1 Timo’tiy

1 Timo’tiy

Duoyi salom

1 Najotkorimiz Xudoning va biz umid bog`lagan Iso Masihning amriga ko’ra, Masihning havoriysi etib tayinlangan men — Pavlusdan

2 imondagi sodiq o’g`lim Timo’tiyga salom! Otamiz Xudo va Rabbimiz Iso Masih senga inoyat, marhamat va tinchlik ato qilsin.

Soxta ta`limotlardan ehtiyot bo’l

3 Men Makedoniyaga ketayotganimda, senga tayinlaganimday, Efes shahrida qol. U erdagi ba`zi kishilar soxta ta`limotni o’rgatayotgan ekanlar. Ularning bu qilmishlariga barham ber.

4 Ularga, afsonalar va shajaralar xususidagi bema`ni bahslar bilan band bo’lmanglar, deb buyur. Axir, bunday bahslar faqat janjallarga sabab bo’ladi. Odamlar Xudoning najot rejasini anglashlariga bular yordam bermaydi. Zero, inson Xudoning najotini imon orqaligina anglab oladi.

5 Men bu nasihatim bilan sizlarda mehr–muhabbat uyg`otmoqchiman. Mehr–muhabbat sof yurakdan, toza vijdondan, xolis imondan hosil bo’ladi.

6 Orangizdagi ba`zi odamlar esa bulardan yuz o’girib, ahmoqona bahslarga berilib ketganlar.

7 Ular odamlarga Xudoning qonunini o’rgatishni orzu qiladilar, qonunga tishi o’tmasa–da, u haqda so’zlab, ishonch bilan gapiradilar.

8 Biz bilamizki, qonundan Xudo ko’zlaganday foydalanilsa qonun yaxshidir!

9 Xudoning qonuni solihlar uchun emas, balki qonunsizu itoatsizlar uchun berilgani hammamizga ma`lum. Darhaqiqat, qonun betavfiqu gunohkorlar, diyonatsizu xudobezorilar, ota yoki onasini o’ldirganlar, qotillar,

10 fahshbozlar, bachchabozlar, odam savdosi bilan shug`ullanuvchilar, yolg`onchilaru soxta guvohlik beruvchilar, xullas, sog`lom ta`limotga zid ish qilayotganlarning hammasi uchun berilgan.

11 Xudo menga ishonib topshirgan bu haqiqat Xushxabarda bayon qilingan. Muborak Xudoning ulug`vorligi Xushxabarda ayon etilgan.

Pavlus Xudoga shukrona aytadi

12 Ishimni bajarishda menga kuch–quvvat bergan Rabbimiz Iso Masihga shukurlar aytaman. U meni ishonchli deb bilib, O`z xizmatiga olgani uchun g`oyatda minnatdorman.

13 Men ilgarilari Masihga qarshi chiqar edim, Uning izdoshlarini ta`qib etib, ularga jabr–zulm qilardim. Biroq, shularga qaramay, Xudo menga rahm qildi, axir, men Masihga ishonmaganim uchun nima qilayotganimni o’zim ham bilmasdim.

14 Rabbimiz Iso Masih menga cheksiz inoyat ko’rsatdi. Uning O`zi menga imon ato qilib, mehru oqibatni o’rgatdi.

15 “Iso Masih gunohkorlarni qutqarish uchun dunyoga keldi” degan gap to’g`ri va asoslidir, har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir. Men o’zim o’sha gunohkorlarning eng ashaddiysi edim!

16 Ammo Iso Masih menga rahm qildi. Menga o’xshagan o’taketgan gunohkorlarga nisbatan U nihoyatda sabrli ekanini ko’rsatdi, toki boshqalar ham mendan ibrat olib, Unga ishonsinlar, abadiy hayotga ega bo’lsinlar.

17 Mangu Shohga hamdu sanolar bo’lsin! O`lmas, ko’rinmas, yagona Xudoga abadulabad shon–sharaflar bo’lsin! Omin.

18 Ey o’g`lim Timo’tiy, sen haqingda ilgari aytilgan bashoratlarga binoan senga buyuraman: o’sha bashoratlarga tayanib, ulug` kurashda jang qilgin.

19 Imoningni mahkam tut, vijdonli bo’l. Ba`zi odamlar vijdonini sotdilar, ularning imoni halokatga uchragan kemaday barbod bo’ldi.

20 Xumanayos va Iskandar shular jumlasidandir. Men ularni shaytonga topshirdim. Bu ularga saboq bo’lib, ular Xudoga va Uning azizlariga qarshi chiqishni bas qiladilar.

Duo va ibodatlarga oid ko’rsatmalar

1 Avvalambor, nasihatim shuki, butun insoniyat uchun iltijo qilinglar, toat–ibodatda bo’lib, duolar o’qinglar, shukronalar aytinglar.

2 Taqvodor, obro’–e`tiborli, osoyishta, sokin hayot kechirishimiz uchun, hukmdorlaru boshliqlar uchun ibodat qilinglar.

3 Bu xayrli ish bo’lib, najotkorimiz Xudoga maqbuldir.

4 U hamma insonlarning najot topishlarini va haqiqatni bilib olishlarini istaydi.

5 Zero, hammamizga ma`lumki,

Xudo yagonadir,

Xudo bilan insonlar orasidagi

Vositachi ham yagonadir.

Bu Vositachi Iso Masihdir.

U O`zi inson edi

6 Va butun insoniyatni qutqarish uchun

O`z jonini fido qildi.

Shu orqali Xudo O`zi belgilagan paytda najot rejasini ayon etdi.

7 Men najot haqidagi bu xabarni e`lon qiluvchi havoriy etib tayinlandim. To’g`risini aytyapman, yolg`on gapirayotganim yo’q! Haqiqatan ham, men turli xalqlarga imon va haqiqatni o’rgatish uchun yuborilganman.

8 Erkaklar hamma joyda qo’llarini duoga ochib, chin qalbdan ibodat qilsinlar. Ular g`azab va nizodan yiroq bo’lsinlar.

9 Xotinlar soddagina, did bilan kiyinsinlar. Ular sochiga ortiqcha oro bermay, oltin va marvarid taqinchoqlar yoki qimmatbaho kiyimlar bilan emas, balki or–nomus bilan bezansinlar.

10 Xudojo’y xotinlarga munosib xayrli ishlar bilan o’zlariga zeb bersinlar.

11 Ta`lim berilayotganda, xotinlar sukut saqlasin, muallimning gapini ikki qilmasin.

12 Xotin erkakka ta`lim berishiga va uning ustidan o’z hukmini o’tkazishiga ruxsat bermayman. Xotin sokin tabiatli bo’lsin.

13 Axir, oldin Momo Havo emas, balki Odam Ato yaratilgan–ku.

14 Odam Ato emas, xotin shaytonga aldanib, gunoh qildi.

15 O`shandan buyon, xotinlar tuqqanda la`nat tufayli dardu azob chekadigan bo’ldilar. Biroq shunga qaramay, agar ular kamtaru bama`ni bo’lishsa, Masihga bo’lgan imonda sobit qolib, mehr–oqibatli bo’lib, taqvodor hayot kechirishsa, najot topadilar.

Jamoat etakchisining xislatlari

1 “Imonlilar jamoatining etakchisi bo’lishga intilgan inson olijanob ishni orzu qilgan bo’ladi” degan gap to’g`ri va asoslidir.

2 Darhaqiqat, bunday olijanob vazifaga tayinlanadigan inson yaxshi nom chiqargan bo’lishi shart. U o’z xotiniga vafodor, mulohazali, vazmin, odobli, mehmondo’st, ta`lim berishga qobiliyatli bo’lsin.

3 U mayxo’r, jahldor, janjalkash emas, balki muloyim, pulparastlikdan yiroq,

4 xonadonini yaxshi boshqaradigan, farzandlari unga bo’ysunib hurmat qiladigan bo’lsin.

5 Agar etakchi o’z xonadonini boshqara olmasa, Xudoning jamoatiga qanday g`amxo’rlik qila oladi?!

6 Endigina imonga kirgan odam etakchi bo’lmasin, tag`in kerilib, iblisning halokatli changaliga tushib qolmasin.

7 U jamoatga qarashli bo’lmagan odamlar orasida ham hurmat–e`tiborga ega bo’lsin. Shunda u malomatga qolmaydi, shaytonning tuzog`iga tushmaydi.

Jamoat xizmatchisining xislatlari

8 Imonlilar jamoatining xizmatchilari ham hurmatga sazovor, samimiy insonlar bo’lishlari lozim. Ular mayxo’r yoki molparast bo’lmasinlar.

9 Xudo bizga ayon etgan haqiqat bo’yicha yashab, barcha ishni vijdonan bajarsinlar.

10 Ular avval sinovdan o’tishi kerak. Agar kamchiliksiz bo’lsalar, xizmatga tayinlansinlar.

11-12 Har bir xizmatchi o’z xotiniga vafodor, farzandlarini va xonadonini yaxshi boshqaradigan odam bo’lishi shart. Xizmatchi ayollar ham hurmatga sazovor bo’lishlari lozim. Ular g`iybat qilmaydigan, mayxo’rlikka berilmagan, har narsada ishonchli bo’lsinlar.

13 Jamoatdagi o’z xizmatini yaxshi bajarganlar el orasida taniladilar. Ular Iso Masihga bo’lgan imonda yuksak jasoratga ega bo’ladilar.

Xudo ayon etgan haqiqat

14-15 Men yaqin orada oldingga boraman degan umiddaman. Bordi–yu, kechiksam, Xudoning xonadonida odamlar o’zlarini qanday tutishlari kerakligini bilishing uchun bularni senga yozdim. Zero, jamoat barhayot Xudoga tegishlidir, jamoat haqiqatning poydevori va ustunidir.

16 Darhaqiqat, Xudo bizga ayon etgan haqiqat buyukdir. Asl xudojo’ylikning manbai bo’lmish bu haqiqat quyidagichadir:

Masih er yuziga inson bo’lib keldi.

Yangi, ulug`vor hayot uchun o’likdan tirilib,

Xudoning O`g`li deb tasdiqlandi.

U zohir bo’ldi farishtalarga.

U haqdagi Xushxabar e`lon etildi xalqlarga,

Dunyo bo’ylab odamlar Unga imon keltirdi.

Ulug`vorlikka burkanib U samoga yuksaldi.

Soxta ustozlarning yolg`on ta`limoti fosh etiladi

1 Xudoning Ruhi yaqqol aytyaptiki, oxirgi zamonlarda ba`zi odamlar imondan qaytadilar. Ular yolg`onchi ruhlarga va jinlar ta`limotiga quloq soladilar.

2 Bunday ta`limotni tarqatgan odamlar riyokor va yolg`onchidirlar. Ularning vijdoni o’lgan, go’yo qizdirilgan temir bilan kuydirilib yo’q qilingan.

3 Ular uylanishni va erga tegishni man etadilar, ma`lum ovqatlarni taqiqlaydilar. Holbuki, bu ovqatlarni Xudo bergan. Haqiqatni bilib olgan imonlilar Unga shukrona aytib, eyishlari uchun yaratgan.

4 Chunki Xudo yaratgan har bir narsa yaxshidir. Biz hech bir taomni taqiqlamay, shukrona aytib, hammasini eyishimiz lozim.

5 Biz ovqatimiz uchun Xudoga shukurlar aytganimizda, Xudo barcha ozuqani halol deb e`lon qilganini e`tirof etgan bo’lamiz.

Iso Masihning sodiq xizmatkori bo’lgin

6 Sen bu nasihatlarimni birodarlaringga o’rgatsang, Iso Masihning layoqatli xizmatkori bo’lasan. O`zing rioya qilayotgan sog`lom ta`limotni va imonimizning aqidalarini o’zlashtirib, ruhan oziqlanib borasan.

7 Safsataboz kampirlarga xos bema`ni afsonalardan yuz o’gir. Xudojo’y bo’lishga astoydil harakat qil.

8 Axir, shunday bir maqol bor–ku: “Jismoniy mashq tana uchun foyda berar, xudojo’ylik esa har tomonlama foyda keltirar, u dunyoyu bu dunyoda hayot baxsh etar.”

9 Bu gap to’g`ri va asoslidir, u har jihatdan qabul qilinishga loyiqdir.

10 Odamlar abadiy hayotga ega bo’lishlari uchun biz jon–jahdimiz bilan xizmat qilyapmiz. Barhayot Xudoga umid bog`laganmiz. U barcha insonlarning, ayniqsa imonlilarning Najotkoridir.

11 Sen birodarlarga ta`lim bergin, bu o’gitlarga rioya qilishlarini ularga o’rgatgin.

12 Yoshsan deb, hech kim seni kamsitmasin. Aksincha, hammaning hurmatini qozonish uchun sen so’zda, yurish–turishda, mehr–oqibatda, imonda va axloqda imonlilarga o’rnak bo’lgin.

13 Men oldingga borgunimcha jamoatda Muqaddas bitiklarni ovoz chiqarib o’qishga, nasihat va ta`lim berishga vaqtingni bag`ishla.

14 O`zingga berilgan in`omga e`tiborli bo’l, uni ishga sol. Axir, sen bu in`omingni aytilgan bashoratlar va oqsoqollar ustingga qo’l qo’yib qilgan duolari natijasida olgansan.

15 Aytganlarimning hammasini amalda qo’lla. O`zingni bu vazifaga sidqidildan bag`ishla, shunda sen Xudoning yo’lida shaxdam qadam bilan, ildamlab borayotganingni hamma ko’radi.

16 Hayot tarzingga, nimalar o’rgatayotganingga e`tibor qil. Bu faoliyatingni astoydil davom ettir, shunday qilsang, o’zingni ham, tinglovchilaringni ham qutqarasan.

Imonlilar jamoatidagi munosabatlarga oid ko’rsatmalar

Yoshu qariyalar

1 Yoshi katta odamga qattiq gapirma, uni otang o’rnida ko’rib, hurmat bilan nasihat qil. Yoshlarga ukalaringdek,

2 kampirlarga onalaringdek munosabatda bo’l. Yosh ayollarni singillaring o’rnida ko’rib, ularga pokdillik bilan nasihat qil.

Bevalar

3 Suyanchig`i yo’q beva xotinlarga g`amxo’rlik qil.

4 Agar bevaning bolalari yoki nabiralari bor bo’lsa, ular, eng avvalo, o’z oilasi oldidagi, Xudo buyurgan farzni ado etib, farzandlik burchini bajarsinlar, chunki bu Xudoga maqbuldir.

5 Yolg`iz qolgan, suyanchig`i yo’q beva xotin butun umidini Xudoga bog`lab, kechayu kunduz toat–ibodat qiladi.

6 Ammo kayf–safoga berilib ketgan beva xotin ruhan o’likdir.

7 Bevalarga va ularning oila a`zolariga bularni o’rgat, toki ular malomatga qolmasinlar.

8 Zero, o’z qarindoshlariga, xususan, oila a`zolariga g`amxo’rlik qilmagan kishi imonni inkor etgan bo’ladi. U imonsizdan ham battardir.

9 Tullar ro’yxatiga faqatgina oltmish yoshdan oshgan, marhum eriga vafodor bo’lgan beva ayollarni kirit.

10 Bu ayollar qilgan ezgu ishlari bilan tanilgan, ya`ni bolalariga yaxshi tarbiya bergan, musofirlarga mehmondo’st bo’lgan, Xudo azizlarining oyoqlarini yuvgan, qiynalganlarga yordam bergan, o’zlarini turli xil xayrli ishlarga bag`ishlagan bo’lishlari lozim.

11-12 Beva qolgan yoshroq xotinlarni ro’yxatga kiritma. Chunki ularning ehtirosi junbishga kelganda, erga tegishni istab qoladilar. Shunda ular erga tegmaslik haqidagi Masihga bergan va`dasini buzib, odamlar orasida yomon otli bo’lib qoladilar.

13 Bundan tashqari, ular boshqa bir xatarga yo’liqadilar: yalqovlikka berilib, uyma–uy yurishga o’rganib qoladilar. Shunisi etmaganday, g`iybat qilishga, boshqalarning ishiga burun suqib, lozim bo’lmagan narsalarni gapirishga odatlanadilar.

14 Shu sabablarga ko’ra, men yosh bevalarning erga tegishini istardim. Ular bola tug`ib, ro’zg`or ishlari bilan mashg`ul bo’lsinlar, g`animlarimizning yomon gapirishlariga imkon yaratib bermasinlar.

15 Chunki shundoq ham ba`zi bevalarimiz to’g`ri yo’ldan ozib, shayton yo’liga kirib ketdilar.

16 Agar birorta imonli ayolning beva qolgan qarindoshlari bo’lsa, ularga o’zi yordam bersin, bu vazifani imonlilar jamoatiga yuklamasin. Shunda suyanchig`i yo’q beva xotinlarga jamoat yaxshiroq yordam bera oladi.

Jamoat oqsoqollari

17 Imonlilar jamoatini yaxshi boshqarayotgan, xususan, astoydil va`z aytib, ta`lim berayotgan oqsoqollar hurmatga sazovordirlar, ular qilgan mehnatlariga yarasha taqdirlansinlar.

18 Zero, Muqaddas bitiklarda: “G`alla yanchayotgan ho’kizning og`zini to’smang” va “Mehnatkash ish haqini olishga munosibdir”, — deyilgan.

19 Ikki yoki uch guvoh bo’lmasa, hech bir oqsoqolga qo’yilgan aybni qabul qilma.

20 Gunoh qilib yurgan oqsoqollarni esa hammaning oldida fosh qilib, tavbaga chaqir, toki boshqalarning ham diliga qo’rquv kirsin.

21 Xudo, Iso Masih va tanlangan farishtalar huzurida senga qat`iy buyuraman: hech bir ishda yuz–xotirchilik va tarafkashlik qilmay, bu ko’rsatmalarimga rioya qil.

22 Biror odamni jamoat oqsoqoli vazifasiga tayinlashga shoshilma, tag`in birovning gunohlariga sherik bo’lib qolma. O`zingni pok saqla.

23 Lekin suv ichish bilan cheklanib qolmay, ozginadan sharob ham ichib tur. Bu oshqozoningga yaxshi ta`sir qilib, tez–tez yuz berayotgan kasalliklaringning oldini oladi.

24 Ba`zi odamlarning gunohlari hozirdan ochiq–oshkor bo’lib, hatto qiyomat kunidan oldin fosh bo’lmoqda. Boshqalarning gunohlari esa oxiratda ma`lum bo’ladi.

25 Shuningdek, qilingan xayrli ishlar ham oshkordir. Ba`zilari oshkor bo’lmasa–da, baribir pinhon qolmaydi.

Xo’jayinlar va qullar

1 Qullik bo’yinturug`i ostida bo’lganlar o’z xo’jayinlarini kamoli ehtiromga loyiq hisoblasinlar. Toki, hech kim Xudoning nomini va ta`limotini haqoratlamasin.

2 Xo’jayinlari imonli bo’lgan qullar, “bir–birimizga birodarmiz”, deb xo’jayinlariga hurmatsizlik qilmasinlar. Aksincha, yanada ko’proq tirishib, ularga xizmat etsinlar. Chunki aziz birodarlari bo’lmish xo’jayinlari o’z qullarining farovonligini ko’zlab, nonini but qilyaptilar.

Ana shu barcha ko’rsatmalarim haqida ta`lim berib, nasihat qil.

Soxta ustozlarning asl qiyofasi

3 Agar kim begona ta`limotni yoysa va Rabbimiz Iso Masihning haqiqiy kalomiga qarshi chiqib, xudojo’ylikka chorlovchi ta`limotimizni rad etsa,

4 u bosar–tusarini bilmay qolgan nodondir. Bunday odam biror masala borasida talashish va ikir–chikir gaplar haqida bahslashish kasaliga yo’liqqan, uning g`alamisona gaplari hasad, janjal, tuhmat, tuban gumonlar

5 va to’polonlarga sabab bo’ladi. Fikri buzuq bunday odamlar haqiqatdan mahrumdirlar. Ular soxta xudojo’yligini foyda manbai deb biladilar.

6 To’g`ri, xudojo’ylikdan foyda katta, qachonki biz bori bilan qanoatlansak.

7 Axir, biz bu dunyoga hech narsa olib kelmadik va undan hech narsa olib keta olmaymiz.

8 Qornimiz to’q, ustimiz but bo’lsa, shular bilan qanoat qilaylik.

9 Boylikka o’ch bo’lganlar esa vasvasa tuzog`iga tushadilar, ular ko’p bema`ni va zararli havaslarga berilib, halokat girdobiga g`arq bo’ladilar.

10 Pulparastlik har qanday yomonlikning negizidir. Mana, ba`zilar boylik ketidan quvib, imondan qaytib ketdilar va o’zlarini ko’pgina azoblarga duchor qildilar.

Timo’tiyga so’nggi buyruqlar

11 Ey Xudoning quli Timo’tiy, sen esa o’zingni bu illatlardan olib qoch. Solihlik, xudojo’ylik, imon, sevgi, sabr–toqat va muloyimlikning payida bo’l.

12 Abadiy hayotga erishish maqsadida, imon uchun bo’ladigan ulug` kurashda jang qil. Axir, Xudo seni abadiy hayotga da`vat etgan. Sen bu hayotga ega bo’lish uchun ko’p guvohlar oldida Iso Masihga bo’lgan imoningni mardlarcha tan olgansan.

13 Po’ntiy Pilat qoshida haqiqatni mardlarcha tan olgan Iso Masih huzurida va butun borliqqa hayot bag`ishlagan Xudo huzurida senga buyuraman:

14 zimmangdagi xizmatingni halollik bilan bajar. Rabbimiz Iso Masih keladigan kungacha o’zingni gap tegmaydigan qilib tut.

15 Yagona muborak Hokim bo’lgan Xudo O`zi belgilagan paytda Iso Masihni yuboradi. Xudo shohlarning Shohi, hukmdorlarning Hukmdoridir.

16 U yagona mangu Xudodir. U yaqinlashib bo’lmaydigan nurda yashaydi, Uni hech bir inson ko’rmagan hamda ko’rishi mumkin emas. Abadiy saltanat Sohibi bo’lgan Xudoga shon–sharaflar bo’lsin! Omin.

Boy birodarlar uchun nasihatlar

17 Bu dunyoda boylik topgan birodarlarga ayt, mag`rurlanmasinlar, bevafo boylikka umid qilmasinlar. Aksincha, umidini Xudoga bog`lasinlar. Xudo bizga hamma narsani xursand bo’lishimiz uchun saxovat bilan beradi.

18 Ularga buyur, yaxshilik qilsinlar, xayrli ishlarga boy, saxiy, ochiq qo’l bo’lsinlar.

19 Shunda ular asl xazina to’plab, kelgusi dunyo uchun o’zlariga mustahkam zamin yaratgan bo’ladilar, haqiqiy hayotga erishadilar.

Timo’tiyga so’nggi pand–nasihatlar

20 Ey Timo’tiy, senga ishonib topshirilgan Xushxabarni asragin. Xudodan uzoqlashtiradigan quruq gaplaru haqiqatga zid bo’lgan ta`limotlardan qochgin. Ba`zi odamlar adashib, bularni “bilim” deb ataydilar.

21 Bunday “bilim”ga tayangan ba`zilar haq yo’ldan ozdilar.

Xudoning inoyati sizlarga yor bo’lsin.