ldirar ekansan?! Sen ularni jang qilib asir olganingda ham o’ldirmasding. Ularga non, suv ber, eb–ichib, o’zlarining hukmdori yoniga qaytib ketishsin.

23 Shoh asirlarga katta ziyofat tayyorladi. Asirlar eb–ichib bo’lishgach, Isroil shohi ularni yo’llariga qaytarib yubordi. Oram lashkari o’z hukmdori yoniga ketdi. Bu bosqinchilar qaytib Isroil erlariga qadam bosmadilar.

Samariyada ocharchilik

24 Oradan ancha vaqt o’tgach, Oram shohi Banhadad butun lashkarini yig`ib Samariyani qamal qildi.

25 Oram lashkari Samariyani qamal qilib turar ekan, u erda og`ir qahatchilik yuz berdi. Natijada eshakning kallasi sakson kumush tangaga, ikki kosa kaptar axlati besh kumush tangaga sotildi.

26 Bir kuni Isroil shohi shahar devori ustida ketayotgan edi, bir ayol: “Shoh hazratlari! Yordam bering”, deb faryod qildi.

27 — Senga Egamiz yordam bermasa, men qanday yordam bera olaman?! — dedi shoh. — Men bug`doy yoki sharob bera olarmidim?!

28 Darding nima?

— Mana bu ayol: “O`g`lingni ber, uni bugun eylik, mening o’g`limni ertaga eymiz”, deb aytgan edi.

29 Mening o’g`limni pishirib edik. Ertasi kuni men unga: “O`g`lingni ber, uni eylik”, degan edim, u o’g`lini yashirib qo’yibdi, — dedi u.

30 Shoh ayolning so’zlarini eshitgach, qayg`udan liboslarini yirtdi. Xalq devor ustida ketayotgan shohning libosi ichidagi qanorni ko’rib qoldi.

31 So’ngra shoh dedi:

— Agar shu bugun Elishayning boshi olinmasa, Xudo meni ne ko’yga solsa solsin, undan ham battarrog`ini qilsin.

32 Shoh xabarchi jo’natganda, Elishay o’z uyida oqsoqollar bilan birga o’tirgan edi. Shoh yuborgan xabarchi Elishaynikiga kelmasdan oldin, Elishay oqsoqollarga aytdi:

— Ko’ryapsizlarmi qotilni?! Mening boshimni olmoq uchun qotil o’z odamini jo’natdi! Qarab turinglar, xabarchi kelganda, eshikni yopinglar, uni ichkariga kiritmanglar. Hademay, xo’jayinining o’zi ham uning orqasidan etib keladi!

33 Elishay oqsoqollar bilan suhbatlashib o’tirganda, xabarchi uning oldiga kelib, shohning quyidagi so’zlarini etkazdi: “Shuncha kulfat Egamizdan keldi! Nima uchun men endi Unga umid bog`lashim kerak?!”

1 Elishay aytdi:

— Egamizning so’zini eshitinglar: U shunday demoqda: “Ertaga xuddi shu paytda Samariya darvozasi oldida yarim tog`ora yaxshi un bir kumush tangadan, bir tog`ora arpa ham bir kumush tangadan sotiladi.”

2 Shohning eng yaqin amaldori shu erda edi. U Elishayga:

— Hatto Egamiz osmonning qopqasini ochib, yomg`ir yog`dirganda ham shunday bo’lmas–ov, — dedi. Shunda Elishay:

— Sen ko’zing bilan ko’rasan, lekin senga nasib qilmaydi, — dedi.

Qamal tugaydi

3 Shu vaqtda shahar darvozasi tashqarisida teri kasalligiga chalingan to’rtta odam: “O`limimizni kutib, shu erda o’tiraveramizmi?!” deb bir–biriga gapirdi.

4 “Agar shaharga kiradigan bo’lsak, u erda ocharchilik bo’lyapti, biz ham o’sha erda o’lib ketamiz. Shu erda o’tiraversak ham o’lamiz. Yaxshisi, Oram lashkarining qarorgohiga boraylik. Agar bizni tirik qoldirishsa, yashaymiz, o’ldirishsa, o’lamiz.”

5 Ular oqshom payti Oram lashkarining qarorgohiga bormoqchi bo’lishib, otlanishdi. Oram lashkarining qarorgohi chekkasiga kelib qarasalar, u erda birorta ham odam yo’q ekan.

6 Rabbiy Oram lashkariga jang aravalarining taqir–tuqurini, otlarning kishnashini, ko’p lashkarning shovqin–suronini eshittirgan edi. Ular bir–birlariga: “Isroil shohi bizga qarshi hujum qilgani Xet va Misr lashkarlarini yollaganga o’xshaydi”, dedilar.

7 Ular oqshom payti jonlarini qutqarish uchun chodirlarini, otlarini, eshaklarini, butun qarorgohni shundayicha tashlab qochib qolgan edilar.

8 O`sha kasal odamlar qarorgohga kelib, bir chodirga kirdilar. Chodirda eb–ichib, u erdan kumush, oltin, kiyim–kechaklarni olib ketib, yashirib qo’ydilar. Keyin qaytib kelib boshqa chodirga kirdilar, u erdan ham topganlarini olib borib yashirdilar.

9 So’ngra ular bir–birlariga aytdilar:

— Biz to’g`ri ish qilmayapmiz. Bu kun — xushxabarlar yuz bergan kundir. Agar biz sustkashlik qilib, tong otishini kutsak, jazoga tortilishimiz aniq. Ketdik, shoh saroyiga borib xabar beraylik.

10 Kasal odamlar borib, shahar darvozabonlarini chaqirdilar–da, ularga shunday dedilar:

— Biz Oram lashkarining qarorgohiga borgan edik. U erda na biror tirik jon bor, na biror inson tovushi eshitiladi. Faqat bog`lovliq otlar, eshaklar turgan ekan. Chodirlarni, qanday turgan bo’lsa, shundayligicha tashlab ketibdilar.

11 Darvozabonlar jar solib bu xushxabarni shoh saroyiga etkazdilar.

12 Shoh tunda o’rnidan turib, lashkarboshilariga shunday dedi:

— Oram lashkari qanday reja tuzayotganlarini sizlarga aytib qo’yay. Biz qahatchilikni boshdan kechirayotganimizni ular biladi. Shahardan chiqqanimizdan keyin, bizni tiriklayin qo’lga olib, shaharga yorib kirishni rejalashtirgan. Shu maqsadda dalada pistirma qo’yish uchun qarorgohdan chiqib ketgan.

13 Shohning a`yonlaridan biri dedi:

— Shu paytgacha qancha odam o’ldi, shaharda qolganlarimiz ham baribir o’limga mahkummiz! Endi bir nechta odamni yuboraylik. Ular shaharda qolgan otlardan beshtasini olsin va borib, ahvolni bilib kelsin.

14 Ular ikkita otliq odamni tayyorladilar. Shoh o’sha odamlarni Oram lashkari izidan jo’natar ekan: “Borib, nima bo’lganini bilib kelinglar”, dedi.

15 Otliqlar Oram lashkarining izidan Iordan daryosigacha borishdi. Yo’l bo’yi kiyim–kechak, buyumlar sochilib ketgan edi. Bu narsalarni Oram lashkari shoshib–pishib qochayotganlarida tashlab ketgan edilar. Yuborilgan odamlar qaytib kelib, shohga xabar berdilar.

16 Xalq Oram lashkarining qarorgohiga borib, u erni talon–taroj qildi. Egamiz aytganiday, yarim tog`ora yaxshi un bir kumush tangadan, bir tog`ora arpa ham bir kumush tangadan sotildi.

17 Shoh o’sha yaqin amaldorini darvozaga tayinlagan edi. Xalq amaldorni darvoza oldida bosib, yanchib o’tib ketdi, amaldor o’ldi. Shoh payg`ambar huzuriga borganda, payg`ambar bo’ladigan hodisalarni unga oldindan aytgan edi.

18 Hammasi payg`ambar aytganiday bo’ldi. U shohga: “Ertaga xuddi shu paytda Samariya darvozasi oldida yarim tog`ora yaxshi un bir kumush tangadan, bir tog`ora arpa bir kumush tangadan sotiladi”, degan edi.

19 Amaldor esa payg`ambarga: “Hatto Egamiz osmonning qopqasini ochib, yomg`ir yog`dirganda ham, shunday bo’lmas–ov”, deb javob bergan edi. Elishay esa unga: “Sen ko’zing bilan ko’rasan, lekin senga nasib qilmaydi”, degandi.

20 Shunday qilib, aytilgan voqea yuz berdi: xalq o’sha amaldorni darvoza oldida bosib, yanchib o’tib ketdi, amaldor o’ldi.

Shunamlik ayol qaytib keladi

1 Elishay o’zi tiriltirgan bolaning onasiga shunday degan edi:

— Tur o’rningdan, o’zing va xonadoning ahli bilan birga jo’na. Qaerda yashay olsang, o’sha erda yashayver, chunki Egamiz yurtga etti yil qahatchilik yuborishga qaror qildi.

2 Ayol payg`ambarning aytganlariga quloq soldi. Uning o’zi va xonadoni ahli Filistlar eriga borib, u erda etti yil istiqomat qildi.

3 Oradan etti yil o’tgach, o’sha ayol Filistlar eridan qaytib keldi. So’ng uyimni va dalamni qaytarib olay deb, shoh huzuriga keldi.

4 Shu paytda shoh Elishayning xizmatkori Gaxazi bilan gaplashayotgan edi:

— Elishay qilgan hamma ajoyibotlar haqida menga aytib ber–chi, — dedi shoh.

5 Payg`ambar o’likni qanday tiriltirganini Gaxazi shohga gapirayotgan edi, haligi ayol shohdan o’z uyi va dalasini qaytarib olish uchun so’rab kelib qoldi.

— Shoh hazratlari! — dedi Gaxazi. — Bu o’sha ayoldir. Ana, Elishay tiriltirgan o’g`li ham yonida turibdi.

6 Shoh ayoldan bo’lib o’tgan voqealarni so’radi. Ayol shohga hammasini aytib berdi. Shundan so’ng shoh saroy amaldorlaridan birini chaqirib, ayol bilan birga jo’natar ekan, amaldorga amr berdi:

— Bu ayolning hamma narsasi, bu yurtdan chiqib ketgan kundan boshlab bugungacha olingan jamiki daromadi bilan birga dalasi qaytarilsin.

Elishay va Oram shohi Banhadad

7 Elishay Damashqqa keldi. Oram shohi Banhadad xasta edi. “Payg`ambar shu erga kelibdi”, deb shohga xabar etkazishdi.

8 Shoh shunda Xazayil degan odamga dedi:

— Birorta hadya olgin–da, payg`ambarga peshvoz chiq. U orqali Egamizdan so’rab ko’r–chi, men shu kasallikdan xalos bo’larmikanman.

9 Xazayil Damashqdagi eng yaxshi hadyalardan qirqta tuyaga yuklab, Elishayni kutib olgani ketdi. Elishayning oldiga kelgach, unga shunday dedi:

— Oram shohi — qulingiz Banhadad meni sizning huzuringizga yubordi. “Shu kasallikdan xalos bo’larmikanman yoki yo’qmikan, bilib kel”, dedi.

10 — Shohning huzuriga borib, albatta sog`ayib ketarkansiz, deb ayt, — dedi Elishay Xazayilga, — lekin Egamiz menga ayon qildi: shoh o’ladi.

11 Xazayil uyatdan qizarguncha, Elishay uning yuziga tik qarab turaverdi. Keyin payg`ambar yig`lay boshladi.

12 — Hazratim nechun yig`layaptilar? — deb so’radi Xazayil.

— Isroil xalqiga qiladigan yovuzliklaringni bilganim uchun yig`layapman, — dedi Elishay. — Sen Isroil xalqining qal`alariga o’t qo’yasan, yigitlarini qilichdan o’tkazasan, go’daklarini erga urib o’ldirasan, homilador ayollarning qornini yorib tashlaysan.

13 — Ko’ppakdan farq qilmaydigan men, qulingiz, kim bo’libmanki, shunaqa ishlarni qila olar ekanman?! — dedi Xazayil.

— Egamiz menga ayon qildi: sen Oram shohi bo’lasan, — deya javob berdi Elishay.

14 Xazayil Elishayning huzuridan chiqib, hukmdori Banhadadning yoniga qaytib keldi.

— Elishay senga nima dedi? — so’radi shoh Xazayildan.

— U menga aytdiki, siz albatta sog`ayib ketarkansiz, — deb javob berdi Xazayil.

15 Ertasi kuni Xazayil ko’rpani olib, suvga botirdi–da, ho’l ko’rpani shohning yuziga yopib, uni bo’g`di. Shunday qilib, Xazayil shohni o’ldirib, uning o’rniga o’zi shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Yohuram

16 Yohushafat hali Yahudo shohi bo’lib turganda, uning o’g`li Yohuram ham taxtga o’tirdi. Bu voqea Isroil shohi Yoram hukmronligining beshinchi yilida yuz berdi.

17 Yohuram Yahudo shohi bo’lganda, o’ttiz ikki yoshda edi. U Quddusda sakkiz yil hukmronlik qildi.

18 Xotini Axabning qizi bo’lgani uchun Yohuram ham, Axab xonadoni singari, Isroil shohlari yo’lidan yurib, Egamiz oldida qabihliklar qildi.

19 Egamiz O`z quli Dovud haqi–hurmati uchun Yahudoni halokatga uchratishni istamadi, chunki Egamiz Dovudga: “Sening naslingga to abad so’nmaydigan chiroq beraman”, deb va`da qilgan edi.

20 Yohuram davrida Edom Yahudo shohligiga qarshi isyon qildi. Edom xalqi o’zlarining mustaqil shohligini qurdilar.

21 Shundan so’ng Yohuram hamma jang aravalarini boshlab Zoirga bordi. Edom lashkari Yohuramni va uning jang aravalari sardorlarini o’rab olgan edi, lekin Yohuram tunda hujum qilib, qamalni yorib chiqdi. Yahudo lashkari uylariga qochib ketdi.

22 O`sha paytdan beri hozirgacha Edom xalqi Yahudo hukmronligidan ozoddir. O`sha davrda Libna shahri ham isyon ko’targan edi.

23 Yohuramning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

24 Yohuram olamdan o’tdi. U Dovud qal`asida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Oxoziyo shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Oxoziyo

25 Isroil shohi Yoram o’n ikkinchi yil shohlik qilayotganda, Oxoziyo Yahudo shohi bo’ldi. U Yohuramning o’g`li edi.

26 Oxoziyo taxtga o’tirganda, yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda bir yil shohlik qildi. Onasining ismi Otaliyo bo’lib, Isroil shohi Omrining nevarasi edi.

27 Oxoziyo ham Axab xonadonining yo’lidan ketdi. Axab nasliga o’xshab, Egamiz oldida qabihliklar qildi. Chunki u Axab xonadoniga qarindosh edi.

28 Oxoziyo bilan Yoram birga Giladdagi Ramo’tga borib, Oram shohi Xazayilga qarshi urush ochdi. Shoh Yoram shu urushda yarador bo’ldi.

29 U yarasini davolatish uchun Yizril shahriga qaytib keldi. Yahudo shohi Oxoziyo esa yaralangan Yoramni ko’rgani Yizrilga bordi.

Yohu Isroil ustidan shoh qilib tayinlanadi

1 Elishay payg`ambarlar guruhidan bittasini chaqirib, unga dedi:

— Qani, bo’l, qo’lingga anavi moy solingan idishni ol, Giladdagi Ramo’tga bor.

2 U erga borganingdan keyin, Yohuni qidirib top. Nimshi deganning nabirasi Yohu Yahoshafat degan odamning o’g`lidir. Uni o’rtoqlari orasidan chaqirib chiqib, boshqa xonaga olib kir.

3 So’ngra moy solingan idishni ol. Yohuning boshiga moyni surtgin–da, shunday degin: “Egamiz shunday aytmoqda: senga moy surtib, Isroil ustidan shoh qilib tanladim.” Keyin eshikni ochgin–u, kutmasdan qoch.

4 Yosh payg`ambar Giladdagi Ramo’tga ketdi.

5 O`sha joyga etib kelganda, lashkarboshilar suhbatlashib o’tirgan edi.

— Senda gapim bor, lashkarboshi, — dedi u.

— Qaysi birimizda gaping bor? — deb so’radi Yohu.

— Senda, lashkarboshi, — dedi u Yohuga.

6 Yohu o’rnidan turib, boshqa xonaga kirdi. Yosh payg`ambar uning boshiga moyni surtgach, dedi:

— Isroil xalqining Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: “Senga moy surtib, O`zimning xalqim Isroil ustidan shoh qilib tayinladim.

7 Sen hukmdoring Axabning xonadonini qirib tashlaysan, toki payg`ambar qullarim va boshqa hamma qullarimning to’kilgan qonlari uchun Men Izabeldan o’ch olay.

8 Axabning butun xonadoni yo’q bo’ladi. Isroilda Axabning urug`idan har bir erkak zotini, xoh qul bo’lsin, xoh ozod bo’lsin, qirib tashlayman.

9 Axab xonadonini Nabat o’g`li Eribomning xonadoni va Oxiyo o’g`li Bashoning xonadoni ko’yiga solaman.

10 Izabel esa Yizril erlarida itlarga em bo’ladi, uni dafn qiladigan hech kimsa bo’lmaydi.”

U shunday deb eshikni ochdi–yu, qochdi.

11 Yohu lashkarboshi do’stlari oldiga qaytdi.

— Tinchlikmi? Anavi telba sening oldingga nima uchun kelibdi? — deb so’rashdi do’stlari undan.

— E, bunaqa odamlarni bilasizlar–ku, valdirayveradilar–da, ular, — dedi Yohu do’stlariga.

12 — Ey yolg`onchi! Qani, bizga ham ayt–chi, — deyishdi ular.

Yohu do’stlariga: “Egamiz menga moy surtib Isroil ustidan shoh qilib tayinlabdi”, deb payg`ambarning gaplarini aytib berdi.

13 Hammalari shoshilib qolishdi. Har kim liboslarini echib, Yohu turgan zinapoyaga to’shadilar va burg`u chalib: “Yohu shoh bo’ldi!” deb jar soldilar.

Yohu Yoramni o’ldiradi

14 Yohu Yoramga qarshi fitna uyushtirdi.

Bu paytda butun Isroil lashkari shoh Yoram boshchiligida Giladdagi Ramo’t shahrini Oram shohi Xazayildan himoya qilayotgan edi.

15 Yoram Xazayil bilan jang qilganda, Oram lashkari uni yaralagan, Yoram esa yaralarini davolatish uchun Yizrilga qaytgan edi.

Yohu do’stlariga:

— Agar sizlar men tomonda bo’lsangizlar, shahardan biror kimsa chiqib ketishiga va Yizrilga xabar olib borishiga yo’l qo’ymanglar, — dedi.

16 Yohu otiga minib, Yizril shahriga yo’l oldi, chunki Yoram kasal bo’lib, u erda yotgan edi.

Yahudo shohi Oxoziyo ham Yoramni ko’rgani kelgan edi.

17 Yizril minorasi ustida qorovul turardi.

Yohuning odamlari yaqinlashib kelardi. Qorovul ularni ko’rib qolib: “Bir talay odamni ko’ryapman”, dedi. Yoram qorovulga aytdi:

— Birorta otliqni yubor, odamlarni kutib olib: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” deb so’rasin.

18 Suvori Yohuga peshvoz chiqib dedi:

— Shoh: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” deb so’rayapti.

— Tinchlikdan senga nima?! Orqamdan yur, — dedi Yohu. Qorovul esa: “Otliq ularning oldiga etib bordi–yu, lekin qaytib kelmayapti”, deb xabar berdi.

19 Endi boshqa bir otliqni yuborishdi, bunisi ham ularning oldiga kelib:

— Shohimiz: “Tinchlik bilan kelyapsizlarmi?” deb so’rayapti, — dedi.

— Tinchlikdan senga nima?! Orqamdan yur, — dedi Yohu.

20 Qorovul: “Otliq ularning oldiga etib bordi–yu, qaytib kelmadi, o’pkasi og`ziga tiqilganday hovliqib ot choptirib kelishidan Yohuga o’xshaydi”, deb xabar etkazdi.

21 — Aravani qo’sh! — deb buyurdi Yoram. Shohning jang aravasini qo’shdilar. Isroil shohi Yoram va Yahudo shohi Oxoziyo o’z aravalariga minib, Yohuni kutib olgani chiqdilar. Ular Yohuni Yizrillik Navo’tning dalasida kutib oldilar.

22 Yoram Yohuni ko’rgach, unga:

— Tinchlik bilan keldingmi, Yohu? — deb so’radi.

— Onang Izabel boshlagan zinoyu sehr–jodu bizda hanuzgacha davom etib kelar ekan, qanaqasiga tinchlik bo’lsin?! — dedi Yohu.

23 Yoram Oxoziyoga: “Qochdik, Oxoziyo! Xoinlik bu!” dedi–yu, ot tizginini burib, qochib qoldi.

24 Yohu kamonni kuchi boricha tortib, Yoramning ikkala kuragi o’rtasini mo’ljallab otdi. O`q Yoramning qoq yuragini teshib o’tdi. Yoram aravasi ichiga yiqildi.

25 Yohu xizmatkori Bidkarga dedi:

— Uning jasadini Yizrillik Navo’tning dalasiga olib borib tashla, shuni yodingdan chiqarmaginki, biz, ikkovimiz, Yoramning otasi Axabning ortidan jang aravasida borganimizda, Axabga qarshi Egamiz shuni ayon qilgan edi:

26 “Kecha Navo’t bilan uning o’g`illari qonini ko’rdim. Sendan o’sha dalada qasos olaman.” Endi Egamizning aytganiga ko’ra, Yoramning jasadini olib, Navo’tning dalasiga olib borib tashla.

Yahudo shohi Oxoziyo o’ldiriladi

27 Yahudo shohi Oxoziyo bu hodisani ko’rib, Bayt–Xagon shahriga qarab qochdi. Yohu uning ortidan quvib ketayotganda:

— Uni ham o’ldiringlar! — deb baqirdi. Yiblayom shahri yonidagi Gur tepaligida aravasida turgan Oxoziyoni otdilar. Oxoziyo Magido’ shahriga qochib borib, o’sha erda jon berdi.

28 A`yonlari uning jasadini aravada Quddusga olib keldilar va Dovud qal`asida, ota–bobolari xilxonasiga dafn qildilar.

29 Axab o’g`li Yoram hukmronligining o’n birinchi yilida Oxoziyo Yahudo shohi bo’lgan edi.

Izabel o’ldiriladi

30 Yohu Yizrilga bordi. Izabel esa bu xabarni eshitib ko’zlariga surma surtib, sochlarini tarab, derazadan qarab turgan edi.

31 Yohu shahar darvozasidan kirgach, Izabel:

— Ha, senmisan, hukmdorini o’ldirgan Zimridan qolishadigan joying yo’q! Tinchlik bilan keldingmi? — dedi.

32 Yohu ko’zlarini derazaga qadab:

— Kim men tomonda? Kim? — deb baqirdi. Tepada haram og`alaridan ikki–uchtasi paydo bo’ldi.

33 — Uni pastga uloqtiringlar! — deb buyurdi Yohu. Ular Izabelni ushlab pastga uloqtirdilar. Uning qoni devorga, otlarga sachradi, Yohuning oti jasadni ezg`ilab tashladi.

34 Shundan keyin Yohu kelib, eb–ichdi. So’ngra:

— Anavi la`natini topib, ko’minglar, — dedi, — nima bo’lganda ham, shoh qizi–da.

35 Lekin Izabelning jasadini dafn qilishga borgan odamlar, uning bosh suyagi, oyog`i va qo’l panjasidan boshqa biror a`zosini topa olmadilar.

36 Hammalari qaytib kelib, Yohuni ahvoldan xabardor qildilar. Yohu ularga shunday dedi:

— Egamizning O`z quli Ilyos orqali aytgan bu so’zlari bajo bo’ldi:

“Izabelning jasadi Yizril erlarida ko’ppaklarga em bo’lar,

37 Uning jasadi Yizril dalalaridagi go’ngga o’xshab qolar,

Shuning uchun hech kim, bu Izabeldir, deb aytmas.”

Axab xonadoni o’ldiriladi

1 Axabning Samariya shahrida etmishta o’g`li bor edi. Yohu Samariyadagi oqsoqollarga va Axab o’g`illarining murabbiylariga hamda Yizril beklariga shu mazmunda maktub yozib yubordi:

2 “Shohingizning o’g`illari sizlar bilan birga turibdilar, jang aravalaringiz, otlaringiz va qurol–yarog`laringiz ham bor, o’zlaringiz mustahkam shaharda yashaysizlar. Ushbu maktub sizlarga etib borishi bilanoq,

3 hukmdoringiz o’g`illaridan eng munosibini tanlab olib, otasining o’rniga taxtga o’tqazinglar va hukmdoringizning xonadonini himoya qilish uchun men bilan jang qilishga tayyorlaninglar.”

4 Ammo Samariyadagilar juda qo’rqib ketdilar:

— Yohuga ikkita shoh bardosh berolmadi–yu, biz qanday qilib bardosh berardik?! — deyishdi ular.

5 Shundan keyin bosh vazir, shahar hokimi, oqsoqollar, Axab o’g`illarining murabbiylari Yohuga shunday xabar berishdi: “Biz hech kimni shoh qilmaymiz. Biz sizning qullaringizmiz, nima buyursangiz, shuni ijro qilarmiz, sizga nima ma`qul bo’lsa, shuni qiling.”

6 Yohu esa ularga ikkinchi marta shu mazmunda maktub yozdi: “Agar sizlar men tarafda bo’lib, menga itoat etishga tayyor bo’lsangizlar, hukmdoringiz o’g`illarining boshlarini olib, ertaga shu paytda Yizrilga, mening huzurimga keltiringlar.” Shohning etmishta o’g`li bo’lib, ularni shaharning eng aslzodalari tarbiya qilayotgan edilar.

7 Maktub aslzodalarning qo’liga tekkach, ular shoh o’g`illarini ushlab, hammalarini — etmish kishini bo’g`izladilar, ularning boshlarini savatga solib, Yizrilga, Yohuning huzuriga jo’natdilar.

8 Xabarchi Yohuga: “Ular shoh o’g`illarining boshlarini olib keldilar”, dedi. Yohu: “Kallalarni darvoza oldiga ikki to’p qilib taxlanglar, ertalabgacha o’sha erda qolsin”, dedi.

9 Ertasiga ertalab Yohu xalqning oldiga chiqib gapirdi:

— O`z hukmdorimga qarshi men isyon ko’tarib, uni o’ldirdim. Sizlar aybdor emassizlar. Lekin mana bu odamlarni kim o’ldirdi?

10 Shuni bilib qo’yinglarki, Egamizning Axab xonadoni to’g`risida aytgan bironta so’zi ijrosiz qolmaydi. Egamiz O`z quli Ilyos orqali aytgan so’zini bajo qildi.

11 So’ngra Yohu Yizrilda Axab xonadonining qolgan–qutganini, uning hamma a`yonlarini, yaqinlarini, ruhoniylarini o’ldirdi. Shunday qilib, Axabning bironta ham odami tirik qolmadi.

Shoh Oxoziyoning qarindoshlari o’ldiriladi

12 Shundan keyin Yohu Yizrildan Samariya tomon yo’lga chiqdi. U yo’lda cho’ponlarga qarashli Bayt–Akad degan joyda

13 Yahudo shohi Oxoziyoning qarindoshlari bilan uchrashib qoldi va ulardan: “Sizlar kimsizlar?” deb so’radi.

— Biz Oxoziyoning qarindoshlarimiz, — deyishdi ular. — Shohning oilasidan va malika Izabelning o’g`illaridan xabar olgani ketyapmiz.

14 — Bularni tiriklayin ushlanglar! — deb buyurdi Yohu odamlariga. Ularni tiriklayin ushlab hammalarini — qirq ikkita odamni Bayt–Akad sardobasi yonida bo’g`izladilar. Ulardan birortasini ham tirik qoldirmadilar.

Axabning boshqa qarindoshlari o’ldiriladi

15 Yohu u erdan jo’nab ketdi. Yo’lda unga peshvoz chiqqan Yohunadav bilan uchrashib qoldi. Yohunadav Raxav degan odamning o’g`li edi. Yohu u bilan salomlashib:

— Senga mening niyatim xolis, sening niyating ham xolismi? — deb so’radi.

— Shunday, — deb javob berdi Yohunadav.

— Unday bo’lsa, qo’lingni ber, — dedi Yohu. Yohunadav qo’lini uzatdi. Yohu uni yoniga — aravasiga oldi.

16 — Men bilan yur, men Egamiz uchun qanchalik jon kuydirishimni ko’rib qo’y, — dedi Yohu unga. So’ngra uni aravasida Samariyaga olib ketdi.

17 Yohu Samariyaga etib kelgach, Egamiz Ilyos orqali aytganiday, Axabning u erdagi qolgan–qutgan qarindoshlarini bitta qo’ymay o’ldirdi.

Baalga sig`inganlar o’ldiriladi

18 Yohu jamiki xalqni to’plab, ularga aytdi:

— Axab Baalga unchalik sig`inmas edi, men esa Baalga chin dildan sig`inaman.

19 Endi mening oldimga Baalning hamma payg`ambarlarini chaqirib kelinglar, hech kim kelmay qolmasin, chunki men Baalga juda katta qurbonlik qilaman, kelmaganlar o’ldiriladi.

Aslida Yohu Baalga sig`inganlarni o’ldirish maqsadida bir hiyla o’ylayotgan edi.

20 — Baalga bag`ishlangan bayram yig`ini bo’lishini tayinlanglar, — dedi Yohu.

Bu to’g`rida e`lon qildilar.

21 Yohu butun Isroil bo’ylab xabar jo’natgan edi, Baalga sajda qiluvchilarning hammasi keldi, birontasi ham kelmay qolmadi. Hamma Baalning uyiga kirdi. Baalning uyi liq to’ldi.

22 Yohu muqaddas liboslarni saqlovchi xizmatkorga:

— Baalga sig`inadiganlarning hammasiga liboslar keltir, — deb amr berdi.

Xizmatkor har biriga libos keltirdi.

23 Shu payt Yohu Yohunadav bilan birga Baalning uyiga kirdi–da, sajda qiluvchilarga:

— Atrofingizga yaxshilab qarang, — dedi. — Orangizda Egamizga xizmat qiladiganlardan hech kim bo’lmasin, bu erda faqat Baalga sajda qiluvchilar bo’lsin.

24 Shundan keyin Yohu bilan Yohunadav kuydiriladigan va boshqa qurbonliklarni keltira boshladilar. Bundan oldin esa Yohu Baalning uyi atrofiga sakson kishini qo’yib, ularga shunday amr bergan edi: “Qo’lingizga mana bu odamlarni topshiryapman. Bulardan birortasi ham qochib qolmasin. Kim qochishiga yo’l qo’ysa, boshi bilan javob beradi.”

25 Yohu qurbonliklarni kuydirib bo’lishi bilanoq qo’riqchilarga va lashkarboshilarga: “Ichkariga kirib, hammani o’ldiringlar, birortasi ham qochib ketmasin!” — deb buyruq berdi. Qo’riqchilar va lashkarboshilar hammasini qilich damidan o’tkazib, jasadlarini tashqariga otdilar. So’ngra Baalning uyidagi ichkari xonaga kirib,

26 u erdagi butsimon ustunlarni tashqariga olib chiqib, yoqib yubordilar.

27 Baalga atalgan toshni sindirdilar, uyini vayron qildilar. Xalq bu joyni hojatxonaga aylantirdi. O`sha joy bugungacha hojatxona bo’lib qolgan.

28 Shunday qilib, Yohu Isroil erida Baalga sajda qilishga barham berdi.

29 Biroq Yohu Isroil xalqini gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga ergashdi, ya`ni Baytil va Dandagi oltin buzoqlarga sajda qilishdan u qaytmadi.

30 Egamiz Yohuga:

— Mening oldimda to’g`ri ish qilib muvaffaqiyat qozonding, — dedi. — Axab xonadoniga qarshi Men nima istagan bo’lsam, hammasini qilding. Buning uchun sening nasling to’rtinchi avlodigacha Isroil taxtida o’tiradi.

31 Ammo Yohu Isroil xalqining Xudosi — Egamizning qonunlariga butun qalbi bilan itoat qilmadi, Isroil xalqini gunohga botirgan Eribom qilgan gunohlarga ergashdi.

Yohuning o’limi

32-33 O`sha paytda Egamiz Isroil erlarini parchalab, kichraytira boshladi.

Oram shohi Xazayil Iordan daryosining sharqida Gad, Ruben, Manashe qabilalari yashaydigan butun Gilad erlarini, Arnon soyligidagi Aror shahridan Gilad va Bashan o’lkalariga qadar bo’lgan jamiki Isroil erlarini bosib oldi.

34 Yohuning boshqa ishlari, butun faoliyati va qahramonliklari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

35 Yohu olamdan o’tdi. U Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Yohuxoz shoh bo’ldi.

36 Yohu Samariyada yigirma sakkiz yil Isroilga hukmronlik qildi.

Yahudo malikasi Otaliyo

1 Otaliyo o’z o’g`li shoh Oxoziyoning o’ldirilganini eshitgach, Yahudoda Oxoziyoning jamiki urug`ini qirib tashlashga kirishdi.

2 Shohning hamma o’g`illarini o’ldirish rejalashtirilgan edi. Shoh Yohuramning Yohusheva degan qizi bor edi. Yohusheva Oxoziyoga o’gay singil edi. Yohusheva Oxoziyoning o’g`li Yo’shni shohning o’g`illari orasidan bildirmasdan olib qochdi. Otaliyo bolani o’ldirmasligi uchun uni enagasi bilan birga Egamizning uyidagi yotoqxonaga yashirdi.

3 Otaliyo yurtni boshqargan paytda, bola olti yil davomida Egamizning uyida enagasi bilan birga yashirinib yurdi.

4 Ettinchi yili ruhoniy Yohayido Xaryollik qo’riqchilarning lashkarboshilariga va saroy qo’riqchilarining lashkarboshilariga xabar berib, ularni chaqirtirdi. Hammalarini Egamizning uyiga yig`ib, ular bilan ahd tuzdi. Hammalariga Egamizning uyida ont ichirgandan keyin, shohning o’g`li Yo’shni ularga ko’rsatdi.

5 Yohayido ularga shunday buyurdi: “Endi sizlar bunday qilasizlar: Shabbat kuni xizmatda bo’lgan qo’riqchilarning uchdan biri shoh saroyini qo’riqlashadi.

6 Uchdan biri Sur darvozasini, uchdan biri esa saroy darvozasini qo’riqlashadi va saroy qo’riqchilari o’rniga turishadi.

7 Shabbat kuni xizmatda bo’lmagan boshqa ikki qism sipohlaringiz esa Egamizning uyi atrofida turib shohni qo’riqlasin.

8 Hamma qo’lida quroli bilan shohni har tomondan o’rab olsin, kim safga yaqinlashsa, o’ldirilsin. Shoh kirganda ham, chiqqanda ham, unga hamroh bo’linglar.”

9 Yuzboshilar ruhoniy Yohayidoning amrlarini so’zsiz bajardilar. Har bir yuzboshi Shabbat kuni xizmatini boshlagan va xizmatini tugatgan qo’riqchilarini olib, Yohayidoning yoniga bordi.

10 Ruhoniy Egamizning uyida turgan shoh Dovudning nayzalariyu qalqonlarini yuzboshilarga tarqatdi.

11 Shohni qo’riqlash uchun uyning janub tomonidan shimol tomonigacha, qurbongohning va uyning atrofiga soqchilar jangga shay holda qo’yildi.

12 Yohayido Yo’shni tashqariga olib chiqib, boshiga toj kiydirdi. Unga shohlik qonunlarini berdi. Yo’sh shoh deb e`lon qilindi. Uning boshiga moy surtishdi, so’ngra: “Shohimizning umrlari uzoq bo’lsin!” deya olqishlab, qarsak chaldilar.

13 Otaliyo qo’riqchilar bilan xalqning shovqin–suronini eshitgach, Egamizning uyiga, u erda yig`ilganlarning yoniga bordi.

14 Qarasaki, odatga ko’ra, Egamizning uyiga kiraverishdagi ustun oldida shoh turibdi, shohning atrofini lashkarboshilar, karnaychilar o’rab olgan. Yurtning butun xalqi shod–xurram, karnay chalyapti. Shunda Otaliyo g`azabdan liboslarini yirtib: “Xoinlik! Xoinlik!” deb baqirdi.

15 Ruhoniy Yohayido yuzboshilarga: “U xotinni bu erdan olib chiqib ketinglar, kimki unga ergashsa, qilichdan o’tkazinglar”, deb buyruq berdi. Ruhoniy o’sha ayolning Egamiz uyida o’ldirilishini istamadi.

16 Otaliyo ushlandi va saroyning Ot darvozasiga keltirilib, o’sha erda qatl qilindi.

Yohayido qilgan islohotlar

17 Ruhoniy Yohayido xalq, shoh va Egamiz orasida “Biz Egamizning xalqi bo’lamiz” deb ahd tuzdi. Undan keyin xalq bilan shoh orasida ham ahd tuzdi.

18 So’ng butun xalq Baalning uyiga borib, uni buzib tashladi, u erdagi qurbongohlarni va Baalning tasvirlarini sindirdi, Baalning ruhoniysi Mattonni esa qurbongohlarning ro’parasida o’ldirdi. Ruhoniy Yohayido Egamizning uyiga qo’riqchilar tayin qildi.

19 So’ngra yuzboshilarni, Xaryollik qo’riqchilarni, saroy qo’riqchilarini va jamiki xalqni yoniga olib, shohni Egamizning uyidan olib chiqdi. Ular qo’riqchilar darvozasidan o’tib, shohni saroyga olib keldilar va taxtga o’tqazdilar.

20 Otaliyo shoh saroyida o’ldirilgani uchun yurt xalqi sevindi. Quddus osoyishta bo’lib qoldi.

21 Yo’sh taxtga o’tirgan paytda etti yoshda edi.

Yahudo shohi Yo’sh

1 Isroil shohi Yohu hukmronligining ettinchi yilida Yo’sh Yahudo shohi bo’lgan edi. U Quddusda qirq yil hukmronlik qildi. Onasi Bersheba shahridan bo’lib, ismi Zibiyox edi.

2 Yo’sh umri bo’yi Egamiz oldida to’g`ri ishlar qildi, chunki ruhoniy Yohayido unga yo’l ko’rsatardi.

3 Lekin sajdagohlar hamon yo’q qilinmagan, xalq hali ham o’sha joylarda qurbonlik qilib, tutatqi tutatardi.

4 Yo’sh ruhoniylarga farmon berdi:

— Egamizning uyiga ehson sifatida olib kelingan kumushni, doimiy soliqni, va`da qilingan nazrni va ixtiyoriy berilgan hadyalarni to’planglar.

5 Bu kumushlarni ruhoniylar olib keluvchilardan qabul qilib olib, Egamiz uyining buzilgan joylarini tuzatishga sarflashsin.

6 Yo’sh hukmronligining yigirma uchinchi yilida ham ruhoniylar Egamiz uyining buzilgan joylarini hali tuzatmagan edilar.

7 Shundan keyin shoh Yo’sh ruhoniy Yohayido bilan boshqa ruhoniylarni chaqirib:

— Nimaga Egamizning uyini tuzatmayapsizlar? — dedi ularga, — endi odamlardan kumush olmanglar. Olgan kumushlaringizni Egamizning uyini tuzatishga beringlar.

8 Ruhoniylar xalqdan o’zlari pul yig`maslikka va Egamizning uyi ta`mirlanishini nazorat qilmaslikka rozi bo’lishdi.

9 Ruhoniy Yohayido bir quti olib, qopqog`i ustidan teshik ochdi. Uni qurbongohning yoniga — odamlar Egamizning uyiga kiradigan joyning o’ng tomoniga joylashtirdi. Ostonada qorovul bo’lib turgan ruhoniylar Egamizning uyiga keltirilgan hamma kumushni qutiga tashlayverishdi.

10 Qutida ko’p pul yig`ilgandan keyin, shohning mirzasi bilan oliy ruhoniy kelib, Egamizning uyiga keltirilgan kumushlarni qoplarga solib tortishardi.

11 Tortilgan kumushlar Egamizning uyidagi ishlarning boshida turgan odamlarga berilardi. Ular esa bu kumushlarni Egamizning uyida ishlayotgan duradgor va binokorlarga,

12 tosh teruvchilarga, sangtaroshlarga to’lashar, uyni tuzatmoq uchun yog`och va tosh sotib olishga ishlatishar, uyni tuzatishga kerak bo’lgan boshqa ashyolarga sarf qilishardi.

13 Egamizning uyida yig`ilgan kumush bu joy uchun kumush tog`oralar, qaychilar, tog`orachalar va karnaylar, har xil oltin yoki kumush buyumlar yasashga sarf qilinmadi.

14 Bu kumushning hammasi ishlovchilarga to’lashga va uyni tuzatishga sarf qilindi.

15 Egamizning uyida ishlovchilarga pul taqsimlaydigan odamlardan hisob–kitob talab qilinmadi, chunki ular halol ishlashdi.

16 Ayb va gunoh qurbonliklariga qo’shib, zararni qoplash uchun beriladigan pul esa Egamizning uyiga olib kiritilmasdi. Bu pul ruhoniylarga tegishli edi.

17 O`sha paytda Oram shohi Xazayil Gat shahriga hujum qilib, shaharni qo’lga kiritdi. Keyin Quddusga hujum qilmoqqa qaror qildi.

18 Yahudo shohi Yo’sh esa ota–bobolari — Yahudo shohlari Yohushafatning, Yohuramning, Oxoziyoning va o’zining Egamizga atagan hamma muqaddas nazrlarini, Egamizning uyidan va saroy xazinalaridan olingan jamiki oltinlarni Oram shohi Xazayilga yubordi. Shundan keyin Xazayil Quddusga hujum qilish qaroridan qaytdi.

19 Yo’shning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

20 Shoh Yo’shning a`yonlari isyon ko’tarib, uni Silloga boradigan yo’lda — Millodagi uyda o’ldirdilar.

21 Uni o’ldirganlar Yo’shning a`yonlaridan Shimat degan odamning o’g`li Yo’zabad bilan Sho’mer deganning o’g`li Yohuzabad edilar. Yo’sh Dovud qal`asida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Emoziyo shoh bo’ldi.

Isroil shohi Yohuxoz

1 Yahudo shohi Yo’sh hukmronligining yigirma uchinchi yilida Yohuxoz Samariyada Isroil taxtiga o’tirdi va o’n etti yil hukmronlik qildi. Yohuxoz Yohuning o’g`li edi.

2 Yohuxoz Egamiz oldida qabih ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribomning qilgan gunohlariga ergashdi. U qabih yo’lidan aslo qaytmadi.

3 Shuning uchun Egamiz Isroildan g`azablandi va Isroil xalqini uzoq vaqt Oram shohi Xazayil bilan Xazayilning o’g`li Banhadadning qo’liga berib qo’ydi.

4 Shu sababdan Yohuxoz Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz uning iltijolarini eshitdi. Isroil xalqi chekkan azob–uqubatlarni, Oram shohi ularni siquvga olganini Egamiz ko’rib turardi.

5 Egamiz Isroilga bir qutqaruvchi yuborgandan keyin, ular Oram xalqining zulmidan xalos bo’ldi va oldingiday tinchgina yashayverdi.

6 Ammo xalq Eribom xonadoni Isroilga olib kirgan gunohlarga ergashaverdi, bu gunohlardan qaytmadi. Asheraga atalgan ustun hali ham Samariyada turgan edi.

7 Oram shohi Yohuxozning lashkarini qirib, kulini ko’kka sovurgan edi. Yohuxozning ellikta otliq sipohi, o’nta jang aravasi, o’n mingta piyoda sipohidan boshqa kuchi qolmagan edi.

8 Yohuxozning boshqa ishlari, butun faoliyati va uning qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

9 Yohuxoz olamdan o’tdi. U Samariyada ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Yoho’sh shoh bo’ldi.

Isroil shohi Yoho’sh

10 Yahudo shohi Yo’sh hukmronligining o’ttiz ettinchi yilida Yoho’sh Samariyada Isroil taxtiga o’tirdi va o’n olti yil hukmronlik qildi. Yoho’sh Yohuxozning o’g`li edi.

11 U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan jamiki gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi.

12 Yoho’shning boshqa ishlari, butun faoliyati, Yahudo shohi Emoziyo bilan jang qilganda ko’rsatgan qahramonliklari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

13 Yoho’sh olamdan o’tib, Samariyada ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. O`rniga o’g`li Yorubom shoh bo’ldi.

Elishayning o’limi

14 Elishay tuzalmas xastalikka yo’liqqanda, Isroil shohi Yoho’sh uni ziyorat qilgani borib: “Otam! Otam! — deb yig`lagan edi. — Siz Isroilning qudratli himoyachisisiz–ku! Isroilning jang aravasi va otliq lashkari kabisiz! Bizni tashlab ketmang!”

15 O`shanda Elishay shohga: “Yoying bilan o’qlaringni ol!” dedi. Shoh yoyi bilan o’qlarini oldi.

16 Elishay: “Yoyni hozirla!” deb shohga buyurdi. Shoh yoyni hozirlagach, Elishay qo’llarini shohning qo’llari ustiga qo’ydi.

17 So’ngra unga: “Sharq tomondagi derazani och!” deb buyurdi. Shoh derazani ochgandan keyin, Elishay: “O`qni ot!” dedi. Shoh o’qni otdi.

— Bu o’q Egamiz beradigan najot alomatidir, u seni Oram lashkari ustidan zafarga erishtiradi, — dedi Elishay. — Sen Oram lashkarini Ofoqda yo’q qilasan.

18 Keyin Elishay shohga: “Qolgan o’qlarni ol!” deb buyurdi. Isroil shohi o’qlarni olgach, Elishay unga: “O`qlarni erga ur!” dedi. Shoh o’qlarni uch marta erga urib, to’xtab qoldi.

19 Shunda payg`ambar shohdan achchiqlandi:

— Besh–olti marta urishing lozim edi, o’shanda Oram lashkarini tamomila mag`lub qilgan bo’larding. Endi esa ularni uch martagina mag`lub etasan, xolos.

20 Shundan keyin Elishay vafot etdi, uni dafn qildilar. Har yili bahorda Mo’abdan bosqinchilar Isroil erlariga bostirib kelardi.

21 Bir safar Isroil odamlari bir marhumni dafn qilayotgan edilar, Mo’ablik bosqinchilarni ko’rdilar–u, jasadni Elishayning xilxonasiga tashlab qochdilar. Jasad Elishayning suyaklariga tekkanda tirilib ketdi va oyoqqa turdi.

Isroil bilan Oram o’rtasidagi urush

22 Oram shohi Xazayil Yohuxozning butun shohligi davrida Isroil xalqiga zulm o’tkazib kelgan edi.

23 Ammo Egamiz Isroil xalqiga rahm–shafqat ko’rsatib, Ibrohim, Ishoq va Yoqub bilan qilgan ahdiga ko’ra, Isroil xalqiga yuz burgan edi. Egamiz hozirgacha Isroil xalqini O`z huzuridan quvib chiqarmadi va ularning qirilib ketishiga yo’l qo’ymadi.

24 Oram shohi Xazayil vafot etgach, o’rniga o’g`li Banhadad shoh bo’ldi.25 So’ngra Yoho’sh otasi Yohuxoz shohligi davrida boy bergan shaharlarni Xazayilning o’g`li Banhadaddan qaytarib oldi. Banhadadni uch marta mag`lub qilib, Isroil shaharlariga boshqatdan egalik qildi.

Yahudo shohi Emoziyo

1 Isroil shohi Yoho’sh hukmronligining ikkinchi yilida Emoziyo Yahudo shohi bo’ldi. Emoziyo Yo’shning o’g`li edi.

2 Emoziyo shoh bo’lganda, yigirma besh yoshda edi. U Quddusda yigirma to’qqiz yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik bo’lib, ismi Yohuvaddon edi.

3 Emoziyo Egamiz oldida to’g`ri ishlar qilsa ham, bobosi Dovud kabi emasdi. U har qanday ishni otasi Yo’sh kabi qildi.

4 Shu boisdan sajdagohlar hamon yo’q qilinmagan, xalq u erlarda hali ham qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.

5 Emoziyo o’z shohligini mustahkamlab olgandan keyin, otasini o’ldirgan a`yonlarni yo’q qildi.

6 Biroq Musoning Tavrot kitobida yozilganiga ko’ra, qotillarning bolalarini o’ldirmadi, chunki Egamiz: “Otalar farzandlarining gunohi uchun o’ldirilmasin, farzandlar otalarining gunohi uchun o’ldirilmasin, har kim o’zining gunohi uchungina jazolansin”, deb amr qilgan edi.

7 Emoziyo Tuz vodiysida o’n mingta Edom sipohini o’ldirdi. Sela shahrini jang qilib qo’lga qiritdi va u erga Yoxtal deb nom berdi. O`sha joy hozir ham shu nom bilan yuritiladi.

8 Shundan so’ng Emoziyo Isroil shohi Yoho’shga xabarchilar jo’natib: “Qani, menga jang maydonida ro’baro’ kelib ko’r–chi”, dedi.

9 Isroil shohi Yoho’sh esa bunga javoban Yahudo shohi Emoziyoga shu xabarni jo’natdi: “Lubnon tog`larida bir g`ovtikan sadr daraxtiga, qizingni o’g`limga xotinlikka ber, deb xabar yo’llabdi. O`sha paytda bir yirtqich hayvon o’sha erdan o’tib ketayotib, g`ovtikanni bosib yanchib ketibdi.

10 Shunga o’xshab, sen ham Edom xalqini mag`lub etganing uchun mag`rurlanib ketding, Emoziyo. O`sha shuhrating bilan kifoyalanib, uyingda o’tiraver. Nima uchun qitmirlik qilyapsan? O`z boshingni ham, Yahudo xalqining boshini ham baloga giriftor qilyapsan!”

11 Lekin Emoziyo quloq solmadi. Shuning uchun Isroil shohi Yoho’sh Yahudo shohi Emoziyo ustiga yurish qildi. Ikkala tomonning lashkari Yahudoning Bayt–Shamash shahrida ro’baro’ keldi.

12 Isroil lashkari Yahudo lashkarini mag`lub etdi. Yahudo lashkarining hammasi uylariga qochib ketdi.

13 Isroil shohi Yoho’sh Yahudo shohi Emoziyoni Bayt–Shamashda asir qilib oldi. Emoziyo Oxoziyoning nevarasi, Yo’shning o’g`li edi. So’ng Yoho’sh Quddusga kelib, Quddus devorining Efrayim darvozasidan Burchak darvozasigacha bo’lgan 400 tirsak qismini buzdirdi.

14 Egamizning uyida va saroyning xazinalarida topilgan oltinu kumushni va ashyolarni tortib oldi. Bulardan tashqari, asirlarni ham olib, Samariyaga qaytib ketdi.

15 Yoho’shning boshqa ishlari, Yahudo shohi Emoziyo bilan jang qilganda ko’rsatgan qahramonliklari haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

16 Yoho’sh olamdan o’tdi. U Samariyada ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Yorubom shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Emoziyoning o’limi

17 Yahudo shohi Emoziyo Isroil shohi Yoho’shning o’limidan keyin o’n besh yil yashadi.

18 Emoziyoning boshqa ishlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

19 Quddusda Emoziyoga qarshi fitna uyushtirildi. Emoziyo bundan xabar topib, Laxish shahriga qochdi. Ammo dushmanlari Emoziyoning ortidan odam yuborib, uni o’sha erda o’ldirtirdilar.

20 Emoziyoning jasadini otda Quddusga olib keldilar. U Dovud qal`asida, ota–bobolarining yoniga dafn qilindi.

21 So’ngra Yahudo xalqi o’n olti yoshli Uzziyoni otasi Emoziyoning o’rniga shoh qilib ko’tardilar.

22 Otasi Emoziyo olamdan o’tgach, Uzziyo Elet shahrini qaytadan Yahudo erlariga qo’shib olib, boshqatdan qurdi.

Isroil shohi Yorubom

23 Yahudo shohi Emoziyo hukmronligining o’n beshinchi yilida Yorubom Samariyada Isroil shohi bo’ldi va qirq bir yil hukmronlik qildi. Yorubom Yoho’shning o’g`li edi.

24 U Egamiz oldida qabih ishlar qildi va Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga ergashdi.

25 Yorubom Levo–Xomatdan O`lik dengizgacha bo’lgan Isroil erlarini qaytadan qo’lga kiritdi. Zotan, Isroil xalqining Xudosi — Egamiz O`z quli Yunus payg`ambar orqali bu to’g`rida aytgan edi. Yunus Amitay deganning o’g`li bo’lib, u Gat–Xafer shahridan edi.

26 Egamiz Isroil xalqi tortayotgan nihoyatda og`ir azoblarni ko’rdi. Bu erda Isroilga yordam berishga qodir na qul, na ozod qolgan edi.

27 Egamiz Isroil xalqi nomini er yuzidan o’chirishni istamagani uchun Yorubom orqali ularni qutqargan edi.

28 Yorubomning boshqa ishlari, butun faoliyati, janglarda ko’rsatgan qahramonliklari, ilgaridan Yahudoga qarashli bo’lgan Damashq va Xomatni qaytadan Isroil erlariga qo’shib olgani to’g`risida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

29 Yorubom olamdan o’tib, ota–bobolari — Isroil shohlari yoniga dafn qilindi. O`rniga o’g`li Zakariyo shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Uzziyo

1 Yorubom Isroilda hukmronlik qilayotganiga yigirma etti yil bo’lganda, Uzziyo Yahudo shohi bo’ldi. Uzziyo Emoziyoning o’g`li edi.

2 Uzziyo shoh bo’lganda, o’n olti yoshda edi. U Quddusda ellik ikki yil hukmronlik qildi. Onasi Qudduslik bo’lib, ismi Yoxoliyo edi.

3 Uzziyo ham, otasi Emoziyo kabi, Egamiz oldida to’g`ri ishlar qildi.

4 Lekin sajdagohlar hamon yo’q qilinmagan, xalq o’sha joylarda hali ham qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.

5 Egamiz Uzziyoni jazolab, tuzalmas teri kasalligiga yo’liqtirdi. Uzziyo umrining oxirigacha bir uyda yolg`iz yashadi. Yurtdagi xalqni ham, shoh saroyini ham o’g`li Yo’tom boshqarardi.

6 Uzziyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

7 Uzziyo olamdan o’tib, Dovud qal`asida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Yo’tom shoh bo’ldi.

Isroil shohi Zakariyo

8 Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga o’ttiz sakkiz yil bo’lganda, Zakariyo Samariyada Isroil shohi bo’ldi va olti oy hukmronlik qildi. Zakariyo Yorubomning o’g`li edi.

9 U ham, otalari kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga ergashdi.

10 Shallum degan odam Zakariyoga qarshi fitna uyushtirdi. Shallum Yobosh deganning o’g`li edi. Hammaning oldida Zakariyoni o’ldirib, o’rniga o’zi shoh bo’ldi.

11 Zakariyoning boshqa ishlari “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

12 Shunday qilib, Egamizning Yohuga: “Sening nasling to’rtinchi avlodigacha Isroil taxtida o’tiradi”, deb aytgan va`dasi amalga oshdi.

Isroil shohi Shallum

13 Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga o’ttiz to’qqiz yil bo’lganda, Shallum Isroil shohi bo’ldi va Samariyada bir oy hukmronlik qildi.

14 Manaxim degan odam Tirzadan Samariyaga kelib, Shallumga suiqasd uyushtirdi. Manaxim Gadi deganning o’g`li edi. Manaxim Shallumni o’ldirib, o’rniga o’zi shoh bo’ldi.

15 Shallumning boshqa ishlari va u qilgan fitna haqida “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

16 O`shanda Tifsax aholisi taslim bo’lmagani uchun Manaxim Tirzadan jo’nab ketdi–da, borib Tifsax shahri va uning atrofidagi qishloqlarni qirdi. Hatto homilador ayollarning qorinlarini yorib tashladi.

Isroil shohi Manaxim

17 Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga o’ttiz to’qqiz yil bo’lganda, Gadi o’g`li Manaxim Isroil shohi bo’lgan edi. Manaxim Samariyada o’n yil hukmronlik qildi.

18 U Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga umri bo’yi ergashdi.

19 Shundan keyin Ossuriya shohi Tig`latpilasar Isroil erlariga hujum qildi. “Tig`latpilasar meni qo’llab–quvvatlasin, o’zim shoh bo’lib qolay” degan maqsadda Manaxim unga 2000 pud kumush berdi.

20 Manaxim Isroildagi hamma boylarni odam boshiga ellik kumush tangadan to’lashga majbur qilib, Ossuriya shohiga berilgan kumushning o’rnini qopladi. Shundan so’ng Ossuriya shohi Isroil erlaridan chiqib, yurtiga qaytib ketdi.

21 Manaximning boshqa ishlari, uning butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

22 Manaxim olamdan o’tgach, o’rniga o’g`li Pakaxiyo shoh bo’ldi.

Isroil shohi Pakaxiyo

23 Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga ellik yil bo’lganda, Pakaxiyo Samariyada Isroil shohi bo’ldi va ikki yil hukmronlik qildi. Pakaxiyo Manaximning o’g`li edi.

24 Pakaxiyo Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga ergashdi.

25 Pekax degan lashkarboshi Pakaxiyoga qarshi fitna uyushtirdi. Pekax Ramaliyo degan odamning o’g`li edi. Pekax yoniga Giladlik ellikta odamni olib, Samariyadagi shoh saroyining qal`asida Pakaxiyoni, Argob va Oreyni o’ldirdi. Uning o’rniga Pekaxning o’zi shoh bo’ldi.

26 Pakaxiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

Isroil shohi Pekax

27 Uzziyo Yahudoda shohlik qilayotganiga ellik ikki yil bo’lganda, Pekax Samariyada Isroil shohi bo’ldi va yigirma yil hukmronlik qildi.

28 U Egamiz oldida qabih ishlar qilib, Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom qilgan gunohlarga ergashdi.

29 Isroil shohi Pekax davrida Ossuriya shohi Tig`latpilasar bostirib kelib, Isroilning Iyxon, Ovil–Bayt–Maxo, Yonox, Kedesh, Xazor shaharlari bilan birga Gilad, Jalila va butun Naftali hududlarini qo’lga kiritdi hamda bu erlardagi xalqni Ossuriyaga asir qilib olib ketdi.

30 Yahudo shohi Yo’tom hukmronligining yigirmanchi yilida Xo’sheya Pekaxga fitna uyushtirib, uni o’ldirdi va o’rniga o’zi shoh bo’ldi. Xo’sheya Elox deganning o’g`li edi.

31 Pekaxning boshqa ishlari, butun faoliyati “Isroil shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

Yahudo shohi Yo’tom

32 Isroil shohi Pekax hukmronlik qilayotganiga ikki yil bo’lganda, Yo’tom Yahudo shohi bo’ldi. Yo’tom Uzziyoning o’g`li edi.

33 Yo’tom yigirma besh yoshida shoh bo’lib, Quddusda o’n olti yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Erusha bo’lib, u Zodo’xning qizi edi.

34 Yo’tom, otasi Uzziyo kabi, Egamiz oldida to’g`ri ishlar qildi.

35 Ammo sajdagohlar hamon yo’q qilinmagan, xalq o’sha sajdagohlarda qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi. Yo’tom Egamiz uyining Yuqori Darvozasini qurdi.

36 Yo’tomning boshqa ishlari, butun faoliyati haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

37 O`sha kunlarda Oram shohi Ratan bilan Isroil shohi Pekaxning Yahudoga hujum qilishlariga Egamiz yo’l qo’yib berdi.

38 Yo’tom olamdan o’tib, bobosi Dovud qal`asida, ota–bobolari yoniga dafn qilindi. Uning o’rniga o’g`li Oxoz shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Oxoz

1 Isroil shohi Pekax hukmronlik qilayotganiga o’n etti yil bo’lganda, Oxoz Yahudo shohi bo’ldi. Oxoz Yo’tomning o’g`li edi.

2 Oxoz yigirma yoshida shoh bo’lib, Quddusda o’n olti yil hukmronlik qildi. U bobosi Dovuddan namuna olmadi, Egasi Xudo oldida to’g`ri ishlar qilmay,

3 Isroil shohlarining yo’lidan ketdi. Kan`on yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning jirkanch odatlariga taqlid qilib, hatto o’z o’g`lini qurbonlik qilib, olovda kuydirdi.

4 Sajdagohlarda, tepaliklarda va har qanday yashil daraxt ostida qurbonliklar keltirib, tutatqi tutatardi.

5 Oram shohi Ratan bilan Isroil shohi Pekax Quddusni bosib olish uchun yurish qildilar. Shaharni qamal qilib tursalar–da, Oxozni enga olmadilar.

6 Shunda Oram shohi Ratan Elet shahrini qo’lga kiritib, u erdagi Yahudo xalqini haydab chiqardi. Eletga joylashgan Oram xalqi hozir ham o’sha erda istiqomat qiladi.

7 Oxoz Ossuriya shohi Tig`latpilasarga: “Men sizga qaramman, qulingizman, keling, menga hujum qilayotgan Oram va Isroil shohlarining qo’lidan meni qutqaring”, deb elchilar jo’natdi.

8 Egamizning uyidagi va shoh saroyining xazinalaridagi oltinu kumushlarni Ossuriya shohiga hadya qilib yubordi.

9 Ossuriya shohi Oxozning iltimosiga rozi bo’ldi. Damashqqa hujum qilib, bu shaharni bosib oldi. Shahar aholisini Xirga surib chiqardi va shoh Ratanni o’ldirdi.

10 Shoh Oxoz Ossuriya shohi Tig`latpilasar bilan uchrashish uchun Damashqqa borganda, u erdagi qurbongohni ko’rdi. Qurbongohning rejasini hamma ikir–chikirlarigacha chizib, tayyorlab, ruhoniy Uriyoga yubordi.

11 Shoh Oxoz Damashqdan qaytgunga qadar, ruhoniy Uriyo, u yuborganlari bo’yicha, aynan o’shanday qurbongoh qurdi.

12 Shoh Damashqdan qaytgach, yangi qurbongohni ko’rib, uning ustida qurbonliklar keltirish uchun bordi.

13 Kuydiriladigan qurbonligini va don nazrini ado etdi, yangi qurbongoh ustiga sharob nazrini quydi, tinchlik qurbonligining qonini qurbongohga sepdi.

14 Egamizga bag`ishlangan oldingi bronza qurbongoh yangi qurbongoh bilan Egamizning uyi orasida edi. Oxoz bronza qurbongohni bir chetga — o’zi qurgan yangi qurbongohning shimol tomoniga ko’chirtirib tashladi.

15 So’ngra shoh Oxoz ruhoniy Uriyoga shunday farmon berdi: “Ertalabki kuydiriladigan qurbonlik bilan kechqurungi don nazrini, shohning kuydiriladigan qurbonligini va uning don nazrini, bundan tashqari, yurt xalqining kuydiriladigan qurbonligini, don nazrini va sharob nazrini mana shu katta qurbongoh ustida ado et. Kuydiriladigan qurbonlik bilan boshqa qurbonliklarning qonini shu qurbongohga sep. Kelajakda nima bo’lishi menga ayon bo’lishi uchun esa bronza qurbongohni saqla.”

16 Ruhoniy Uriyo shoh Oxozning hamma farmonini bajardi.

17-18 Shoh Oxoz Ossuriya shohini mamnun qilish uchun quyidagi ishlarni qildi: Xudoning uyidagi aravalarning yon to’siqlarini ko’chirtirib tashladi, bularning ustidagi tog`oralarni ham oldirdi. Bronzadan yasalgan buqalarning ustidan hovuzni olib, toshdan qilingan to’shama ustiga joylashtirdi. Egamizning uyi ichkarisida qurilgan va Shabbat kuni shoh foydalanadigan joyni, shoh tashqaridan kiradigan yo’lakni oldirib tashladi.

19 Oxozning boshqa ishlari “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

20 Oxoz olamdan o’tib, Dovud qal`asida, ota–bobolari yoniga dafn etildi. O`rniga o’g`li Hizqiyo shoh bo’ldi.

Isroilning oxirgi shohi Xo’sheya

1 Yahudo shohi Oxoz hukmronlik qilayotganiga o’n ikki yil bo’lganda, Xo’sheya Samariyada Isroil shohi bo’ldi va to’qqiz yil hukmronlik qildi. Xo’sheya Eloxning o’g`li edi.

2 U Egamiz oldida qabih ishlar qilgan bo’lsa ham, o’zidan oldin o’tgan Isroil shohlari qadar emasdi.

3 Ossuriya shohi Shalmanasar Xo’sheyaga qarshi urush ochdi. Xo’sheya taslim bo’lib, Shalmanasarga o’lpon to’lay boshladi.

4 Lekin keyinroq Xo’sheya Misr fir`avni So’vaxdan yordam so’rab xabarchilar jo’natdi va Ossuriya shohiga har yili to’lashi kerak bo’lgan o’lponni to’lamay qo’ydi. Xo’sheyaning xoinlik qilganini Ossuriya shohi bilib qoldi, shuning uchun uni tutib, zindonga tashladi.

Samariyaning mag`lubiyati

5 Shalmanasar Isroil erlariga hujum qilib, Samariyani uch yil qamal qilib turdi.

6 Xo’sheya hukmronligining to’qqizinchi yilida Ossuriya shohi Samariyani qo’lga kiritib, Isroil xalqini Ossuriyaga ko’chirdi. Ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi bo’yidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi.

7 Isroil xalqi o’zlarini Misr fir`avni hukmronligidan xalos qilib, Misrdan olib chiqqan Egasi Xudoga qarshi gunoh qilgan edilar. Ularning boshiga kelgan jamiki g`am–kulfatlarning sababi shu edi. O`sha paytlarda Isroil xalqi begona xudolarga sajda qilishar,

8 Kan`on yurtidan Egamiz quvgan qavmlarning odatlariga va Isroil shohlari o’zlaricha joriy qilgan odatlarga binoan yashardilar.

9 O`zlarining Egasi Xudoga ma`qul kelmaydigan ishlarni qilardilar. Hamma erda — qishloqlardan tortib, mustahkam shahargacha bo’lgan joylarda sajdagohlar qurgan edilar.

10 Har bir tepalikning ustiga, har bir yashil daraxtning ostiga butsimon toshlarni, Asheraga atab ustunlarni o’rnatgan edilar.

11 Kan`on yurtidan Egamiz quvib yuborgan xalqlar singari, Isroil xalqi hamma sajdagohlarda qurbonliklar qilishardi. Ular qabih ishlari bilan Egamizni g`azablantirardilar.

12 Egamiz: “Bunday ishlarni qilmanglar”, deb aytganiga qaramasdan, butlarga xizmat qilaverardilar.

13 Egamiz Isroil va Yahudo xalqini hamma payg`ambarlar, valiylar orqali ogohlantirib, ularga shunday amr bergan edi: “Qabih yo’llaringizdan qaytinglar. Mening amrlarimga, farmonlarimga itoat etinglar! Men hamma qonunlarimni ota–bobolaringizga berganman, payg`ambar bo’lgan qullarim orqali sizlarga yuborganman.”

14 Ammo Isroil xalqi quloq solmasdi. Ular otalari kabi o’jarlik qilaverdilar, o’zlarining Egasi Xudoga ishonmas edilar.

15 Egamizning farmonlaridan, ogohlantirishlaridan va otalari bilan qilgan ahdidan yuz o’girib, betayin xudolarga sajda qilgani uchun o’zlari ham betayin bo’lib qolgandilar. Egamiz: “Atrofingizdagi xalqlarga o’xshab yashamanglar”, deb ularga amr bersa ham, o’sha xalqlarning odatlariga ko’ra, yashayverardilar.

16 Isroil xalqi o’zlarining Egasi Xudoning hamma amrlaridan yuz o’girgandi. Ular topingani ikkita buzoq tasvirini va Asheraning ustunini yasadilar. Barcha samoviy jismlarga sajda qilib, Baalga xizmat etardilar.

17 O`g`illarini, qizlarini qurbonlik qilib, olovda kuydirardilar, fol ochtirib, ta`birchilarga e`tiqod qilardilar. Egamiz oldida qabih ishlarga mukkasidan ketib, Egamizni g`azablantiraverdilar.

18 Egamiz Isroil xalqidan qattiq g`azablanib, ularni O`zining huzuridan chiqarib tashlagandi. Yahudo xalqidan tashqari bironta qabila Egamizning huzurida qolmagan edi.

19 Hatto Yahudo xalqi ham o’zlarining Egasi Xudoning amrlariga rioya qilmay qo’ygandi. Ular Isroil xalqining qabih odatlariga taqlid qildilar.

20 Oqibatda Egamiz Isroilning hamma qavmidan yuz o’girdi. Ularni talonchilarning qo’liga berib, jazoladi. Oxiri, hammasini huzuridan uloqtirib tashladi.

21 Darvoqe, Egamiz Dovud xonadonidan Isroilni tortib olgandan keyin, Isroil xalqi Nabat o’g`li Eribomni shoh qilgan edi. Eribom Isroil xalqini Egamizning yo’lidan ozdirib, og`ir gunohga botirdi.

22 Isroil xalqi Eribom qilgan hamma gunohlarga ergashdi, bu gunohlardan qaytmadi.

23 Natijada Egamiz payg`ambar qullari orqali aytganiday, Isroil xalqini O`z huzuridan quvgan va Isroil xalqi o’z yurtlaridan Ossuriyaga surgun qilingan edilar. Ular bugungacha o’sha erda yashaydilar.

Samariyaga o’rnashgan xalqlarning butparastligi

24 Ossuriya shohi Bobildan, Go’sax, Ivvax, Xomat va Sefarvayim shaharlaridan odamlarni olib kelib, Samariya shaharlarida Isroil xalqi o’rniga joylashtirdi. Ular Samariyani egallab, Samariya shaharlarida istiqomat qila boshladilar.

25 Ular bu joylarga dastlab o’rnashganlarida, Egamizga sajda qilmadilar. Shuning uchun Egamiz Samariya shaharlariga arslonlar yubordi. Arslonlar o’sha xalqlardan ba`zi odamlarni o’ldirdi.

26 So’ngra Samariyadan Ossuriya shohiga quyidagicha xabar jo’natildi: “Siz Samariya shaharlariga ko’chirib kelib o’rnashtirgan xalqlar bu yurt xudosining qonun–qoidalarini bilmayaptilar. Shuning uchun o’sha xudo bu erga arslonlar yuboryapti, odamlar esa arslonlarga em bo’lyapti.”

27 Shundan keyin Ossuriya shohi quyidagicha farmon berdi: “Samariyadan asir qilib olib ketilgan ruhoniylardan birortasini o’sha erga qaytarib yuboringlar. Ruhoniy o’sha yurtga borib yashasin va Samariyaning xudosi qonun–qoidalarini o’sha erdagi xalqlarga o’rgatsin.”

28 Samariyadan ko’chirib yuborilgan ruhoniylardan biri qaytib kelib, Baytilda istiqomat qila boshladi. U o’sha erda o’rnashgan xalqlarga Egamizga qanday sajda qilishni o’rgatishga kirishdi.

29 Lekin Samariya shaharlariga joylashgan har bir xalq o’z xudolarining tasvirini yasayverdi. Isroil xalqi Samariyada yashaganda barpo qilgan sajdagohlarga o’sha xudolarning tasvirini qo’ydilar.

30 Bobilliklar xudo Suxotvanotning, Xutliklar xudo Nargalning, Xomatliklar xudo Oshimaning,

31 Ivvaxliklar esa xudolar Nivxaz va Tartoqning tasvirlarini yasab, o’sha xudolarga sajda qildilar. Sefarvayimliklar o’zlarining xudolari Odrammalek va Anammalekka bolalarini kuydirib qurbonlik qildilar.

32 Ular ham Egamizga sajda qildilar, ayni paytda o’z xudolarining sajdagohlarida xizmat qilish uchun oralaridan ruhoniylar ham saylab oldilar.

33 Ular Egamizga sajda qilish bilan birga, o’zlari oldin yashagan ona yurtining odatlariga muvofiq o’z xudolariga ham xizmat qilaverdilar.

34 O`sha xalqlar bugungacha eski odatlari bo’yicha yashab keladilar: na Egamizdan qo’rqadilar, na Egamiz Yoqubga, ya`ni Isroil nasliga bergan farmonlarni, qoidalarni, qonun va amrlarni bajaradilar.

35 Ilgarilari Egamiz Isroil xalqi bilan ahd tuzib, shunday amr etgan edi: “Begona xudolarga sajda qilmanglar, ta`zim qilmanglar, u xudolarga xizmat qilmanglar, qurbonlik keltirmanglar.

36 Faqat Menga sajda qilinglar! Men, Egangiz, buyuk qudratim va ajoyibotlarim bilan sizlarni Misrdan olib chiqqanman. Menga ta`zim qilib, qurbonlik keltiringlar.

37 Sizlar uchun yozgan farmonlarimni, qoidalarimni, qonunlarimni va amrlarimni to abad ijro etinglar, begona xudolarga sajda qilmanglar.

38 Sizlar bilan tuzgan ahdimni unutmanglar, begona xudolarga sajda qilmanglar.

39 Faqat Men, Egangiz Xudogagina sajda qilinglar. Hamma g`animlaringiz qo’lidan sizlarni xalos qiladigan Menman.”

40 Shunga qaramay, Samariyaga o’rnashgan xalqlar Egamizning amrlariga quloq solmasdan eski odatlariga ko’ra, yashayverdilar.

41 Bu xalqlar bir paytning o’zida ham Egamizga sajda qilar, ham o’yib ishlangan tasvirlarga xizmat qilardilar. Ularning bolalari va nabiralari ham bugungacha otalari kabi yashaydilar.

Yahudo shohi Hizqiyo

1 Isroil shohi Xo’sheya hukmronlik qilayotganiga uch yil bo’lganda, Hizqiyo Yahudo hukmdori bo’ldi. Hizqiyo Oxozning o’g`li edi.

2 Hizqiyo yigirma besh yoshida shoh bo’ldi. U Quddusda yigirma to’qqiz yil shohlik qildi. Onasining ismi Abiyo bo’lib, Zakariyoning qizi edi.

3 Hizqiyo, bobosi Dovud kabi, Egamiz oldida to’g`ri ishlar qildi.

4 U sajdagohlarni yo’qotdi, butsimon toshlarni parchalab tashladi, Asheraning ustunlarini kesdi. Muso bronzadan yasagan Naxushton nomli ilon tasvirini ham sindirdi. Chunki Isroil xalqi o’sha kungacha bronza ilon tasviriga qurbonlik keltirardi.

5 Hizqiyo Isroil xalqining Xudosiga — Egamizga ishonardi. Hizqiyogacha ham, undan keyin ham Yahudo shohlari orasida unga o’xshagani bo’lmadi.

6 Hizqiyo Egamizga nihoyatda sodiq bo’lib, Uning yo’llaridan ozmadi. Egamiz Musoga bergan amrlarni bajardi.

7 Egamiz Hizqiyo bilan edi. Hizqiyo nima ish qilmasin, Egamiz unga baraka berdi. U Ossuriya shohiga itoat qilmay, unga qarshi bosh ko’tardi.

8 Hamma joyda — G`azo va uning atroflarigacha, qishloqlardan tortib, mustahkam shahargacha bo’lgan joylarda Filistlarni mag`lub qildi.

9 Hizqiyo hukmronligining to’rtinchi yilida Ossuriya shohi Shalmanasar Samariyaga hujum qilib, qamal qildi. Bu paytda Isroil shohi Xo’sheya ettinchi yil shohlik qilayotgan edi.

10 Qamalning uchinchi yilida Samariya quladi. Hizqiyo hukmronligining oltinchi yilida va Isroil shohi Xo’sheya hukmronligining to’qqizinchi yilida Shalmanasar Samariyani oldi.

11 Ossuriya shohi Isroil xalqini Ossuriyaga ko’chirib, ularni Xalax shahriga, Xavor daryosi bo’yidagi Gozan hududiga va Midiya shaharlariga joylashtirdi.

12 Ular o’zlarining Egasi Xudoga itoat etmay, Uning ahdini buzganlari uchun shu hodisalar yuz bergandi. Xudoning O`z quli Muso orqali bergan birorta amriga ular quloq solmadilar, hech birini bajarmadilar.

Ossuriya qo’shini Quddusni o’rab oladi

13 Hizqiyo hukmronligining o’n to’rtinchi yilida Ossuriya shohi Sanxariv Yahudo yurtiga hujum qildi. Uning hamma mustahkam shaharlarini bosib oldi.

14 Yahudo shohi Hizqiyo Laxish shahrida turgan Ossuriya shohiga shunday xabar yubordi: “Men aybdorman, mening yurtimdan keting, nimani talab qilsangiz, rozi bo’laman.” Ossuriya shohi Yahudo shohi Hizqiyoni 640 pud kumush va 64 pud oltinni o’lpon qilib to’lashga majbur qildi.

15 Hizqiyo hamma kumushni Egamizning uyidan va shoh saroyining xazinalaridan topib, unga berdi.

16 Hizqiyo yana Egamizning uyi eshiklari bilan eshik kesakilari ustiga ilgari o’zi qoplatgan oltin qoplamalarni ham chiqarib olib, Ossuriya shohiga berdi.

17 Keyin Ossuriya shohi o’zining bosh qo’mondoni, bosh vaziri va mulozimi boshchiligida katta lashkarni Laxishdan Quddusga, shoh Hizqiyoning ustiga safarbar qildi. Lashkar Quddusga borayotib, Yuqori hovuz arig`i yonida to’xtadi. Bu ariq kir yuvuvchining dalasiga boradigan yo’l yonida edi.

18 Ular shoh Hizqiyoga xabarchi yuborgan edilar, Xilqiyo o’g`li Eliyaqim, Shavna va Osif o’g`li Yo’x Quddusdan chiqib, Ossuriyaliklarning yoniga bordilar. Shoh Hizqiyoning saroyida Eliyaqim bosh vazir bo’lib, Shavna kotib, Yo’x esa mushovir bo’lib xizmat qilar edilar.

19 Mulozim ularga shunday dedi:

“Ulug` Ossuriya shohining shu gaplarini Hizqiyoga etkazing: «Nimangga ishonyapsan o’zi?

20 Harbiy mahoratingdan va kuch–qudratingdan gapiryapsan, lekin bular quruq gaplar–ku. Kimingga ishonib menga itoat etmayapsan?

21 Ha, sen Misrga ishonyapsan. Lekin Misr yoriq qamishdan qilingan hassaga o’xshaydi–ku. Unga suyansang, qo’lingga sanchiladi. Misr fir`avniga ishonganlarning hammasi shu ahvolga tushadi.

22 Balki sizlar: ‘Biz Egamiz Xudoga ishonamiz’, deb aytarsizlar menga. Axir, Hizqiyo o’sha Egangizning sajdagohu qurbongohlarini buzib tashlab, Yahudo xalqiga va Quddusliklarga: ‘Faqatgina Quddusdagi qurbongohning oldida sajda qilinglar’, deb aytgan ekan–ku!»

23 Kelinglar, endi janobi oliylari Ossuriya shohi nomidan sizlar bilan bir garov o’ynaylik. Biz sizlarga ikki mingta ot beramiz, qani, ularni minishga odam topinglar–chi!

24 Qani, ko’raylik–chi, shohimning qullari orasidagi eng kichik bir lashkarboshisini mag`lub qila olasizmi?! Axir, o’zingiz Misrning jang aravalariyu otliqlariga umid bog`lab o’tiribsiz.

25 Qolaversa, bizni Egangizning xohishisiz bu yurtni vayron qilishga kelgan, deb o’ylaysizlarmi? Egangizning O`zi bizga: «O`sha joyga borib, u erni vayron qilinglar», deb amr bergan–ku!”

26 Xilqiyo o’g`li Eliyaqim, Shavna va Yo’x Ossuriyalik mulozimga:

— Bu qullaringga oramiycha gapiraver, oramiychani tushunamiz. Ibroniycha gapirma. Tag`in devor ustidagilar bizning gapimizni eshitib qolmasin, — dedilar.

27 Mulozim esa shunday javob berdi:

— Shohim bu so’zlarni faqat hukmdoringizga va sizlarga gapirsin deb, meni yuboribdimi?! Devor ustida to’plangan odamlarga ham gapiryapman–da. Ular ham, sizlar kabi, tezaklarini eb, siydiklarini ichishga giriftor qilingan.

28 So’ngra u tik turib, baland ovoz bilan ibroniycha gapirdi: “Ulug` Ossuriya shohining gaplarini eshiting!

29 Shoh hazratlari shunday aytmoqda: Hizqiyo sizlarni yo’ldan urmasin. U baribir sizlarni mening qo’limdan qutqara olmaydi.

30 «Egamiz bizni albatta qutqaradi, bu shahar Ossuriya shohi qo’liga taslim bo’lmaydi», deb Hizqiyo sizlarni Egangizdan umidvor qilmasin.

31 Shohingiz Hizqiyoga quloq solmanglar. Mana, Ossuriya shohi aytmoqda: men bilan sulh tuzib, mening oldimga chiqinglar. Shunda har kimga o’z uzumzoriyu anjir daraxti hosilidan eyishga, o’z sardobasidan suv ichishga ijozat beriladi.

32 So’ngra men sizlarni o’z o’lkangizga o’xshagan bir yurtga olib boraman. U joy bug`doy, sharob, non, uzumzorlarga, zaytun moyi va asalga boy yurtdir. O`limni emas, hayotni tanlanglar. «Egamiz bizni qutqaradi», deb sizlarni aldamoqchi bo’lgan Hizqiyoga quloq solmanglar.

33 Qaysi xalqning xudosi o’z yurtini men, Ossuriya shohining qo’lidan qutqaribdi?!

34 Xomat bilan Arpad shaharlarining xudolari qani?! Sefarvayimning, Xana va Ivvaxning xudolari–chi?! Birorta xudo Samariyani mening qo’limdan qutqara olmadi–ku!

35 Jamiki xalqlarning xudolaridan qaysi biri o’z yurtini mening qo’limdan qutqaribdiki, Egangiz Quddusni qutqara olsa?!”

36 Ammo xalq jim turaverdi. Birontasi ham javob bermadi. Chunki shoh Hizqiyo: “Uning gapiga javob qaytarmanglar”, deb farmon bergan edi.

37 Shundan keyin bosh vazir Eliyaqim, kotib Shavna va mushovir Yo’x qayg`udan liboslarini yirtib, Hizqiyoning oldiga keldilar–da, Ossuriyalik mulozimning gaplarini Hizqiyoga aytib berdilar.

Shoh Hizqiyo Ishayodan maslahat so’raydi

1 Shoh Hizqiyo bularni eshitgach, qayg`udan liboslarini yirtdi. Qanorga o’ranib, Egamizning uyiga bordi.

2 U bosh vazir Eliyaqimni, kotib Shavnani va oqsoqol ruhoniylarni Omiz o’g`li Ishayo payg`ambarning huzuriga yubordi. Hammalari qanorga o’ranib olgan edilar.

3 Ular Ishayoning huzuriga borib, shunday dedilar:

— Hizqiyo aytyaptiki: “Bugun jafo chekyapmiz, jazo olyapmiz, sharmanda bo’lyapmiz. Biz tug`ayotgan, lekin tug`ish uchun madori qolmagan ayolga o’xshaymiz.

4 Barhayot Xudoni tahqirlash uchun Ossuriya shohi o’zining mulozimini yuboribdi. Mulozimning so’zlarini koshkiydi Egangiz Xudo eshitsa–yu, o’sha so’zlari uchun ularni jazolasa. Endi shahardagi tirik qolganlar uchun iltijo qiling.”

5 Shohning aytib yuborgan bu xabarini Ishayo eshitgach,

6 Hizqiyoning a`yonlariga shunday dedi:

— Shohingizga shu gaplarni etkazinglar: “Egamiz shunday aytmoqda: Ossuriya shohining qullari Meni haqoratlab aytgan so’zlaridan qo’rqma.

7 Men Ossuriya shohining yuragiga g`ulg`ula solaman, u bir mish–mishni eshitib, o’z yurtiga qaytib ketadi. Unga o’z yurtida ajal keltiraman.”

Ossuriya shohining Hizqiyoga maktubi

8 Ossuriya shohi Sanxarivning Laxish shahridan qaytib ketganini eshitib, shohning mulozimi ham orqasiga qaytdi. Shohni Libna shahriga qarshi urishayotgan erida topdi.

9-10 Sanxariv: “Habashiston shohi Tirxoqo sen bilan urush qilgani otlandi” degan xabarni eshitdi. U Habashistonga qarshi jang boshlashdan oldin Yahudo shohi Hizqiyoga yana odamlari orqali shu gapni etkazdi:

“Umid qilgan xudoying seni aldamasin: «Quddus Ossuriya shohiga taslim bo’lmaydi», deb seni laqillatmasin.

11 Axir, o’zing eshitgansan–ku! Ossuriya shohlari hamma yurtlarni er bilan yakson qilgan. Endi sen qutulaman, deb o’ylayapsanmi?!

12 Otalarim qancha xalqlarni xonavayron qildi. Ularni xudolari qutqarmadi–ku! Gozan, Xoron, Razaf aholisi, Talassarda yashagan Eden xalqlari qutula oldimi?!

13 Qani, ayt–chi, Xomat shahrining shohi qani endi?! Arpad, Sefarvayim, Xana, Ivvax shaharlarining shohlari qaerda?!”

Hizqiyoning ibodati

14 Hizqiyo xabarchilarning qo’lidan maktubni olib o’qigach, Egamizning uyiga kirdi. Maktubni Egamizning oldida ochib, erga yoydi va

15 yolvorib ibodat qildi: “Ey ikki karub orasida taxt qurgan Isroil xalqining Xudosi — Egamiz! Butun er yuzidagi shohliklarning tanho Xudosi Sensan. Osmonni va erni Sen yaratgansan.

16 Ey Egamiz! Quloq solib, eshit. Ey Egamiz, ko’zlaringni ochib, qara. Sanxariv nimalar aytganini, u barhayot Xudoni qanday haqoratlaganini bilib qo’y.

17 Ey Egamiz! Biz bilamizki, Ossuriya shohlari bir qancha xalqlarni va ularning yurtlarini vayron qilganlar.

18 O`sha xalqlarning xudolarini olovda yoqib, yo’q qilganlar. Chunki o’sha narsalar xudolar emas, balki inson qo’li bilan yog`ochdan, toshdan yasalgan narsalar edi.

19 Ey Egamiz Xudo! Endi Sen bizni Sanxarivning qo’lidan qutqargin, toki butun er yuzidagi shohliklar Sening tanho Xudo ekaningni bilishsin, ey Egamiz!”

Ishayo bashorat qiladi

20 Omiz o’g`li Ishayo Hizqiyoga shunday xabar yubordi:

“Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: «Ossuriya shohi Sanxariv haqida qilgan iltijolaringni eshitdim.»

21 Egamiz unga qarshi shu so’zlarni menga ayon qildi:

«Bokira qiz Quddus sendan nafratlanadi,

Ustingdan kuladi.

Go’zal Sion orqangdan masxara qiladi,

Boshini chayqaydi.

22 Kimni haqorat qilding o’zi?

Kimni tahqirlading?

Kimga qo’rs gapirding?

Kiborlarcha boqding, hey?

Isroil xalqining Muqaddas Xudosiga!

23 Xabarchilaring orqali Men, Rabbiyni haqorat qilding.

O`zing haqingda aytdingki:

‘Ko’plab jang aravalarim bilan

Tog` cho’qqilarini zabt etdim.

Lubnondagi inson qadami etmagan joylarga etib bordim.

Eng baland sadr daraxtlarini,

Eng a`lo sarv daraxtlarini qo’pordim.

Lubnonning eng kimsasiz maskanlariga,

Hatto eng qalin o’rmonlariga etib bordim.

24 Begona yurtlarda men quduqlar qazib,

Suvlaridan ichdim.

Misrning hamma daryolarini

Oyog`im kafti bilan quritdim.’

25 Eshitmaganmisan, ey Sanxariv,

Ancha oldin mo’ljallab qo’ygan edim,

Buni azaldan reja qilgan edim.

Endi amalga oshirdim.

Qal`alarni vayronaga aylantirsin deb,

Men senga kuch berdim.

26 Qo’lu qanoti qirqildi shahar ahlining,

Vahimaga tushib, uyatga qoldilar.

Ular dalada o’sgan o’t, yangi maysalar kabidir.

Tomlarda o’sgan maysalarga o’xshab,

Etilmasdan oldin qurib qoldilar.

27 Seni har tomondan bilaman, ey Sanxariv!

Qachon urushga chiqib,

Uyingga qachon qaytishingni ham bilaman.

Bilaman: Mendan g`azabdasan.

28 Mendan qattiq g`azabdasan.

Manmanliging qulog`imga etib keldi.

Endi men burningdan halqamni,

Og`zingdan suvlig`imni o’tkazaman.

Kelgan yo’lingdan seni qaytarib olib ketaman.»

29 Ey Hizqiyo, mana bular sen uchun nishona bo’ladi: bu yil o’z–o’zidan erdan o’sib chiqqanlarini tanovul qilasiz. Ikkinchi yili ham o’rnidan o’sib chiqqanini eysiz. Uchinchi yil esa urug` ekib, hosil o’rasiz. Uzumzorlar barpo qilib, mevasin tanovul qilasiz.

30 Yahudo xalqining qutulib qolganlari yana ildiz otib, meva beradi.

31 Xalqning qolgani Quddusdan, qutulganlari Sion tog`idan keladi. Sarvari Olam O`z g`ayrati bilan buni amalga oshiradi.

32 Ossuriya shohi to’g`risida Egamiz shunday aytmoqda: Sanxariv bu shaharga kirolmaydi, o’qlar otolmaydi. Qalqoni bilan shaharga yaqinlashmaydi, shahar devoriga qiyalatib tuproq uydirmaydi.

33 Kelgan yo’lidan qaytib ketadi, shaharga kirmaydi, — deb aytmoqda Egamiz.

34 — O`zimning haqi–hurmatim, qulim Dovudning haqi–hurmati bu shaharni himoya qilib, saqlayman.”

35 O`sha kechasi Egamizning farishtasi Ossuriyaliklarning qarorgohiga borib, 185.000 kishini o’ldirdi. Ertasiga uyg`onib qarasalar, qarorgoh jasadga to’lib ketibdi.

36 Ossuriya shohi Sanxariv qarorgohni tashlab, orqaga qaytdi. U Naynavoga qaytib, o’sha erda qoldi.

37 Bir kuni Sanxariv o’z xudosi Nisroxning uyida sajda qilayotgan edi, o’g`illari Odrammalek bilan Sarizar unga qilich urib o’ldirdi. Ikkovi ham Ararat yurtiga qochib ketdi. Sanxarivning o’rniga o’g`li Isarxaddo’n shoh bo’ldi.

Hizqiyo kasal bo’ladi

1 O`sha kunlari Hizqiyo tuzalmas xastalikka yo’liqib, o’lim to’shagiga yotib qoldi. Omiz o’g`li Ishayo payg`ambar uning huzuriga kelib, shunday dedi: “Egamiz shunday aytmoqda: tayyorgarligingni ko’rib qo’yaver, endi tuzalmaysan, o’lasan.”

2 Hizqiyo yuzini devorga burib, Egamizga yolvordi:

3 “Ey Egam! Chin qalbimdan Senga sodiq bo’lib, yo’llaringdan yurganimni va oldingda to’g`ri ishlar qilganimni esla.” Shunday deb achchiq–achchiq yig`ladi.

4 Ishayo saroyning ichkari hovlisidan chiqib ulgurmagan ham ediki, Egamiz unga quyidagi so’zlarini ayon qildi:

5 “Orqangga qaytib borib, xalqimning hukmdori Hizqiyoga shu xabarni etkaz: «Bobong Dovudning Xudosi — Egamiz shunday aytmoqda: iltijolaringni eshitdim, ko’z yoshlaringni ko’rdim. Senga sog`ligingni qaytaraman. Uchinchi kuni Mening uyimga chiqasan.

6 Umringni yana o’n besh yilga uzaytiraman. Seni va bu shaharni Ossuriya shohining qo’lidan xalos qilaman. O`zim uchun va qulim Dovudning haqi–hurmati uchun bu shaharni muhofaza qilaman.»”

7 Shundan keyin Ishayo:

— Anjir shirasini keltiringlar, shirani olib, yaraning ustiga qo’yinglar, shunda Hizqiyo sog`ayadi, — dedi.

8 Hizqiyo Ishayodan:

— Egamiz meni sog`aytirishini va uchinchi kuni Egamizning uyiga borishimni qanday bilaman? Buni nima isbotlaydi? — deb so’radi.

9 Ishayo shunday javob berdi:

— Egamiz bergan va`dasini bajarishini isbotlab, senga alomat ko’rsatadi. Soya Oxozning zinapoyasidan o’n qadam oldinga ketsinmi yoki o’n qadam orqaga surilsinmi?

10 — Soya zinapoyadan o’n qadam ilgari ketmog`i odatdagi holdir, shuning uchun o’n qadam orqaga surilsin, — dedi Hizqiyo.

11 Ishayo payg`ambar Egamizga iltijo qilgan edi, Egamiz soyani Oxozning zinapoyasidan o’n qadam orqaga surdi.

Bobildan kelgan elchilar

12 O`sha paytlarda Bobil shohi Baladon o’g`li Marduxbaladon shoh Hizqiyoga maktublaru hadyalar jo’natdi. U Hizqiyoning xastalanganini eshitgandi.

13 Hizqiyo elchilarni ko’rib xursand bo’ldi. Xazinasidagi bor narsa — omborlardagi hamma qimmatbaho ashyolarini, oltinni, kumushni, xushbo’y hidli ziravorlarni va moylarni, qurol–yarog` omborini ularga ko’rsatdi. Hizqiyoning saroyidayu o’z shohligida ularga ko’rsatmagan hech narsasi qolmadi.

14 Ishayo payg`ambar shoh Hizqiyoning huzuriga kelib:

— Bu odamlar qaerdan kelibdilar? Senga nima dedilar? — deb so’radi.

— Uzoq bir yurtdan, Bobildan kelibdilar, — deb javob berdi Hizqiyo.

15 Ular saroyingda nimalarni ko’rdilar? — deb so’radi Ishayo.

— Saroyimdagi hamma narsani ko’rdilar, — deya javob berdi Hizqiyo. — Xazinalarimda men ularga ko’rsatmagan hech narsa qolmadi.

16 Shunda Ishayo aytdi:

— Endi Egamizning so’ziga quloq sol.

17 Egamiz aytmoqdaki: “Bir kun kelib, saroyingdagi hamma narsa, ota–bobolaringning bugungacha to’plab qoldirganlari Bobilga tashib ketiladi. Hech narsa qolmaydi.

18 Sening pushti kamaringdan bino bo’lgan o’g`illaringdan ba`zilari ham olib ketiladi, ular Bobil shohining saroyida bichilgan qullar bo’lib xizmat qiladi.”

19 Hizqiyo Ishayoga:

— Egamiz sen orqali aytgan so’zlar xosiyatlidir, — dedi–da, ichida: “Nima bo’lgandayam, umrim oxirigacha tinch, xotirjam yashar ekanman–ku”, deb o’yladi.

Hizqiyo hukmronligining oxiri

20 Hizqiyoning boshqa ishlari, qahramonliklari, hovuz va quvur qazib, qanday qilib shaharga suv keltirgani to’g`risida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

21 Hizqiyo olamdan o’tgach, o’rniga o’g`li Manashe shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Manashe

1 Manashe o’n ikki yoshida shoh bo’lib, Quddusda ellik besh yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Xafzibo edi.

2 U Egamiz oldida qabih ishlar qildi. Egamiz O`z xalqi Isroilning oldidan quvib yuborgan xalqlarning jirkanch odatlariga ergashdi.

3 Otasi Hizqiyo yo’q qilgan sajdagohlarni qaytadan barpo etdi. U Isroil shohi Axab kabi Baalga atab qurbongohlar qurdi, Asheraning ustunini o’rnatdi. Barcha samoviy jismlarga sajda etib xizmat qildi.

4 Manashe Egamizning ulug`lanishi kerak bo’lgan uyida begona xudolarga atab qurbongohlar qurdi.

5 Egamiz uyining ikkala hovlisida ham jamiki samoviy jismlarga sajda qilish uchun qurbongohlar barpo qildirdi.

6 O`g`lini qurbonlik qilib, olovda kuydirdi, follar ochtirdi, ta`birchilarga e`tiqod qildi, arvoh chaqiruvchilarga maslahat soldi. Egamiz oldida ko’p qabih ishlar qilib, Uni g`azablantirdi.

7 Manashe Asheraga atab o’yib ishlangan ustunni Egamizning uyiga qo’ydi. Egamiz bu uy to’g`risida Dovud bilan uning o’g`li Sulaymonga shunday degan edi: “Men bu uyni va Quddusni Isroil qavmlari yashaydigan maskanlar orasidan tanlab olganman. Men to abad o’sha erda ulug`lanaman.

8 Ular amrlarimni bitta qoldirmay bajarsalar, qulim Muso amr etgan hamma qonunlarga rioya qilsalar, Isroil xalqining ota–bobolariga Men bergan erdan haydalishlariga yo’l qo’ymayman.”

9 Ammo xalq quloq solmadi. Manashe xalqni shu qadar yo’ldan ozdirdiki, Kan`on yurtidan Egamiz yo’qotib yuborgan xalqlardan ham ko’ra, ko’proq qabih ishlar qildilar.

10 Egamiz O`z qullari — payg`ambarlar orqali shunday dedi:

11 — Yahudo shohi Manashe jirkanch ishlar qilgani, o’zidan oldingi Amor xalqlaridan ham battar qabihliklar qilgani, butlar yasab, Yahudo xalqini gunohga botirgani uchun

12 Men, Isroil xalqining Xudosi — Egangiz, aytmoqdaman: “Quddusning va Yahudo xalqining boshiga shunday falokat keltiramanki, bu falokatni eshitganlarning boshidan hushi uchadi.

13 Samariyaga qarshi ishlatgan o’lchov ipini va Axabning xonadoniga qarshi ishlatgan shoqulni Quddusga qarshi ishlataman. Quddusni bu qabih xalqdan tozalab tashlayman, uni toza kosaday to’ntarib qo’yaman.

14 O`z xalqimning omon qolganlaridan yuz o’giraman va g`animlarining qo’liga taslim ettiraman. G`animlar Quddus aholisini talon–taroj qiladi, o’lja qilib olib ketadi.

15 Chunki ular oldimda qabih ishlar qildilar. Ota–bobolari Misrdan chiqqan kundan bugungacha bu xalq Meni g`azablantirib keladi.”

16 Manashe shunchalik ko’p aybsiz qon to’kdiki, Quddusni bu boshidan narigi boshigacha qonga botirdi. Qon to’kishdan tashqari, Yahudo xalqini gunohga botirdi, ular Egamiz oldida qabihliklar qildilar.

17 Manashening boshqa ishlari, butun faoliyati, qilgan gunohlari haqida “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

18 Manashe olamdan o’tdi va saroyidagi Uzzo degan boqqa dafn etildi. O`rniga o’g`li Omon shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Omon

19 Omon shoh bo’lganda yigirma ikki yoshda edi. U Quddusda ikki yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Mashullamot bo’lib, Yotbaxlik Xoruzning qizi edi.

20 Omon ham, otasi Manashe kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi.

21 Xuddi otasi yurgan yo’llardan yurib, o’sha butlarga xizmat etib, sajda qildi.

22 Ota–bobolarining Xudosi — Egamizdan yuz o’girib, Uning yo’lidan yurmadi.

23 Shoh Omonning a`yonlari fitna uyushtirib uni o’z saroyida o’ldirdilar.

24 Yahudo xalqi o’z shohi Omonga fitna uyushtirganlarning hammasini o’ldirib, o’rniga o’g`li Yo’shiyoni shoh qilib ko’tardi.

25 Omonning boshqa ishlari “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

26 Omon Uzzo bog`ida, ota–bobolari xilxonasiga dafn etildi. Uning o’rniga o’g`li Yo’shiyo shoh bo’ldi.

Yahudo shohi Yo’shiyo

1 Yo’shiyo sakkiz yoshida shoh bo’lib, Quddusda o’ttiz bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Yodido bo’lib, Bozxatlik Odayoning qizi edi.

2 Yo’shiyo Egamiz oldida to’g`ri ishlar qildi. O`ngga ham, chapga ham og`masdan, bobosi Dovudning yo’lidan yurdi.

Qonun kitobi

3 Yo’shiyoning Shofon degan kotibi bor edi. Shofon Mashullom degan odamning nabirasi, Ozaliyo deganning o’g`li edi. Yo’shiyo o’z hukmronligining o’n sakkizinchi yilida Shofonni Egamizning uyiga yuborayotib, unga shu gaplarni aytdi:

4 “Oliy ruhoniy Xilqiyoning huzuriga bor. Darvozabonlar xalqdan to’plab, Egamizning uyiga keltirgan kumushlarni u hisoblab chiqsin.

5-6 So’ngra kumushlarni Egamizning uyida mehnat qilayotgan ishboshilarga bersin. Ishboshilar esa kumushlarni olib, Egamizning uyidagi buzilgan joylarni ta`mirlayotgan ustalarga — duradgorlarga, binokorlarga va tosh teruvchilarga bersinlar. Uyning tuzatilishi uchun lozim bo’lgan yog`ochni, yo’nilgan toshni ham o’sha kumushga sotib olishsin.

7 Ularga berilgan kumushning hisobi so’ralmasin, chunki ular halol ishlashyapti.”

8 Oliy ruhoniy Xilqiyo kotib Shofonga: “Egamizning uyidan Tavrot kitobini topib oldim”, deb kitobni Shofonga berdi. Shofon kitobni o’qidi.

9 Keyin shohning huzuriga borib: “Xizmatkorlaringiz Egamizning uyidagi bor kumushni o’sha erdagi ishboshilarga berdilar”, deb hisobot berdi.

10 Keyin u shohga: “Ruhoniy Xilqiyo menga kitob berdi”, dedi–da, ovoz chiqarib shohga kitobni o’qib berdi.

11 Shoh Tavrotda yozilgan so’zlarni eshitgach, qayg`udan liboslarini yirtib tashladi.

12 Keyin ruhoniy Xilqiyoga, Shofon o’g`li Oxixamga, Mixiyo o’g`li Axborga, kotib Shofonga va o’zining mulozimi Osoyohga shunday farmon berdi:

13 “Boringlar, topilgan bu kitobdagi so’zlarga muvofiq, men to’g`rimda ham, butun Yahudo xalqi to’g`risida ham Egamizning xohish–irodasini bilinglar. Otalarimiz bu kitobdagi so’zlarga quloq solmaganlari, hammamiz uchun yozilgan bu so’zlarga rioya qilmaganlari uchun, Egamizning dahshatli g`azabi bizga qarshi g`oyatda alanga olgan.”

14 Ruhoniy Xilqiyo, Oxixam, Axbor, Shofon va Osoyoh Xulda ismli payg`ambar ayol huzuriga borib, unga maslahat soldilar. Xulda payg`ambar Egamizning uyidagi muqaddas liboslar posboni Shallumning xotini edi. Shallum Tixvoning o’g`li, Xarxasning nabirasi edi. Xulda Quddusning Yangi dahasida yashardi.

15 Xulda ularga shunday dedi:

“Isroil xalqining Xudosi — Egamiz aytmoqda: sizlarni Mening huzurimga yuborgan odamga shu gaplarimni aytinglar:

16 «Yahudo shohi o’qigan kitobda yozilganday, bu yurtga ham, bu yurtda yashayotgan xalqqa ham falokat keltiraman.

17 Ular Mendan yuz o’girganlari uchun, boshqa xudolarga qurbonliklar keltirib, o’z qo’llari bilan yasagan butlari tufayli qahrimni keltirganlari uchun, bu yurtga qarshi g`azabim alangalanadi va aslo bosilmaydi.»

18 Egamizning xohish–irodasini bilish uchun sizlarni yuborgan Yahudo shohiga shu xabarni beringlar: Isroil xalqining Xudosi — Egamiz sen eshitgan so’zlaring to’g`risida shuni aytmoqda:

19 bu yurt vayron bo’lib, bu yurtda yashaganlar la`nati bo’lsin degan so’zlarimni eshitganingdan keyin, yuraging yumshadi, Menga bo’yin egding. Sen Menga bo’yin egganing uchun, qayg`udan liboslaringni yirtib, huzurimda yig`laganing uchun Men iltijolaringni eshitdim.

20 Shunga ko’ra, sen ota–bobolaring yoniga xotirjam ketasan, o’z qabringga dafn etilasan. Bu yurtga Men keltiradigan jamiki falokatlarni sen ko’rmaysan.”

Xilqiyo va uning hamrohlari bu xabarni shohga etkazdilar.

Yo’shiyo butparastlikni yo’q qiladi

1 Shoh Yo’shiyo xabar berib, Yahudo va Quddusning hamma oqsoqollarini huzuriga to’pladi.

2 Jamiki Yahudo xalqi va Quddus aholisi, ruhoniylar, payg`ambarlar, zodagonlaru avom xalq shoh boshchiligida Egamizning uyiga bordi. Shoh Egamizning uyidan topilgan Tavrot kitobini boshidan oxirigacha ularning oldida o’qidi.

3 Shoh Egamizning uyi eshigi oldidagi ustun yonida turib: “Egamiz ko’rsatgan yo’ldan yuraman, amrlariga itoat etaman, shartlariga, farmonlariga butun qalbim bilan, jonu dilim bilan quloq solaman, bu kitobda yozilgan ahd so’zlarini ado etaman”, deb Egamiz bilan qayta ahd qildi.

Butun xalq bu ahdga qo’shildi.

4 Shoh Yo’shiyo: “Baalga, Asheraga va barcha samoviy jismlarga atab qilingan narsalar Egamizning uyidan olib chiqib tashlansin”, deb oliy ruhoniy Xilqiyoga, undan keyingi ruhoniylarga, Egamizning uyi darvozabonlariga farmon berdi. O`sha buyumlarni Quddus tashqarisidagi Qidron soyligiga chiqarib yoqtirdi, kulini Baytilga olib keltirdi.

5 Yahudo shohlari yurtning barcha shaharlaridagi va Quddus atrofidagi sajdagohlarda butparast ruhoniylarni tayinlagan edilar. O`sha ruhoniylar sajdagohlarda qurbonliklar keltirardi. Yo’shiyo Baalga, quyoshga, oyga, sayyoralarga va jamiki samoviy jismlarga qurbonlik qilgan o’sha ruhoniylarni yo’q qildi.

6 U Egamizning uyidan Asheraning ustunini Quddus tashqarisiga — Qidron soyligiga chiqarib yoqdi. Maydalab kul qilib, kulni avom xalqning qabrlari ustiga sepdi.

7 Fohishlarning Egamiz uyidagi hujralarini buzdi. U erda ayollar Asheraga atab to’quv ishlarini bajarishardi.

8 Yo’shiyo Yahudo shaharlaridan hamma ruhoniylarni chiqarib yubordi. Gebodan Bershebagacha ruhoniylar qurbonliklar keltiradigan sajdagohlarni bulg`ab, harom qildi. U Quddus hokimi Yoshua darvozasining kirishidagi sajdagohlarni yo’qotdi. Bu darvoza shaharga kirishda chap tomonda edi.

9 Sajdagohlarning ruhoniylari Egamizning Quddusdagi qurbongohiga qurbonlik qilishmas, lekin ruhoniy birodarlarning ulushidan xamirturushsiz non tanovul qila olardilar.

10 Yo’shiyo, birortasi o’g`lini yoki qizini Mo’laxga qurbonlik qilmasin, olovda kuydirmasin deb, Xinnum soyligidagi Tofatda joylashgan sajdagohni bulg`ab, harom qildi.

11 Yahudo shohlari quyoshga atagan otlarning haykalini Egamizning uyi eshigi oldidan yo’qotdi. Otlar Egamiz uyining hovlisida — a`yon Natanmalekning xonasi yonida edi. Yo’shiyo quyoshga atalgan jang aravalarini ham olovda yoqdi.

12 Oxozning boloxonasi tomidagi Yahudo shohlari qildirgan qurbongohlarni ham, Egamiz uyining ikkala hovlisida Manashe qildirgan qurbongohlarni ham buzdi va maydalab tuyib, Qidron soyligiga sochib yubordi.

13 Quddusning sharqida — Makruh tog`ining janubida Isroil shohi Sulaymon Sidonning makruh xudosi Ashtaret uchun, Mo’abning makruh xudosi Xamo’sh uchun va Ommonning makruh xudosi Mo’lax uchun qurdirgan sajdagohlarni bulg`ab, harom qildi.

14 U butsimon toshlarni sindirib, Asheraga atalgan ustunlarni qo’porib tashladi, ularning o’rnini inson suyaklari bilan to’ldirdi.

15 Bundan tashqari, Isroilni gunohga botirgan Nabat o’g`li Eribom Baytilda o’rnatgan sajdagohni ham, qurbongohni ham yo’qotdi. Sajdagohga o’t qo’yib, kulini ko’kka sovurdi. U Asheraning ustuniga o’t qo’yib yubordi.

16 So’ngra Yo’shiyo qayrilib qarab, adirdagi qabrlarni ko’rdi. U erdagi qabrlarni ko’rgach, odamlarini yuborib, mozorlardagi suyaklarni chiqartirdi, Egamizning so’ziga binoan, suyaklarni qurbongohda yoqdi va shu tariqa qurbongohni bulg`ab, harom qildi. Zotan, bu haqda payg`ambar qurbongohga nido qilgan edi.

17 — Anavi yodgorlik toshi kimniki? — deb so’radi Yo’shiyo.

— Yahudodan kelib, Baytildagi qurbongohda siz qilgan ishlar to’g`risida nido qilgan payg`ambarning qabridir, — deya javob berishdi shahar aholisi.

18 — Unga tegmanglar, — dedi shoh. — Hech kim uning suyaklarini bezovta qilmasin.

Shunday qilib, payg`ambarning suyaklariga ham, Samariyadan kelgan payg`ambarning suyaklariga ham tegmadilar.

19 Isroil shohlari butun yurt bo’ylab begona xudolarning sajdagohlarini qurib Egamizni g`azablantirgan edilar. Yo’shiyo, xuddi Baytilda qilganiday, bu sajdagohlarni vayron qilish uchun sipohlar jo’natdi.

20 O`sha shaharlardagi sajdagohlarning hamma ruhoniylarini qurbongohlarda bo’g`izladi. Inson suyaklarini qurbongohlarda yoqdi. Shundan keyin Quddusga qaytib ketdi.

Yo’shiyo Fisih ziyofatini nishonlaydi

21 Shoh: “Egangiz Xudoning Fisih ziyofatini bu Tavrot kitobida yozilganiday nishonlang”, deb xalqqa farmon berdi.

22-23 Shunday qilib, Yo’shiyo hukmronligining o’n sakkizinchi yilida xalq Quddusga yig`ilib, Egamizga atalgan Fisih ziyofatini katta qilib nishonladi. Isroilga rahnamolik qilgan hakamlar davridan buyon na Isroil shohlarining, na Yahudo shohlarining hukmronligi paytida Fisih ziyofati shu qadar nishonlangan edi.

Yo’shiyo joriy qilgan islohotlar

24 Yo’shiyo yana ruhoniy Xilqiyo Egamizning uyidan topgan kitobda yozilgan qonunni ijro etmoq maqsadida arvoh chaqiruvchilarni, folbinlarni, xonaki sanamlarni va boshqa butlarni, Yahudo va Quddusda paydo bo’lgan hamma makruh narsalarni yo’q qilib tashladi.

25 Yo’shiyodan oldin ham, keyin ham unga o’xshab Musoning hamma qonunlariga muvofiq, butun qalbi bilan, jonu dili bilan, butun vujudi bilan Egamizga itoat etgan biron shoh chiqmadi.

26 Lekin Manashe qilgan gunohlari bilan Egamizning qattiq qahrini keltirgani uchun, Egamiz Yahudoga qarshi alangalangan g`azabini hali qaytarmagan edi.

27 Shuning uchun Egamiz: “Isroil xalqini huzurimdan qanday haydagan bo’lsam, Yahudo xalqini ham shunday haydayman. O`zim tanlagan shahar — Quddusdan yuz o’giraman. Ha, Men o’sha erda ulug`lanaman, deb aytgan uyimni tark etaman”, degan edi.

Yo’shiyoning o’limi

28 Yo’shiyoning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

29 Yo’shiyo hukmronligi paytida Misr fir`avni Nexo Ossuriya shohiga yordam berish uchun Furot daryosi tomon yo’lga chiqdi. Shoh Yo’shiyo esa Nexoning ustiga yurish qildi. Magido’da to’qnashganlarida, Nexo Yo’shiyoni o’ldirdi.

30 A`yonlari Yo’shiyoning jasadini jang aravasida Magido’dan Quddusga olib kelib, ota–bobolari xilxonasiga dafn qildilar. Yahudo xalqi Yo’shiyoning o’g`li Yohuxozga moy surtib, uni otasining o’rniga shoh qilib ko’tardilar.

Yahudo shohi Yohuxoz

31 Yohuxoz yigirma uch yoshida taxtga o’tirib, Quddusda uch oy shohlik qildi. Onasining ismi Xamutal bo’lib, Libnalik Eremiyoning qizi edi.

32 Yohuxoz ota–bobolariga o’xshab Egamiz oldida qabih ishlar qildi.

33 Fir`avn Nexo shoh Yohuxozning Quddusdagi hukmronligiga chek qo’yib, uni Xomat yurtidagi Rivlo shahrida zanjirband qildi. Yurt xalqidan 200 pud kumush va 2 pud oltin o’lpon talab qildi.

34 Fir`avn Nexo Yo’shiyoning o’g`li Eliyaqimni otasining o’rniga shoh qildi va ismini o’zgartirib Yohayiqim qo’ydi. So’ngra Yohuxozni olib Misrga qaytdi. Yohuxoz o’sha erda vafot etdi.

Yahudo shohi Yohayiqim

35 Yohayiqim fir`avn istagan oltin va kumushni berdi. Nexoga o’lpon to’lash uchun esa yurt xalqiga soliq soldi va har biridan boyligiga qarab oltin va kumush yig`di.

36 Yohayiqim yigirma besh yoshida shoh bo’lib, Quddusda o’n bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Zabudo bo’lib, Rumaxlik Podiyoning qizi edi.

37 Yohayiqim, ota–bobolari singari, Egamiz oldida qabih ishlar qildi.

1 Yahudo shohi Yohayiqim hukmronligi davrida Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoga hujum qildi. Yohayiqim uch yil uning hukmdorligi ostida bo’ldi. Oxiri u Navuxadnazarga qarshi isyon ko’tardi.

2 Egamiz O`z qullari payg`ambarlar orqali aytganiga ko’ra, Yahudo xalqiga qarshi Bobil, Oram, Mo’ab va Ommon bosqinchi to’dalarini yuborib, bu yurt xalqini yo’q qilmoqchi bo’ldi.

3-4 Egamizning amri bilan Yahudo xalqining boshiga ko’p kulfatlar keldi. Manashe qilgan barcha gunohlari uchun, aybsizlarning qonini to’kkani uchun Egamiz Yahudo xalqini O`z huzuridan haydamoqchi bo’ldi. Manashe Quddusni aybsizlarning qoniga botirgan edi. Egamiz Manasheni bu qilmishi uchun kechirmoqchi emasdi.

5 Yohayiqimning boshqa ishlari, butun faoliyati “Yahudo shohlari tarixi” kitobida yozilgan.

6 Yohayiqim olamdan o’tgach, o’rniga o’g`li Yohayixin shoh bo’ldi.

7 Misr fir`avni qaytib o’z yurtidan tashqariga chiqmadi. Bobil shohi Misrning shimoliy chegarasi — Misr chegarasidagi irmoqdan tortib, Furot daryosigacha fir`avnga qarashli bo’lgan hamma erlarni bosib olgan edi.

Yahudo shohi Yohayixin

8 Yohayixin o’n sakkiz yoshida shoh bo’lib, Quddusda uch oy hukmronlik qildi. Onasining ismi Naxushta bo’lib, Qudduslik Elnatanning qizi edi.

9 Yohayixin ham, otasi kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qildi.

10 O`sha paytda Bobil shohi Navuxadnazarning lashkari Quddusni qamal qildi.

11 Qamal paytida Navuxadnazarning o’zi Quddusga keldi.

12 Yahudo shohi Yohayixinning o’zi, onasi, xizmatkorlari, lashkarboshilari, saroy a`yonlari Navuxadnazarga taslim bo’ldilar. Bobil shohi hukmronligining sakkizinchi yilida Yohayixin asirga olindi.

13 Egamizning aytgani bo’yicha, Navuxadnazar Egamizning uyidagi va shoh saroyidagi barcha xazinalarni bo’shatdi. Isroil shohi Sulaymon Egamizning uyi uchun yasattirgan oltin ashyolarning hammasini maydaladi.

14 Jamiki Quddus aholisini, beklarni, jasur sipohlarni, hunarmandlarni, temirchilarni, hammasi bo’lib o’n mingta odamni asir qilib olib ketdi. Yahudo xalqining eng qashshoqlaridan boshqa hech kim bu yurtda qolmadi.

15 Bobil shohi Navuxadnazar Yohayixinni asir qilgandan keyin, Bobilga olib keldi. Yohayixin bilan birga uning onasini, xotinlarini, a`yonlarini va yurtning obro’li odamlarini ham Quddusdan Bobilga haydab keldi.

16 Bundan tashqari, hamma jasur sipohlarni — etti mingta sipohni, jang qilishga qodir mingta hunarmand va temirchini ham asir qilib olib ketdi.

17 Yohayixinning o’rniga esa amakisi Mattaniyoni shoh qilib tayinladi va uning otini o’zgartirib, Zidqiyo qo’ydi.

Yahudo shohi Zidqiyo

18 Zidqiyo yigirma bir yoshida shoh bo’ldi va Quddusda o’n bir yil hukmronlik qildi. Onasining ismi Xamutal bo’lib, Libnalik Eremiyoning qizi edi.

19 Zidqiyo ham, Yohayiqim kabi, Egamiz oldida qabih ishlar qilgani uchun

20 Egamiz Quddus va Yahudo xalqidan g`oyat g`azablangan, oqibatda ularni O`z huzuridan quvib yuborgan edi.

Quddus qulaydi

Zidqiyo Bobil shohiga qarshi isyon ko’tardi.

1 Zidqiyo hukmronligining to’qqizinchi yili o’ninchi oyining o’ninchi kunida Bobil shohi Navuxadnazar Quddusga qarshi butun lashkarini tortib kelib, shaharni qamal qildi. Shahar devori atrofida qamal inshootlarini yasatdi.

2 Shoh Zidqiyo hukmronligining o’n birinchi yiligacha shahar qamalda qoldi.

3 To’rtinchi oyning to’qqizinchi kuni shaharda ocharchilik shu qadar kuchaydiki, xalq bir burda nonga zor bo’ldi.

4 Bobilliklar Quddus devorini yorib kirdilar. Ular Quddusni har tomondan qurshab olishgan bo’lsalar–da, Yahudo sipohlari shoh bilan birga qochib ketdilar. Ular tunda saroyning bog`i yaqinidagi ikki devor orasidagi darvozadan chiqib, Iordan vodiysi tomonga qochgan edilar.

5 Ammo Bobil sipohlari shohning orqasidan quvib, Erixo tekisligida unga etib oldilar. Butun lashkar esa shohni tashlab qochib ketdi.

6 Bobil sipohlari shoh Zidqiyoni ushlab, Rivlo shahriga Bobil shohi huzuriga olib keldilar. Bobil shohi Zidqiyoni hukm qildi.

7 Zidqiyoning ko’zi oldida o’g`illarini qatl qilib, o’zining ko’zlarini o’yib oldilar. Keyin uni kishanlab, Bobilga olib ketdilar.

Ma`bad vayron bo’ladi

8 Beshinchi oyning ettinchi kunida, Bobil shohi Navuxadnazar hukmronligining o’n to’qqizinchi yilida Bobil shohining amaldori — qo’riqchilar sardori Nabizaradon Quddusga kirdi.

9 U Egamizning uyiga, shoh saroyiga, har bir hashamatli imoratga, Quddusdagi hamma uylarga o’t qo’ydi.

10 Qo’riqchilar sardori boshchiligida butun Bobil lashkari Quddus devorlarini yiqitdi.

11 Nabizaradon qolgan hamma xalqni — shaharda tirik qolganlarni, Bobil shohi tomonga o’tgan qochoqlarni asir qilib olib ketdi.

12 Uzumchilik va dehqonchilik bilan mashg`ul bo’lsinlar deya, hech vaqosi yo’q, qashshoq odamlardan ba`zilarinigina qoldirdi, xolos.

13 Bobilliklar Egamizning uyidagi bronza ustunlarni, aravalarni, bronza hovuzni parchalab, bronzaning hammasini Bobilga olib ketdilar.

14 Egamizning uyida xizmat paytida ishlatiladigan idishlarni — qozonlarni, kuraklarni, qaychilar va kurakchalarni, barcha bronza ashyolarni ham olib ketdilar.

15 Nabizaradon toza oltin va kumush olovkuraklarni, tog`orachalarni, hamma oltin va kumush buyumlarni olib ketdi.

16 Egamizning uyi uchun Sulaymon qildirgan ikki ustun, hovuz va aravalarga behisob bronza sarf qilingan edi.

17 Har bir ustunning balandligi 18 tirsak bo’lib, tepasida bronzadan yasalgan ustunqosh bor edi. Ikkala ustunqoshning balandligi 5 tirsakdan, atroflari bronzadan yasalgan to’rsimon bezak va anor tasviri bilan bezatilgan edi.

Yahudo xalqi Bobilga ko’chiriladi

18 Qo’riqchilar sardori Nabizaradon oliy ruhoniy Sarayoni, undan keyingi ruhoniy Zafaniyoni va uchta darvozabonni ham asirga oldi.

19 Quddusda qolgan sipohlarning lashkarboshisini, shohning beshta shaxsiy maslahatchisini, xalqni lashkar safiga yozgan lashkarboshining kotibini va xalqdan shaharda qolgan oltmish kishini ham bandi qildi.

20 Ularning hammasini Rivlo shahriga — Bobil shohi huzuriga olib keldi.

21 Bobil shohi ularni Xomat yurtida — Rivloda qatl qildi. Shunday qilib, Yahudo xalqi o’z yurtidan surgun bo’ldi.

Yahudo hokimi Gadaliyo

22 Bobil shohi Navuxadnazar Yahudoda qolgan xalq ustidan Gadaliyoni hokim qilib tayinladi. Shofonning nabirasi Gadaliyo Oxixamning o’g`li edi.

23 Bobil shohi Gadaliyoni hokim qilib tayinlaganini lashkarboshilar va sipohlar eshitishgach, Mispaxga, Gadaliyoning huzuriga keldilar. Kelganlar Nataniyo o’g`li Ismoil, Kariyox o’g`li Yo’xanon, Natufolik Tanxumat o’g`li Sarayo, Maxolik Yazaniyo va ularning odamlari edi.

24 Gadaliyo kelganlarga va ularning odamlariga ont ichib, shunday dedi: “Bobilliklarga tobe bo’lishdan qo’rqmanglar. Bu yurtda o’rnashib, Bobil shohiga xizmat qilaveringlar. Shunda sizlarga yaxshi bo’ladi.”

25 O`sha yilning ettinchi oyida shoh urug`idan bo’lgan Ismoil o’nta odami bilan birga Mispaxga borib, Gadaliyoni o’ldirdi. Ismoil Elishamaning nabirasi, Nataniyoning o’g`li edi. U Mispaxda Gadaliyo bilan birga bo’lgan Yahudo odamlarini va Bobilliklarni ham qilichdan o’tkazdi.

26 Shundan keyin jamiki xalq — boyu kambag`al Bobilliklardan qo’rqib, lashkarboshilar bilan birga, Misrga qochib ketdi.

Yohayixin ozodlikka chiqadi

27 Yahudo shohi Yohayixin Bobilga surgun qilinganiga o’ttiz etti yil bo’lganda, Bobil taxtiga Evilmardux o’tirdi. Evilmardux o’sha yilning o’n ikkinchi oyi yigirma ettinchi kuni Yahudo shohi Yohayixinni zindondan ozod qildi.

28 Unga yaxshi munosabatda bo’ldi, Bobilga surgun qilingan boshqa shohlardan ko’ra, balandroq martaba berdi.

29 Shunday qilib, Yohayixin zindon kiyimlarini echdi. Umr bo’yi doimo Bobil shohining dasturxonidan taom edi.

30 Umrining oxirigacha shoh tarafidan kundalik ehtiyoji har doim qondirildi.